Mazkur maqolada Sharq mumtoz sanʼatlari, xususan, adabiyotda badiiy sintezning tutgan oʻrni, sanʼat turlarining oʻzaro hamkorligi asosiga qurilgan taraqqiyot yoʻllari oʻrganiladi. Ishda sheʼriyat, xattotlik va miniatyura sanʼatlarining vizual obraz yaratishdagi oʻzaro uygʻun munosabati misollar asosida tadqiq etilgan.
Kalit soʻzlar: mumtoz sanʼatlar, badiiy sintez, xattotlik, kalligrafiya, miniatyura, vizual obraz, obyektiv tasvir, grafik sheʼr.
Mumtoz adabiyot namunalari haqida soʻz borarkan, bu davr ijodkori ham badiiy, ham gʻoyaviy jihatdan muayyan shartlilikka tayangani aytiladi. Bunga musulmon Sharqining ijodkorlari dunyoni foniy bilib, chinakam haqiqatni undan tashqarida izlaganligi asosiy sabab sifatida koʻrsatiladi. Yaʼni mumtoz – azaliy gʻoyalarni tarannum etuvchi sanʼatkorlar ijodiy faoliyatida oʻzning induvidual hislatlarini yashirishga, taʼbir joiz boʻlsa, oʻtkinchi dunyoning har qanday tashqi alomatlarini chetlab oʻtishga harakat qiladilar. Shu sababli mumtoz sanʼatlarda koʻproq anʼanaviylik va shartlilik ustun boʻlgan. Ayni damda, yuqoridagi kabi omillar mumtoz sanʼatlarda obyektiv tasvirning zaiflanishiga ham sabab boʻladi.
Sharq mumtoz adabiyoti va kitob grafikasi boʻyicha izlanishlar olib borgan sanʼatshunoslar Ye.Polyakova hamda Z.Rahimovalar Sharqning chuqur falsafiy, yuksak badiiy asarlari ortidagi muallif shaxsiyatini aniqlash judayam mushkul ekanini taʼkidlab, “Bu davr ijodkorlari shaxsiy kechinmalarini, davr kishilari va ijtimoiylikni ifodalashga urinmagan” [4.23], deya yozadilar. Mumtoz asarlarda obyektiv (real) tasvirning yoʻqligini, bu davr ijodkorining ijtimoiylikday qochgani bilan ham izohlash mumkin. Zero, obyektiv tasvirni zamon va makonning oʻzaro uygʻun munosabati taʼminlaydi. Ammo bu bilan oʻtmish ijodkorining his-tuygʻulari, umuman, obyektivlashtirilmagan, deb boʻlmaydi. Sanʼatkor shartlilikni chetlab oʻtmasa-da, muayyan vizual (koʻrimli) obrazlarga oʻz badiiy gʻoyasini singdirishga harakat qiladi. Ayniqsa, mumtoz adabiyotning xattotlik (kalligrafiya) sanʼati bilan qilgan hamkorligi shoirga koʻrsatib zavq ulashish imkonini beradi.
Poeziya va kalligrafiya sanʼatlarining oʻzaro sinkretik munosabatini tadqiq etishda, avvalo, badiiy sintezning judayam chuqur va qadimiy ildizlari mavjud ekanligiga eʼtibor qaratish lozim. Zero, har qanday sanʼat turining rivoji yondosh sanʼatlarning taraqqiyot yoʻli, ifoda shakllarining oʻzaro taʼsiri asosida kechadi. Sharq mumtoz musiqasi, miniatyurasi, xattotlik va badiiy adabiyotining ifodaviy xususiyatlarini kuzatar ekanmiz, bu sanʼatlarning oʻzaro mushtarak aloqada rivojlanganini koʻrishimiz mumkin boʻladi. Mumtoz musiqani aruz vaznisiz, miniatyurani esa badiiy asarlarsiz tasavvur etib boʻlmagan. Shu bois ham Sharqda bu sanʼatlarning nafaqat badiiy-gʻoyaviy jihatdan, balki ifodaviy xususiyatlari jihatidan ham qorishiq munosabatda boʻlgani yaqqol sezilib turadi. Oʻz davrida muallimi soniy deb eʼzozlangan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” nomli risolasida sheʼr sanʼati xususiyatlari haqida soʻz yuritarkan shunday yozadi: “... bu sanʼat ahli bilan (uyga) naqsh beruvchi rassom sanʼati oʻrtasida qandaydir munosabat bor. Bular ikkalasining sanʼatdagi moddasi turli-tuman boʻlsa ham ammo shaklda, yaratilish va maqsadlarda bir-biriga mos keladi. Bu shundayki, sheʼr sanʼatini bezaydigan narsalar – soʻz – mulohazalar boʻlsa, rassomlar sanʼatini bezaydigan narsa – boʻyoqlar sanaladi. Bularning ikkovi oʻrtasida forq bor, ammo ikkalasi ham odamlar tasavvuri va sezgilarida bir maqsadga – taqlid qilishga yoʻnalgan boʻladi”[1.124]. Yana shunday turlardan biri xattotlik sanʼati boʻlib, uning ahamiyati mumtoz adabiyotda ham, tasviriy sanʼatda ham birday qiymatga ega. Boshqacha qilib aytganda, xattotlikni sheʼriyat va rangtasvir oʻrtasidagi kuchli sintezning mahsuli deyish ham mumkin.
Xattotlik Sharq mumtoz sanʼatlarining eng qadimiy turlaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo xalqlari islom dinini qabul qilganidan soʻng, arab yozuvi davlat ishlarini yuritishda hamda turmushning boshqa jabhalarida keng ishlatila boshlandi. Oʻz-oʻzidan arab yozuviga asoslangan xattotlik rivoj topib, barcha musulmon oʻlkalaridagi kabi sanʼat darajasiga koʻtariladi. Sharqda kalligrafiya sanʼatining keng rivoj topishiga musulmon dini kuchli taʼsir etgan, desak xato boʻlmaydi. Boisi, diniy aqidaga koʻra, inson tasvirini, umuman, jonli mavjudotlarning suratini chizish taʼqiqlanadi. Albatta, bu kabi cheklovlar naqqoshlik va kalligrafiya sanʼatlarining Sharq estetikasida muhim ahamiyat kasb etuvchi hodisa sifatida shakllanishiga zamin yaratadi. Shu maʼnoda miniatyura sanʼati ham bevosita kalligrafiyaga bogʻliq holda rivoj topgan, deyishga haqlimiz. Zero, Sharqda miniatyura, asosan, kitob grafikasi sanʼati sifatida, matnning muayyan qismi, taʼbir joiz boʻlsa, yozuvning bir koʻrinishi sifatida yashab keladi. Yaʼni miniatyura xattotlik hamda naqqoshlik sanʼatlariga xos ifoda unsurlari bilan toʻyintirilib, rangtasvir namunalari badiiy adabiyot (sheʼriyatdagi noplastiklik)ning ifodaviy tamoyillariga yaqinlashtiriladi. Bu ikki sanʼatning sintetik munosabati xususida soʻz borarkan, ulardagi aloqadorlikni taʼminlovchi va yetakchilikni oluvchi sanʼat sifatida badiiy adabiyot markaziy oʻrinni egallaydi.
Arab yozuviga asoslangan xattotlikning sanʼat sifatida keng rivoj topishiga birlamchi omil Alloh kalomi Qurʼoni karimning shu alifbo asosida yozilgani boʻlsa, ikkinchidan arab alifbosining oʻziga xos shakl va tasviriylikka egaligidir[6.4]. Mumtoz adabiyot va kalligrafiya sanʼatlarining oʻzaro aloqadorligi xususida soʻz borarkan, biz bu bogʻliqlikni faqatgina kitob grafikasida emas, balki bir qancha mumtoz sheʼriy sanʼatlarning husnixat bilan qilgan hamkorligida ham kuzatishimiz mumkin. Xususan, arab alifbosi asosidagi kitobat sanʼati ham yozuv sanʼati bilan bevosita bogʻliq:
“Mim”i yiloni damidin oʻt sochib,
Yoʻl boshida yotibon ogʻzin ochib...[1.6]
Alisher Navoiy qalamiga mansub “Hayrat ul-abror” asarining debocha qismidan olingan yuqoridagi baytda arab alifbosidagi “mim” harfining shakli shoir ifoda etmoqchi boʻlgan badiiy gʻoyaga xizmat qilmoqda. Yaʼni arab alifbosidagi “م” (xat boshida “ﻣ ”) harfining shamoyili ilonga oʻxshab ketadi. Bu oʻrinda shoirga mazkur harfning maʼnosi emas, koʻproq vizual qiymati muhim.
Umuman, bu kabi sheʼriy sanʼatlarga shoirning mahoratini belgilovchi va asar goʻzalligi, jimjimadorligini taʼminlovchi badiiy vositalar sifatida qarashning oʻzi kamlik qiladi. Chunki, masalaning ikkinchi bir jihati – ijodkorning koʻrsatib ifodalashga va oʻquvchining koʻrib zavqlanishga boʻlgan ehtiyoji ham mavjud. Aynan, lafziy goʻzalliklardagi bu xususiyat mumtoz sanʼatlarning badiiy adabiyot yetakchiligidagi qorishiq (sinkretik) munosabati barobarida yuzaga keladi. Islom dinining muayyan cheklovlari nafaqat musavvir va xattotdan tinimsiz izlanishni, balki shoirdan ham oʻquvchining koʻrish vositasidagina tuyishi mumkin boʻlgan estetik ehtiyojini qondirishni talab etardi. Balki, shu sababli ham mumtoz shoirlar yorni taʼriflashga, tavsiflashga doim zarurat sezib kelishgandir. Odatda, musavvir goʻzal qiz jamolini real hayotdagiday tasvirlay olmagan, aniqrogʻi bundan qochgan. U buning oʻrniga anʼanaviy-shartli unsurlardan foydalangan: xipcha bellar, kulcha yuzlar, kamon qoshlar va h.k. Musavvir chizgan miniatyurada muayyan kishining induvidual xarakterini, tana aʼzolarining hayotdagiday oʻlcham va koʻrinishlarini payqash mushkul edi. Shu tariqa mumtoz miniatyuralar tasviriy sanʼatdan koʻra koʻproq ifodaviy sanʼatlarga yaqin turar edi. Balki, musavvir shu kabi ifodaviy yechim bilan aqidaviy cheklovlarni “aylanib” oʻtishni koʻzlagan boʻlsa ajab emas. Zero, u oʻz asarida real (jonli) tanani emas, balki inson botinini chizishga urinayotganiga urgʻu berib turadi. Lekin nima boʻlganda ham, miniatyuralar oʻz tomoshabinining vizual sanʼatga boʻlgan ehtiyojini ozmi-koʻpmi qondira oladi. Xuddi shunday, shoir ham muayyan vositalar bilan oʻquvchining estetik ehtiyojlarini qondirishga urinib kelgan. Oʻquvchining bu kabi “talab”lari ijodkorni boshqa sanʼat turlarining ifoda imkoniyatlaridan foydalanishga undab, natijada ikki yoki undan ortiq sanʼatlarning oʻzaro sintezi ifodada yangicha shakllarni yuzaga keltiradi, desak xato boʻlmaydi.
Atoulloh Husayniyning aruz vazni va badiiy vositalar haqidagi “Badoyiʼu-s-sanoyiʼ” asarining V qismi “Lafziy goʻzalliklar, oʻshul hukmdagʻi va xat suvratigʻa taalluqlugʻ gʻoʻzalliklar bayonida” deb nomlanadi. Bu qismda “xat suvratigʻa” bogʻliq koʻplab sheʼriy sanʼatlar haqida maʼlumot olish mumkin. Masalan, muqattaʼ sanʼati “ul kalomdin iboratturkim, soʻzlardagi hamma harflar bir-biridan ajralgʻan boʻlur”, muvassal “andoq kalomdin iboratturkim, aning hech bir soʻzining harflari yozuvda ajralmagʻay”, raqto “andoq kalomdin iboratturkim, har bir soʻzning bir harfi kalom oxirigʻacha nuqtaligʻ va bir harfi nuqtasiz boʻlur”, eʼnot “…kotib yo shoir soʻzni bezash uchun, vojib boʻlmagʻan va soʻz onsiz ham durust toʻliq boʻlgʻan, bir nimani takalluf qilur… maqsad soʻzni bezashtur”[3.35]. Bundan tashqari kitobda yana oʻnlab shu kabi sanʼatlar haqida maʼlumotlar bor. Koʻrinadiki, mumtoz adabiyotda shoir oʻz his-tuygʻulari ifodasi uchun nafaqat soʻz maʼnolariga tayangan, balki, harf va soʻzlarning vizual (koʻrimli) jihatiga ham eʼtibor qaratgan. Bu sheʼriyatni tasviriy sanʼatlarga yaqinlashtirib, ularga xos ifoda xususiyatlarining sheʼriyatga koʻchishini taʼminlaydi.
Zamonaviy adabiyotshunoslikda bunday asarlar grafik sheʼriyat namunasi sifatida oʻrganiladi. Yaʼni siz sheʼrni nafaqat oʻqib, balki koʻzlaringiz vositasida turli shakliy “oʻyin”larni kuzatib ham estetik taʼsir tuya boshlaysiz. Grafik sheʼrlar ikki ming yillik tarixga ega boʻlib, uning dastlabki namunalari qadimgi yunon madaniyati yodgorliklarida uchraydi. Yunon shoiri Simmiy Rodosskiy tuxum, oybolta, qanot shaklini yodga soluvchi sheʼrlar bitganligi maʼlum. Keyinchalik ham bu anʼana Gʻarb adabiyotida keng yoyiladi: Rable, Polotskiy, Derjavin, Apolliner kabi mashhur shoirlar ijodida bu yoʻnalish ancha takomillashdi. XX asrga kelib bu hodisa kalligramma janri sifatida rivoj topa boshlaydi. Oʻzining kalligrammalari haqida soʻz yuritgan Apolliner: “Bu sanʼatning imkoniyatlari juda keng, biz unda rangtasvir va musiqaning sintezini koʻrishimiz mumkin boʻladi”, – deb yozagandi.[5.46] Hozirgi kunda ham bu kabi asarlarini jahon va oʻzbek adabiyoti namunalarida (I.Otamurod, Faxriyor) koʻplab uchratishimiz mumkin boʻladi.
Biz bejiz kalligrammalar haqida atroflicha toʻxtalishga urinmadik, zero, ularning ildizlari xattotlik sanʼatiga borib tutashadi. Yana Atoulloh Husayniyning “Badoyiʼu-s-sanoyiʼ” kitobiga murojaat etamiz: muʼaqqad “andoq sheʼrni ayturlarkim, yozuvda handasa shakllaridan birigʻa qoʻyarlar”, mudavvar “uldurkim, bir nazm aytib, uni doira shaklida yozurlar”, mushajjar “ani daraxt shaklinda berurlar” [3.38]. Agar shoir “chizgan” grafik sheʼrlar va xattot asarlari muqoyasa qilib koʻrilsa, ular shakliy jihatdan teng qiymatga egaday tuyuladi. Lekin, baribir, shoir asarida his-tuygʻu ifodasining, hattot asarida esa tasviriylikning yetakchiligi saqlanib qolaveradi. Bu kabi asarlarning ifodaviy imkoniyati birmuncha keng. Chunki grafik sheʼrlarda oʻquvchi ikki yoqlama taʼsirni tuyadi. Yaʼni oʻquvchi koʻzlari vositasida muayyan shaklni kuzatib, real predmetni tasavvur qiladi. Soʻng matnni oʻqib, oʻz hayolidagi tasvir bilan sheʼr mazmunini qorishtirib yuboradi. Ijodkor uchun mutolaadagi ayni shu jarayon muhim boʻlib, bu bilan shoir oʻzi istaganiday his-tuygʻularni obyektivlashtirishga erishadi. Oʻquvchi esa bir vaqtning oʻzida ham ifodaviy, ham tasviriy sanʼat namunasidan bahra oladi.
Inson borliq haqidagi asosiy informatsiyani koʻzlari vositasida qabul qiladi. Shunday ekan, uning estetik ehtiyoji ham koʻproq vizual sanʼatlarga qaratilgan boʻlishi tabiiy. Har qanday ijodkor (u qaysi davrga va qanday sanʼat turiga mansub boʻlmasin) oʻz “isteʼmol”chisining talablarini inobatga olgan holda asar yaratadi. Demak, badiiy adabiyotning boshqa sanʼatlar bilan oʻzaro sintezga kirishishi, avvalo, muayyan ehtiyoj yuzasidandir. Aslida, mazkur ehtiyoj sanʼat turlarining doimiy tarraqqiyoti uchun asosiy omil vazifasini ham oʻtab beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
A. Husayniy. Badoyiʼu-s-sanoyiʼ. – T.: Adabiyot va sanʼat, 1981. B.400.
Ye.Polyakova, Z.Rahimova. Minniatyura i literatura Vostoka. – T.: Adabiyot va sanʼat, 1987. B. 288.
Ю.В. Рычкова. Энциклопедия модернизма. – М.: ЭКСМО, 2002. Б.224.
R. Buxoriy. Husnixat durdonalari. – T.: Movarounnahr, 2008 y. B.60.
Мазкур мақолада Шарқ мумтоз санъатлари, хусусан, адабиётда бадиий синтезнинг тутган ўрни, санъат турларининг ўзаро ҳамкорлиги асосига қурилган тараққиёт йўллари ўрганилади. Ишда шеърият, хаттотлик ва миниатюра санъатларининг визуал образ яратишдаги ўзаро уйғун муносабати мисоллар асосида тадқиқ этилган.
Калит сўзлар: мумтоз санъатлар, бадиий синтез, хаттотлик, каллиграфия, миниатюра, визуал образ, объектив тасвир, график шеър.
Мумтоз адабиёт намуналари ҳақида сўз бораркан, бу давр ижодкори ҳам бадиий, ҳам ғоявий жиҳатдан муайян шартлиликка таянгани айтилади. Бунга мусулмон Шарқининг ижодкорлари дунёни фоний билиб, чинакам ҳақиқатни ундан ташқарида излаганлиги асосий сабаб сифатида кўрсатилади. Яъни мумтоз – азалий ғояларни тараннум этувчи санъаткорлар ижодий фаолиятида ўзнинг индувидуал ҳислатларини яширишга, таъбир жоиз бўлса, ўткинчи дунёнинг ҳар қандай ташқи аломатларини четлаб ўтишга ҳаракат қиладилар. Шу сабабли мумтоз санъатларда кўпроқ анъанавийлик ва шартлилик устун бўлган. Айни дамда, юқоридаги каби омиллар мумтоз санъатларда объектив тасвирнинг заифланишига ҳам сабаб бўлади.
Шарқ мумтоз адабиёти ва китоб графикаси бўйича изланишлар олиб борган санъатшунослар Е.Полякова ҳамда З.Раҳимовалар Шарқнинг чуқур фалсафий, юксак бадиий асарлари ортидаги муаллиф шахсиятини аниқлаш жудаям мушкул эканини таъкидлаб, “Бу давр ижодкорлари шахсий кечинмаларини, давр кишилари ва ижтимоийликни ифодалашга уринмаган” [4.23], дея ёзадилар. Мумтоз асарларда объектив (реал) тасвирнинг йўқлигини, бу давр ижодкорининг ижтимоийликдай қочгани билан ҳам изоҳлаш мумкин. Зеро, объектив тасвирни замон ва маконнинг ўзаро уйғун муносабати таъминлайди. Аммо бу билан ўтмиш ижодкорининг ҳис-туйғулари, умуман, объективлаштирилмаган, деб бўлмайди. Санъаткор шартлиликни четлаб ўтмаса-да, муайян визуал (кўримли) образларга ўз бадиий ғоясини сингдиришга ҳаракат қилади. Айниқса, мумтоз адабиётнинг хаттотлик (каллиграфия) санъати билан қилган ҳамкорлиги шоирга кўрсатиб завқ улашиш имконини беради.
Поэзия ва каллиграфия санъатларининг ўзаро синкретик муносабатини тадқиқ этишда, аввало, бадиий синтезнинг жудаям чуқур ва қадимий илдизлари мавжуд эканлигига эътибор қаратиш лозим. Зеро, ҳар қандай санъат турининг ривожи ёндош санъатларнинг тараққиёт йўли, ифода шаклларининг ўзаро таъсири асосида кечади. Шарқ мумтоз мусиқаси, миниатюраси, хаттотлик ва бадиий адабиётининг ифодавий хусусиятларини кузатар эканмиз, бу санъатларнинг ўзаро муштарак алоқада ривожланганини кўришимиз мумкин бўлади. Мумтоз мусиқани аруз вазнисиз, миниатюрани эса бадиий асарларсиз тасаввур этиб бўлмаган. Шу боис ҳам Шарқда бу санъатларнинг нафақат бадиий-ғоявий жиҳатдан, балки ифодавий хусусиятлари жиҳатидан ҳам қоришиқ муносабатда бўлгани яққол сезилиб туради. Ўз даврида муаллими соний деб эъзозланган Абу Наср Форобий “Фозил одамлар шаҳри” номли рисоласида шеър санъати хусусиятлари ҳақида сўз юритаркан шундай ёзади: “... бу санъат аҳли билан (уйга) нақш берувчи рассом санъати ўртасида қандайдир муносабат бор. Булар иккаласининг санъатдаги моддаси турли-туман бўлса ҳам аммо шаклда, яратилиш ва мақсадларда бир-бирига мос келади. Бу шундайки, шеър санъатини безайдиган нарсалар – сўз – мулоҳазалар бўлса, рассомлар санъатини безайдиган нарса – бўёқлар саналади. Буларнинг иккови ўртасида форқ бор, аммо иккаласи ҳам одамлар тасаввури ва сезгиларида бир мақсадга – тақлид қилишга йўналган бўлади”[1.124]. Яна шундай турлардан бири хаттотлик санъати бўлиб, унинг аҳамияти мумтоз адабиётда ҳам, тасвирий санъатда ҳам бирдай қийматга эга. Бошқача қилиб айтганда, хаттотликни шеърият ва рангтасвир ўртасидаги кучли синтезнинг маҳсули дейиш ҳам мумкин.
Хаттотлик Шарқ мумтоз санъатларининг энг қадимий турларидан бири ҳисобланади. Марказий Осиё халқлари ислом динини қабул қилганидан сўнг, араб ёзуви давлат ишларини юритишда ҳамда турмушнинг бошқа жабҳаларида кенг ишлатила бошланди. Ўз-ўзидан араб ёзувига асосланган хаттотлик ривож топиб, барча мусулмон ўлкаларидаги каби санъат даражасига кўтарилади. Шарқда каллиграфия санъатининг кенг ривож топишига мусулмон дини кучли таъсир этган, десак хато бўлмайди. Боиси, диний ақидага кўра, инсон тасвирини, умуман, жонли мавжудотларнинг суратини чизиш таъқиқланади. Албатта, бу каби чекловлар наққошлик ва каллиграфия санъатларининг Шарқ эстетикасида муҳим аҳамият касб этувчи ҳодиса сифатида шаклланишига замин яратади. Шу маънода миниатюра санъати ҳам бевосита каллиграфияга боғлиқ ҳолда ривож топган, дейишга ҳақлимиз. Зеро, Шарқда миниатюра, асосан, китоб графикаси санъати сифатида, матннинг муайян қисми, таъбир жоиз бўлса, ёзувнинг бир кўриниши сифатида яшаб келади. Яъни миниатюра хаттотлик ҳамда наққошлик санъатларига хос ифода унсурлари билан тўйинтирилиб, рангтасвир намуналари бадиий адабиёт (шеъриятдаги нопластиклик)нинг ифодавий тамойилларига яқинлаштирилади. Бу икки санъатнинг синтетик муносабати хусусида сўз бораркан, улардаги алоқадорликни таъминловчи ва етакчиликни олувчи санъат сифатида бадиий адабиёт марказий ўринни эгаллайди.
Араб ёзувига асосланган хаттотликнинг санъат сифатида кенг ривож топишига бирламчи омил Аллоҳ каломи Қуръони каримнинг шу алифбо асосида ёзилгани бўлса, иккинчидан араб алифбосининг ўзига хос шакл ва тасвирийликка эгалигидир[6.4]. Мумтоз адабиёт ва каллиграфия санъатларининг ўзаро алоқадорлиги хусусида сўз бораркан, биз бу боғлиқликни фақатгина китоб графикасида эмас, балки бир қанча мумтоз шеърий санъатларнинг ҳуснихат билан қилган ҳамкорлигида ҳам кузатишимиз мумкин. Хусусан, араб алифбоси асосидаги китобат санъати ҳам ёзув санъати билан бевосита боғлиқ:
“Мим”и йилони дамидин ўт сочиб,
Йўл бошида ётибон оғзин очиб...[1.6]
Алишер Навоий қаламига мансуб “Ҳайрат ул-аброр” асарининг дебоча қисмидан олинган юқоридаги байтда араб алифбосидаги “мим” ҳарфининг шакли шоир ифода этмоқчи бўлган бадиий ғояга хизмат қилмоқда. Яъни араб алифбосидаги “م” (хат бошида “ﻣ ”) ҳарфининг шамойили илонга ўхшаб кетади. Бу ўринда шоирга мазкур ҳарфнинг маъноси эмас, кўпроқ визуал қиймати муҳим.
Умуман, бу каби шеърий санъатларга шоирнинг маҳоратини белгиловчи ва асар гўзаллиги, жимжимадорлигини таъминловчи бадиий воситалар сифатида қарашнинг ўзи камлик қилади. Чунки, масаланинг иккинчи бир жиҳати – ижодкорнинг кўрсатиб ифодалашга ва ўқувчининг кўриб завқланишга бўлган эҳтиёжи ҳам мавжуд. Айнан, лафзий гўзалликлардаги бу хусусият мумтоз санъатларнинг бадиий адабиёт етакчилигидаги қоришиқ (синкретик) муносабати баробарида юзага келади. Ислом динининг муайян чекловлари нафақат мусаввир ва хаттотдан тинимсиз изланишни, балки шоирдан ҳам ўқувчининг кўриш воситасидагина туйиши мумкин бўлган эстетик эҳтиёжини қондиришни талаб этарди. Балки, шу сабабли ҳам мумтоз шоирлар ёрни таърифлашга, тавсифлашга доим зарурат сезиб келишгандир. Одатда, мусаввир гўзал қиз жамолини реал ҳаётдагидай тасвирлай олмаган, аниқроғи бундан қочган. У бунинг ўрнига анъанавий-шартли унсурлардан фойдаланган: хипча беллар, кулча юзлар, камон қошлар ва ҳ.к. Мусаввир чизган миниатюрада муайян кишининг индувидуал характерини, тана аъзоларининг ҳаётдагидай ўлчам ва кўринишларини пайқаш мушкул эди. Шу тариқа мумтоз миниатюралар тасвирий санъатдан кўра кўпроқ ифодавий санъатларга яқин турар эди. Балки, мусаввир шу каби ифодавий ечим билан ақидавий чекловларни “айланиб” ўтишни кўзлаган бўлса ажаб эмас. Зеро, у ўз асарида реал (жонли) танани эмас, балки инсон ботинини чизишга уринаётганига урғу бериб туради. Лекин нима бўлганда ҳам, миниатюралар ўз томошабинининг визуал санъатга бўлган эҳтиёжини озми-кўпми қондира олади. Худди шундай, шоир ҳам муайян воситалар билан ўқувчининг эстетик эҳтиёжларини қондиришга уриниб келган. Ўқувчининг бу каби “талаб”лари ижодкорни бошқа санъат турларининг ифода имкониятларидан фойдаланишга ундаб, натижада икки ёки ундан ортиқ санъатларнинг ўзаро синтези ифодада янгича шаклларни юзага келтиради, десак хато бўлмайди.
Атоуллоҳ Ҳусайнийнинг аруз вазни ва бадиий воситалар ҳақидаги “Бадойиъу-с-санойиъ” асарининг V қисми “Лафзий гўзалликлар, ўшул ҳукмдағи ва хат сувратиға тааллуқлуғ ғўзалликлар баёнида” деб номланади. Бу қисмда “хат сувратиға” боғлиқ кўплаб шеърий санъатлар ҳақида маълумот олиш мумкин. Масалан, муқаттаъ санъати “ул каломдин ибораттурким, сўзлардаги ҳамма ҳарфлар бир-биридан ажралған бўлур”, мувассал “андоқ каломдин ибораттурким, анинг ҳеч бир сўзининг ҳарфлари ёзувда ажралмағай”, рақто “андоқ каломдин ибораттурким, ҳар бир сўзнинг бир ҳарфи калом охириғача нуқталиғ ва бир ҳарфи нуқтасиз бўлур”, эънот “…котиб ё шоир сўзни безаш учун, вожиб бўлмаған ва сўз онсиз ҳам дуруст тўлиқ бўлған, бир нимани такаллуф қилур… мақсад сўзни безаштур”[3.35]. Бундан ташқари китобда яна ўнлаб шу каби санъатлар ҳақида маълумотлар бор. Кўринадики, мумтоз адабиётда шоир ўз ҳис-туйғулари ифодаси учун нафақат сўз маъноларига таянган, балки, ҳарф ва сўзларнинг визуал (кўримли) жиҳатига ҳам эътибор қаратган. Бу шеъриятни тасвирий санъатларга яқинлаштириб, уларга хос ифода хусусиятларининг шеъриятга кўчишини таъминлайди.
Замонавий адабиётшуносликда бундай асарлар график шеърият намунаси сифатида ўрганилади. Яъни сиз шеърни нафақат ўқиб, балки кўзларингиз воситасида турли шаклий “ўйин”ларни кузатиб ҳам эстетик таъсир туя бошлайсиз. График шеърлар икки минг йиллик тарихга эга бўлиб, унинг дастлабки намуналари қадимги юнон маданияти ёдгорликларида учрайди. Юнон шоири Симмий Родосский тухум, ойболта, қанот шаклини ёдга солувчи шеърлар битганлиги маълум. Кейинчалик ҳам бу анъана Ғарб адабиётида кенг ёйилади: Рабле, Полоцкий, Державин, Аполлинер каби машҳур шоирлар ижодида бу йўналиш анча такомиллашди. XX асрга келиб бу ҳодиса каллиграмма жанри сифатида ривож топа бошлайди. Ўзининг каллиграммалари ҳақида сўз юритган Аполлинер: “Бу санъатнинг имкониятлари жуда кенг, биз унда рангтасвир ва мусиқанинг синтезини кўришимиз мумкин бўлади”, – деб ёзаганди.[5.46] Ҳозирги кунда ҳам бу каби асарларини жаҳон ва ўзбек адабиёти намуналарида (И.Отамурод, Фахриёр) кўплаб учратишимиз мумкин бўлади.
Биз бежиз каллиграммалар ҳақида атрофлича тўхталишга уринмадик, зеро, уларнинг илдизлари хаттотлик санъатига бориб туташади. Яна Атоуллоҳ Ҳусайнийнинг “Бадойиъу-с-санойиъ” китобига мурожаат этамиз: муъаққад “андоқ шеърни айтурларким, ёзувда ҳандаса шаклларидан бириға қўярлар”, мудаввар “улдурким, бир назм айтиб, уни доира шаклида ёзурлар”, мушажжар “ани дарахт шаклинда берурлар” [3.38]. Агар шоир “чизган” график шеърлар ва хаттот асарлари муқояса қилиб кўрилса, улар шаклий жиҳатдан тенг қийматга эгадай туюлади. Лекин, барибир, шоир асарида ҳис-туйғу ифодасининг, ҳаттот асарида эса тасвирийликнинг етакчилиги сақланиб қолаверади. Бу каби асарларнинг ифодавий имконияти бирмунча кенг. Чунки график шеърларда ўқувчи икки ёқлама таъсирни туяди. Яъни ўқувчи кўзлари воситасида муайян шаклни кузатиб, реал предметни тасаввур қилади. Сўнг матнни ўқиб, ўз ҳаёлидаги тасвир билан шеър мазмунини қориштириб юборади. Ижодкор учун мутолаадаги айни шу жараён муҳим бўлиб, бу билан шоир ўзи истаганидай ҳис-туйғуларни объективлаштиришга эришади. Ўқувчи эса бир вақтнинг ўзида ҳам ифодавий, ҳам тасвирий санъат намунасидан баҳра олади.
Инсон борлиқ ҳақидаги асосий информацияни кўзлари воситасида қабул қилади. Шундай экан, унинг эстетик эҳтиёжи ҳам кўпроқ визуал санъатларга қаратилган бўлиши табиий. Ҳар қандай ижодкор (у қайси даврга ва қандай санъат турига мансуб бўлмасин) ўз “истеъмол”чисининг талабларини инобатга олган ҳолда асар яратади. Демак, бадиий адабиётнинг бошқа санъатлар билан ўзаро синтезга киришиши, аввало, муайян эҳтиёж юзасидандир. Аслида, мазкур эҳтиёж санъат турларининг доимий тарраққиёти учун асосий омил вазифасини ҳам ўтаб беради.
Фойдаланилган адабиётлар:
А. Ҳусайний. Бадойиъу-с-санойиъ. – Т.: Адабиёт ва санъат, 1981. Б.400.
Е.Полякова, З.Раҳимова. Минниатюра и литература Востока. – Т.: Адабиёт ва санъат, 1987. Б. 288.
Ю.В. Рычкова. Энциклопедия модернизма. – М.: ЭКСМО, 2002. Б.224.
Р. Бухорий. Ҳуснихат дурдоналари. – Т.: Мовароуннаҳр, 2008 й. Б.60.
Saʼdullo Quronov