← Dilmurod Quronov
|

Mukammallik yoʻlida

Maqola Xurshida Polvonova bilan hammualliflikda yozilgan.

Dilmurod Quronov

Maqola · 2007 · Sharq yulduzi, 2007, №1 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

1925 yil «Oʻtgan kunlar» romanining birinchi boʻlimi alohida kitob shaklida chop etilgach, A.Qodiriy nashrdan qoniqmagan va ilova etilgan uzrnomada: «imlosi uch-toʻrtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari orqasida texnika jihati koʻz koʻrib quloq eshitmagan bir yoʻsinda chiqdi», – deb yozgan edi. Muallif bularning sababini «bosilishi chogʻida oʻzining hozir boʻla olmagʻanligʻi» bilan izohlab, ikkinchi boʻlimning «bunday xatolardan sof boʻla olishigʻa vaʼda bera olmasligʻini» afsus-la taʼkidlaydi. Yozuvchining uzrnomasini oʻqiganda tabiiy savol tugʻiladi: xoʻsh, nega adib ikkinchi boʻlim nashriga ham umidsiz qaraydi, umuman, birinchi boʻlimning ushbu nashri muallifni nimasi bilan qoniqtirmadi?

Avvalo, A.Qodiriyning bu qadar umidsizlanishiga obyektiv sabab mavjud boʻlganini taʼkidlash zarur. «Oʻtgan kunlar»ning dastlabki uchta nashri («Inqilob» jurnali, 1925 yil va 1926 yil nashrlari) arab yozuvida amalga oshirilgan. Ushbu nashrlar yozuv islohoti amalga oshirilayotgan paytga toʻgʻri kelib, islohot arab tili fonetik xususiyatlariga moslangan yozuvni oʻzbek tili xususiyatlariga moslashtirish maqsadini koʻzlar edi. Islohot jarayoni kechayotgan bir paytda nashriyot va bosmaxona xodimlarining aksariyati hali bu isloh mohiyatini anglab, yangi imlo qoidalarini toʻla oʻzlashtirib ulgurmaganlari tabiiy, bu esa davr nashrlari imlosida busiz ham mavjud turlichalikni1 yanada kuchaytirdi. Yana bir jihati, ziyolilarning yozuv islohotiga munosabati, uni amalga oshirish yoki oshirmaslik, qay tarzda amalga oshirish lozimligi borasidagi qarashlari ham farqlanardi. Jumladan, 1921 yil Til va imlo qurultoyida ayrim ilgʻor fikrli tilshunoslar arab tiligagina xos boʻlgan harflarni oʻzbek alifbosidan chiqarish haqida fikr bildirganlar. Ammo bunga hali jamiyat ziyoli qatlamining bari ham tayyor emasdi. Shu sababli ham ziyolilar oʻrtasida fikriy ajralishlar yuzaga keladi: A.Fitrat yangi imlochilar toifasiga, A.Zohiriy, Munavvar qori kabilar oʻrta imlochilar sirasiga kirar edi. Shunga qaramay, qurultoyda imlo xususida juda muhim qarorlar qabul qilinadi: alifboga oltita unli kiritish va undan faqat arab tiliga xos tovushlarni bildiruvchi harflarni chiqarish, oʻzbek tiliga xos qalinlik va ingichkalikni eʼtiborga olish, oʻzlashma soʻzlarni oʻzbek tili qonuniyatlariga moslashtirish haqidagi qarorlar shular jumlasidandir. «Oʻtgan kunlar»ning ilk nashrlarida shu jarayon oʻzining toʻla aksini topgan.

Anʼanaga koʻra, arab tilini juda yaxshi bilgan eski ziyolilarimiz arabiy soʻzlarni qoʻllaganlarida arab imlosiga rioya qilganlar2. Shu bois ham islohotdan ilgari tayyorlangan «Inqilob»dagi nashrda arab tilidan oʻzlashgan soʻzlar, ogʻzaki nutqda qanday talaffuz qilinishidan qatʼi nazar, arab imlosiga muvofiq berilgan. Buni, masalan, Ziyo (‫)ﺿﻳﺎ‬ shohichi, zot (‫)ﺫﺍﺕ‬, zolim (‫ )ﻅﺎﻟﻡ‬kabi soʻzlarning yozilishida kuzatish mumkin. 1925 va 1926 yil nashrlarida esa bu hol uchramaydi, barcha oʻrinlarda «ze» (‫ )ﺯ‬harfi qoʻllangan. Shuningdek, arab tilidan oʻzlashgan soʻzlarda qisqa unlilarning yozuvda ifodalanmasligiga «Inqilob» jurnalida amal qilingan. Masalan, Hasanali soʻzi jurnal nashrida (‫)ﺣﺳﻥ ﻋﻠﻲ‬ tarzida yozilgan boʻlsa, 1925 yil nashrida (‫)ﺣﻪ ﺳﻪ ﻥ ﻋﻪ ﻟﻲ‬ shaklida berilgan. Shu soʻzning jurnal va keyingi nashrlarda ifoda etilishiga eʼtibor qilinsa, uning nashrdan nashrga oʻzbekchalashib borganiga guvoh boʻlamiz. Jurnalda u arab imlosiga toʻla muvofiq tarzda berilgan. 1925 yil nashrida unlilar islohga mos ifodalangan boʻlsa ham, u ikki soʻz shaklida ajratib (arab imlosiga mos) yozilgan. 1926 yil nashrida esa qoʻshib yozilgan (‫)ﺣﻪ ﺳﻪ ﻧﻪ ﻟﻲ‬, natijada «ali»ning qoʻshimcha ekani aniq koʻzga tashlanadi, soʻz oʻzbek tiliga toʻla moslashadi.

Imlodagi bu islohotlar (harflar sonining qisqarishi, unlilarning yozuvda aniq ifoda etilishi va b.) savod chiqarish jarayonining tezlashishi hamda samarali boʻlishida, auditoriyasi kengayib borayotgan nashrlar faoliyatida juda muhim edi. Yaʼni, imlo islohoti zarurat edi, bas, buni Abdulla Qodiriydek odam anglamasligi, garchi ayrim jihatlariga qoʻshilmasa-da, umuman qabul qilmasligi mumkin emas. Buni «bosilishi chogʻida oʻzi hozir boʻlgʻan» 1926 yil nashrining shu islohotga muvofiq amalga oshirilgani ham tasdiqlaydi. Demak, garchi birinchi boʻlimning 1925 yil nashrida imlo bilan bogʻliq talay chalkashliklar kuzatilsa-da, bu, bizningcha, adibning noroziligini qoʻzgʻagan asosiy sabab boʻlolmaydi.

«Inqilob» jurnali sahifalarini kuzatar ekanmiz, romanning boblariga nom qoʻyilmasdan, faqatgina raqamlab ketilganini koʻramiz. Xuddi shu holat 1925 yil nashrining dastlabki yetti bobida ham kuzatiladi. 7-bobdan boshlab esa ular raqamlanishi bilan birga nomlanib ham ketiladi. Boblarning nomlanishi 1926 hamda 1933 yil nashrlaridan deyarli farqsizdek. Biroq 1925 yil «Ikki yoqda» deb nomlangan 9-bob 1926 yil «Qarshilash», «Kutilmagan ish» nomli 11-bobi «Kutilmagan baxt», «Najot istab» nomli 14-bob «Najot istab Toshkandga» tarzida oʻzgartirilgan. Oʻzgarishlar tabiatiga eʼtibor berilsa, ular bobning mazmun-mohiyati va muallif niyatiga mos tushganini sezib olish qiyin emas. Yaʼni, bu oʻzgarishlar badiiy jihatdan muvaffaqiyatli sanaladi. Deylik, Otabek Hasanalining sovchiligidan bexabar, shunga koʻra «Ikki yoqda»dan koʻra (bu nom usta Alimning sovchisini kutayotgan paytdagi holatiga koʻproq mos) «Qarshilash» deb nomlangani maʼqulroq. Yoki Kumush uchun kuyovning Otabek boʻlib chiqishi «kutilmagan baxt» boʻlgani holat va haqiqatga mosroq ekani ham shubhasiz. Shunga koʻra, bu oʻzgarishlar aslo nashriyot xodimlari tomonidan emas, balki adibning oʻzi tomonidan kiritilgani haqiqatga yaqinroq. Bundan koʻrinadiki, A.Qodiriy roman «Inqilob»da eʼlon qilinganidan soʻng unga tanqidiy nazar bilan qaray boshlagan, maʼlum oʻzgarishlar kiritgan.

Romanning «Inqilob»dagi nashri bilan kitob boʻlib chiqishi orasida besh yillik masofa bor3 – bu vaqt ichida adibning mahorati qayralgani, didi yanada injalashgani, hayotni va uning gultoji boʻlmish insonni teranroq idrok eta boshlagani shubhasiz. Eng muhimi, yozuvchi oʻz asaridan tamom uzilgan, endi unga chetdan nazar solishga, demak, undagi «udur-budurlarni» koʻrish va bartaraf etishga har jihatdan tayyor edi. Biroq adibning bunga hali qoʻli yetmagan: uzrnomada «bosilishi chogʻida hozir boʻlolmagʻani»dan oʻkingan A.Qodiriy bu paytda Moskvada – Oliy Adabiyot kursida tahsil olayotgan edi. Yaʼni, asar kitob holida bosilishi oldidan A.Qodiriy uni qayta nazardan oʻtkazish imkoniga ega boʻlmagan – «besh yillab bosila olmay» nashriyotda yotgan qoʻlyozma, nihoyat, 1925 yilda dunyo yuzini koʻrgan. Biroq unga endi oʻzga nuqtadan – besh yillik hayotiy va ijodiy tajriba yuksakligidan qaragan muallif qoniqmagan. Bunday deyishimizga asos shuki, birinchidan, «Inqilob» jurnalidagi nashr bilan 1925 yilda chop etilgan birinchi kitob (birinchi boʻlim) matnlari, juzʼiy farqlarni aytmasak, bir-biriga asosan mos keladi; ikkinchidan, 1926 yil nashrida muallif matnga jiddiy tahrirlar kiritgan. Bunga amin boʻlish uchun har ikki nashrdagi «Xon qiziga loyiq yigit» bobini qiyoslab koʻrish kifoya.

Bobning 1925 yil nashridagi ilk jumlasini oʻqiymiz: «Otabek, mundagi ikki yot kishini tanimagʻanliqdan bir-ikki qaytalab koʻz ostidan oʻtquzar ekan Ziyo shohichi tanitib dedi: ...» 1926 yil nashrida jumla quyidagicha tahrir qilingan: «Otabek oʻzi bilan koʻrishgan mundagi ikkita yot kishini tanimagʻanliqdan bir-ikki qayta ularni koʻz ostidan kechirdi. Buni payqagʻan Ziyo shohichi ularni Otabekka tanitdi: ...» Avvalo, tahrir qilingan jumla epik hikoyalashga mosligi, holatni tasvirda jonlantirishi jihatidan yutuqli. Ikkinchi jihati, garchi tahrirda bitta oʻrniga ikkita jumla hosil boʻlsa-da, ular mazmunan yaxlitlashadi: birinchi jumla Otabekning holatini oʻquvchi tasavvurida jonlantirsa, ikkinchisi shu holatni Ziyo shohichi nigohi orqali ham koʻrish imkonini beradi. Yaʼni, Ziyo shohichining sezgirligini («buni payqagan») taʼkidlash orqali Otabekning ayni chogʻdagi holati yorqin koʻrsatiladi. Yana, «bir ikki qaytalab koʻz ostidan oʻtkazmoq»da, agar Ziyo shohichining sezgirligiga urgʻu berilmagani nazarda tutilsa, biroz oshkoralik borki, bu narsa Otabekdek andishali yigitga xos emas; «bir ikki qayta ularni koʻz ostidan kechirdi»da esa, agar Ziyo shohichining sezgirligiga urgʻu berilgani eʼtiborga olinsa, biroz pardali, sezdirmasdan amalga oshirilgan harakat anglashiladi.

«Oʻtkan kunlar»ning koʻp oʻrinlarida, xususan, biz tahlilga tortgan «Xon qiziga loyiq yigit» bobida obyektiv tasvir yoʻsini yetakchilik qiladi: bunda hikoya qilish emas, tasvirlash (tasvir orqali hikoya qilish) yoʻlidan boriladi. Bu esa, tabiiy, tasvirda yuksak darajadagi aniqlikni taqozo qiladi, toki oʻquvchi tasvirlangan hayotiy holatni tasavvurida jonli gavdalantira olsin, qahramonlarning xatti-harakatlariyu yuz-koʻz ifodalarini «koʻrib», gap-soʻzlarini «eshitsin». Bizningcha, A.Qodiriy tahrirga qoʻl urarkan ayni shu maqsadlarni koʻzlagan, har holda, natija shunday deyishimizga asos beradi. Bunga amin boʻlish uchun 1925 yil nashridan kattaroq parchani olaylik-da, uning qanday tahrir qilinganini koʻzdan kechiraylik:

« – Mani eslay olasizmi, <Ota>bek?

Otabek diqqat va iltifot {eʼtibor} bilan qutidorni kuzatdida{ib} javob berdi:

– Yoʻq amak(!)

– Yoshingiz nechaga bordi? {Necha yoshgʻa bordingiz}

– 24 {Yigirma toʻrt yoshgʻa...}

Qutidor oʻzicha nima toʻgʻrisidadir hisob yuritdi(-)da <dedi>:

– Voqeʼan siz mani eslay olmas<gʻa haqli>siz.{!-dedi,-}<Chunki> man Toshkandda qutidorliq qilgʻan vaqtimda siz uch-toʻrt {besh-olti} yoshliq bola edingiz. {...}

Goʻyo, ki man Toshkandda kechagina turgʻan kabi {dek va} kechagina sizning havlingizda mehmon boʻlgʻan kabi{dek}man. {...} Ammo haqiqatda oradan (oʻn besh-)yigirma yil<lab vaqt> oʻtib siz ham katta yigit boʻlgʻansiz,{;} umr otilgʻan oʻq emish!..

– Siz, bizning havlida boʻlgʻanmisiz?

– Koʻb martalab mehmon boʻldim. (– dedi qutidor,–) Ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar. {!}

Bu ikkisining soʻzlariga quloq berib {solib chetda} oʻlturgʻan Hasanali Otabekka dedi {ham gapga aralashdi}:

– Amakingiz <(qutidor)> bizning havliga kelib yuraturgʻan vaqtlarida siz yosh bola edingiz(,) bek. {!–dedi,–} Amakingiz sizni saroylargʻa ham olib tushar edi(lar)».4

Birinchi jumla 1926 yil nashrida «Meni eslay olasizmi, bek?» tarzida oʻzgartirilgan. Bizningcha, «Otabek» oʻrnida biroz rasmiyroq «bek» murojaati holatga mosroq – qutidordek serandisha kishi, qarshisida yigirma yillar ilgari oʻzi qoʻlida koʻtarib yurgan yigit tursa ham, u bilan endi qayta tanishayotir, bas, uning rasmiyroq munosabatda boʻlishi tabiiyroq. Adib ikkinchi jumladagi «iltifot» soʻzini «eʼtibor»ga almashtirganida ham holatga moslikni nazarda tutadi. Holat shundayki, Otabekning qutidorga munosabati oʻzgacharoq (buning tub sababi uning oʻziga va ziyrak oʻquvchiga ayon), lekin buni imkon qadar sezdirmaslikka urinayotir. Shunday ekan, «iltifot bilan qarash» bu oʻrinda holatga mos emas: bu Otabek uchun oʻzini «fosh etish» boʻlur edi. Feʼl shaklidagi oʻzgarishga kelsak, «kuzatdi-da» deyilganda harakatning navbatma-navbat (yaʼni, avval maʼlum muddat kuzatib turish va keyin javob berish) amalga oshgani anglashilsa, «kuzatib»da bir paytdalik maʼnosi mavjud. Tabiiyki, yoshi ulugʻ odamni savoliga javob bermay kutdirib qoʻyish suhbat odobiga toʻgʻri kelmaganidek, Otabek tabiatiga ham muvofiq emas, demak, tahrirning sababi shu bilan izohlanishi mumkin. Keyingi oʻzgarish yosh masalasidagi savol-javobda koʻriladi: 1926 yil nashrida qutidorning savoli «Necha yoshga bordingiz?» tarzida berilgan. Avvalgi nashrda Otabekning javobi biroz toʻmtoqroq (balki, qoʻpolroq) tuyulsa ham, u savolning qoʻyilishiga mos edi. Bundan qoniqmagan adib savolni oʻzgacha tartibda qoʻyadi va shunga mos javob olinadi: «Yigirma toʻrt yoshgʻa...» Bu Otabekning javobini silliqlash, uning xarakter mantiqiga muvofiqligini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi. Xuddi shunday hol qutidorning «eslay olmasgʻa haqlisiz» deganini «eslay olmassiz» deya oʻzgartirilganida ham kuzatiladi. Zero, avvalgi holida «haqlisiz» deyilishi bilan qutidor tomonidan suhbatdoshiga marhamat qilinayotgandek, haq berilayotgandek, kechirib qoʻyilayotgandek tuyulsa, keyingisida eslay olmaslikning tabiiyligi taʼkidlanadi – yoshi ulugʻ, koʻpni koʻrgan odam sifatida qutidor yosh suhbatdoshini hijolatdan chiqarishga intilgani koʻriladi. Bu bilan adib qutidor siyratiga muhim bir chizgi tortishga erishadi. Bundan tashqari, qutidorning gapida yillar ham tahrir qilingan: «uch toʻrt yoshliq» oʻrniga «besh-olti yoshliq», «yigirma yillab vaqt» oʻrniga «oʻn besh-yigirma yil» tarzida oʻzgartirish kiritilgan. Shu yoʻl bilan adib qahramon nutqining mantiqan toʻgʻri va ishonarli boʻlishiga erishadi – vaqtning taxminiy doiraga olingani hech bir eʼtirozga oʻrin qoldirmaydi. Gapdagi «kabi» koʻmakchi soʻzining «-dek» qoʻshimchasiga almashtirilgani esa qahramon nutqini kitobiylik qusuridan forigʻ etadi, uni jonli soʻzlashuvga muvofiq etadi. Shunisi diqqatga molikki, yozuvchi tahrirda mayda tafsilotlarni ham nazardan qochirmaslikka intiladi. Masalan, Hasanali haqidagi gapda «quloq berib» oʻrniga «quloq solib chetda oʻlturgʻan», «Hasanali Otabekka dedi» oʻrniga «Hasanali ham gapga aralashdi» tarzida oʻzgartirish boʻlgani suhbat jarayonining hayot haqiqatiga mos tasvirlanishini taʼminlagan. Negaki, oʻquvchi avvalgi bobda Hasanalining «qul» ekanini bilib olgan, bas, Fargʻonaning katta boylari davrasida uning teng huquqli aʼzo boʻlib oʻtirishiga ishonolmaydi. Kiritilgan oʻzgarish shu holning oldini oladi, Hasanalining davradagi oʻrnini taʼkidlab oʻtadi. Keltirilgan parchaga diqqat qilinsa, uning, aytilganlardan tashqari, tinish belgilarining ishlatilishi, matnning texnik shakllantirilishi (mas.: muallif va qahramon nutqi) jihatlaridan ham sezilarli tahrirga uchraganini yaqqol koʻrish mumkin.

Yuqorida A.Qodiriy «Oʻtgan kunlar»ni tahrir qilarkan unga besh yillik tajriba yuksakligidan, muhimi, chetdan qaraganini bejiz taʼkidlamadik. Ha, ilgari – Kumushning oʻlimiga kuyib yigʻlagan paytlari – adib chin maʼnoda asar ichida yashagan, oradan maʼlum vaqt oʻtgachgina unga chetdan qaramoqda. Asarning ichida yashamoq va unga chetdan qaray olmoqni birlashtirgan nigoh – tom maʼnodagi professional nigoh, bunday nigoh egasi asarning maʼlum epizodida yashagani holda oʻsha epizodni butun ichida koʻrishga qobil boʻladi. A.Qodiriy amalga oshirgan ayrim tahrirlar koʻzdan kechirilsa, bunga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin.

Maʼlumki, A.Qodiriy romanda «sir tutish» usulidan foydalangan – boshdayoq Otabekning oshiqligi aytilsa-da, kimga oshiqligi oshkor qilinmaydi. Albatta, bu usul oʻquvchi qiziqishini oshirishi, uni faol va sinchkov oʻqishga undashi jihatidan juda muhim. Romanning 1925 yil nashrida tahlilga olingan bobning boshlarida «Na uchundir, Otabek bilan qutidorning koʻzlari bir-birlariga tez-tez uchrashmakda edilar» degan jumla borki, undagi «na uchundir» oʻsha «sir»ga ochiq ishoradek boʻlib qoladi – bu esa, tabiiy, qoʻllangan usulning badiiy-estetik qimmatini tushiradi. Zero, mazkur usul qoʻllanganida oʻquvchi goh «sir»ning tagiga yetganday, goh uni yecha olmaganday tasavvurda boʻlib turishi muhim. Shuni nazarda tutgan holda adib butun talabidan kelib chiqib 1926 yil nashrida jumlani «Tanishtirishdan soʻng Otabek bilan qutidorning koʻzlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar» tarzida tahrir qilib beradi. Tahrir qilingan jumlada hech bir ishora yoʻq, muallif mavjud faktni («koʻzlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshla»ganini) qayd etish bilan kifoyalanadi – shu hisobga qoʻllangan usulning estetik qimmati saqlab qolinadi. Zero, oʻquvchi faktni mushohada etarkan, endi buni bir tomoni qutidorning Otabek bilan suhbatga moyilligiga yoʻyadi – yana «sir»ning tagiga yetgan-yetmagan holicha qoladi.

Shunga oʻxshash holga sal keyinroq ham duch kelamiz. Otabek suhbatdoshlariga Azizbek bilan otasi munosabatini anglatish uchun «shu yaqin oralardagʻina boʻlib oʻtgan ish»ni hikoya qilib beradi-da, oʻz soʻzini «Mana koʻrdingizmi, otamning mushovirlik qadrini» degan xitob bilan yakunlaydi. 1926 yil nashrida bu xitob «Mana koʻrdingizmi, otamning qadru qiymatini» tarzida tahrir qilib berilgan. Nega? Negaki, A.Qodiriy gumanist sanʼatkor edi, oʻz zamonida uni oʻylatgan, tinchlik bermay qiynagan muammolardan biri – shaxs erki, qadr-qimmati masalasi boʻlgan. Shu bois ham gumanist sanʼatkor sifatida A.Qodiriy erk masalasini anchayin kengroq, koʻlamliroq qoʻydi: oʻz davrida urf boʻlgan millat erki masalasini adib har vaqt shaxs erki masalasi bilan bogʻlab talqin qildi. Yuqoridagicha tahrir ham butun talabi – muallifning gʻoyaviy niyati, asarning konseptsal butunligi bilan bogʻliqdir. Zero, tahrir natijasida maʼno urgʻusi hukmdor qarshisida amaldor qadri-qimmati masalasidan umuman inson qadr-qimmati masalasiga koʻchirildi, asar toʻqimasidan qizil ip boʻlib oʻtgan gʻoyaviy leytmotiv yana bir karra taʼkidlandi.

Boshqa bir tahrir konseptual butunlik bilan birga xarakter butunligini taʼminlashga xizmat qiladi. Otabek Shamay xotirotini soʻzlab bergach, «oʻrisning idora usuli» bilan Turkiston idora usulini qiyoslarkan: «Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan keta berganida kofir qoʻliga mahkum boʻluvimizni oʻylab (xudo u kunni koʻrsatmasun) butun avqotimni qaygʻi bilan oʻtkuzmoqqa majbur boʻldim» deya eʼtirof etadi. 1926 yil nashrida bu jumla qisqartirilib, «Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan keta bersa holimizning nima boʻlishigʻa aqlim yetmay qoldi» tarzida beriladi. Albatta, bugungi kunda bu qisqartirishni siyosiy sabab bilan izohlash, adib shunga majbur boʻlgan deyish osonroq kechadi. Ikkinchi tomoni, bu ehtimolni mutlaqo inkor qilish fikridan ham yiroqmiz. Biroq shunda ham, bizningcha, qisqartirish tom maʼnodagi badiiyat nuqtai nazaridan amalga oshirilgan. Hartugul, tahrirning badiiy samarasi shunday oʻylashimizga asos beradi. Gap shundaki, birinchidan, bu gap Otabek bungacha aytgan gaplar ruhiga toʻla muvofiq emas. Zero, Otabek ruslardagi idora usuli haqida havas bilan gapirib, ulardan oʻrnak olish, oʻz elini ular qatorida koʻrish orzusini qilarkan, mabodo koʻngil tubida boʻlganida ham, hech yoʻq bungacha aytganlarining someʼlarga taʼsirini yoʻqotmaslik uchun bu gapni aytmsligi joiz. Ikkinchidan, gapdagi oshkor publitsistik ruh, xususan, qavs ichida berilgan «xudo u kunni koʻrsatmasun» xitobi uning Otabekka emas, koʻproq roman ustida ishlayotgan adibga tegishli ekanini fosh etib turadi. Uchinchidan, xuddi shu fikr keyinroq Yusufbek hoji tilidan ham aytiladi. Lekin aytishda ham aytish bor. Yozuvchi bu gapni aytishga Yusufbek hojini obdon tayyorlab boradi, shundayki, oʻquvchi Yusufbek hoji ayni shu gaplarni aytmasligi mumkin emasligiga ishonadi, hojining buni aytishga maʼnaviy haqqi borligini his etadi. Mabodo tahrir qilinmay, bu fikrlar Otabek tilidan deklarativ bayon etilgan boʻyicha qolganida, Yusufbek hoji nutqining taʼsir kuchiga putur yetgan boʻlur edi. Demak, sanʼatkor nigohi bilan qaragan A.Qodiriy ayni shu narsani chuqur his qilgani uchun ham jumlani qisqartirgan.

A.Qodiriy 1925 yil nashrida tahrir qilgan qator oʻrinlar kuzatilsa, ularning uslubiy ravonlikka erishish, ortiqcha takrorlar, keraksiz tafsilotlar va gʻalizliklarni bartaraf etish maqsadida amalga oshganini koʻrish mumkin. Bu esa, 1925 yil nashri «Inqilob» jurnaliga asosan mos kelishi esga olinsa, oʻtgan yillar mobaynida adibning qalami qayralgani, mahorati yuksalganini yaqqol namoyish etadi. Matnda bu xildagi tahrirlarning gʻoyat koʻpligini qayd etgan holda, biz ayrim parchalarni qiyoslash bilan kifoyalanamiz.

1925 yil nashrida Otabekning ziyofat chogʻidagi holatini tasvirlovchi mana bu jumla bor: «Ziyo shohichi bilan oʻgʻli Rahmatning soniya sayin mehmonlarni dasturxondagʻi varaqi somsalargʻa, anor va noklarga qistoqlari boshqalarning ishtiholarini ochmoqqa sabab boʻlsa ham, ammo bizning Otabekka sira ham asar etmas, ul qandaydir bir xayol ichida oʻlturmakda edi». Badiiy muloqot nuqtai nazaridan qaralsa, adibning maqsadi Otabekning ziyofatda hamsuhbatlaridan ajralibroq, «xilvat dar anjuman» qabilida oʻtirganini koʻrsatish va shu orqali uning ruhiyatida kechayotgan qandaydir holatga ishora qilishdir. Yaʼni yozuvchi oʻquvchining qiziqishini kuchaytirish, uning xayolida ilgariroq paydo qilingan «nega?»ga yana bir urgʻu berishga harakat qiladi. Jumlada bu maqsadlarga erishish uchun zarur boʻlmagan tafsilotlar mavjudligini, nutqning har vaqt «tejash»ga (ekonomiya prinsipi) intilishini eʼtiborga olsak, muallif jumlani quyidagicha tahrir qilgani asosli koʻrinadi: «Ziyo shohichi bilan oʻgʻli Rahmatning har zamon mehmonlarni dasturxongʻa qistashlari boshqalarning ishtiholarini ochishqa sabab boʻlsa ham ammo bizning Otabekka sira ham asar qilmas, xayollanib oʻlturar edi». Eʼtibor qilinsa, tahrirda boshqa oʻzgarishlar ham kiritilgani, ular jumlaning uslubiy ravon, mazmuniy jihatdan aniq boʻlishiga xizmat qilgani koʻrinadi. Jumladan, mezbonning «soniya sayin» dasturxonga qistashi ishtahani ochish oʻrniga boʻgʻishi mumkinki, uning «har zamon» deb oʻzgartirilgani maqsadga muvofiq. Yoki «ul qandaydir bir xayol ichida oʻlturmakda edi» deyilganda yana maqsadga ochiq ishora («qandaydir») bor, boz ustiga, Otabek oʻzining holatini imkon qadar sezdirmaslik payida, shuning uchun «xayollanib oʻlturar edi» deyilgani maʼqul. Zero, birinchi holda xayolga koʻproq berilib ketganlik maʼnosi mavjudki, bu qahramon holatini aniq tasvirlashga monelik qiladi.

Yaxshi maʼlumki, dialoglarning jonli va toʻlaqonli boʻlishi zamonaviy nasrda badiiylikni taʼminlovchi muhim omillardandir. «Oʻtgan kunlar»ning avvalgi nashrlari kuzatilsa, ularda dialoglarni berishda oʻtgan asr boshlarida yaratilgan nasriy asarlarga xos jihatlarni koʻrish mumkin. Jumladan, koʻpincha dialoglarni shakllantirishda dramatik asarlarga xos unsurlardan (remarkalar, nutq egasi nomini alohida satrga chiqarish va b.) foydalanilgani kuzatiladi. Holbuki, nasrda dialog imkoniyatlari juda keng, u dramadagi kabi ortiqcha tafsilotlarga, sharhlarga muxtoj emas – dialogni anglash konteksti benihoya keng. Albatta, oʻtgan yillar davomida koʻp oʻqib-oʻrgangan adib buni juda yaxshi bilgan, shunday ekan, dialoglarni avvalgi holicha qoldirishi mumkin emas edi. Misol uchun avvalgi nashrdagi quyidagi dialogni olaylik:

« – Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimmi?

– Hali ham hokimimiz oʻsha Azizbekdir.

Bu oʻrunda soʻzga Xomid aralashdi:

– Sotqi bek ketsun, Aziz bachcha deng.

Yaqingʻinada Musulmonchoʻloqning bazmi Aziz bachcha bilan qizar edi! – dedi-da...»

Keyingi nashrda ushbu dialog quyidagicha tahrirga uchragan:

« – Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimdir?

– Shundogʻ.

– Sotqi bek ketsun, Aziz bachcha deng!– dedi Xomid va Akram hojiga qarab kuldi,– Yaqingʻinada Musulmonchoʻloqning bazimi shu Aziz bachcha bilan qizir edi!– dedi...»

Avvalo, bu oʻrinda replikalarning jonli, berilayotgan savol va javoblarning mantiqli boʻlishiga eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Akram hoji savolni bilmaganini bilib olish maqsadida berayotgani yoʻq, uning uchun bu suhbatni boshqa mavzuga burish vositasi, xolos. Shu sababli ham savolga «hokimmi?»dan koʻra «hokimdir?» shakli koʻproq mos keladi. Negaki, savolning bu tarz qoʻyilishida ichki tasdiq maʼnosi ham bor. Ikkinchidan, dialogda «tejash» prinsipi, ayniqsa, izchil qoʻllanishi eʼtiborga olinsa, Otabekning «Hali ham hokimimiz oʻsha Azizbekdir» tarzida mufassal javob berishi ham notabiiy koʻrinadi. Uchinchidan, «bu oʻrunda soʻzga Xomid aralashdi» tarzidagi muallif sharhi dialogning jonli chiqishiga, suhbat dinamikasiga putur yetkazmoqda. Chunki Xomidning luqmasi Akram hojiga qaratilgan ekan, uning Otabekka gal berib-bermay aytilgani ravshan. Shularga koʻra, keyingi nashrdagi tahrirlar dialogning suhbat jarayoniga mos shakllantirilishini taʼmin etgan deya olamiz.

Dialogning qay tarzda qurilgani shaklga taalluqli masala boʻlsa-da, u mazmunni ifoda etishda, xususan, suhbat ruhini, suhbatdoshlar ruhiy holatini ifodalashda muhim ahamiyatga molikdir. Shuni chuqur his etgan holda A.Qodiriy 1925 yil nashridagi dialoglarning deyarli barchasiga muayyan oʻzgarishlar kiritgan.

Dialoglardagi tahrirlarni uchta guruhga ajratish mumkin. Ularning birinchisi davr yozuvi bilan bogʻliqdir. Gap shundaki, 20-yillarda hali dialoglarni berishning umumiy va qatʼiy qoidalari ishlab chiqilmagan, oʻzbek tilidagi nashrlarda bu masalada ham turlichalik kuzatilar edi. Masalan, 1925 yil nashrida Otabekning luqmasi quyidagicha berilgan:

«– Ota qadrdonlari bilan tanishdirishingiz uchun rahmat amak dedi, va qutidor bilan Akram hojigʻa tavozulanib, otam sizning kabi yaqin doʻstlarigʻa gʻoyibona salom aytishni menga amonat topshirgʻan edilar!»

Koʻrib turganimizdek, qahramon va muallif nutqlarining bir-biridan ajratilmagani, tinish belgilarining maʼlum tartibda ishlatilmagani dialogni jonlilikdan mahrum etadi – zamonaviy nasrga xos «sahnaviylik» effektiga putur yetkazadi. Keyingi nashrda ushbu replika quyidagicha tahrir qilingan:

«– Ota qadrdonlari bilan tanishdirgʻaningiz uchun rahmat, amak! – dedi va Akram hoji bilan Mirzakarim akaga tavozulandi,– Otam sizlardek yaqin doʻstlariga salom aytishni menga amonat topshirgʻan edilar!»

Albatta, tahrir davomida uslubiy gʻalizliklar silliqlanib, ortiqchaliklar bartaraf etilgan. Lekin dialog shaklining tartibga solingani muhimligi jihatidan bulardan aslo kam emas. Chunki keyingi shakl suhbatni jarayon sifatida qabul qilish, oʻquvchiga bu jarayonni «koʻrish» va «eshitish» imkonini beradi.

Ikkinchi xil tahrirlar muallif gapining oʻrnini oʻzgartirish, yoʻq oʻrinlarga kiritish kabi amallarni oʻz ichiga oladi. Masalan, Akram hoji bilan Otabek dialogi:

«– Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, na uchun uni bir oz boʻlsa ham yoʻlgʻa solmaydir?

Otabek yengilcha iljaydida javob bera boshladi:

– Kechiringiz, amak. Siz otamning mushovirligʻini boshqacharoq anglagʻangʻa oʻxshadingiz». 1926 yil nashrida keltirilgan dialogda tahrirning har ikki koʻrinishi amalga oshirilgan:

« – Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, – dedi Akram hoji,– nima uchun uni bir oz boʻlsa ham yoʻlgʻa solmaydir?

– Kechiringiz, amak, – deb Otabek kulimsiradi,– Siz otamning mushovirligʻini boshqacharoq anglagʻangʻa oʻxshadingiz».

Birinchi jumlaga muallif izohining kiritilgani gap egasini tanitishgagina xizmat qilibgina qolmaydi, u muhim nuqtadagi pauzani taʼkidlaydi ham. Yaʼni bu gapning ohangini yozuvda ifodalashga xizmat qiluvchi qoʻshimcha vosita boʻlib, oʻquvchiga oʻsha ohangni «eshitish»ni osonlashtiradi. Eʼtibor qilinsa, ikkala variantdagi qahramonlar ruhiy holati, yuz-koʻz ifodalari, xususan, Otabekning gap ohangi bir-biridan jiddiy farqlanadi. Zero, Akram hojining gapidan soʻng «Otabek yengilcha iljaydida javob bera boshladi» deyilishidan Otabek suhbatdoshi ustidan kulayotgandek, uni mensimagandek boʻlib koʻrinadi. Aslida, yozuvchi bunday demoqchi emas, shuning uchun keyingi variantda oʻz sharhini tahrir qilib qahramon gapi orasiga joylaydi: «Kechiringiz, amak, – deb Otabek kulimsiradi, – Siz otamning mushovirligʻini boshqacharoq anglagʻangʻa oʻxshadingiz». Koʻramizki, keyingi variantda ham Otabek Akram hojining fikrini inkor qiladi, biroq buni odob, andisha doirasidan zarracha chekinmagan holda amalga oshiradi: endi uning kulimsirashi ham goʻyo uzrxohlikning davomi, shuni taʼkidlovchi vositaga aylanadi.

«Xon qiziga loyiq yigit» bobining 1926 va 1933 yil nashrlaridagi matnlarida ham maʼlum farqlar mavjud. Aytish kerakki, bu farqlarning aksariyati, bizningcha, yangi yozuv tabiati bilan bogʻliq boʻlib, koʻproq soʻz va soʻz shakllarining yozilishi, tinish belgilarining qoʻllanishida kuzatiladi. Shu bilan birga, 1933 yil nashrida jumladagi ayrim soʻzlar tushirib qoldirilgan yoki boshqasiga almashtirilgan oʻrinlar ham uchraydi va albatta, bu xil tafovutlar yuzaga kelish sabablari jihatidan farqlanadi.

1933 yil nashrida soʻz tushirib qoldirilgan oʻrinlar kuzatilsa, ularning koʻproq texnik hodisa ekanligi, yaʼni buning bosmaxona aybi bilan yuz bergani koʻrinadi. Masalan, 1926 yil nashrida qutidor «qora qosh, qora koʻz, <koʻrkam yuz,> yaxshigʻina kiyingan» deya taʼriflansa, keyingi nashrda «koʻrkam yuz» sifati tushirib qoldirilgan. Holbuki, uni tushirib qoldirishga hech bir zarurat yoʻq, yaʼni bu maqsadli tahrir natijasi emas. Toʻgʻri, bu oʻrinda soʻzning tushirib qoldirilishi jumlaning uslubiy qurilishiga ziyon yetkazgan emas. Biroq qahramon portreti unga muallif munosabatini ifodalash va oʻquvchida shunga mos munosabatni shakllantirish vositasi ekani eʼtiborga olinsa, konkret chizgining yoʻqqa chiqarilishi zararga ishlagani ayon boʻladi. Bundan farqli ravishda «Qutidor tagʻin <nimadir> aytmoqchi boʻlgandi» jumlasida «nimadir», «bir-ikki qayta <ularni> koʻz ostidan kechirdi» jumlasida «ularni» soʻzlarining tushirib qoldirilgani jumla qurilishida gʻalizliklarni yuzaga keltirgan. Modomiki, koʻrib oʻtilgan oʻzgarishlar ozmi-koʻpmi zararli ekan, ularning muallif tomonidan kiritilishi mumkin emas, bular «musahhihlarning musohalalari orqasida» yuzaga kelgandir.

Yuqoridagilardan farq qilaroq, jumladagi soʻzning boshqa soʻz bilan almashtirilishi yoki yangi soʻz kiritilishi bilan bogʻliq tafovutlar maqsadli tahrir natijasidir. Masalan, el-yurt qaygʻusini chekkan Otabek najotni gʻarazgoʻylarni «ish boshidan quvlash va ular oʻrniga yaxshi (oqil) va xolis odamlarni oʻtqizish»da koʻradi. Chamasi, oradan yillar oʻtgach adib yurt ravnaqi uchun ish boshida turganlar «yaxshi va xolis» boʻlishining oʻzi kamlik qilishini his qilgan-da, jumlaga «oqil» sifatini ham kiritgan. Shunga oʻxshash, 1926 yil nashrida majlis ahli «bekning ogʻzigʻa anqayishib qolgʻan»ini «Darhaqiqat, oʻz aro bitmas nizolarning asli manshaini ul yaxshi anglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi» deya izohlagandi. Tabiiyki, oʻtgan yillar davomida adibning qarashlarida ham, shundan kelib chiqib Otabek aytgan gaplarga munosabatida ham muayyan oʻzgarishlar yuz bergan. Shundan boʻlsa ehtimol, 1933 yil nashrida adib jumlani «Darhaqiqat, oʻz aro bitmas nizolarning asli manshaini u bir qadar anglab tahlil qilar va zamonigʻa koʻra durust qiymat berar edi» tarzida tahrir qiladi

1933 yil nashrida yana bir soʻz oʻzgarishi borki, unga birmuncha kengroq toʻxtalish joiz. Majlis ahli Otabekni maqtarkan, Xomidning gʻayirligi tutadi:

«– Balki begingizning tamalari xon qizidadir! – dedi istihzo bilan Homid, – bunaqa yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umur boʻyi azob ichida oʻtkazadirlar!..

Sababiga tushunish qiyin boʻlgʻan bu istihzoga qarshi Hasanali sukut qilolmadi»,– va, maʼlumki, boplab javobini berdi. 1933 yil nashrida keyingi jumladagi «istihzoga qarshi» oʻrniga «achchiqqa qarshi» deb berilgan. Sirtdan qaraganda, bu oʻzgarish faqat takrordan qochish uchundek koʻrinishi mumkin. Biroq, bizningcha, soʻzning oʻzgarishi Hasanalining ruhiy holatiga muayyan aniqlik kiritadi. A.Qodiriy Homidning gaplarini goʻyo Hasanali boʻlib «eshitib koʻrdi» va barchaga oddiy istihzo boʻlib koʻringan gaplar zamirida farzandidek koʻrgani Otabekka nisbatan gʻayirlik, dushmanlikni sezdi. Ayni shuning uchun ham u «sukut qilolmadi» – sukut qilolmas edi.

Yuqoridagi kuzatishlarimiz, garchi ular asosan bir bob doirasida olib borilgan boʻlsa-da, «Oʻtgan kunlar» matnini sayqallash borasidagi ish ancha uzoq davom etganini koʻrsatadi. Abdulla Qodiriy nashrdan nashrga matnni badiiy jihatdan mukammallashtirib, unga muayyan oʻzgartishlar kiritib borgan. Jumladan, 1933 yil nashri oldidan ham yozuvchi matnni bir sidra koʻzdan kechirgan, unga zarur tahrirlar kiritgan. Agar shuni eʼtiborga olsak, asos matn sifatida hozirgidek 1926 yil nashrini emas, balki adib hayotligida amalga oshirilgan nashrlarning soʻnggisi – 1933 yil nashrini qabul qilish, bizningcha, toʻgʻriroq boʻladi. Boz ustiga, romanning 1926 yil va 1933 yilgi nashrlari qiyoslansa, keyingisi asosan badiiy-estetik nuqtai nazardan tahrir qilinganiga amin boʻlish mumkinki, nasib qilsa, bu haqda boshqa bir maqolada soʻz yuritamiz.

Izohlar

  1. Qarang: Choʻlpon. Tilimizning ishlanishi // Adabiyot nadir. – Toshkayent,1994.
  2. Shukurov Sh. Eski oʻzbek yozuv va imlosi // Oʻzbek tili va adabiyoti. – 1990. № 4. – B.36.
  3. Adabiyotshunos B.Karimov shu yerda yoʻl qoʻyilgan faktik xatoga eʼtiborimizni qaratdi. Haqiqatda romanning jurnalda eʼlon qilinishi bilan kitob boʻlib chiqishi orasida buncha vaqt oʻtgan emas: jurnal nashri 1923-1924 yillarda amalga oshirilgan. Biroq jurnalga taqdim etilgan matn 1920 yilda tugallanganini hisobga olsak, adib uni jiddiy tahrir qilishga besh yildan soʻng kirishgani ham toʻgʻri boʻlib qolaveradiki, biz uchun shunisi muhimroq. Shuni va bizga keyingi faoliyatimizda faktlarga xushyorroq qarash kerakligini eslatib turishini oʻylab, ushbu xatolikni toʻgʻrilamadik. Yoʻl qoʻygan xatomizni xolis koʻrsatib bergani uchun hamkasb doʻstimizga minnatdorchilik bildirib qolamiz. – D.Q.
  4. Shartli belgilar: <> – tushirilgan, {} – almashtirilgan, ( ) – qoʻshilgan.

Dilmurod Quronov