Maqolada modern sheʼriyat rangtasvirning modern yoʻnalishlari bilan toqqoslanadi. Oʻzbek modern sheʼriyati namunalari misolida badiiy obrazning vizuallashuvi, sanʼatlar oʻrtasidagi sintezning ahamiyati tadqiq etiladi.
Kalit soʻzlar: badiiy sintez, poeziya, rangtasvir, vizual sanʼatlar, tasviriy ifoda, impressionizm, modernizm, grafik sheʼrlar.
Oʻzbek modern sheʼriyatining taniqli nomoyandasi Bahrom Roʻzimuhammad oʻzining “Choʻlpon – tong yulduzi demak” nomli kitobida sanʼatlarning oʻzaro yakdillikda talqin qilinishi, his etilishi, hozirgi davr modern sheʼriyatining tushunilishida asosiy kalit ekanligini aytib oʻtadi. Modernizm adabiyotshunosligimizda hamon bahsli, oʻz koʻlamiga nisbatan yetarlicha oʻrganilmagan soha hisoblanadi. Qariyb 40 yilga yaqin davr oraligʻini qamrab olgan va hamon turli shakllarda yashab kelayotgan oʻzbek modernizmining oʻrganilishi bir-ikki kichik tadqiqotlar bilangina cheklanib qolmasligi kerak. “90-yillar tanqidchiligida “modernizm” tushunchasini anglash va uning oʻzbek nasri va sheʼriyatidagi koʻrinishlariga munosabat qatʼiylasha bor”gan boʻlsa-da, shu kungacha eʼlon qilingan koʻplab maqolalar, matbuotdagi bahs-munozaralarning aksariyati, umuman, modernizm hodisasini tushuntirishga, uning zaminimizda mavjud, bizga zid yoxud mos ekanligi masalasi bilan cheklanib qolgan.
Axborot almashinuvi yuqori boʻlgan keyingi davr sanʼati kuchli sintezning natijasi oʻlaroq yuzaga kelmoqda. Jumladan, adabiyot ham nafaqat ichki omillarning, balki boshqa tur sanʼatlariga xos ifoda xususiyatlarining oʻzlashtirilishi evaziga takomillashib bormoqda. Demak, sanʼatdagi sintez masalasini oʻrganish, modern sheʼriyatni tushunishda katta ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, zamonaviy sheʼriyatmizni yondosh sanʼat turlari, xususan, rangtasvirning modern oqimlari bilan chogʻishtirgan holda oʻrganishimiz yangicha lirikani yana kengroq tushunishimizga va his qilishimizga koʻmak beradi.
Gʻarb ijtimoiy-madaniy hayotning umumiy qonuniyatlarini inkor qilish asnosida vujudga kelgan modernizm turli oqimlarga boʻlinadi. Oʻtgan asrning 70-80-yillariga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan bu yoʻnalish birinchi jahon urushiga qadar, ikki jahon urushlari oraligʻi, soʻng esa, urushdan keyingi davrlarda oʻz ifoda tamoyillarini doimo yangilab borgan. Birgina tasviriy sanʼatning oʻzida yigirmadan ortiq yoʻnalishlar ommalashgan. Bular jumlasidan: fovizm, kubizm, abstraksionizm, syurrealizm, dadaizm, futurizm, ekspressionizm, pop-art, op-art kabi yoʻnalishlarni koʻrsatish mumkin. Keling, quyida shu oqimlarning baʼzilarini oʻzbek modern sheʼriyati namunalari bilan qiyoslashga harakat qilamiz.
Bahrom Roʻzimuhammad sheʼriyati oʻzining tasviriyligi, sirli va abstrakt ifodaga boyligi bilan ajralib turadi:
Tong oʻrniga nimadir otibdi bir emas juda koʻp kunduzlar jimirlar toʻrtburchak uchburchak kunduz va kunduzchalar baʼzisi nim pushti baʼzisi jigarrang baʼzisi tundek qop-qora rangsiz baʼzisi…
Klassik renesans sanʼatining reallikka monand ifoda tamoyillaridan chekingan impressionizm yoʻnalishi, modernizmning ilk oqimi fovizm uchun katta zamin yaratib beradi. Fovizm oqimi vakillari impressionizmdagi ranglar oʻynoqiligi, ulardagi uygʻunlikni saqlab qolgan boʻlsalar-da, tasvirlash tamoyillariga katta oʻzgartirishlar kiritadilar. Fovistlar tasvirga turli geometrik shakllar, siniq chiziqlar va toʻq ranglarni olib kirdilar. Bahrom Roʻzimuhammadning “Tong oʻrniga nimadir otibdi” misralari bilan boshlanuvchi sheʼridan olingan yuqoridagi parcha fovizmga xos ifoda xususiyatlarini yodga soladi. Shoir anʼanaviy peyzaj tasvirlaridan umuman farq qiluvchi manzarani chizadi. U tabiatni turli shakllarda, oʻziga xos ranglarda ifodalashga urinadi. Albatta, tabiat oʻz holicha ham juda goʻzal, ammo uning inson koʻzlaridan yashirin baʼzi goʻzalliklari ham borki, buni sanʼatkorgina boshqalarga koʻrsata oladi:
Deraza pardasi yashillanmoqda oynadan tushmoqda yam-yashil shafaq qarang isteʼfoga chiqibdi bugun quyoshda qizil rang charchab nihoyat yashil quyosh koʻtarilar endi ufqdan…
Bu tahlid tasvir modernizmning dastlabki oqimlaridan boʻlmish ekspressionizmning ifoda tamoyillariga yaqin turadi. Ekspressionist musavvirlar tasvirdagi predmet shaklini buzishga, ranglar garmoniyasi asosida real kompozitsiyani toʻzgʻitishga uringanlar. Ekspressionizm yoʻnalishi Yevropada oʻtgan asr avvalida kuchli absurd kayfiyatining mevasi oʻlaroq yuzaga keldi. Mavjud burjua hokimiyatiga qarshi kayfiyat, endigina shakllanib kelayotgan sotsial munosabatlar, bashariyat oldidagi revolyutsiyalar va jahon urushlari odamlarda butun ijtimoiylikdan qoniqmaslikni, ertangi kunga ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqardi. Shu boisdan ham musavvir real koʻrinishdan har qancha farq qilsa-da, oʻz ruhiy holatini tasvirlashga uringan. Bahrom Roʻzimuhammadning yuqoridagi sheʼriga ham muayyan kayfiyatning obyektga koʻchirilishi sifatida qarash mumkin. Ekspressionistlar ham tasvirda oʻtkir, sovuq va zolimona ifoda izlab, uygʻunsiz ranglar vositasida inson tuygʻularini parchalashga uringanlar. Bu yoʻnalishning yorqin namoyandalari boʻlmish Van Gog, Edvard Munk, Frans Mark asarlariga eʼtibor qiladigan boʻlsak, avvalo tasvirda ruhiy, asabiy taranglikni koʻrishimiz mumkin. Ekspressionizmni boshqa oqimlardan ajratib turuvchi eng katta jihat, bu unda kuchli emotsiyaning ifoda etilishidir.
Biz ilmiy asarlarda intuitsiya terminini koʻp uchratganmiz. Bu inson taffakkuridan tashqarida sodir boʻluvchi idrok, yaʼni ichki bir tuygʻu yordamida sezish, anglash degani. Inson qalbi bilan his qiladi, ammo u baʼzan qalbi vositasida mushohada yuritishi ham mumkin. Oʻtgan asrning yigirmanchi yillariga kelib yuzaga chiqa boshlagan syurrealizm ijodiy jarayonda ham shunga oʻxshash hodisalar roʻy berishini tasdiqlaydi. Mashhur fransuz shoiri Andre Breton tush mexanikasini oʻrganishga urinadi. Uning qarashlari tush va reallik oʻrtasidagi chegarani buzish, anglanadigan va anglanmaydigan hodisotlarni oʻzaro qorishtirishga boʻlgan harakatdan iborat edi. Badiiy adabiyot va tasviriy sanʼatda bir vaqtning oʻzida ommalasha boshlagan syurrealizm fransuz faylasufi Anri Bergson (1859-1941) qarashlariga tayanadi. Bergson ong oʻz imkoniyati bilan olamni toʻla tushunishga qobil emasligini, inson faqatgina intuitsiya bilan haqiqatni topishi mumkinligi taʼkidlaydi. Shu tariqa shoir Andre Breton, musavvirlardan Maks Erist, Iv Tangi, Maks Moriz kabi ijodkorlar syurrealizmning dastlabki namoyandalari sifatida faoliyat olib bordilar. Ular oʻz asarlarida ong bilan boshqarilmaydigan ijodiy jarayonni aks ettirishga harakat qiladilar. Oʻzbek modern sheʼriyatining yana bir taniqli vakili Fahriyor sheʼriyatida koʻp jihatlari bilan syurrealizmga yaqin turadi asarlarni uchratish mumkin:
koʻylagini yechayotgan ayolday tunni yigʻishtirib olar tabiat borliq ustidan va uni farishtalar taxmoniga solib qoʻyadi tun xudoning omonati yulduzlar omonatga tushgan kuyadir tunni ilma-teshik qilib tashlar yulduzlar tunni dorilashga yetmas naftalin oy tunning koʻylagini yulduzlar yeb tashlagan qismi rahmdil bahor oy yirtiqni bulutlar bilan yamar Faxriyorning “Tong tashbihlari” nomli sheʼri ham ana shunday xarakterga ega. U yaratgan obrazlar real olam manzaralari bilan uzun assotsiativ zanjir asosidagina tutashadi. Bu, xuddi, suyurealist musavvirning suratlarigi oʻxshab ketadi. Sheʼr tunning tonga yaqin, osmondan yulduzlar bir-bir “terilyotgan”, qorongʻulik esa asta-sekin oʻzining quyuq ranglarini yoʻqotayotgan vaqtlari tasviriga bagʻishlangan. Eʼtibor qilamiz: “yulduzlar omonatga tushgan kuyadir / tunni ilma-teshik qilib tashlar yulduzlar”, shoir avvalo, oʻquvchini tunning libos (mato) ekanligiga ishontirib oladi. Taxmonga solingan matolarning qismati esa maʼlum… Oʻquvchi ana shunday assotsiativ bogʻliqliklar asosida yulduzlar mato (osmon) ortidagi yorugʻlikni oʻtkazib turgan tuynuk ekanligiga “ishonadi”…
Sanʼat – ijtimoiy hodisa. Ijodkor qaysi davrda, qanday sharoitda va qanday istakda asar yaratmasin unda, baribir, ijtimoiylik aks etaveradi. Modernizmni har bir ijodkor oʻzi yashayotgan ijtimoiylikka, mentalitetga mos tarzda qabul qiladi. Shu maʼnoda biz ham Bahrom Roʻzimuhammad asarlarini oʻzbekning muayyan kayfiyatini ifodalovchi modern sheʼrlar sifatida koʻramiz.
Oʻzbek modern sheʼriyati xususida soʻz borarkan, Bahrom Roʻzimuhammad sheʼriyati alohida ahamiyatga molik. Shoir oʻz asarlariga chinakam modernizmga xos kayfiyatni, ifoda tamoyillarini ongli ravishda olib kirishga harakat qiladi.
Biz hozirda asar deya qabul qilinayotgan tasviriy sanʼat namunalariga ramkalarga olingan turli mato-yu shakllarning, “lash-lushlar”ning uyumi ham kirishi mumkin. Shu kabi eksprementlani sheʼriyatda tez-tez uchratib turamiz. Toʻgʻri, bular oʻz ijodkorlari taʼkid etayotganiday, obrazli tafakkur – sanʼat asari. Lekin bu badiiylikni aksariyat kishilar qalbi va ongida birday gavdalanuvchi, estetik yadrosi – javhariga ega boʻlgan anʼanaviy obrazlilikdan farqi nimada? Buni ham biz oʻrganib qolgan, asosida metafora yotuvchi obrazlilik nuqtai nazaridan tushunib, his qilib boʻlarmikan? Sheʼriyatimizda kuzatilayotgan ifodaviy xususiyatlar ham shunga oʻxshash emasmi? Oʻylaymizki, oʻzbek modern sheʼriyatini sanʼatlar aro badiiy sintezning tamoyillari asosida tadqiq etish bu kabi savollarga yechim topishimizda qoʻl keladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Bergson A. Tvorcheskaya evolyutsiya. Materiya i pamyat. Mn.: Xarvest, 1999.
Roʻzimuhammad B. Soyalar suhbati. – T.: Zarqalam, 2006.
Faxriyor. Geometrik bahor. – T.: Maʼnaviyat, 2004.
B. Roʻzimuhammad. Choʻlpon -tong yulduzi demak. T.: Oʻqituvchi, 1997. 69-b.
Nazarov B. Rasulov A. Ahmedova Sh. Qahramonov Q. Oʻzbek adabiy tanqidi tarixi. – T.: Tafakkur qanoti, 2012. B. 235.
B. Roʻzimuhammad. Soyalar suhbati. – T.: Zarqalam, 2006. B. 30.
B. Roʻzimuhammad. Soyalar suhbati. – T.: Zarqalam, 2006. B. 30.
Рычкова Ю.В. Энциклопедия модернизма. – М.: ЭКСМО, 2002. Б. 93.
Bergson A. Tvorcheskaya evolyutsiya. Materiya i pamyat. Mn.: Xarvest, 1999. B. 28.
Faxriyor. Geometrik bahor. – T.: Maʼnaviyat, 2004. B. 56.
Мақолада модерн шеърият рангтасвирнинг модерн йўналишлари билан тоққосланади. Ўзбек модерн шеърияти намуналари мисолида бадиий образнинг визуаллашуви, санъатлар ўртасидаги синтезнинг аҳамияти тадқиқ этилади.
Калит сўзлар: бадиий синтез, поэзия, рангтасвир, визуал санъатлар, тасвирий ифода, импрессионизм, модернизм, график шеърлар.
Ўзбек модерн шеъриятининг таниқли номояндаси Баҳром Рўзимуҳаммад ўзининг “Чўлпон – тонг юлдузи демак” номли китобида санъатларнинг ўзаро якдилликда талқин қилиниши, ҳис этилиши, ҳозирги давр модерн шеъриятининг тушунилишида асосий калит эканлигини айтиб ўтади. Модернизм адабиётшунослигимизда ҳамон баҳсли, ўз кўламига нисбатан етарлича ўрганилмаган соҳа ҳисобланади. Қарийб 40 йилга яқин давр оралиғини қамраб олган ва ҳамон турли шаклларда яшаб келаётган ўзбек модернизмининг ўрганилиши бир-икки кичик тадқиқотлар билангина чекланиб қолмаслиги керак. “90-йиллар танқидчилигида “модернизм” тушунчасини англаш ва унинг ўзбек насри ва шеъриятидаги кўринишларига муносабат қатъийлаша бор”ган бўлса-да, шу кунгача эълон қилинган кўплаб мақолалар, матбуотдаги баҳс-мунозараларнинг аксарияти, умуман, модернизм ҳодисасини тушунтиришга, унинг заминимизда мавжуд, бизга зид ёхуд мос эканлиги масаласи билан чекланиб қолган.
Ахборот алмашинуви юқори бўлган кейинги давр санъати кучли синтезнинг натижаси ўлароқ юзага келмоқда. Жумладан, адабиёт ҳам нафақат ички омилларнинг, балки бошқа тур санъатларига хос ифода хусусиятларининг ўзлаштирилиши эвазига такомиллашиб бормоқда. Демак, санъатдаги синтез масаласини ўрганиш, модерн шеъриятни тушунишда катта аҳамиятга эга. Шу маънода, замонавий шеъриятмизни ёндош санъат турлари, хусусан, рангтасвирнинг модерн оқимлари билан чоғиштирган ҳолда ўрганишимиз янгича лирикани яна кенгроқ тушунишимизга ва ҳис қилишимизга кўмак беради.
Ғарб ижтимоий-маданий ҳаётнинг умумий қонуниятларини инкор қилиш асносида вужудга келган модернизм турли оқимларга бўлинади. Ўтган асрнинг 70-80-йилларига қадар ўз аҳамиятини йўқотмаган бу йўналиш биринчи жаҳон урушига қадар, икки жаҳон урушлари оралиғи, сўнг эса, урушдан кейинги даврларда ўз ифода тамойилларини доимо янгилаб борган. Биргина тасвирий санъатнинг ўзида йигирмадан ортиқ йўналишлар оммалашган. Булар жумласидан: фовизм, кубизм, абстракционизм, сюрреализм, дадаизм, футуризм, экспрессионизм, поп-арт, оп-арт каби йўналишларни кўрсатиш мумкин. Келинг, қуйида шу оқимларнинг баъзиларини ўзбек модерн шеърияти намуналари билан қиёслашга ҳаракат қиламиз.
Баҳром Рўзимуҳаммад шеърияти ўзининг тасвирийлиги, сирли ва абстракт ифодага бойлиги билан ажралиб туради:
Тонг ўрнига нимадир отибди бир эмас жуда кўп кундузлар жимирлар тўртбурчак учбурчак кундуз ва кундузчалар баъзиси ним пушти баъзиси жигарранг баъзиси тундек қоп-қора рангсиз баъзиси…
Классик ренесанс санъатининг реалликка монанд ифода тамойилларидан чекинган импрессионизм йўналиши, модернизмнинг илк оқими фовизм учун катта замин яратиб беради. Фовизм оқими вакиллари импрессионизмдаги ранглар ўйноқилиги, улардаги уйғунликни сақлаб қолган бўлсалар-да, тасвирлаш тамойилларига катта ўзгартиришлар киритадилар. Фовистлар тасвирга турли геометрик шакллар, синиқ чизиқлар ва тўқ рангларни олиб кирдилар. Баҳром Рўзимуҳаммаднинг “Тонг ўрнига нимадир отибди” мисралари билан бошланувчи шеъридан олинган юқоридаги парча фовизмга хос ифода хусусиятларини ёдга солади. Шоир анъанавий пейзаж тасвирларидан умуман фарқ қилувчи манзарани чизади. У табиатни турли шаклларда, ўзига хос рангларда ифодалашга уринади. Албатта, табиат ўз ҳолича ҳам жуда гўзал, аммо унинг инсон кўзларидан яширин баъзи гўзалликлари ҳам борки, буни санъаткоргина бошқаларга кўрсата олади:
Дераза пардаси яшилланмоқда ойнадан тушмоқда ям-яшил шафақ қаранг истеъфога чиқибди бугун қуёшда қизил ранг чарчаб ниҳоят яшил қуёш кўтарилар энди уфқдан…
Бу таҳлид тасвир модернизмнинг дастлабки оқимларидан бўлмиш экспрессионизмнинг ифода тамойилларига яқин туради. Экспрессионист мусаввирлар тасвирдаги предмет шаклини бузишга, ранглар гармонияси асосида реал композицияни тўзғитишга уринганлар. Экспрессионизм йўналиши Европада ўтган аср аввалида кучли абсурд кайфиятининг меваси ўлароқ юзага келди. Мавжуд буржуа ҳокимиятига қарши кайфият, эндигина шаклланиб келаётган социал муносабатлар, башарият олдидаги революциялар ва жаҳон урушлари одамларда бутун ижтимоийликдан қониқмасликни, эртанги кунга ишончсизлик кайфиятини келтириб чиқарди. Шу боисдан ҳам мусаввир реал кўринишдан ҳар қанча фарқ қилса-да, ўз руҳий ҳолатини тасвирлашга уринган. Баҳром Рўзимуҳаммаднинг юқоридаги шеърига ҳам муайян кайфиятнинг объектга кўчирилиши сифатида қараш мумкин. Экспрессионистлар ҳам тасвирда ўткир, совуқ ва золимона ифода излаб, уйғунсиз ранглар воситасида инсон туйғуларини парчалашга уринганлар. Бу йўналишнинг ёрқин намояндалари бўлмиш Ван Гог, Эдвард Мунк, Франс Марк асарларига эътибор қиладиган бўлсак, аввало тасвирда руҳий, асабий тарангликни кўришимиз мумкин. Экспрессионизмни бошқа оқимлардан ажратиб турувчи энг катта жиҳат, бу унда кучли эмоциянинг ифода этилишидир.
Биз илмий асарларда интуиция терминини кўп учратганмиз. Бу инсон таффаккуридан ташқарида содир бўлувчи идрок, яъни ички бир туйғу ёрдамида сезиш, англаш дегани. Инсон қалби билан ҳис қилади, аммо у баъзан қалби воситасида мушоҳада юритиши ҳам мумкин. Ўтган асрнинг йигирманчи йилларига келиб юзага чиқа бошлаган сюрреализм ижодий жараёнда ҳам шунга ўхшаш ҳодисалар рўй беришини тасдиқлайди. Машҳур француз шоири Андре Бретон туш механикасини ўрганишга уринади. Унинг қарашлари туш ва реаллик ўртасидаги чегарани бузиш, англанадиган ва англанмайдиган ҳодисотларни ўзаро қориштиришга бўлган ҳаракатдан иборат эди. Бадиий адабиёт ва тасвирий санъатда бир вақтнинг ўзида оммалаша бошлаган сюрреализм француз файласуфи Анри Бергсон (1859-1941) қарашларига таянади. Бергсон онг ўз имконияти билан оламни тўла тушунишга қобил эмаслигини, инсон фақатгина интуиция билан ҳақиқатни топиши мумкинлиги таъкидлайди. Шу тариқа шоир Андре Бретон, мусаввирлардан Макс Эрист, Ив Танги, Макс Мориз каби ижодкорлар сюрреализмнинг дастлабки намояндалари сифатида фаолият олиб бордилар. Улар ўз асарларида онг билан бошқарилмайдиган ижодий жараённи акс эттиришга ҳаракат қиладилар. Ўзбек модерн шеъриятининг яна бир таниқли вакили Фаҳриёр шеъриятида кўп жиҳатлари билан сюрреализмга яқин туради асарларни учратиш мумкин:
кўйлагини ечаётган аёлдай тунни йиғиштириб олар табиат борлиқ устидан ва уни фаришталар тахмонига солиб қўяди тун худонинг омонати юлдузлар омонатга тушган куядир тунни илма-тешик қилиб ташлар юлдузлар тунни дорилашга етмас нафталин ой туннинг кўйлагини юлдузлар еб ташлаган қисми раҳмдил баҳор ой йиртиқни булутлар билан ямар Фахриёрнинг “Тонг ташбиҳлари” номли шеъри ҳам ана шундай характерга эга. У яратган образлар реал олам манзаралари билан узун ассоциатив занжир асосидагина туташади. Бу, худди, суюреалист мусаввирнинг суратлариги ўхшаб кетади. Шеър туннинг тонга яқин, осмондан юлдузлар бир-бир “терилётган”, қоронғулик эса аста-секин ўзининг қуюқ рангларини йўқотаётган вақтлари тасвирига бағишланган. Эътибор қиламиз: “юлдузлар омонатга тушган куядир / тунни илма-тешик қилиб ташлар юлдузлар”, шоир аввало, ўқувчини туннинг либос (мато) эканлигига ишонтириб олади. Тахмонга солинган матоларнинг қисмати эса маълум… Ўқувчи ана шундай ассоциатив боғлиқликлар асосида юлдузлар мато (осмон) ортидаги ёруғликни ўтказиб турган туйнук эканлигига “ишонади”…
Санъат – ижтимоий ҳодиса. Ижодкор қайси даврда, қандай шароитда ва қандай истакда асар яратмасин унда, барибир, ижтимоийлик акс этаверади. Модернизмни ҳар бир ижодкор ўзи яшаётган ижтимоийликка, менталитетга мос тарзда қабул қилади. Шу маънода биз ҳам Баҳром Рўзимуҳаммад асарларини ўзбекнинг муайян кайфиятини ифодаловчи модерн шеърлар сифатида кўрамиз.
Ўзбек модерн шеърияти хусусида сўз бораркан, Баҳром Рўзимуҳаммад шеърияти алоҳида аҳамиятга молик. Шоир ўз асарларига чинакам модернизмга хос кайфиятни, ифода тамойилларини онгли равишда олиб киришга ҳаракат қилади.
Биз ҳозирда асар дея қабул қилинаётган тасвирий санъат намуналарига рамкаларга олинган турли мато-ю шаклларнинг, “лаш-лушлар”нинг уюми ҳам кириши мумкин. Шу каби экспрементлани шеъриятда тез-тез учратиб турамиз. Тўғри, булар ўз ижодкорлари таъкид этаётганидай, образли тафаккур – санъат асари. Лекин бу бадиийликни аксарият кишилар қалби ва онгида бирдай гавдаланувчи, эстетик ядроси – жавҳарига эга бўлган анъанавий образлиликдан фарқи нимада? Буни ҳам биз ўрганиб қолган, асосида метафора ётувчи образлилик нуқтаи назаридан тушуниб, ҳис қилиб бўлармикан? Шеъриятимизда кузатилаётган ифодавий хусусиятлар ҳам шунга ўхшаш эмасми? Ўйлаймизки, ўзбек модерн шеъриятини санъатлар аро бадиий синтезнинг тамойиллари асосида тадқиқ этиш бу каби саволларга ечим топишимизда қўл келади.
Фойдаланилган адабиётлар:
Бергсон А. Творческая эволюция. Материя и память. Мн.: Харвест, 1999.
Рўзимуҳаммад Б. Соялар суҳбати. – Т.: Zarqalam, 2006.
Фахриёр. Геометрик баҳор. – Т.: Маънавият, 2004.
Б. Рўзимуҳаммад. Чўлпон -тонг юлдузи демак. Т.: Ўқитувчи, 1997. 69-б.
Назаров Б. Расулов А. Аҳмедова Ш. Қаҳрамонов Қ. Ўзбек адабий танқиди тарихи. – Т.: Тафаккур қаноти, 2012. Б. 235.
Б. Рўзимуҳаммад. Соялар суҳбати. – Т.: Zarqalam, 2006. Б. 30.
Б. Рўзимуҳаммад. Соялар суҳбати. – Т.: Zarqalam, 2006. Б. 30.
Рычкова Ю.В. Энциклопедия модернизма. – М.: ЭКСМО, 2002. Б. 93.
Бергсон А. Творческая эволюция. Материя и память. Мн.: Харвест, 1999. Б. 28.
Фахриёр. Геометрик баҳор. – Т.: Маънавият, 2004. Б. 56.
Saʼdullo Quronov