Mazkur maqolada madaniyatning turli bosqichlarida sanʼatkorning inson obrazi tasviriga boʻlgan munosabati badiiy sintez muammosi tamoyillari asosida tadqiq etilgan. Ishda inson qiyofasi tasviriga yondashuv muayyan davr estetik tafakkurini belgib beruvchi omil ekani tasdiqlangan. Unda oʻzbek sheʼriyatining klassik hamda zamonaviy namunalari tahlilga tortilib, davrlar osha takomillashib borgan inson tasviri – shaxsiyati oʻrganilgan.
Kalit soʻzlar: badiiy sintez, inson qiyofasi, vizual sanʼat, miniatyura, estetik tafakkur.
Sanʼatkorning inson qiyofasi tasviriga yondashuvi madaniyatning turli bosqichlarida oʻzgarib, yangilanib turgan. Yaʼni ijodkor inson obrazini yaratarkan, oʻz davrining estetik tafakkuri, ijtimoiy ong mezonlariga tayanadi. Sanʼat tarixida inson qiyofasining takomillashishi, soʻzsiz, badiiy sintez tamoyillari bilan uzviy bogʻliq. Zero, ifodaviy va tasviriy sanʼatlarning oʻzaro aloqalari sarqirra va murakkab inson qiyofasini toʻlaqonli tasvirlashda judayam muhim (shu oʻrinda “qiyofa” soʻzini kengroq – kishining ham tashqi, ham ichki dunyosi maʼnosida talqin etish maqsadga muvofiq boʻladi). Deylik, agar adabiyot inson ichki olamini butun nozik jihatlari bilan ifodalashga harakat qilsa, tasviriy sanʼat uning noyob tashqi koʻrinishini chizadi. Ammo bu ikki sanʼat ham oʻzidagi spetsifik xususiyatdan qoniqmaydi. Ijodkor oʻz qahramonini ham koʻrib, ham his etib tushunilishini istaydi. Sanʼat, xususan, adabiyotning markazida inson turishini hisobga olsak, inson qiyofasining tasviri muayyan davr sanʼatini tadqiq etishda judayam katta ahamiyatga ega ekani anglashiladi.
Jahon klassik sanʼati namunalarini kuzatar ekanmiz, qiyofani tasvirlash tamoyillari Sharqda ham, Gʻarbda ham oʻxshash boʻlgani koʻrinadi. Ayniqsa, bu oʻxshashlik realistik tasvirga boʻlgan munosabatda koʻproq seziladi. Sharq va Gʻarb sanʼatkorlari insonni tashqi – real alomatlari bilan tasvirlashni xush koʻrmaganlar. Gʻarb klassik adabiyotining tasviriy xususiyatlari haqida soʻz yuritarkan, rus sanʼatshunosi N.Dimitriyeva shunday deydi: “Epik adabiyot obrazni soʻz vositasida tasvirlashga urinmagan – u hikoya qilgan” [1.26]. Ayni shu kabi holatni Sharq mumtoz adabiyotida ham koʻrishimiz mumkin. Tarixda sanʼatkor inson qiyofasini uning hatti-harakatlari (Gʻarb) va maqomi (Sharq) taʼrifi bilan “chizgan”. Bunda gʻarblik sanʼatkor ham, sharqlik sanʼatkor ham qahramonning tashqi koʻrinishini tasvirlashdan qochgan boʻlsa-da, ular maqsadda farq qilganlar. Gʻarbda qahramonning umumiy qiyofasi, odatda, uning real hatti-harakatlari hamda asardagi boshqa qahramonlarning unga bergan taʼrifi evaziga yaratilgan. Bu haqda mashhur fransuz maʼrifatparvari Lessing oʻzining “Laokon” asarida toʻxtalib oʻtadi. Lessing Gomerning “Iliada” dostonidagi goʻzal malika Yelena tashqi qiyofasini tasvirlashdan qochganiga eʼtibor qaratadi. Vaholanki, asarning fojeali syujeti Yelenaning goʻzalligi bilan uzviy bogʻliq edi. Gomer malikani uning harakatlari va bir oʻrinda Troya saroy mulozimlarining hayrati bilan tasvirlaydi. [4.122]. Obraz yaratishdagi bu tahlit yondashuvni Qadimgi Yunon tasviriy sanʼati namunalarida ham uchratish mumkin. Hozirgi kungacha saqlanib qolgan devoriy hamda sopol buyumlarga chizilgan suratlarda insoning reallikka monand koʻrinishini uchratmaysiz. Koʻz, qosh, burun va tananing boshqa aʼzolari judayam shartli – oʻxshash boʻlib, suratdagi tasvir va voqelikni qahramonlarning harakati taʼminlab turadi. Shu kabi tendensiya Sharq mumtoz sanʼatlarida ham kuzatiladi. Ammo Sharq sanʼatkorlari qahramonlarni realistik alomatlar (hatta-harakat) bilan emas, balki mutloq ideal tushunchalar evaziga tasvirlaydilar. Natijada, yerdan butunlay uzilgan, Sharqning ideal gʻoya va maqsadlariga yoʻgʻrilgan qahramon yaratiladi.
Sharq mumtoz sanʼatkorlari idealni koʻkdan qidirganlar. Ular uchun foniy dunyoning realistik alomatlari, xususan, kishining tanasi muayyan qiymatga ega boʻlmagan. Sanʼatshunoslar Ye.Polyakova va Z.Rahimovalar ijodkorning inson qiyofasini realistik tasvirlashdan chekinishiga ikki xil sababni koʻrsatadilar. Ulardan biri Sharqning oʻziga xos falsafiy-estetik qarashlari boʻlsa, ikkinchisi saroy shoirlari tomonidan podshoh qiyofasini hadsiz ideallashtirishdir: “Qasidagoʻy shoirlar oʻz hukmdorlarini Rustamga xos xislatlar bilan taʼriflasharkan voqealar haqiqatiga kelganda adashmagan boʻlsalar kerak. Ular har holda gunohkor real shaxs bilan haqiqiy badbasharalarini yopib kelgan bezakli yasama niqob oʻrtasidagi farqni aniq tasavvur qilganlar”[6.67]. Ammo sanʼatshunoslar sharqlik ijodkorning baʼzan realistik tasvirga qoʻl urganini ham inkor etmaydilar: “Insonni tasvirlashdagi realistik mayl Abulfayz Bayhaqiy tomonidan XI asrning ikkinchi yarmida yozilgan “Taʼrixi Masʼudiy” solnomasida oʻzining yorqin ifodasini topadi. Bayhaqiyni eng avvalo kishilarni bir-biridan ajratib turuvchi xos xislatlar qiziqtiradi... Bayhaqiy shaxsni unga oʻxshagan kishilar toifasidan ajratib olib koʻrsatadi” [6.68]. Mualliflar keyingi davrlarda realsitik ifoda rivojlanmaganini, aksincha, eʼtibordan chetda qolib ketganini ham taʼkinlashadi.
Sharq miniatyura sanʼatidagi inson obrazi mumtoz adabiyotdagi qiyofalardan farq qilmagan. Musavvir ham olamni huddi shoir kabi qabul qilgan va suratda real qiyofalarni chizmagan. Rassom uchun yuz koʻrinishini chizish shartli boʻlib, deyarli barcha qiyofalar oʻxshash tasvirlanar edi. Yuz ifodasi, tana oʻlchamlari va harakatlar reallikka monand kelmasdi. Kartinadagi inson obrazlari muayyan ramznigina ifodalab, suratdagi har bir rang, har bir detal biror tasavvufiy mazmunni anglatib turgan. Taʼkidlash joizki, Sharq sanʼatlari islom dini aqidalari asosida shakllangan. Islom aqidasiga koʻra, jonli narsalar suratini chizish ogʻir gunoh. Shuning uchun ham musavvir oʻzi chizgan suratga hayotning aksi sifatida qaray olmasdi. Miniatyuradagi tasvirning ramziylashganiga, uning hayot haqiqatidan uzoqlashishiga ham asosiy sabab shu. Sharqda miniatyuraga kitob bezagi sanʼati, tabir joiz boʻlsa, matnning bir qismi sifatida qaralgan. U shoir ifoda etgan soʻfiyona murojaatning vizual sharhi edi, xolos.
Mumtoz sheʼriyat tom maʼnoda islomiy-tasavvufiy adabiyot edi. Shu bois, qahramonlar oʻta ideallashtirilar, goʻzal fazilatlar bilan ulugʻlanardi. Xususan, Alisher Novoiy ijodidagi Farhod obarazi ham chin soʻfiyona qiyofada aks ettirilgan edi:
Demon, ham koʻngli poku ham koʻzi pok,
Tili poku soʻzi poku oʻzi pok. [2.77].
Navoiy Farhodning tashqi koʻrinishini uning alohida chizgilari bilan tasvirlab bermaydi, balki feʼl-atvori, hulqi va amaliga taʼrif beradi. Deylik, Farhodning goʻzalligi haqida soʻz ketsa, shoir oʻsha davr ideal qahramonlari uchun goʻzallik sifatida qabul qilingan shartli koʻrinishlarni qalamga oladi. Yuqoridagi baytni Sharq mumtoz adabiyotida inson obrazini yaratishdagi oʻziga xoslikni koʻrsatuvchi misol sifatida keltirilishi mumkin.
Inson qiyofasini burmuncha reallashtirgan shoir sifatida XIX oxiri – XX boshlarida sermahsul ijod qilgan Muqimiyni koʻrsatish mumkin. Muqimiy mumtoz adabiyot anʼanalarini davom ettirgani holda qahramonlari tasviriga oʻz davrining shart-sharoyiti, yangilanib borayotgan estetik tafakkur naqtai nazaridan yondashadi. Baʼzan shoir sheʼrlarida real, jonli qahramonlar qiyofasini ham uchratish mumkin edi:
Oh Fargʻonada bir yaxshi jonon uchramadi,
Yaʼni gulchehra qaddi sarvi ravon uchramadi [3.113]
Muqimiy “Uchramadi” radifli gʻazalning birinchi bandidayoq lirik subyektning real qiyofasini yaratishga urinadi. Oʻquvchiga qahramon iztiroblari muayyan geografik hudud – Fargʻonada kechayotgani oshkor qilinar ekan, sheʼrda ideal qiyofa emas, balki konkret zamon va makondagi shaxs tasvirlanayotganini anglashiladi (Albatta, anʼanaviy mumtoz adabiyot namunalarida ham joy nomlarini uchratish mumkin, lekin, odatda, bu joylar muayyan shartlilik, ramziylik kasb etgan boʻladi. Masalan, “Farhod va Shirin” dostonidagi Chin mamlakati kabi).
Boshqa bir sheʼrida Muqimiy 1902 yil Andijonda yuz bergan mashʼum zilzila fojealarini qalamga oladi:
Roʻzani oʻn oltisi seshanba kun,
Qoldi imorat tagida insu jon. [3.342]
“Tarixi zilzilai Andijon az mavlono” deb nomlangan sheʼrdan olingan yuqoridagi parchada koʻrinadiki, Muqimiy tarixiylik tamoyilidan bormoqda. U fojea tafsilotlarida ortiqcha mubolagʻaga berilmaydi, andijonliklar boshiga tushgan musibatni xuddi tarihiy solnoma yozayotganday tasvirlab beradi. Ayni damda, Andijon aholisining real, jonli obrazlari ham yaratiladi.
Sheʼrlarida real shaxs qiyofasini tasvirlashga urunish Muqimiy bilan deyarli bir vaqtda yashagan Furqat, Zavqiy, Avaz Oʻtar kabi shoirlar ijodida ham koʻrinadi. Xususan, Furqat sheʼriyatida bu yanada oydinroq koʻrinadi:
Surmadin koʻzlar qaro, qoʻllar hinodin lola rang,
Gʻozadin yuzlarda tobu oʻsmadin qoshlar tarang. [7.47]
XIX oxirida ijod qilgan shoirlarni umumlashtiruvchi asosiy omil sheʼriyatga ijtimoiylik alomatlarining kirib kelishida edi. Keyingi davrda adabiyotning tom maʼnoda ijtimoiylashgani ijodkorning inson qiyofasi tasvira boʻlgan munosabatini tubdan yangilaydi.
XX asr boshlarida oʻzbek adabiyoti ijtimoiylashadi. Endi shoir ilgargiday umumestetik kanon sifatida belgilangan idel gʻoyalarni emas, balki mavjud ijtimoiylikni qalamga ola boshladi. Oʻz-oʻzidan, adabiyot markazidagi inson shaxs maqomiga koʻtariladi, ayni damda, uning qiyofasi ham reallashdi. Endi shoir inson – shaxs qiyofasini butun murakkabliklari: dardu xayollari, orzu istaklari, turush-turmushi bilan tavirlashga harakat qila boshladi. Oʻtgan asr boshida inson tasvirining oʻzgarishi, avvalo, lirik subyekt qiyofasining ijtimoiylashganida yaqqol koʻrindi. Yaʼni lirik subyekt (shoir) his-tuygʻulari mavjud ijtimoiylikka qaratildiki, endi uning qiyofasida ideal mashuqa ishqida yonayotgan oshiqni emas, balki konkret shaxs iztiroblarini koʻrish mumkin edi.
Yangi oʻzbek sheʼriyatidagi inson qiyofasining realistik tasvirida Choʻlponning 1921 yilda yozilgan “Satang” sheʼri katta ahamiyatga molik. Shoir sheʼrda mashuqa qiyofasini (lirik obyekt) bevosita tasvirlashga harakat qiladi:
Qop-qora sochidan ikkita gajak
Buralib-buralib yuziga tushmish.
Qolganlari yana boʻlakma-boʻlak
Belidan ilondek yerga choʻzilmish.
Uning yuzlarida boshqa qizlardek
Ketsiz qaygʻularning izlari yoʻqdir.
Balki, erkda oʻskan erka qizlardek
Toʻlgʻin yuzlarida doim shoʻxlikdir. [5.120]
Keltirilgan sheʼriy parchada ilgari adabiyotimizda kuzatilmagan koʻp jihatlarni uchratishimiz mumkin. Choʻlpon yor obrazini taʼriflab emas, balki tasvirlab koʻrsatishga urungan. Qahramonning xarakteri va his-tuygʻulari uning qiyofasi tasvirida oʻz aksini topgan. Shoir qizning yosh ekanini (Ketsiz qaygʻularning izlari yoʻqdir), harakatlarida ayyorlik, jodugarlik borligini (Belidan ilondek yerga choʻzilmish), xayosizligini (Toʻlgʻin yuzlarida doim shoʻxlikdir) shunchaki soʻz vositasida aytib qoʻyishdan tiyiladi. Oʻquvchi shoir tasvirlayotgan qizni koʻz oldiga keltirar ekan, yuqoridagilarni uning qiyofasi tasvirida yaqqol koʻrishi mumkin boʻladi.
XX asr boshlarida sheʼriyatimizda kechgan oʻzgarishlarni vizual sanʼatlarning rivojlanishi bilan bogʻlash mumkin. Zero, asr avvalida yurtimiz tasviriy sanʼatida katta oʻzgarishlar sodir boʻlgan edi. Noshirlik sohasi taraqqiy etib, qoʻlyozmalarning oʻrnini toshbosma kitoblar egallaydi. Oʻz-oʻzidan, kitob grafikasi sanʼatlariga ehtiyoj yoʻqolib, miniatyura oʻrniga realistik tasvirga asoslangan zamonaviy rangtasvir keladi. Bundan tashqari, adabiyotda yangi turlarning paydo boʻlishi, mavjudlarining rivojlanib, ommalashishi sheʼriyatning nasr ham dramaturgiya bilan raqobatlashishiga olib keladi. Oʻsha davr sheʼriyati oldida ifodaviy-shakliy jihatdan yangilanib ulgurgan tasviriy sanʼat, bundan tashqari, fotografiya, ichki omil sifatida nasr hamda dramaturgiyaga xos ifoda shakllarini oʻzlashtirish, zamonaviy oʻquvchining estetik ehtiyojlarini qondirish masalasi turardi. Albatta, shoir bularni ongli tarzda his etmagan boʻlishi ham mumkin. Lekin sanʼatkor sifatida zamonga moslashish kerakligi teran his eta olgani aniq.
Yangi oʻzbek sheʼriyatining keyingi davrlarida inson qiyofasining tasviri yanada reallashadi. Uning murakkab ruhiy olami, orzu istaklari qiyofa tasviridagi yanada kichik detallar vositasida ifodalanadi. Aytish mumkinki, tarixning har bir davri oʻzining boshqalarga oʻxshamagan qiyofasini – inson shaxsiyatini yaratishga erishadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Dmitriyeva N. Izobrojeniye i slovo. – Moskva: Iskusstvo, 1962. B. 316.
Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 2 tomlik. 8-tom. Farhod va Shirin. – Toshkent: Fan, 1991. B.???.
Muqimiy. Asarlar toʻplami. 2 tomlik. 1-tom. Lirika – Toshkent: Adabiyot, 1960. B. 378.
Lessing G.E. Laokoon, ili O granitsax jivopisi i poezii. – Moskva: Eksmo, 2012. B. 250.
Choʻlpon. Asarlar. 4 jildlik. 1 jild. – Toshkent: Akademnashr, 2013. B. 386.
Polyakova Ye., Rahimova Z. Minniatyura i literatura Vostoka. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1987. B. 288.
Furqat. Tanlangan asarlar. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1975. B. 296.
Мазкур мақолада маданиятнинг турли босқичларида санъаткорнинг инсон образи тасвирига бўлган муносабати бадиий синтез муаммоси тамойиллари асосида тадқиқ этилган. Ишда инсон қиёфаси тасвирига ёндашув муайян давр эстетик тафаккурини белгиб берувчи омил экани тасдиқланган. Унда ўзбек шеъриятининг классик ҳамда замонавий намуналари таҳлилга тортилиб, даврлар оша такомиллашиб борган инсон тасвири – шахсияти ўрганилган.
Калит сўзлар: бадиий синтез, инсон қиёфаси, визуал санъат, миниатюра, эстетик тафаккур.
Санъаткорнинг инсон қиёфаси тасвирига ёндашуви маданиятнинг турли босқичларида ўзгариб, янгиланиб турган. Яъни ижодкор инсон образини яратаркан, ўз даврининг эстетик тафаккури, ижтимоий онг мезонларига таянади. Санъат тарихида инсон қиёфасининг такомиллашиши, сўзсиз, бадиий синтез тамойиллари билан узвий боғлиқ. Зеро, ифодавий ва тасвирий санъатларнинг ўзаро алоқалари сарқирра ва мураккаб инсон қиёфасини тўлақонли тасвирлашда жудаям муҳим (шу ўринда “қиёфа” сўзини кенгроқ – кишининг ҳам ташқи, ҳам ички дунёси маъносида талқин этиш мақсадга мувофиқ бўлади). Дейлик, агар адабиёт инсон ички оламини бутун нозик жиҳатлари билан ифодалашга ҳаракат қилса, тасвирий санъат унинг ноёб ташқи кўринишини чизади. Аммо бу икки санъат ҳам ўзидаги специфик хусусиятдан қониқмайди. Ижодкор ўз қаҳрамонини ҳам кўриб, ҳам ҳис этиб тушунилишини истайди. Санъат, хусусан, адабиётнинг марказида инсон туришини ҳисобга олсак, инсон қиёфасининг тасвири муайян давр санъатини тадқиқ этишда жудаям катта аҳамиятга эга экани англашилади.
Жаҳон классик санъати намуналарини кузатар эканмиз, қиёфани тасвирлаш тамойиллари Шарқда ҳам, Ғарбда ҳам ўхшаш бўлгани кўринади. Айниқса, бу ўхшашлик реалистик тасвирга бўлган муносабатда кўпроқ сезилади. Шарқ ва Ғарб санъаткорлари инсонни ташқи – реал аломатлари билан тасвирлашни хуш кўрмаганлар. Ғарб классик адабиётининг тасвирий хусусиятлари ҳақида сўз юритаркан, рус санъатшуноси Н.Димитриева шундай дейди: “Эпик адабиёт образни сўз воситасида тасвирлашга уринмаган – у ҳикоя қилган” [1.26]. Айни шу каби ҳолатни Шарқ мумтоз адабиётида ҳам кўришимиз мумкин. Тарихда санъаткор инсон қиёфасини унинг ҳатти-ҳаракатлари (Ғарб) ва мақоми (Шарқ) таърифи билан “чизган”. Бунда ғарблик санъаткор ҳам, шарқлик санъаткор ҳам қаҳрамоннинг ташқи кўринишини тасвирлашдан қочган бўлса-да, улар мақсадда фарқ қилганлар. Ғарбда қаҳрамоннинг умумий қиёфаси, одатда, унинг реал ҳатти-ҳаракатлари ҳамда асардаги бошқа қаҳрамонларнинг унга берган таърифи эвазига яратилган. Бу ҳақда машҳур француз маърифатпарвари Лессинг ўзининг “Лаокон” асарида тўхталиб ўтади. Лессинг Гомернинг “Илиада” достонидаги гўзал малика Елена ташқи қиёфасини тасвирлашдан қочганига эътибор қаратади. Ваҳоланки, асарнинг фожеали сюжети Еленанинг гўзаллиги билан узвий боғлиқ эди. Гомер маликани унинг ҳаракатлари ва бир ўринда Троя сарой мулозимларининг ҳайрати билан тасвирлайди. [4.122]. Образ яратишдаги бу таҳлит ёндашувни Қадимги Юнон тасвирий санъати намуналарида ҳам учратиш мумкин. Ҳозирги кунгача сақланиб қолган деворий ҳамда сопол буюмларга чизилган суратларда инсонинг реалликка монанд кўринишини учратмайсиз. Кўз, қош, бурун ва тананинг бошқа аъзолари жудаям шартли – ўхшаш бўлиб, суратдаги тасвир ва воқеликни қаҳрамонларнинг ҳаракати таъминлаб туради. Шу каби тенденция Шарқ мумтоз санъатларида ҳам кузатилади. Аммо Шарқ санъаткорлари қаҳрамонларни реалистик аломатлар (ҳатта-ҳаракат) билан эмас, балки мутлоқ идеал тушунчалар эвазига тасвирлайдилар. Натижада, ердан бутунлай узилган, Шарқнинг идеал ғоя ва мақсадларига йўғрилган қаҳрамон яратилади.
Шарқ мумтоз санъаткорлари идеални кўкдан қидирганлар. Улар учун фоний дунёнинг реалистик аломатлари, хусусан, кишининг танаси муайян қийматга эга бўлмаган. Санъатшунослар Е.Полякова ва З.Раҳимовалар ижодкорнинг инсон қиёфасини реалистик тасвирлашдан чекинишига икки хил сабабни кўрсатадилар. Улардан бири Шарқнинг ўзига хос фалсафий-эстетик қарашлари бўлса, иккинчиси сарой шоирлари томонидан подшоҳ қиёфасини ҳадсиз идеаллаштиришдир: “Қасидагўй шоирлар ўз ҳукмдорларини Рустамга хос хислатлар билан таърифлашаркан воқеалар ҳақиқатига келганда адашмаган бўлсалар керак. Улар ҳар ҳолда гуноҳкор реал шахс билан ҳақиқий бадбашараларини ёпиб келган безакли ясама ниқоб ўртасидаги фарқни аниқ тасаввур қилганлар”[6.67]. Аммо санъатшунослар шарқлик ижодкорнинг баъзан реалистик тасвирга қўл урганини ҳам инкор этмайдилар: “Инсонни тасвирлашдаги реалистик майл Абулфайз Байҳақий томонидан XI асрнинг иккинчи ярмида ёзилган “Таърихи Масъудий” солномасида ўзининг ёрқин ифодасини топади. Байҳақийни энг аввало кишиларни бир-биридан ажратиб турувчи хос хислатлар қизиқтиради... Байҳақий шахсни унга ўхшаган кишилар тоифасидан ажратиб олиб кўрсатади” [6.68]. Муаллифлар кейинги даврларда реалситик ифода ривожланмаганини, аксинча, эътибордан четда қолиб кетганини ҳам таъкинлашади.
Шарқ миниатюра санъатидаги инсон образи мумтоз адабиётдаги қиёфалардан фарқ қилмаган. Мусаввир ҳам оламни ҳудди шоир каби қабул қилган ва суратда реал қиёфаларни чизмаган. Рассом учун юз кўринишини чизиш шартли бўлиб, деярли барча қиёфалар ўхшаш тасвирланар эди. Юз ифодаси, тана ўлчамлари ва ҳаракатлар реалликка монанд келмасди. Картинадаги инсон образлари муайян рамзнигина ифодалаб, суратдаги ҳар бир ранг, ҳар бир деталь бирор тасаввуфий мазмунни англатиб турган. Таъкидлаш жоизки, Шарқ санъатлари ислом дини ақидалари асосида шаклланган. Ислом ақидасига кўра, жонли нарсалар суратини чизиш оғир гуноҳ. Шунинг учун ҳам мусаввир ўзи чизган суратга ҳаётнинг акси сифатида қарай олмасди. Миниатюрадаги тасвирнинг рамзийлашганига, унинг ҳаёт ҳақиқатидан узоқлашишига ҳам асосий сабаб шу. Шарқда миниатюрага китоб безаги санъати, табир жоиз бўлса, матннинг бир қисми сифатида қаралган. У шоир ифода этган сўфиёна мурожаатнинг визуал шарҳи эди, холос.
Мумтоз шеърият том маънода исломий-тасаввуфий адабиёт эди. Шу боис, қаҳрамонлар ўта идеаллаштирилар, гўзал фазилатлар билан улуғланарди. Хусусан, Алишер Новоий ижодидаги Фарҳод обарази ҳам чин сўфиёна қиёфада акс эттирилган эди:
Демон, ҳам кўнгли поку ҳам кўзи пок,
Тили поку сўзи поку ўзи пок. [2.77].
Навоий Фарҳоднинг ташқи кўринишини унинг алоҳида чизгилари билан тасвирлаб бермайди, балки феъл-атвори, ҳулқи ва амалига таъриф беради. Дейлик, Фарҳоднинг гўзаллиги ҳақида сўз кетса, шоир ўша давр идеал қаҳрамонлари учун гўзаллик сифатида қабул қилинган шартли кўринишларни қаламга олади. Юқоридаги байтни Шарқ мумтоз адабиётида инсон образини яратишдаги ўзига хосликни кўрсатувчи мисол сифатида келтирилиши мумкин.
Инсон қиёфасини бурмунча реаллаштирган шоир сифатида XIX охири – XX бошларида сермаҳсул ижод қилган Муқимийни кўрсатиш мумкин. Муқимий мумтоз адабиёт анъаналарини давом эттиргани ҳолда қаҳрамонлари тасвирига ўз даврининг шарт-шаройити, янгиланиб бораётган эстетик тафаккур нақтаи назаридан ёндашади. Баъзан шоир шеърларида реал, жонли қаҳрамонлар қиёфасини ҳам учратиш мумкин эди:
Оҳ Фарғонада бир яхши жонон учрамади,
Яъни гулчеҳра қадди сарви равон учрамади [3.113]
Муқимий “Учрамади” радифли ғазалнинг биринчи бандидаёқ лирик субъектнинг реал қиёфасини яратишга уринади. Ўқувчига қаҳрамон изтироблари муайян географик ҳудуд – Фарғонада кечаётгани ошкор қилинар экан, шеърда идеал қиёфа эмас, балки конкрет замон ва макондаги шахс тасвирланаётганини англашилади (Албатта, анъанавий мумтоз адабиёт намуналарида ҳам жой номларини учратиш мумкин, лекин, одатда, бу жойлар муайян шартлилик, рамзийлик касб этган бўлади. Масалан, “Фарҳод ва Ширин” достонидаги Чин мамлакати каби).
Бошқа бир шеърида Муқимий 1902 йил Андижонда юз берган машъум зилзила фожеаларини қаламга олади:
Рўзани ўн олтиси сешанба кун,
Қолди иморат тагида инсу жон. [3.342]
“Тарихи зилзилаи Андижон аз мавлоно” деб номланган шеърдан олинган юқоридаги парчада кўринадики, Муқимий тарихийлик тамойилидан бормоқда. У фожеа тафсилотларида ортиқча муболағага берилмайди, андижонликлар бошига тушган мусибатни худди тариҳий солнома ёзаётгандай тасвирлаб беради. Айни дамда, Андижон аҳолисининг реал, жонли образлари ҳам яратилади.
Шеърларида реал шахс қиёфасини тасвирлашга уруниш Муқимий билан деярли бир вақтда яшаган Фурқат, Завқий, Аваз Ўтар каби шоирлар ижодида ҳам кўринади. Хусусан, Фурқат шеъриятида бу янада ойдинроқ кўринади:
Сурмадин кўзлар қаро, қўллар ҳинодин лола ранг,
Ғозадин юзларда тобу ўсмадин қошлар таранг. [7.47]
ХIХ охирида ижод қилган шоирларни умумлаштирувчи асосий омил шеъриятга ижтимоийлик аломатларининг кириб келишида эди. Кейинги даврда адабиётнинг том маънода ижтимоийлашгани ижодкорнинг инсон қиёфаси тасвира бўлган муносабатини тубдан янгилайди.
ХХ аср бошларида ўзбек адабиёти ижтимоийлашади. Энди шоир илгаргидай умумэстетик канон сифатида белгиланган идел ғояларни эмас, балки мавжуд ижтимоийликни қаламга ола бошлади. Ўз-ўзидан, адабиёт марказидаги инсон шахс мақомига кўтарилади, айни дамда, унинг қиёфаси ҳам реаллашди. Энди шоир инсон – шахс қиёфасини бутун мураккабликлари: дарду хаёллари, орзу истаклари, туруш-турмуши билан тавирлашга ҳаракат қила бошлади. Ўтган аср бошида инсон тасвирининг ўзгариши, аввало, лирик субъект қиёфасининг ижтимоийлашганида яққол кўринди. Яъни лирик субъект (шоир) ҳис-туйғулари мавжуд ижтимоийликка қаратилдики, энди унинг қиёфасида идеал машуқа ишқида ёнаётган ошиқни эмас, балки конкрет шахс изтиробларини кўриш мумкин эди.
Янги ўзбек шеъриятидаги инсон қиёфасининг реалистик тасвирида Чўлпоннинг 1921 йилда ёзилган “Сатанг” шеъри катта аҳамиятга молик. Шоир шеърда машуқа қиёфасини (лирик объект) бевосита тасвирлашга ҳаракат қилади:
Қоп-қора сочидан иккита гажак
Буралиб-буралиб юзига тушмиш.
Қолганлари яна бўлакма-бўлак
Белидан илондек ерга чўзилмиш.
Унинг юзларида бошқа қизлардек
Кетсиз қайғуларнинг излари йўқдир.
Балки, эркда ўскан эрка қизлардек
Тўлғин юзларида доим шўхликдир. [5.120]
Келтирилган шеърий парчада илгари адабиётимизда кузатилмаган кўп жиҳатларни учратишимиз мумкин. Чўлпон ёр образини таърифлаб эмас, балки тасвирлаб кўрсатишга урунган. Қаҳрамоннинг характери ва ҳис-туйғулари унинг қиёфаси тасвирида ўз аксини топган. Шоир қизнинг ёш эканини (Кетсиз қайғуларнинг излари йўқдир), ҳаракатларида айёрлик, жодугарлик борлигини (Белидан илондек ерга чўзилмиш), хаёсизлигини (Тўлғин юзларида доим шўхликдир) шунчаки сўз воситасида айтиб қўйишдан тийилади. Ўқувчи шоир тасвирлаётган қизни кўз олдига келтирар экан, юқоридагиларни унинг қиёфаси тасвирида яққол кўриши мумкин бўлади.
ХХ аср бошларида шеъриятимизда кечган ўзгаришларни визуал санъатларнинг ривожланиши билан боғлаш мумкин. Зеро, аср аввалида юртимиз тасвирий санъатида катта ўзгаришлар содир бўлган эди. Ноширлик соҳаси тараққий этиб, қўлёзмаларнинг ўрнини тошбосма китоблар эгаллайди. Ўз-ўзидан, китоб графикаси санъатларига эҳтиёж йўқолиб, миниатюра ўрнига реалистик тасвирга асосланган замонавий рангтасвир келади. Бундан ташқари, адабиётда янги турларнинг пайдо бўлиши, мавжудларининг ривожланиб, оммалашиши шеъриятнинг наср ҳам драматургия билан рақобатлашишига олиб келади. Ўша давр шеърияти олдида ифодавий-шаклий жиҳатдан янгиланиб улгурган тасвирий санъат, бундан ташқари, фотография, ички омил сифатида наср ҳамда драматургияга хос ифода шаклларини ўзлаштириш, замонавий ўқувчининг эстетик эҳтиёжларини қондириш масаласи турарди. Албатта, шоир буларни онгли тарзда ҳис этмаган бўлиши ҳам мумкин. Лекин санъаткор сифатида замонга мослашиш кераклиги теран ҳис эта олгани аниқ.
Янги ўзбек шеъриятининг кейинги даврларида инсон қиёфасининг тасвири янада реаллашади. Унинг мураккаб руҳий олами, орзу истаклари қиёфа тасвиридаги янада кичик деталлар воситасида ифодаланади. Айтиш мумкинки, тарихнинг ҳар бир даври ўзининг бошқаларга ўхшамаган қиёфасини – инсон шахсиятини яратишга эришади.
Фойдаланилган адабиётлар:
Дмитриева Н. Изоброжение и слово. – Москва: Искусство, 1962. Б. 316.
Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. 2 томлик. 8-том. Фарҳод ва Ширин. – Тошкент: Фан, 1991. Б.???.
Муқимий. Асарлар тўплами. 2 томлик. 1-том. Лирика – Тошкент: Адабиёт, 1960. Б. 378.
Лессинг Г.Э. Лаокоон, или О границах живописи и поэзии. – Москва: Эксмо, 2012. Б. 250.
Чўлпон. Асарлар. 4 жилдлик. 1 жилд. – Тошкент: Akademnashr, 2013. Б. 386.
Полякова Е., Раҳимова З. Минниатюра и литература Востока. – Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1987. Б. 288.
Фурқат. Танланган асарлар. – Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1975. Б. 296.
Saʼdullo Quronov