← Dilmurod Quronov
|

Chaqmoqni tushuntirish zahmati

Dilmurod Quronov

Maqola · 2016 · «Adabiy o'ylar» toʻplamidan

Sheʼr haqida yozishning ajib bir fayzi bor: oʻzini parvozda kabi his qilib, beixtiyor qiyosu tashbehlarga, majozlarga murojaat qila boshlaganini sezmay qoladi kishi. Shundanmi, sheʼr haqida yozilgan narsaning oʻzi ham sheʼr kabi oʻqilishi lozimdek, baʼzan hatto ilmiy uslub obyektni qashshoqlashtirib qoʻyayotgandek tuyulaveradi. Gohi kitob koʻrganingda shoirning besh-toʻrtta sheʼri koʻnglingga chippa yopishadi-da, shahdu shiddat bilan bir narsa qoralab tashlaysan. Soʻng, yozish asnosi toʻngib qolasanmi kishi, bilmadim, oʻqib koʻrsang – boyagi taassurot qayda-yu yozganlaring qayda... Ayni holning sababini nuktadon sheʼrshunoslarimizdan birining mana bu qiyoslari aniq-tiniq izohlab beradi: “... lirikada badiiy soʻz chaqmoqqa oʻxshaydi. Dramada u momoqaldiroq tusini oladi. Nasrda esa kamalak jilolaridek rangin tuslanadi”. Aslida-ku, tavsiflaganim ijodiy hol sababiga turlicha izohlarni ilmiy adabiyotlarda oʻqiganim bor. Faqat bularning har biriga joʻyali mantiqqa tayangan inkor topganman-da. Yuqoridagi qiyos esa, ehtimol, maʼno sigʻimi gʻoyat kengligi boisdir, anglatgan izohi bilan meni qanoatlantirdi. Darhaqiqat, chaqmoq atrof-javonibni bir lahza nurga chulgʻab yoʻqlikka singib ketgani kabi, lirikadagi soʻz ham shuurimizni bir ongina chaqin misol yoritadi... Yaʼni chaqmoqning oʻzi yoʻq kabi, taassurot bor, xolos, taassurotni boʻlsa toʻliq ifodalash, tushuntirib berish imkondan tashqarida! Yuqorida nuktadon sheʼrshunos deganim Noʻʼmon Rahimjonov – yarim asrlar narida shu imkondan tashqari narsani roʻyobga chiqarmoqqa bel bogʻlagan va oʻshandagi oʻjar qatʼiyati bilan hanuz niyatida sobit kelayotgan fidoyi olimlardan.

Eʼtibor bergandirsiz, adabiyot ilmi bilan mashgʻul kishilarning barini adabiyotshunos (yo munaqqid) atasak-da, aslida, ularning qaysisi nasr haqida, qaysisi koʻproq sheʼr haqida yozishga moyilroq boʻladi. Nazarimda, buni kishining feʼli, ijodiy sajiyasi belgilaydigandek, yaʼni tabiatan hassos qalb egalari sheʼr tahliliga, tafakkur kishilari esa koʻproq nasr haqida yozishga maxsusdek. Albatta, bu tasdiqlangan ilmiy haqiqat emas – shunchaki bir kuzatish, xolos, ikkinchi yoqdan, buni Noʻʼmon Rahimjonovga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash adolatdan ham emas, xato ham. Negaki, u sheʼr tahliliga mazkur ikki jihatni uygʻunlashtirgan holda kirishadi. Shundan boʻlsa kerak, “fikr va tuygʻu omuxtaligidan tugʻilgan tafakkur manzaralarini tadqiq etish, kechinmalarning fikrchan suratlarini chizish”1 bilan xarakterlanuvchi sheʼrlarga mehri boʻlakcha, mutafakkir shoirlar ijodi – Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarning falsafiy lirikasiga qayta-qayta murojaat qiladi. Xususan, “Asqad Muxtor poetikasi” (2003) nomli risolasi, hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, mutaxassislar uchun zamonaviy sheʼr tahlilining etalon namunasi, oʻziga xos yoʻriqnoma oʻlaroq yaralgandir. Risola oʻquvchisi muallif bilan birga Asqad Muxtor sheʼrlarini misrama-misra deyarli hijjalab oʻqib, poetik obrazlar zamirida botin maʼnilarni bir-bir kashf etib boradi va pirovarida yaxlit badiiy falsafani uqadi. Margʻub tomoni, munaqqid “sheʼr falon mavzuga bagʻishlangan, unda piston gʻoya tarannum etiladi” tarzidagi quruq tavsiflash yoʻlidan bormay, zamonaviy sheʼr tahliliga “bedilxonlik” usulini tatbiq etadi. Olimning tahlilu talqinlari bilan tanisharkan, oʻquvchi zamonaviy sheʼriyatimiz mumtoz anʼanalarning munosib vorisi va davomchisi ekaniga amin boʻladi, uning chin maʼnoda havas qilsa arzigulik KATTA SHEʼRIYAT ekanini his qilib, qaddi koʻtariladi.

Deylik, sheʼrlaridan birida Asqad Muxtor oqshom paytlari bogʻda “oʻtlar orasidagi yashil chigirtka”ning sayrogʻini qalamga oladi va aytadiki:

Bu kichkina jonning soʻzsiz qoʻshigʻin

Asl fidoyilik desa boʻladi.

“Hayot bor...” tun boʻyi oʻjar bir taʼkid,

Katta sukunatning jonli boʻlagi.

Shoirning aytganlari, yaʼni bevosita soʻzlar orqali yetkazilayotgan informatsiyaning oʻzi bilan qanoat hosil qilsak, juda boʻlsa “Ha, soʻz bilan tunning chiroyli va asliga monand surati chizilibdi, qoyil!” deyish bilan cheklanamiz. Bu holda sheʼr nutq hodisasi darajasida qoladi – sanʼat hodisasiga aylanmaydi. Negaki, sanʼat obraz tilida gapiradi, soʻz esa oʻsha obrazni yaratish vositasi, xolos. Yaʼni shuurimizda chaqmoq misol chaqnashi uchun soʻzning obrazga doʻnmogʻi taqozo etiladi. Bas, sheʼrni oʻqish ham – ijod, kishidan oʻziga yarasha iqtidor, did va malakani talab qiladi. Noʻʼmon Rahimjonovda shular bari mujassam-u, biroq asosiysi bu ham emas. Asosiysi, uning ifoda yoʻsini. Tamsil qilsam, uning ifoda yoʻsini shogirdlarga hunarini biron narsani oʻz qoʻli bilan yasab koʻrsatish orqali oʻrgatuvchi usta kabi. Munaqqid shuurida sheʼrning sanʼatga aylanishi, poetik obrazlarning muayyan maʼno kasb etishiyu turfa hislarga chulgʻanish jarayonini mufassal bayon qiladi – bamisoli kechib turgan jarayondan jonli reportaj olib borayotgan kabi:

“Mittigina kapalakning uchishi uchun ham butun boshli osmon kerak. Hayxotdek tunni uvoqdek chigirtkaning biyron ovozi koʻtarib turadi. U yigʻi yoki nola, iztirob yoki qoʻrquv tovushi emas. Yam-yashil chigirtkaning soʻzsiz qoʻshigʻi katta sukunat bagʻrini yoritishga qodir. U oʻzining mavjudligini bildirib qoʻyish uchungina “... bir chekkada biz ham bormiz”, deyayotgani yoʻq. Aslo, u yashayapti. U tiriklik ramzi sifatida namoyon boʻlayotir. Garchand kichkina bir jon esa-da, yashnoq hayotning uzviylini taʼminlayotgan yorugʻ sado timsoliga aylanayotir.

His etyapsizmi, tun... tongga homila. Tun bagʻrida tong gʻuncha tugyapti. Taxayyul belanchagida tebranayotgan, koʻz ochayotgan shuʼla gullari – “katta koinotning jonli boʻlagi”2.

Avval bir nuqtaga diqqatni tortmoqchiman. Yaxshi bilasiz, sheʼr talqini, sharhlash – obrazlar tilini mantiq tiliga koʻchirmoq demak va bu jarayonda, odatda, sheʼrning “shira”si yoʻqoladi, orziqib kutganing bayram begim kun boʻlib qolgani kabi. Manzur jihati, N.Rahimjonov sheʼr sharhida “shira”ni saqlashga intiladi: hayajon bilan, tashbehu istioralarni oʻrni-oʻrnida qoʻllagan, obraz tabiatini ochmoqqa obrazni kalit qilgan holda soʻz yuritadi. Ehtimol, kimlardir buni ilmiylikdan yiroq deb yozgʻirar?! Toʻgʻrisi, bu ehtimolimda shaxsiy tajribamdan kelib chiqyapman: bir paytlar oʻzimning ham shunday oʻylaganim bor. Biroq endi-endi amin boʻlayotirmanki, sheʼr tahlili uchun ayni shu yoʻl maʼqulroq ekan. Faqat kichkinagina bir sharti bor: hayajonu shoirona ifodalar puxta adabiy nazariy bisotga asoslanishi lozim! Deganim, N.Rahimjonovda xuddi shunday: u sheʼrni teran nazariy bilimga tayanib tahlil qiladi, faqat ifodasi lirik-falsafiy mushohada yoʻsinida. Shu jihatni taʼkidlamoq maqsadida biroz chalgʻidik, gap obrazni mantiq tiliga koʻchirish haqida edi. Yuqoridagi sheʼriy parchada birgina poetik obraz – oʻsha “yam-yashil chigirtka”ga yuklanayotgan maʼno zalvorini chamalab koʻrdingizmi? Chamalay olgan boʻlsangiz, adolat haqqi shuni uddalagan shoirga ham, ochib koʻrsatolgan munaqqidga ham tahsin aytmoq lozim boʻladi. Darvoqe, yuqorida keltirganimiz chigirtka obraziga berilgan sharhning kichkina bir qismi, xolos, kitobda hammasi uch sahifadan ortadi. Yaʼni zamonaviy sheʼr tahliliga “bedilxonlik” usulini tatbiq etadi deganim shunchaki lutf emas, ayni haqiqatdir. Munaqqid talqinlari oʻquvchiga shoirning badiiy falsafasi nechogʻli teranligini his ettiradi, uni faol idrok etishga undaydi. Deylik, shorih oʻquvchi eʼtiborini, bir tomondan, “chigirtkaning tiniq ashulasi ... tun hayotining azaliy ohangiga ulanib”, “tungi sadolar silsilasiga qoʻshilib ketayotgani”, ikkinchi tomondan, “chirildoq tovush tunning ranglari ichiga singib, yoʻqolib ketayotgani yoʻq”ligiga qaratadi. Uning talqinicha, shu chirildoq tovush “tunning qaddini koʻtarib qoʻyyapti”, u tufayli “barglar soyasida tentiragan tovushlar tun ogʻushida bir qur qaddini rostlab olyapti”. Savol tugʻiladi: shu mittigina jon nimaning hisobiga “Katta sukunatning jonli boʻlagi” boʻla oldi? Eng muhimi, qanday qilib u oʻzligini nafaqat saqlab qoldi, balki uning rangiyu ohangini “katta sukunat”ga qoʻsha oldi ham? Uchtagina jumlada mazkur murakkab savollarga tugal javob berilgan: “... chigirtkaning chirildoq tovushi hech kimga mute va hech narsaga tobe emas. Uning ruhi erkin. Shu bois tovushi ham jaranglab, atrof-tevaragidagi mudroq sukunatni tiriltiryapti. Shu bois hatto qorongʻu kechalarda ham u yam-yashil tusda yashnayapti”.

Eʼtibor bering, munaqqid xulosa yasashga shoshmaydi, fikrni muayyan bir oʻzanga soladi-da, oʻquvchining oʻzini mushohadaga undaydi. Munaqqid talqinlari oʻzaniga tusha olgan oʻquvchi “hech kimga mute va hech narsaga tobe emas” ERKIN RUH sogʻinchini tuyadi, sheʼrdagi “tungi bogʻ”, “yam-yashil chigirtka” obrazlari ortida inson hayoti, uning jamiyatdagi oʻrni va zimmasidagi vazifalar haqida chuqur oʻyga tolgan mutafakkir turganini his qiladi. Shu yoʻsin talqinlar munaqqidga Asqad Muxtorning “tun lirikasi”, kengroq qarasak, umuman peyzaj lirikasini qabul qilishning oʻziga xos psixologik mexanizmini, bu jarayonning algoritmini asoslab koʻrsatish imkonini beradi: “... tabiat tovushlari uygʻotgan psixologik kechinmalar, his-tuygʻular falsafiy mushohadalarga undaydi. Holatlar manzarasidan falsafiy fikrlar sizib chiqadi. Shu maʼnoda manzaralar fikrlaydi, mushohada yuritadi. Oʻylari esa, oʻz navbatida, kechinmalarning suratiga aylanadi”. Xolis ayting-chi: shu fikrlarni ilmiylikdan yiroq desa boʻladimi?! Menimcha ham yoʻq: ifodasi “akademizm”dan yiroq ekani toʻgʻri, lekin ular puxta adabiy nazariy asosdagi teran badiiy tahlildan kelib chiqqan ilmiy xulosadir. Shunga oʻxshash, Asqad Muxtor lirikasining oʻziga xosligi “oʻquvchini hayratga soluvchi badiiy gʻoyalarni mazmunli manzaralarga singdirib yuborishida”, “hayratomuz maʼnolarga yoʻgʻrilgan suratlarni eslatishi”da3 qabilidagi xulosasi ham ilmiy asoslangan va munaqqid tahlillarini kuzatib borgan oʻquvchini beshak ishontiradi.

Yirik olimga munosib teran analitik tafakkur, oʻrganilayotgan hodisa mohiyatiga nazar sola bilish, uning eng muhim belgi-xususiyatlari, vujudga keltirgan va yo harakatlantiruvchi omillarni aniq belgilay olish N.Rahimjonovning sheʼriyat tadqiqiga bagʻishlangan ishlariga xosdir. Masalan, olim Rauf Parfi ijodining sheʼriyatimiz takomilidagi oʻrni haqida mulohaza yuritarkan, “shoir asarlarining ijtimoiy-falsafiy magʻzi sheʼriyatimizda yangi yoʻnalish edi” degan ilmiy tezisni olgʻa suradi. Toʻgʻri, mohiyatan shunga oʻxshash fikrni mutaxassislardan ham, oddiy sheʼr muxlislaridan ham eshitganimiz bor. Biroq hech biri N.Rahimjonov kabi buning omillarini koʻrsatib, asoslab aytgan emas, bas, ilmiy haqiqatga aylantirmagan. Yaʼni chin olim oʻlaroq u fikrni aytibgina qoʻymaydi, balki Rauf Parfi sheʼrlariga singdirilgan va ijodining ijtimoiy-falsafiy yangiligini taʼminlab, estetik qimmatini belgilagan ustuvor gʻoyalarni taʼkidlab qayd etadi: 1) “hayotdan – tiriklikdan maqsad ruhni kamol toptirishdir”; 2) ruhoniy erkinliksiz bani odam oʻzligini namoyon qila olmaydi”; 3) milliy birliksiz millat, xalq oʻz borligʻini saqlab qola olmaydi”. Mazkur ilmiy daʼvo konkret sheʼrlar tahlili bilan birma-bir, izchil asoslab boriladiki, oʻquvchida uning haqqoniyligiga zarracha shubha qoldirmaslik payida boʻlinayotganini sezib, ilmda soʻz aytishga qanchalik masʼuliyat bilan qaralayotganini his etib turasiz. Shu asnoda adabiyotshunos-mutaxassislar tayyorlashda yetuk olimu munaqqidlarning “laboratoriya”larini eng yaxshi asarlari misolida oʻrganilsa boʻlarkan, degan oʻy keladi. Ha-da, olimning oʻziga xos tadqiq uslubi haqida yubileylar bahona gapirish bilangina cheklanmay, buni ilmimiz ravnaqiga muntazam xizmat qildirilsa soz boʻladi, albatta. Tagʻin oʻyladimki, mabodo shunday qilingudek boʻlsa, kimlarning laboratoriyasini oʻrganish mumkin? Hartugul, oʻzimcha tuzganim roʻyxatda “N.Rahimjonov: 1. Asqad Muxtor poetikasi. 2. Iymon asiri” degan alohida band bor...

Yana chalgʻidik, gap olimlik salohiyatiyu ilmda soʻz aytish masʼuliyatiga kelgandi... Xullas, olimning salohiyati muammoga nechogʻli chuqur va koʻlamli nazar sola bilishida namoyon boʻladi. Rauf Parfi ijodiy merosini toʻla qamrab olgan holda fikr yuritilayotgani – teranlik, shoir ijodiga asarlari yaratilgan zamon, davr adabiyoti, boy adabiy anaʼanalarimizu oʻrni bilan jahon adabiyoti kontekstlarida qaralayotgani esa koʻlamlilik nishonasidir. Masalan, yangi oʻzbek sheʼriyatining qariyb bir asrlik badiiy takomil yoʻliga yaxlit manzaraga kabi nazar sololgani uchun ham “XX asrning 60-yillar oxirlari – 70-yillar boshlaridan eʼtiboran oʻzbek sheʼriyatiga Rauf Parfi olib kirgan yangi epkin mustaqil badiiy-estetik yoʻnalishga aylandi”, deydi, shundayin nazar bilan bugungi sheʼriyatimizga qarab esa unda ham oʻsha yangi epkin – “timsolli lirizm, majozlar asosiga qurilgan idrok va ifoda madaniyati ustivorlik qilayotgani”ni taʼkidlaydi4.

Olimning qamrovli nigohi Rauf Parfiga bagʻishlangan boshqa maqolasida katta bir davr adabiy siyosati va shunga moslashgan poetik tafakkur darajasiyu estetik did mohiyatini mana bu tarzda obrazli umumlashtirish imkonini beradi: “Sheʼriyat – duldul edi. Lekin shoʻro mafkurasi duldul otlarni axtalab, qanotlarini qayirib qoʻshga qoʻshib qoʻydi. Gektar gektar yer haydashga, mola bosishga, brichka aravalarda kolxoz-sovxoz dalalariga goʻng tashishga majbur qildi”. Olim “sheʼrning ham, sheʼrxonning ham estetik didi-saviyasi” bunchalar “pajmurda” ahvolga tushib qolgani sababini “sheʼriyatni ommabop qilish, xalqqa yaqinlashtirish”ga urinishda koʻradi. Shuningdek, uningcha, sheʼriyat haqida “komsomol yoshlar shoiri”, “bolalar shoiri”, “qoʻshiqchi shoir”, “masalchi-hajvchi shoir” singari turli xil tasniflar” tadqiqotchilarning “joʻn izlanish namunalari uchun yasalgan “qolip”lardir”. Koʻrib turganimizdek, u shoʻro davri tanqid va adabiyotshunosligida urf boʻlgan sheʼr tahlili yoʻsinidan qoniqmaydi, oʻzgacha yoʻl tutish kerak deb biladi. Bundan koʻzda tutilgan maqsad ham belgili: “sheʼrning ham, sheʼrxonning ham saviyasini Navoiy darajasiga, mumtoz Sharq poeziyasi darajasiga” koʻtarish5. Bu gaplar Rauf Parfi ijodi misolida badiiy did va estetik saviya masalasini yoritishga kirish tarzida yozgan, yaʼni masalaning dolzarbligi, yangicha yondashuv, tahlil usullari va baholash tamoyillarini talab etishini asoslashga xizmat qildirgan. Aytilganlar kontekstida N.Rahimjonov nima uchun koʻproq zamonaviy sheʼriyatning eng peshqadam shoirlari, oʻshanda ham eng sara sheʼrlariga murojaat qilishini tushungandek boʻlaman. Fahmlab turgandirsiz, buning sababi yuqorida mazkur maqsad – sheʼr va sheʼrxon saviyasini koʻtarish uchun chaqmoqni tushuntirish zahmatini zimmasiga olganidadir.

Oʻnlab kitobu yuzlab maqolalari bor olimning bisotidan ikktasigagina toʻxtalganim, serqirra ijodiy faoliyatidan bittasigagina toʻxtalayotganimga hayron boʻlmang. Bu bejiz emas. Avvalo, N.Rahimjonovning ilmiy-ijodiy izlanishlari mahsuli boʻlmish asarlar shunchalar koʻp va xilma-xilki, ularning barini toʻla qamrab bir gap aytish kaminaning imkonidan tashqarida. Ikkinchisi, koʻpdan beri munaqqidning sheʼr tahlillariga havaslanib kelayotgandekman. Yubiley bahona oʻyimdagilarni oshkor qilgim keldiki, shoyadki bu hurmatim izhori boʻlish bilan birga, undan oʻrganganlarim haqini biroz boʻlsa ham ado etsa.

2016 yil

Izohlar

  1. Rahimjonov N. Mustaqillik davri oʻzbek sheʼriyati.- T.: Fan, 2007.- B.20.
  2. Rahimjonov N. Asqad Muxtor poetikasi.- T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIU, 2003.- B.4-5.
  3. Shu kitob.- B.6-8.
  4. Rauf Parfi. Sakina.- T.: Muharrir, 2013.- B.15, 19.
  5. Rahimjonov N. Mustaqillik davri oʻzbek sheʼriyati.- B.109.

Dilmurod Quronov