← Sa'dullo Quronov
|

Sheʼriyatda shakliy izlanishlar

Saʼdullo Quronov

Maqola · 2010 · Sharq yulduzi jurnali, 2010, № 3

Sheʼr nasriy asardan koʻra kuchliroq estetik taʼsir etib, oʻziga xos zavq bera olishi bilan ajralib turadi. Albatta, bu, bir tarafi, sheʼrda his-tuygʻuning mos ritm, musiqiy ohangda ifodalanishi bilan ham bogʻliq, shu narsa sheʼrning taʼsirdorligini oshiradi. Biroq sheʼrning taʼsir kuchi ohangdorlikning oʻzi bilangina taʼminlanmaydi. Sheʼr his-tuygʻu ifodasi ekan, uning taʼsiri koʻp jihatdan shu his-tuygʻuning qanday ifoda etilishiga ham bogʻliq boʻladi. Sheʼriy ifoda obraz asosida amalga oshib, obrazda shoir oʻz his-tuygʻularini tavsiflab yoki xuddi musavvirday tasvirlab ifodalashi mumkin.

Yangi davr adabiyoti sheʼrning tashqi qurilishi, uning grafik shakli ham ahamiyatli ifoda vositasi ekanligini koʻrsatdi. Jumladan, XX asr oʻzbek sheʼriyatida zinapoya shaklidagi misralar, soʻzlarni alohida misraga chiqarish, turli usullarda tovush tovlanishlarini berishga intilish, bosh harflar bilan yozish kabi qator usullarning keng ommalashgani buning dalilidir. Oʻtgan asrning oxirgi choragidan boshlab sheʼriyatimizda kuzatilgan ijodiy izlanishlar bu jabhani ham chetlab oʻtmadi. Ammo shunday asarlar ham uchrab turadiki, bir qarashda buning nima ekanligini anglab olish juda mushkul tuyuladi:

Faxriyor qalamiga mansub “Geometrik bahor” sheʼri adabiyotimiz uchun yangi hodisa sanaladi. Boisi sheʼr shakl jihatidan, aniqrogʻi, ifoda jihatidan oʻziga xos boʻlib, uning matnida turli grafik belgilardan muhim ifoda vositasi sifatida foydalanilgan. Yangi hodisaga munosabat ham turlicha: ayrimlar uni maʼqullaydi, baʼzilar shaklbozlikka moyillik deydi, boshqalar esa “oʻta ketgan bemaʼnilik” deb qoʻl siltab qoʻya qoladi. Aslida ham shundaymikan? Nahotki sheʼrdagi geometrik shakl, belgi va suratlarning lirik ifodaga taalluqli jihati yoʻq boʻlsa?..

Faxriyorning sheʼri mutlaqo yangi hodisaday koʻrinsa ham, uning ildizlari oʻtmish adabiy anʼanalaridan oziqlanadi. Masalan, xattotlik sanʼatida arab yozuvidagi soʻzlarni turli shaklga solib, koʻz oldimizda biror narsa suratlanadigan tarzda yozish eskidan bor narsa. Yozuvni sanʼat darajasiga koʻtargan xattotlar mazmundan avval shakl, yaʼni avval “koʻrish” orqali taʼsirlantirish va maʼlum taassurot uygʻotish maqsadini koʻzlaganlar. Gʻarbda bu sanʼat kalligrafiya deb atalib, uning tarixi juda qadim oʻtmishga borib taqaladi. Yuqorida keltirilgan “Geometrik bahor” kabi asarlarga ham, avvalo, xattotlik yoki kalligrafiya sanʼati anʼanalarining davomi, uning rivojidagi yangi bir bosqich deb qarash mumkin. Zero, Gʻarbda oʻtgan asr boshlaridan keng ommalasha boshlagan figurali sheʼrlar, grafik sheʼrlar va kalligrammalar ning ham ildizi kalligrafiya sanʼatiga borib tutashadi. Chunki bunday asarlarda ham oʻquvchiga avvalo nigoh orqali taʼsir oʻtkazish maqsad qilinadi. Xullas, bu turdagi sheʼrlar oʻzining ikki ming yillik tarixiga ega boʻlib, oʻtmish adabiyoti va hozirda bunday asarlarni juda koʻp uchratishimiz mumkin boʻladi. F.Rable, S.Polotskiy, G.Derjavin, L.Kerroll va boshqa koʻplab shoirlar bu janrda sermahsul ijod etishgan. Ammo grafik sheʼrlarning yangi bosqichdagi oʻziga xos koʻrinishini yaratgan ijodkor sifatida fransuz shoiri Giyom Apolliner eʼtirof etiladi.

XX asrga kelib shoirlar sheʼr shakli ustida koʻplab izlanishlar olib borishadi. Bunga oʻsha davr sanʼatida sodir boʻlgan oʻziga xos oʻzgarishlarni sabab qilib koʻrsatish mumkin. Sanʼatdagi ifoda usuli tubdan oʻzgarib, ilk yoʻnalishlardayoq (kubizm, fovizm) shaklning qiymati va ahamiyati ortadi. Shu davrda ijod qilgan modern shoirlar mavjud shakliy ifodani rivojlantira boshladilar. Xususan, fransuz shoiri G.Apolliner sheʼr shaklida keskin burilish yasaydi. Apolliner maʼlum bir shaklni yodga soluvchi koʻrinishda (Eyfel minorasi, avtomobil, favvora h.k.) sheʼrlar bitadi. Uning sheʼrlari turlicha boʻlib, shoir baʼzan belgilar va suratlardan ham foydalangan:

Apolliner oʻzi yaratgan figurali sheʼrlarni kalligramma deb ataydi. Shoir 1918 yili “Kalligrammalar” nomli kitobini ham eʼlon qilgan. Ammo u yaratgan kalligrammalar nazmning asl tabiatiga xos emasdi. Ular sheʼriyatning boshqa sanʼat turlari bilan sintezlashuvi mahsuli boʻlib, oʻzining kalligrammalari haqida soʻz yuritgan Apolliner: “Bu sanʼatning imkoniyatlari juda katta, biz unda rangtasvir va musiqaning sintezini koʻrishimiz mumkin boʻladi”, - deb yozadi.

XX asr boʻsagʻasida sanʼatkorlarning olamni oʻzgacha yoʻsinda ifodalashga intilishi gʻoyat kuchaygan edi. Yangicha ifoda yoʻsini, avvalo, tasviriy sanʼatda kuzatiladi. Agar modernizmga qadar tasviriy sanʼatda naturani real aks ettirish ustuvorlik qilgan boʻlsa, modernizmning ilk yoʻnalishlaridayoq reallik butunlay rad etiladi. Shu tariqa fovizm, kubizm, futurizm, abstraktizm kabi bir qancha yoʻnalishlar yuzaga keladi. Apolliner sheʼriyatiga rangtasvirdagi ana shu oʻzgarishlar, ayniqsa, kubizm yoʻnalishining taʼsiri katta boʻlgan. Shoir Pablo Pikasso, Jorj Brak va yana bir qancha kubist rassomlar bilan yaqindan doʻst edi. Apollinerning aytishicha, bu davrda rassom va shoirlar oʻzaro hamfikr edilar. A.Salmon, M.Jakobs, B.Sandrar, J. Kokto kabi shoirlar doimiy ravishda kubizmni qoʻllab turganlar, oʻzlari ham bu yoʻnalishning haqiqiy shaydolaridan boʻlishgan.

Xullas, ikki ming yillik tarixga ega grafik sheʼriyatning yangi bosqichdagi shakli rangtasvirning modern yoʻnalishlari bilan oʻzaro uygʻunlikda vujudga keladi. Bizningcha, rangtasvir va sheʼriyatning oʻzaro sintezi asosida yaratilgan “Geometrik bahor” nomli asar ham grafik sheʼriyat namunasi sifatida tasviriy sanʼatning ana shu yoʻnalishlari, xususan, kubizm bilan muqoyasa qilib oʻrganilishi kerak.

“Geometrik bahor” oʻn bir qismdan tashkillangan boʻlib, ularning har biri mazmunan nisbiy mustaqillikka ega. Zero, qismlarnining har birida bahorga xos manzara, holat yo kayfiyatning tasvirlanishi bilan sheʼr bir butun lirik hodisaga aylanadi. Ustoz U.Normatov “Geometrik bahor” haqida soʻz yuritarkan, shunday yozadi: “Ijtimoiylikdan holi”, “sof lirika” namunalari ham teran insoniy, umumbashariy falsafiy ruh bilan yoʻgʻrilgan. Bunday ruh esa anʼanaviy sheʼriyatdagidan farqli oʻlaroq, koʻp hollarda yangicha yoʻllarda namoyon etilgan... Turkumning qolgan oʻn fasli ham shu tariqa turli-tuman shakllar-ramzlar simfoniyasi va falsafasidan iborat. Maysaning ignaday oʻtkir tili “koʻrsatish chizigʻiday faqat oldinga” yuradi, binobarin bahor harakatini toʻxtatib boʻlmaydi” . Darhaqiqat, hajman yirik boʻlgan asarda bir-birining taʼsirida yuzaga keluvchi turli-tuman mavzular, falsafiy mushohadaga chorlovchi fikrlarni koʻrishimiz mumkin. Ustoz U.Normatov asarning falsafiy-mazmuniy jihatlariga urgʻu berarkan, buning yangicha yoʻllarda namoyon boʻlishini taʼkidlaydi. Shu sababdan ham biz asarning oʻziga xos ifoda xususiyatlarini oʻrganishga jazm etamiz.

Yozuvchi Nazar Eshonqul shunday yozadi: “XX asr boshida kubistlar (Pikasso va boshqalar) turli shakllar orqali inson ruhiyatining manzaralarini aks ettirishga urinib koʻrishgan edi. Faxriyor esa buni asosiy quroli soʻz boʻlgan sheʼriyatda sinab koʻryapti.” Haqiqatan ham “Geometrik bahor” tasvirlash tamoyili jihatidan kubizm yoʻnalishiga juda oʻxshab ketadi. Maʼlumki, Uygʻonish davridayoq “poeziya – gapiruvchi rangtasvir”, “rangtasvir – soqov poeziya” deb bilganlar. Chunki rassomlik asari gung holicha his-tuygʻularni ifodalasa, sheʼrdagi his-tuygʻuga yoʻgʻrilgan soʻz tasavvurimizda surat chizadi. Yaʼni, aslida bu ikki sanʼat – egizak. Faxriyor shu qardoshlikni yana ham mustahkamlashga intiladi: turli shakllarni (ularga maʼlum darajada rassomlikka xos unsurlar deb qarasa boʻladi) soʻzga koʻmakchi etib saylaydi. Shakllar SOʻZning imkonlarini toʻlatadi, sezgilarimizga taʼsir etadi va pirovardida tasavvurimizda rangin va hassos surat jonlanadi:

Kubizm yoʻnalishidagi surat maʼlum geometrik figuralarni yodga solib, musavvir olamni shu shakllar vositasida anglashga urinadi. Bu yoʻnalishning ifoda yoʻsinlari benihoya cheksiz, ammo rassomlar uchun kartinada borliqning real xususiyatlarini aks ettirish chegaralab qoʻyilgan edi. Shu bois kubistlar tasviridagi shakl aniq estetik predmet sifatida koʻrilmaydi. Bu bilan tashqi koʻrinishdan olinadigan taʼsir ahamiyati yoʻqolib, tasviriy ifodada narsaning mohiyati asosiy oʻrinni egallaydi. Ichki struktura – mohiyat esa cheksiz, kerak boʻlsa toʻrt oʻlchamli fazoga ham sigʻmaydi. Borliqning tanish manzaralari aks etgan surat taxayyulga oʻz ramkasi doirasidagi erkinlikni bersa, aniq estetik predmet sifatida koʻrilmaydigan ajabtovur shakllar tasavvuru xayolga mutlaq erkinlikni taqdim etadi. Ayni choqda, taxayyulgina cheksizlikni izma-iz quvib borishga qodir.

Faxriyor “chizgan” tasvirda ham kubizmga xos ana shu jihatlarni sezish qiyin emas. Sheʼrni oʻqirkansiz, tasvirni nafaqat ongingizda shakllantirasiz, balki bevosita koʻzingiz bilan xayolingizdagi manzaraga taʼsir etasiz. Yaʼni, soʻz bilan chizilayotgan tasvir maʼlum belgi bilan parallel keltirilarkan, tasavvur etilgan manzara va koʻrilayotgan belgi ongingizda beixtiyor qorishib ketadi. Oʻz-oʻzidan noreal, kubizmdagi kabi geometrik figuralarni eslatuvchi tasvir vujudga keladi.

Sheʼrdagi belgilarga muayyan bir maʼnoni anglatuvchi unsur sifatidagina qaramaslik kerak. Chunki sheʼr matnidagi soʻzlarning oʻziyoq muayyan bir manzarani yaratishga muvaffaq boʻlmoqda. Bu oʻrinda figuralarga taassurotga taʼsir etuvchi vosita sifatida qarash oʻrinlidir. Ayni paytda, ushbu shakllarning badiiy obraz ekanligini ham inkor etib boʻlmaydi. Odatda, obraz haqida soʻz borganda shakl va mazmun birligi, mazmunsiz shakl va shaklsiz mazmun boʻlmasligi koʻp taʼkidlanadi. Biroq nega shakl biror aniq maʼno yukini tashimagani holda ham sezgilarimizga taʼsir qilishi va muayyan hislar orqali tasavvur uygʻotishi mumkin boʻlmas ekan?! Axir, mazmunsizdek koʻringan shu shakllar ijodkor anglagan mohiyatni hislariga yoʻgʻirib ifodalayapti-ku. Sheʼr avvalida keltirilgan (toʻrtburchak) va (uchburchak)larni yodga olaylik. Ularni har bir oʻquvchi turlicha talqin etishi mumkin. Lekin belgilarning estetik qiymati va ular ifodalayotgan mazmunni tugal tushuntirib bera oladigan biror kimsa bormi? Yoʻq, zero ularning birdan bir vazifasi hech bir aniq mazmunni anglatmagan holda taʼsir qilish boʻlib, bu taʼsirdan har kim har xil samara oladi. Yaʼni, bu oʻrinda aksariyat kishilar qalbi va ongida birday gavdalanuvchi, estetik yadrosi – javhariga ega boʻlgan anʼanaviy obrazdan farqli oʻzgacha tipdagi obrazga duch kelamiz.

Xoʻsh, baqaning qurillashi va (toʻrtburchak) shakli oʻrtasida aloqa bormi? Yoki baqaning “toʻrtburchak qurillash”i bilan hovuzning oʻxshash jihati boʻlishi mumkinmi? Mumkin emas, albatta. Ammo, siz badiiy obrazni his qilgan(koʻrgan)ingiz kabi tasavvurda nimaningdir jonlanganini inkor eta olmaysiz-ku...

Yuqoridagi misralar taʼsirida voqelanuvchi mantiqsiz, noreal tasvir sheʼrni boshdan oʻqib kelayotgan oʻquvchi tasavvurida qiyinchiliksiz suratlanishi mumkin. Boisi bunga qadar sheʼrda keltirilgan boshqa shakllarga eʼtibor qilinsa, oʻziga xos tashbehning sabablari koʻringanday boʻladi:

Olam oysiz qolgan, hovuz yuzasida jilolanuvchi oy ( ) endi yoʻq( )... Eʼtibor qilinsa, shoir tasavvuridagi hovuz (kvadrat) shaklida namoyon boʻlmoqda. Oyning suvga tegishi va oʻchib qolish holatlari (tasavvur qilinsa) bu suratlarga oʻxshab ketadi. Keyingi misralarda baqaning qurillashi jonzotga emas, balki (toʻrtburchak) koʻrinishidagi hovuzga xos xususiyat sifatida koʻrsatiladi. Goʻyo baqa emas, oyni qoʻmsamyotgan toʻrtburchak hovuz qurillamoqda. Qarangki, avvaliga bemaʼnilikday tuyilgan tasvirning–da hayotiy manzaradagi prototipi mavjud. Esga olib koʻring-chi, siz qorongʻu tunda(baʼzan kun yorugʻida) koʻlmak yoki hovuz chetida qurbaqaning qurillashiga eʼtibor berganmikansiz? Qurillagan ovoz keladi-yu, baqaning oʻzi koʻrinmaydi... Koʻrib turganingizday, shoirning tasavvur olami cheksiz. Avvaliga maʼlum oʻxshashlik asosida keltirilgan shakllar umuman mantiqsiz obrazlarni yuzaga keltirmoqda. Lekin tasavvurga erk berilsa, bu obrazlar vositasida ham estetik taʼsirlanish mumkin boʻlarkan.

“Geometrik bahor”ni “koʻrish” va his qilish oʻz-oʻzidan sodir boʻlavermaydi. Chunki asardagi tasvir shoir tasavvuridagi olam asosida “chizilib”, uning ilk taassuroti muayyan tasvirni, oʻz navbatida, bu tasvir keyingi taassurotni keltirib chiqaradi. Shu silsila asosida estetik zavq yaxlitlik kasb etib, tasvir esa tobora abstraklashib boradi. Shu sabab sheʼrni anglashda shoir tasavvuridagi tasvirning ketma-ketligi va izchil davomiyligi nazardan qochirilmasligi kerak. Agar oʻquvchi sheʼrdagi ana shu tasviriy oqimga tusha bilsa, shoirning mantiqqa asoslanmagan ayqash-uyqash olamini koʻra boshlaydi. Balki, oʻquvchi bunda hech qanday mazmun topa bilmas, ammo u hayratlana boshlaydi, olayotgan taassurotlari estetik zavq bagʻishlaydi.

“Geometrik bahor”dagi barcha shakllar ham mohiyatan teng qiymatli emas. Baʼzan belgilar “chizilayotgan” tasvirdagi biror elementning koʻrinuvchi surati sifatidagina keltiriladi:

Tun manzaralarining goʻzal va hayratga soluvchi tasviri tushirilgan ushbu parchaga eʼtibor qarataylik. Bunda keltirilgan belgi va suratlar oʻziga xos estetik zavq bera olishligi bilan sheʼrdagi boshqa qismlardan ajralib turadi. Shamolning kuchli esishi, uvillashlari cheksiz osmonni puflab shishirayotganday boʻladi. Osmon shishadi – . Endi uning shishgan shakli vertikal holatda keltiriladi. Bu xuddi kemaning yelkanlariga oʻxshab ketadi. Kuchli shamol tunning qora pardalarini yelkanday uchiradi–yu, borliq tun boʻyi suzib yuradi... Oʻquvchi goʻzal tashbehlar(suratlar) vositasida real hayotda kuzatgan tun manzaralarini ongida tiklarkan, endilikda koʻrayotgani uning uchun ancha taʼsirli va hayratga soluvchi boʻlishi tabiiydir.

Negadir bu turdagi asarni mutolaa qilgan oʻquvchilarning aksariyati yetarlicha estetik taʼsir sezmaganini takidlaydilar.

Haqiqatdan ham, eʼtibor qilinsa, sheʼrning emotsional xususiyatlari koʻrinmayotganday boʻladi. Bu XX asr boshlarida vujudga kelgan yangicha estetik ifoda, dunyoni uzuq-yuluq liniyalar, tartibsiz shakllar vositasida koʻrsatishga urinish sabablari bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Boisi mazmundan koʻra shaklning ustuvor qoʻyilishi asardagi emotsiyani muayyan darajada kuchsizlantiradi. Kubist rassomlar ham oʻz ishlarida emotsionallikdan qochib, tuygʻu oʻrnini shakl bilan toʻldirishga urinadilar. Ular bu kabi tartibsiz tasvir dunyoning nisbiy mohiyatini koʻproq ifodalay olishini taʼkidlaydilar.

Sheʼr matnida bu kabi belgilarning keltirilishi oʻquvchini shoir tasavvuridagi tasvirga yaqinlashtiradi. Boisi bu figuralar soʻz vositasida ifodalanmay, ularning aynan surati keltirilmoqda. Oʻquvchi ongida belgi yoki suratning aynan shakli namoyon boʻlib, istaydimi yoʻqmi u shoir koʻrgan tartibsiz shakllardagi olamni koʻra boshlaydi.

Ushbu parchaga eʼtibor qilinsa, undagi matn tabiatni tasvirlamay, koʻproq tavsiflab ifoda etayotganini koʻrish mumkin. Yaʼni manzara ifodasida detalizatsiya asosida chizilgan tasvir mavjud emas. Ammo matn bilan parallel ravishda keltirilgan shakllar tasavvur etilayotgan manzara koʻrinishini toʻldiradi. Matnning oʻzi bir muncha mavhum taassurot uygʻotsa, geometrik shakllar bahorning zovlardan qanday oʻta olmasligini izohlab beradi. Oʻz-oʻzidan shakllar bilan qorishgan taassurot ham matn uygʻotgan tasvirdan sezilarli farq qiladi.

Sanʼatda estetik nigoh (esteticheskoe videnie) degan tushuncha mavjud. Shunday odamlar borki, ular oddiy “koʻz” ilgʻamagan narsalarni “koʻradi”. Bu xususiyat, koʻproq, musavvirlar yoki shu sohani tushunadigan, ranglarni his qila oladigan insonlarda mavjud. Estetik nigohi oʻtkir odamlar tabiatdagi ranglar uygʻunligini ham, shakllarning boshqalar koʻzidan pinhon mazmunini ham his qila oladilar. Bunday odamlarda taassurot olish va tasavvur qilish xususiyatlari ham oʻzgalarga oʻxshamagan tarzda kechadi. Insonga xos shu jihatdan kelib chiqqan holda Faxriyorning “Geometrik bahor” sheʼri barcha oʻquvchilarni taʼsirlantirishga qodir deyishdan yiroqmiz. Ammo biz istaymizmi, yoʻqmi olam haqidagi asosiy informatsiyani koʻz vositasida qabul qilamiz. Shu jumladan, estetik taʼsirlanishimizda ham nigoh eng muhim omil sanaladi. Shu sabab tasviriy sanʼat, kinematografiya, fotografiya kabi sanʼatlar bizning estetik oziqlanishimizda asosiy sohalardan hisoblanadi. Sheʼriyatning bu sanʼatlar bilan oʻzaro sintezga kirishishi esa, albatta, uning ifoda imkonlari va taʼsir kuchini oshiradi. Shoir shu ehtiyoj bilan sheʼr shakli ustida izlanishlar qiladi. U manzarani xuddi musavvirlarday chizishga, voqelikni kino epizodlariday harakatdagi tasvirda jonlantirishga urinadi. Shoir oʻz tasavvuridagi olam tasviriga mos ifoda usulini izlaydi va oʻzicha topadi. Tasavvuridagi oʻzini cheksiz hayratlantirgan olamni tasvirlashga anʼanaviy yoʻl ojiz, shu bois oʻquvchiga “koʻrsatib” taʼsir oʻtkazishga intiladi, uni tasavvuridagi pala-partish, sirli va oʻziga xos dunyoga yoʻnaltiradi.

Hozirgi she'riyatning tasviriy imkoniyatlari haqida

"Fusuli arbaa" qasidalar majmuasida badiiy sintez masalasi

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Saʼdullo Quronov