Ulugʻ insonlar yashab oʻtgan yo qay bir sabab bilan ularga aloqador joylarda oʻzgacha fayz, oʻzgacha ruh boʻladi. Buni yurtimizdagi koʻplab aziz qadamjolarni ziyorat qilganda hammamiz ham his qilib koʻrganmiz, albatta. Bobur Mirzoning kindik qoni toʻkilgan yurt sifatida Andijonda ham xuddi shunday fayz, ruh bor. Shukurkim, qutlugʻ farzand bahona shahrimizga yilda bir-ikki bor dunyoning har burchidan fozil insonlar tashrif buyurishi bois bu fayz chandon ortib, ruh yanada yuksalib bormoqda. Tabiiyki, Boburning davomchilari boʻlmish Andijon qalam ahli shu fayzdan bahramand, ijodlari ayni ruhdan havo oladi.
Adashmasam, Bobur bilan bogʻliq Andijonda chaqirilgan ilk katta izdihom tavalludining 500 yillik tantanalari edi. Ha, Bobur shu qadar yirik tarixiy shaxs, buning ustiga xalqimiz ham uygʻonishga kelib qolgan payt – hali shoʻro hukmron 1983 yilda shu anjuman oʻtkazilgan edi. Toʻgʻri, anjuman tugab-tugamasdan “Bobur shoh boʻlsa, fotih boʻlsa...” deya eʼtirozlar qoʻzgʻalgan va keyin yana bir necha muddat qora chaplashda davom etilgan. Hozir buni aytishdan murod, yuqorida aytilgan ruhning ilk bor oʻshanda kirib kelganini eslatish. Deganim, oʻshanda, anjuman arafasi va undan olingan taassurot natijasi oʻlaroq, andijonlik shoirlarning Boburga bagʻishlangan qator sheʼrlari bitilgan edi. Bularning ichida Ismoil Toʻlakning “Sogʻinch” deb nomlangan turkum sheʼrlarini alohida taʼkidlab sanamoq lozim. Sarlavha ostida qavs ichida “Bobur ruhiyatiga ayrim chizgilar” deya izoh berilgani muallif niyatini anglatib turadi. Menga qolsa, 1982 yilda yozilgan bu turkum oʻzbek adabiyotidagi Boburni yangicha, dadil aytamanki, mustaqillik ruxida anglash yoʻlidagi ilk qadamlardan biridir. Yangilik turkumning ilk sheʼridanoq yaqqol koʻzga tashlanadi:
Chaqmoqdek chaqnagan ismsiz tuygʻu
bola hislarimga solmoqda suron.
Bobom yetolmagan bir armonsimon
olis ufqlarga chorlamoqda u.
Etmoq orzum edi turkni yakqalam,
Alisher chorlardi sheʼriy maydonga.
Lek bobom koʻzi la boqsam jahonga,
faqat shoir boʻlmoq ekan juda kam.
Bundagi talqin “shoir Bobur oʻzimizniki, shoh Bobur bizdan emas” qabilidagi shoʻrocha talqinga tamom zid. I.Toʻlak talqinida endigina taxtga oʻtirgan Bobur “faqat shoir boʻlish juda kam” degan qatʼiy fikrda. Zero, u bobokaloni Temur “katta orzu-la yashab oʻtgani”ni biladi, bu orzuni roʻyobga chiqarishga endi oʻzini burchli deb hisoblaydi. Turkum oʻn ikki sonetdan tarkib topgan, ularning har biri hayotidagi muhim palladagi Boburning dil izhori sifatida yozilgan. Masalan, “Hisor togʻlarida gʻarib notavon” kezib yurgan, xiyonatlardan bezgan Bobur “issiq ogʻush, sodiq doʻst” izlaydi, bunday xilqatni topish uchun dunyoni piyoda kezib izlashga, buning evaziga shohlikdan kechishga-da tayyor. Yoki “koʻchmanchi ulusning vahshiy ovozi Goʻri Mir sahnida aks-sado” berayotganini koʻrib, Samarqandni zabt etgach, qoʻshini yoʻl qoʻygan talonni oʻylab, temuriy shahzodalar oʻzi kabi “buyuk orzu” bilan yashash oʻrniga bir-biriga gʻanimlik qilish bilan ovoraligini anglab chekkan iztiroblar izhor etilgan satrlarni oʻqiganda, oʻquvchi Boburni bir inson oʻlaroq tasavvur qiladi, dardu alami, armonlarini his etadi.
Oradan oʻn yil oʻtib – 1993 yilda ozod yurtda Boburning 510 yillik yubileyi katta tantanalar bilan oʻtkazildi. Yubiley tadbirlari doirasida chop etilgan “Anda jonim mening” bayoziga andijonlik ijodkorlarning Boburga bagʻishlangan sheʼrlari, gʻazallariga bogʻlangan muxammaslar, doston hamda dramadan parcha kiritilgan. Bayozdagi asarlarning aksari ikki yubiley oraligʻida yaratilgani Boburga qiziqish nechogʻli kuchayganini koʻrsatadi.
Xususan, O.Xoldorning bayozga kirgan “Karvon qoʻngʻirogʻi” dostoni Boburga bagʻishlangan ilk katta hajmli asarlardan boʻlib, Hindiston safari taassurotlari asosida 19851989 yillarda yozilgan. Doston Bobur hayotidan hikoya qiluvchi alohida epizodlar bilan shoirning lirik chekinishlarini uygʻunlashtiradi. Lirik-falsafiy xarakterdagi chekinishlar yangilanayotgan tafakkurni oʻzida aks ettirgan. Masalan, bir oʻrinda shoir “Axsi kabi qancha arku qasrlar – Qular, soʻng izlaymiz izlarini biz” deya insonga xos loqaydligimizni eslatgach:
Men shuni bilaman bir kuni kelib,
Bizlardan ranjigay yangi bir avlod,
Loqaydlikda ayblab, koʻngillar toʻlib –
Oʻzgalarni hatto eta olmas shod,
Goh u deb, goh bu deb oʻz bobolarin
Qadriga yetmagan tentaklar derlar – deya ogohlantiradi. Boshqa bir lirik chekinishda esa shoir boburiylar Hindistonda bino qilgan obidalarni sayr etar chogʻi koʻnglidan oʻtganlarni mushohada qiladi:
Saroylarga zeb berdilar, arklar qurdilar,
Bir xotira qoldiray deb oʻzga Vatanda.
Bir kun kelib mening uzoq avlodlarim ham
Yodlariga olsalar bas, taqdir ekanda –
Vatan qildik, Vatan qurdik, dedilar ular,
Ammo vafo qilmadilar saroy, qasrlar...
Bobur va boburiylarning tarixiy taqdirini mushohada qilarkan, shoir tugal fikr aytmaydi, bu haqda mavjud qarashlardan oʻzgacharoq nuqtai nazar ham boʻlishi mumkinligiga xiragina ishora qilish bilan cheklanib, oʻquvchini teranroq fikr qilishga undaydi. Dostonni oʻqigan oʻquvchi xayolida beixtiyor bir savol aylana boshlaydi: Vatan qurib boʻladimi?
Dostonchilikda Bobur obrazini yaratish yoʻlidagi keyingi dadil qadam Toʻlan Nizomning “Uch soʻz” dostoni boʻldi. Bunday deyishimizga sabab, avvalo, dostonda epik koʻlam kengaygani, ikkinchidan, uning gʻoyat original kompozitsion qurilishga egaligidir. Muallif muqaddimada maqsadi “Bobur kim?” savoliga javob topish ekanini taʼkidlaydi va bunga erishish uchun qahramon hayotidan imkon qadar koʻp materialni dostonga kiritish payida boʻladi. Shu oʻrinda aniqlik kiritish zarur: birinchidan, ikkinchi bob asosini tashkil qilgan Jalolxonning qizi Bubnaning Boburga muhabbati tarixi – badiiy toʻqima; ikkinchidan, dostonda “Bobur” romani voqeligi ham akslangan, hozirgi urf boʻlgan istiloh bilan aytsak, bu ikki asar orasida intertekstual aloqa mavjud. Demak, bu oʻrinda dadil ijodiy eksperimentga duch kelayotirmiz. Dostonning ritmik qurilishi ham oʻziga xos: barmoqning turli oʻlchovlari bilan aruzda yozilgan parchalar mazmun va emotsional tonallikning oʻzgarib turishi hisobiga uygʻunlashadi. Yoki ikkinchi bobning xalq dostonlari yoʻlida, sajʼli nasr va nazm bilan yozilgani; dostonning ayrim oʻrinlari dramatik doston koʻrinishida ekani; turli sheʼr shakllari va bandlardan foydalanilgani – hammasi ijodiy eksperiment boʻlib, buni birinchi galda yoqlash lozim, uning qay darajada qiyomiga yetgani esa boshqa masala va alohida oʻrganishga loyiqdir.
Andijon adiblarining Bobur obrazini sahnada jonlantirish maqsadi bilan qalam tebrata boshlashi ham mustaqillikning ilk yillariga toʻgʻri keladi. Z.Muhitdinov va M.Hamidovlarning “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomli dramasi bu yoʻldagi dastlabki tajriba sifatida koʻrsatilishi mumkin. Agar bu asar anʼanaviy yoʻlda yozilgan boʻlsa, O.Xoldorning “Sevgi afsonasi” asarida yana ijodiy eksperimentga moyillik kuzatiladi. Xuddi “Karvon qoʻngʻirogʻi” dostonidagi kabi, O.Xoldor bunda ham badiiy vaqtni oʻynatadi: sahnada goh Bobur, goh uning avlodlari paydo boʻladilar. Bundan oʻn besh yillar ilgari sahnalashtirilgan asarda tomoshabin diqqatini jalb qilishi lozim boʻlgan nuqtalar talaygina edi. Negadir, balki, tomoshabin qabul qilishi uchun murakkab deb oʻylandimi, falsafiy mazmuni va badiiy saviyasi ancha pishiq boʻlgan bu asar repertuarda saqlanib qolmadi. Holbuki, uning matnini ham, ijrosini ham sayqallab borish va mahalliy teatrning “firma belgisi”ga aylantirish mumkin edi, nazarimda.
Eʼtiborli tomoni shuki, Bobur haqidagi asarlar adabiy ijodning barcha turlarida, xilma-xil janrlarda yaratildi. Toʻgʻri, koʻp vaqt davomida badiiy nasr bu borada oqsoq edi. Farid Usmonning soʻnggi yillarda oʻquvchi eʼtiboriga havola qilingan “Tush”, “Suhayliy-Yamaniy”, “Dovonda”, “Sariq va qizil gullar yurti” hikoyalari shu boʻshliqni toʻldiradi. Mazkur hikoyalar, taʼkidlash kerak, bitta muhim margʻub jihatga ega: ular “Boburnoma”dagi biron-bir faktga tayanadi. Yozuvchi ijodiy tasavvur quvvati bilan faktga jon berish yoʻlidan boradi, shunchaki xayolni boʻsh qoʻymaydi. Buni alohida taʼkidlashimga sabab bor. Bobur (umuman, buyuklarimiz) haqidagi asarlarda baʼzan fazilatlarni ortiqcha boʻrttirish, bahoni oʻta oshirib yuborishga moyillik koʻzga tashlanib qoladi. Holbuki, Bobur bunga muhtoj emas, uning shaxsiyati va hayot yoʻli, musbat va manfiy tomonlari bilan birlikda ham har kimning, beistisno, ehtirom ila bosh egishini taqozo qiladi, shunga loyiq.
Durbek Qoʻldoshevning soʻnggi yillarda eʼlon qilingan “Bolalikning soʻnggi kuni”, “Tavallud”, “Shikor”, “Xufyona bitim” kabi hikoyalarida Boburning bolaligi qalamga olingan. Tan olish kerak, u juda qiyin mavzuni yoritishga jahd qilgan. Negaki, Boburning bolaligi haqida material yoʻq hisobi. Boz ustiga, oʻn ikkisida taxtga oʻtirgach, birov unga bola deb qaragan emas. Shunga qaramay, yozuvchining “Boburnoma”dan misqollab faktik material terib, shulardan turtki olib, Boburning bolaligidan jonli va ishonarli badiiy lavhalar yarata olganini eʼtirof etmoq joiz.
Aytilganlardan tashqari, Qamchibek Kenjaning katta maʼrifiy qimmatga molik safarnoma janridagi “Hind sorigʻa”, “Ajdodlar izidan” nomli kitoblarini; Boburga bagʻishlangan sheʼrlar va uning gʻazallariga bogʻlangan muxammaslardan tarkiblangan Qobil Mirzo, Zamira Roʻziyeva, Qorajon Suhayliylarning kitoblarini... Sanoqni hali uzoq davom ettirish mumkin, lekin bunga hojat yoʻq. Yuqorida sanab yo muxtasar toʻxtalib oʻtilgan asarlarning oʻziyoq, bir tomondan, andijonlik ijodkorlarning Boburga mehrini, ikkinchi tomondan, Boburning maʼnaviy rahnamo oʻlaroq bugungi Andijon adabiy muhitini faollashtiruvchi muhim omilligini koʻrsatib turibdi.
Yana bir gap: bugungi izdihom ruhiga muvofiq sanalgan asarlarning faqat fazilatlariga nazar tashladik. Albatta, bu ular nuqsonlardan holi degani emas. Biroq tan olish kerakki, mavjud kamchiliklariga qaramay, Boburga soʻz haykal tiklash yoʻlidagi harakat davom etayotir. Bugunga qadar yozilganki satr shu haykalni yaratish yoʻlidagi tajriba, taʼbir joiz boʻlsa, bir zina, keyingilar uni bosgan holda yuqorilaydi. Demak, andijon qalam ahlidan yaqin kelajakda Bobur obrazi mukammal yaratilgan “shedevr”larni kutishga haqlimiz.
2013 yil
Улуғ инсонлар яшаб ўтган ё қай бир сабаб билан уларга алоқадор жойларда ўзгача файз, ўзгача руҳ бўлади. Буни юртимиздаги кўплаб азиз қадамжоларни зиёрат қилганда ҳаммамиз ҳам ҳис қилиб кўрганмиз, албатта. Бобур Мирзонинг киндик қони тўкилган юрт сифатида Андижонда ҳам худди шундай файз, руҳ бор. Шукурким, қутлуғ фарзанд баҳона шаҳримизга йилда бир-икки бор дунёнинг ҳар бурчидан фозил инсонлар ташриф буюриши боис бу файз чандон ортиб, руҳ янада юксалиб бормоқда. Табиийки, Бобурнинг давомчилари бўлмиш Андижон қалам аҳли шу файздан баҳраманд, ижодлари айни руҳдан ҳаво олади.
Адашмасам, Бобур билан боғлиқ Андижонда чақирилган илк катта издиҳом таваллудининг 500 йиллик тантаналари эди. Ҳа, Бобур шу қадар йирик тарихий шахс, бунинг устига халқимиз ҳам уйғонишга келиб қолган пайт – ҳали шўро ҳукмрон 1983 йилда шу анжуман ўтказилган эди. Тўғри, анжуман тугаб-тугамасдан “Бобур шоҳ бўлса, фотиҳ бўлса...” дея эътирозлар қўзғалган ва кейин яна бир неча муддат қора чаплашда давом этилган. Ҳозир буни айтишдан мурод, юқорида айтилган руҳнинг илк бор ўшанда кириб келганини эслатиш. Деганим, ўшанда, анжуман арафаси ва ундан олинган таассурот натижаси ўлароқ, андижонлик шоирларнинг Бобурга бағишланган қатор шеърлари битилган эди. Буларнинг ичида Исмоил Тўлакнинг “Соғинч” деб номланган туркум шеърларини алоҳида таъкидлаб санамоқ лозим. Сарлавҳа остида қавс ичида “Бобур руҳиятига айрим чизгилар” дея изоҳ берилгани муаллиф ниятини англатиб туради. Менга қолса, 1982 йилда ёзилган бу туркум ўзбек адабиётидаги Бобурни янгича, дадил айтаманки, мустақиллик рухида англаш йўлидаги илк қадамлардан биридир. Янгилик туркумнинг илк шеъриданоқ яққол кўзга ташланади:
Чақмоқдек чақнаган исмсиз туйғу
бола ҳисларимга солмоқда сурон.
Бобом етолмаган бир армонсимон
олис уфқларга чорламоқда у.
Этмоқ орзум эди туркни якқалам,
Алишер чорларди шеърий майдонга.
Лек бобом кўзи ла боқсам жаҳонга,
фақат шоир бўлмоқ экан жуда кам.
Бундаги талқин “шоир Бобур ўзимизники, шоҳ Бобур биздан эмас” қабилидаги шўроча талқинга тамом зид. И.Тўлак талқинида эндигина тахтга ўтирган Бобур “фақат шоир бўлиш жуда кам” деган қатъий фикрда. Зеро, у бобокалони Темур “катта орзу-ла яшаб ўтгани”ни билади, бу орзуни рўёбга чиқаришга энди ўзини бурчли деб ҳисоблайди. Туркум ўн икки сонетдан таркиб топган, уларнинг ҳар бири ҳаётидаги муҳим палладаги Бобурнинг дил изҳори сифатида ёзилган. Масалан, “Ҳисор тоғларида ғариб нотавон” кезиб юрган, хиёнатлардан безган Бобур “иссиқ оғуш, содиқ дўст” излайди, бундай хилқатни топиш учун дунёни пиёда кезиб излашга, бунинг эвазига шоҳликдан кечишга-да тайёр. Ёки “кўчманчи улуснинг ваҳший овози Гўри Мир саҳнида акс-садо” бераётганини кўриб, Самарқандни забт этгач, қўшини йўл қўйган талонни ўйлаб, темурий шаҳзодалар ўзи каби “буюк орзу” билан яшаш ўрнига бир-бирига ғанимлик қилиш билан оворалигини англаб чеккан изтироблар изҳор этилган сатрларни ўқиганда, ўқувчи Бобурни бир инсон ўлароқ тасаввур қилади, дарду алами, армонларини ҳис этади.
Орадан ўн йил ўтиб – 1993 йилда озод юртда Бобурнинг 510 йиллик юбилейи катта тантаналар билан ўтказилди. Юбилей тадбирлари доирасида чоп этилган “Анда жоним менинг” баёзига андижонлик ижодкорларнинг Бобурга бағишланган шеърлари, ғазалларига боғланган мухаммаслар, достон ҳамда драмадан парча киритилган. Баёздаги асарларнинг аксари икки юбилей оралиғида яратилгани Бобурга қизиқиш нечоғли кучайганини кўрсатади.
Хусусан, О.Холдорнинг баёзга кирган “Карвон қўнғироғи” достони Бобурга бағишланган илк катта ҳажмли асарлардан бўлиб, Ҳиндистон сафари таассуротлари асосида 19851989 йилларда ёзилган. Достон Бобур ҳаётидан ҳикоя қилувчи алоҳида эпизодлар билан шоирнинг лирик чекинишларини уйғунлаштиради. Лирик-фалсафий характердаги чекинишлар янгиланаётган тафаккурни ўзида акс эттирган. Масалан, бир ўринда шоир “Ахси каби қанча арку қасрлар – Қулар, сўнг излаймиз изларини биз” дея инсонга хос лоқайдлигимизни эслатгач:
Мен шуни биламан бир куни келиб,
Бизлардан ранжигай янги бир авлод,
Лоқайдликда айблаб, кўнгиллар тўлиб –
Ўзгаларни ҳатто эта олмас шод,
Гоҳ у деб, гоҳ бу деб ўз боболарин
Қадрига етмаган тентаклар дерлар – дея огоҳлантиради. Бошқа бир лирик чекинишда эса шоир бобурийлар Ҳиндистонда бино қилган обидаларни сайр этар чоғи кўнглидан ўтганларни мушоҳада қилади:
Саройларга зеб бердилар, арклар қурдилар,
Бир хотира қолдирай деб ўзга Ватанда.
Бир кун келиб менинг узоқ авлодларим ҳам
Ёдларига олсалар бас, тақдир эканда –
Ватан қилдик, Ватан қурдик, дедилар улар,
Аммо вафо қилмадилар сарой, қасрлар...
Бобур ва бобурийларнинг тарихий тақдирини мушоҳада қиларкан, шоир тугал фикр айтмайди, бу ҳақда мавжуд қарашлардан ўзгачароқ нуқтаи назар ҳам бўлиши мумкинлигига хирагина ишора қилиш билан чекланиб, ўқувчини теранроқ фикр қилишга ундайди. Достонни ўқиган ўқувчи хаёлида беихтиёр бир савол айлана бошлайди: Ватан қуриб бўладими?
Достончиликда Бобур образини яратиш йўлидаги кейинги дадил қадам Тўлан Низомнинг “Уч сўз” достони бўлди. Бундай дейишимизга сабаб, аввало, достонда эпик кўлам кенгайгани, иккинчидан, унинг ғоят оригинал композицион қурилишга эгалигидир. Муаллиф муқаддимада мақсади “Бобур ким?” саволига жавоб топиш эканини таъкидлайди ва бунга эришиш учун қаҳрамон ҳаётидан имкон қадар кўп материални достонга киритиш пайида бўлади. Шу ўринда аниқлик киритиш зарур: биринчидан, иккинчи боб асосини ташкил қилган Жалолхоннинг қизи Бубнанинг Бобурга муҳаббати тарихи – бадиий тўқима; иккинчидан, достонда “Бобур” романи воқелиги ҳам аксланган, ҳозирги урф бўлган истилоҳ билан айтсак, бу икки асар орасида интертекстуал алоқа мавжуд. Демак, бу ўринда дадил ижодий экспериментга дуч келаётирмиз. Достоннинг ритмик қурилиши ҳам ўзига хос: бармоқнинг турли ўлчовлари билан арузда ёзилган парчалар мазмун ва эмоционал тоналликнинг ўзгариб туриши ҳисобига уйғунлашади. Ёки иккинчи бобнинг халқ достонлари йўлида, сажъли наср ва назм билан ёзилгани; достоннинг айрим ўринлари драматик достон кўринишида экани; турли шеър шакллари ва бандлардан фойдаланилгани – ҳаммаси ижодий эксперимент бўлиб, буни биринчи галда ёқлаш лозим, унинг қай даражада қиёмига етгани эса бошқа масала ва алоҳида ўрганишга лойиқдир.
Андижон адибларининг Бобур образини саҳнада жонлантириш мақсади билан қалам тебрата бошлаши ҳам мустақилликнинг илк йилларига тўғри келади. З.Муҳитдинов ва М.Ҳамидовларнинг “Заҳириддин Муҳаммад Бобур” номли драмаси бу йўлдаги дастлабки тажриба сифатида кўрсатилиши мумкин. Агар бу асар анъанавий йўлда ёзилган бўлса, О.Холдорнинг “Севги афсонаси” асарида яна ижодий экспериментга мойиллик кузатилади. Худди “Карвон қўнғироғи” достонидаги каби, О.Холдор бунда ҳам бадиий вақтни ўйнатади: саҳнада гоҳ Бобур, гоҳ унинг авлодлари пайдо бўладилар. Бундан ўн беш йиллар илгари саҳналаштирилган асарда томошабин диққатини жалб қилиши лозим бўлган нуқталар талайгина эди. Негадир, балки, томошабин қабул қилиши учун мураккаб деб ўйландими, фалсафий мазмуни ва бадиий савияси анча пишиқ бўлган бу асар репертуарда сақланиб қолмади. Ҳолбуки, унинг матнини ҳам, ижросини ҳам сайқаллаб бориш ва маҳаллий театрнинг “фирма белгиси”га айлантириш мумкин эди, назаримда.
Эътиборли томони шуки, Бобур ҳақидаги асарлар адабий ижоднинг барча турларида, хилма-хил жанрларда яратилди. Тўғри, кўп вақт давомида бадиий наср бу борада оқсоқ эди. Фарид Усмоннинг сўнгги йилларда ўқувчи эътиборига ҳавола қилинган “Туш”, “Суҳайлий-Яманий”, “Довонда”, “Сариқ ва қизил гуллар юрти” ҳикоялари шу бўшлиқни тўлдиради. Мазкур ҳикоялар, таъкидлаш керак, битта муҳим марғуб жиҳатга эга: улар “Бобурнома”даги бирон-бир фактга таянади. Ёзувчи ижодий тасаввур қуввати билан фактга жон бериш йўлидан боради, шунчаки хаёлни бўш қўймайди. Буни алоҳида таъкидлашимга сабаб бор. Бобур (умуман, буюкларимиз) ҳақидаги асарларда баъзан фазилатларни ортиқча бўрттириш, баҳони ўта ошириб юборишга мойиллик кўзга ташланиб қолади. Ҳолбуки, Бобур бунга муҳтож эмас, унинг шахсияти ва ҳаёт йўли, мусбат ва манфий томонлари билан бирликда ҳам ҳар кимнинг, беистисно, эҳтиром ила бош эгишини тақозо қилади, шунга лойиқ.
Дурбек Қўлдошевнинг сўнгги йилларда эълон қилинган “Болаликнинг сўнгги куни”, “Таваллуд”, “Шикор”, “Хуфёна битим” каби ҳикояларида Бобурнинг болалиги қаламга олинган. Тан олиш керак, у жуда қийин мавзуни ёритишга жаҳд қилган. Негаки, Бобурнинг болалиги ҳақида материал йўқ ҳисоби. Боз устига, ўн иккисида тахтга ўтиргач, биров унга бола деб қараган эмас. Шунга қарамай, ёзувчининг “Бобурнома”дан мисқоллаб фактик материал териб, шулардан туртки олиб, Бобурнинг болалигидан жонли ва ишонарли бадиий лавҳалар ярата олганини эътироф этмоқ жоиз.
Айтилганлардан ташқари, Қамчибек Кенжанинг катта маърифий қимматга молик сафарнома жанридаги “Ҳинд сориға”, “Аждодлар изидан” номли китобларини; Бобурга бағишланган шеърлар ва унинг ғазалларига боғланган мухаммаслардан таркибланган Қобил Мирзо, Замира Рўзиева, Қоражон Суҳайлийларнинг китобларини... Саноқни ҳали узоқ давом эттириш мумкин, лекин бунга ҳожат йўқ. Юқорида санаб ё мухтасар тўхталиб ўтилган асарларнинг ўзиёқ, бир томондан, андижонлик ижодкорларнинг Бобурга меҳрини, иккинчи томондан, Бобурнинг маънавий раҳнамо ўлароқ бугунги Андижон адабий муҳитини фаоллаштирувчи муҳим омиллигини кўрсатиб турибди.
Яна бир гап: бугунги издиҳом руҳига мувофиқ саналган асарларнинг фақат фазилатларига назар ташладик. Албатта, бу улар нуқсонлардан ҳоли дегани эмас. Бироқ тан олиш керакки, мавжуд камчиликларига қарамай, Бобурга сўз ҳайкал тиклаш йўлидаги ҳаракат давом этаётир. Бугунга қадар ёзилганки сатр шу ҳайкални яратиш йўлидаги тажриба, таъбир жоиз бўлса, бир зина, кейингилар уни босган ҳолда юқорилайди. Демак, андижон қалам аҳлидан яқин келажакда Бобур образи мукаммал яратилган “шедевр”ларни кутишга ҳақлимиз.
2013 йил
Dilmurod Quronov