«Jahon adabiyoti» jurnali dunyo adabiyoti, falsafasi, ilm-fanining nodir namunalari bilan tanishtirish orqali millat maʼnaviyatini yuksaltirish, milliy badiiy va ijtimoiy tafakkurini oʻstirishda muhim ahamiyatga ega. Dunyo yuzini koʻrganiga yigirma yil boʻlgan jurnal bu borada koʻp xayrli ishlarni amalga oshirdi. Deganim, jurnal faoliyati ulugʻ ustozlarimiz shunday jurnal tashkil boʻlishini orzulab yurganlarida koʻngillariga tukkan niyatlarni bir-bir roʻyobga chiqarayotirki, buning uchun eng avval tahririyat xodimlariga, jurnal ishida ishtirok etayotgan mutarjimlar va mualliflarga tahsin aytmoq kerak boʻladi. Biroq, bilmadim, yaxshi boʻlgani sari yanayam yaxshiroq boʻlishini tilashdek insoniy ojizlikdanmi, nimadir yetishmayotgandek, hali jiddiy yetishmovchiliklar bordek tuyulaveradi. Xullas, ich-ichimda qoniqmaslik hissi oʻrinlashgan-da, rosti, necha yillardan beri undan forigʻ boʻla olmay kelaman. Cababini soʻrasangiz, oddiy – jurnal eʼlon qilgan asarlarning koʻpini avval rus tilida oʻqiganim uchunmi, ularni oʻzbekcha mutolaa qilganimda nedir qoniqmaslik qolaveradi: biridan ozgina, boshqasidan koʻproq, tagʻin biridan...
Jurnalning 6-sonida E.Radzinskiyning «Beregites, bogi jajdut!» nomli asari Jamoliddin Safoyev tarjimasida «Qonsiragan ilohlar» nomi bilan chop etildi. Asar muallifi – koʻpchilikka televideniye orqali tanish, oʻzining notiqligi bilan shuhrat topgan, notiqlik sanʼatining hadisini olganlardan ekanligi koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan odam. Buni eslatayotganim bejiz emas. Gap shundaki, E.Radzinskiy tarixiy-publitsistik asarlarining koʻpini oʻqib berishni koʻzda tutgan holda yozgan, yaʼni ular NUTQ oʻlaroq dunyoga kelgan. Ayni hol ularning nutqiy qurilishi jihatidan oʻziga xos boʻlishini, birinchi navbatda, jonli nutqqa yaqin boʻlishini taqozo etadi. Shu bois ham, masalan, birinchi jumla quyidagicha: «Cherez neskolko let posle revolyutsii, v tыsyacha vosemsot tretyem godu, skonchalsya Jan Fransua de Lagarp». Koʻryapmizki, jumla ajratilgan boʻlak bilan murakkablashgan sodda gap shaklida. Xoʻsh, nima boʻpti? Umuman olganda, parselyativ konstruksiyalar (ajratilgan boʻlaklar, kirishlar, undalmalar, modal birliklar) bilan murakkablashuv jonli nutqqa xos. Buning ahamiyatini birinchi jumla misolida koʻrib oʻtamiz. Jumlani vaqtni taqriban aytish («inqilobdan bir necha yil keyin») bilan boshlash orqali oʻquvchi shuuriga goʻyo «vaqt emas, sodir boʻlgan hodisa muhim» degan signal yuboriladi. Shuning ortidanoq vaqtning aniqlashtirilishi («bir ming sakkiz yuz uchinchi yilda»), bir tomondan, tinglovchiga yetkazish koʻzlangan informatsiya asosi (Lagarpning oʻlimi)ning yetkazilishini sekinlatadi (bu bilan tinglovchining qiziqishi yanada kuchaytiriladi, yaʼni «qulogʻi ding boʻladi»), biroq vaqt aniqlashtirilgandan keyin aytilgan xabar oʻquvchi kutgancha emas («Xoʻp, oʻlibdi, nima boʻpti shunga? Kim oʻzi u?!»). Yaʼni oʻquvchi kutishda davom etadi, endi keyingi jumlaga javob kutib quloq beradi...
Hozircha keyingi jumlani qoʻya turaylik-da, birinchi jumlaning tarjimasiga diqqat qilaylik: «Inqilobdan bir necha yil oʻtib, 1803 yil Jan Fransua Lagarp vafot etdi». Bizningcha, tarjimada asliyat jumlasida koʻrganimiz psixologik taʼsir mexanizmi tamom izdan chiqqan. Sababi, asliyat uslubining qayta yaratilmagani, aniqrogʻi, jumla qurilishining oʻzgargani. Oʻzgarish shundaki, birinchidan, vaqt holi ajratilmayapti (asli bu yerda grammatik va punktuatsion xato bor), ikkinchidan, sananing raqamlar bilan berilgani oʻquvchining ajratilganlikni (grammatik xatoga qaramasdan) his qilishga monelik qiladi. Agar jumla oʻzbekchaga «Inqilobdan bir necha yil oʻtib, bir ming sakkiz yuz uchinchi yilda, Jan Fransua Lagarp vafot etdi» shaklida oʻgirilsa edi, usluban adekvat boʻlishdan tashqari keyingi jumla bilan aloqasi ham, qabul qilinishi ham asliyatga yaqin boʻlur edi.
Shu yoʻsin davom etamiz. Demak, notiqdan tinglovchi birinchi jumla paydo qilgan savolga («Xoʻp, oʻlibdi, nima boʻpti shunga? Kim oʻzi u?!») javob kutadi, shuni bilgan holda u aytadiki: «Bыl on izvestnыm pisatelem i voinstvuyushim ateistom v molodыe godы». Ushbu jumla «U taniqli yozuvchi va yoshlik chogʻlari ashaddiy dahriyligi bilan nom chiqargan edi» shaklida tarjima qilingan. Avvalo, tarjimada yana uslub, aniqroq aytsak, ifoda siqiqligi yoʻqotilgan; ikkinchidan, mazmun oʻzgargan: «yoshlik yillari ashaddiy dahriy boʻlgan» oʻrniga «yoshlik chogʻlari ashaddiy dahriyligi bilan nom chiqargan edi» deyilmoqda, yaʼni asliyatda yoʻq narsa daʼvo qilinmoqda. Ikkinchidan, asliyatda «bыl on» tarzidagi inversiya kesimni uyushgan toʻldiruvchilarning ikkisiga goʻyo navbatma-navbat taalluqli etadi, yaʼni «bыl on izvestnыm pisatelem... bыl on voinstvuyushim ateistom v molodыe godы». Demak, jumla oʻzbekchaga «U taniqli yozuvchi, yoshlik yillari ashaddiy dahriy boʻlgan» deb oʻgirilsa edi, oʻzidan avvalgi gap izohi ekanligiga mos shaklni olgan boʻlur edi.
Biroq mazkur javob ham Radzinskiyning tinglovchisi – muayyan tayyorgarlikka ega kishini qoniqtirish uchun kam, uning hafsalasi pir boʻla boshlaydi («Yozuvchidan koʻpi bormi? U davrda dahriy boʻlmagan kas qolganmidi oʻzi?!»). Xuddi shuni sezgandek (albatta sezgan, aniqrogʻi, oʻzi tinglovchi hislarni boshqaryapti-ku!), notiq aytadiki: «No mnogo preterpel v revolyutsiyu i umer gluboko veruyushim chelovekom». Sezgan boʻlsangiz, bu gap tinglovchining savoliga qisman javob («Ha-a, chigal taqdirli odam ekan-da!») boʻlishi bilan birga uning qiziqishini kuchaytirishi kerak. Negaki dahriyning xudojoʻyga aylanish jarayonidagi evrilishlarni umumiy tarzda tasavvur qiladi. Jumlaning oʻzbekcha tarjimasi, afsuski, asliyatdagi jumla funksiyalarini bajara olmaydi: «Inqilob sarosimalarida boshidan koʻp mashaqqatlarni oʻtkazib, dinga qattiq ixlos va eʼtiqod bilan dunyodan koʻz yumadi». Avvalo, asliyatda bu jumla «no» bogʻlovchisi bilan boshlanib, mazmunan avvaligisiga ochiq zidlangan («ashaddiy dahriy» – «xudojoʻy») ediki, tarjimada bu faqat umumiy mazmundan anglashiladi. Ikkinchidan, bunda ham koʻpsoʻzlilik, ifoda siqiqligining yoʻqolishi kuzatiladi. Jumla «Biroq inqilobda koʻp shoʻrishlarni boshdan oʻtkazib, juda xudojoʻy boʻlib olamdan oʻtdi» shaklida berilganida, bizningcha, asliyatga moslikka, xususan, jumlararo mazmuniy aloqalarni toʻgʻri berishga koʻproq erishilardi.
Nihoyat, tinglovchida Lagarp shaxsiga biroz qiziqish uygʻotgach, asosiy gap – uning oʻlimidan soʻng qogʻozlari orasidan topilgan qoʻlyozma xabari beriladi: «V yego bumagax posle smerti nashli zagadochnыy tekst, vesma vzvolnovavshiy Yevropu». Ayni jumla bilan nutqning muhim kompozitsion boʻlagi – abzats nihoyasiga yetadi. Odatda, eng asosiy (yaʼni mavzuni belgilovchi asosiy xabarni yetkazayotgan gap) birinchi planga – abzats boshi yo oxiriga qoʻyiladi. Bizda ikkinchi hol: notiq tinglovchi diqqatini aslo susaytirmasdan, qiziqishini kuchaytirib borabora oxirida asosiy xabarni beryaptiki, bu bilan endi nutqning davomiga qiziqish («Qanday qoʻlyozma? Nimasi sirli?..») uygʻotiladi. Avvalo, ushbu jumla tarjimasida ham koʻpsoʻzlilik kuzatiladi: «Oʻlimidan soʻng uning qogʻozlari ichidan butun Yevropani qattiq hayajonga solgan bir sirli matnni topishadi». Ikkinchidan, asliyatdagi jumlada sifatdosh oboroti bilan ifodalangan ajratilgan aniqlovchi borki, u gapdagi odatiy pozitsiyasi oʻzgargani (aniqlanmishdan keyin keladi) bois ajratilgan. Bu narsa gapdagi eng muhim xabar – «sirli matn»ni urgʻuli pozitsiyaga chiqarish, yaʼni urgʻulashga xizmat qilgan. Tarjimada esa urgʻulab oʻtirilmaydi – shunchaki bir tekis xabar beriladi, natijada asliyatdagi notiq intonatsiyasi, demakki, uning oʻzi yetkazayotgan xabarga munosabati ham, tinglovchisi bilan muloqotining oʻziga xosligi ham izsiz yoʻqoladi. Bizningcha, agar jumla «Oʻlimidan soʻng qogʻozlari orasidan sirli bir matn topildiki, u Yevropani kuchli hayajonga soldi» shaklida oʻgirilganida, yoʻqotish kamroq boʻlur edi. Toʻgʻri, bu holda asliyatdagi sodda gap qoʻshma gapga aylanadi, biroq shu hisobga nutqdagi fikr oqimi va intonatsiyani asliga yaqin berish imkoni yaratiladi.
Dastlabki abzats haqida aytilganlar, bizningcha, tarjimaning eng asosiy qusuri – muallif uslubining asliga muvofiq berilmaganini yetarlicha koʻrsatadi. Taassufki, bu qusur hozir faoliyatdagi koʻpchilik mutarjimlarga xos boʻlib, bugungi kunga kelib tarjima amaliyoti va tarjimashunosligimiz jiddiy eʼtibor berishi taqozo etilayotgan dolzarb masalaga aylanib qoldi. Holbuki, badiiy tarjimada, ayniqsa, bu masala hamisha alohida eʼtiborda turishi lozim keladi. Zero, tarjimada muallif uslubining yoʻqolishi – unda muallif shaxsining adekvat aks etmasligi, demak, asarning chala (yaʼni taglama maqomida) oʻgirilganiga dalolat qiladi.
Endi oʻzbek tiliga tarjimalarda odatiy boʻlib qolgan yana bir qusur – qisman uslub bilan ham bogʻliq boʻlgan asliyat jumla qurilishining adekvat berilmasligiga toʻxtalsak. Jumladan, tarjimonlarimiz hech ikkilanmay qoʻshma gaplarni bir necha sodda gaplarga ajratib yuboraveradilarki, chamasi, ular buning hech bir zarari yoʻq deb hisoblaydilar. Holbuki, jumlaning sintaktik qurilishi fikrning oʻziga xos oqimi, dinamikasini, nutqning intonatsion xususiyatlarini oʻzida namoyon etadi.
Masalan, «Besedovali o tom, o chem togda govorili po vsyudu – ot posledney lakeyskoy do gersogskix dvorsov: o Voltere, Didro, Russo, Monteskye» jumlasi ikkita sodda gapdan (shulardan biri murakkablashgan) tarkib topgan qoʻshma gap boʻlsa, tarjimada u ikkita alohida sodda gap shaklida berilgan: «Suhbat xizmatkorlardan tortib gersoglar saroylarigacha – barcha-barcha gapirib yurgan mavzuda edi. Ular dastlab Volter, Didro, Russo, Monteskye haqida bahs-munozara yuritishadi». Avvalo, bunday tarjima asliyat mazmuniga muvofiq kelmaydi. Jumladan, «Volter ... haqida bahs-munozara yuritishadi» degani asliyatda yoʻq, buning ustiga, «dastlab» soʻzining qoʻllangani ortidan «soʻng»ni taqozo qiladi (bu talab qondirilmagan). Muhimi, matnda yoʻqdan bor qilingani yetmaganidek, bu soʻz bilan paydo qilingan talab (bu talab oʻquvchi ongida paydo boʻlgan, yaʼni u «dastlab»ni eshitiboq «soʻng»ni kutgan) qondirilgan emas. Muallif «lakeyxonalardan gersog qasrlarigacha» desa, tarjimada «xizmatkorlardan gersog saroylarigacha» shaklida oʻqiymiz, yaʼni «joydan joygacha» qolipi «bu toifadan mana bu toifa turar joyigacha»ga oʻzgargani mantiqiy gʻalizlikni keltirib chiqaradi. Asliyatda «hamma yerda gapirilib turgan mavzu» (yaʼni gapiruvchilar mavhum, feʼlning majhul nisbatdaligi shundan) deyilsa, tarjimada «barcha-barcha gapirib yurgan mavzu» deb oʻqiymizki, bunda ham mazmun-mohiyat oʻzgarganini sezish qiyin emas. Nihoyat, tarjimada ikkala sodda gapning oʻzaro aloqasi ham aslida yoʻq mazmunni keltirib chiqaradi: goʻyo hamma gapirib yurgan mavzuda suhbat ketayotgan edi-da, soʻng Volter va boshqalar haqida bahs-munozara boshlandi.
Asliyat bilan tarjima orasidagi ayrim nomuvofiqliklarga duch kelganingda esa «kulishingni ham, yigʻlashingni ham bilmaysan» deya taʼriflanuvchi holat yuzaga keladi. Masalan, asliyatdagi «Sitirovali «Devstvennitsu» «boga neveriya» Voltera (kak yego togda pochtitelno nazыvali)» jumlasi «Volterning «suyuqoyoq iloha» (oʻshanda uni shunday atashardi) haqidagi «Bokira»sidan iqtiboslar keltirishadi» deb oʻgirilgan. Muallif oʻz davrida Volterni «dahriylik xudosi» deb ataganlarini aytgan, tarjimada bu birikma oʻrniga qaydandir paydo boʻlgan «suyuqoyoq iloha» birikmasi «Bokira»ga bogʻlanadi. Bu oʻrinda Volterning «Orlean bokirasi» asari nazarda tutilayotgan ekan, gap Janna d`Ark haqida. Shunday boʻlsa, ijodiy yondashgan tarjimon unga «suyuqoyoq iloha» sifatini oʻzi berayotgan boʻlib chiqadimi?! Albatta, tarjimonning «Orlean bokirasi»ni oʻqigani, Volter dahriylik adabiyotining choʻqqisi sanaluvchi ushbu hajviy poemasida Janna d`Arkning qahramon oʻlaroq talqin etilishiga tamom zid yoʻldan borganini bilgani juda yaxshi. Alohida olinsa, u berayotgan sifat Volter poemada yaratgan obrazga loyiq ham. Biroq, asliyatda gap umuman boshqa narsa haqida borayotganini eʼtiborga olsak, tarjimada u tamoman oʻrinsiz. Asliyatda gapning davomida kelgan «vspominali strochku Didro «Kishkoy poslednego popa poslednego sarya udavim» jumlasi «Didroning «Oxirgi popning ichagi ichra soʻnggi podshoni koʻramiz» degan satrlarini eslashadi» tarzida oʻgirilgan. Didroniki deb taqdim qilinayotgan ushbu misrani oʻqigan jurnalxonning «Didro-Didro deyishadi, bu qip-qizil telba ekan-ku!» deya oʻylab qolishi hech ajablanarli emas. Toʻgʻri-da, axir, qanday qilib birovning ichagi ichra boshqa birovni koʻrib boʻladi?! Holbuki, asliyatga koʻra, Didro «Oxirgi popning ichagi bilan soʻnggi podshoni boʻgʻib oʻldiramiz!» degan.
Tagʻinam bilmadim-u, ammo tarjimani oʻqirkan, baʼzan xayolga «bir boʻlsa, mutarjimning ish uslubi oʻziga xos, yaʼni avval bir abzatsni toʻliq oʻqib, soʻng uning mazmunini oʻzbekcha bayon qiladi, chogʻi» degan oʻylar keladi. Negaki munday qarasang, abzats mazmuni toʻla berilgandek, lekin asliyatga muvofiqlikdan yiroq boʻlaveradi. Yuqorida koʻrib oʻtilganlardan boshqa ham misollar koʻp. Misol uchun quyida yana bitta abzatsning asli bilan tarjimasini qiyoslab koʻramiz.
Asliyatda: «I tut v razgovor vstupil Kazot. Eto imya togda bыlo na sluxu. Avtor ochen populyarnogo misticheskogo romana «Vlyublennыy dyavol». No, glavnoye, za Kazotom tyanulas temnaya slava predskazatelya. Govorili, budto posle «Vlyublennogo dyavola» i nachalis yego prorocheskiye videniya».
Tarjimada: «Xuddi shu joyda suhbatga Kazot aralashdi. Odamlar orasida juda mashhur boʻlib ketgan «Oshiq boʻlib qolgan shayton» mistik romanining muallifi sifatida uning nomi hammaning tilida edi. Eng muhimi, gap bunda ham emasdi. U mashʼum bashoratchi sifatida nom chiqargandi. «Oshiq boʻlib qolgan shayton» asaridan keyin bashoratli sharpalar uning borligʻini qamrab olgan degan gaplar yurardi».
Eʼtibor berilsa, ikkinchi va uchinchi gaplar tarjimada birlashtirib yuborilganini koʻrish qiyin emas. Umuman olganda, gaplar mazmuni ham toʻliq, hatto ortigʻi bilan yetkazilgan kabi. Shundayku-ya, lekin asosiy eʼtiroz ham eng avval oʻsha «ortigʻi bilan»ga-da! Asliyat avval Kazotning «nomi koʻpchilikning tiliga tushgani»dan xabar beradi, shundan soʻng «gʻoyat mashhur roman muallifi» ekani aytiladi. Har ikki jumlada ham alohida fakt qayd etiladi, xolos, bu faktlarning oʻzaro aloqasi aytilmaydi, munosabatdor ham etilmaydi (yaʼni romanni yozguniga qadar ham uning nomi tilga tushgan boʻlaverishi mumkin). Tarjimon esa bu ikki jumlani sabab-natija munosabatida bogʻlaydiki, natijada Kazot romani tufayli mashhur boʻlgan degan xulosa kelib chiqadi. Bu esa asliyatda yoʻq narsa, demak, tarjimonning oʻzidan qoʻshilgan deyish mumkin. Tarjimadagi uchinchi gap («Eng muhimi, gap bunda ham emasdi») asliyatda umuman yoʻq, buning ustiga, oʻzbekcha matnda umuman ortiqcha, hatto, zararli ham – mantiqiy gʻalizlikni keltirib chiqaradi. Yana Kazot romanni yozgandan keyin «bashoratli sharpalar uning borligʻini qamrab olgan» deyilgani ham mutarjim ijodidan (bizda «odamlari bor» deb qoʻyishadi-ku, shundan gula koʻtarilgan, chamasi). Qizigʻi, oʻzidan qoʻshgani holda, asliyatda mavjud muhim detallar tarjimada tushirib qoldiriladi. Deylik, asliyatda oxirgi gapdagi informatsiya «emish» («budto») maqomida taqdim etilgan, tarjimada esa bu aks etmay qolgan. Yoki asliyatda tilga olingan Kazotning «Vlyublennыy dyavol» romani nomi tarjimada «Oshiq boʻlib qolgan shayton» shaklida berilgan. Holbuki, gʻarb adabiyotidagi «dyavol», «demon» soʻzlarini bizda koʻproq «iblis» shaklida ishlatish anʼanasi mavjudki, bu bilan bizning adabiy-madaniy anʼanadagi shaytondan farqlanadi. Ikkinchidan, bu tarz shakllantirilgan nom romanga xos emas. Shunga koʻra asar nomi «Oshiq iblis» deb qisqaroq shaklda berilgani toʻgʻri boʻladi. Xullas, koʻrib oʻtilgan abzats tarjimasi yuqorida ham qisman eʼtibor qilganimiz – tarjima amaliyotida koʻp kuzatilayotgan asliyatdan chekinish, mazmunni oʻgirgan holda matn ortida turgan subyektni, uning oʻziga xos nuqtai nazari, hissiy munosabati va bahosini ifodalashga yetarli ahamiyat bermaslik kabi kamchiliklar odat tusiga kirib, odatiy holga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Rostini aytay, «Qonsiragan ilohlar» mutolaasida bir betdan nariga oʻtolmadim: ilgari rus tilida oʻqiganim uchun ortiq toqatim yetmadi. Yana afsus bilan taʼkidlab aytamanki, tarjimachiligimizda ahvol u qadar yaxshi emas. Shu darajadaki, bir oyda bir bora chop etiladigan jurnalni sifatli tarjimalar bilan taʼminlash uchun ham yetarli kuchlarga ega emasmiz degan oʻy keladi kishiga. Yor yordin xarob deganlaridek, tarjimashunoslikning ahvoli ham bundan yaxshi emas: Gʻaybulla Salomdan soʻng u asos solgan maktab ham tarqab ketdimi, har tugul, badiiy tarjima masalalarini oʻrganuvchi olimlar ham, uning dolzarb masalalarini yorituvchi pishiq ilmiy maqolalar ham, yangi tarjima asarlar tahliliga ixtisoslashgan tanqidchilar ham yoʻq hisobi. Toki yoʻqotilgan narsalarni tiklamas ekanmiz, bu borada jiddiy siljishdan umid qilmasa ham boʻladi. Lekin sohada oʻzgarish yasash – gʻoyat muhim vazifa, zero, bu millat maʼnaviy kamoloti, maʼrifiy yuksalishida bagʻoyat katta ahamiyat kasb etadi. Shunga koʻra bu boradagi ishlarni markazlashtiradigan, muvofiqlashtiradigan, kerak boʻlsa, boshqaradigan markazga ehtiyoj bor. Shunday markaz vazifasini, bizningcha, «Jahon adabiyoti» jurnali zimmasiga olishi har jihatdan toʻgʻri boʻlur edi. Zero, jurnalda mutarjimlar bilan doimiy aloqada boʻlish, tarjima qilinishi kerak asarlarni saralash va buni amalga oshira oladigan mutarjimlarni belgilash imkoniyatlari bor. Shuningdek, jurnal yangi tarjima qilingan asarlar tahlili, ular haqida mutaxassislar fikrini muntazam chop etib borsa, tarjimachilik va tarjimashunoslik sohalari rivojlanishiga ijobiy taʼsir etgan boʻlur edi.
2017 yil
Hozirda ijtimoiy tarmoqlar urf boʻlganini bi lasiz. Zamondan ortda qolmaslik qasdida kamina ham aralashib turaman. Internet imkonlaridan kasbimiz taqozosiga koʻra foydalanishni niyat qilib Feysbuk
da «Taassurot» nomli guruh ochgandim. Maqsad, guruh
aʼzolari oʻzlari yangi oʻqigan asarlardan olgan ohorli taassurotlari bilan oʻrtoqlashsalar-da, shuning taʼ
sirida kitob oʻqishga qiziqish ortsa. Xullas, shunga
yozganlarimdan ayrimlarini oʻrtoqlashgim keldi.
2013 yil 12 sentyabr
«Жаҳон адабиёти» журнали дунё адабиёти, фалсафаси, илм-фанининг нодир намуналари билан таништириш орқали миллат маънавиятини юксалтириш, миллий бадиий ва ижтимоий тафаккурини ўстиришда муҳим аҳамиятга эга. Дунё юзини кўрганига йигирма йил бўлган журнал бу борада кўп хайрли ишларни амалга оширди. Деганим, журнал фаолияти улуғ устозларимиз шундай журнал ташкил бўлишини орзулаб юрганларида кўнгилларига туккан ниятларни бир-бир рўёбга чиқараётирки, бунинг учун энг аввал таҳририят ходимларига, журнал ишида иштирок этаётган мутаржимлар ва муаллифларга таҳсин айтмоқ керак бўлади. Бироқ, билмадим, яхши бўлгани сари янаям яхшироқ бўлишини тилашдек инсоний ожизликданми, нимадир етишмаётгандек, ҳали жиддий етишмовчиликлар бордек туюлаверади. Хуллас, ич-ичимда қониқмаслик ҳисси ўринлашган-да, рости, неча йиллардан бери ундан фориғ бўла олмай келаман. Cабабини сўрасангиз, оддий – журнал эълон қилган асарларнинг кўпини аввал рус тилида ўқиганим учунми, уларни ўзбекча мутолаа қилганимда недир қониқмаслик қолаверади: биридан озгина, бошқасидан кўпроқ, тағин биридан...
Журналнинг 6-сонида Э.Радзинскийнинг «Берегитесь, боги жаждут!» номли асари Жамолиддин Сафоев таржимасида «Қонсираган илоҳлар» номи билан чоп этилди. Асар муаллифи – кўпчиликка телевидение орқали таниш, ўзининг нотиқлиги билан шуҳрат топган, нотиқлик санъатининг ҳадисини олганлардан эканлиги кўпчилик томонидан эътироф этилган одам. Буни эслатаётганим бежиз эмас. Гап шундаки, Э.Радзинский тарихий-публицистик асарларининг кўпини ўқиб беришни кўзда тутган ҳолда ёзган, яъни улар НУТҚ ўлароқ дунёга келган. Айни ҳол уларнинг нутқий қурилиши жиҳатидан ўзига хос бўлишини, биринчи навбатда, жонли нутққа яқин бўлишини тақозо этади. Шу боис ҳам, масалан, биринчи жумла қуйидагича: «Через несколько лет после революции, в тысяча восемьсот третьем году, скончался Жан Франсуа де Лагарп». Кўряпмизки, жумла ажратилган бўлак билан мураккаблашган содда гап шаклида. Хўш, нима бўпти? Умуман олганда, парцелятив конструкциялар (ажратилган бўлаклар, киришлар, ундалмалар, модал бирликлар) билан мураккаблашув жонли нутққа хос. Бунинг аҳамиятини биринчи жумла мисолида кўриб ўтамиз. Жумлани вақтни тақрибан айтиш («инқилобдан бир неча йил кейин») билан бошлаш орқали ўқувчи шуурига гўё «вақт эмас, содир бўлган ҳодиса муҳим» деган сигнал юборилади. Шунинг ортиданоқ вақтнинг аниқлаштирилиши («бир минг саккиз юз учинчи йилда»), бир томондан, тингловчига етказиш кўзланган информация асоси (Лагарпнинг ўлими)нинг етказилишини секинлатади (бу билан тингловчининг қизиқиши янада кучайтирилади, яъни «қулоғи динг бўлади»), бироқ вақт аниқлаштирилгандан кейин айтилган хабар ўқувчи кутганча эмас («Хўп, ўлибди, нима бўпти шунга? Ким ўзи у?!»). Яъни ўқувчи кутишда давом этади, энди кейинги жумлага жавоб кутиб қулоқ беради...
Ҳозирча кейинги жумлани қўя турайлик-да, биринчи жумланинг таржимасига диққат қилайлик: «Инқилобдан бир неча йил ўтиб, 1803 йил Жан Франсуа Лагарп вафот этди». Бизнингча, таржимада аслият жумласида кўрганимиз психологик таъсир механизми тамом издан чиққан. Сабаби, аслият услубининг қайта яратилмагани, аниқроғи, жумла қурилишининг ўзгаргани. Ўзгариш шундаки, биринчидан, вақт ҳоли ажратилмаяпти (асли бу ерда грамматик ва пунктуацион хато бор), иккинчидан, сананинг рақамлар билан берилгани ўқувчининг ажратилганликни (грамматик хатога қарамасдан) ҳис қилишга монелик қилади. Агар жумла ўзбекчага «Инқилобдан бир неча йил ўтиб, бир минг саккиз юз учинчи йилда, Жан Франсуа Лагарп вафот этди» шаклида ўгирилса эди, услубан адекват бўлишдан ташқари кейинги жумла билан алоқаси ҳам, қабул қилиниши ҳам аслиятга яқин бўлур эди.
Шу йўсин давом этамиз. Демак, нотиқдан тингловчи биринчи жумла пайдо қилган саволга («Хўп, ўлибди, нима бўпти шунга? Ким ўзи у?!») жавоб кутади, шуни билган ҳолда у айтадики: «Был он известным писателем и воинствующим атеистом в молодые годы». Ушбу жумла «У таниқли ёзувчи ва ёшлик чоғлари ашаддий даҳрийлиги билан ном чиқарган эди» шаклида таржима қилинган. Аввало, таржимада яна услуб, аниқроқ айтсак, ифода сиқиқлиги йўқотилган; иккинчидан, мазмун ўзгарган: «ёшлик йиллари ашаддий даҳрий бўлган» ўрнига «ёшлик чоғлари ашаддий даҳрийлиги билан ном чиқарган эди» дейилмоқда, яъни аслиятда йўқ нарса даъво қилинмоқда. Иккинчидан, аслиятда «был он» тарзидаги инверсия кесимни уюшган тўлдирувчиларнинг иккисига гўё навбатма-навбат тааллуқли этади, яъни «был он известным писателем... был он воинствующим атеистом в молодые годы». Демак, жумла ўзбекчага «У таниқли ёзувчи, ёшлик йиллари ашаддий даҳрий бўлган» деб ўгирилса эди, ўзидан аввалги гап изоҳи эканлигига мос шаклни олган бўлур эди.
Бироқ мазкур жавоб ҳам Радзинскийнинг тингловчиси – муайян тайёргарликка эга кишини қониқтириш учун кам, унинг ҳафсаласи пир бўла бошлайди («Ёзувчидан кўпи борми? У даврда даҳрий бўлмаган кас қолганмиди ўзи?!»). Худди шуни сезгандек (албатта сезган, аниқроғи, ўзи тингловчи ҳисларни бошқаряпти-ку!), нотиқ айтадики: «Но много претерпел в революцию и умер глубоко верующим человеком». Сезган бўлсангиз, бу гап тингловчининг саволига қисман жавоб («Ҳа-а, чигал тақдирли одам экан-да!») бўлиши билан бирга унинг қизиқишини кучайтириши керак. Негаки даҳрийнинг художўйга айланиш жараёнидаги эврилишларни умумий тарзда тасаввур қилади. Жумланинг ўзбекча таржимаси, афсуски, аслиятдаги жумла функцияларини бажара олмайди: «Инқилоб саросималарида бошидан кўп машаққатларни ўтказиб, динга қаттиқ ихлос ва эътиқод билан дунёдан кўз юмади». Аввало, аслиятда бу жумла «но» боғловчиси билан бошланиб, мазмунан аввалигисига очиқ зидланган («ашаддий даҳрий» – «художўй») эдики, таржимада бу фақат умумий мазмундан англашилади. Иккинчидан, бунда ҳам кўпсўзлилик, ифода сиқиқлигининг йўқолиши кузатилади. Жумла «Бироқ инқилобда кўп шўришларни бошдан ўтказиб, жуда художўй бўлиб оламдан ўтди» шаклида берилганида, бизнингча, аслиятга мосликка, хусусан, жумлараро мазмуний алоқаларни тўғри беришга кўпроқ эришиларди.
Ниҳоят, тингловчида Лагарп шахсига бироз қизиқиш уйғотгач, асосий гап – унинг ўлимидан сўнг қоғозлари орасидан топилган қўлёзма хабари берилади: «В его бумагах после смерти нашли загадочный текст, весьма взволновавший Европу». Айни жумла билан нутқнинг муҳим композицион бўлаги – абзац ниҳоясига етади. Одатда, энг асосий (яъни мавзуни белгиловчи асосий хабарни етказаётган гап) биринчи планга – абзац боши ё охирига қўйилади. Бизда иккинчи ҳол: нотиқ тингловчи диққатини асло сусайтирмасдан, қизиқишини кучайтириб борабора охирида асосий хабарни беряптики, бу билан энди нутқнинг давомига қизиқиш («Қандай қўлёзма? Нимаси сирли?..») уйғотилади. Аввало, ушбу жумла таржимасида ҳам кўпсўзлилик кузатилади: «Ўлимидан сўнг унинг қоғозлари ичидан бутун Европани қаттиқ ҳаяжонга солган бир сирли матнни топишади». Иккинчидан, аслиятдаги жумлада сифатдош обороти билан ифодаланган ажратилган аниқловчи борки, у гапдаги одатий позицияси ўзгаргани (аниқланмишдан кейин келади) боис ажратилган. Бу нарса гапдаги энг муҳим хабар – «сирли матн»ни урғули позицияга чиқариш, яъни урғулашга хизмат қилган. Таржимада эса урғулаб ўтирилмайди – шунчаки бир текис хабар берилади, натижада аслиятдаги нотиқ интонацияси, демакки, унинг ўзи етказаётган хабарга муносабати ҳам, тингловчиси билан мулоқотининг ўзига хослиги ҳам изсиз йўқолади. Бизнингча, агар жумла «Ўлимидан сўнг қоғозлари орасидан сирли бир матн топилдики, у Европани кучли ҳаяжонга солди» шаклида ўгирилганида, йўқотиш камроқ бўлур эди. Тўғри, бу ҳолда аслиятдаги содда гап қўшма гапга айланади, бироқ шу ҳисобга нутқдаги фикр оқими ва интонацияни аслига яқин бериш имкони яратилади.
Дастлабки абзац ҳақида айтилганлар, бизнингча, таржиманинг энг асосий қусури – муаллиф услубининг аслига мувофиқ берилмаганини етарлича кўрсатади. Таассуфки, бу қусур ҳозир фаолиятдаги кўпчилик мутаржимларга хос бўлиб, бугунги кунга келиб таржима амалиёти ва таржимашунослигимиз жиддий эътибор бериши тақозо этилаётган долзарб масалага айланиб қолди. Ҳолбуки, бадиий таржимада, айниқса, бу масала ҳамиша алоҳида эътиборда туриши лозим келади. Зеро, таржимада муаллиф услубининг йўқолиши – унда муаллиф шахсининг адекват акс этмаслиги, демак, асарнинг чала (яъни таглама мақомида) ўгирилганига далолат қилади.
Энди ўзбек тилига таржималарда одатий бўлиб қолган яна бир қусур – қисман услуб билан ҳам боғлиқ бўлган аслият жумла қурилишининг адекват берилмаслигига тўхталсак. Жумладан, таржимонларимиз ҳеч иккиланмай қўшма гапларни бир неча содда гапларга ажратиб юбораверадиларки, чамаси, улар бунинг ҳеч бир зарари йўқ деб ҳисоблайдилар. Ҳолбуки, жумланинг синтактик қурилиши фикрнинг ўзига хос оқими, динамикасини, нутқнинг интонацион хусусиятларини ўзида намоён этади.
Масалан, «Беседовали о том, о чем тогда говорили по всюду – от последней лакейской до герцогских дворцов: о Вольтере, Дидро, Руссо, Монтескье» жумласи иккита содда гапдан (шулардан бири мураккаблашган) таркиб топган қўшма гап бўлса, таржимада у иккита алоҳида содда гап шаклида берилган: «Суҳбат хизматкорлардан тортиб герцоглар саройларигача – барча-барча гапириб юрган мавзуда эди. Улар дастлаб Вольтер, Дидро, Руссо, Монтескье ҳақида баҳс-мунозара юритишади». Аввало, бундай таржима аслият мазмунига мувофиқ келмайди. Жумладан, «Вольтер ... ҳақида баҳс-мунозара юритишади» дегани аслиятда йўқ, бунинг устига, «дастлаб» сўзининг қўллангани ортидан «сўнг»ни тақозо қилади (бу талаб қондирилмаган). Муҳими, матнда йўқдан бор қилингани етмаганидек, бу сўз билан пайдо қилинган талаб (бу талаб ўқувчи онгида пайдо бўлган, яъни у «дастлаб»ни эшитибоқ «сўнг»ни кутган) қондирилган эмас. Муаллиф «лакейхоналардан герцог қасрларигача» деса, таржимада «хизматкорлардан герцог саройларигача» шаклида ўқиймиз, яъни «жойдан жойгача» қолипи «бу тоифадан мана бу тоифа турар жойигача»га ўзгаргани мантиқий ғализликни келтириб чиқаради. Аслиятда «ҳамма ерда гапирилиб турган мавзу» (яъни гапирувчилар мавҳум, феълнинг мажҳул нисбатдалиги шундан) дейилса, таржимада «барча-барча гапириб юрган мавзу» деб ўқиймизки, бунда ҳам мазмун-моҳият ўзгарганини сезиш қийин эмас. Ниҳоят, таржимада иккала содда гапнинг ўзаро алоқаси ҳам аслида йўқ мазмунни келтириб чиқаради: гўё ҳамма гапириб юрган мавзуда суҳбат кетаётган эди-да, сўнг Вольтер ва бошқалар ҳақида баҳс-мунозара бошланди.
Аслият билан таржима орасидаги айрим номувофиқликларга дуч келганингда эса «кулишингни ҳам, йиғлашингни ҳам билмайсан» дея таърифланувчи ҳолат юзага келади. Масалан, аслиятдаги «Цитировали «Девственницу» «бога неверия» Вольтера (как его тогда почтительно называли)» жумласи «Вольтернинг «суюқоёқ илоҳа» (ўшанда уни шундай аташарди) ҳақидаги «Бокира»сидан иқтибослар келтиришади» деб ўгирилган. Муаллиф ўз даврида Вольтерни «даҳрийлик худоси» деб атаганларини айтган, таржимада бу бирикма ўрнига қайдандир пайдо бўлган «суюқоёқ илоҳа» бирикмаси «Бокира»га боғланади. Бу ўринда Вольтернинг «Орлеан бокираси» асари назарда тутилаётган экан, гап Жанна д`Арк ҳақида. Шундай бўлса, ижодий ёндашган таржимон унга «суюқоёқ илоҳа» сифатини ўзи бераётган бўлиб чиқадими?! Албатта, таржимоннинг «Орлеан бокираси»ни ўқигани, Вольтер даҳрийлик адабиётининг чўққиси саналувчи ушбу ҳажвий поэмасида Жанна д`Аркнинг қаҳрамон ўлароқ талқин этилишига тамом зид йўлдан борганини билгани жуда яхши. Алоҳида олинса, у бераётган сифат Вольтер поэмада яратган образга лойиқ ҳам. Бироқ, аслиятда гап умуман бошқа нарса ҳақида бораётганини эътиборга олсак, таржимада у тамоман ўринсиз. Аслиятда гапнинг давомида келган «вспоминали строчку Дидро «Кишкой последнего попа последнего царя удавим» жумласи «Дидронинг «Охирги попнинг ичаги ичра сўнгги подшони кўрамиз» деган сатрларини эслашади» тарзида ўгирилган. Дидроники деб тақдим қилинаётган ушбу мисрани ўқиган журналхоннинг «Дидро-Дидро дейишади, бу қип-қизил телба экан-ку!» дея ўйлаб қолиши ҳеч ажабланарли эмас. Тўғри-да, ахир, қандай қилиб бировнинг ичаги ичра бошқа бировни кўриб бўлади?! Ҳолбуки, аслиятга кўра, Дидро «Охирги попнинг ичаги билан сўнгги подшони бўғиб ўлдирамиз!» деган.
Тағинам билмадим-у, аммо таржимани ўқиркан, баъзан хаёлга «бир бўлса, мутаржимнинг иш услуби ўзига хос, яъни аввал бир абзацни тўлиқ ўқиб, сўнг унинг мазмунини ўзбекча баён қилади, чоғи» деган ўйлар келади. Негаки мундай қарасанг, абзац мазмуни тўла берилгандек, лекин аслиятга мувофиқликдан йироқ бўлаверади. Юқорида кўриб ўтилганлардан бошқа ҳам мисоллар кўп. Мисол учун қуйида яна битта абзацнинг асли билан таржимасини қиёслаб кўрамиз.
Аслиятда: «И тут в разговор вступил Казот. Это имя тогда было на слуху. Автор очень популярного мистического романа «Влюбленный дьявол». Но, главное, за Казотом тянулась темная слава предсказателя. Говорили, будто после «Влюбленного дьявола» и начались его пророческие видения».
Таржимада: «Худди шу жойда суҳбатга Казот аралашди. Одамлар орасида жуда машҳур бўлиб кетган «Ошиқ бўлиб қолган шайтон» мистик романининг муаллифи сифатида унинг номи ҳамманинг тилида эди. Энг муҳими, гап бунда ҳам эмасди. У машъум башоратчи сифатида ном чиқарганди. «Ошиқ бўлиб қолган шайтон» асаридан кейин башоратли шарпалар унинг борлиғини қамраб олган деган гаплар юрарди».
Эътибор берилса, иккинчи ва учинчи гаплар таржимада бирлаштириб юборилганини кўриш қийин эмас. Умуман олганда, гаплар мазмуни ҳам тўлиқ, ҳатто ортиғи билан етказилган каби. Шундайку-я, лекин асосий эътироз ҳам энг аввал ўша «ортиғи билан»га-да! Аслият аввал Казотнинг «номи кўпчиликнинг тилига тушгани»дан хабар беради, шундан сўнг «ғоят машҳур роман муаллифи» экани айтилади. Ҳар икки жумлада ҳам алоҳида факт қайд этилади, холос, бу фактларнинг ўзаро алоқаси айтилмайди, муносабатдор ҳам этилмайди (яъни романни ёзгунига қадар ҳам унинг номи тилга тушган бўлавериши мумкин). Таржимон эса бу икки жумлани сабаб-натижа муносабатида боғлайдики, натижада Казот романи туфайли машҳур бўлган деган хулоса келиб чиқади. Бу эса аслиятда йўқ нарса, демак, таржимоннинг ўзидан қўшилган дейиш мумкин. Таржимадаги учинчи гап («Энг муҳими, гап бунда ҳам эмасди») аслиятда умуман йўқ, бунинг устига, ўзбекча матнда умуман ортиқча, ҳатто, зарарли ҳам – мантиқий ғализликни келтириб чиқаради. Яна Казот романни ёзгандан кейин «башоратли шарпалар унинг борлиғини қамраб олган» дейилгани ҳам мутаржим ижодидан (бизда «одамлари бор» деб қўйишади-ку, шундан гула кўтарилган, чамаси). Қизиғи, ўзидан қўшгани ҳолда, аслиятда мавжуд муҳим деталлар таржимада тушириб қолдирилади. Дейлик, аслиятда охирги гапдаги информация «эмиш» («будто») мақомида тақдим этилган, таржимада эса бу акс этмай қолган. Ёки аслиятда тилга олинган Казотнинг «Влюбленный дьявол» романи номи таржимада «Ошиқ бўлиб қолган шайтон» шаклида берилган. Ҳолбуки, ғарб адабиётидаги «дьявол», «демон» сўзларини бизда кўпроқ «иблис» шаклида ишлатиш анъанаси мавжудки, бу билан бизнинг адабий-маданий анъанадаги шайтондан фарқланади. Иккинчидан, бу тарз шакллантирилган ном романга хос эмас. Шунга кўра асар номи «Ошиқ иблис» деб қисқароқ шаклда берилгани тўғри бўлади. Хуллас, кўриб ўтилган абзац таржимаси юқорида ҳам қисман эътибор қилганимиз – таржима амалиётида кўп кузатилаётган аслиятдан чекиниш, мазмунни ўгирган ҳолда матн ортида турган субъектни, унинг ўзига хос нуқтаи назари, ҳиссий муносабати ва баҳосини ифодалашга етарли аҳамият бермаслик каби камчиликлар одат тусига кириб, одатий ҳолга айланиб бораётганидан далолат беради.
Ростини айтай, «Қонсираган илоҳлар» мутолаасида бир бетдан нарига ўтолмадим: илгари рус тилида ўқиганим учун ортиқ тоқатим етмади. Яна афсус билан таъкидлаб айтаманки, таржимачилигимизда аҳвол у қадар яхши эмас. Шу даражадаки, бир ойда бир бора чоп этиладиган журнални сифатли таржималар билан таъминлаш учун ҳам етарли кучларга эга эмасмиз деган ўй келади кишига. Ёр ёрдин хароб деганларидек, таржимашуносликнинг аҳволи ҳам бундан яхши эмас: Ғайбулла Саломдан сўнг у асос солган мактаб ҳам тарқаб кетдими, ҳар тугул, бадиий таржима масалаларини ўрганувчи олимлар ҳам, унинг долзарб масалаларини ёритувчи пишиқ илмий мақолалар ҳам, янги таржима асарлар таҳлилига ихтисослашган танқидчилар ҳам йўқ ҳисоби. Токи йўқотилган нарсаларни тикламас эканмиз, бу борада жиддий силжишдан умид қилмаса ҳам бўлади. Лекин соҳада ўзгариш ясаш – ғоят муҳим вазифа, зеро, бу миллат маънавий камолоти, маърифий юксалишида бағоят катта аҳамият касб этади. Шунга кўра бу борадаги ишларни марказлаштирадиган, мувофиқлаштирадиган, керак бўлса, бошқарадиган марказга эҳтиёж бор. Шундай марказ вазифасини, бизнингча, «Жаҳон адабиёти» журнали зиммасига олиши ҳар жиҳатдан тўғри бўлур эди. Зеро, журналда мутаржимлар билан доимий алоқада бўлиш, таржима қилиниши керак асарларни саралаш ва буни амалга ошира оладиган мутаржимларни белгилаш имкониятлари бор. Шунингдек, журнал янги таржима қилинган асарлар таҳлили, улар ҳақида мутахассислар фикрини мунтазам чоп этиб борса, таржимачилик ва таржимашунослик соҳалари ривожланишига ижобий таъсир этган бўлур эди.
2017 йил
Ҳозирда ижтимоий тармоқлар урф бўлганини би ласиз. Замондан ортда қолмаслик қасдида камина ҳам аралашиб тураман. Интернет имконларидан касбимиз тақозосига кўра фойдаланишни ният қилиб Фейсбук
да «Таассурот» номли гуруҳ очгандим. Мақсад, гуруҳ
аъзолари ўзлари янги ўқиган асарлардан олган оҳорли таассуротлари билан ўртоқлашсалар-да, шунинг таъ
сирида китоб ўқишга қизиқиш ортса. Хуллас, шунга
ёзганларимдан айримларини ўртоқлашгим келди.
2013 йил 12 сентябрь
Dilmurod Quronov