← Dilmurod Quronov
|

«Oʻtgan kunlar» tarjimasi: tahlil va tavsiyalar

Maqola Feruza Habibullayeva bilan hammualliflikda yozilgan.

Dilmurod Quronov

Maqola · 2018 · «Nazariy qaydlar» toʻplamidan

Islom Karimov fondining Feysbukdagi sahifasida har qanday oʻzbek kishisini, ayniqsa, ziyolisini befarq qoldirmaydigan, quvonchli bir xabar eʼlon qilindi. Unda aytilishicha, «Fond Oʻzbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda atoqli oʻzbek adibi Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar» romanining ingliz va fransuz tillariga tarjimasiga bosh-qosh boʻlmoqda». Xabarda yana «milliy maʼnaviy boylikka» aylangan ushbu roman tarjimasi «xorij oʻquvchisini oʻzbek xalqining maʼnaviy olami, yuksak badiiy tafakkuri va umrboqiy qadriyat va anʼanalariga oshno etadi» degan xayrli niyat bayon qilingan.1

Afsuski, mazkur xushxabar hosil qilgan quvonchga jiddiy bir ishtiboh elakishib keladi. U ham boʻlsa... Yoʻq, bir boshdan aytmasa, hech iloji yoʻq. Maʼlumingizki, Abdulla Qodiriy nomi oqlanganidan soʻng, adibning oʻlmas asarini egalariga qaytarishga kirishilar ekan, uni biratoʻla ikki tilda – oʻzbek va rus tillarida chop etishga qaror qilingan. Ehtimol, bu ham oʻziga xos ehtiyot chorasi boʻlgandir. Nima boʻlganda ham, 1958 yilda roman Ye.Bat va O.Smirnova hamkorligidagi tarjimada rus tilida ham nashr qilindi. Albatta, kechagina taqiq ostidagi romanning rus tilida ham eʼlon qilingani, rusiyzabon oʻquvchiga ilk romanimiz bilan tanishish imkoni yaratilganining oʻzi, borki kamchiliklaridan qatʼi nazar, katta voqea boʻlganligi shubhasiz. Biroq, sirasini aytganda, oʻzbek oʻquvchisi koʻziga surtib – hayajonga koʻmilib oʻqigan, kerak boʻlsa butun-butun sahifalarini yod olgan romanni rusiyzabon oʻquvchi oʻrtamiyona asar bilan tanishgan kabi maʼlumot uchun qabul qilib qoʻydi, xolos. Balki, bu gap kimlargadir malol ham kelar, lekin kasbimiz taqozosi bilan koʻplab rusiyzabon oʻquvchilardan oʻzimiz kutgan javobni olish ilinjida qayta-qaytalab taassurotini soʻraganmiz-da. Har tugul, biz kabi oʻylagan boʻlsa bordir, oradan yarim asr oʻtgach M.Safarov romanning yangi tarjimasini taqdim etdi. Tarjimani oʻqiganda eʼtiborga tushadigan birinchi narsa – asliyatni toʻla va aniq berishga harakat qilingani ham shunga dalolat qiladi. Toʻgʻri, hamisha ham maqsadga erishilgan emas, shunday boʻlsa-da, ayni harakatning oʻzi tahsin va ibratga loyiq. Xullas, agar rusiyzabon oʻquvchi ham roman mutolaasi chogʻi koʻngildan kechirganimizu mushohada etganimizning loaqal yarmiga oshno boʻla olsin desak, hozircha ikkala tarjimaga ham tajriba deb qarashimiz kerak boʻladi.

«Oʻtgan kunlar» romanini ruslardan gula koʻtarib «oʻzbek turmushining qomusi» deb atashga toʻla (agar «Yevgeniy Onegin»ga qiyosan olinsa, ortigʻi bilan ham) haqlimiz. Negaki romanda tasvirlangan hayotiy holatlar, maishiy turmush lavhalari, urf-odat va marosim, personajlar xatti-harakatiyu gap-soʻzlari, oʻy-xayollari, oʻzaro munosabatlari – xullas, nimaiki qalamga olingan boʻlsa bari milliy ruhga yoʻgʻrilgan. Shu bois ham oʻzbek oʻquvchisi romanni oʻqib koʻz oldiga keltirgan, anglagan, his etgan, zavqlangan holatlarni oʻzga millat vakilining toʻla koʻz oldiga keltirishi, anglashi, his etishi, zavqlanishi amri maholdir. Zero, milliy ruh, avvalo, tilda yashaydi, bas, oʻzbek oʻquvchisiga birgina soʻz olam-olam maʼno berishi mumkin, chunki bu holda oʻsha soʻz kontekstda – oʻquvchining shu milliy zaminda shakllangan bilimi, dunyoqarashi, xulq-atvori, feʼl-sajiyasi kabilar kontekstida qabul qilinadi.

Toʻy sahnalari, xususan, qutidor xonadoniga kuyov kirib kelishi onlari tasviri yodingizda boʻlsa kerak. Bir jumla-bir jumladan iborat tigʻiz maʼlumotlar oʻquvchi koʻz oʻngida nikoh toʻyining jonli manzaralarini gavda lantiradi. Jumladan, qiz uzatayotgan qutidorga ham bittagina gap ajratilgan: «Qutidor eshik ostida qoʻl qovushtirib mehmonlarni kutib oladir, yer ostidan kuyaviga koʻz qirini tashlab, kishiga sezdirmay oʻzicha kulimsirab qoʻyadir». Oʻzbek oʻquvchisi, ayniqsa, bundan atigi qirq-ellik yillar narida ham aniq izlari saqlangan urf-odatlarimizni unutmagan avlod, qutidorning holatini juda yaxshi tasavvur qiladi. U vaqtlari yangi qaynota-kuyov unashtirilgandan soʻng maʼlum vaqtga qadar bir-biridan «qochib» yurgan, keyin ham bir-birining izzatini joyiga qoʻyganlari holda munosabatlarida koʻrinmas bir chegara daxlsiz saqlangan. Eʼtibor bering, qutidor ham kuyovni quchoq ochib kutib olayotgani yoʻq, aksincha, chetroqda turib koʻz ostidan bir nazar tashlab qoʻymoqda, xolos. Albatta, qizini har jihatdan munosib joyga uzatayotgani, «xon qiziga loyiq» yigitni kuyov qilayotganidan u mamnun, biroq bu oʻrinda qaynotaning mamnunligini ochiq ifodalashi joiz emasda! Shuning uchun ham u «kishiga sezdirmay», «oʻzicha» «kulimsirab qoʻyadi» – shugina, xolos. Eʼtibor bering, ketma-ket mamnunlik ifodasining juda ojiz, sezilmas ekani taʼkidlanmoqda. Xuddi shu jumla rus tiliga birinchi tarjimada «U kalitki, vstrechaya gostey, stoyal kutidor so slojennыmi na grudi rukami; ukradkoy oglyadev zyatya, on dovolno ulыbnulsya» shaklida oʻgirilgan. Xoʻp, bu oʻrinda ham kuyovga yashirincha («ukradkoy») qaralgani aytilgan, lekin «dovolno ulыbnulsya» (asliyatda «mamnunlik» umuman tilga olinmagan) deyilishi bilan mamnunlik ifodasining yashirin, sezilar-sezilmaslik maʼnosi butkul yoʻqolgan. Bundan tashqari, tarjimadagi «oglyadet» feʼli asliyatga butkul zid, chunki narsani boshdan-oyoq, bafurja koʻrib chiqish maʼnosini bildiradi.2 Koʻrib turibmizki, bu oʻrinda asliyatdagi milliy boʻyoq tussizlangan desak, haqqimiz ketadi, u butkul yoʻqolgan.

Ikkinchi tarjimada ayni jumlani asliyatga monand berishga harakat qilingan: «U kalitki, vstrechaya gostey, stoit kutidor so slojennыmi na grudi rukami; ispodlobya, krayem glaza poglyadыvaya na svoyego zyatya, on nezametno dlya okrujayushix ulыbayetsya». Bir qarashdayoq bu yerda asliyatga sodiqlik tamoyili yaqqol sezilib turibdi, lekin notoʻgʻri soʻz qoʻllash aksincha natijaga olib kelgan. Birinchidan, ruscha «ispodlobya» soʻzining «xoʻmrayib», «qovoq uyib» maʼnolari faol qoʻllanadi, «qosh ostidan» maʼnosi esa oʻta passiv. Yaʼni bu soʻz «sezdirmay kulimsirash»ga mutlaqo zid, buning ustiga, yangi kuyovga «qovoq uyib» qarash ham gʻalati. Ikkinchidan, «poglyadыvaya» feʼl shakli harakat qayta-qayta amalga oshirilganini anglatadi. Holbuki, nafaqat kuyovga, umuman, boshqa odamga qayta-qayta qarayverish ham atrofdagilar eʼtiborini tortadi, asliyatda esa qutidor birovlarga sezdirmaslik uchun zoʻrgʻagina «koʻz qirini tashlab» olgan, xolos. Koʻryapmizki, har ikki holda ham notoʻgʻri soʻz qoʻllash oqibatida qutidorga tuhmat qilinishidan tashqari milliy oʻziga xoslik yoʻqotilayotir. Darvoqe, har ikki tarjimada ham «qoʻl qovishtirib»-ni «so slojennыmi na grudi rukami» tarzida oʻgirilganki, bu ham milliylikka putur yetkazadi. Zero, oʻzbek tilida «qoʻlini koʻksiga qoʻymoq» bilan «qoʻl qovushtirmoq» amallari farqli: ikkinchisida «qoʻlni, besh panjani birin-ustin kesishtirgan holda» kindik barobarida tutmoq nazarda tutiladi. Albatta, biz koʻrib oʻtayotgan kontekstda ikkisi ham oʻrinli: mehmonlarni qoʻlni koʻksiga qoʻyib kutish ham, qoʻlni qovushtirib kutish ham mumkin. Lekin birinchisida hurmat maʼnosi ustun boʻlsa, ikkinchisida qulluq qilish maʼnosi kuchli, yaʼni qutidorning qoʻl qovushtirishida mehmonlariga xokisorlik bilan xizmatda ekanini bildirish maʼnosi bor. Mehmon atoi xudo deguvchi, ehsonu zakotini qabul qilgan kishidan minnatdor boʻlishni odat qilgan millat uchun, bizningcha, shu ikkinchi holatda mehmon kutish koʻproq toʻgʻri keladi.

Koʻrib oʻtilgan jumla tarjimasidagi kuzatilgan xatolarning asosiy omili, bizningcha, milliy urf-odatlarimizni yetarli darajada bilmaslikdir. Shuning uchun ham mutarjimlar qutidorning ayni paytdagi holati (mamnunligini yashirishga harakat qilayotgani)ni fahmlamaganlar va, tabiiyki, buni tarjimada qayta yaratish vazifasini ham oʻz oldilariga qoʻymaganlar. Aks holda, agar fahmlagan boʻlganlarida, tasvirlangan holat mohiyatiga zid soʻzlarni qoʻllamasliklari kerak boʻlur edi. Aytmoqchimizki, biz koʻrsatgan kamchiliklar hali tarjimaga kirishilmasidan ham oldin, asliyatni oʻqib oʻzlashtirish jarayonidayoq yuzaga kelgan. Yaʼni mutarjim tarjimani bevosita amalga oshirgan boʻlsa, oʻzi, taglama asosida boʻlsa, tabiiyki, oʻsha taglamani tayyorlab beruvchi asliyat mazmun-mohiyatini toʻla anglamagan. Zero, agar asliyat mazmun-mohiyati toʻla anglanganida edi, tarjimada uni rus tili vositasida qayta yaratish maqsadi ustuvor boʻlur edi. Ushbu mulohazalarimizdan tabiiy ravishda kelib chiqadigan «nima qilmoq kerak?» savolini hozircha ochiq qoldiramiz-da, boshqa bir misolga diqqatingizni jalb etamiz.

Domla olti-yetti qaytalab beribgina arang javob ololgan «Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi, oʻzingizni toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji oʻgʻliga bagʻishlamoq vakolatini amakingiz Muhammadrahim Yoʻldosh oʻgʻliga topshirdingizmi?» savolining birinchi tarjimada berilishi ham eʼtiroz uygʻotadi: «Vы, Kumyushbibi, doch Mirzakarima, poruchili li svoyemu dyade Muxammadu Raximu, sыnu Yuldasha, peredat vashu lyubov tashkentskomu jitelyu, musulmaninu Atabeku, sыnu Yusufbeka-xadji?». Yaʼni tarjimada «muhabbatingizni topshirishni amakingiz zimmasiga yukladingizmi?»3 deb soʻralyapti. Axir Kumush, Ziyo shohichi aytmoqchi, shahardagi obroʻli bir musulmonning «iffat pardasi ostida oʻlturgan qizi» boʻlsa, savolning bu tarz berilishi unga nisbatan haqorat boʻlmaydimi?! Toʻgʻri, sirli ariq boʻyida uchratgani notanish yigit oʻy-xayolini oʻgʻirlagan, biroq bu uning bir oʻziyu bir xudoga ayon. Kumush buni birovga bildirishni xayoliga ham keltira olmaydi, toʻy tadorigi boshlanganidan beri koʻzining yoshi qurimay kelayotgani shundan, biroq shunchalikda-da yorilmaydi – qiz bu hisni yuragida bir umrlik armon boʻlishga mahkum etib boʻlgan. Biroq rusiyzabon oʻquvchi bundan bexabar, bas, «Kumushning muhabbatini Otabekka amakisi yetkazishi kerak ekan-da» deb oʻylashga haqli, bu holda esa u, albatta, yanglishgan, aniqrogʻi, chalkashtirilgan boʻlib qoladi. M.Safarov shuni his qilgan, chamasi, tarjimada «muhabbat» soʻzini oʻzgartirgan: «Vы, Kumush-bibi, doch Mirzakarima, poruchili li svoyemu dyade Muxammadu Raximu, sыnu Yuldasha, peredat vashu plot Tashkentskomu musulmaninu Atabeku, sыnu Yusufbeka-xadji?». Savol qiz bolaga berilayotgani eʼtiborga olinsa, bu oʻzgarishni endi mutlaqo qabul qilib boʻlmaydi: «badan (jism) ingizni ... Otabekka topshirishni amakingiz zimmasiga yukladingizmi?» deyilishi oʻta qoʻpol jaranglaydi-da, axir. Albatta, «mohiyati shu-ku» deya eʼtiroz qilinishi mumkin, lekin milliy muloqot odobida hamisha qoʻpol (xunuk, dahshatli)ni nazokat (goʻzal, yoqimli)li orqali ifodalash ham qatʼiy qoida emasmi?! Shunday, savolning bu tarzda berilishini, bizningcha, hatto «shariatda sharm yoʻq» matali bilan ham oqlab boʻlmasa kerak.

Romanda nikoh marosimi ham izchil va ancha mufassal tavsiflangan. Xususan, kelindan vakolat olinishi, vakillar oʻrtasida mahr kelishuvi, mahr hajmi belgilanishi, bunga kuyovning rozilik bildirishi, nihoyat, «Domla xutba boshlaydir. Forsiycha oʻqilgan hamd, salavot va boshqalardan soʻng xutba eng nozik bir oʻringʻa», yaʼni aksariyat oʻquvchilar xotirasida saqlangan «qabul qildingizmi?» savoliga keladi. Bizni shu oʻringacha boʻlgan qism tarjimasi qiziqtiradi. Birinchi tarjimada u quyidagicha oʻgirilgan: «... mulla pereshel k soversheniyu obryada. On prochital nastavleniye o vernosti i predannosti semye, i, nakonets, zagovoril o samom delikatnom...» Koʻrib turganimizdek, bu yerda «xutba»ning bir qismi maʼnosini umumlashtirib berish bilan cheklanilgan. Yaʼni davr taqozosi bilan hamd va salavot umuman tushirib qoldirilgan. Shukrki, cheklovlar hozir yoʻq, ikkinchi tarjima bu jihatdan asliyatga yaqin: «...mulla pereshel k soversheniyu obryada «nikoh». On prochital molitvu, vosxvalyayushuyu boga, i molitvы v chest proroka, «salavatы», kak eto prinyato v islame, i nakonets, podoshel k samomu delikatnomu voprosu...» Biroq, afsuski, diniy tushunchalarni ifodalovchi soʻzlar tushirilmagani bilan, ularning rusiyzabon oʻquvchiga taqdim etilishi eʼtiroz uygʻotadi. Masalan, «hamd» soʻzining maʼnosini izohlagan holda «molitva, vosxvalyayushaya boga» birikmasi bilan berilgani mantiqan toʻgʻri emas, zero, «molitva» xudoga iltijoni koʻzda tutadi, bu yerda esa Allohni maqtash – «vos­ xvaleniye Allaxa» haqida gap ketyapti. Asliyatdagi «salavot» soʻzi ham xuddi shu yoʻsinda berilgan boʻlib, uning «molitvы v chest proroka» deya izohlanishi chala, chunki bu soʻz bilan ifodalanadigan amalda yana «privetstviye, blagosloveniye» maʼnolari ham bor.

Darvoqe, jumlaga tarjimon qoʻshgan «kak prinyato v islame» kirish konstruksiyasi bu oʻrinda umuman ortiqcha. Chunki, agar asliyat nuqtai nazaridan qarasak, roviy uchun ham, u murojaat etayotgan oʻzbek oʻquvchisi uchun ham gap odatiy narsalar haqida boryapti, baski, bu yerda hech bir izohga zarurat yoʻq. Tarjima nuqtai nazaridan esa u hatto andak zararli ham. Shu maʼnodaki, gap nima haqdaligini anglashga harakat qilayotgan rusiyzabon oʻquvchi bu kalimani oʻqigach, «ha, islomdagi bir narsa ekan» deydi-da, qiziqishi soʻnadi. Holbuki, tarjima bir xalqni ikkinchi xalqqa tanishtirishi, yaʼni uning turmush tarzi, madaniyati, eʼtiqodi, inonchlari, urf-odatlari kabilar haqida tasavvur berishi lozim. Albatta, bu vazifaning uddalanishi faqat mutarjim emas, tarjimaning oʻquvchisiga ham bogʻliq. Yaʼni tarjimaning oʻquvchisi bilishni, tanishishni xohlamogʻi kerak, xohishni esa qiziqish paydo qiladi. Shu jihatdan qaralsa, rusiyzabon oʻquvchiga tushunarli boʻlishi uchun diniy realiyalarni matn ichidayoq izohlab ketish maqsadga muvofiq emas. Aksincha, matnda ularni aslicha qoldirib (oʻquvchida «bu nima ekan?» degan savol uygʻotib), soʻng mufassal izohlar bilan taʼminlash samaraliroq boʻladigandek koʻrinadi.

«Oʻtgan kunlar»da muallif aslo urgʻulamagan, goʻyo shunchaki zikr etib oʻtayotgan narsa, xatti-harakat, holat kabilar ham oʻzida oʻzbek oʻquvchisi uchun katta informatsiya tashiydi. Masalan, qutidor xonadoniga kuyov kirib kelayotgan payt «Tomda kuyav kutib oʻlturgʻan xotinlar ichidan Oftob oyimning egachisi oshiqib singlisi yonigʻa tushdi-da: «Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon koʻzdan oʻzi asrasin!» dedi». Avval ayni jumla yetkazayotgan informatsiyani sanab oʻtsak: 1) ayollar kuyov kelishini tomdan turib tomosha qilishyapti; 2) oʻzbek uylari tomiga loy bosilgan, tekis boʻlgan; 3) xotin-xalaj toʻylarda alohida, belgili vaqtda kuzatilgan; 4) tomdagilar kuyovning koʻrkamligini muhokama qila boshlagan; 5) pichir-pichirlarni eshitgan opa jigarimning kuyoviga koʻz tegmasaydi deb qoʻrqqan; 6) shuning uchun hovliqib-shoshib isiriq solmoqchi boʻlyapti. Sanalganlardan faqat birinchisigina matnda aniq aytilgan, qolganlari anglashiladi. Xususan, ikkinchi va uchinchi tartibdagi informatsiya mutolaa payti oʻquvchi ongidagi bilimlar zaxirasidan chaqiriladi, uni anglash uchun xalqining oʻtmishi, turmush tarzi va urf-odatlarini bilish kerak. Keyingi uchta raqam ostidagi informatsiya esa kontekstdan anglashiladi. Deylik, mahalla erkaklariki kuyovning koʻrkamligini eʼtirof etib tahsin aytishyapti, xotin-xalajning tomda – bemalol joyda turib muhokama qilishlari tabiiy; buni biroz uzoqroq kontekst – Toʻybekaning mehmon Otabekni koʻrgach aytgan gaplari ham quvvatlaydi. Yoki buvi-momolarining feʼl-sajiyasi, tutumlarini unutmagan oʻquvchi uchun Oftob oyimning egachisi xotin-xalajning pichirpichirini eshitiboq shoshib qolganini tasavvur qilish va tushunish qiyin emas. Holbuki, tarjima oʻquvchisining bularni anglab olishi mahol, demak, u asar jozibasiga oshno boʻlolmaydi, baski, «Oʻtgan kunlar» uning nazdida bizdagicha qiymatga ega boʻlolmasligi ham tabiiydir. Buning ustiga, tarjima bilan asliyat orasida mana bu kabi farqlar boʻlsa: «K Oftob-aim podoshla yeyo starshaya sestra i vzvolnovanno skazala: «Oftob, prigotov-ka poskoreye isrыk! Da uberejet allax tvoyego zyatya ot durnogo glaza». Koʻrib turganimizdek, tarjimada «tom» ham, «tomda kuyav kutgan xotinlar» ham yoʻq. Oʻz-oʻzidan egachi singilning oldiga hovliqib-shoshib tomdan tushib kelmaydi, shunchaki yoniga keladi («podoshla»)-da, shunga mos xotirjamlik bilan («podgotov-ka») isiriq tayyorlashni buyuradi. Xullas, birinchi tarjima oʻquvchisi bu jumladan yuqorida sanalgan maʼnolarning hech birini topmaydi, biroq, afsuski, u komil ishonch bilan Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar» romanini oʻqiganman degan xayolda qolaveradi.

Xolislik haqi taʼkidlash kerak, ikkinchi tarjima muallifi bu kamchilikni koʻrgan va bartaraf etishga harakat qilgan: «K Oftob-aim podbejala yeyo starshaya sestra, kotoraya do etogo vmeste s sosedskimi jenshinami nablyudala s krыshi za pribыtiyem jenixa: «Oftob, prigotov-ka poskoreye isrыk! Da uberejet Allax tvoyego zyatya ot durnogo glaza». Koʻryapmizki, bunda «tomda kuyov kutib oʻltirgʻan xotinlar» detali aks etgan va, albatta, bu yaxshi. Lekin egachining gapi shunga mos oʻzgartirilgan emas, u hamon xotirjam salmoqlab «podgotov-ka» deyishini qoʻymaydi. Negaki tarjimada egachi asliyatdagi kabi «oshiqib» singlisi yoniga tushmagan», balki hech hovliqmay, yuguribgina («podbejala») yoniga kelgan, xolos. Yana sodda gapning qoʻshma gap shaklida berilgani ham, bizningcha, personaj xatti-harakatlari dinamikasini susaytirgan. Shuningdek, asliyatdagi muallif gapida «tomda kuyav kutib oʻlturgʻan xotinlar ichidan»ga maʼno urgʻusi tushgan boʻlsa, tarjimada ergash gapga aylangan ushbu boʻlak («kotoraya do etogo vmeste s sosedskimi jenshinami nablyudala s krыshi za pribыtiyem jenixa») izohlovchi maqomiga tushib, maʼno urgʻusi izohlanayotgan bosh gapga («K Oftob-aim podbejala yeyo starshaya sestra») koʻchgan. Maʼno urgʻusi olgan ikkinchi boʻlak («oshiqib») esa, yuqorida ham aytdik, umuman tushirib qoldirilgan. Xullas, asliyatdagi jumla qurilishining oʻzgarishi tufayli rivoyadagi fikr oqimi, axborotni uzatish tartibi va unga hissiy munosabatning tovlanishlari ham butunlay oʻzgarib ketganki, natijada uni asliga monand tushunish imkoniyati butkul yoʻqotilgan.

Yuqoridagi misol tahlili koʻrsatyaptiki, tarixiy mavzudagi asarlarda, xuddi diniy realiyalar masalasida aytganimiz kabi, xalqimizning oʻtmishdagi maishiy turmushi bilan bogʻliq realiyalarni ham mufassal izohlar bilan taʼminlash zarurati bor. Buning uchun esa eng avval mutarjimning oʻzi bir qarashda oddiygina xabar yetkazayotgandek koʻrinuvchi jumlalar zamirida yotgan milliy oʻziga xosliklarni ilgʻay olishi, tushunishi kerak boʻladi. Shu jihatdan romandagi yana bir epizod – Hasanalining Ziyo shohichi xonadoniga maslahatga kelishini eslash maqsadga muvofiq. Muhimligi bois asardan uzunroq parchani keltiramiz:

«Hasanali Ziyo shohichining tashqarisigʻa kelib kirdida, mehmonxona darichasiga qaradi. Daricha tirqishidan koʻrilgan yorugʻliq mehmonxonada kishi borliqni bildirar edi. Hasanali tuzatinib oldi va ichkariga kirdi. Ziyo shohichi namoz oʻqumoqda boʻlib, mehmonxona chet kishidan xoli edi. Bu tasodifdan Hasanali suyundi va Ziyo akaning namozni bitirishini kutib oʻlturdi. Ziyo shohichi yonigʻa salom berib joynamozdan orqasiga qarab qoʻydi. Fotihaga qoʻl koʻtardi. Fotihadan soʻng kelib Hasanali bilan soʻrashdi».

Keyingi mulohazalarimizda muhimligidan avval Hasanalining kelish vaqtini aniqlab olsak. Hasanali shohichinikiga borish qasdi bilan koʻchaga chiqqanida «Qosh qorayib, qorongʻu tushayozgʻan edi». Mehmonining muddaosini tinglab, tashvishlarini maʼqul topgan Ziyo shohichining qutidornikiga «Hozir boramiz» deyishidan, har tugul, Hasanali kelgan paytda u shom namozini ado etayotgan edi degan fikrga kelamiz. Negaki agar u xufton namozida boʻlganida edi, namozdan soʻng maʼlum muddat Hasanali bilan soʻzlashib oʻtirganini eʼtiborga olsak, birovnikiga chaqirib borish juda noqulay boʻlar, shohichi buning andishasini qilgan boʻlur edi. Demak, Hasanali kelganida shohichi shom namozida edi. Shunga kelishgan holda matnni tahlil qilib koʻramiz.

Avvalo, Ziyo shohichining tashqarisiga Hasanali hech bir ovoz bermay kirganiga «Oʻzbekchilikda birovnikiga kirishda ovoz beriladi-ku!» deya eʼtiroz qilinishi mumkin. Biroq bunda gʻalat yoʻq: birinchidan, u tashqariga kirdi, ikkinchidan, shom vaqti ekanini bilgani uchun ovoz bermadi. Mehmonxonada chiroq yonib turgani, demak, u yerda kimdir bor ekanini bilib ham ovoz bermagani shundan: shom vaqti tigʻiz keladi, bas, ichkaridagi odamning namozda ekanlik ehtimoli koʻproq. Oʻyidagi toʻgʻri chiqqach, Hasanali bir chetda oʻtirib namoz tugatilishini kutdi. Koʻryapmizki, Hasanalining butun xatti-harakatlari asar yozilgan davr odobiga toʻla muvofiq. Endi Ziyo shohichiga kelamiz. Kelguchi sira ovoz bermasa-da, Ziyo shohichi sharpani fahmlaydi, shu bois «yonigʻa salom berib joynamozdan orqasiga qarab qoʻydi». Yaʼni sharpani sezsa ham yuzini qibladan oʻgirmadi, faqat «yoniga salom bergach», yaʼni namozning asosiy qismi tugagach, oʻgirilib qarab qoʻydi: haqiqatan mehmon kelganini bildi. Tezgina yuziga fotiha tortdi (yaʼni kelguchining hurmatidan, yoʻqsa, tasbeh, durudu salavot aytib, tilovat qilib, duoga qoʻl ochib tagʻin maʼlum vaqt oʻtirishi mumkin edi), joynamozdan turib kelib mehmon bilan koʻrishdi. Koʻrib turganimizdek, Ziyo shohichining xatti-harakatlari ham davr odobiyu ibodat qoidalariga toʻla muvofiq ekan. Eʼtiboringizni biz bayon qilgan maʼlumotlar aytilmagani, ular faqat matndagi bir-ikki detal (shom vaqti, tashqari, «yoniga salom berib joynamozdan orqaga qarash») asosida idroklab olinishi mumkinligiga qaratamiz. Demak, bu detallar nihoyatda muhim. Xoʻsh, ular tarjimada qanday aks etgan?

Asliyatdagi «Qosh qorayib, qorongʻu tushayozgʻan edi» jumlasi birinchi tarjimada «Poka Xasanali sobralsya i vыshel, uje stemnelo» deb oʻgirilgan, yaʼni asliyatda Hasanali koʻchaga chiqqanida endigina qosh qoraygan (shom vaqti) boʻlsa, tarjimada «chiqqunicha qorongʻi tushib boʻlgan» (shom vaqti oʻtib boʻlgan). Keyingi tafsilotlarning berilishi oʻrinli, biroq «yoniga salom berish» detali tushirib qoldirilgan, Ziyo shohichi bira toʻla fotiha qilgachgina kelib koʻrishadi. Shu ikki detalning tushib qolgani yuqorida sharhlangan maʼnolarning aksariyati tarjimada yoʻqolganiga dalolat qiladi. Sababi esa, bizningcha, ushbu detallarning matndagi ahamiyatini anglamaslik tufayli ularga yetarli qimmat bermaslik, matn qismlarining mazmuniy bogʻlanishlarini fahmlay olmaslik bilan izohlanishi kerak.

Asliyatga sodiqlik yoʻli tutilgan ikkinchi tarjimada vaqt adekvat berilgan: «Na ulitse ranniye sumerki postepenno smenyalis temnotoy». Shuningdek, namoz nihoyasidagi ikki yoniga salom berish tafsilotlar bilan boyitilgani ham koʻriladi: «Ziya shaxichi, zavershaya molitvu, po ritualu povorachivalsya s molitvennogo kovrika vpravo i vlevo ot sebya i proiznosil – «Assalomu aleykum». Zatem on vozdel ruki k nebu, skazal zaklyuchitelnыe slova molitvы i posle etogo podoshel k stariku pozdorovatsya». Biroq, afsuski, rusiyzabon oʻquvchining tushunishi uchun matnni kengaytirgani holda asliyatdagi muhim nuqta – «yoniga salom berib joynamozdan orqaga qarash» detali bunda ham tushirib qoldirilgan. Ikkinchidan, asliyatda tafsilotlar berilmagani uchun oʻzbek oʻquvchisi namoz arkonlari risoladagidek bajarilgan degan oʻyda qolaveradi, biroq tarjimani oʻqigan rusiyzabon oʻquvchi namoz arkonlaridan xabardor boʻlsa, Ziyo shohichi amali noqis degan tasavvur qolishi mumkin. Negaki, birinchidan, «povorachivalsya s molitvennogo kovrika vpravo i vlevo ot sebya» deyilgani salom berish amalini toʻgʻri tavsiflamaydi: mutarjim aytmoqchi, «po ritualu» – tartibga koʻra avval boshni oʻngga burib salom beriladi, soʻng boshni chapga burib yana salom beriladiki, bu oʻrinda «povorachivalsya» feʼli oʻrinli emas, «povorachivaya golovu» deyilishi kerak. Ikkinchidan, «yoniga salom berdi» deyilsa, asliyat oʻquvchisi «Assalomu alaykum va rahmatulloh» kalimasini tushunadi, yaʼni tafsilli tasvirlash niyat qilingan ekan, buni oxirigacha qilish kerak, toki rusiyzabon oʻquvchida chala, notoʻgʻri tasavvur qolmasin.

Umid qilamizki, gapni boshlaboq oʻrtaga tashlagan xulosamizga, yaʼni hozircha romanning rus tiliga qilingan ikkala tarjimasi ham «tajriba» maqomida deganimizga ozmi-koʻpmi ishontira oldik. Darhaqiqat, agar rusiyzabon oʻquvchi roman mutolaasi chogʻi biz «koʻrolgan» hayotiy holatlarni koʻz oldiga keltira olmasa, koʻngilda his etganimizni his qilib, mushohada qilolganimizni anglay olmasa, tarjimadan nima naf?! Xoʻsh, nega shunday boʻldi? Aslida, tahlillarimiz shu savolga javob edi, yaʼni biz asosiy sababni asliyatdagi milliy boʻyoqning tarjimada qayta yaratilmasligida deb tushunmoqdamiz. Zero, milliy hayot shu muhitda yetishgan odam nigohidan oʻtib milliy tilda aks etgan asarning milliy boʻyoqlari qayta yaratilmas ekan, tarjimaning adekvatligi haqida ogʻiz ochish ham ortiqcha. Shu maʼnoda tarjima asliga monandligining bosh sharti – asliyatdagi milliy boʻyoqlarni qayta yaratishdirki, toki tarjima oʻquvchisi olgan taassurot asliyat oʻquvchisi taassurotiga maksimal darajada yaqin boʻlsin. Toʻgʻri, bu talabimiz bilan oʻta maksimalist boʻlib koʻrinishimiz mumkin, biroq talab qanchalik baland qoʻyilsa, natija shunga qarab yuksalib borishi ham ayon haqiqatdir. Holbuki, oʻzbek adabiyotidan rus va oʻzga tillarga qilingan tarjimalarda ayni shu talab oqsaganki, oqibat adabiyotimizning nodir namunalari ham rusiyzabon oʻquvchi nazdida oʻziga munosib qadr topmadi.

Oʻz vaqtida, juda koʻp asarlarimiz rejali tarzda rus tiliga oʻgirilgan shoʻro zamonida, bu xayrli ishga «kun kelib milliy tillaru milliy madaniyatlar yoʻqolib, yagona til va madaniyat shakllanadi» qabilidagi aqida soya solib turdi. Natijada esa asarlarimizning zohiri oʻgirildi, ularning ruhi zamiridagi maʼno tovlanishlariga eʼtiborsiz, bepisand qaraldi. «Oʻtgan kunlar»ning ilk tarjimasida shuning taʼsiri seziladi desak, xato boʻlmaydi. Ikkinchi tarjimada aynan milliy oʻziga xoslikni aks ettirishga harakat borligi ham tayin, biroq unda ham koʻngildagidek natijaga kelingan emas. Yaʼni «Oʻtgan kunlar»ni rusiyzabon oʻquvchiga tanitish yoʻlida mutarjimlarimiz hali koʻp izlanishlari kerak...

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: taqdir taqozosi bilan bir asrdan ziyod vaqt davomida ommaviy tarzda oʻrganib va foydalanib kelayotganimiz rus tiligaki tarjimalar shu ahvolda boʻlsa, endi-endi ommaviy oʻrganishni boshlaganimiz gʻarb tillariga tarjimalari qanday boʻlarkin? Ular jahon ahliga Qodiriyni, millatimizni asliga monand tanita olarmikin? Toʻgʻri, darajasidan qatʼi nazar, tarjima qilinishining oʻzi yetuk – xalqimiz uchun olamshumul ahamiyatga molik voqea boʻlajak. Biroq, agarki qutlugʻ ishga qoʻl urilayotgan ekan, uning puxta va sifatli amalga oshirilishi ikki karra xayrlidir. Bas, mavjud tajribani oʻzlashtirish, yoʻl qoʻyilgan kamchilik va xatolarni takrorlamaslik, ularni keltirib chiqargan omillarni bartaraf etish choralarini koʻrish muvaffaqiyat sharti va garovidir. Yuqorida asosiy eʼtiborni roman tarjimalaridagi kamchiliklarga qaratganimiz, ularni ancha batafsil sharhlab, sabablarini izohlashga harakat qilganimiz shundan.

Tahlillarimiz tarjima ishi, ayniqsa, «Oʻtgan kunlar»dek milliylik ruhi bilan yoʻgʻrilgan asarlarni oʻzga tillarga oʻgirish – gʻoyat murakkab va mashaqqatli, bir kishi koʻngildagidek amalga oshirishi mumkin boʻlmagan ish degan xulosaga olib kelmoqda. Zero, birinchidan, tarjima qilish uchun avval romanni tom maʼnoda oʻzlashtirish, matn zamiridagi maʼno tovlanishlarining barini koʻra olish darkor. Buning uchun tarjimonga badiiy soʻzni teran his qiladigan filolog, oʻtmishimizni ikir-chikirlarigacha jonli tasavvur eta oladigan tarixchi, urfodatlarimizdan chuqur xabardor etnograf, diniy arkonlarni biladigan dinshunos kabilarning maslahatlari muntazam kerak boʻladi. Ikkinchidan, tarjima tilida original badiiy ijod qilishga qobil va bu borada iqtidorini namoyon eta olgan kishini – professional yozuvchini mutarjim sifatida jalb etish zarur. Zero, faqat shundagina roman oʻzga tilda badiiy asar oʻlaroq jarang topishi mumkin. Ayni chogʻda, ish davomida uning yonida oʻzbek va ingliz tillarini mukammal biladigan maslahatchi boʻlishi kerak, toki muallif va adabiyotimiz manfaatlarining himoyachisi oʻlaroq turib bersin. Nihoyat, uchinchidan, romanning oʻzga tildagi nashri ancha katta hajmdagi mufassal izoh va sharhlar bilan taʼminlanishi shart, yaʼni tarjimani chop etish xarajatlari ham sezilarli darajada ortishi tabiiy.

Mazkur umumlashtirib berilgan uchta shart, avvalo, biz nazarda tutayotgan tarjima kollektiv ijod mahsuli boʻlishini koʻzda tutadi, faqat bamisoli teatrdagi kabi ijodiy jamoa mehnati bitta nigoh – ingliz tilida yozuvchi professional adib nigohida bir fokusga yigʻiladi. Ayonki, bunday tarjibaga shaxsiy tashabbus bilan, xususiy tarzda hech kimning qoʻl urmasligi ham tushunarli, chunki uddasidan chiqish mushkul. Ikkinchi tomondan, bunday tarjimani amalga oshirish uchun sarf etiladigan mehnat ham, nashrning oʻzi ham kattagina mablagʻni talab qiladi, deylik, birgina ingliz tilida yozadigan professional adibni jalb etishning oʻzi boʻladimi, axir?! Albatta, bunday tarjimaning amalga oshirilishi bu ish uchun amaldagi sarflardan bir necha oʻnlab barobar xarajatni talab qiladi. «Oʻtgan kunlar» kabi millat yuzini koʻrsata oladigan barmoq bilan sanarli asarlar esa bunga har jihatdan arziydiki, fikrimizcha, ularning tarjimasi maxsus dastur asosida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Xullas, biz tavsiflagan tartibdagi ish badavlat saxovatpesha homiyligida yoki nufuzli tashkilot boshchiligidagina amalga oshishi mumkin. Soʻzimiz avvalida zikr etilgan xabardan behad quvonganimizning sababi shu, shoyadki, mulohazalarimizning bu qutlugʻ ishga zigʻircha boʻlsin nafi tegsa.

2017 yil

Izohlar

  1. Fondning Feysbukdagi sahifasi. 22.08.2017.
  2. Sm.: Ojegov S. Slovar ruskogo yazыka. – M.: Russkiy yazыk, 1985. – S.379, 396.
  3. Ruscha «poruchat» feʼli «poruchitel» (yaʼni oʻzganing masʼuliyatini bajarish zimmasiga yuklangan shaxs) shaxs oti maʼnosini toʻla qoplamaydi, u koʻproq «topshiriq bermoq», «zimmasiga yuklamoq» maʼnolarida qoʻllanadi.

Dilmurod Quronov