На примерах произведений поэта-модерниста Бахрама Рузимухаммада указывается процесс визуализации словесного образа в современной узбекской поэзии, выявляются и утверждаются основные факторы данного литературного явления. The article discusses interrelations of modernist trends in painting and literature. In the examples of the creative works of the poet-modernist Bahrom Pozimuhammad the author tries to show the process of visualization of fi gurative meaning of the word in modern Uzbek poetry, displays and conforms the main factors of this literary phenomena.
Oʻzbek adabiyotshunosligida qizgʻin munozaralarga sabab boʻlgan modernizm masalasida hanuz yakuniy xulosaga kelingan emas. Sirasi, bu boradagi qarashlar xilma-xilligi, asosan, uning milliy adabiyotimiz namunalarida bor yo yoʻqligi masalasi bilan cheklanadi. Mutaxassislarning aksariyat chiqishlarida modernizmni oʻzbek mentalitetiga yot hodisa sifatida talqin etish yoki, aksincha, uni tasdiqlash va shakl xususiyatlariga mahliyolik ustuvor ekani kuzatiladi. Aslida, oʻzbek modernizmi ham, xuddi Gʻarbdagi kabi, oʻzining ijtimoiy-ruhiy asoslariga ega estetik hodisa boʻlib, uning ortida 80-yillar oxiri 90-yillar avvalida mintaqamizda sodir boʻlgan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, “oʻtish davri”ning kayfiyati yashiringan edi. Yaʼni obyektiv hodisa sifatida, bizning unga salbiy yo ijobiy munosabatda boʻlishimizdan qatʼi nazar, modernizm madaniy hayotimizda mavjud boʻldi va sezilarli iz qoldirdi.
Gʻarb badiiy-estetik tafakkurida oʻtgan asrning 70-80-yillariga qadar ustuvorlik qilgan bu yoʻnalish birinchi jahon urushiga qadar, ikkala jahon urush oraligʻida, urushdan keyingi davrlarda oʻz ifoda tamoyillarini doimo yangilab borgan. Albatta, Gʻarbda hukm surayotgan kayfiyat bu ulkan hududdagi millatlarning barchasiga birday taalluqli boʻlsa-da, har bir millat modernizmni oʻz mentaliteti, ijtimoiy-madaniy hayotiga mos ravishda qabul qiladi. Shu maʼnoda modernizm tarkibida koʻplab oqimlarning vujudga kelishiga sabab sifatida davriy oʻzgarishlar bilan bir qatorda, hududiy boʻlinishlarni ham koʻrsatish mumkin. Mazkur davrda birgina tasviriy sanʼatning oʻzida yigirmadan ortiq yoʻnalishlar ommalashgan. Bular sirasida fovizm, kubizm, abstraksionizm, syurrealizm, dadaizm, futurizm, ekspressionizm, pop-art, op-art kabi yoʻnalishlarni koʻrsatish mumkin.
Biz bejiz tasviriy sanʼatdagi modern oqimlar haqida soʻz ochmayapmiz. Zero, modernizmga xos ifoda tamoyillari eng avval vizual sanʼatlar, xususan, rangtasvir, haykaltaroshlik, memorchilik kabi turlarda aks eta boshladi. Umuman, bu yoʻnalishning rivojida va turli oqimlarining yuzaga kelishida tasviriy sanʼatning oʻrni beqiyos. Shu sababdan oʻzbek modern adabiyoti namunalarini tasviriy sanʼatda kechgan silsilalar bilan taqqoslab oʻrganish, birinchidan, adabiyotshunoslikdagi bahsli masalalarga qisman boʻlsa-da yechim topishga, ikkinchidan, bu yoʻnalishning oʻziga xos jihatlarini teranroq tushunishga, his etishga koʻmak beradi.
Oʻzbek modern sheʼriyatining tanqidchisi oʻlaroq tanilgan shoir Bahrom Roʻzimuhammad “Choʻlpon – tong yulduzi demak” nomli kitobida sanʼatlarning oʻzaro aloqada talqin qilinishi, his etilishi hozirgi zamon modern sheʼriyatini tushunishda asosiy kalit ekanini aytib oʻtadi [1.69]. Xuddi shu gap, albatta, uning poetik ijodiga ham taalluqlidir. B.Roʻzimuhammad sheʼriyati vizual obrazlilikning ustuvorligi, his-kechinmalarning sirli va abstrakt tasvir orqali sovuqqina (goʻyo hissiz) ifodalanishi bilan ajralib turadi:
Tong oʻrniga nimadir otibdi bir emas juda koʻp kunduzlar jimirlar toʻrtburchak uchburchak kunduz va kunduzchalar baʼzisi nim pushti baʼzisi jigarrang baʼzisi tundek qop-qora rangsiz baʼzisi…
Klassik renesans sanʼatining reallikka monand ifoda tamoyillaridan chekingan impressionizm yoʻnalishi modernizmning ilk oqimi fovizm uchun katta zamin yaratib beradi. Fovizm oqimi vakillari impressionizmdagi ranglar oʻynoqiligi, ulardagi oʻzaro uygʻunlikni saqlab qolsalar-da, tasvirlash tamoyillariga katta oʻzgartirishlar kiritdilar. Fovistlar, jumladan, tasvirga turli geometrik shakllar, siniq chiziqlar va toʻq ranglarni olib kirdilar. Bahrom Roʻzimuhammadning “Tong oʻrniga nimadir otibdi” misrasi bilan boshlanuvchi sheʼridan olingan yuqoridagi parcha fovizmga xos ifoda xususiyatlarini yodga soladi. Shoir anʼanaviy peyzaj tasvirlaridan umuman farq qiluvchi manzarani chizib, tabiatni turli shakllarda, oʻziga xos ranglarda ifodalashga urinadi. Albatta, tabiat oʻz holicha ham juda goʻzal, ammo uning inson koʻzlaridan yashirin baʼzi goʻzalliklari ham borki, buni sanʼatkorgina boshqalarga koʻrsata oladi:
Deraza pardasi yashillanmoqda oynadan tushmoqda yam-yashil shafaq qarang isteʼfoga chiqibdi bugun quyoshda qizil rang charchab nihoyat yashil quyosh koʻtarilar endi ufqdan…
Shoirning 1989 yilda yozilgan “Deraza pardasi yashillanmoqda” misrasi bilan boshlanuvchi sheʼri ham tasvirlash prinsiplariga koʻra yuqoridagi sheʼrga yaqin turadi. Ammo bunda tasvir geometrik shakllardan holi. Sheʼrni oʻqirkansiz, koʻproq muayyan kayfiyatni, ruhiy taranglikni his eta boshlaysiz. Asarda zaharxandalik va kinoya ranglarning oʻrin almashishi, umuman, tabiat qonuniyatlarining buzilishi asosida ifodalanmoqda. Bu yoʻsin tasvir esa modernizmning dastlabki oqimlaridan boʻlmish ekspressionizmning ifoda tamoyillariga yaqin turadi. Ekspressionist musavvirlar tasvirdagi predmet shaklini buzishga, ranglarning noodatiy garmoniyasi asosida real kompozitsiyani toʻzgʻitishga uringanlar. Bu oqim Yevropada oʻtgan asr avvalidagi kuchli absurd kayfiyatining mevasi oʻlaroq yuzaga keldi. Mavjud burjua asoslarga qarshi kayfiyat, endigina shakllanib kelayotgan sotsial munosabatlar, bashariyat hayotidagi muvozanatni izdan chiqargan inqiloblar va jahon urushlari odamlarda butun ijtimoiylikdan qoniqmaslikni, ertangi kunga boʻlgan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Shu bois ham ekspresisonist musavvir chizgan tasvir real koʻrinishdan har qancha farq qilmasin, unda sanʼatkorning ruhiy holati aks etgan. U oʻz asarida oʻtkir, sovuq va zolimona ifoda izlab, nouygʻun ranglar vositasida inson tuygʻularini parchalashga uringan. Xususan, mazkur oqimning yorqin namoyandalari boʻlmish Van Gog, Edvard Munk, Frans Mark asarlariga eʼtibor qiladigan boʻlsak, avvalo, tasvirda asabiy, tarang kechinmalarni his qila boshlaymiz. Ekspressionizmni boshqa oqimlardan ajratib turuvchi eng muhim jihat, bu unda kuchli emotsiyaning ifoda etilishidir:
Dosh bermadi koʻz gavhari bu tusga yam-yashil edi chunki qip-qizildan quyuqroq edi ip esholmasdi qop-qora hatto toʻqroq edi sap-sariqdan ham
Bahrom Roʻzimuhammadning yuqoridagi sheʼrlariga ham muayyan tushkun kayfiyatning obyektga koʻchishi sifatida qarash oʻrinli boʻladi.
Zero 90-yillar adabiy avlodini birlashtiruvchi asosiy omil ham “oʻtish davri” kayfiyati edi.
Aslida, 80-yillardayoq mafkura bosimining bir muncha susayishi madaniy hayotdagi jiddiy oʻzgarishlarga turtki boʻlib, ijodkor koʻnglidagi SOʻZni (turli yoʻllar bilan boʻlsa-da) ifodalash imkoniyatiga erisha boshlaydi. Bu davrga kelib qariyb bir asr davomida odamlar hayoti, butun fikr-xayolini band etib, eʼtiqod darajasiga yetgan kommunistik mafkuraning asl qiyofasi ochila va ulkan “imperiya” yemirila boshlagan sharoit oʻziga xos kayfiyatdagi ijodkorlarni shakllantirib borayotgan edi. Xuddi shunday, uzoq yillar kutilgan, koʻplab qurbonlar evaziga erishilgan mustaqillikning ilk davrlari ham jamiyat ahlida kutilgan natijalarni bermayotganday taassurot uygʻota boshlaydi. Chunki bir tuzumdan ikkinchi bir tuzumga oʻtish xalqimizning iqtisodiy-siyosiy-madaniy hayotida jiddiy qiyinchiliklar bilan amalga oshgani hech kimga sir emas. Shu maʼnoda 90-yillar adabiy jarayonida bilibmi yo bilmay modernizm bayrogʻi ostida birlashgan ijodkorlar avlodini bir xil tushkun kayfiyat umumlashtirib turardi. Kezi kelganda taʼkidlab oʻtish joizki, hozirda bu soʻz ustalarining koʻpchiligi sust ijod qilmoqda yoki umuman yozmay qoʻygan. Yozayotganlari ham oʻz uslubi, maqsad va gʻoyalarini oʻzgartirgan. Chunki 90-yillar sharoitida bu ijodkorlarni “qaynatgan” kayfiyat, allaqachon, soʻnib ulgurgan.
Inson qalbi bilan his qiladi, ammo qalb vositasida mushohada yuritish ham mumkin. Oʻtgan asrning yigirmanchi yillariga kelib maydonga chiqqan syurrealizm ijodiy jarayonda ham shunga oʻxshash hodisalar roʻy berishini tasdiqlaydi.
Mashhur fransuz shoiri Andre Breton tush mexanikasini oʻrganishga urinadi. Uning qarashlari tush va reallik oʻrtasidagi chegarani buzish, anglanadigan va anglanmaydigan hodisotlarni oʻzaro qorishtirishga boʻlgan harakatdan iborat edi. Badiiy adabiyot va tasviriy sanʼatda bir vaqtning oʻzida ommalasha boshlagan syurrealizm fransuz faylasufi Anri Bergson (1859-1941) qarashlariga tayanadi. Bergson ong oʻz imkoniyati bilan olamni toʻla tushunishga qobil emasligini, inson faqatgina intuitsiya bilan haqiqatni topishi mumkinligi taʼkidlaydi [2.28]. Shu aqidadan turtki olib shoir Andre Breton, musavvirlardan Maks Erist, Iv Tangi, Maks Moriz kabi ijodkorlar syurrealizmning ilk namoyandalari sifatida faoliyat olib bordilar. Ular oʻz asarlarida ong bilan boshqarilmaydigan ijodiy jarayonni aks ettirishga harakat qiladilar. Bahrom Roʻzimuhammad sheʼriyatida ham syurrealizmga xos unsurlarni payqash u qadar mushkul emas:
Osmon qorachigʻi sugʻurib olingan koʻz kabi Boyoʻgʻli uvillar edi Huvillab qolgan bogʻda
Soyalar hech kim taklif qilmasa-da raqsga tushardi…
Umuman, sanʼatdagi ijodiy jarayonni tushga qiyoslash mumkin. Chunki tush ham miya faoliyati mahsuli va, ayni choqda, ong bilan boshqarilmaydigan voqelik sanaladi. Xuddi shunga oʻxshash ijodiy jarayon ham toʻlaligicha ong nazoratida emas. Hozirgi zamon sanʼatshunosligining ilgʻor metodi poststrukturalizmning badiiy asar tahlilida pisixologiyadagi ongsizlik nazariyasiga tayanishining sabablari ham shunda.
Syurrealizm vakillari oʻz yoʻnalishlarini tush vositasida tushuntirishga harakat qiladilar. Bu haqda fikr yuritarkan, Andre Breton: “… tush oʻzi sodir boʻlayotgan hududlarda uzluksizlikka ega va unda ichki bir tartibotning izlari boʻladi” [3.165],- deb yozgandi. Z.Freyd, K.Yung kabi mashhur psixolog-faylasuflarning tush borasidagi tadqiqotlariga tayangan syurrealistlar oʻz asarlarini “oliy reallik” deb ataydilar. Ularning aytishicha, chinakam reallik narsa va hodisalarning mohiyatida. Bu realikni esa ong osti “mexanizm”lari bilangina koʻrish mumkin.
Bahrom Roʻzimuhammad bir sheʼrida tushga shunday oʻziga xos taʼrif beradi:
Tush bozori bor devor kavagida tush sotib olmoq mumkin koʻrshapalakdan faqat sichqon ishtirok etadigan tushlarni tushni koʻrmoq uchun koʻz ham shart emas qora qoniga boʻyaladi oy oyni yutib yuborar osmon…
Rus sanʼatshunosi Yu.Richkova syurrealist shoir Andre Breton ijodiga toʻxtalarkan: «Syurrealizm davri shoirlari oʻz ijod namunalarida xayoldagi parokanda fikr va taassurotlar oqimini ifodalashga uringanlar. Shu bois ularning sheʼrlari koʻp, chuqur maʼnoli esa-da, tartibsiz soʻzlardan tarkib topadi” [4.155],- deb yozadi. Andre Bretonning “Magnit maydoni” (1920) va “Yoʻqotilgan qadamlar” (1924) sheʼriy toʻplamlariga kirgan asarlar [5] ifoda xususiyatlariga koʻra yuqoridagi sheʼrlarga juda yaqin turadi.
Mutaxassislar modernizm oqimlari ichida syurrealizmni doim dadaizm bilan yonma-yon oʻrganib kelganlar. Ular bu ikki oqimga egizak hodisalar sifatida qarab, biri ikkinchisining ifodasida aks etishini taʼkidlaydilar. Dadaizm va syurrealizm aloqalarini mushtarak bogʻlab turuvchi yana bir jihat, ikkisining ham badiiy adabiyotda, xususan, sheʼriyatda keng urf boʻlganligidir.
Dadaizm birinchi jahon urushi arafasida Yevropa nigilizmi mevasi oʻlaroq dunyoga kela boshladi. Bu yoʻnalish vakillari nafaqat oʻzigacha boʻlgan davrlarni, balki oʻzlarini va keyingilarni ham inkor qiladilar. Jahon urushining tahlikasi, oʻta tarang ijtimoiy munosabatlar va kuchli absurd kayfiyati ijodkorni “Endi hech narsa yoʻq, hech narsa va hech narsa” [4.150] deyishiga majbur qiladi. Sanʼatkor maʼnisiz jahon urushiga qarama-qarshi qilib oʻzining bemaʼni asarini qoʻya boshlaydi. Bu yoʻnalish vakillari oʻz ijodlarida, hatto, kompozitsiyaning eng elementar qonuniyatlarini ham buzadilar. Ular muayyan syujet va assotsiativ bogʻliqlikdan koʻz yumishga urinadilar. Ammo inson har qancha urinmasin, uning fikrlash tarzi (xoh ong boshqaruvida va xoh ong ixtiyorisiz) muayyan bir tartibot asosiga quriladi:
Ninachi shaklida uchib kelayotgan bu jajjigina vertolyot jo boʻladi yerga qoʻnganda gugurt qutisiga ohistagina ayni paytda vertolyot shovqinni osmonni egallab oladi butunlay qumursqa qulogʻi kar boʻldi xatto ayni paytda tortishish kuchi bois oʻz oʻqidan chiqib ketdi yer shari chiqib ketdi quyosh sistemasidan…
Bahrom Roʻzimuhammadning “Vertolyot” nomli sheʼri baʼzi jihatlari bilan dadaistlar ijodiga yaqin turadi. Sheʼrdagi obrazlarning yaralishida muayyan assotsiativ bogʻliqlik boʻlsa-da, asarda ular oʻzaro bogʻlanmaydi. Yaʼni sheʼrda struktural izchillik mavjud emas. Ammo xulosa chiqarishga shoshmagan maʼqul. Shoirning xuddi shunday mantiqsiz tuyulgan sheʼri ham insondagi muayyan kayfiyatning aksi sifatida qimmatga ega boʻla oladi.
Dadaizm yoʻnalishi musavvirlari oʻz kartinalarida “bemaʼnilikni”, xuddi shunday bemaʼnilik bilan ifoda etganlar. Yaʼni ularning asarlarida fotosurat qiyqimlari, gazeta boʻlaklari, mayday-chuyda lattalar, tugmalar, xullas, har narsani uchratish mumkin edi. Shoirlari esa hech qanday maʼno anglatmaydigan yoki oʻzaro qovushmaydigan soʻzlar vositasida sheʼr bitgan.
Modernizmning yana bir katta yoʻnalishi sifatida abstraksionizmni koʻrsatish mumkin. Bu yoʻnalish oʻzida modernizm oqimlariga xos barcha xususiyatlarini jamlay oladi. Mutaxassislar bu oqimni “predmetsiz tasvir” deb ham atashadi. Haqiqatdan ham bu yoʻnalishga xos suratlarda hech qanday “predmet” boʻlmasligi mumkin. Uning namoyandalari mavjud fotografiya olamni real koʻrsatishga toʻla qodir, ammo uning mohiyatini abstrakt shakldagina ifodalash mumkin deb bilganlar. Abstraksionizmning boshqa oqimlardan farqi unda lirizmning mavjudligi edi. Musavvir kartinada erkin, suzuvchan shakllar toʻlqinini tebranma ranglar vositasida ifodalashga uringan.
Yomgʻirda ivigan oʻrik gulini xoʻroz qichqirigʻiga oʻrab ushladim gir atrofda shafaq quyoshdan nur emas qon tomayotgandek
Shoir Bahrom Roʻzimuhammadning bu sheʼri detallashtirilmagani bois ham abstrakt hodisadir. Yaʼni sheʼrni oʻqirkansiz, tabiatning goʻzal manzarasi gavdalana boshlaydi, lekin aynan nima? Oʻquvchi detallar vositasida umumiylikni emas, balki umumiy tasvir asosida detallarni payqashi mumkin boʻldi. Oʻrik guli bahordan, xoʻroz qichqirigʻi tongdan, quyosh yomgʻirning tinganidan va osmon oʻta musaffo ekanligidan, oppoq parlar esa quyosh taftidan dalolatdir...
Abstraksionizm ijodkorning lirik, ammo parokanda va boshqaruvsiz qalb toʻlqinlarini aks ettirib, subyektni tushkun va yolgʻiz tasvirlaydi:
Rassom oʻylab topgan bu qora rang qop-qoraki unga chizsang tun koʻrinadi Bemalol chizavering qora mushukni ayniqsa dumini qillarini…
Sheʼrni oʻqirkansiz beixtiyor mashhur rus musavviri Kazimir Malevichning abstraksionizm yoʻnalishidagi “Qora kvadrat” kartinasi yodga tushadi. Shoir ham xuddi musavvir kabi detallarsiz, faqat qora rangning ahamiyatini koʻrsatishga urinadi. Dunyo sanʼatida oʻziga xos oʻringa ega boʻlmish “Qora kvadrat” surati faqat bitta – quyuq qora rangdan tashkil topadi. Sanʼatshunoslar oʻrtasida bu kartinaga nisbatan turli fikrlar boʻlsa-da, koʻpchilik unga kuchli absurd kayfiyati va xaosni akslantirgan asar sifatida qaraydi. Umuman, modernizmda tasvirning realikka va syujetga monand ahamiyati juda ham susayib ketadi. Asosiysi, quruq ramkaning oʻzi boʻlsa ham kartinada ijodkor kayfiyati zuhur etsin.
Modernizmning eng soʻngi oqimlaridan biri sifatida pop-art yoʻnalishi koʻrsatiladi. Oʻtgan asrning 50-yillariga kelib yuzaga chiqa boshlagan pop-art yoʻnalishi hozirda ham oʻz ahamiyatini va ommaviyligini yoʻqotgani yoʻq. Albatta, pop-art namoyandalari abstraksionizm, dadaizm va syurrealizmni oʻzlarida jamlaganlarini inkor etmasalar-da, bu yoʻnalish modernizmdagi revolyutsion burilish edi. Uning ifodasida obyektga va ranglarga boʻlgan munosabat tamomila oʻzgacha. Musavvir tasviridagi predmet koʻp maʼnoli estetik va ijtimoiy ahamiyatga ega obrazga aylanadi. Pop-art insonlar oʻrtasida kommunikativ vositalar rivojlanayotgan, globallashuv davrining mevasidir. Bu yoʻnalish biz koʻp eshitadigan “pop-kultura”, “neodadaizm”, “ommaviy madaniyat” va “kundalik sanʼat” tushunchalarining bir boʻlagidir. Pop-art predmetning real koʻrinishga monand jihatlarini inkor etmaydi, lekin uni abstrakt kompozitsiyaga, uning oʻziga xos boʻlmagan holatda joylashtiradi. Ijodkor oʻz asarida dunyoning oʻziga xos koʻrinishini yaratishga urinib, oʻz kartinasiga oddiy odam tasavvur qila olishi mumkin boʻlgan reallikni ham, abstraktlikni ham, syurreallikni ham joylashni shart deb bilgan. Endilikda musavvirga har qanday buyum ham sanʼat asari uchun manba boʻlishi mumkin edi:
Toʻq sariq tusdagi shisha Ichida ovoz maydalagich hissiyotni kesadigan qaychi sal olisroqdan qarasang agar koʻrinadi qip-qizil tusda bu shisha…
Biz bu oʻrinda sheʼrdagi gʻoya va maʼnoning chuqur yoki sayozligi masalasiga toʻxtalib oʻtirmoqchi emasmiz. Buni har bir oʻquvchi oʻz qobiliyatiga mos ravishda koʻradi. Biz sizning eʼtiboringizni boshqa narsaga, ijodkor oʻz kechinmalarini kundalik turmushning oddiy buyumlari, stolimiz ustida doim turuvchi anjomlar vositasida ifodalay olganiga qaratmoqchimiz.
Pop-art sanʼatni ommalashtiribgina qolmay, unga iqtisod, siyosat, tijorat va kundalik maishatni olib kirdi. Pop-artchilar oʻz asarlarida insonlarning kundalik hayotidagi eng oddiy buyumlarga murojaat etadilar:
Uchib borayotgan qoshiq kimdir oʻtdi dunyodan demak yoki qushmikan tarelkalar taraq-turuqi koʻzning bir ochilib yumilishi kiprikning kiprikka tekkani yaʼni jarangi…
Bahrom Roʻzimuhammad xuddi pop-artchilardek predmet tanlamoqda va xuddi musavvir kartinasida boʻlgani kabi, sheʼrda predmetga uning asl funksiyasidan boshqa yumushni tayinlamoqda.
Yaʼni yulduz uchsa kimnidir olamdan oʻtganini habar qiladi degan aqida mavjudki, bu oʻrinda uchayotgan qoshiq ana shu maʼnolarini oʻziga yuklab olmoqda.
На примерах произведений поэта-модерниста Бахрама Рузимухаммада указывается процесс визуализации словесного образа в современной узбекской поэзии, выявляются и утверждаются основные факторы данного литературного явления. The article discusses interrelations of modernist trends in painting and literature. In the examples of the creative works of the poet-modernist Bahrom Pozimuhammad the author tries to show the process of visualization of fi gurative meaning of the word in modern Uzbek poetry, displays and conforms the main factors of this literary phenomena.
Ўзбек адабиётшунослигида қизғин мунозараларга сабаб бўлган модернизм масаласида ҳануз якуний хулосага келинган эмас. Сираси, бу борадаги қарашлар хилма-хиллиги, асосан, унинг миллий адабиётимиз намуналарида бор ё йўқлиги масаласи билан чекланади. Мутахассисларнинг аксарият чиқишларида модернизмни ўзбек менталитетига ёт ҳодиса сифатида талқин этиш ёки, аксинча, уни тасдиқлаш ва шакл хусусиятларига маҳлиёлик устувор экани кузатилади. Аслида, ўзбек модернизми ҳам, худди Ғарбдаги каби, ўзининг ижтимоий-руҳий асосларига эга эстетик ҳодиса бўлиб, унинг ортида 80-йиллар охири 90-йиллар аввалида минтақамизда содир бўлган ижтимоий-сиёсий ўзгаришлар, “ўтиш даври”нинг кайфияти яширинган эди. Яъни объектив ҳодиса сифатида, бизнинг унга салбий ё ижобий муносабатда бўлишимиздан қатъи назар, модернизм маданий ҳаётимизда мавжуд бўлди ва сезиларли из қолдирди.
Ғарб бадиий-эстетик тафаккурида ўтган асрнинг 70-80-йилларига қадар устуворлик қилган бу йўналиш биринчи жаҳон урушига қадар, иккала жаҳон уруш оралиғида, урушдан кейинги даврларда ўз ифода тамойилларини доимо янгилаб борган. Албатта, Ғарбда ҳукм сураётган кайфият бу улкан ҳудуддаги миллатларнинг барчасига бирдай тааллуқли бўлса-да, ҳар бир миллат модернизмни ўз менталитети, ижтимоий-маданий ҳаётига мос равишда қабул қилади. Шу маънода модернизм таркибида кўплаб оқимларнинг вужудга келишига сабаб сифатида даврий ўзгаришлар билан бир қаторда, ҳудудий бўлинишларни ҳам кўрсатиш мумкин. Мазкур даврда биргина тасвирий санъатнинг ўзида йигирмадан ортиқ йўналишлар оммалашган. Булар сирасида фовизм, кубизм, абстракционизм, сюрреализм, дадаизм, футуризм, экспрессионизм, поп-арт, оп-арт каби йўналишларни кўрсатиш мумкин.
Биз бежиз тасвирий санъатдаги модерн оқимлар ҳақида сўз очмаяпмиз. Зеро, модернизмга хос ифода тамойиллари энг аввал визуал санъатлар, хусусан, рангтасвир, ҳайкалтарошлик, меморчилик каби турларда акс эта бошлади. Умуман, бу йўналишнинг ривожида ва турли оқимларининг юзага келишида тасвирий санъатнинг ўрни беқиёс. Шу сабабдан ўзбек модерн адабиёти намуналарини тасвирий санъатда кечган силсилалар билан таққослаб ўрганиш, биринчидан, адабиётшуносликдаги баҳсли масалаларга қисман бўлса-да ечим топишга, иккинчидан, бу йўналишнинг ўзига хос жиҳатларини теранроқ тушунишга, ҳис этишга кўмак беради.
Ўзбек модерн шеъриятининг танқидчиси ўлароқ танилган шоир Баҳром Рўзимуҳаммад “Чўлпон – тонг юлдузи демак” номли китобида санъатларнинг ўзаро алоқада талқин қилиниши, ҳис этилиши ҳозирги замон модерн шеъриятини тушунишда асосий калит эканини айтиб ўтади [1.69]. Худди шу гап, албатта, унинг поэтик ижодига ҳам тааллуқлидир. Б.Рўзимуҳаммад шеърияти визуал образлиликнинг устуворлиги, ҳис-кечинмаларнинг сирли ва абстракт тасвир орқали совуққина (гўё ҳиссиз) ифодаланиши билан ажралиб туради:
Тонг ўрнига нимадир отибди бир эмас жуда кўп кундузлар жимирлар тўртбурчак учбурчак кундуз ва кундузчалар баъзиси ним пушти баъзиси жигарранг баъзиси тундек қоп-қора рангсиз баъзиси…
Классик ренесанс санъатининг реалликка монанд ифода тамойилларидан чекинган импрессионизм йўналиши модернизмнинг илк оқими фовизм учун катта замин яратиб беради. Фовизм оқими вакиллари импрессионизмдаги ранглар ўйноқилиги, улардаги ўзаро уйғунликни сақлаб қолсалар-да, тасвирлаш тамойилларига катта ўзгартиришлар киритдилар. Фовистлар, жумладан, тасвирга турли геометрик шакллар, синиқ чизиқлар ва тўқ рангларни олиб кирдилар. Баҳром Рўзимуҳаммаднинг “Тонг ўрнига нимадир отибди” мисраси билан бошланувчи шеъридан олинган юқоридаги парча фовизмга хос ифода хусусиятларини ёдга солади. Шоир анъанавий пейзаж тасвирларидан умуман фарқ қилувчи манзарани чизиб, табиатни турли шаклларда, ўзига хос рангларда ифодалашга уринади. Албатта, табиат ўз ҳолича ҳам жуда гўзал, аммо унинг инсон кўзларидан яширин баъзи гўзалликлари ҳам борки, буни санъаткоргина бошқаларга кўрсата олади:
Дераза пардаси яшилланмоқда ойнадан тушмоқда ям-яшил шафақ қаранг истеъфога чиқибди бугун қуёшда қизил ранг чарчаб ниҳоят яшил қуёш кўтарилар энди уфқдан…
Шоирнинг 1989 йилда ёзилган “Дераза пардаси яшилланмоқда” мисраси билан бошланувчи шеъри ҳам тасвирлаш принципларига кўра юқоридаги шеърга яқин туради. Аммо бунда тасвир геометрик шакллардан ҳоли. Шеърни ўқиркансиз, кўпроқ муайян кайфиятни, руҳий тарангликни ҳис эта бошлайсиз. Асарда заҳархандалик ва киноя рангларнинг ўрин алмашиши, умуман, табиат қонуниятларининг бузилиши асосида ифодаланмоқда. Бу йўсин тасвир эса модернизмнинг дастлабки оқимларидан бўлмиш экспрессионизмнинг ифода тамойилларига яқин туради. Экспрессионист мусаввирлар тасвирдаги предмет шаклини бузишга, рангларнинг ноодатий гармонияси асосида реал композицияни тўзғитишга уринганлар. Бу оқим Европада ўтган аср аввалидаги кучли абсурд кайфиятининг меваси ўлароқ юзага келди. Мавжуд буржуа асосларга қарши кайфият, эндигина шаклланиб келаётган социал муносабатлар, башарият ҳаётидаги мувозанатни издан чиқарган инқилоблар ва жаҳон урушлари одамларда бутун ижтимоийликдан қониқмасликни, эртанги кунга бўлган ишончсизликни келтириб чиқаради. Шу боис ҳам экспресисонист мусаввир чизган тасвир реал кўринишдан ҳар қанча фарқ қилмасин, унда санъаткорнинг руҳий ҳолати акс этган. У ўз асарида ўткир, совуқ ва золимона ифода излаб, ноуйғун ранглар воситасида инсон туйғуларини парчалашга уринган. Хусусан, мазкур оқимнинг ёрқин намояндалари бўлмиш Ван Гог, Эдвард Мунк, Франс Марк асарларига эътибор қиладиган бўлсак, аввало, тасвирда асабий, таранг кечинмаларни ҳис қила бошлаймиз. Экспрессионизмни бошқа оқимлардан ажратиб турувчи энг муҳим жиҳат, бу унда кучли эмоциянинг ифода этилишидир:
Дош бермади кўз гавҳари бу тусга ям-яшил эди чунки қип-қизилдан қуюқроқ эди ип эшолмасди қоп-қора ҳатто тўқроқ эди сап-сариқдан ҳам
Баҳром Рўзимуҳаммаднинг юқоридаги шеърларига ҳам муайян тушкун кайфиятнинг объектга кўчиши сифатида қараш ўринли бўлади.
Зеро 90-йиллар адабий авлодини бирлаштирувчи асосий омил ҳам “ўтиш даври” кайфияти эди.
Аслида, 80-йиллардаёқ мафкура босимининг бир мунча сусайиши маданий ҳаётдаги жиддий ўзгаришларга туртки бўлиб, ижодкор кўнглидаги СЎЗни (турли йўллар билан бўлса-да) ифодалаш имкониятига эриша бошлайди. Бу даврга келиб қарийб бир аср давомида одамлар ҳаёти, бутун фикр-хаёлини банд этиб, эътиқод даражасига етган коммунистик мафкуранинг асл қиёфаси очила ва улкан “империя” емирила бошлаган шароит ўзига хос кайфиятдаги ижодкорларни шакллантириб бораётган эди. Худди шундай, узоқ йиллар кутилган, кўплаб қурбонлар эвазига эришилган мустақилликнинг илк даврлари ҳам жамият аҳлида кутилган натижаларни бермаётгандай таассурот уйғота бошлайди. Чунки бир тузумдан иккинчи бир тузумга ўтиш халқимизнинг иқтисодий-сиёсий-маданий ҳаётида жиддий қийинчиликлар билан амалга ошгани ҳеч кимга сир эмас. Шу маънода 90-йиллар адабий жараёнида билибми ё билмай модернизм байроғи остида бирлашган ижодкорлар авлодини бир хил тушкун кайфият умумлаштириб турарди. Кези келганда таъкидлаб ўтиш жоизки, ҳозирда бу сўз усталарининг кўпчилиги суст ижод қилмоқда ёки умуман ёзмай қўйган. Ёзаётганлари ҳам ўз услуби, мақсад ва ғояларини ўзгартирган. Чунки 90-йиллар шароитида бу ижодкорларни “қайнатган” кайфият, аллақачон, сўниб улгурган.
Инсон қалби билан ҳис қилади, аммо қалб воситасида мушоҳада юритиш ҳам мумкин. Ўтган асрнинг йигирманчи йилларига келиб майдонга чиққан сюрреализм ижодий жараёнда ҳам шунга ўхшаш ҳодисалар рўй беришини тасдиқлайди.
Машҳур француз шоири Андре Бретон туш механикасини ўрганишга уринади. Унинг қарашлари туш ва реаллик ўртасидаги чегарани бузиш, англанадиган ва англанмайдиган ҳодисотларни ўзаро қориштиришга бўлган ҳаракатдан иборат эди. Бадиий адабиёт ва тасвирий санъатда бир вақтнинг ўзида оммалаша бошлаган сюрреализм француз файласуфи Анри Бергсон (1859-1941) қарашларига таянади. Бергсон онг ўз имконияти билан оламни тўла тушунишга қобил эмаслигини, инсон фақатгина интуиция билан ҳақиқатни топиши мумкинлиги таъкидлайди [2.28]. Шу ақидадан туртки олиб шоир Андре Бретон, мусаввирлардан Макс Эрист, Ив Танги, Макс Мориз каби ижодкорлар сюрреализмнинг илк намояндалари сифатида фаолият олиб бордилар. Улар ўз асарларида онг билан бошқарилмайдиган ижодий жараённи акс эттиришга ҳаракат қиладилар. Баҳром Рўзимуҳаммад шеъриятида ҳам сюрреализмга хос унсурларни пайқаш у қадар мушкул эмас:
Осмон қорачиғи суғуриб олинган кўз каби Бойўғли увиллар эди Ҳувиллаб қолган боғда
Соялар ҳеч ким таклиф қилмаса-да рақсга тушарди…
Умуман, санъатдаги ижодий жараённи тушга қиёслаш мумкин. Чунки туш ҳам мия фаолияти маҳсули ва, айни чоқда, онг билан бошқарилмайдиган воқелик саналади. Худди шунга ўхшаш ижодий жараён ҳам тўлалигича онг назоратида эмас. Ҳозирги замон санъатшунослигининг илғор методи постструктурализмнинг бадиий асар таҳлилида писихологиядаги онгсизлик назариясига таянишининг сабаблари ҳам шунда.
Сюрреализм вакиллари ўз йўналишларини туш воситасида тушунтиришга ҳаракат қиладилар. Бу ҳақда фикр юритаркан, Андре Бретон: “… туш ўзи содир бўлаётган ҳудудларда узлуксизликка эга ва унда ички бир тартиботнинг излари бўлади” [3.165],- деб ёзганди. З.Фрейд, К.Юнг каби машҳур психолог-файласуфларнинг туш борасидаги тадқиқотларига таянган сюрреалистлар ўз асарларини “олий реаллик” деб атайдилар. Уларнинг айтишича, чинакам реаллик нарса ва ҳодисаларнинг моҳиятида. Бу реаликни эса онг ости “механизм”лари билангина кўриш мумкин.
Баҳром Рўзимуҳаммад бир шеърида тушга шундай ўзига хос таъриф беради:
Туш бозори бор девор кавагида туш сотиб олмоқ мумкин кўршапалакдан фақат сичқон иштирок этадиган тушларни тушни кўрмоқ учун кўз ҳам шарт эмас қора қонига бўялади ой ойни ютиб юборар осмон…
Рус санъатшуноси Ю.Ричкова сюрреалист шоир Андре Бретон ижодига тўхталаркан: «Сюрреализм даври шоирлари ўз ижод намуналарида хаёлдаги пароканда фикр ва таассуротлар оқимини ифодалашга уринганлар. Шу боис уларнинг шеърлари кўп, чуқур маъноли эса-да, тартибсиз сўзлардан таркиб топади” [4.155],- деб ёзади. Андре Бретоннинг “Магнит майдони” (1920) ва “Йўқотилган қадамлар” (1924) шеърий тўпламларига кирган асарлар [5] ифода хусусиятларига кўра юқоридаги шеърларга жуда яқин туради.
Мутахассислар модернизм оқимлари ичида сюрреализмни доим дадаизм билан ёнма-ён ўрганиб келганлар. Улар бу икки оқимга эгизак ҳодисалар сифатида қараб, бири иккинчисининг ифодасида акс этишини таъкидлайдилар. Дадаизм ва сюрреализм алоқаларини муштарак боғлаб турувчи яна бир жиҳат, иккисининг ҳам бадиий адабиётда, хусусан, шеъриятда кенг урф бўлганлигидир.
Дадаизм биринчи жаҳон уруши арафасида Европа нигилизми меваси ўлароқ дунёга кела бошлади. Бу йўналиш вакиллари нафақат ўзигача бўлган даврларни, балки ўзларини ва кейингиларни ҳам инкор қиладилар. Жаҳон урушининг таҳликаси, ўта таранг ижтимоий муносабатлар ва кучли абсурд кайфияти ижодкорни “Энди ҳеч нарса йўқ, ҳеч нарса ва ҳеч нарса” [4.150] дейишига мажбур қилади. Санъаткор маънисиз жаҳон урушига қарама-қарши қилиб ўзининг бемаъни асарини қўя бошлайди. Бу йўналиш вакиллари ўз ижодларида, ҳатто, композициянинг энг элементар қонуниятларини ҳам бузадилар. Улар муайян сюжет ва ассоциатив боғлиқликдан кўз юмишга уринадилар. Аммо инсон ҳар қанча уринмасин, унинг фикрлаш тарзи (хоҳ онг бошқарувида ва хоҳ онг ихтиёрисиз) муайян бир тартибот асосига қурилади:
Ниначи шаклида учиб келаётган бу жажжигина вертолёт жо бўлади ерга қўнганда гугурт қутисига оҳистагина айни пайтда вертолёт шовқинни осмонни эгаллаб олади бутунлай қумурсқа қулоғи кар бўлди хатто айни пайтда тортишиш кучи боис ўз ўқидан чиқиб кетди ер шари чиқиб кетди қуёш системасидан…
Баҳром Рўзимуҳаммаднинг “Вертолёт” номли шеъри баъзи жиҳатлари билан дадаистлар ижодига яқин туради. Шеърдаги образларнинг яралишида муайян ассоциатив боғлиқлик бўлса-да, асарда улар ўзаро боғланмайди. Яъни шеърда структурал изчиллик мавжуд эмас. Аммо хулоса чиқаришга шошмаган маъқул. Шоирнинг худди шундай мантиқсиз туюлган шеъри ҳам инсондаги муайян кайфиятнинг акси сифатида қимматга эга бўла олади.
Дадаизм йўналиши мусаввирлари ўз картиналарида “бемаъниликни”, худди шундай бемаънилик билан ифода этганлар. Яъни уларнинг асарларида фотосурат қийқимлари, газета бўлаклари, майдай-чуйда латталар, тугмалар, хуллас, ҳар нарсани учратиш мумкин эди. Шоирлари эса ҳеч қандай маъно англатмайдиган ёки ўзаро қовушмайдиган сўзлар воситасида шеър битган.
Модернизмнинг яна бир катта йўналиши сифатида абстракционизмни кўрсатиш мумкин. Бу йўналиш ўзида модернизм оқимларига хос барча хусусиятларини жамлай олади. Мутахассислар бу оқимни “предметсиз тасвир” деб ҳам аташади. Ҳақиқатдан ҳам бу йўналишга хос суратларда ҳеч қандай “предмет” бўлмаслиги мумкин. Унинг намояндалари мавжуд фотография оламни реал кўрсатишга тўла қодир, аммо унинг моҳиятини абстракт шаклдагина ифодалаш мумкин деб билганлар. Абстракционизмнинг бошқа оқимлардан фарқи унда лиризмнинг мавжудлиги эди. Мусаввир картинада эркин, сузувчан шакллар тўлқинини тебранма ранглар воситасида ифодалашга уринган.
Ёмғирда ивиган ўрик гулини хўроз қичқириғига ўраб ушладим гир атрофда шафақ қуёшдан нур эмас қон томаётгандек
Шоир Баҳром Рўзимуҳаммаднинг бу шеъри деталлаштирилмагани боис ҳам абстракт ҳодисадир. Яъни шеърни ўқиркансиз, табиатнинг гўзал манзараси гавдалана бошлайди, лекин айнан нима? Ўқувчи деталлар воситасида умумийликни эмас, балки умумий тасвир асосида деталларни пайқаши мумкин бўлди. Ўрик гули баҳордан, хўроз қичқириғи тонгдан, қуёш ёмғирнинг тинганидан ва осмон ўта мусаффо эканлигидан, оппоқ парлар эса қуёш тафтидан далолатдир...
Абстракционизм ижодкорнинг лирик, аммо пароканда ва бошқарувсиз қалб тўлқинларини акс эттириб, субъектни тушкун ва ёлғиз тасвирлайди:
Рассом ўйлаб топган бу қора ранг қоп-қораки унга чизсанг тун кўринади Бемалол чизаверинг қора мушукни айниқса думини қилларини…
Шеърни ўқиркансиз беихтиёр машҳур рус мусаввири Казимир Малевичнинг абстракционизм йўналишидаги “Қора квадрат” картинаси ёдга тушади. Шоир ҳам худди мусаввир каби деталларсиз, фақат қора рангнинг аҳамиятини кўрсатишга уринади. Дунё санъатида ўзига хос ўринга эга бўлмиш “Қора квадрат” сурати фақат битта – қуюқ қора рангдан ташкил топади. Санъатшунослар ўртасида бу картинага нисбатан турли фикрлар бўлса-да, кўпчилик унга кучли абсурд кайфияти ва хаосни акслантирган асар сифатида қарайди. Умуман, модернизмда тасвирнинг реаликка ва сюжетга монанд аҳамияти жуда ҳам сусайиб кетади. Асосийси, қуруқ рамканинг ўзи бўлса ҳам картинада ижодкор кайфияти зуҳур этсин.
Модернизмнинг энг сўнги оқимларидан бири сифатида поп-арт йўналиши кўрсатилади. Ўтган асрнинг 50-йилларига келиб юзага чиқа бошлаган поп-арт йўналиши ҳозирда ҳам ўз аҳамиятини ва оммавийлигини йўқотгани йўқ. Албатта, поп-арт намояндалари абстракционизм, дадаизм ва сюрреализмни ўзларида жамлаганларини инкор этмасалар-да, бу йўналиш модернизмдаги революцион бурилиш эди. Унинг ифодасида объектга ва рангларга бўлган муносабат тамомила ўзгача. Мусаввир тасвиридаги предмет кўп маъноли эстетик ва ижтимоий аҳамиятга эга образга айланади. Поп-арт инсонлар ўртасида коммуникатив воситалар ривожланаётган, глобаллашув даврининг мевасидир. Бу йўналиш биз кўп эшитадиган “поп-культура”, “неодадаизм”, “оммавий маданият” ва “кундалик санъат” тушунчаларининг бир бўлагидир. Поп-арт предметнинг реал кўринишга монанд жиҳатларини инкор этмайди, лекин уни абстракт композицияга, унинг ўзига хос бўлмаган ҳолатда жойлаштиради. Ижодкор ўз асарида дунёнинг ўзига хос кўринишини яратишга уриниб, ўз картинасига оддий одам тасаввур қила олиши мумкин бўлган реалликни ҳам, абстрактликни ҳам, сюрреалликни ҳам жойлашни шарт деб билган. Эндиликда мусаввирга ҳар қандай буюм ҳам санъат асари учун манба бўлиши мумкин эди:
Тўқ сариқ тусдаги шиша Ичида овоз майдалагич ҳиссиётни кесадиган қайчи сал олисроқдан қарасанг агар кўринади қип-қизил тусда бу шиша…
Биз бу ўринда шеърдаги ғоя ва маънонинг чуқур ёки саёзлиги масаласига тўхталиб ўтирмоқчи эмасмиз. Буни ҳар бир ўқувчи ўз қобилиятига мос равишда кўради. Биз сизнинг эътиборингизни бошқа нарсага, ижодкор ўз кечинмаларини кундалик турмушнинг оддий буюмлари, столимиз устида доим турувчи анжомлар воситасида ифодалай олганига қаратмоқчимиз.
Поп-арт санъатни оммалаштирибгина қолмай, унга иқтисод, сиёсат, тижорат ва кундалик маишатни олиб кирди. Поп-артчилар ўз асарларида инсонларнинг кундалик ҳаётидаги энг оддий буюмларга мурожаат этадилар:
Учиб бораётган қошиқ кимдир ўтди дунёдан демак ёки қушмикан тарелкалар тарақ-туруқи кўзнинг бир очилиб юмилиши киприкнинг киприкка теккани яъни жаранги…
Баҳром Рўзимуҳаммад худди поп-артчилардек предмет танламоқда ва худди мусаввир картинасида бўлгани каби, шеърда предметга унинг асл функциясидан бошқа юмушни тайинламоқда.
Яъни юлдуз учса кимнидир оламдан ўтганини ҳабар қилади деган ақида мавжудки, бу ўринда учаётган қошиқ ана шу маъноларини ўзига юклаб олмоқда.
Saʼdullo Quronov