Aslida, sanʼat ijodkor qalbu ongida kechgan his-tuygʻu va gʻoyaning badiiy ifodasi oʻlaroq yaxlit hodisa esa-da, biz uni turlarga ajratishga odatlanganmiz. Albatta, sanʼatni turlarga ajratib tasniflash madaniy hayotimizda judayam zarur. Ammo na ijodkor va na talabgor (oʻquvchi, tomoshabin, tinglovchi va h.k.) sanʼat turlarining yaxlit hamda uygʻun hodisa ekanini unutishga haqli. Zero, chin asarning hassos yaratuvchisi olamni barcha sezgilari bilan idrok etadi. U ijod onlarida asariga musavvirning nigohlarini, shoirning tuygʻularini va musiqachining ohanglarini singdirib yuborishi mumkin. Baʼzida, sheʼr deb tutganimizning asl jozibasi ana shunday uygʻunlik sababidan ekanini “ang”lamaymiz, parvo qilmaymiz. Lekin bir sheʼr oʻqib ufqdan ogʻayotgan quyoshning bir toʻplam olov sochlarini ilib qolayotgan oʻrmonni (Oybek), bezavol maysaning bosh silkitishini (A.Oripov) yoki qorlariga qorishgan osmonning nurli changni elayotganini (R.Parfi) oʻz koʻzimiz bilan koʻrganday zavqlanishni, unda ajib bir hislarni tuyishni kanda qilmaymiz. Bu zavq esa biz nazarda tutgan UYGʻUNLIKning mevasi, asli.
Sheʼriyat va rangtasvir – egiz sanʼatlar. Shuning uchun boʻlsa kerak, qadimgi yunon shoiri Simonid sheʼriyatga zabonli rangtasvir, rangtasvirga esa soqov sheʼriyat deya taʼrif beradi. Bobomiz Abu Nasr Forobiy musavvir bilan shoirning sanʼatdagi moddasi ham maqsadi ham oʻxshash ekanini atib oʻtgan. Demak, baʼzan shoir musavvirning “moʻyqalam”ini yoki, aksincha, musavvir shoirning “qalam”ini tutishga urinadi. Bunga ilxom pallasi ijodkor oʻzi his qilganini koʻnglidagiday ifoda etolmasligi, “qalam”i ojiz qolayotganini his etishi sabab boʻlishi mumkin:
Deymanki: “Boshqalar bilmay qoladir –
Shunday goʻzallikni! Attang, agar men
Rassom boʻlsam edi, chizib berardim,
Oʻxshash nusxa bilan, yozib berardim,
Shu ojiz holimda, shoirmanmi men?..”
(Choʻlpon)
Sanʼatkorning barcha harakatlari “oʻquvchi”ga koʻrganini, oʻylaganini va his etganini huddi oʻzi tuyganiday yetkazishga qaratilgan. Balki uning boshqa sanʼat turlariga murojaat etishining bosh omili ham shundandir? Chunki, har doim ham koʻrilganni soʻz bilan, aytilgani boʻyoq bilan ifodalashning imkoni yoʻq. Masalan, shoir shunday “chigal” vaziyatda rangtasvirga xos ifoda unsurlarini sheʼriyatga koʻchiradi. U olamni shoir boʻlib emas, musavvir boʻlib tasvirlashga kirishib ketadi.
Keling, yuqoridagi mulohazalarimizni bir misol vositasi tahlil qilib, tasvirning baddiy ifodadagi ahamiyatini yanada teʼranroq tasavvur qilib olamiz:
Yer ustida nurlar soyasi...
Oydin tun bu!
Goʻyo jodugar
Shahar uzra harir oq doka
Tashlab koʻyib tomosha qilar.
Shoir Xurshid Davronning 1980 yilda yozilgan “Samarqandda oydin tun” nomli sheʼrida yaxlit manzara tasvirlanadi. Yaʼni sheʼrni oʻqirkansiz koʻhna Samarqandning tungi – oydin manzaralari koʻz oʻngingizda jonlana boshlaydi: Samarqand shahri... Tun... Toʻlin oy shuqadar yorqinki, koʻchada bino va darahtlar soya tashlagan... Ammo shoirning maqsadi faqatgina goʻzal manzarani tasvirlashdan iborat emas. U oʻzi “chizayotgan” manzara qariga katta ijtimoiy dardni yashirgan. Qarang, sheʼrning ikkinchi bandida ijodkorning bu maqsadi yanada oydinlashadi:
Oy nuridan ilingan umid
Yuragimni qilar bezovta.
Koʻksaroyning soqchisi – koʻr it
Egasini izlar mohtobda.
Aslida, shoir manzarani tasvirlashda davom etsa-da, banddagi oy nurlarining tasviri lirik qahramon qalbidagi umid tuygʻusini uygʻotish vositasi boʻlib kelmoqda. Yaʼni manzaraga lirik subyekt kechinmalari taʼsir etib, undagi ramziylikni oshirmoqda.
Osmon gulxan choʻgʻlari tushib
Milt-milt etib yonayotgan shol.
Arvohlarning bezovta tushi –
Chinorlarni silkitgan shamol.
Osmondagi yulduzlar goʻzal istiyora bilan choʻgʻga, osmonning oʻzi esa sekin-asta yonishni boshlagan sholga (boʻyinga osib yoki teshigidan kiygizib qoʻyiladigan jazo taxtasi) oʻxshatiladi. Bu oʻrinda shoir mustabidning sekin-asta yemirilib, tugab borayotgan istibdodiga ishora yetayotganini koʻrishimiz mumkin. Bezovta ruhlar esa ulugʻ ajdodlarimiz, buyuk oʻtmishimizga ishora. Lekin shoir bu ikki badiiy tashbehnida muayyai tasvir asosida beradiki, siz sheʼrni oʻqib ramzlar tili bilan tasvirni emas, tasvir vositasida ramzlar tiliga kirib borasiz. Boshqacha aytganda, deylik, Abdulla Oripov va Shavkat Rahmon sheʼrida manzara lirik qahramon koʻzi bilan koʻrilgan tabiat tasviri boʻlsa, Xurshid Davron sheʼrida koʻrib-kuzatilgan voqelik tasvirini boricha berish bilan birga, undan olingan taassurotlar, his-kechinmalar ifodalanadi. Xurshid Davronda tasvir ramzga aylanmay turiboq estetik qimmat kasb etadi, oʻquvchida xuddi koʻrib turgandek taassurot uygʻotadi va bu taassurot tasviriy sanʼat asarini tomosha qilganda tugʻiladigan kechinmalardan kam boʻlmaydi:
Mudroq nigoh ila boqaman,
Moziy yodi meni qilar mast.
Goʻyo daryo aro oqaman –
Manzilimni hech kim bilmas...
“Samarqandda oydin tun” sheʼrida oʻtgan asrning 80 yillarida xalqimiz ziyolilari ichida yanada olovlangan istiqlol orzusining taftini his etish mumkin. Zero, shoir tasvirlayotgan manzaraning har bir detali istiqlol tuygʻusiga ishora etadi. Ammo, bu sheʼrda bizning eʼtiborimizni tortgan eng muhim jihat asar ortidagi subyektning shoirga oʻxshamasligi, u koʻproq oʻz hislarini tasvir asosida yetkazishga urinayotgan “musavvir” ekanligi boʻldi. Zero, musavvir oʻz tomoshabiniga nutqi vositasida soʻzlamaydi. Musavvir tasvir, boʻyoqlar tilida soʻzlaydi. Xurshid Davroning biz yuqorida misol qilib olgan sheʼrida va yana boshqa koʻpalab asarlarida ana shunday musavvirona ifodani koʻrishimiz mumkin. Albatta, shoir bu oʻrinda boʻyoq oʻrniga soʻzdan foydalanadi. U manzarani tavsiflamaydi, balki eng kichik unsurlari bilan tavsirlaydi. Shoir xuddi rassomday oldin tasvirni koʻrsatib, keyin “dardi”ni soʻzlaydi.
Shoirning rangtasvir sanʼatiga xos ifoda shakllaridan foydalanishi sheʼrning jozibasini yanada oshiradi, badiiy gʻoyaning oʻquvchiga taʼsiri kuchayadi. Zero, odamlarda koʻz vositasida informatsiya qabul qilish boshqa sezgi aʼzolariga nisbatan ortiqroq. Ayni damda, olam haqidagi tasavvurlarning asosiy qismi ham koʻz vositasida olinadiki, bu sanʼatdagi badiiy sintezning ijodkorana ehtiyoj oʻlaroq sodir boʻlishiga yetarlicha dalildir. Oxirgi yuz yillikda vizul sanʼatlarning rivoj topishi va qaysidir maʼnoda tasviriy sanʼat, kino va teatrning madaniy hayotdagi katta mevqei kishilarda koʻproq koʻrish vositasidagi estetik zavq tuyish miqdorini oshirib yubordi. Bu oʻz-oʻzidan boshqa sanʼat turlariga ham taʼsir etmay qoʻymadi. Bugun ijodkor oʻquvchidagi shu ehtiyoj bilan “hisoblashish”ga, zamonaviy oʻquvchi istakarini qondirishga “majbur”.
Sanʼat turlarining oʻzaro uygʻun (sinkretik) munosabati ularning taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik. Umuman, muayyan sanʼatning rivoji yondosh turlarning unga taʼsiri oʻlaroq kechadi. Misol tariqasida mumtoz sanʼatlarni olib qaralsa, tarixda bu sanʼatlarning oʻzaro mushtarak aloqada rivojlanganini koʻrish mumkin boʻladi. Mumtoz musiqani aruz vaznisiz, miniatyurani esa badiiy asarlarsiz tasavvur etib boʻlmagan. Shu bois ham Sharqda bu sanʼatlarning nafaqat badiiy-gʻoyaviy jihatdan, balki ifodaviy xususiyatlari jihatidan ham qorishiq munosabatda boʻlgani yaqqol sezilib turadi. Keyinchalik, qoʻlyozma oʻrnini toshbosmalar egallashi kitob grafikasi – miniatyuraning rivojiga soya solgan boʻlsa, aruz oʻrniga barmoqning kelishi maqomni ommaviylikdan chiqaradi. Aytmoqchimizki, sanʼat turlarida oʻzaro taʼsirlanish boʻlmasa, ulardagi rivojlanish ham soʻnadi.
Sanʼatlar oʻrtasidagi badiiy sintez masalasini oʻrganish adabiyotshunosligimizdagi dolzarb muammodir. Aytish mumkinki, oʻzbek adabiyotshunosligi badiiy sintezni oʻrganish borasida bir-ikki kichik tadqiqotlar bilan cheklanib qolgan. Badiiy sintezning judayam keng tarmoqli va muhim hodisa ekanligi eʼtiboridan mazkur kichik izlanishlarni dengizdan bir tomchiga qiyoslash mumkin.
Jahonda sheʼriyat va tasviriy sanʼatning oʻzaro uygʻunligi masalasi ilk bor XVIII asr oxirlariga kelib fransuz maʼrifatparvari Lessingning “Laokoon” asarida oʻz aksini topadi. Keyinchalik Lessingning zamondoshi Didro ham “Salonlar” nomli asarida badiiy sintezga atroflicha toʻxtalib oʻtgan. Lekin badiiy sintezning chin maʼnodagi jiddiy oʻrganilishi XX asrning boshlariga toʻgʻri keladi. Ilmiy tadqiqotlarimiz mobaynida eʼtiborimizni tortgani shu boʻldiki, rus adabiyotshunosligi badiiy sintez borasida judayam keng koʻlamdagi ishlarni olib bormoqda. Bizning faoliyatimiz davomida yigʻilgan maʼlumotlarga koʻra, hozirga qadar rus adabiyotshunos va sanʼatshunosligida badiiy sintezning birgina tarmogʻi hisoblangan sheʼriyat va rangtasvir oʻrtasidagi uygʻunlik masalasida ellikdan ortiq kitob yozishgan. Rus olimlarining internet tarmogʻidagi doktorlik va nomzodlik ishlarini saqlovchi saytlariga kirib “badiiy sintez” istilohini qidiruvga bersangiz yuzdan ortiq roʻyxatni olishingiz mumkin. Aytmoqchi boʻlayotganim, badiiy sintez masalasini oʻzbek adabiyotshunosigida ham ahamiyatli xodisa sifatida oʻrganishga ehtiyoj katta.
Sheʼriyat va rangtasvir oʻrtasidagi badiiy sintezni tadqiq etish, avvalo, badiiy obrazning serqirra ifodaviy imkoniyati haqidagi tasavvurni kengaytiradi. Zero, obraz tabiatini tushunishimizda badiiy sintezning ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, zamonaviy sanʼatlarni tushunishni badiiy sintezdan ayro qoʻyib boʻlmaydi. Chunki, globallashuv davrida nafaqat madaniyatlar, balki kayfiyatlar ham qorishib ijodkor tobora qurama shakllarni yaratishga intilmoqda. Bunga sheʼriyat, rangtasvir va musiqadagi modern yoʻnalishlarni misol qilib koʻrsatish mumkin. Masalan, Bahrom Roʻzimuhammadning “Tonggi manzara”, Faxriyorning “Giometrik bahor” kabi sheʼrlari mashxur modernist musavvirlar Pablo Pikasso va Salvador Dali chizgan suratlarni yodga soladi. Bahrom Roʻzimuhammad oʻzining “Choʻlpon – tong yulduzi demak” nomli kitobida sanʼatlarning oʻzaro yakdillikda talqin qilinishi, his etilishi, hozirgi davr modern sheʼriyatining tushunilishida asosiy kalit ekanligini aytib oʻtadi. Demak, oʻzbek modern sheʼriyatni badiiy sintez tamoyillari asosida tahlil qilish, yangicha badiiylikni tushunish uchun katta koʻmak beradi. Ayniqsa, vizual, turli shakl va figuralar bilan boyitilgan asarlarni tushunishda, badiiy obrazning oʻziga xos qirralarini koʻrishda, his qilishda uning amaliy ahamiyati yuqori.
Saʼdullo Quronov,
Andijon davlat universitetining
Katta imiy xodim-izlanuvchisi
Аслида, санъат ижодкор қалбу онгида кечган ҳис-туйғу ва ғоянинг бадиий ифодаси ўлароқ яхлит ҳодиса эса-да, биз уни турларга ажратишга одатланганмиз. Албатта, санъатни турларга ажратиб таснифлаш маданий ҳаётимизда жудаям зарур. Аммо на ижодкор ва на талабгор (ўқувчи, томошабин, тингловчи ва ҳ.к.) санъат турларининг яхлит ҳамда уйғун ҳодиса эканини унутишга ҳақли. Зеро, чин асарнинг ҳассос яратувчиси оламни барча сезгилари билан идрок этади. У ижод онларида асарига мусаввирнинг нигоҳларини, шоирнинг туйғуларини ва мусиқачининг оҳангларини сингдириб юбориши мумкин. Баъзида, шеър деб тутганимизнинг асл жозибаси ана шундай уйғунлик сабабидан эканини “анг”ламаймиз, парво қилмаймиз. Лекин бир шеър ўқиб уфқдан оғаётган қуёшнинг бир тўплам олов сочларини илиб қолаётган ўрмонни (Ойбек), безавол майсанинг бош силкитишини (А.Орипов) ёки қорларига қоришган осмоннинг нурли чангни элаётганини (Р.Парфи) ўз кўзимиз билан кўргандай завқланишни, унда ажиб бир ҳисларни туйишни канда қилмаймиз. Бу завқ эса биз назарда тутган УЙҒУНЛИКнинг меваси, асли.
Шеърият ва рангтасвир – эгиз санъатлар. Шунинг учун бўлса керак, қадимги юнон шоири Симонид шеъриятга забонли рангтасвир, рангтасвирга эса соқов шеърият дея таъриф беради. Бобомиз Абу Наср Форобий мусаввир билан шоирнинг санъатдаги моддаси ҳам мақсади ҳам ўхшаш эканини атиб ўтган. Демак, баъзан шоир мусаввирнинг “мўйқалам”ини ёки, аксинча, мусаввир шоирнинг “қалам”ини тутишга уринади. Бунга илхом палласи ижодкор ўзи ҳис қилганини кўнглидагидай ифода этолмаслиги, “қалам”и ожиз қолаётганини ҳис этиши сабаб бўлиши мумкин:
Дейманки: “Бошқалар билмай қоладир –
Шундай гўзалликни! Аттанг, агар мен
Рассом бўлсам эди, чизиб берардим,
Ўхшаш нусха билан, ёзиб берардим,
Шу ожиз ҳолимда, шоирманми мен?..”
(Чўлпон)
Санъаткорнинг барча ҳаракатлари “ўқувчи”га кўрганини, ўйлаганини ва ҳис этганини ҳудди ўзи туйганидай етказишга қаратилган. Балки унинг бошқа санъат турларига мурожаат этишининг бош омили ҳам шундандир? Чунки, ҳар доим ҳам кўрилганни сўз билан, айтилгани бўёқ билан ифодалашнинг имкони йўқ. Масалан, шоир шундай “чигал” вазиятда рангтасвирга хос ифода унсурларини шеъриятга кўчиради. У оламни шоир бўлиб эмас, мусаввир бўлиб тасвирлашга киришиб кетади.
Келинг, юқоридаги мулоҳазаларимизни бир мисол воситаси таҳлил қилиб, тасвирнинг баддий ифодадаги аҳамиятини янада теъранроқ тасаввур қилиб оламиз:
Ер устида нурлар сояси...
Ойдин тун бу!
Гўё жодугар
Шаҳар узра ҳарир оқ дока
Ташлаб кўйиб томоша қилар.
Шоир Хуршид Давроннинг 1980 йилда ёзилган “Самарқандда ойдин тун” номли шеърида яхлит манзара тасвирланади. Яъни шеърни ўқиркансиз кўҳна Самарқанднинг тунги – ойдин манзаралари кўз ўнгингизда жонлана бошлайди: Самарқанд шаҳри... Тун... Тўлин ой шуқадар ёрқинки, кўчада бино ва дараҳтлар соя ташлаган... Аммо шоирнинг мақсади фақатгина гўзал манзарани тасвирлашдан иборат эмас. У ўзи “чизаётган” манзара қарига катта ижтимоий дардни яширган. Қаранг, шеърнинг иккинчи бандида ижодкорнинг бу мақсади янада ойдинлашади:
Ой нуридан илинган умид
Юрагимни қилар безовта.
Кўксаройнинг соқчиси – кўр ит
Эгасини излар моҳтобда.
Аслида, шоир манзарани тасвирлашда давом этса-да, банддаги ой нурларининг тасвири лирик қаҳрамон қалбидаги умид туйғусини уйғотиш воситаси бўлиб келмоқда. Яъни манзарага лирик субъект кечинмалари таъсир этиб, ундаги рамзийликни оширмоқда.
Осмон гулхан чўғлари тушиб
Милт-милт этиб ёнаётган шол.
Арвоҳларнинг безовта туши –
Чинорларни силкитган шамол.
Осмондаги юлдузлар гўзал истиёра билан чўғга, осмоннинг ўзи эса секин-аста ёнишни бошлаган шолга (бўйинга осиб ёки тешигидан кийгизиб қўйиладиган жазо тахтаси) ўхшатилади. Бу ўринда шоир мустабиднинг секин-аста емирилиб, тугаб бораётган истибдодига ишора етаётганини кўришимиз мумкин. Безовта руҳлар эса улуғ аждодларимиз, буюк ўтмишимизга ишора. Лекин шоир бу икки бадиий ташбеҳнида муайяи тасвир асосида берадики, сиз шеърни ўқиб рамзлар тили билан тасвирни эмас, тасвир воситасида рамзлар тилига кириб борасиз. Бошқача айтганда, дейлик, Абдулла Орипов ва Шавкат Раҳмон шеърида манзара лирик қаҳрамон кўзи билан кўрилган табиат тасвири бўлса, Хуршид Даврон шеърида кўриб-кузатилган воқелик тасвирини борича бериш билан бирга, ундан олинган таассуротлар, ҳис-кечинмалар ифодаланади. Хуршид Давронда тасвир рамзга айланмай турибоқ эстетик қиммат касб этади, ўқувчида худди кўриб тургандек таассурот уйғотади ва бу таассурот тасвирий санъат асарини томоша қилганда туғиладиган кечинмалардан кам бўлмайди:
Мудроқ нигоҳ ила боқаман,
Мозий ёди мени қилар маст.
Гўё дарё аро оқаман –
Манзилимни ҳеч ким билмас...
“Самарқандда ойдин тун” шеърида ўтган асрнинг 80 йилларида халқимиз зиёлилари ичида янада оловланган истиқлол орзусининг тафтини ҳис этиш мумкин. Зеро, шоир тасвирлаётган манзаранинг ҳар бир детали истиқлол туйғусига ишора этади. Аммо, бу шеърда бизнинг эътиборимизни тортган энг муҳим жиҳат асар ортидаги субъектнинг шоирга ўхшамаслиги, у кўпроқ ўз ҳисларини тасвир асосида етказишга уринаётган “мусаввир” эканлиги бўлди. Зеро, мусаввир ўз томошабинига нутқи воситасида сўзламайди. Мусаввир тасвир, бўёқлар тилида сўзлайди. Хуршид Давронинг биз юқорида мисол қилиб олган шеърида ва яна бошқа кўпалаб асарларида ана шундай мусаввирона ифодани кўришимиз мумкин. Албатта, шоир бу ўринда бўёқ ўрнига сўздан фойдаланади. У манзарани тавсифламайди, балки энг кичик унсурлари билан тавсирлайди. Шоир худди рассомдай олдин тасвирни кўрсатиб, кейин “дарди”ни сўзлайди.
Шоирнинг рангтасвир санъатига хос ифода шаклларидан фойдаланиши шеърнинг жозибасини янада оширади, бадиий ғоянинг ўқувчига таъсири кучаяди. Зеро, одамларда кўз воситасида информация қабул қилиш бошқа сезги аъзоларига нисбатан ортиқроқ. Айни дамда, олам ҳақидаги тасаввурларнинг асосий қисми ҳам кўз воситасида олинадики, бу санъатдаги бадиий синтезнинг ижодкорана эҳтиёж ўлароқ содир бўлишига етарлича далилдир. Охирги юз йилликда визул санъатларнинг ривож топиши ва қайсидир маънода тасвирий санъат, кино ва театрнинг маданий ҳаётдаги катта мевқеи кишиларда кўпроқ кўриш воситасидаги эстетик завқ туйиш миқдорини ошириб юборди. Бу ўз-ўзидан бошқа санъат турларига ҳам таъсир этмай қўймади. Бугун ижодкор ўқувчидаги шу эҳтиёж билан “ҳисоблашиш”га, замонавий ўқувчи истакарини қондиришга “мажбур”.
Санъат турларининг ўзаро уйғун (синкретик) муносабати уларнинг тараққиётида муҳим аҳамиятга молик. Умуман, муайян санъатнинг ривожи ёндош турларнинг унга таъсири ўлароқ кечади. Мисол тариқасида мумтоз санъатларни олиб қаралса, тарихда бу санъатларнинг ўзаро муштарак алоқада ривожланганини кўриш мумкин бўлади. Мумтоз мусиқани аруз вазнисиз, миниатюрани эса бадиий асарларсиз тасаввур этиб бўлмаган. Шу боис ҳам Шарқда бу санъатларнинг нафақат бадиий-ғоявий жиҳатдан, балки ифодавий хусусиятлари жиҳатидан ҳам қоришиқ муносабатда бўлгани яққол сезилиб туради. Кейинчалик, қўлёзма ўрнини тошбосмалар эгаллаши китоб графикаси – миниатюранинг ривожига соя солган бўлса, аруз ўрнига бармоқнинг келиши мақомни оммавийликдан чиқаради. Айтмоқчимизки, санъат турларида ўзаро таъсирланиш бўлмаса, улардаги ривожланиш ҳам сўнади.
Санъатлар ўртасидаги бадиий синтез масаласини ўрганиш адабиётшунослигимиздаги долзарб муаммодир. Айтиш мумкинки, ўзбек адабиётшунослиги бадиий синтезни ўрганиш борасида бир-икки кичик тадқиқотлар билан чекланиб қолган. Бадиий синтезнинг жудаям кенг тармоқли ва муҳим ҳодиса эканлиги эътиборидан мазкур кичик изланишларни денгиздан бир томчига қиёслаш мумкин.
Жаҳонда шеърият ва тасвирий санъатнинг ўзаро уйғунлиги масаласи илк бор XVIII аср охирларига келиб француз маърифатпарвари Лессингнинг “Лаокоон” асарида ўз аксини топади. Кейинчалик Лессингнинг замондоши Дидро ҳам “Салонлар” номли асарида бадиий синтезга атрофлича тўхталиб ўтган. Лекин бадиий синтезнинг чин маънодаги жиддий ўрганилиши XX асрнинг бошларига тўғри келади. Илмий тадқиқотларимиз мобайнида эътиборимизни тортгани шу бўлдики, рус адабиётшунослиги бадиий синтез борасида жудаям кенг кўламдаги ишларни олиб бормоқда. Бизнинг фаолиятимиз давомида йиғилган маълумотларга кўра, ҳозирга қадар рус адабиётшунос ва санъатшунослигида бадиий синтезнинг биргина тармоғи ҳисобланган шеърият ва рангтасвир ўртасидаги уйғунлик масаласида элликдан ортиқ китоб ёзишган. Рус олимларининг интернет тармоғидаги докторлик ва номзодлик ишларини сақловчи сайтларига кириб “бадиий синтез” истилоҳини қидирувга берсангиз юздан ортиқ рўйхатни олишингиз мумкин. Айтмоқчи бўлаётганим, бадиий синтез масаласини ўзбек адабиётшуносигида ҳам аҳамиятли ходиса сифатида ўрганишга эҳтиёж катта.
Шеърият ва рангтасвир ўртасидаги бадиий синтезни тадқиқ этиш, аввало, бадиий образнинг серқирра ифодавий имконияти ҳақидаги тасаввурни кенгайтиради. Зеро, образ табиатини тушунишимизда бадиий синтезнинг аҳамияти беқиёс. Айниқса, замонавий санъатларни тушунишни бадиий синтездан айро қўйиб бўлмайди. Чунки, глобаллашув даврида нафақат маданиятлар, балки кайфиятлар ҳам қоришиб ижодкор тобора қурама шаклларни яратишга интилмоқда. Бунга шеърият, рангтасвир ва мусиқадаги модерн йўналишларни мисол қилиб кўрсатиш мумкин. Масалан, Баҳром Рўзимуҳаммаднинг “Тонгги манзара”, Фахриёрнинг “Гиометрик баҳор” каби шеърлари машхур модернист мусаввирлар Пабло Пикассо ва Салвадор Дали чизган суратларни ёдга солади. Баҳром Рўзимуҳаммад ўзининг “Чўлпон – тонг юлдузи демак” номли китобида санъатларнинг ўзаро якдилликда талқин қилиниши, ҳис этилиши, ҳозирги давр модерн шеъриятининг тушунилишида асосий калит эканлигини айтиб ўтади. Демак, ўзбек модерн шеъриятни бадиий синтез тамойиллари асосида таҳлил қилиш, янгича бадиийликни тушуниш учун катта кўмак беради. Айниқса, визуал, турли шакл ва фигуралар билан бойитилган асарларни тушунишда, бадиий образнинг ўзига хос қирраларини кўришда, ҳис қилишда унинг амалий аҳамияти юқори.
Саъдулло Қуронов,
Андижон давлат университетининг
Катта имий ходим-изланувчиси
Saʼdullo Quronov