Sheʼriyat va rangtasvirga egizak sanʼat turlari sifatida qarash uzoq tarixdan mavjud. Qadimgi yunon shoiri Simonid sheʼriyatga “gapiruvchi rangtasvir” rangtasvirga esa “soqov sheʼriyat” deya taʼrif bergandi. Oʻz davrida muallimi soniy deb eʼzozlangan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” nomli risolasida sheʼr sanʼati xususiyatlari haqida soʻz yuritarkan shunday yozadi: “... bu sanʼat ahli bilan (uyga) naqsh beruvchi rassom sanʼati oʻrtasida qandaydir munosabat bor. Bular ikkalasining sanʼatdagi moddasi turli-tuman boʻlsa ham ammo shaklda, yaratilish va maqsadlarda bir-biriga mos keladi.” Shoir va musavvir oʻrtasidagi ijodiy hamkorlik asrlar davomida sanʼat turlarining rivoji uchun xizmat qiladi. Yaʼni shoirning xuddi rassomday koʻrimli (vizual) obraz yaratishga intilishi oʻquvchini lirik asar mutolaasi chogʻida yanada koʻproq zavqlanishiga, hayratlanishiga sababchi boʻladi.
Biz odamlar olam haqidagi aksar maʼlumotni koʻzlarimiz vositasida qabul qilamiz. Demak, shoir ijodi davomida rangtasvirga xos xususiyatlarga murojat etarkan, oʻquvchining koʻrib maʼlumot olishga boʻlgan “talabi”dan kelib chiqadi. Lekin bu jarayon ijod vaqtlarida ongli tarzda kechmasligi ham mumkin. Shoir, shunchaki, voqelikni soʻzlab berishdan uni tasvirlab berishni afzal koʻradi. Shunday ekan, oʻquvchi ham oʻzini rantasvir asari qarshisida turgan tomoshabinday xis qila boshlaydi.
Baʼzi shoirlar tabiatan tasviriy ifodaga moyil boʻladi. Tarixida Mikelanjelo va Lomonosov kabi bir vaqtning oʻzida ham buyuk musavvir va ham shoir boʻlgan ijodkorlar yashab oʻtgan. Lekin mashxur shoirlarning rassomchilikdan qobiliyati boʻlishiga tez-tez duch kelganmiz. Oʻzbek sheʼriyatida Zarifa Saidnosirova, Xurshid Davron, Davron Rajab, Zebo Mirzo kabi bir qancha shoirlarni ana shunday qobiliyatli musavvirlar sifatida koʻrish mumkin. Ayniqsa, shoir Xurshid Davron bu borada yorqin misol boʻla oladi. Hatto, bu qobiliyat uning sheʼriyatidagi oʻziga xoslikni taʼminlab turadigan asosiy omil desak, adashmaymiz. Zero, Xurshid Davron tabiatni rassomlarday koʻra oladi. U ijod qilarkan, shoir boʻlib emas, baʼzan musavvirday mulohaza qiladi, oʻz gʻoyasini sheʼrxonga faqatgina koʻrsatib oshirishni maqsad qiladi. Fikrimizning dalili sifatida shoir qalamiga mansub bir sheʼrni toʻlaligicha keltiramiz:
Bulutlar yuzadi…
Oy boqar hayron…
Bulutlar olovda yongan dalaning
Oʻrtasida turgan qadim qalʼaning
Devorlari kabi kuyuk va vayron.
Devorlarni olib ketmoqda shamol, Oy – qalʼa ustida silkingan roʻmol.
Oy – olovlarda yongan, lekin manfur yov
Ololmagan qalʼa ustida yalov…
Odatda tabiat, voqelik tasviri lirik asarda metaforik, ramziy xarakterga ega boʻladi. Masalan, Abdulla Oripovning “Bahor kunlarida kuzning havosi”, Shavkat Rahmonning “Tungi manzara” sheʼrlarida tabiat tasviri lirik qahramon his-kechinmalarini ifodalovchi tasvir sifatida namoyon boʻladi, tasviriylik ifodaning uzviy bir qismi boʻlib keladi. Bunda tasvirlanayotgan narsa muallifning izohlarisiz ham ramz vazifasini oʻtaydi. Xurshid Davronning yuqoridagi sheʼrida esa boshqacharoq holatga duch kelamiz. Sheʼrni oʻqigach, koʻz oldingizda oydin kecha, bulutlar namoyon boʻladi. Avvaliga tasvir real hayotdagi kabi jonlanadi (Bulutlar yuzadi… Oy boqar hayron…, olovda yongan dala oʻrtasida turgan qadim qalʼa). Asta-sekin tasvir lirik qahramon kechinmalariga uygʻunlasha boradi. Oʻquvchi manzarani shoir tasviridagi obrazlar (qalʼa, devor, dala, roʻmol, olov, yov, yalov) koʻrinishi bilan uygʻun holda koʻrarkan, endi u bulutlarni shoir tasavvur etganiday his eta boshlaydi. Yaʼni oʻquvchi, avvalo, real manzaradagi bulutni koʻz oldiga keltiradi. Soʻng esa devorlari kuyuk va vayron qalʼa tasvirini ongida real bulutlar tasviri bilan qorishtiradi. Oʻquvchi koʻz oldida real manzaradan biroz farqlanuvchi, koʻproq zavqlantiruvchi, hayratga soluvchi tasvir paydo boʻladi.
Abdulla Oripov va Shavkat Rahmonning yuqorida tilga olingan sheʼrlarida tasvir bir paytning oʻzida lirik qahramon his-kechinmalarining ifodasi, ramziy koʻrinishidir. Xurshid Davron sheʼrlarida esa tasvirdagi obraz va ifodadagi obrazlar avvaliga alohida, keyin esa uygʻun holda beriladi. Boshqacha aytganda, A.Oripov va Sh.Rahmon sheʼrida tasvir lirik qahramon koʻzi bilan koʻrilgan tabiat tasviri boʻlsa, Xurshid Davron sheʼrida koʻrib-kuzatilgan voqelik tasvirini boricha berish bilan birga, undan olingan taassurotlar, his-kechinmalar ifodalanadi. Xurshid Davronda tasvir ramzga aylanmay turiboq estetik qimmat kasb etadi, oʻquvchida xuddi koʻrib turgandek taassurot uygʻotadi va bu taassurot tasviriy sanʼat asarini tomosha qilganda tugʻiladigan kechinmalardan kam boʻlmaydi.
Ijodkorning lirikada bunday tasvir usulidan foydalanishi tasodifiy emas. Bunda, eng avvalo, voqelikni koʻrish orqali estetik idrok etish qobiliyati talab qilinadi. Shoir oʻz his-tuygʻularini ifoda etarkan, bu ifoda ijodkorning estetik qobiliyatlari bilan hamohang tarzda kechadi. Deylik, shoirda musiqani his qilish(muzыkalniy slux) qobiliyati kuchli. Bu oʻz-oʻzidan uning sheʼriyatidagi musiqiylikni taʼminlaydi. Musavvirlarda va bu sohani tushunadigan, ranglarni his qila oladigan insonlarda estetik koʻrish (esteticheskoye videniye) oddiy odamlarga qaraganda bir necha bor ustunroq boʻladi. Ular oddiy koʻz ilgʻamagan narsalarni “koʻradi”. Bunday odamlar tabiatdagi ranglar uygʻunligini his qiladilar. Undagi tabiiy shakllarni biror narsaga oʻxshata oladilar. Osmondagi bulutlarni kemalarga, togʻu toshlarni turli hayvonlarga oʻxshata olish ulardagi “koʻrish”ning oʻziyoq obrazlilikda kechishidan dalolat beradi Shoir Xurshid Davron yoshligida tasviriy sanʼat bilan jiddiy shugʻullangan. Bu borada anchagina qobiliyatli boʻlgan ijodkor keyinchalik ham ushbu sanʼat bilan yaqinlikni yoʻqotmay, balki tasviriy sanʼat tarixi, nazariyasini chuqur oʻrganadi. Shuhrat Abdurashidov va Alisher Mirzayev kabi mashhur rassomlar bilan doʻstlashish Xurshid Davronni ijodiy jarayonda ham tasviriy sanʼat odamiga yaqinroq olib kiradi. Balki, shu sababdan uning sheʼrlaridagi musavvirona nigohni payqash qiyin emas:
Erib ketar xira tumanlar, kapalakdek uygʻonar yalpiz.
Osmon daryo boʻlib tuyular,
oʻtlar uzra chopqillaydi koʻz.
U yaratgan obrazlarning aksariyati vizuallik (koʻrimli) xususiyatiga ega boʻlib, sheʼrlarida tasvir ustuvorlik qiladi. Ijodkor tabiatning maʼlum bir manzarasini tasvirlar (chizar) ekan, bu real manzaraning aynan nusxasi boʻlmaydi. Manzara shoir yoki rassom qalb qoʻrida qayta “koʻriladi”, ishlov beriladi. Tasvir taʼsirdor obrazlar bilan boyitilar ekan, uni “koʻrayotgan” oʻquvchi xuddi rassom chizgan surat qarshisidagi zavqni tuya boshlaydi:
Hovuzda chaygancha kumush sochlarin, Qush inida erimay yotgan qordek
Oqarib porlaydi daraxt uzra oy.
Keyin daraxtlardan oqib tushar u
Jildiray boshlaydi soʻqmoqlar boʻylab,
Qorongʻi jarlarga qulab tushgancha…
Xurshid Davron ijodida faqat rangtasvirga xos xususiyatlarning aks etishini koʻrib qolmay, balki bu sanʼat tarixi, uning namoyondalari, tasviriy sanʼat mohiyatiga bagʻishlab yozilgan sheʼrlarni ham juda koʻp uchratishimiz mumkin. Bunday sheʼrlar sirasiga “Behzod”, “Musavvir boʻlmoq ersang”, “Musavvir usataxonasi”, “Musavvir”, “Abulhay soʻzi” kabi asarlarni keltirish mumkin. Aynan shu sheʼrlar shoirning bu sanʼat borasida xaqiqiy bilimdon ekanligini koʻrsatadi. Shoir yetuk musavvirlarday rangni his etadi, uning asl mohiyatini anglay oladi. Xurshid Davron “Musavvir boʻlmoq ersang” sheʼrida shunday yozadi:
Musavvir boʻlmoq ersang,
Tilingni sugʻurib ol
Va yaradan toʻkilgan
Qon rangiga quloq sol.
Rangtasvirning asl mohiyatiga olib boruvchi bu soʻzlar musavvir-shoir tilidangina aytilishi mumkin. Xurshid Davronning rangtasvir bilan bogʻliq sheʼrlaridagi eʼtiborli jihat ham shunda. Ijodkor shu mavzudagi deyarli barcha sheʼrlarida rangtasvirning xos xususiyatlarini teran mushohada etadi:
Rang tanish − hayotni anglamoq, boʻtam,
Rang tanish − qoʻrquvdan boʻlmoqdir ozod.
Shoir uchun chin rassomlargagina xos tuygʻular, kechinmalar (“Sanʼat”, “Chyurlyonis”, “Biz shunday yashaymiz”) ham yot emas. Xurshid Davron rassom ijodiy jarayoni va ilhomlangan sanʼatkor kechinmalarini musavvirona his eta oladi. Bu esa uning sheʼrlarida ham oʻz aksini topgan:
Derazada muzdan qatqaloq,
Rassom yigʻlar, koʻzlari xira.
Uni qiynar olis xotira −
Moʻyqalamda yashagan titroq.
Xurshid Davron sheʼriyatida tasviriylik faqatgina rangtasvir bilan uygʻunlikda sodir boʻlmaydi. Uning ijodida kino sanʼati xususiyatlarini eks ettiruvchi asarlarini ham koʻplab uchratishimiz mumkin.
Kino, albatta, insoniyatning buyuk kashfiyoti. Bu sanʼatda bir necha sanʼat turlarining sintezini kuzatish mumkin. Kinemotografiya olamni estetik koʻrsatuvchi, u haqda informatsiyalarni boshqa tur sanʼatlardan koʻra bir qadar koʻproq yetkazishi bilan insoniyatning chin ehtiyojidagi sanʼat boʻlib qolmoqda. Hozirda kino koʻrmaydigan, unga qiziqmaydigan odamlarni topish mushkul. Kino allaqachon inson hayotining bir boʻlagiga aylanib ulgurgan. Xurshid Davron kinoning ana shu ahamiyatga molik ifoda usullaridan foydalana oladigan ijodkor. U obyektni lahzalik, qotib turgan holatinigina emas, balki ketma-ketlikda sodir boʻluvchi voqea(kichik epizod)larni ham “tasvirga tushiradi”. Bunday sheʼrlar sirasiga “Roʻmol oʻrab koʻchaga chiqdi…”, “Javzo tuni…”, “Qush oʻgʻrisi”, “Osmonda bulut yoʻq…”, “Eshik ochiladi...” kabi sheʼrlarni keltirishimiz mumkin:
Eshik ochiladi,
Daydi it kabi
Orqaga chekinar nimqorongʻulik…
Bir erkak chiqadi koʻchaga esnab,
Goʻdak yigʻisini yashirar eshik.
Erkak qora rangli yomgʻirpoʻshining
Yozilgan yoqasin koʻtarib olar,
Erinib izlaydi papirosini,
Shoshmasdan tutatar, oʻylanib qolar.
Keyin derazaga qaraydi soʻlgʻin,
Ohista bosh silkib qoʻyadi unsiz.
Bir ayol oynadan silkitadi qoʻl
Va erkakni olib ketadi kunduz.
Sheʼrda oddiy ishchining bir kunlik yumushlariga otlanish payti tasvirlangan. Kichik bir epizodik tasvirda erkakning dardlari, bir zaylda davom etuvchi kunlarning azobi va shunga mahkum boʻlgan inson taqdiri oʻziga xos tarzda ifodalanadi. Sheʼr toʻlaligicha tasvir(harakatdagi tasvir) asosida yozilib, uning estetik taʼsiri ham ana shu kinemotografik lavhaga singdirilgan. Bunda shoir hech qanday izoh va tavsiflarsiz bir necha soniyalik epizodni keltiradi. U aytmoqchi boʻlgan fikrlarning bari oʻquvchi koʻz oldida jonlanayotgan ana shu tasvir vositasida yetkaziladi.
Tasviriy sanʼatning vujudga kelishi va rivojlanishi insoniyatning koʻrish asosida oladigan estetik zavqi qiymatini oshirib kelgan. Hozirgi rivojlangan davrda odamlarning maʼlumot oluvchi asosiy vositasi televideniye boʻlib turibdi. Televideniye va kino sanʼatining yutuqlari esa insondagi “koʻrish”ning ahamiyati yanada ortishiga sabab boʻlgan. Keyingi davr oʻquvchisi koʻproq koʻrish asosida estetik zavq olishga moyil boʻlib qolgan ekan, bu, albatta, boshqa sanʼat turlariga, shu jumladan, badiiy adabiyotga ham taʼsir etmay qolmadi. Xurshid Davron ana shu ehtiyojni teran his qilgan ijodkordir. Alohida ajralib turuvchi qobiliyati esa uning sheʼriyatidagi tasviriylik jozibasini taʼminlaydi. Bu esa, eng avvalo, sanʼat turlarining hozirgi taraqqiyoti qoʻyayotgan talabdan kelib chiqsa, ikkinchi tomondan, sanʼatkor olamida shoir va musavvir qalbining mushtaraklikda yashashi sabablidir.
Saʼdullo Quronov,
Andijon davlat universiteti
katta ilmiy xodim-izlanuvchisi
Pigarev K. Russkaya literatura i izobrazitelnoye iskusstvo. – M.: Nauka, 1966. B.3.
Forobiy. Fozil odamlar shahri. – T.: Xalq merosi, 1993 y. B.124.
Шеърият ва рангтасвирга эгизак санъат турлари сифатида қараш узоқ тарихдан мавжуд. Қадимги юнон шоири Симонид шеъриятга “гапирувчи рангтасвир” рангтасвирга эса “соқов шеърият” дея таъриф берганди. Ўз даврида муаллими соний деб эъзозланган Абу Наср Форобий “Фозил одамлар шаҳри” номли рисоласида шеър санъати хусусиятлари ҳақида сўз юритаркан шундай ёзади: “... бу санъат аҳли билан (уйга) нақш берувчи рассом санъати ўртасида қандайдир муносабат бор. Булар иккаласининг санъатдаги моддаси турли-туман бўлса ҳам аммо шаклда, яратилиш ва мақсадларда бир-бирига мос келади.” Шоир ва мусаввир ўртасидаги ижодий ҳамкорлик асрлар давомида санъат турларининг ривожи учун хизмат қилади. Яъни шоирнинг худди рассомдай кўримли (визуал) образ яратишга интилиши ўқувчини лирик асар мутолааси чоғида янада кўпроқ завқланишига, ҳайратланишига сабабчи бўлади.
Биз одамлар олам ҳақидаги аксар маълумотни кўзларимиз воситасида қабул қиламиз. Демак, шоир ижоди давомида рангтасвирга хос хусусиятларга мурожат этаркан, ўқувчининг кўриб маълумот олишга бўлган “талаби”дан келиб чиқади. Лекин бу жараён ижод вақтларида онгли тарзда кечмаслиги ҳам мумкин. Шоир, шунчаки, воқеликни сўзлаб беришдан уни тасвирлаб беришни афзал кўради. Шундай экан, ўқувчи ҳам ўзини рантасвир асари қаршисида турган томошабиндай хис қила бошлайди.
Баъзи шоирлар табиатан тасвирий ифодага мойил бўлади. Тарихида Микеланжело ва Ломоносов каби бир вақтнинг ўзида ҳам буюк мусаввир ва ҳам шоир бўлган ижодкорлар яшаб ўтган. Лекин машхур шоирларнинг рассомчиликдан қобилияти бўлишига тез-тез дуч келганмиз. Ўзбек шеъриятида Зарифа Саидносирова, Хуршид Даврон, Даврон Ражаб, Зебо Мирзо каби бир қанча шоирларни ана шундай қобилиятли мусаввирлар сифатида кўриш мумкин. Айниқса, шоир Хуршид Даврон бу борада ёрқин мисол бўла олади. Ҳатто, бу қобилият унинг шеъриятидаги ўзига хосликни таъминлаб турадиган асосий омил десак, адашмаймиз. Зеро, Хуршид Даврон табиатни рассомлардай кўра олади. У ижод қиларкан, шоир бўлиб эмас, баъзан мусаввирдай мулоҳаза қилади, ўз ғоясини шеърхонга фақатгина кўрсатиб оширишни мақсад қилади. Фикримизнинг далили сифатида шоир қаламига мансуб бир шеърни тўлалигича келтирамиз:
Булутлар юзади…
Ой боқар ҳайрон…
Булутлар оловда ёнган даланинг
Ўртасида турган қадим қалъанинг
Деворлари каби куюк ва вайрон.
Деворларни олиб кетмоқда шамол, Ой – қалъа устида силкинган рўмол.
Ой – оловларда ёнган, лекин манфур ёв
Ололмаган қалъа устида ялов…
Одатда табиат, воқелик тасвири лирик асарда метафорик, рамзий характерга эга бўлади. Масалан, Абдулла Ориповнинг “Баҳор кунларида кузнинг ҳавоси”, Шавкат Раҳмоннинг “Тунги манзара” шеърларида табиат тасвири лирик қаҳрамон ҳис-кечинмаларини ифодаловчи тасвир сифатида намоён бўлади, тасвирийлик ифоданинг узвий бир қисми бўлиб келади. Бунда тасвирланаётган нарса муаллифнинг изоҳларисиз ҳам рамз вазифасини ўтайди. Хуршид Давроннинг юқоридаги шеърида эса бошқачароқ ҳолатга дуч келамиз. Шеърни ўқигач, кўз олдингизда ойдин кеча, булутлар намоён бўлади. Аввалига тасвир реал ҳаётдаги каби жонланади (Булутлар юзади… Ой боқар ҳайрон…, оловда ёнган дала ўртасида турган қадим қалъа). Аста-секин тасвир лирик қаҳрамон кечинмаларига уйғунлаша боради. Ўқувчи манзарани шоир тасвиридаги образлар (қалъа, девор, дала, рўмол, олов, ёв, ялов) кўриниши билан уйғун ҳолда кўраркан, энди у булутларни шоир тасаввур этганидай ҳис эта бошлайди. Яъни ўқувчи, аввало, реал манзарадаги булутни кўз олдига келтиради. Сўнг эса деворлари куюк ва вайрон қалъа тасвирини онгида реал булутлар тасвири билан қориштиради. Ўқувчи кўз олдида реал манзарадан бироз фарқланувчи, кўпроқ завқлантирувчи, ҳайратга солувчи тасвир пайдо бўлади.
Абдулла Орипов ва Шавкат Раҳмоннинг юқорида тилга олинган шеърларида тасвир бир пайтнинг ўзида лирик қаҳрамон ҳис-кечинмаларининг ифодаси, рамзий кўринишидир. Хуршид Даврон шеърларида эса тасвирдаги образ ва ифодадаги образлар аввалига алоҳида, кейин эса уйғун ҳолда берилади. Бошқача айтганда, А.Орипов ва Ш.Раҳмон шеърида тасвир лирик қаҳрамон кўзи билан кўрилган табиат тасвири бўлса, Хуршид Даврон шеърида кўриб-кузатилган воқелик тасвирини борича бериш билан бирга, ундан олинган таассуротлар, ҳис-кечинмалар ифодаланади. Хуршид Давронда тасвир рамзга айланмай турибоқ эстетик қиммат касб этади, ўқувчида худди кўриб тургандек таассурот уйғотади ва бу таассурот тасвирий санъат асарини томоша қилганда туғиладиган кечинмалардан кам бўлмайди.
Ижодкорнинг лирикада бундай тасвир усулидан фойдаланиши тасодифий эмас. Бунда, энг аввало, воқеликни кўриш орқали эстетик идрок этиш қобилияти талаб қилинади. Шоир ўз ҳис-туйғуларини ифода этаркан, бу ифода ижодкорнинг эстетик қобилиятлари билан ҳамоҳанг тарзда кечади. Дейлик, шоирда мусиқани ҳис қилиш(музыкальний слух) қобилияти кучли. Бу ўз-ўзидан унинг шеъриятидаги мусиқийликни таъминлайди. Мусаввирларда ва бу соҳани тушунадиган, рангларни ҳис қила оладиган инсонларда эстетик кўриш (эстетическое видение) оддий одамларга қараганда бир неча бор устунроқ бўлади. Улар оддий кўз илғамаган нарсаларни “кўради”. Бундай одамлар табиатдаги ранглар уйғунлигини ҳис қиладилар. Ундаги табиий шаклларни бирор нарсага ўхшата оладилар. Осмондаги булутларни кемаларга, тоғу тошларни турли ҳайвонларга ўхшата олиш улардаги “кўриш”нинг ўзиёқ образлиликда кечишидан далолат беради Шоир Хуршид Даврон ёшлигида тасвирий санъат билан жиддий шуғулланган. Бу борада анчагина қобилиятли бўлган ижодкор кейинчалик ҳам ушбу санъат билан яқинликни йўқотмай, балки тасвирий санъат тарихи, назариясини чуқур ўрганади. Шуҳрат Абдурашидов ва Алишер Мирзаев каби машҳур рассомлар билан дўстлашиш Хуршид Давронни ижодий жараёнда ҳам тасвирий санъат одамига яқинроқ олиб киради. Балки, шу сабабдан унинг шеърларидаги мусаввирона нигоҳни пайқаш қийин эмас:
Эриб кетар хира туманлар, капалакдек уйғонар ялпиз.
Осмон дарё бўлиб туюлар,
ўтлар узра чопқиллайди кўз.
У яратган образларнинг аксарияти визуаллик (кўримли) хусусиятига эга бўлиб, шеърларида тасвир устуворлик қилади. Ижодкор табиатнинг маълум бир манзарасини тасвирлар (чизар) экан, бу реал манзаранинг айнан нусхаси бўлмайди. Манзара шоир ёки рассом қалб қўрида қайта “кўрилади”, ишлов берилади. Тасвир таъсирдор образлар билан бойитилар экан, уни “кўраётган” ўқувчи худди рассом чизган сурат қаршисидаги завқни туя бошлайди:
Ҳовузда чайганча кумуш сочларин, Қуш инида эримай ётган қордек
Оқариб порлайди дарахт узра ой.
Кейин дарахтлардан оқиб тушар у
Жилдирай бошлайди сўқмоқлар бўйлаб,
Қоронғи жарларга қулаб тушганча…
Хуршид Даврон ижодида фақат рангтасвирга хос хусусиятларнинг акс этишини кўриб қолмай, балки бу санъат тарихи, унинг намоёндалари, тасвирий санъат моҳиятига бағишлаб ёзилган шеърларни ҳам жуда кўп учратишимиз мумкин. Бундай шеърлар сирасига “Беҳзод”, “Мусаввир бўлмоқ эрсанг”, “Мусаввир усатахонаси”, “Мусаввир”, “Абулҳай сўзи” каби асарларни келтириш мумкин. Айнан шу шеърлар шоирнинг бу санъат борасида хақиқий билимдон эканлигини кўрсатади. Шоир етук мусаввирлардай рангни ҳис этади, унинг асл моҳиятини англай олади. Хуршид Даврон “Мусаввир бўлмоқ эрсанг” шеърида шундай ёзади:
Мусаввир бўлмоқ эрсанг,
Тилингни суғуриб ол
Ва ярадан тўкилган
Қон рангига қулоқ сол.
Рангтасвирнинг асл моҳиятига олиб борувчи бу сўзлар мусаввир-шоир тилидангина айтилиши мумкин. Хуршид Давроннинг рангтасвир билан боғлиқ шеърларидаги эътиборли жиҳат ҳам шунда. Ижодкор шу мавзудаги деярли барча шеърларида рангтасвирнинг хос хусусиятларини теран мушоҳада этади:
Ранг таниш − ҳаётни англамоқ, бўтам,
Ранг таниш − қўрқувдан бўлмоқдир озод.
Шоир учун чин рассомларгагина хос туйғулар, кечинмалар (“Санъат”, “Чюрлёнис”, “Биз шундай яшаймиз”) ҳам ёт эмас. Хуршид Даврон рассом ижодий жараёни ва илҳомланган санъаткор кечинмаларини мусаввирона ҳис эта олади. Бу эса унинг шеърларида ҳам ўз аксини топган:
Деразада муздан қатқалоқ,
Рассом йиғлар, кўзлари хира.
Уни қийнар олис хотира −
Мўйқаламда яшаган титроқ.
Хуршид Даврон шеъриятида тасвирийлик фақатгина рангтасвир билан уйғунликда содир бўлмайди. Унинг ижодида кино санъати хусусиятларини экс эттирувчи асарларини ҳам кўплаб учратишимиз мумкин.
Кино, албатта, инсониятнинг буюк кашфиёти. Бу санъатда бир неча санъат турларининг синтезини кузатиш мумкин. Кинемотография оламни эстетик кўрсатувчи, у ҳақда информацияларни бошқа тур санъатлардан кўра бир қадар кўпроқ етказиши билан инсониятнинг чин эҳтиёжидаги санъат бўлиб қолмоқда. Ҳозирда кино кўрмайдиган, унга қизиқмайдиган одамларни топиш мушкул. Кино аллақачон инсон ҳаётининг бир бўлагига айланиб улгурган. Хуршид Даврон кинонинг ана шу аҳамиятга молик ифода усулларидан фойдалана оладиган ижодкор. У объектни лаҳзалик, қотиб турган ҳолатинигина эмас, балки кетма-кетликда содир бўлувчи воқеа(кичик эпизод)ларни ҳам “тасвирга туширади”. Бундай шеърлар сирасига “Рўмол ўраб кўчага чиқди…”, “Жавзо туни…”, “Қуш ўғриси”, “Осмонда булут йўқ…”, “Эшик очилади...” каби шеърларни келтиришимиз мумкин:
Эшик очилади,
Дайди ит каби
Орқага чекинар нимқоронғулик…
Бир эркак чиқади кўчага эснаб,
Гўдак йиғисини яширар эшик.
Эркак қора рангли ёмғирпўшининг
Ёзилган ёқасин кўтариб олар,
Эриниб излайди папиросини,
Шошмасдан тутатар, ўйланиб қолар.
Кейин деразага қарайди сўлғин,
Оҳиста бош силкиб қўяди унсиз.
Бир аёл ойнадан силкитади қўл
Ва эркакни олиб кетади кундуз.
Шеърда оддий ишчининг бир кунлик юмушларига отланиш пайти тасвирланган. Кичик бир эпизодик тасвирда эркакнинг дардлари, бир зайлда давом этувчи кунларнинг азоби ва шунга маҳкум бўлган инсон тақдири ўзига хос тарзда ифодаланади. Шеър тўлалигича тасвир(ҳаракатдаги тасвир) асосида ёзилиб, унинг эстетик таъсири ҳам ана шу кинемотографик лавҳага сингдирилган. Бунда шоир ҳеч қандай изоҳ ва тавсифларсиз бир неча сониялик эпизодни келтиради. У айтмоқчи бўлган фикрларнинг бари ўқувчи кўз олдида жонланаётган ана шу тасвир воситасида етказилади.
Тасвирий санъатнинг вужудга келиши ва ривожланиши инсониятнинг кўриш асосида оладиган эстетик завқи қийматини ошириб келган. Ҳозирги ривожланган даврда одамларнинг маълумот олувчи асосий воситаси телевидение бўлиб турибди. Телевидение ва кино санъатининг ютуқлари эса инсондаги “кўриш”нинг аҳамияти янада ортишига сабаб бўлган. Кейинги давр ўқувчиси кўпроқ кўриш асосида эстетик завқ олишга мойил бўлиб қолган экан, бу, албатта, бошқа санъат турларига, шу жумладан, бадиий адабиётга ҳам таъсир этмай қолмади. Хуршид Даврон ана шу эҳтиёжни теран ҳис қилган ижодкордир. Алоҳида ажралиб турувчи қобилияти эса унинг шеъриятидаги тасвирийлик жозибасини таъминлайди. Бу эса, энг аввало, санъат турларининг ҳозирги тараққиёти қўяётган талабдан келиб чиқса, иккинчи томондан, санъаткор оламида шоир ва мусаввир қалбининг муштаракликда яшаши сабаблидир.
Саъдулло Қуронов,
Андижон давлат университети
катта илмий ходим-изланувчиси
Пигарев К. Русская литература и изобразительное искусство. – М.: Наука, 1966. Б.3.
Форобий. Фозил одамлар шаҳри. – Т.: Халқ мероси, 1993 й. Б.124.
Saʼdullo Quronov