← Dilmurod Quronov
|

Choʻlpon himoyaga muhtojmi?

Dilmurod Quronov

Maqola · 2026 · Jadid gazetasi, 2026-yil 11-sentyabr, № 37 (141)

Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani nafaqat oʻzbek romanchiligi choʻqqilaridan biri, balki millat ruhiyati, tarixiy fojiasi va tilining betakror nafosati mujassam boʻlgan muqaddas merosdir. Choʻlpon nasri oddiy bayon emas; unda har bir soʻz, har bir tashbeh shoirona jilolanadi, oʻzbekning milliy turmushi, etnografiyasi va nafasi ufurib turadi. Shu bois, uni boshqa tilga oʻgirish tarjimondan faqat til bilishni emas, balki ulkan isteʼdod, chuqur tarixiy-etnografik bilim va, eng asosiysi, yuksak masʼuliyatni talab qiladi.

Yaqinda “Kitob sayyorasi” nashriyotida Rizo Ahmad tarjimasida “Kecha va kunduz” romanining rus tilidagi nashri chop etilganini koʻrib, dastlab chin dildan quvondik: nihoyat, buyuk adibimizning oʻlmas asari keng rusiyzabon oʻquvchi ommaga taqdim etilibdi! Ammo kitobni varaqlab, tarjima bilan tanishgach, quvonch izsiz ketib, oʻrnini buyuk asar boshiga tushgan shoʻrishdan iztirob va alam, ulugʻ adib ruhi oldida xijolat hissi egalladi. Chunki qoʻlimizda romanning tarjimasi emas... balki Choʻlpon matni ustidagi “oshkora qotillik”dan soʻzlovchi ashyoviy dalil turardi.

Kitobni oʻqib, tabiiy va haqli bir savol tugʻiladi: muhtaram tarjimon oʻzbek milliy turmushidan, islomiy tushunchalardan va hatto oʻzi tarjima qilayotgan rus tilining qoidalaridan shu qadar bexabar ekan, buyuk Choʻlpon asari tarjimasiga qoʻl urishga qanday jurʼat qildi, qanday haddi sigʻdi?

Quruq gap boʻlmasligi uchun kitobning ilk sahifalaridanoq koʻzga tashlanadigan, oʻquvchini dahshatga soluvchi bir nechta “shohona” misollarga nazar tashlaylik.

Hammaga maʼlum, roman muqaddimasida Choʻlpon tabiatdagi uygʻonishni, bahor kelishini shunday tasvirlaydi: “Bultur ekilib, koʻp qoshlarni qoraytirgan oʻsma ildizidan yana bosh koʻtarib chiqdi... Muloyim qoʻllarda ivib, suvga aylangandan keyin goʻzal koʻzlarning supasida yonboshlashni muncha yaxshi koʻrar ekan bu koʻkat!” Bu parcha – oʻzbek nasridagi eng nafis va betakror metaforalardan biri. Choʻlpon qizlarning qoshlarini “koʻzlarning supasi”ga, oʻsma suvini esa oʻsha supada erkalanib yotgan goʻzallikka mengzaydi. Xoʻsh, tarjimon buni rus tiliga qanday oʻgirgan? Marhamat, 4-sahifani oʻqing: “Посаженный в прошлом году росток, снова вознесся к небу... Как же приятно этому ростку, умываясь каплями влаги под мягкими руками водных струй, прислониться к зеркальной глади!” Oʻsma qani? “Koʻzlarning supasi” qani? Ming yillardan beri boyu yoʻqsul oʻzbek hovlisida jillaqursa barkashdek joyda koʻkarib turadigan “bu koʻkat”ni, nahotki, shunchaki “росток” deb oʻgirib boʻlsa?! Nega bunday boʻldi? Nahotki, tarjimon “oʻsma”ning nima ekanini bilmasa?! Necha zamonlardan beri oʻzbek qizlari – onalarimiz, momolarimiz, undan naridagilar qoshlariga qoʻyib kelgan oʻsmani shunchaki suv boʻyida oʻsgan qandaydir “росток” (nihol)ga alishtirib boʻlarkanmi?! Oʻsma yoʻq boʻlgach, “koʻzlarning supasi” oʻrnida qayoqdandir “koʻlning suvi” (зеркальная гладь) paydo boʻlgan. Xullas, oqibatda Choʻlponning tashbehi yoʻq qilingan, qosh ham, koʻz ham, oʻsma ham butunlay gʻoyib boʻlib, oʻrniga tamom boshqa obraz yaratilgan.

Darvoqe, bundan ham oldin, shu sahifadagi mashhur “Hamal keldi – amal keldi” maqoli “Весна пришла, удача пришла” deb oʻgirilgan. Axir, Choʻlpon “весна” demoqchi boʻlganida, “bahor” yo “koʻklam” deb qoʻyaqolmasmidi?! Badiiy tarjimada “realiya” deb ataluvchi aslan beriluvchi soʻzlar ham bor-ku, “hamal” ham shunday soʻz, axir. Xoʻp, unisi ham mayli, rusiyzabon oʻquvchi romanning ilk jumlasini “bahor keldi – omad keldi” deb oʻqisa, hayron boʻlib qolmaydimi? Tagiga “xalq maqoli” deb yozilganini koʻrib, magʻzini chaqishga behuda kirishib ketsa ham, mumkin. Holbuki, asliyatda gap “amal” haqida – tabiatda jonlanish, harakat boshlangani haqida. Buni “удача”ga almashtirish uchun kishi milliylikdan qanchalik bexabar boʻlishi kerak!

Romandagi markaziy personajlardan biri – mutaassib Razzoq soʻfi. Choʻlpon uning xarakterini ochish uchun oʻrni bilan diniy istilohlardan ham, tabiiyki, foydalanadi. Umuman ham, islomiy eʼtiqod kishilari boʻlmish personajlar tilida bunday soʻzlar boʻlishi tabiiy. Afsus, tarjimada ular aksar kulgili bir tarzda oʻgirilganki, ayrimlarini keltirib oʻtamiz:

Akasi soʻfini qishloqqa ketishga daʼvat qilib: “Oʻlim – haq! Oʻlar vaqtda bir-birimizdan yiroq tushib... oʻlmaylik” deydi. Buni tarjimon: “Только смерть права! Когда она придет, не будем в отдалении...” (19-bet) deb oʻgiradi. “Oʻlim – haq”, yaʼni, oʻlim muqarrar degan ilohiy qonuniyatni ifodalovchi eʼtiqodiy jumla rus tilida “Faqat oʻlim toʻgʻri/haqli!” deb oʻqiladi. “Haq” soʻzining maʼnosini bilmaslik oqibatimi bu? “Haq” soʻzini-ya!

Xolmat oshiq Oʻlmasjonga dalda berib: “Xudodan tilab turing, “noumid shayton” degan gap bor...” deydi. Yaʼni, umidingni uzma, faqat shaytongina noumid boʻladi, demoqchi. Tarjimada bu gap: “...говорят: “не имеющий мечту есть шайтан”...” (43-bet) koʻrinishiga kelgan. Yaʼni, “noumid” soʻzi “orzusi yoʻq” (не имеющий мечту) deb tarjima qilingan va jumla mantiqi mutlaqo oʻzgarib ketgan. Islomiy eʼtiqod umidsizlikni qoralaydi, buni shaytondan deb biladi. Tarjimada esa mazkur qonuniyat maqomidagi eʼtiqodiy tushuncha “orzusi yoʻq – shayton” shaklini olib, mantiqi va maqomidan ayriladi, uydirmaga aylanadi. Bunaqa kulgili va mantiqsiz uydirmani qanday qilib kitobga kiritish mumkin?

Choʻlpon taʼrifida: “Oʻz uyining qabristonlar qadar jimjit, xonaqohlar qadar unsiz... boʻlishini istagan Razzoq soʻfi...” haqida soʻz boradi. Tarjimada esa soʻfi oʻquvchiga: “...мечтавший, чтобы его дом был таким же тихим, как кладбище, молчаливым, как монастырь...” deb taqdim etiladi. Qarang, butun umri masjidu xonaqohda oʻtib kelayotgan soʻfi oʻz uyi “monastir”dek boʻlishini orzu qilarmish! Axir, realiya oʻlaroq tarjimasiz “ханака” deb berish ham mumkin yoki, juda boʻlmasa, “обитель” soʻzi turganda, Choʻlponning qahramonini xristian mohiyatiga koʻchirish qaysi mantiqqa sigʻadi?

Tarjimonning milliy muloqot odobi va til meʼyorlarini his qilmasligi ham qator jiddiy qusurlarga olib kelgan. Jumladan:

Xolmat bilan Oʻlmasjon suhbatida Zebi haqida gap ketar ekan, “Xaridori ham koʻpdir?” (yaʼni, sovchilari, soʻrab keluvchilari koʻpdir) degan savol beriladi. Tarjimon buni ruschaga shunday agʻdargan: “У неё небось много покупателей?” Oʻzbek qizini – endigina balogʻat davriga qadam qoʻygan Zebini bozorda pullanadigan buyumdek “покупатели” (sotib oluvchilari) bor deb tasvirlash shoʻro davrida singdirilgan bizdagi ayollarga munosabat haqidagi gaplar taʼsirimikan, bilmadim?! Nima boʻlganda ham, hozirda buni oʻtmishdagi milliy turmushimiz, qadriyatlarimiz ustidan kulish, deb bilaman.

Qizlar hovlida oʻynab quvlashayotganlari ustiga kirib kelgan soʻfi jahl ustida ularni “Qanjiqlar!” deb haqorat qiladi. Albatta, bu ogʻir soʻz, zero, Razzoq soʻfi qizlarni “urgʻochi itlar” deb atadi. Lekin tarjimada soʻfi “Потаскухи!” deya hayqiradi. “Потаскуха” – rus tilida fohisha, buzuq ayol deganidir! Har qancha mutaassib boʻlsa-da, oʻzbek xonadonida otaning qizi va uning dugonasiga qarata “fohishalar” deb hayqirishi – qahramonga nisbatan tuhmatdan boshqa narsa emas. Ayniqsa, soʻfining bunday deyishi mutlaqo mumkin emas, zero, bu oʻzini fahshga botgan deb tan olish boʻladi. Qiziga “Ovozini nomahramga eshittirsa rozi emasman!” deya shart qoʻygan soʻfi oʻla qolsa bunday demas?!

Tarjimaning tili shu qadar gʻaliz, qovushmagan va sayozki, bu rus mumtoz tarjima maktabi tugul, oddiy maktab inshosi darajasidan ham past. Kitob sahifalarida imlo va punktuatsion xatolar, uslubiy gʻalizliklar qalashib yotibdiki, ulardan ayrimlarini sanab (avval kitobdagi shakli, tiredan soʻng esa toʻgʻri yozilishini koʻrsatib) oʻtamiz: “своей остроумием – своим остроумием” (11-bet); “не дал ему слова – не дал ему сказать/договорить” (18-bet); “эти тревога и волнение – эта тревога и волнение/эти тревоги и волнения” (20-bet); “знает только что трудиться – знает только одно: трудиться и трудиться” (35-bet). Shuningdek, tinish belgilariga ham yetarli eʼtibor qilinmagan: Не останавливаясь пошел – Не останавливаясь, пошёл (18-bet); Затем повернувшись назад – Затем, повернувшись назад (18-bet); Говорит об этом сыну, они вместе решают – Говорит об этом сыну, и они вместе решают (36-bet). Tarjimada не довлеет к дехканскому труду (16-bet) jumlasidagi kabi mantiqan nooʻrin yoki доспочтенная жена эшона (20-bet) birikmasidagi kabi xato yozib ishlatish tufayli mazmuniy gʻalizliklar yuzaga kelgan oʻrinlar ham talaygina. Matnda “лицо же улыбалось”, “рот был открыт с любовью к собеседнику”, “затрудняюсь без людей, без трудовых рук”, “мне чалму и халат только надеть”, “солидный орошаемый кусок”, “Найдем еще землицы отсюда-оттуда” singari rus tili uslubiyatida hatto personaj nutqida ham gʻoyat gʻaliz sanaluvchi sintaktik qurilmalar ham anchagina. Oxirgi misollar kitobning bittagina sahifasidan (18-bet) olingani aytilsa, daʼvomiz quruq emasligi anglashiladi. Afsuski, tarjima tilidagi kamchiliklarga doir bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin, bular, hech shubhasiz, rusiyzabon oʻquvchining tishiga toshdek tegadi. Qiziq, rusiyzabon oʻquvchi shunda Choʻlpondan gina qilarmikin yo Rizo Ahmaddan?!

Hozirda oʻzbek adabiyotini jahon sahnasiga olib chiqish, Qodiriy, Fitrat, Choʻlponlarni dunyoga tanitish haqida minbarlardan turib koʻp bong uramiz. Bu juda zarur. Faqat, agar dunyoga Choʻlponni mana shu tarzda tanitsak, bu faxr emas, ulkan isnod keltiradi. Choʻlponni bunday “tarjima”lar orqali oʻqigan rusiyzabon kitobxon uni nari borsa, oʻrtachadan pastroq iqtidorli, tili qashshoq, uslubi ham pala-partish – jadidlar qatorida boʻlganiyu qatagʻon qilingani uchungina koʻtar-koʻtar qilinayotgan bir yozuvchi, deb oʻylashi tayin.

Aytish kerakki, bu oʻrinda birgina tarjimonni ayblash adolatdan emas, sirasi, eng katta iddaolar kitobni chop etgan “Kitob sayyorasi” nashriyotiga. Bu kitobning muharriri haqiqatan ham bormi yo shunchaki xoʻjakoʻrsinga ismi-sharifi tirkab qoʻyilganmi? Musahhihlar-chi? Bormi yo tejamkorlik sabab tarjimon matniga ishonilgan, uni “begona koʻz” bilan koʻrib chiqishga qunt qilinmaganmi? Romanning tarjimasi nashr oldidan birorta mutaxassis, tarjimashunos yoki choʻlponshunos koʻrigidan oʻtganmi? Yoki hozirda pulini toʻlasa, yoki sotib pulini tiklash mumkin boʻlsayoq, milliy adabiyotning muqaddas asarlarini ham xohlagan koʻyga solib bosib chiqaraverish mumkinmi?!

Har qancha ogʻir boʻlsa ham aytaman: bu nashr – adabiy, madaniy va maʼnaviy xatolik, Choʻlpon nomiga, uning ruhiga nisbatan behurmatlikdir. Bunga jim qarab turib boʻlmaydi. Zero, bugunda hayot boʻlgan biron yozuvchining asari shu ahvolda chop etilsa, mualliflik huquqi masalasi oʻrtaga tushadi: ijodkorlik shaʼni himoyasi, maʼnaviy zarar haqida gapiriladi. Choʻlponning ijodkorlik shaʼni, mualliflik huquqi, manfaatlari-chi? Ularni kim himoya qiladi? Choʻlponni koʻp yillardan beri oʻrganib kelayotgan odam sifatida ishonchim komilki, u mutasaddi tashkilotlardan ushbu nashrni zudlik bilan nazoratga olish, uning tarqatilishini toʻxtatishni soʻragan, talab qilgan boʻlur edi. Va u har jihatdan haq boʻlardi, chunki bundayin tahqir va mazaxga hech kim munosib emas.

Dilmurod Quronov