Nasib qilgan ekan, «Kunduzsiz kechalar»ning hozirgi Milliy akademik teatrdagi premyerasida boʻlgandim. Mamlakat boʻylab Choʻlpon tavalludining 100 yilligi tantanalari keng nishonlanayotgan palla, shu ruh taʼsiridami yo qariyb oʻn yillardan beri Choʻlpon ijodi bilan shugʻullanib yurganim uchunmi, oʻshanda spektakl menda juda chuqur taassurot qoldirgandi. Albatta, bayramona ruh taʼsirida ayrim nuqsonlarni nazardan qochirgan boʻlishim ham ehtimol. Faqat shundan beri ich-ichimda oʻsha taassurotim bayram ruhi yo ilmiy izlanishlarim mavzusi bilangina bogʻliq emasligini mudom his etib kelaman. Sirasi, hozir asarni atroflicha tahlil qilish niyatim ham yoʻq, bu – dramashunoslaru teatrshunoslar haqi, muddaom oʻsha taassurot omillarini oʻzim uchun aniqlab olish, xolos. Shubha yoʻqki, taassurotimda bayramona ruhning, shu ruhga yoʻgʻrilgan ijroning taʼsiri, albatta, boʻlgan. Yana shuki, spektakl – jamoaviy asar, demak, u qoldirgan taassurotda rejissyordan tortib grimyorgacha – koʻpchilikning ulushi bor. Buni ham yaxshi tushunaman. Shunga qaramay, oʻz koʻmochiga kul tortayotganlikka yoʻymang-u, spektaklning muvaffaqiyati, birinchi galda, uning asosi – soʻz sanʼatining vakili boʻlmish dramaga bogʻliq deb bilaman…
***
… ehtimol, sheʼriyatda nom qozonib, unda yuksak va mustahkam mavqeni egallab ulgurgan shoirning dramaga qoʻl urishi kim uchundir kutilmagan hol boʻlgandir, biroq kaminaga aslo bunday tuyulmagandi oʻshanda. Zero, shoir teatr sanʼatiga ayricha muhabbati borligini, esingizda boʻlsa kerak, «Teatr» turkumidayoq izhor qilib qoʻygan. Boz ustiga, uning oʻnlab sheʼrlarida dramatik unsurlar salmoqli, ularda moʻʼjazgina dramatik holatning jonli va xuddi dramadagi kabi goʻyo betaraf tasviri lirik kechinmani ifodalash vositasiga aylanadi. Yana bir tomoni, baxshiyona yoʻlidagi sheʼrlarida ham dramaga yaqinlik bor: ular sahna asarini eslatadi, tasavvurimizdagi sahnada jonlanadi goʻyo… Yaʼniki, teatrga allaqachonlar ishqi tushgan shoirning... muhimi, bu ishq ilk sevgi maqomida – mudom sogʻintiradi va shu bois sheʼrlarida bot-bot boʻy koʻrsatib turadi. Xullas, «Kunduzsiz kechalar» – shu muhabbatning ilk mevasi, olgan taassurotimning kuchliligi, bir tomoni, shundan boʻlsa, ehtimol…
***
… Choʻlponning «chechaklar ungusi koʻz yoshlarimdan» degan bashorati oʻtgan asrning 70-yillari oʻrtalaridan haqiqatga doʻna boshladi: sheʼriyat maydoniga shu davrda qadam qoʻygan avlod ijodida istiqlol sogʻinchi qayta nish urdi, avjga kirdi, keyinroq barq urib yashnay boshladi. Shu maʼnoda Usmon Azim mansub shoirlar avlodi – jadid ijodkorlar anʼanalarining bevosita davomchilari, adabiyotimizdagi milliy uygʻonishning chin maʼnoda ikkinchi toʻlqinidir. Zero, ular Choʻlpon sheʼrlarini yashiriqcha yutoqib-yutoqib oʻqigan, uning dardi bilan ogʻrigan – shoirni oʻziga maʼnaviy pir bilganlar. Aytadilarki, pir va murid orasida maʼnaviy birlik boʻladi: dramada Choʻlponning oʻziga xos va teran badiiy idrok etilgani shundan, kuchli taassurotning asosiy omili ham shu boʻlsa, ehtimol…
***
Drama voqealari shunday boshlanadi: «Choʻlponning moʻʼjazgina hovlisi – bogʻi. Choʻlpon va doʻstlari suhbatga yigʻilganlar. Ulfatlarning oshga tayyorgarlikda ekanligi sezilib turibdi». Dilkash suhbat avjida ekanida «hayajonlangan holda Oybek kirib keladi», qoʻlida gazeta, unda Choʻlponga qarshi maqola eʼlon qilingan. Oybekdan ovoz chiqarib oʻqishni soʻraydilar, hassos shoir oʻqiyolmaydi – Sezgir oʻqiydi: «Choʻlpon yoʻqsil xalq shoiri emas. U – millatchi, vatanparast, badbin ziyolilar shoiri… U yoʻqsillar dunyosining… (tutilib, qiynalib) dushmani…» Sezgirning soʻnggi jumlani boʻlib, tutilib, qiynalib oʻqishi bejiz emas, shundan keyingi «soqov sahna» buning sababini oydinlashtirish bilan birga, oʻzida davr ruhini aks ettiradi: «Hamma qotib qolgan. Shogirdlar oʻrnidan turadilar. Koʻzoynak ushlab turgan daraxt novdasi qarsillab sinadi. Mashshoqning qoʻli tegib, suyab qoʻyilgan doyra taraqlab ketadi. Har bir tovushdan davradagilar seskanib ketadilar».
Muallif oʻzi tasvirlayotgan davr ruhini chuqur his qiladi, shu bois ham 20 – 30-yillar ruhini, zamona kishilarining maʼnaviy-ruhiy qiyofasini ochib berishga erishadi. Shu jihatdan dramatik holatning «soqov sahna»dan keyingi rivoji gʻoyat xarakterli:
«CHOʻLPON (hech narsa boʻlmaganday). Qorin ham och qoldi. Oshni suzdiray… (Chiqib ketadi).
Hamma uyatligʻ bir ish qilganday koʻzini yashirgan asno qoladi».
Holat shundayki, davradagilarning hech biri hali uyatli ish qilganicha yoʻq, lekin deyarli hammasi «uyatligʻ bir ish» boʻlishi muqarrarligini his qilib turibdi. Muhimi, oʻzini «hech narsa boʻlmaganday» tutgani holda, Choʻlpon ham vaziyat nechogʻli qaltisligiyu «uyatligʻ bir ish» boʻlishi muqarrarligini biladi: «oshni suzdirish» bahona doʻstlarining shu ishni qilishlarini yengillatmoq maqsadida chiqib ketadi – muallif his etolgan, sahnadagilarning bari birdek anglab turgan fojeaviylik shunda. Ayni shu narsa holatning keyingi rivojini mantiqan asoslaydi:
«SEZGIR. Uzr, oʻrtoqlar, meni boradigan joyim bor (dovdiragan holda chiqib ketadi).
KOʻZOYNAK (soatiga qarab). Iye, meni ham majlisim bor edi-ku! (Dadil yurib, chiqib ketadi)
Qolganlar ham bir-birlarining yuzlariga qaramasdan tarqala boshlaydilar. Faqat Oybek qoladi…»
Eʼtibor qiling-a, ayni damda «uyatli bir ish» qilishga majburlik davradagilarning barini oʻrtaydi, hammalari bir-biridan xijolat: «bir-birlarining yuziga qaramaslikka» tirishadi. Lekin, nachora, ziyoli ham odam-da, jon deganlari shirin-da, axir! Xafa boʻlmasinlar-u, ziyoli qavmiga xos amal budir: doʻppi tor kelganida, nomaʼqulni qilmaslik emas, oʻziga gard qoʻndirmay qilish haqida koʻproq qaygʻuriladi. E-voh, tabiatan ijtimoiy maxluq boʻlgani bilan kulfat qarshisida inson hamisha yolgʻiz – chekiga tushganni chiyillamay tortishga mahkum. Bu – ayon haqiqat, lekin xayol, orzu degan narsalar ham bor-ku, axir! Fojia ham shunda-da: odam bolasini hur va mukammal koʻrishni orzulagani holda Choʻlpon mavjud holatni boricha qabul qilishga, uni tushunishga majbur. Ayni shu majburlik shoirni ezgʻilaydi, koʻngli esa bunga koʻnmaydi, koʻnolmaydi:
«Choʻlpon qoʻlida lagan bilan kirib keladi. Kimsasiz davraga qarab bir lahza toʻxtaydi. Soʻng hech narsa boʻlmaganday laganni dasturxonga qoʻyadi.
CHOʻLPON. (goʻyo davrani toʻldirib oʻtirgan doʻstlariga qarab) Uzr, doʻstlar, sizlarni kuttirib qoʻydim. Qani, oshga qaranglar! Marhamat!..»
Qarang: Choʻlpon hanuz orzularidan kechmagan, ilgariroq «Xayol...xayol... yolgʻiz xayol goʻzaldir, Haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqaman...» deganidek, hozir ham xayolot olamiga qochib qutuldi. Biroq inson xayolot olamida muqim qololmaydi, bandai ojiz yerning tortish kuchiga qandogʻam bas kelsin – mavjud voqelikka qaytishi muqarrar:
«Palovdan bir osham oladiyu bir lahza nima qilishini bilmay turib qoladi. Qoʻlidagi palovni yana laganga qoʻyadiyu sochiqqa artgan boʻladi...»
Choʻlponning ayni damdagi ahvol ruhiyasini his qila olasizmi? Yerga sigʻmayotganidi, sigʻdirishmayotgandi shoʻrlikni, endi koʻkidan-da ayrilganida holi ne kechmoqdaykin? Shoir qavmining azaliy qismati shu – Ideal xayoli bilan voqelikda yashamoq; shu ikkisining nomuvofiqligidan Dard tugʻiladi, uning yolgʻiz davosi – voqelikni Idealga muvofiq, yaʼni jamiyatni mukammal, insonni komil koʻrish umidi. Nachoraki, umidning manbai ham, kushandasi ham voqelik, yaʼni shoir birgina umrida koʻp bor oʻlishga mahkum:
«SOLIHA (hayron qolib). Mehmonlar qani?
CHOʻLPON. Azaga ketishdi...
SOLIHA. Qanaqa aza? Kim vafot etdi?
CHOʻLPON (u oʻrnidan turib ketadi. Borib chorpoyada yotgan gazetani
oladi-da, uloqtiradi). Bir shoir vafot etdi, Soliha, bir shoir...»
Shoirning qotili – Xiyonat, shoirlarni aksar xiyonat oʻldiradi. Faqat xiyonatning yarogʻ tutarga qoʻli yoʻq, u qatlni shoir komil koʻrmoq istagan odamlar qoʻli bilan amallaydi. Chinakam shoirki boʻlsa, bundayin qismatdan qochib qutulolmaydi: yuragida u yoki bu libosdagi Xiyonat qoldirgan jarohat izlari bor. Shu jihatdan muallif – qahramoniga qismatdoshu qavmdosh, yaʼni Choʻlpon obrazini yaratarda uning yuragidagi chandiqlar ochilib, yangilangan yaralar ogʻrigʻi bilan yozganki, mutolaa chogʻi oʻquvchi, spektakl chogʻi tomoshabin oʻsha ogʻriqlarni oʻz yuragida his etadi...
***
... Choʻlponni anglash asnosi muallif koʻp martalab Hamletni eslagan, shuurida goh anglangan, goh anglanmagan tarzda Hamlet jonlanavergan boʻlsa, ehtimol. Bu bejiz emas. Avvalo, shoir sifatida salafining 30-yillarda «Hamlet» tarjimasiga qoʻl urishi milliy teatrimiz ehtiyojlarini qondirish uchungina boʻlmaganini chuqur his qiladi. Shu bois ham U.Azim talqinidagi Choʻlpon hayotidagi eng qaltis vaziyatda oʻz tarjimasidagi Hamlet monologini eslaydi: «Yo oʻlish, yo qolish – gap shunda! Ajabo, qaysi biri sharafli va olijanob: dilozor falakning zarbalariga chidashmi yoki balolar dengiziga qarshi bel bogʻlab, ularga qarshi qoʻzgʻolib, ularni barham berishmi? Oʻlim – bir uyqu, xolos...» Dramadagi Choʻlpon nafaqat ruhiy jihatlari, ayrim xatti-harakatlari bilan ham Hamletni yodga soladi: yuqorida koʻrganimiz oʻzini atayin voqelikdan tamom uzilgan devonadek tutishi... «Yozamanu yoqaman» deya oʻtirishlari... Oybekning «qoʻlyozmalar yonmas emish» deganiga javoban «bu gaplar bir tasalli uchun aytilgan-da» deya tan olinishi oʻzi uchun-da ogʻir shafqatsiz haqiqatni taʼkidlashi... «Yaxshi kunlar qachon keladi, kim biladi! Yovuzlik esa boshimizga egilgan. Qoʻli boʻgʻzimizda, koʻzi har bir harakatimizni kuzatib turibdi...» deyishlari... suyuklisi Solihani oʻzidan uzoqlatishi... – bular bari Shekspirning oʻlmas asariga hamohang. Axir, ikkinchi tomoni, U.Azimning shaxs va ijodkor sifatida shakllanishi «hamletchilik» urf boʻlgan davrga toʻgʻri kelmaganmi?! Ha-da, bu davrning qanoti qirqib qoʻyilgani holda nigohi yuksaklarga termulgan ijodkor ziyolisi oʻzini Hamletga darddosh sezgan, «Doniyo – zindon...» kalimasini majoziy anglagan va tez-tez «yozamanu yoqaman...» kayfiyatiga tushib turgan boʻlsa, hech ajablanarli joyi yoʻq. Shunday ekan, dramani yozish asnosi muallif oʻz vujudida his qilganlaridan sahnada Hamlet boʻlib yashab koʻrgan va hayotda ham hamletona umr kechirgan boysunlik ulugʻ adibga, undan esa qahramoniga oʻtgan – milliy ziyolilarning maʼnaviy-ruhiy birligini ich-ichidan his qilgan... qaysiki, afsus, gohi unutib qoʻyadiganimiz maʼnaviy-ruhiy birlikni his qilgan, his qildirolgan.
***
... ilgari ham boshqa bir munosabat bilan aytgandim: U.Azim mansub adabiy avlod inson qadrini, uning ijtimoiy maqomiyu qarashlaridan qatʼi nazar, juda yuksak qoʻydi. Zero, bu avlod1* nigohini «kommunistik kengliklar»dan uzib, xalqning kundalik hayoti tomon burdi va dafʼatan his etdiki, oʻzini sogʻintirgan Erk, Hurlik, Tenglik kabi ezguliklar faqat sotsializm gʻoyasi bilangina bogʻliq emas, aslida, milliy va diniy qadriyatlarimiz azaldan shu tushunchalar asosida turar ekan. Axir, shuni his etib turgan koʻngillarga Choʻlponning «Sen-da odam, sen-da insonsan, Kishan kiyma, boʻyin egma, Ki sen ham hur tugʻilgʻonsan!» tarzidagi oʻtli misralari chippa yopishmasligi mumkinmi?! Agarki inson hur tugʻilgan va insonlar orasida teng ekan, uni shoʻrochasiga maʼlum gʻoya mavqeidan turib tasdiqlash yo inkor qilish gʻirt bemaʼnilik boʻlmaydimi?! Shu tariqa bu avlod insonning hakamligi hech ekanini, oldinda Oliy Hakam – mayli, uni goh vaqt, goh vijdon, goh avlodlar, goh yana boshqa narsa bilan bogʻlagan boʻlsin – borligini tobora teran his eta bordi, tarixan olislarga ketgan ildizlardan oziqlanib, shu eʼtiqodida sobitlashdi – insonni tushunishni ijodining asosiy tamoyiliga aylantirdi. U.Azim talqinida Choʻlpon xuddi shunday eʼtiqod kishisi sifatida gavdalanadiki, buning asosi muallif bilan qahramon orasidagi maʼnaviy-ruhiy va eʼtiqodiy yaqinlikdir.
Yuqorida koʻrdikki, Choʻlpon xiyonatkor doʻstlarning-da andishasini qiladi, bexijolat yoʻl tanlashlariga imkon beradi: ularning ayrimlari oʻz tinchini oʻylab tomoshabin maqomiga oʻtsa, boshqalari oshkor dushmanlik yoʻlini tutadi. Dushmanlik yoʻliga oʻtganlardan biri – Sezgir uzrxohlik qilib kelgan sahnani eslaylik:
«SEZGIR. Abdulhamid! Jon birodarim!
CHOʻLPON. Nega kelding?! Qayt! Sen yuzi qaro odamsan!
SEZGIR. Mayli! Mayli! Bemalol meni soʻk! Mana, yuzimni tutib turaman! Bemalol shapaloq tort! Menga boʻlgan nafrating soʻngancha uraver! Xohlasang, yotqizib tepkila!
1*
Albatta, bu avlodning ilgʻorida turgan ijodkorlar, ularning ham sara asarlari nazarda tutilmoqda, shuningdek, ayrim istisnolaru turli darajadagi chekinishlarning hamma vaqt boʻlishi mumkinligini unutmaslik lozim. (Tiz choʻkib). Faqat meni kechir! Eski doʻstligimiz hurmati!..
CHOʻLPON (birdan oʻzgarib). Senga nima boʻldi?! Tur oʻrningdan, tiz choʻkma! Meni noqulay ahvolga solyapsan? Tur! Duppa-durust odam eding, seni nega xudo urdi?!»
Qarang: inson qadrini baland tutuvchi Choʻlpon dushmani tiz choʻkishi bilanoq oʻzgardi, zero, buni insonlik shaʼniga nomunosib koʻradi. Albatta, u xoinni yoqlamaydi, uni «yuzi qaro» deb biladi, lekin kechirishga tayyor: «Nega kechirmay, birodarim! Bu dunyo maromida oqayotgan boʻlsa ekan, sendan maromni buzding deb oʻpkalasam!.. Faqat dunyo meyoriga qarab ish koʻrayotgan jamiyatda meyordagi odamlar yashaydilar! Bu qotil jamiyatda esa hech kimni ayblab boʻlmaydi!» Choʻlpon chinakam faylasuflarga xos fikrlaydi, mohiyatga nazar soladi va shu bois ham illatning ildizini koʻradi, koʻrsatadi. Muhimi, Choʻlponning kechirishi «odamning yuzi issiq» degan andishadan emas, balki mustahkam eʼtiqodidan kelib chiqadi. Ayni shunda uning kuchli shaxsligi namoyon boʻladiki, buning yaqqol belgisi ojizlarga shafqatdir. Mabodo, shunday boʻlmaganida, Choʻlpon oddiy kaslar qatori ojizdan alamini olib, xumordan chiqish payida boʻlur edi. Yoʻq, dramadagi Choʻlpon kuchli shaxs, buni unga dushmanlik qilgan Sezgir ham eʼtirof etadi: «Choʻlpon! Sen kuchli odamsan! Xudo bergan zotsan!»
Chinakam kuchli shaxs sifatida Choʻlpon Sezgir oʻz ojizligi orqasida chekayotgan iztiroblarni his qiladi, unga ich-ichidan achinadi. Ayni choqda, u bunaqa achinish uygʻotadigan holatga tushish ham insonlikka zid deb biladi, shu sababli Oybekka aytadiki: «Hozir aytadigan gaplarimni yaxshilab eslab ol... Mabodo bir kun bu voqealar haqida yozsang bu odamning bugungi holatini eslama! Uyat boʻladi!» Choʻlponning bu gapidan kelajak oldida masʼullik seziladi. Muhimi, u oʻzidan masʼullikni aslo soqit qilmaydi, qaysidir darajada «uyat boʻladi»gan ishga oʻzi ham aloqadorligini mardona tan oladi: «Hammamizning ham boshimizga ozmi-koʻpmi oʻshaning ahvoli tushib turibdi. Ana, men yozganlarimni yoqib oʻtiribman. Axir, gunohi bor! Bilsang, eng ulugʻ ijodkor parvardigordir! Haqiqatni qoʻmsab yozilgan har bir soʻz adibning koʻngliga bekor tushmaydi! Adib oʻz soʻzini sovurishi esa ijodkorlikni, demakki, tangrining ravishini rad etishdir...» Nazarimda, shu dialogning davomida muallifning drama imkonlaridan foydalanish mahorati yaqqol koʻzga tashlanadi. Gap shundaki, yozganlarini yoqib oʻtirganini Choʻlpon «uyatli ish»ning bir koʻrinishi hisoblaydi, suhbatdoshi Oybekning esa bu masalada fikri oʻzgacha:
«OYBEK. Yolgʻon soʻzdan yongan soʻz avlodir.
CHOʻLPON. Nima?! Takrorla!..
OYBEK. «Yolgʻon soʻzdan yongan soʻz maʼqul» dedim.
CHOʻLPON. Yolgʻon soʻzdan yongan soʻz maʼqul!»
Mazkur replikalardan keyinoq muallif remarkasi berilgan: «Koʻrinmas odam yaqinroq kelib, eshitmoqchi boʻladi. Xazonlar shitirlaydi». Yaʼni, remarka suhbat boʻlinib qolganini anglatadi: Choʻlpon Oybekning gapini takrorlaydi, xolos, unga munosabat bildirmaydi. Bu esa personajlar holati va suhbat mazmun-mohiyatini turlicha tushunish imkonini yaratadi. Sirtdan qaralsa, Choʻlpon hamsuhbatini maʼqullayotgandek koʻrinar va bu, qisman, toʻgʻri ham. Negaki, Choʻlpon yolgʻon soʻzlarni yoqayotgani yoʻq, buni Oybek ham yaxshi biladi – aytgan gapi taskin uchun, xolos. Yaʼni, garchi Oybekning gapini takrorlayotgan boʻlsa-da, Choʻlpon taskin topgani yoʻq, u hamon yozganlarini yoqishning «gunohi bor» degan fikrda qolgan va ayni shu narsa uni iztirobga soladi...
***
... drama muallifi Sezgir fojiasini mohirona ochib berarkan, bir inson sifatida unga dildan achinayotgani sezilib turadi. Sezgir qilayotgan ishi nafratga loyiq ekanini biladi, «bular asta-asta shaʼnimni, or-nomusimni, Vatanga mehrimni sugʻurib oldilar» deya oʻrtanadi. Undagi qoʻrquv shu darajadaki, mezbonga mehmoni Oybek «xudo haqi ketsin!» deya oʻtinadi, «bir kunmas bir kun soʻroq qilishsa, bu yigitni «Choʻlponning hovlisida koʻrgan edim» deb sotib qoʻyish»i mumkinligidan qoʻrqadi. Qoʻrquv inon-ixtiyorini olib qoʻygan shoʻrlikning. Shu bois qilmishlari uchun oʻzini «men odam emasman! Pastman! Yetti qavat yerga kirib ketganman!» desa-da, «endi nima talab qilishsa, shuni yozib berish» bilan mashgʻul. Sezgir vijdoni qistovga olgan palla Choʻlpon bilan Oybekka yuragidagi dard-alamlarni toʻkib soldi, lekin unda bir oʻzgarish boʻlishiga umid yoʻq. Chunki, oʻzi eʼtirof etayotganidek, odamlik sifatini yoʻqotgan, undagi vijdon qiynogʻi esa oʻtkinchi:
«SEZGIR. (chiqa turib qaytadi). Boshim aynigan! Boshim tamom aynigan! (Hoʻngrab yigʻlaydi.) Sizlarga nimalar deb laqilladim?.. Hech kimga aytmanglar! Bola-chaqam bor! Kechagina qizli boʻldim! Aytmanglar! Aytmanglar...»
Ha, muallif inson sifatida unga achinadi, achinish vositasida insonni shu koʻyga solgan tuzumga nafratini ifodalab, oʻquvchida ham shu hisni qoʻzgʻaydi. Biroq bu oʻrinda achinish muallifgagina fazilat boʻlib yozilishi mumkin, shunday munosabatga loyiq boʻlib qolishdan har bandani xudoning oʻzi asrasin! Fikrimcha, dramani mutolaa qilish chogʻi oʻquvchi, spektakl davomida tomoshabin koʻngliga shu oʻy kelishi muqarrarki, bu badiiyat hodisasi amalga oshganidan dalolatdir. Drama badiiyatiga oshno boʻlolgan kishi shu sahnani oʻqib «Alhazar!» deya yoqa ushlaydi, Choʻlpon Sezgirga qarata aytgan gaplarni oʻziga dasturulamal qilishga chogʻlanadi: «Men odamman deb oʻyla! «Men odamman» deb ichingda takrorlayver!»
***
... yubiley deganlari koʻp yaxshi narsa. Lekin yozganlarim yubileybop gaplar deb tushunilmasa yaxshi edi. Toʻgʻri, yubiley bahona oʻn ikki yil narida olgan taassurotni tiklashga uringanim bor gap. Zero, oʻshanda tuyqus yombi olmos topgandek edim... Yubileylar bor boʻlsin, bugun oltmishvoylar safiga qoʻshilgan Usmon Azim olmosga yana sayqal bersinu Choʻlpon tavalludining navbatdagi katta toʻylarida uning jilolaridan bahramand boʻlish sizu bizga nasib etsin.
Насиб қилган экан, «Кундузсиз кечалар»нинг ҳозирги Миллий академик театрдаги премьерасида бўлгандим. Мамлакат бўйлаб Чўлпон таваллудининг 100 йиллиги тантаналари кенг нишонланаётган палла, шу руҳ таъсиридами ё қарийб ўн йиллардан бери Чўлпон ижоди билан шуғулланиб юрганим учунми, ўшанда спектакль менда жуда чуқур таассурот қолдирганди. Албатта, байрамона руҳ таъсирида айрим нуқсонларни назардан қочирган бўлишим ҳам эҳтимол. Фақат шундан бери ич-ичимда ўша таассуротим байрам руҳи ё илмий изланишларим мавзуси билангина боғлиқ эмаслигини мудом ҳис этиб келаман. Сираси, ҳозир асарни атрофлича таҳлил қилиш ниятим ҳам йўқ, бу – драмашунослару театршунослар ҳақи, муддаом ўша таассурот омилларини ўзим учун аниқлаб олиш, холос. Шубҳа йўқки, таассуротимда байрамона руҳнинг, шу руҳга йўғрилган ижронинг таъсири, албатта, бўлган. Яна шуки, спектакль – жамоавий асар, демак, у қолдирган таассуротда режиссёрдан тортиб гримёргача – кўпчиликнинг улуши бор. Буни ҳам яхши тушунаман. Шунга қарамай, ўз кўмочига кул тортаётганликка йўйманг-у, спектаклнинг муваффақияти, биринчи галда, унинг асоси – сўз санъатининг вакили бўлмиш драмага боғлиқ деб биламан…
***
… эҳтимол, шеъриятда ном қозониб, унда юксак ва мустаҳкам мавқени эгаллаб улгурган шоирнинг драмага қўл уриши ким учундир кутилмаган ҳол бўлгандир, бироқ каминага асло бундай туюлмаганди ўшанда. Зеро, шоир театр санъатига айрича муҳаббати борлигини, эсингизда бўлса керак, «Театр» туркумидаёқ изҳор қилиб қўйган. Боз устига, унинг ўнлаб шеърларида драматик унсурлар салмоқли, уларда мўъжазгина драматик ҳолатнинг жонли ва худди драмадаги каби гўё бетараф тасвири лирик кечинмани ифодалаш воситасига айланади. Яна бир томони, бахшиёна йўлидаги шеърларида ҳам драмага яқинлик бор: улар саҳна асарини эслатади, тасаввуримиздаги саҳнада жонланади гўё… Яъники, театрга аллақачонлар ишқи тушган шоирнинг... муҳими, бу ишқ илк севги мақомида – мудом соғинтиради ва шу боис шеърларида бот-бот бўй кўрсатиб туради. Хуллас, «Кундузсиз кечалар» – шу муҳаббатнинг илк меваси, олган таассуротимнинг кучлилиги, бир томони, шундан бўлса, эҳтимол…
***
… Чўлпоннинг «чечаклар унгуси кўз ёшларимдан» деган башорати ўтган асрнинг 70-йиллари ўрталаридан ҳақиқатга дўна бошлади: шеърият майдонига шу даврда қадам қўйган авлод ижодида истиқлол соғинчи қайта ниш урди, авжга кирди, кейинроқ барқ уриб яшнай бошлади. Шу маънода Усмон Азим мансуб шоирлар авлоди – жадид ижодкорлар анъаналарининг бевосита давомчилари, адабиётимиздаги миллий уйғонишнинг чин маънода иккинчи тўлқинидир. Зеро, улар Чўлпон шеърларини яшириқча ютоқиб-ютоқиб ўқиган, унинг дарди билан оғриган – шоирни ўзига маънавий пир билганлар. Айтадиларки, пир ва мурид орасида маънавий бирлик бўлади: драмада Чўлпоннинг ўзига хос ва теран бадиий идрок этилгани шундан, кучли таассуротнинг асосий омили ҳам шу бўлса, эҳтимол…
***
Драма воқеалари шундай бошланади: «Чўлпоннинг мўъжазгина ҳовлиси – боғи. Чўлпон ва дўстлари суҳбатга йиғилганлар. Улфатларнинг ошга тайёргарликда эканлиги сезилиб турибди». Дилкаш суҳбат авжида эканида «ҳаяжонланган ҳолда Ойбек кириб келади», қўлида газета, унда Чўлпонга қарши мақола эълон қилинган. Ойбекдан овоз чиқариб ўқишни сўрайдилар, ҳассос шоир ўқиёлмайди – Сезгир ўқийди: «Чўлпон йўқсил халқ шоири эмас. У – миллатчи, ватанпараст, бадбин зиёлилар шоири… У йўқсиллар дунёсининг… (тутилиб, қийналиб) душмани…» Сезгирнинг сўнгги жумлани бўлиб, тутилиб, қийналиб ўқиши бежиз эмас, шундан кейинги «соқов саҳна» бунинг сабабини ойдинлаштириш билан бирга, ўзида давр руҳини акс эттиради: «Ҳамма қотиб қолган. Шогирдлар ўрнидан турадилар. Кўзойнак ушлаб турган дарахт новдаси қарсиллаб синади. Машшоқнинг қўли тегиб, суяб қўйилган дойра тарақлаб кетади. Ҳар бир товушдан даврадагилар сесканиб кетадилар».
Муаллиф ўзи тасвирлаётган давр руҳини чуқур ҳис қилади, шу боис ҳам 20 – 30-йиллар руҳини, замона кишиларининг маънавий-руҳий қиёфасини очиб беришга эришади. Шу жиҳатдан драматик ҳолатнинг «соқов саҳна»дан кейинги ривожи ғоят характерли:
«ЧЎЛПОН (ҳеч нарса бўлмагандай). Қорин ҳам оч қолди. Ошни суздирай… (Чиқиб кетади).
Ҳамма уятлиғ бир иш қилгандай кўзини яширган асно қолади».
Ҳолат шундайки, даврадагиларнинг ҳеч бири ҳали уятли иш қилганича йўқ, лекин деярли ҳаммаси «уятлиғ бир иш» бўлиши муқаррарлигини ҳис қилиб турибди. Муҳими, ўзини «ҳеч нарса бўлмагандай» тутгани ҳолда, Чўлпон ҳам вазият нечоғли қалтислигию «уятлиғ бир иш» бўлиши муқаррарлигини билади: «ошни суздириш» баҳона дўстларининг шу ишни қилишларини енгиллатмоқ мақсадида чиқиб кетади – муаллиф ҳис этолган, саҳнадагиларнинг бари бирдек англаб турган фожеавийлик шунда. Айни шу нарса ҳолатнинг кейинги ривожини мантиқан асослайди:
«СЕЗГИР. Узр, ўртоқлар, мени борадиган жойим бор (довдираган ҳолда чиқиб кетади).
КЎЗОЙНАК (соатига қараб). Ие, мени ҳам мажлисим бор эди-ку! (Дадил юриб, чиқиб кетади)
Қолганлар ҳам бир-бирларининг юзларига қарамасдан тарқала бошлайдилар. Фақат Ойбек қолади…»
Эътибор қилинг-а, айни дамда «уятли бир иш» қилишга мажбурлик даврадагиларнинг барини ўртайди, ҳаммалари бир-биридан хижолат: «бир-бирларининг юзига қарамасликка» тиришади. Лекин, начора, зиёли ҳам одам-да, жон деганлари ширин-да, ахир! Хафа бўлмасинлар-у, зиёли қавмига хос амал будир: дўппи тор келганида, номаъқулни қилмаслик эмас, ўзига гард қўндирмай қилиш ҳақида кўпроқ қайғурилади. Э-воҳ, табиатан ижтимоий махлуқ бўлгани билан кулфат қаршисида инсон ҳамиша ёлғиз – чекига тушганни чийилламай тортишга маҳкум. Бу – аён ҳақиқат, лекин хаёл, орзу деган нарсалар ҳам бор-ку, ахир! Фожиа ҳам шунда-да: одам боласини ҳур ва мукаммал кўришни орзулагани ҳолда Чўлпон мавжуд ҳолатни борича қабул қилишга, уни тушунишга мажбур. Айни шу мажбурлик шоирни эзғилайди, кўнгли эса бунга кўнмайди, кўнолмайди:
«Чўлпон қўлида лаган билан кириб келади. Кимсасиз даврага қараб бир лаҳза тўхтайди. Сўнг ҳеч нарса бўлмагандай лаганни дастурхонга қўяди.
ЧЎЛПОН. (гўё даврани тўлдириб ўтирган дўстларига қараб) Узр, дўстлар, сизларни куттириб қўйдим. Қани, ошга қаранглар! Марҳамат!..»
Қаранг: Чўлпон ҳануз орзуларидан кечмаган, илгарироқ «Хаёл...хаёл... ёлғиз хаёл гўзалдир, Ҳақиқатнинг кўзларидан қўрқаман...» деганидек, ҳозир ҳам хаёлот оламига қочиб қутулди. Бироқ инсон хаёлот оламида муқим қололмайди, бандаи ожиз ернинг тортиш кучига қандоғам бас келсин – мавжуд воқеликка қайтиши муқаррар:
«Паловдан бир ошам оладию бир лаҳза нима қилишини билмай туриб қолади. Қўлидаги паловни яна лаганга қўядию сочиққа артган бўлади...»
Чўлпоннинг айни дамдаги аҳвол руҳиясини ҳис қила оласизми? Ерга сиғмаётганиди, сиғдиришмаётганди шўрликни, энди кўкидан-да айрилганида ҳоли не кечмоқдайкин? Шоир қавмининг азалий қисмати шу – Идеал хаёли билан воқеликда яшамоқ; шу иккисининг номувофиқлигидан Дард туғилади, унинг ёлғиз давоси – воқеликни Идеалга мувофиқ, яъни жамиятни мукаммал, инсонни комил кўриш умиди. Начораки, умиднинг манбаи ҳам, кушандаси ҳам воқелик, яъни шоир биргина умрида кўп бор ўлишга маҳкум:
«СОЛИҲА (ҳайрон қолиб). Меҳмонлар қани?
ЧЎЛПОН. Азага кетишди...
СОЛИҲА. Қанақа аза? Ким вафот этди?
ЧЎЛПОН (у ўрнидан туриб кетади. Бориб чорпояда ётган газетани
олади-да, улоқтиради). Бир шоир вафот этди, Солиҳа, бир шоир...»
Шоирнинг қотили – Хиёнат, шоирларни аксар хиёнат ўлдиради. Фақат хиёнатнинг яроғ тутарга қўли йўқ, у қатлни шоир комил кўрмоқ истаган одамлар қўли билан амаллайди. Чинакам шоирки бўлса, бундайин қисматдан қочиб қутулолмайди: юрагида у ёки бу либосдаги Хиёнат қолдирган жароҳат излари бор. Шу жиҳатдан муаллиф – қаҳрамонига қисматдошу қавмдош, яъни Чўлпон образини яратарда унинг юрагидаги чандиқлар очилиб, янгиланган яралар оғриғи билан ёзганки, мутолаа чоғи ўқувчи, спектакль чоғи томошабин ўша оғриқларни ўз юрагида ҳис этади...
***
... Чўлпонни англаш асноси муаллиф кўп марталаб Ҳамлетни эслаган, шуурида гоҳ англанган, гоҳ англанмаган тарзда Ҳамлет жонланаверган бўлса, эҳтимол. Бу бежиз эмас. Аввало, шоир сифатида салафининг 30-йилларда «Ҳамлет» таржимасига қўл уриши миллий театримиз эҳтиёжларини қондириш учунгина бўлмаганини чуқур ҳис қилади. Шу боис ҳам У.Азим талқинидаги Чўлпон ҳаётидаги энг қалтис вазиятда ўз таржимасидаги Ҳамлет монологини эслайди: «Ё ўлиш, ё қолиш – гап шунда! Ажабо, қайси бири шарафли ва олижаноб: дилозор фалакнинг зарбаларига чидашми ёки балолар денгизига қарши бел боғлаб, уларга қарши қўзғолиб, уларни барҳам беришми? Ўлим – бир уйқу, холос...» Драмадаги Чўлпон нафақат руҳий жиҳатлари, айрим хатти-ҳаракатлари билан ҳам Ҳамлетни ёдга солади: юқорида кўрганимиз ўзини атайин воқеликдан тамом узилган девонадек тутиши... «Ёзаману ёқаман» дея ўтиришлари... Ойбекнинг «қўлёзмалар ёнмас эмиш» деганига жавобан «бу гаплар бир тасалли учун айтилган-да» дея тан олиниши ўзи учун-да оғир шафқатсиз ҳақиқатни таъкидлаши... «Яхши кунлар қачон келади, ким билади! Ёвузлик эса бошимизга эгилган. Қўли бўғзимизда, кўзи ҳар бир ҳаракатимизни кузатиб турибди...» дейишлари... суюклиси Солиҳани ўзидан узоқлатиши... – булар бари Шекспирнинг ўлмас асарига ҳамоҳанг. Ахир, иккинчи томони, У.Азимнинг шахс ва ижодкор сифатида шаклланиши «ҳамлетчилик» урф бўлган даврга тўғри келмаганми?! Ҳа-да, бу даврнинг қаноти қирқиб қўйилгани ҳолда нигоҳи юксакларга термулган ижодкор зиёлиси ўзини Ҳамлетга дарддош сезган, «Дониё – зиндон...» калимасини мажозий англаган ва тез-тез «ёзаману ёқаман...» кайфиятига тушиб турган бўлса, ҳеч ажабланарли жойи йўқ. Шундай экан, драмани ёзиш асноси муаллиф ўз вужудида ҳис қилганларидан саҳнада Ҳамлет бўлиб яшаб кўрган ва ҳаётда ҳам ҳамлетона умр кечирган бойсунлик улуғ адибга, ундан эса қаҳрамонига ўтган – миллий зиёлиларнинг маънавий-руҳий бирлигини ич-ичидан ҳис қилган... қайсики, афсус, гоҳи унутиб қўядиганимиз маънавий-руҳий бирликни ҳис қилган, ҳис қилдиролган.
***
... илгари ҳам бошқа бир муносабат билан айтгандим: У.Азим мансуб адабий авлод инсон қадрини, унинг ижтимоий мақомию қарашларидан қатъи назар, жуда юксак қўйди. Зеро, бу авлод1* нигоҳини «коммунистик кенгликлар»дан узиб, халқнинг кундалик ҳаёти томон бурди ва дафъатан ҳис этдики, ўзини соғинтирган Эрк, Ҳурлик, Тенглик каби эзгуликлар фақат социализм ғояси билангина боғлиқ эмас, аслида, миллий ва диний қадриятларимиз азалдан шу тушунчалар асосида турар экан. Ахир, шуни ҳис этиб турган кўнгилларга Чўлпоннинг «Сен-да одам, сен-да инсонсан, Кишан кийма, бўйин эгма, Ки сен ҳам ҳур туғилғонсан!» тарзидаги ўтли мисралари чиппа ёпишмаслиги мумкинми?! Агарки инсон ҳур туғилган ва инсонлар орасида тенг экан, уни шўрочасига маълум ғоя мавқеидан туриб тасдиқлаш ё инкор қилиш ғирт бемаънилик бўлмайдими?! Шу тариқа бу авлод инсоннинг ҳакамлиги ҳеч эканини, олдинда Олий Ҳакам – майли, уни гоҳ вақт, гоҳ виждон, гоҳ авлодлар, гоҳ яна бошқа нарса билан боғлаган бўлсин – борлигини тобора теран ҳис эта борди, тарихан олисларга кетган илдизлардан озиқланиб, шу эътиқодида собитлашди – инсонни тушунишни ижодининг асосий тамойилига айлантирди. У.Азим талқинида Чўлпон худди шундай эътиқод кишиси сифатида гавдаланадики, бунинг асоси муаллиф билан қаҳрамон орасидаги маънавий-руҳий ва эътиқодий яқинликдир.
Юқорида кўрдикки, Чўлпон хиёнаткор дўстларнинг-да андишасини қилади, бехижолат йўл танлашларига имкон беради: уларнинг айримлари ўз тинчини ўйлаб томошабин мақомига ўтса, бошқалари ошкор душманлик йўлини тутади. Душманлик йўлига ўтганлардан бири – Сезгир узрхоҳлик қилиб келган саҳнани эслайлик:
«СЕЗГИР. Абдулҳамид! Жон биродарим!
ЧЎЛПОН. Нега келдинг?! Қайт! Сен юзи қаро одамсан!
СЕЗГИР. Майли! Майли! Бемалол мени сўк! Мана, юзимни тутиб тураман! Бемалол шапалоқ торт! Менга бўлган нафратинг сўнганча уравер! Хоҳласанг, ётқизиб тепкила!
1*
Албатта, бу авлоднинг илғорида турган ижодкорлар, уларнинг ҳам сара асарлари назарда тутилмоқда, шунингдек, айрим истиснолару турли даражадаги чекинишларнинг ҳамма вақт бўлиши мумкинлигини унутмаслик лозим. (Тиз чўкиб). Фақат мени кечир! Эски дўстлигимиз ҳурмати!..
ЧЎЛПОН (бирдан ўзгариб). Сенга нима бўлди?! Тур ўрнингдан, тиз чўкма! Мени ноқулай аҳволга соляпсан? Тур! Дуппа-дуруст одам эдинг, сени нега худо урди?!»
Қаранг: инсон қадрини баланд тутувчи Чўлпон душмани тиз чўкиши биланоқ ўзгарди, зеро, буни инсонлик шаънига номуносиб кўради. Албатта, у хоинни ёқламайди, уни «юзи қаро» деб билади, лекин кечиришга тайёр: «Нега кечирмай, биродарим! Бу дунё маромида оқаётган бўлса экан, сендан маромни буздинг деб ўпкаласам!.. Фақат дунё меъёрига қараб иш кўраётган жамиятда меъёрдаги одамлар яшайдилар! Бу қотил жамиятда эса ҳеч кимни айблаб бўлмайди!» Чўлпон чинакам файласуфларга хос фикрлайди, моҳиятга назар солади ва шу боис ҳам иллатнинг илдизини кўради, кўрсатади. Муҳими, Чўлпоннинг кечириши «одамнинг юзи иссиқ» деган андишадан эмас, балки мустаҳкам эътиқодидан келиб чиқади. Айни шунда унинг кучли шахслиги намоён бўладики, бунинг яққол белгиси ожизларга шафқатдир. Мабодо, шундай бўлмаганида, Чўлпон оддий каслар қатори ожиздан аламини олиб, хумордан чиқиш пайида бўлур эди. Йўқ, драмадаги Чўлпон кучли шахс, буни унга душманлик қилган Сезгир ҳам эътироф этади: «Чўлпон! Сен кучли одамсан! Худо берган зотсан!»
Чинакам кучли шахс сифатида Чўлпон Сезгир ўз ожизлиги орқасида чекаётган изтиробларни ҳис қилади, унга ич-ичидан ачинади. Айни чоқда, у бунақа ачиниш уйғотадиган ҳолатга тушиш ҳам инсонликка зид деб билади, шу сабабли Ойбекка айтадики: «Ҳозир айтадиган гапларимни яхшилаб эслаб ол... Мабодо бир кун бу воқеалар ҳақида ёзсанг бу одамнинг бугунги ҳолатини эслама! Уят бўлади!» Чўлпоннинг бу гапидан келажак олдида масъуллик сезилади. Муҳими, у ўзидан масъулликни асло соқит қилмайди, қайсидир даражада «уят бўлади»ган ишга ўзи ҳам алоқадорлигини мардона тан олади: «Ҳаммамизнинг ҳам бошимизга озми-кўпми ўшанинг аҳволи тушиб турибди. Ана, мен ёзганларимни ёқиб ўтирибман. Ахир, гуноҳи бор! Билсанг, энг улуғ ижодкор парвардигордир! Ҳақиқатни қўмсаб ёзилган ҳар бир сўз адибнинг кўнглига бекор тушмайди! Адиб ўз сўзини совуриши эса ижодкорликни, демакки, тангрининг равишини рад этишдир...» Назаримда, шу диалогнинг давомида муаллифнинг драма имконларидан фойдаланиш маҳорати яққол кўзга ташланади. Гап шундаки, ёзганларини ёқиб ўтирганини Чўлпон «уятли иш»нинг бир кўриниши ҳисоблайди, суҳбатдоши Ойбекнинг эса бу масалада фикри ўзгача:
«ОЙБЕК. Ёлғон сўздан ёнган сўз авлодир.
ЧЎЛПОН. Нима?! Такрорла!..
ОЙБЕК. «Ёлғон сўздан ёнган сўз маъқул» дедим.
ЧЎЛПОН. Ёлғон сўздан ёнган сўз маъқул!»
Мазкур репликалардан кейиноқ муаллиф ремаркаси берилган: «Кўринмас одам яқинроқ келиб, эшитмоқчи бўлади. Хазонлар шитирлайди». Яъни, ремарка суҳбат бўлиниб қолганини англатади: Чўлпон Ойбекнинг гапини такрорлайди, холос, унга муносабат билдирмайди. Бу эса персонажлар ҳолати ва суҳбат мазмун-моҳиятини турлича тушуниш имконини яратади. Сиртдан қаралса, Чўлпон ҳамсуҳбатини маъқуллаётгандек кўринар ва бу, қисман, тўғри ҳам. Негаки, Чўлпон ёлғон сўзларни ёқаётгани йўқ, буни Ойбек ҳам яхши билади – айтган гапи таскин учун, холос. Яъни, гарчи Ойбекнинг гапини такрорлаётган бўлса-да, Чўлпон таскин топгани йўқ, у ҳамон ёзганларини ёқишнинг «гуноҳи бор» деган фикрда қолган ва айни шу нарса уни изтиробга солади...
***
... драма муаллифи Сезгир фожиасини моҳирона очиб бераркан, бир инсон сифатида унга дилдан ачинаётгани сезилиб туради. Сезгир қилаётган иши нафратга лойиқ эканини билади, «булар аста-аста шаънимни, ор-номусимни, Ватанга меҳримни суғуриб олдилар» дея ўртанади. Ундаги қўрқув шу даражадаки, мезбонга меҳмони Ойбек «худо ҳақи кетсин!» дея ўтинади, «бир кунмас бир кун сўроқ қилишса, бу йигитни «Чўлпоннинг ҳовлисида кўрган эдим» деб сотиб қўйиш»и мумкинлигидан қўрқади. Қўрқув инон-ихтиёрини олиб қўйган шўрликнинг. Шу боис қилмишлари учун ўзини «мен одам эмасман! Пастман! Етти қават ерга кириб кетганман!» деса-да, «энди нима талаб қилишса, шуни ёзиб бериш» билан машғул. Сезгир виждони қистовга олган палла Чўлпон билан Ойбекка юрагидаги дард-аламларни тўкиб солди, лекин унда бир ўзгариш бўлишига умид йўқ. Чунки, ўзи эътироф этаётганидек, одамлик сифатини йўқотган, ундаги виждон қийноғи эса ўткинчи:
«СЕЗГИР. (чиқа туриб қайтади). Бошим айниган! Бошим тамом айниган! (Ҳўнграб йиғлайди.) Сизларга нималар деб лақилладим?.. Ҳеч кимга айтманглар! Бола-чақам бор! Кечагина қизли бўлдим! Айтманглар! Айтманглар...»
Ҳа, муаллиф инсон сифатида унга ачинади, ачиниш воситасида инсонни шу кўйга солган тузумга нафратини ифодалаб, ўқувчида ҳам шу ҳисни қўзғайди. Бироқ бу ўринда ачиниш муаллифгагина фазилат бўлиб ёзилиши мумкин, шундай муносабатга лойиқ бўлиб қолишдан ҳар бандани худонинг ўзи асрасин! Фикримча, драмани мутолаа қилиш чоғи ўқувчи, спектакль давомида томошабин кўнглига шу ўй келиши муқаррарки, бу бадиият ҳодисаси амалга ошганидан далолатдир. Драма бадииятига ошно бўлолган киши шу саҳнани ўқиб «Алҳазар!» дея ёқа ушлайди, Чўлпон Сезгирга қарата айтган гапларни ўзига дастуруламал қилишга чоғланади: «Мен одамман деб ўйла! «Мен одамман» деб ичингда такрорлайвер!»
***
... юбилей деганлари кўп яхши нарса. Лекин ёзганларим юбилейбоп гаплар деб тушунилмаса яхши эди. Тўғри, юбилей баҳона ўн икки йил нарида олган таассуротни тиклашга уринганим бор гап. Зеро, ўшанда туйқус ёмби олмос топгандек эдим... Юбилейлар бор бўлсин, бугун олтмишвойлар сафига қўшилган Усмон Азим олмосга яна сайқал берсину Чўлпон таваллудининг навбатдаги катта тўйларида унинг жилоларидан баҳраманд бўлиш сизу бизга насиб этсин.
Dilmurod Quronov