← Dilmurod Quronov
|

Lirik asar kompozitsiyasi

Dilmurod Quronov

Maqola · 2018 · «Nazariy qaydlar» toʻplamidan

Lirik asar kompozitsiyasi haqidagi gaplarni ham uning tashqi qurilishidan boshlagan oʻngʻay. Negaki misra va bandlarga boʻlinganlik lirik asarning bamisoli «tashrif qogʻozi», shuning oʻziyoq zavqli oʻquvchida muayyan estetik kutuvni – sheʼr otliq moʻʼjiza bilan uchrashish hayajonini hosil qiladi va u beixtiyor maromga solib oʻqishni boshlaydi. Boshlaboq marom va soʻzlar maʼnosi qoʻshilishidan ohangni topadi, ohang maʼnolarni bir-biriga payvandlab mazmunga aylantiradi. Eʼtibor berilsa, biz, aslida, lirik sheʼr kompozitsiyasining uchta aspekti: tash­ qi (matniy), tematik va ritmik-intonatsion qurilishi bir-biriga singib-toʻldirib yaxlit estetik hodisani voqelantirishini koʻrib oʻtganimizni sezish qiyin emas.

Avvalo, lirik asarning matniy (tashqi) qurilishida ham asosiy va yondosh matn (ramka unsurlari) farqlanadi. Misra va bandlarga boʻlinish asosiy matnga taalluqli boʻlsa, sarlavha, janr qaydi, epigraf, bagʻishlov, sheʼr yozilgan sana va joy qaydi ramka unsurlaridir. Taʼkidlash kerakki, sanalgan ramka unsurlarining hech biri majburiy emas: aksariyat lirik asarlarda ulardan birontasi ham ishtirok etmaydi. Biroq bu hol ularning ahamiyatini kamsitmaydi, aksincha, ishlatilgan taqdirda albatta muayyan gʻoyaviy-badiiy vazifa yuklash talabini qoʻyadi.

Lirik asarlarga sarlavha qoʻymaslik kengroq ommalashgan boʻlib, bu maʼlum darajada anʼana bilan ham izohlanadi: mumtoz sheʼriyatimizda, qitʼalarni istisno qilinsa, sheʼrlar nomlangan emas. Gʻazallar, odatda, matlaʼ («falon matlaʼli») yoki radif («falon radifli») yordamida atalgan, boshqa janrlardagi sheʼrlar ham shunga oʻxshash usullar bilan nomlangan. Yangi oʻzbek adabiyotida lirik sheʼrlarni nomlash amaliyoti ham ancha keng tarqaldi. Albatta, bunda xorijiy adabiyotlar taʼsiri ham yoʻq emas, biroq asosiy sababni sarlavha bajaradigan gʻoyaviy-badiiy funksiyalarga ijodiy ehtiyojning mavjudligidan izlash kerak. Xususan, sheʼr mavzusiga ishora qilish, sheʼrxonda muayyan kayfiyatni uygʻotishu shunga mos estetik kutuv hosil qilish sarlavhaning universal funksiyalaridan sanaladi. Masalan, A.Oripov sheʼrlariga qoʻyilgan «Sevgi oʻlimi», «Sendan yiroqda», «Ayriliq qoʻshigʻi», «Bahor nashidasi» kabi sarlavhalar eng avval muayyan emotsional holatni paydo qilishga qaratilgan. «Burgut», «Dorboz», «Tilla baliqcha» kabi sarlavhalar mavzuning asosi boʻlmish obrazni taʼkidlab ataydi, asosiy matn esa obrazning muhim bir jihatini (masalan, burgutda «maqsadsizlik», tilla baliqchada «biqiqlik») boʻrtiq tarzda ifodalaydi. Natijada badiiy xotiramizda «burgut», «dorboz», «tilla baliqcha» obrazlari muhrlanadi, bas, endi sarlavha tilga olinishi bilan mohiyat yodga keladigan boʻladi. Ayrim sarlavhalar sheʼrdagi his-kechinma, oʻy-fikrlar yuzaga kelgan holat, bunga turtki bergan narsa, hodisa, joy kabilarni aniqlashtirishga xizmat qiladi: «Samolyotda yozilgan sheʼr», «Pahlavon Mahmud qabri qoshida», «Munojot»ni tinglab...» singari. Shu xil sarlavhalar koʻpincha lirik qahramon his-kechinmalarini anglash uchun kalit vazifasini oʻtaydiki, buni tasavvur qilish uchun quyidagi sheʼrga diqqatni tortamiz:

Sen chindan ham goʻzalsan,

Lablaring ol, qirmizi...

Sochlaringga sunbul band,

Koʻzlaring tong yulduzi.

Sen chindan ham goʻzalsan,

Huzuringga keldim bot.

Yolboraman, tush pastga,

Yolboraman, parizod...

Eʼtibor berilsa, buni odatdagi maʼshuqa madhiga bagʻishlangan sheʼr deyishga moneʼ boʻluvchi nuqta borligini koʻrish qiyin emas: oshigʻi huzuriga qaytalab kelsada, yorning tepadan tushmasligi, bir xildek turaverishi. Gap shundaki, ayni shu gʻayritabiiy holning tabiiy qabul qilinishini sarlavha taʼminlashi lozim: «Nomaʼlum qiz» suratiga...» Sheʼrdagi kechinmalar boisi – XIX asrda yashagan rus rassomi I.Kramskoyning «Nomaʼlum qiz» portreti. Shoʻro zamonida bu asar keng ommalashgan boʻlib, reproduksiyalari madaniy tarbiya vositasi oʻlaroq koʻp joylarda osib qoʻyilguchi edi. Yaʼni davr oʻquvchilari sarlavhani oʻqiboq koʻz oldiga oʻsha portretni keltirib, shu asosda sheʼrdagi kechinmalarni his qila olar edi.

Lirik asarlarda janr qaydi nisbatan kam uchraydi. Janr qayd etilgan sheʼrlarga eʼtibor qilinsa, ularda qaysidir maʼnodagi odatdan tashqarilik borligini koʻrish qiyin emas. Deylik, milliy sheʼriyatimiz uchun no­ odatiy janrda yozilgan sheʼrlar sarlavhasi ostida ele­ giya, epitafiya, epigramma, rondo, rondel, xokku, tanka kabi qaydlarni koʻp uchratamiz. Baʼzan esa sheʼr janrini manzara (peyzaj), noktyurn, natyurmort, triptix, av­ toportret kabi rassomlik sanʼati janrlari nomi bilan qayd etadilar. Har ikki holda ham qaydlar oʻquvchi qiziqishini kuchaytiruvchi omil: bu atamalar maʼnosini bilmaganlar bilib olish niyatida, bilganlar esa daʼvoning qay darajada asosliligini tekshirish uchun diqqat qiladilar. Yaʼni keyingilarda estetik kutuv konkretlashish hisobiga yanada kuchayadi. Ayrim hollarda shoir oʻzi yaratgan lirik sheʼrni tamom yangicha, oʻziga xos hodisa oʻlaroq anglaydi, shuni taʼkidlash ehtiyojini his qiladi. Shu tariqa «qayirma» (A.Suyun), «ignabarg», «uchchanoq» (A.Obidjon), «fiqra» (F.Afroʻz) kabi janr nomlari qayd etiladi. Albatta, bu shoir qayd etsayoq yangi janr paydo boʻlib qoladi degani emas, biroq shu orqali oʻquvchi va mutaxassislar diqqatining jalb etilishi ham shubhasiz. Baʼzan esa, aksincha, asari janrning anʼanaviy talablariga toʻla javob bermasligini his etganidan shoir «gʻazal yoʻlida», «gʻazalnamo», «ruboiyona» singari qaydlari bilan uzrxohlik qiladi, «aybga buyurmaysiz, buyam bir havas, mehrdan-da» demoqchi boʻladi goʻyo. Hozirgi oʻzbek sheʼriyatida sarlavha ostida «hazil» soʻzi qayd etilgan sheʼrlar juda keng tarqalganki, bunda ham eng avval uzrxohlik funksiyasi mavjud. Yaʼni sheʼr shunchaki kulgi uchun yozilmagan – zamirida jiddiy maʼno yotibdi, asli, faqat shuni kishiga malol keltirmay yetkazmoqchi, xolos. Xullas, janrning qayd etilishiga befarq qaramaslik lozim, chunki har bir konkret holatda u ham muayyan badiiy-estetik yoki badiiy-kommunikativ funksiya bajaradi.

Epigraf badiiy jihatdan samarali va ijod amaliyotida ancha keng tarqalgan ramka unsurlaridandir. Mohiyatan epigraf ham koʻchirma boʻlib, oʻquvchi ommaga tanish va eʼtiborli manbalar (xalq ogʻzaki ijodidan, mashhur adabiy asarlar, atoqli shaxslarning soʻzlari va b.)dan olingan gaplarni sarlavhadan keyin keltirishdan iboratdir. Mumtoz sheʼriyatimizda epigraf qoʻllash odati boʻlmagan, bu narsa yangi oʻzbek sheʼriyatida urfga kirdi. Jumladan, Choʻlpon oʻzining «Yongʻin» nomli sheʼriga gazeta xabarini epigraf qilib olgan: «Talanmagan, yiqilmagan yer yoʻq. Goʻdaklar nayza boshida... « Avvalo, epigraf qilib olingan soʻzlar oʻz vaqtida koʻpchilikning hislarini junbishga keltirgan: xabar 1921 yil bahor-yoz mavsumida Onadoʻlidagi yunon qoʻshinlarining xunrezliklari haqida. Aynan epigraf, sheʼrning yozilgan yili va soʻnggi misrada yangragan «Madaniyat» istagiga qondimi?» degan alamli xitob sheʼr Onadoʻli voqealariga bagʻishlanganini anglatib turadi. Ikkinchi tomondan, sheʼrda aks etgan voqelik oʻxshashlik asosida shoirning oʻz yurtida kechib turgan voqea-hodisalarga ham aloqador. Garchi, qoʻlimizdagi maʼlumotlarga koʻra, sheʼr ilk bor 1923 yilda, «Buloqlar» toʻplamida chop qilingan boʻlsa-da, undagi oʻtkir publitsistik ruh yozilgan paytiyoq eʼlon qilishni taqozo etayotganini koʻrish qiyin emas. Shunday boʻlsa, epigrafning asosiy vazifasi shoirning oʻxshashlik asosida oʻz yurti shoʻrishlari haqida aytganlarini pardalab, sheʼrning shoʻro matbuotida chop etilishiga imkon yaratishdan iborat. Toʻplamdagi vazifasiga kelsak, bunda epigraf oʻquvchiga ikki yil avvalgi voqealarni eslatish orqali sheʼrni, undagi hiskechinmalarni tushunishga zamin hozirlaydi.

Shunga oʻxshash, A.Oripovning «Tunislik bola» sheʼriga «Rimda Tunisdan ish axtarib kelgan bir oʻspirin ustidan benzin quyib yoqib yubordilar» degan maʼlumot epigraf qilib olingan. Televideniye orqali koʻrsatilgan ushbu voqea dunyo ahli qatori shoirni ham larzaga solgan, sheʼr – shu voqea tugʻdirgan kechinmalar ifodasi. Yuz bermish dahshatli hodisa epigrafdagina eslatiladi, qolgani esa sof munosabat: mazlumga achinish, zolimga, har qanday koʻrinishdagi irqchilikka nafrat, Gʻarb tamaddunining «uchinchi dunyo»ga asl munosabatini fosh etish, olamu odamning istiqboli tashvishi. Xullas, bir butun kechinma – qalbning ekranda oʻsha dahshatli hodisani koʻrib turgan onlardagi surati shu qadar ohorli, samimiy va shiddatliki, oʻquvchi qalbini larzaga soladi. Epigraf tufayli asosiy matnning voqeaga oid tafsilotlardan tamom xoli qilishga imkon tugʻildi, natijada bamisoli kuldan tozalanib yalligʻlana boshlagan choʻgʻning oʻzi – iztirobda oʻrtangan qalb qoldi. Koʻramizki, epigraf nafaqat asarning yozilish sababini izohlashu lirik qahramon kechinmalarini asoslashga, balki sheʼrning publitsistik ruhini kuchaytirish, taʼsir kuchini oshirishga ham xizmat qiladi.

Sarlavha bilan epigraf, shuningdek, sheʼrdagi ilk va oxirgi misra (jumla), qofiya va takrorlar matnning kuchli pozitsiyalari hisoblanadi. Sababi, matnning ayni shu nuqtalarida mazmun kuchaytirilgan, his-kechinma quyuqlashtirilgan holda ifoda etiladi. Dastlabki ikki unsur haqida yuqorida aytganlarimiz, bizningcha, ularda bu jihatni koʻrish uchun kifoya qiladi. Shuning uchun gapni ularga bevosita aloqador ilk misra masalasidan boshlayverish mumkin. Yuqorida aksariyat sheʼrlarning nomlanmasligini aytdik, epigrafli sheʼrlar nisbati ham u qadar katta emas. Shuni hisobga olib ilk misra bilan oxirgi misra eng avval ramka unsurlari sifatida tasniflanadi. Zero, sarlavhasiz sheʼrlarda aynan ilk misra bilan oxirgi misra (agar yozilgan sana va joy qaydi boʻlmasa) matn chegarasi – ramkasini belgilaydi. Biroq ular haqida gap boshlanishi hamono, aslida, tematik kompozitsiya masalasi oʻrtaga qoʻyilgan boʻladi.

Maʼlumki, syujetlilik barcha turdagi asarlarga xosligini koʻpchilik eʼtirof etgani holda, chalkashliklardan qochish uchun syujetni «voqealar tizimi», yaʼni koʻproq epik va dramatik asarlarga xos hodisa sifatida tushunish kengroq ommalashgan. Darhaqiqat, lirik asarda voqealar tizimi yoʻq, biroq bir-biriga bogʻliq oʻy-fikrlar, his-kechinmalar rivoji mavjudki, ushbu harakatning ham boshlanishi, rivojlanishi va yakuni bor. Aslida, shuning oʻzi «lirik syujet» atamasini qoʻllashga asos, biroq, yana qaytaramiz, chalkashliklardan qochish uchun uning oʻrniga tematik kompozitsiya atamasi qoʻllanadi.

Albatta, tematik kompozitsiyada syujet unsurlari (ekspozitsiya, tugun va b.)ni izlash oʻrinsiz, bunda oʻsha uchta asosiy nuqta: boshlanma, oʻy-fikr va his-kechinma­ lar rivoji hamda yakun mavjud.

Lirik asarda boshlanma vazifasini yo ilk misra, yo ilk qoʻshmisra, yoxud ilk band bajarishi mumkin. Odatda, boshlanma oʻquvchini sheʼrni qabul qilishga emotsional jihatdan tayyorlashga xizmat qiladi. Yuqorida esa ayni shu vazifani sheʼr sarlavhasi, oʻrni bilan janr qaydi va epigraf ham bajarishi mumkinligini koʻrib oʻtdik. Ayon boʻladiki, sarlavha (janr qaydi, epigraf)li sheʼrlar bilan sarlavha (janr qaydi, epigraf)siz sheʼrlardagi boshlanma bir xil emas. Agar birinchi holda sarlavha (janr qaydi, epigraf) bilan ilk misra (qoʻshmisra yoki band) birlikda boshlanmani tashkil qilsa, ikkinchisida u ilk misra (qoʻshmisra yoki band)dangina iboratdir. Masalan, A.Oripovning «Hayronlik» nomli sheʼri «Chindan gʻalat erur dunyo ishlari» misrasi bilan boshlanadi. Shu ikki unsur boshlanma oʻlaroq oʻquvchini sheʼrni qabul qilishga – dunyoning turfa ishlariga hayron oʻtayotgan lirik qahramon kechinmalarini koʻngildan kechirishga hozirlaydi. Sarlavha oʻrniga uchta yulduzcha qoʻyilgan sheʼrda ilk misra – «Chuvaladi oʻylarim sensiz» – boshlanma, uni oʻqiboq oʻquvchi qalbi hijronda xayoli parishon oshiq holati, iztiroblarini qabul qilishga sozlanadi. Shuningdek, boshlanmasi sarlavha (janr qaydi, epigraf)dangina iborat sheʼrlar ham uchrab turadi. Jumladan, «Tunislik bola» sheʼrida. Bu holda sheʼrdagi ilk misra (qoʻshmisra, band) boshlanma funksiyalarini oʻzidan butkul soqit etgan:

Afsus, razolatga botdi bu ochun,

Aybni yaratganga toʻnkamoq nechun?

Senga oʻt qoʻydilar bir ermak uchun,

Rimga nega kelding, tunislik bola?

Yaʼni ilk misradan boshlaboq bevosita lirik qahramonning hodisaga munosabati ifodalanmoqda, chunki, yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, sarlavha bilan epigraf boshlanma zimmasidagi vazifalarni ortigʻi bilan uddalab boʻlgan – oʻquvchi sheʼrni qabul qilishga emotsional jihatdan tayyor.

Lirik asardagi his-kechinma, oʻy-fikrning rivojlantirib borilishi tematik kompozitsiya oʻzagini tashkil qiladi. Buning eng sodda koʻrinishi qoʻyilgan masalaning mantiqiy izchillikda rivojlantirib borilishi boʻlib, u har qanday nutqda yo inshoda amal qilinuvchi tartibda voqelanadi: muammo qoʻyiladi – muhokama qilinadi – xulosa chiqariladi. Koʻrib turganimizdek, mazkur uchlik yuqorida aytganimiz boshlanma – oʻy-fikr va his-kechin­ malar rivoji – yakun uchligi bilan ustma-ust tushadi. Odatda, bunday kompozitsiya koʻproq falsafiy va publitsistik lirika namunalariga xosdir. Masalan, A.Oripovning «Omad haqida» nomli sheʼri:

Omad degan narsa dunyoda bor gap,

Bu yerda har qanday xurofot bekor.

Hozir sen sheʼrimni turibsan tinglab,

Demak, sen – hayotsan, omad senga yor.

Boshqacha qismat ham mavjud-ku, axir,

Baloi qazodan asrasin zinhor.

Men senga sheʼr oʻqib turibman hozir,

Demak, men – hayotman, omad menga yor.

Qolgan oʻrtadagi gaplarni endi

Nima deb atasang senda ixtiyor.

Falakda hattoki quyosh bekindi,

Bizlar barhayotmiz, omad bizga yor!

Sheʼrning ilk qoʻshmisra (boshlanma)sida «omad – bor narsa, u aslo xurofot emas – real mavjud» degan daʼvo oʻrtaga tashlanmoqda. Keyingi qoʻshmisrada esa ayni daʼvo isbotiga birinchi dalil keltirilyapti. Ikkinchi banddagi birinchi qoʻshmisra «boshqacha qismat ham mavjud»-ligini eslatish bilan dalilni quvvatlantirsa, keyingi qoʻshmisrada «temirni qizigʻida bos» qabilida ikkinchi dalil keltirilyapti. Oxirgi bandning ilk qoʻshmisrasida keltirilgan dalillardan boshqa barchasi bekor ekani taʼkidlangach, soʻnggi qoʻshmisrada yakun yasalmoqdaki, undan tiriklikning oʻzi omad, zero, omadni inson oʻzi yaratadi degan xulosa kelib chiqadi.

Koʻrib turganimizdek, sheʼrning tematik kompozitsiyasi anchayin sodda ekan. Biroq falsafiy lirika namunalarining qurilishi sodda, hamisha «muammo qoʻyish – muhokama qilish – xulosalash» qolipida boʻladi deb oʻylash xato boʻlur edi. Negaki konkret sheʼrda ushbu qolip tarkibi toʻliq boʻlmagan holda yoki teskari tartibda qoʻllanishi ham, turli badiiy vositalar bilan murakkablashtirilishi ham mumkin. Masalan, «Nisbiylik» sheʼrida:

Juda yaxshi! – deymiz mana bu narsa,

Goʻyo hukm kabi yangrar soʻzimiz.

Oʻylab koʻrganmizmi hech biror marta,

Kimmiz oʻzimiz?

Juda yomon! – deymiz mana bu narsa,

Goʻyo hukm kabi yangrar soʻzimiz.

Oʻylab koʻrganmizmi hech biror marta,

Xoʻsh, kim oʻzimiz?

Kimgadir yoqamiz biz oʻzimiz ham,

Kimgadir yoqmaymiz biz ham oʻzimiz.

Shunaqa charxpalak ekan bu olam,

Demak, nisbiy erur har bir soʻzimiz.

Avvalo, sheʼrda muammo qoʻyilgani yoʻq, sarlavha (boshlanma)da mavzu belgilandi, xolos. Yaʼni bunda yuqorida koʻrganimiz qolipning faqat ikkita uzvi bor: «muhokama qilish – xulosalash». Ikkinchi tomoni, birinchi band tarkibidagi qoʻshmisralar (1-2) ham, ikkinchi band tarkibidagi qoʻshmisralar (3-4) ham oʻzaro zidlanadi, shuningdek, bu ikkala band ham oʻzaro kontrast munosabatda. Beshinchi qoʻshmisraning birinchi misrasi uchinchi qoʻshmisraga, ikkinchisi esa birinchi qoʻshmisraga zidlanadi, shuningdek, ushbu misralar oʻzaro ham zidlik hosil qiladi. Koʻrib turganimizdek, bu oʻrinda sheʼrda biz bilgan oddiy qolip zidlantirishlar hisobiga murakkablashtirilgan. «Iltimos» sheʼri esa teskari tartibda qurilgan: uning birinchi bandi – qoʻyilgan masala yuzasidan chiqarilgan xulosa, yaʼni tematik kompozitsiya nuqtai nazaridan yakun. Modomiki avval xulosa berilgan ekan, oʻy-fikrlar rivoji ham mohiyatan oʻsha xulosaning tafsiri, izohiga aylanadi. Demak, sodda deyilgani bilan, tematik kompozitsiyaning bu koʻrinishi turli variantlarda voqelanishi mumkin ekan.

Tematik kompozitsiyasining keng tarqalgan yana bir koʻrinishida oʻy-fikrlar va his-kechinmalar ikkita tematik obraz qiyosi asosida amalga oshadi. Aksariyat hollarda lirik tema qiyoslanayotgan obrazlar orasidagi oʻxshashlik asosida rivojlantiriladi. Masalan, A.Oripovning quyidagi sarlavhasiz sheʼrlaridan birida kuzatilgani kabi:

Meʼmor umr boʻyi hafsala ila

Goʻzal bir imorat ayladi bunyod.

Biroq nogahonda mashʼum zilzila

Vayron qildi uni, qildi-ku barbod.

Xuddi shu singari, qurgaymiz biz ham

Umr deb atalmish goʻzal binoni.

Biroq yetib kelar mashʼum soʻnggi dam,

Vayron etar uni ajal toʻfoni.

Koʻrib turganimizdek, sheʼr inson umri, oʻlimning muqarrar va haq ekani haqida. Unda oltmish yosh arafasidagi shoirning qarashlari aks etgan, shu bois endi navqiron yigirma beshida yozilgan «Bahor» sheʼridagi kabi oʻlimga qarshi isyon yoʻq – oʻkinch aralash itoat bor. Ayni shu mazmun, ruh-kayfiyatni ifodalashda oʻxshatish asosidagi kompozitsiya muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchi bandning «Xuddi shu singari» deb boshlanishi bilan ketma-ket «meʼmor – biz», «imorat – umr», «zilzila – ajal» oʻxshatishlar silsilasi yuzaga chiqadi – kompozitsion tafakkur harakatga keladi. Koʻrib oʻtilgan sheʼrda oʻxshatilayotgan narsa ham, oʻxshagan narsa ham mavjud. Biroq, aytish kerakki, tematik kompozitsiyasi qiyosga asoslanuvchi hamma sheʼrlarda ham bunday emas, koʻpincha oʻxshagan narsaning oʻzigina qoladi. Yaʼni bu holda sheʼr metafora prinsipida qurilgan deyish toʻgʻriroq boʻladi. Shu jihatdan qaralsa, A.Oripovning «Qoʻriqxona», «Kometa», «Etna vulqoni», «Toʻlin oy», «Xarobazor» sheʼrlarida tematik kompozitsiya oʻxshatishga, «Burgut», «Giyoh», «Buloq», «Bulut» sheʼrlarida esa metaforaga asoslangandir.

Ikkita tematik obraz rivojlantirilgan sheʼrda zidlash ham samarali badiiy vosita boʻlib xizmat qiladi. Jumladan, «Dorboz» sheʼrida. Uning dastlabki toʻrt misrasida dorboz taqdim etiladi. Bu oʻrinda qanday taqdim qilinganiga eʼtibor kerak: 1) u juda balandda («Bulutlarga yondosh, osmon ostida»), 2) juda qaltis vaziyatda («kiprikdagi yoshday») va shunga qaramay, 3) «qilichning damiday arqon ustida koʻzlarini yumib yurgani». Keyingi ikki misrada lirik qahramonning odamlarga hayrat-la murojaat qilishi va yakun (oxirgi ikki misra)dagi zidlash: «biz – koʻzi ochiqlar katta yoʻlda ham eplab yurolmaymiz». Koʻramizki, sheʼrning mazmun-mohiyati yakunda, kontrastlilik orqali yuzaga chiqadi. Zero, lirik qahramonning yakunlovchi xitobi ortidan oʻquvchi ongida dorboz – biz, osmonda – yerda, qilich damidek arqon ustida – katta yoʻlda, koʻzlarini yumib yuribdi – koʻzimiz ochigʻ-u, eplab yurolmaymiz tarzidagi zidliklar chaqinday oʻtadida, mohiyat yorishib ketadi.

«Dorboz»da bevosita zidlash (yaʼni lirik qahramon tilidan aytilgan) bor edi, quyidagi sheʼr matnida esa zidlashga ishora ham yoʻq:

Oh urib har yonda izgʻiydi shamol,

Zamon makon bermay uni qiynaydi.

Orzusi faqat shul: u ham togʻ misol

Dili orom olib yotmoq istaydi.

Arosatda ingrar togʻlar ham, ammo

Koʻhiston bagʻrida topolmas iloj.

Armon qilar u ham, shamolday goʻyo

Moviy kengliklarda yozsam der quloch.

Albatta, bir qarashda shamolning orzusi bilan togʻning armoni oʻzaro zidlik hosil qilayotgandek koʻrinishi mumkin. Haqiqatda esa unday emas: bandlarning birinchisida shamolning orzusi, ikkinchisida togʻning armoni tasvirlangan, xolos. Shu bois, alohida olib qaralsa, ikkala band ham oʻzicha mustaqil, bir-biriga butkul aloqasizdek koʻrinadi. Shu oʻrinda yana bir jihat – sheʼr tematik kompozitsiyasining oʻziga xosligi, unda boshlanma ham, yakun ham mavjud emasligiga ham diqqat qilish lozim. Bu hol, odatda, yakunda kelib chiqadigan lirik xulosani boshqa yoʻl bilan ifodalashni taqozo etadi. Yaʼni bu oʻrinda kompozitsion tafakkur – ikki turli holatni yonma-yon qoʻyish bilan bunga erishilgan. Oʻz navbatida, ziyrak oʻquvchi ham bu ikki bandni yaxlit olib qaragan holda sheʼrda ifodalangan hayotiy falsafani bemalol ilgʻay biladi. Maʼlum boʻlyaptiki, ikkita tematik obraz qiyosi asosidagi tematik kompozitsiyaning oʻxshatish, me­ tafora, kontrast va yonma-yon qoʻyish qolipidagi koʻrinishlari mavjud ekan.

Tematik kompozitsiyaning yana bir turi bitta tematik obrazni izchil rivojlantirib borish asosiga quriladi. Masalan, A.Oripovning mashhur «Birinchi muhabbatim» sheʼri asosiga bittagina tematik obraz – ilk sevgi sogʻinchi qoʻyilgan. Lirik qahramon sogʻinchi banddan-bandga rivojlanib, oʻrni bilan oʻziga ayrilish iztirobiyu alamlari, oʻzni ovutishga qaratilgan donishmandona fikrlarni esh qilgan holda yakunga – «Yolgʻiz Ollohim mening birinchi muhabbatim» degan hukm-xulosa tomon intiladi. Izchil tematik rivojlanishni bandlar oxirida ikki martadan radifmonand takrorlanuvchi «birinchi muhabbatim» birikmasi ham taʼkidlab turadi. Sheʼrning strofik (band) qurilishi ham tematik obrazning rivojlanishiga muvofiq: har bir band asosiga muayyan bir mikrotema qoʻyilgan va, agar diqqat qilinsa, bu mikrotemalarning xronologik ketma-ketlikda joylashganini ilgʻash qiyin emas. Qizigʻi, har bir bandning toʻrtinchi misrasidagi jumla mikrotema xulosasi oʻlaroq uning mohiyatini loʻndagina ifodalaydiki, ular bir qatorga terib chiqilsa, tematik rivojlanish sxemasi yuzaga keladi: Men seni esga oldim... – Lekin seni yoʻqotdim... – Nechun bilmovdim avval... – Seni eslab yigʻlayman... – Men (endi) kimga suyangayman... – Dildagi ohim mening... Mikrotemalarning bu tarz xronologik ketma-ketlikda joylashgani sheʼrga syujetlilik xususiyatini beradi, zotan, ularning har biri ortida botin voqealarni ilgʻab olish qiyin ham emas.

Koʻpincha bu tipdagi tematik kompozitsiya gradatsiya asosiga quriladi, yaʼni tematik qismlar muayyan mazmunning kuchayib borishi tartibida joylashtiriladi. Masalan, «Savol» sheʼridagi kabi:

Tanho sahrolarga bosh olib ketsam

Yo yiroq gʻorlarni oshiyon etsam,

Bedoʻstu beyoron tugasam, bitsam,

Koʻngling toʻladimi, oʻshanda, ayt-chi.

Qolmasa dunyoda mendan xotirot,

Nainki xotirot, oddiy, joʻn bir ot.

Boʻlsa na bir qavmim, na xesh, na avlod,

Koʻngling toʻladimi, oʻshanda, ayt-chi.

Olamga oʻt qoʻysa har aytar soʻzing,

Yiqsang dunyolarni tikkan chogʻ koʻzing,

Soʻngra moʻri kabi qolsang bir oʻzing,

Koʻngling toʻladimi, oʻshanda, ayt-chi.

Avvalo taʼkidlash kerakki, bunda gradatsiya «qoʻgʻirchoq ichida qoʻgʻirchoq» tarzida voqelanadi: bandlar doirasida misralararo, sheʼr butunligida esa bandlararo gradual oʻsish kuzatiladi. Maʼno izchil kuchaytirib borilgani uchun ham pirovardida murojaat qilinayotgan shaxsning asl qiyofasi namoyon boʻladi. Agar birinchi bandda u lirik qahramonning tarkidunyo (yaʼni olamni unga boʻshatib) qilishini, ikkinchi bandda esa undan hatto nom-nishon ham qolmasligini tilayotgan shaxsiy gʻanimi oʻlaroq boʻy koʻrsatsa, uchinchi bandda uning asl muddaosi yorugʻ dunyoda oʻzidan oʻzga kimsaning qolmasligi ekani anglashiladi. Yaʼni shoirning taassufga toʻla mulohazalari oʻzining shaxsiy dushmani haqida emas, balki ichi tor, koʻngli qora va xudparast kimsalar – odamiylik dushmanlari haqidadir. Koʻramizki, sheʼrning mayda-chuyda shaxsiy munosabatlar iskanjasidan chiqib, ijtimoiy-estetik qimmat kasb etishida tematik kompozitsiya hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotir. Albatta, bu oʻrinda bandlar oxirida «Koʻngling toʻladimi, oʻshanda, ayt-chi» ritorik savolining takrorlangani, shuningdek, birinchi va uchinchi bandlar oʻzaro grammatik jihatdan zidlangani (ketsam, etsam, bitsam – soʻzing, koʻzing, oʻzing) ham muhimligini yodda tutish kerak. Zotan, bularning ikkisi ham, aslida, lirik asar kompozitsiyaning boshqa bir aspekti – matn qurilishi bilan bogʻliq hodisalardir.

Tematik kompozitsiyaning koʻrib oʻtilgan tiplari turli variantlarda namoyon boʻlishi yuqorida aytildi. Shu bilan birga, konkret sheʼr qismlari tematik kompozitsiyasining turlicha boʻlishi ham, baʼzan esa koʻrib oʻtilgan tiplarga xos jihatlar qorishiq holda namoyon boʻlishi ham mumkinligini unutmaslik kerak. Keyingi hol, masalan, A.Oripov oʻzbek diyorining «quyosh buroviga olgan palla»sini qalamga olgan mashhur «Saraton» sheʼrida kuzatiladi. Sheʼrda saratonning bir kuni – quyosh tik kelgan palladan boshlab to oqshomi qadar yorqin poetik detallar orqali tasvirlanadi. Sheʼrning oʻrtasidan esa boshqa bir tematik obraz – oʻzbek dehqonining sabot va jasoratga esh mehnati oʻrin olgan. Yaʼni sheʼr bitta tematik obraz izchil ketma-ketlikda rivojlantiriladigan qolipda qurilgani holda, unda ikkita tematik obraz talqin qilingan. Biroq mazkur obrazlar bir-biriga parallel qoʻyib rivojlantirilgan emas, ikkinchi tematik obraz (dehqon mehnati) asosiy tematik obraz (saraton) rivojidagi izchil ketma-ketlikning bir halqasidir. Albatta, saraton manzaralari oʻzbek dehqonining mashaqqatli mehnatiga bitilmish gimn uchun fon boʻlib ham xizmat qiladi. Biroq bu uning qoʻshimcha funksiyasi, xolos, sheʼrda har ikki tematik obraz oʻz holicha ham gʻoyaviy-estetik qimmat kasb etgan. Shu jihatdan sheʼrning qurilishi «hikoya ichida hikoya» qolipiga monand. Ikkala qism nisbiy mustaqil boʻlgani holda bir-birini toʻldiradi, yorqin va toʻlaqonli namoyon boʻlishiga xizmat qiladi.

Hajman katta, mohiyatan lirik dostonga yaqin keluvchi sheʼrlarda tematik obrazlar rang-barangligi odatiy holdek qabul qilinadi. Sababi, lirikaga xos emotsional toʻyinganlik uni oʻqish jarayonida oʻquvchidan ham shunga mos hissiy holatni taqozo etadi. U yoki bu emotsionalruhiy holat davomiyligiga qoʻyiluvchi talab ham shundan kelib chiqadi: u kishini ruhan zoʻriqtirmaydigan, toliqtirmaydigan darajada boʻlishi lozim. Yaʼni katta lirik sheʼrlarda hissiy tonallik oʻzgarib turishi kerakki, bu, oʻz navbatida, tematik obrazning ham shunga mos oʻzgarishini taqozo etadi. Masalan, A.Oripovning mashhur «Bahor» sheʼridagi asosiy tematik obraz – tabiatga jonlanish olib kelgan bahor, u tufayli kishilar qalbiga toʻlgan surur. Sheʼr boshlanishida bahor sururi va tabiatdagi jonlanish paydo qilgan ruhiy koʻtarinkilik ustuvor. Biroq surur yaldo kechasidek qish davomidagi bahor sogʻinchini, tabiatdagi jonlanish esa «manguga koʻz yumgan aziz insonlar»ni yodga soladi – emotsional tonallik oʻzgaradi. Ularni eslash asnosida lirik qahramon beixtiyor buyuklik va baqo, hayot va oʻlim haqidagi oʻylarga beriladi – qabriston kishini shunga moyil etadi. Elning buyuklari yotgan Chigʻatoy qabristoni manzaralari turtki boʻlib onasining olisdagi qabri koʻz oldiga keladi, qalb qaʼridan buyuk yoʻqotishning hali ohorli izti­ roblari quyilib, tezdayoq insonga maysacha ham himmat qilinmaganiga qarshi isyonga aylanadi. Soʻng aql isyonni bostiradi – lirik qahramon inson qismatini tan olib, itoatga keladi va hayotdan zavq olib, shukronalik bilan yashash kerak degan fikrda toʻxtaydi. Ayni shu nuqtadan unga bahorning maftunkor goʻzalligi yaqqolroq koʻrina boshladi, endi u dilbar kelinchak vujudida boshlangan yangi hayotni inson umri davomiyligining ramzi oʻlaroq idrok eta boshladi. Koʻrib oʻtganimiz tematik kompozitsiyasidagi evrilishlar sheʼrning oʻqishli boʻlishini taʼminlab, mutolaa davomida oʻquvchinig oʻsha ziddiyatli hislarni hech bir ruhiy zoʻriqishsiz koʻngildan kechirishiga zamin hozirlaydi.

Yuqorida lirik asar kompozitsiyasi haqida aytganlarimiz uning tashqi (matniy) qurilishi va tematik aspektlariga taalluqli gaplardan iborat boʻldi. Tabiiyki, bu oʻrinda masalani toʻla yoritishning imkoni yoʻq, shu bois uning eng muhim nuqtalarga toʻxtalish bilan cheklandik. Lirik asar tashqi (matniy) qurilishining band bilan bogʻliq tomonlari, shuningdek, ritmik-intonatsion jihatlari esa alohida soʻz yuritishni taqozo qiladi.

2017 yil

Dilmurod Quronov