← Dilmurod Quronov
|

Tarjima tanqidchiligi haqida

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

Mustaqillik yillarida badiiy tarjima bobida juda katta ishlar amalga oshirilgani, jahon adabiyotining koʻplab namunalari oʻzbek tiliga oʻgirilgani, muhimi, asliyatdan oʻgirish amaliyoti keng yoyila boshlagani hammamizga maʼlum. Mana, yigirma yildan ziyod vaqt oʻtdiki, «Jahon adabiyoti» jurnali xalqimizga dunyo adib-u shoirlari ijodidan sara namunalarni har oy taqdim etib keladi. Bu yutuqlarni, albatta, qoniqish bilan qayd etish kerak. Ayni paytda, yutuqlarni eʼtirof etarkan, koʻp yillardan beri tarjima tanqidchiligi sohasi eʼtibordan qolib kelayotganini eʼtirof etmasak ham insofdan boʻlmaydi. Zero, agar tarjima sohasida yuqorida aytilgan qadar koʻp ishlar qilinayotgan boʻlsa-yu, tarjima asarlar tanqidchilik muhokamasidan chetda qolar ekan, yutuqlarning izchil va bardavom boʻlib qolishi mumkin emas. Ikkinchi tomondan, agarki tarjima tanqidchiligi faol boʻlmasa, tarjima nazariyasi ham suvsiragan daraxt misoli qovjirab qurish­ni boshlaydi. Xullas, tarjima tanqidchiligi, bundan qariyb yuz yillar narida Choʻlpon tarjimachilikning oʻzi haqida aytgani kabi, «... ataylabmi yo beparvolik natijasidami? – haligacha koʻlagada qoldirilib keladi»ki, bu «bir sistemaga aylanib borayotir. Shu uchun ham tovush chiqarib «qorovul» deb qoʻyish lozim, zarur!»1

Hozirgi tarjimachiligimizdagi ijobiy holatlar haqida aytganlarimiz koʻproq uning salmoq, son jihatiga asoslanadi. Xoʻsh, oʻsha tarjimalar sifati qanday? Ular bugungi kun oʻquvchisining talab-ehtiyojlari, didi-yu saviyasiga munosibmi? Jahon adabiyotining oʻzbek tilida qayta yaralgan sara namunalari oʻquvchini oʻziga jalb etish, zavq-u hayratga oshno qilishga qodirmi? Mutarjimlarimiz birovning omonatini yetkazish masʼuliyatini doim ham his eta olyaptilarmi?.. Afsuski, bu kabi savollarni qoʻyish hozirda urfdan chiqib, ular aksar ochiq qolayotir. Kitobxonlarning qay birisi buni oʻylab ham koʻrar, aksariyati esa oʻylab ham oʻtirmaydi – «faloniyning maqtalguchi fiston asari shu emish» deya yamlamay yutib yuboraveradi. Tarjima tanqidchiligining jim turishi esa mazkur holni normaga – odatiyga aylantiradi. Kitobxonlik darajasining tu­ shishiga olib kelgan omillardan biri – shu deya nuqib koʻrsatsam, mubolagʻaga yoʻyilmaydimi? Qarang, 2016-yilda «Jahon adabiyoti» jurnalining adadi, mamlakatdagi aholi2 soniga nisbatan olinsa, taqriban toʻqqiz ming kishiga bittadan toʻgʻri kelgan ekan. Majburiy obunaga ayovsiz oʻt ochilgan 2019-yilda ahvol qanday boʻlsaykin?!.

Albatta, tushkunroq kayfiyatdagilar: «E-e, tarjima tanqid­ chiligi nima ham qilib berardi?» – deyishi ham mumkin. Buning ustiga, tarjima asarlarning oʻzi oʻqilmayotgan bir paytda tarjima tanqidiga kimning ham koʻzi uchib turibdi ekan?! Bizningcha, hozirgi sharoitda tarjima tanqidchiligining butun diqqat-eʼtibori bitta vazifaga – tarjima sifatini koʻtarishga qaratilishi kerak. Bu holda tarjima tanqidining adresati ham keng kitobxonlar ommasi emas, koʻproq tarjimonlarning oʻzi boʻlib qoladi. Yaʼni oʻz-oʻzidan «kim oʻqiydi?» degan savolga oʻrin qolmaydi: tarjima tanqid­ chiligi yangi tarjimalarni atroflicha muhokama qilish, ularning yutuq va kamchiliklarini xolis koʻrsatib berish, oʻzaro fikr alma­ shish, xullas, mutarjimlar uchun oʻrganish maydoni boʻlib qoladi. Albatta, bu bilan tarjima tanqidiga xos ommaviylik bekor qilinmaydi, adresatning oʻzgarishini tarjimachilikdagi mavjud holatni tuzatishga qaratilgan muvaqqat va operativ chora sifatida tushunilsa toʻgʻriroq boʻladi. Mavjud holatning qandayligi haqida tasavvur hosil qilish maqsadida ayrim misollarni koʻrib oʻtamiz.

Jahon adabiyotining durdonalaridan sanaluvchi Gyugoning «Parij Bibi Maryam ibodatxonasi» romanining oʻzbek tiliga oʻgirilgani, shubhasiz, adabiy-madaniy hayotdagi muhim voqea. Mashhur Kvazimodo-yu Esmeraldani eslab, shavq bilan asar mutolaasiga kirishasan-da, bot-bot gʻaliz va tushunarsiz jumlalarga duch kela boshlaysan. Masalan, ilk bobda Odil sudlov saroyining Katta zali haqida soʻz borarkan, mana bu jumla diqqatni tortadi: «Tabiiyki, shu kuni oʻsha paytlar dunyodagi eng katta yopiq joy hisoblangan Katta zalga kirish oson emasdi (adolat yuzasidan aytish kerakki, Soval bu paytga kelib mahobatli Montarji saroyidagi ulkan zalning hajmini oʻlchashga hali ulgurmagan edi)». Eng avval «bu paytga kelib» bilan «hali ulgurmagan edi» birikmalari bogʻlanishidagi mantiqiy gʻalizlik koʻzga tashlanadi. Beixtiyor romanning rus tilidagi varianti bilan qiyoslab koʻrish istak-ehtiyoji tugʻiladi: «Нелегко было пробраться в этот день в большую залу, считавшуюся в то время самым обширным закрытым помещением на свете. (Правда, Соваль тогда еще не обмерил громадную залу в замке Монтаржи.)»3 Qiyosda esa asliyatga nomuvofiq holatlar koʻzga tashlanadiki, ularni tartibi bilan sanash maqsadga muvofiq:

1. Tarjima jumlada «tabiiyki» kirish soʻzi asliyatda yoʻq, uni mutarjim qoʻshgan. Natija shuki, asliyatda aynan «oʻsha kuni Katta zalga kirish oson boʻlmagani» urgʻulansa, tarjimada ushbu maʼno urgʻusi yoʻqotilib, aksincha, buning «tabiiyligi» taʼkidlanadi.

2. Sirtdan qaralsa, kirish gapning tarjimada asosiy gapdan keyin berilgani asliyatga mosdek koʻrinishi mumkin. Haqiqatda bu formal jihatdan toʻgʻri koʻrinsa-da, mazmunan toʻgʻri emas. Sababi, izoh sifatida kelgan kirish gap Katta zalning oʻsha vaqtda eng katta deb hisoblangani sababini oydinlashtiradi, shu bois ham asliyatda gapning shu maʼnoni anglatgan qismidan keyinoq keladi. Shu bois tarjimada ham «oʻsha paytlar dunyodagi eng katta yopiq joy hisoblangan» deyilgandan soʻng kelishi toʻgʻriroq boʻladi.

3. Kirish gap tarkibidagi «правда» kirish soʻzi oʻsha vaqtdagi kishilarning «eng katta» deb xato qilishlari uzrli ekanini taʼkidlaydi, tarjimadagi «adolat yuzasidan aytish kerakki» kalimasi esa ifoda maqsadini xiralashtiradi.

4. Nihoyat, kirish gapning «u vaqtlar Soval hali Montarji saroyidagi ulkan zalni oʻlchamagan» shaklida berilgani toʻgʻri boʻladi.

Aytilganlar hisobga olinsa, jumla «Bu kun u vaqtlarda dunyodagi eng katta yopiq joy deb hisoblanuvchi (toʻgʻri, u paytlar Soval hali Montarji saroyidagi ulkan zalni oʻlchamagan) Katta zalga kirib olish oson emas edi» shaklida oʻgirilganda asliyat bilan muvofiqlik yuzaga keladi, shundan soʻnggina uni sayqallash mumkin boʻladi.

Albatta, tarjimon ham odam – charchoq yo boshqa sabab bilan diqqatning susayishi bor gap, tarjimada bu kabi hollar ham birda-yarim uchrashi mumkin. Buni istisno oʻlaroq qabul qilsa ham boʻlar. Biroq bunday hollar qayta-qayta uchrasa-chi? Tabiiyki, bu holda tarjima masʼuliyati, asliyatga sodiqlik, uning uslubini qayta yaratish kabi qator masalalar oʻrtaga chiqadi. Toʻgʻri, bu masalalar amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarda oʻrganilayotgani, tadqiqot natijalari oliy oʻquv yurtidan tashqariga chiqmaydigan adadda chop qilinadigan ilmiy jurnallarda boʻlsa ham eʼlon qilinayotgani, ilmiy kengashlarda muhokama qilinayotgani ham bor gap. Biroq tarjima nazariyasi bilan amaliyot oʻrtasidagi aloqa tamom uzilgani ham ayni haqiqat. Sababi, bu ikkisini bogʻlovchi halqa – tarjima tanqidi karaxt, oʻlik-tirikligi mavhum bir ahvolda. Holbuki, agar tarjimalar haqida oʻz vaqtida fikr bildirib turilsa, yaʼni faoliyatdagi tarjima tanqidchiligi boʻlganida edi, tarjimonlarda masʼuliyat kuchayishi bilan birga hamkasblarning yutuq va xatolari asosida oʻrganish imkoniyati ham ortgan boʻlur edi. Hozirda esa hamma tarjimonlar oʻz holicha izlanib, oʻz yogʻiga qovrilib yotibdi. Natijada oʻzbek oʻquvchisiga taqdim etilgan asarlarda uqilishi qiyin, ortidagi tasvirni tasavvur qilish mushkul jumlalarga koʻplab duch kelinadi. Daʼvomiz quruq boʻlmasligi uchun yana bir misolni keltiramiz:

«Oldingi toʻrt ustun atrofida – savdogarlarning yarqirab turgan shisha va boshqa mayda-chuydalari qoʻyilgan; qolgan uch ustun atrofida esa ziyoratchilar va xizmatkorlar oʻtirib turishi natijasida yaltirab ketgan dub oʻrindiqlar oʻrnatilgan».

Romanda aytilishicha, zalda jami yettita ustun boʻlib, ular ikkiyoqlama ravoq shaklidagi shiftni koʻtarib turadi. Tarjimaga koʻra, shu ustunlarning oldingi toʻrttasi atrofiga «shisha va bosh­ qa mayda-chuydalar» qoʻyilgan. Savol tugʻiladi: ular shundoq polga yoyib qoʻyilganmi? Qiziq, Odil sudlov saroyiga shishalarni yoyib qoʻyishdan muddao nima? Eman yogʻochidan ishlangan oʻrindiqlarni oʻtiraverib yaltiratib yuborgan ziyoratchilar nega Odil sudlov saroyiga bu qadar serqatnov ekan? Ziyoratchilarga bu yerda nima bor? Xizmatkorlar-chi, hadeb oʻtirib-turaverish oʻrniga oʻz vazifalarini bajarishsa boʻlmaydimi? Javob topmoq­ chi boʻlinsa, albatta, yana ruscha asliyatga qarash kerak boʻladi. Unda esa jumla quyidagicha berilgan:

«Вокруг первых четырех столбов – лавочки торговцев, сверкающие стеклянными изделиями и мишурой; вокруг трех остальных – истертые дубовые скамьи, отполированные короткими широкими штанами тяжущихся и мантиями стряпчих».

Koʻryapmizki, ruscha asliyatga koʻra, dastlabki toʻrt ustun atrofida «savdogarlarning doʻkonchalari» joylashgan boʻlib, ularda «yaltiroq shisha buyumlar» qoʻyilgan ekan. Eman oʻrindiqlarni esa ziyoratchilar emas, «sudlashuvchilar» (тяжущииеся)ning keng sholvorlari yaltiratgan boʻlib chiqadi. Shuningdek, oʻrindiqlarni yaltiratishga tarjimada aytilgan kabi xizmatkorlar emas, sudlov mahkamasida ishlovchi xodimlar (advokatlar, kotiblar, mirzalar, prokuror yordamchilari)ning mantiyalari – sud xodimlarining ust kiyimi ham hissa qoʻshgan ekan. Umuman, gap komponentlarining bir-biriga bogʻlanishlarini toʻgʻri anglay olmaslik tufayli kelib chiqqan bunday kamchiliklar anchagina. Masalan, quyidagi gap ham yuqorida koʻrganimiz kabi savollar tugʻdiradi:

«Zalning butun aylanasi boʻylab – baland devorlar, derazalar va ustunlar oraligʻida – Faramonddan boshlab Fransiyaning barcha hukmdorlari: shafqatsiz, beburd va omadsiz hamda bo­ shi va qoʻllarini koʻtarib turgan shavkatli qirollarning haykallari qad rostlagan».

Avvalo, tarjima gapning qurilishi bu oʻrinda turlicha tushunish imkoniyatini yuzaga keltiradi: Agar «zalning butun aylanasi boʻylab – baland devorlar» deyilganini tugal gap deb qarasak, u holda bu ot-kesimli sintaktik qurilma boʻladi. Lekin bunda mantiqiy gʻalizlik yuzaga keladi. Chunki zalning atrofi baland devorlar bilan oʻralganini aytish ortiqcha, zero, mabodo devorlar boʻlmaganida, zalning oʻzi ham boʻlmas edi. Agar «baland devorlar, derazalar va ustunlar oraligʻida»ni ajratilgan hol deb oladigan boʻlsak, «baland devorlar ... oraligʻi» qayer ekani ham mavhum boʻlib qoladi, yaʼni yana mazmuniy gʻalizlik yuzaga keladi. Shunga oʻx­ shash, «shafqatsiz, beburd va omadsiz hamda boshi va qoʻllarini koʻtarib turgan shavkatli qirollar» qurilmasida ham gʻalizlik bor. Negaki «hamda» oʻzigacha va oʻzidan keyingi qismlarni ajratyapti deb ham, uyushiq bogʻlanishni taʼminlayapti deb ham hisoblash mumkin. Birinchi holda «boshi va qoʻllarini koʻtarib turgan shavkatli qirollar» birikmasining gʻalizligi taʼkidlanib qoladi. Bu yerda «boshi va qoʻllarini magʻrur koʻtargan» qabilidagi ifoda oʻrinli boʻlur edi. Ikkinchi holda esa ikkala qismning mazmunan alohidaligi bilinmay ketadi. Har ikki hol ham asliyat mazmuniga muvofiq emas. Bunga amin boʻlish uchun asliyat jumlasini keltiramiz:

«Кругом залы вдоль высоких стен, между дверьми, между окнами, между столбами – нескончаемая вереница изваяний королей Франции, начиная с Фарамонда: королей нерадивых, опустивших руки и потупивших очи, королей доблестных и воинственных, смело поднявших чело и руки к небесам».

Koʻrib turganimizdek, jumla qurilishi tarjimadagidan farqli: bunda «devorlar» na kesim vazifasida, na ajratilgan uyushiq hol tarkibida keladi, haykallar «zalning gir aylanasi – baland devorlar boʻylab» saf tortgani aytiladi. Jumlaning davomidan esa haykallar devordagi eshik va derazalar orasida, shuningdek, zalning oʻrtasidagi ustunlar orasida joylashgani anglashiladi. Shuningdek, safdagi haykal-qirollar ayrimlari xijolat tortayotgan kabi, boshqalarining magʻrur turgani ham aytiladi. Fikrimizcha, tarjimada asliyatdagi konstruksiyani toʻgʻri oʻgirish imkoni bor edi, lekin sintaktik aloqalar yaxshi ilgʻanmagani bois bunga erishilgan emas. Holbuki, jumlani quyidagicha shaklda asliyatga yaqin oʻgirish mumkin: «Zalning gir aylanasi – baland devorlar boʻylab, eshik, deraza va ustunlar orasida Faramonddan boshlab Fransiyaning barcha qirollari haykallarining adoqsiz safi: ularning ayrimlari epsiz boʻlganidan xijolatda qoʻllarini tushirib nigohlarini yerga qaratgan boʻlsalar, jasur va jangari oʻtganlari manglayi va qoʻllarini falakka magʻrur qaratganlar».

Tarjima tanqidchiligi haqida boshlagan gaplar boshqa tomon burilib ketgandek koʻrinishi mumkin. Haqiqatda esa oʻsha mavzu boshqacha yoʻsinda, tarjima tanqidchiligidagi falajlikning oqibatlarini koʻrsatish orqali davom etdi. Zero, koʻrib oʻtilgan holat ham shu oqibatlar sirasida sanalishi mumkin. Yana bir narsani taʼkidlab aytish zarur. Biz koʻrib oʻtgan kabi nuqson va kamchiliklar birgina «Parij Bibi Maryam ibodatxonasi» romani tarjimasiga emas, ming afsuski, hozirda amalga oshirilayotggan tarjimalarning hammasiga ham birdek xosdir. Yaʼni bugungi tarjimachiligimizdagi ahvol «qorovul» deya qichqirsa boʻladigan darajaga kelib qoldi desak mubolagʻa emas. Shuning uchun ham hozirgi kunda, jahon adabiyotidan koʻplab asarlar oʻzbek tiliga peshma-pesh oʻgirilayotgan bir sharoitda tarjima tanqidchiligini jonlantirish muhim vazifa boʻlib turibdi. Yaqinda bir sabab bilan 50 – 60-yillarda chop qilinagan «Мастерство перевода» nomli turkumga kirgan nashrlarni bir sidra koʻrib chiqishga toʻgʻri keldi.4 Oʻshanda ham tarjima tanqidini faollashtirish zarurati, xususan, tarjima tanqidchiligiga ixtisoslashgan jurnal taʼsis etish zarurligi haqidagi fikrlar bot-bot oʻrtaga tashlangan ekan. Bunday fikr-qarashlar 80-yillarda bizning adabiyotshunoslarimiz tomonidan ham koʻp bor oʻrtaga tashlangan. Endilikda esa shunchaki gapirish bilan cheklanmay, bu ishni amalga oshirish zarur. Chunki tarjimachiligimizdagi mavjud holat shuni taqozo etadi. Zudlik bilan yoʻlga qoʻyilishi mumkin choralar sifatida adabiy nashrlar – jurnal va gazetalarda tarjima tanqidiga keng oʻrin berish, buyurtma yoʻli bilan bu ishga mutaxassislarni jalb qilish, maxsus elektron jurnal taʼsis etish kabilarni koʻrsatish mumkin. Ayniqsa, jahon tillaridan bevosita tarjimalarga alohida eʼtibor zarur. Zero, uzoq davr mobaynida «ikkinchi ona til» sifatida qarab kelingan rus tilidan tarjimalar ham hanuz kamchiliklarga toʻla ekan, bevosita tarjimalarga talabni avvalboshdanoq yuksak qilib belgilash maqsadga muvofiq boʻlib, kelajakda oʻzining ijobiy samarasini beradi.

Izohlar

  1. Чўлпон. Асарлар. 4 ж. 4-ж. – Тошкент: Академнашр, 2016. – Б.42.
  2. Жаҳон адабиёти. 2017. №1, 2, 3, 4.
  3. Гюго В. Собор Парижской Богоматери // Собр. соч. в 6 т. Т.1. – М.: Правда, 1988. – 656 с.
  4. Қаранг: Мастерство перевода. – М.: СП, 1955; Мастерство перевода. – М.: СП, 1959; Мастерство перевода. – М.: СП, 1964.

Dilmurod Quronov