← Sa'dullo Quronov
|

Choʻlpon sheʼriyatida badiiy obrazning vizuallashuvi

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2015 · Ilmiy xabarnoma (ADU), 2015, № 4

Oʻtgan asrning 20-yillari oʻrtalarida Choʻlpon “Navoiy, Lutfiy, Bayqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni oʻqiymen: bir xil, bir xil, bir xil! Koʻngul boshqa narsa – yangilik qidiradir”, deb yozgandi. Oʻshanda Choʻlpon dahosi mumtoz adabiyot namunalarini kamsitishni koʻzlamay, balki oʻz zamondoshlari kayfiyatiga mos sheʼriyatni izlayotgan edi. Zero XX asr boshlarida nafaqat sanʼat turlari ichida, balki jamiyatning turli sohalarida jiddiy islohotlar jarayoni kuzatilayotgan, bunda yosh shoir Choʻlpon ham oʻz ijod yoʻlini belgilab olishi, sanʼat, xususan, sheʼriyatdagi islohot – yangiliklarda faol ishtirokchi boʻlishga urinishi tabiiy edi.

Zamonaviy sheʼriyatning yangilik alomatlaridan biri uning ommalashganida koʻrinadi. Endi ijodkor muayyan doira vakillari uchungina emas, keng omma uchun asar yozayotganini his qilib turardi. Bu esa poetik til va vaznning soddalashishiga olib keladi. Komunikativ vosita sifatida ham badiiy adabiyot asrlar davomida yashab kelgan gʻoyalarni, umumestetik kanon sifatida shakllangan koʻngil kechinmalarini emas, balki mavjud ijtimoiy vaziyat haqidagi informatsiyani tashishga yoʻnaltiriladi. Lirik mushohada obyektining sanʼatkor koʻnglidan chiqib, voqelikka qaratilishi badiiy obrazning bir qadar jonli, realistik unsurlar bilan toʻyinishiga, uning vizuallashuviga olib keladi. Albatta, bu jarayon boshqa sanʼatlarning ifodaviy imkoniyatlari koʻmagida, xususan, sheʼriyat va tasviriy sanʼatning oʻzaro badiiy sintezi natijasida yuzaga kela boshlagandi.

Professor D.Quronov oʻtgan asr avvalida sheʼriyatda kechgan yangilanishlarni shunday izohlaydi: “Hamma gap XX asr boshlari Turkiston jamiyatida shaxs maqomining oʻzgargani, insonning ijtimoiylashanida. Sodda qilib aytsak, Turkiston kishisi jamiyatning ahvoli, buguni va ertasi, mavjud holning sababi – xullas, siyosat haqida bosh qotiradigan boʻldi” [2.191]. Haqiqatan ham XX asr boshlarida oʻzbek sheʼriyatining badiiy-gʻoyaviy, shakliy jihatdan tubdan oʻzgarib, oʻzining yangi umrini boshlashga chogʻlangani sabablarini, avvalo, ijtimoiy omillardan qidirish kerak boʻladi. Zero ijtimoiy hayotda sodir boʻlayotgan keskin oʻzgarishlar shu ijtimoiylikning bir boʻlagi – shoir shaxsini chetlab oʻtmaydi. Endi uning faoliyati ham umumijtimoiy ehtiyojlarga mos tarzda kechishi, davr oʻquvchisining talablarini qondirishi shart edi.

Keng ijtimoiy-madaniy islohotlar zamirida Turkiston ahli uchun hali tanish boʻlmagan sanʼat turlari (teatr, fotografiya va h.k)ning kirib kelishi ilgaridan mavjud sanʼat turlarining ifodaviy-shakliy xususiyatlariga taʼsir etmay qoʻymadi. Bundan tashqari, adabiyotda yangi turlarning paydo boʻlishi, mavjudlarining rivojlanib, ommalashishi sheʼriyatning nasr ham dramaturgiya bilan raqobatlashishiga olib keladi. Demak, oʻsha davr sheʼriyati oldida ifodaviy-shakliy jihatdan yangilanib ulgurgan tasviriy sanʼat, bundan tashqari, fotografiya, ommalashib borayotgan teatr sanʼati, ichki omil sifatida nasr hamda dramaturgiyaga xos ifoda shakllarini oʻzlashtirish, zamonaviy oʻquvchining estetik ehtiyojlarini qondirish masalasi turardi:

Deymanki: “Boshqalar bilmay qoladir –

Shunday goʻzallikni! Attang, agar men

Rassom boʻlsam edi, chizib berardim,

Oʻxshash nusxa bilan, yozib berardim,

Shu ojiz holimda, shoirmanmi men?..” [5.253]

Albatta, Choʻlpon oʻzining biz parcha olgan “Men shoirmi?” sheʼrida sheʼriyatning rangtasvir bilan sintezi masalasiga ishora etmagan boʻlishi mumkin, lekin chin shoir sifatida badiiy sintez hodisasini intuitiv tarzda his qilgani aniq. Zero, yuqorida taʼikidlab oʻtganimizday, yangi sheʼriyat endi oʻz ichki omillari bilan shakllanishga ojizlik qilar, sheʼrxon koʻngli yangilik istardi. Zamonaviy oʻzbek nasrining asoschilaridan biri Abdulla Qodiriy ham “Mehrobdan chayon” romanida baʼzan soʻzning imkonlari tasvirning toʻlaqonli chiqishi uchun kamlik qilishiga ishora qilib oʻtadi: “Ammo Raʼnoning ismi – jismiga yoxud husniga juda muvofiq tushkan edi. Men rassom emasman. Agar menda shu sanʼat boʻlgʻanda edi, soʻz bilan biljirab oʻlturmas, shu oʻrunda sizga Raʼnoning rasmini tortib koʻrsatar, qoʻyar, faqat menga Raʼno gulining suvigina koʻproq kerak boʻlar edi” [1.9]. Qodiriy, xuddi, Choʻlponday soʻzning tasviriy imkoniyatini boyitishda rangtasvir sanʼatiga xos ifoda unsurlaridan foydalanish mumkinligini his qiladi. Bu oʻz-oʻzidan, tabiiy kechayotgan jarayon boʻlib, sanʼatning ijtimoiylashuvi ijodkordan realistik obraz yaratishni talab qilayotgandi. Chunki idealning “osmondan yerga tushishi”, ijodkorni bir muncha abstrakt, shartli obrazlardan voz kechishga undaydi:

Kezar edim Turkistonning togʻlarini,

Turli meva bilan toʻlgan bogʻlarini,

Keng sahrosin, choʻlistonin, sayron edub

Tinglar edim turk xalqining ohlarini. [5.15]

Mazkur parcha Choʻlponning ilk mashqlaridan biri – “Umid” sheʼridan oligan boʻlib, uning 1914 yilda bitilgani ahamiyatga molik. Sheʼrda Turkistonning olovqalb, vatanparvar oʻgʻloni koʻnglidan kechgan iztiroblar muxrlangan. Oʻsha kezlarda “Maktab oʻrniga ochildi har mahallada mayxona, Nafrat etmak nari tursin, shodu xandon bizni xalq” [16] qabilidagi, joʻngina misralarni bitib yurgan yosh shoirning ijtimoiy dardni muayyan tasviriy elementlar ososida ifodalashga urinishini, faqatgina, tajriba bilan bogʻlash notoʻgʻri. Umuman, davr sheʼriyati uchun lirik kechinmaning realistik tasvir vositasida ifodalanishi yangilik ekanini hisobga olsak, Choʻlpon nazmi tajribadan emas, balki yangilikka intilish vajidan quvvat olayotganiga amin boʻlamiz.

Albatta, yuqoridagi parchada yorqin tasviriylikdan koʻra tavsifning ustuvorligi seziladi. Yaʼni shoir manzarani musavvirlarday detallashtrib tasvirlashga urinmaydi. Bu oʻrinda Choʻlpon uchun voqelikning konkret zamon va makonda kechayotganiga urgʻu berishgina muhim boʻlgan. Shu maʼnoda, shoir yurtining togʻlari, mevalari, sahrosiyu choʻllarini sanab oʻtish bilan chegaralanadi. Lekin oʻquvchi hayolida oʻz kechinmalari bilan sarson yurgan abstrakt makondagi lirik qahramon emas, balki muayyan zamon va makonda turgan real qiyofa gavdalanadi. Ayni damda, ijodkorning ifodaviy-badiiy maqsadi ham shu “real qiyofa”dan oʻzga narsa emasdi. Aniq zamon va makonga mansub shaxs obrazini yaratish zamonaviy oʻzbek sheriyatini mumtoz adabiyot namunalaridan farqlab turadi.

Yangi oʻzbek sheʼriyati muammolarini tadqiq etgan Ulugʻbek Hamdam XX asr avvalida sheʼrning intonatsion qurilishi, poetik ifoda tarzi, subyektiv tashkillanishi kabi muhim jihatlarda kechgan oʻzgarishlarni shunday izohlaydi: “Yangi insonning qalb tebranishlarini aks ettirish talabi sheʼriyatdan shunga mos oʻzgarishlarni – yangilanishni taqozo etdi” [4.9]. Demak, mazkur oʻzgarishlarning ortida yangi inson – shaxs maqomining oʻzgarishi turar ekan, mulohazalarimizda oʻtgan davrlar ijtimoiy hayotida shaxsning oʻrni, uning mumtoz adabiyotda eks etishi masalalarga toʻxtalib oʻtishni joiz deb bilamiz. Sharq mumtoz adabiyoti va kitob grafikasi boʻyicha izlanishlar olib borgan sanʼatshunoslar Ye.Polyakova hamda Z.Rahimovalar Sharqning chuqur falsafiy, yuksak badiiy asarlari ortidagi muallif shaxsiyatini aniqlash judayam mushkul ekanini taʼkidlab, “Bu davr ijodkorlari oʻz shaxsiy kechinmalarini, davr kishilari va ijtimoiylikni ifodalashga urinmagan” [3.23], deb yozadilar. Haqiqatan ham mumtoz adabiyot namunalarida davr kaloritini ifodalovchi omillar: ismlar, raqamlar, geografik nomlar deyarli uchramaydi. Baʼzan muallif yozgan asariga oʻz imzosini qoʻyishni ham “unutadi”. Chunki bu davr estetik qarashlarining birlamchi haqiqati sifatida dunyoning foniy ekanligiyu sanʼatkor uchun chinakam, yagona goʻzallik olam va odamning botini hisoblangan. Ayni shu omil mumtoz sanʼatlardagi shartlilikni yuzaga keltiradi. Yaʼni ijodkor oʻz asarida olamni uning tashqi koʻrinishlari bilan ifodalashga urinmagan. Deylik, yor jamolini tasvirlashda uning qiyofasiga xos detallardan emas, davr estetik kategoriyalari asosida qabul qilingan shartli unsurlardan foydalanilgan. Xuddi shunday mumtoz miniatyurada ham tasviriylik shartli boʻlib, musavvir ifodada narsaning real koʻrinishiga monand unsurlarni qidirmaydi: “Estetik tasavvurlar Sharqda etikadan ajratilmas edi. Sharqning ilgʻor mutafakkirlari nazdida asosiy goʻzallik maʼnaviy goʻzallik <...> Ana shu kabi tasavvurlar tufayli Sharq sanʼatida inson badanining realistik tasviriga qiziqishmagan” [3.70]. Zero Sharqning estetik kategoriyalari va ijodkorning dunyoqarashi badiiy asardagi noreal ifodaga uygʻun edi. Ammo XX asr boshlarida Choʻlpon yaratgan lirik qahramon tuygʻulari umumestetik mezonlardagina yashamay, balki muayyan davr va makonga xos individ shaxsiyatiga singdiriladi. Oʻz-oʻzidan ijodkor, qalbida nish urgan ijtimoiy dardni oʻquvchiga yuqtirush uchun ifodada realistik tasvirga suyanadi:

Koʻm koʻk ekan, sargʻaydilar yaproqlar

Ogʻriq, magʻlub, tutqun Sharqning yuzidek:

Boʻronlarning koʻzlarikim, oʻynoqlar

Gʻolib gʻarbning qonga toʻlgan koʻzidek. [5.86]

Choʻlponning “Kuz” nomli sheʼridan olingan parchaga eʼtibor qarating. Shoir ijtimoiy-siyosiy dardni shunchaki aytmoqchi emas, aksincha, u voqelikni badiiy gavdalantirishga harakat qilmoqda. Mazkur jarayonda muayyan voqelik tabiat xodisalari bilan tenglashtiriladiki, oʻquvchi koʻz oldida yahlit ijtimoiy vaziyat jonlana boshlaydi. Ahamiyatlisi, davr qiyofasi vizual obrazlar vositasida yaratilib, sheʼrxon tuyushi mumkin boʻlgan hislar ham maʼnaviy, ham badiiy jihatdan taʼsirliroq ifodalanadi.

Umuman, Choʻlpon sheʼriyatida ijtimoiylikdan holi badiiy tasvirni uchratish mushkul. Shoir har qanday tasvir ortida muayan siyosiy-ijtimoiy vaziyat, kayfiyat, mazmunni ramzlashtirishga urinadi:

Yana qor! Oq kafan oʻraldi yana,

Yana koʻk quydi yerga parlarini.

Qargʻaning tillari burildi yana,

Yana qish chorladi navkarlarini.

Qop-qora dev kabi bulut yigʻini

Qoplab oldi yana quyosh yuzini.

Yotqizib yoz botir yengish tugʻini

Uyqudan ochmadi sira koʻzini. [5.95]

Choʻlponning “Yana qor” nomli sheʼridan olingan parchada yaqqol tasviriylik mavjud. Ammo shoir mazkur asarida muayyan ijtimoiy kayfiyatni qish manzaralari bilan pardalab “yashirish”ga uringani koʻrinib turibdi. Birgina oppoq qorning kafanga, bulutlarning qop-qora devga qiyoslanishi manzaraga salbiy boʻyoqlarni tortsa, ortga qaytgan qargʻalar va uyqudagi yoz obrazlari shoir nazarda tutgan ijtimoiy holatni, shu bilan bogʻliq kafiyatni ramziy ifodalaydi. Demak, Choʻlpon bu oʻrinda kechinmalarini shoirdek emas, balki musavvirdek izhor etmoqda. Yaʼni u xuddi musavvir kabi his-tuygʻularini muayyan tasviriy kompozitsiyada ifoda etishga kirishgan. Bu kabi tasvir ifodaviy sanʼatlarga xos emas, albatta.

Albatta, Choʻlpon sheʼrida kuzatganimiz poetik ifodadagi mazkur yangilik estetik nigohi bir qadar shakllanib qolgan oʻquvchiga moʻljallangan, uning talab-ehtiyojlariga mosdir. Zero, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizday, oʻtgan asr avvalida rangtasvir, teatr, fotografiya kabi sanʼatlar jadal ommalashib borayotgan, kishilarning estetik ehtiyoji vizual sanʼatlar vositasida ham qondirilayotgan va shu bilan bogʻliq holda badiiy didda ham mos oʻzgarishlar sodir boʻlayotgan edi.

Biz ushbu maqolada badiiy obrazning vizuallashuviga sabab boʻlgan asosiy omillarni koʻrib oʻtishga harakat qildik. Sheʼriyatning tasviriy sanʼat bilan oʻzaro sintezi asosida yuzaga keladigan vizual obrazlarning badiiy-ifodaviy xususiyatlari haqida batafsil toʻxtalishni esa keyingi tadqiqotlarga qoldiramiz.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

Abdulla Qodiriy. Mehrobdan Chayon.– T.: Adabiyot va sanʼat, 1994.

D.Quronov. Mutoalaa va idroq mashqlari. – T.: Akademnashr, 2013.

Ye.Polyakova, Z.Rahimova. Minniatyura i literatura Vostoka. – T.: Adabiyot va sanʼat, 1987.

U.Hamdam. Yangi oʻzbek sheʼriyati. – T.: Adib, 2012.

Choʻlpon. Asarlar. I jild. – T.: Akademnashr, 2013.

Saʼdullo Quronov