← Dilmurod Quronov
|

Dostonlarda davr nafasi

Dilmurod Quronov

Maqola · 2019 · «Adabiyot va b. haqida» toʻplamidan

Avvalo, ikki ogʻiz «doston» haqida.

Adabiyotimiz oʻtmishiga sirtdangina nazar tashlansayoq juda qadimda shakllangan doston xalq ogʻzaki ijodidagi janrlar tizimining gultoji maqomida boʻlgani, mudom rivojlanish, oʻsish-oʻzgarishda yashagani koʻriladi. Xuddi shu xususiyat uning yozma adabiyotdagi hayotiga ham xos: «Qutadgʻu bilig» ham, «Muhabbatnoma» ham doston, «Hayrat ul-abror»-u «Farhod va Shirin» ham... – hammasi doston, lekin, masnaviy shakli-yu aruz oʻlchovlarida ekanini demasak, boshqa hech bir jihati bir-birini takrorlamaydigandek. Yoki, ana, adabiyotimizning yangi davrini, oʻtgan asrda yaratilgan dostonlarni olaylik: «Koʻkan» ham, «Oʻch» ham, «Surat» ham doston, «Ruhlar isyoni»-yu «Jannatga yoʻl» ham – hammasi doston. Bularning birini bemalol lirik, ikkinchisini epik, uchinchisini esa dramatik turga mansub etaverish mumkin. Xullas, «doston» degan turgʻun qolip yoʻq, dostonga ham romanga nisbatan aytilgan «mudom shakllanishdagi janr» (M.Baxtin) sifatini taqash mumkin. Alalxusus, doston bugungi kunda ham yashayapti va yasharyapti. Yasharyapti deganim chin isteʼdod egalarining izlanishlari samarasi oʻlaroq doston bugungi kun oʻquvchisining estetik didi, talab-ehtiyojlariga javob bera oladigan shaklda yangilanyapti deganidir.

Shunday samarali izlanishlardan biri sifatida hech ikkilanmay «Yoshlik»ning oʻtgan yil 10-sonida bosilgan Nodir Jonuzoqning «Soʻz» dostonini koʻrsatish mumkin. Ustozlardan biri uni «soʻz mulkiga safar» deb taʼriflabdi, juda topib aytibdi. Avvalo, gʻoyat muhim bir jihatni taʼkidlash joiz: bundagi lirik qahramon safari oʻz boshlicha emas, uning yoʻl boshlovchisi – «gid» bor va shugina detal «Soʻz» dostonini umumbashariy madaniyatning uzviga – vakiliga aylantiradi. Gapim biroz mubolagʻaga tortib ketgandek koʻrinar, balki, biroq mulohaza qilinsa, ayni haqiqatdir. Zero, dostonning boshlanishidayoq oʻsha umumbashariy madaniyat kontekstidan xabardor oʻquvchi xotiriga beixtiyor Rasululloh sallalohu alayhi vasallamga Meʼroj safarlarida hazrati Jabroil yoʻl boshlovchi boʻlgani, Danteni esa Vergiliy ruhi erga­shtirib yurgani keladi. Shuning ortidanoq har ikkala yoʻlboshlov­chining vazifasi shunchaki yoʻl koʻrsatish bilan cheklanmasligi, har ikkisi ham musofirga koʻrganlarini tushuntirish, anglatish, diqqatini narsa-hodisaning u yoki bu jihatiga jalb etish kabi vazifalarni bajarishini yodga oladi... Xullas, oʻquvchi oʻzi uchun kutilmagan, ibratga loyiq, teran tahlil-u mushohadalarni talab qiladigan holatlarga duch kelishga ruhan hozirlanadi, sozlanadi. Albatta, bular ijod onlaridayoq shoir shuurining bir chetida turgan, yoʻqsa, ijod jarayonining bamisoli koʻzgudagi aksi deb qaraluvchi mutolaa onlarida oʻquvchi koʻnglida akslanishi mumkin boʻlmas edi. Shularni oʻylabgina aytdim yuqoridagi mubolagʻa boʻlib tuyuluvchi gaplarni, zero, umumbashariy madaniy kontekst bagʻrida yetilgan asar muqarrar ravishda uning vakiliga aylanadi deb bilaman.

Yana bir gʻoyat muhim nuqta – safarga Soʻz Sohibidan izn soʻralayotgani, qalam avval Uning madhiga surilgani, nihoyat, safarning «basmala»dan boshlanayotgani – bari dostonni milliy adabiy anʼanalar zaminiga tutashtiradi. Muhimi, bu narsa shakl­dagina namoyon boʻlgan emas, dostonning obyekti boʻlmish SOʻZ tushunchasi tamom islomiy talqin qilingan. Darvoqe, bunda koʻlam torayibdi – umumbashariydan islomiyga oʻtilibdi degan oʻyga bormoq borib turgan xato boʻladi. Zero, «Avvalboshda Soʻzni yaratib, Jilo berding bittalab oʻzing» deb boshlanuvchi hamdning davomida:

Soʻng Odamni yaratib, yigʻib

Soʻzlaringni, birma-bir berding.

Novvot kabi solding tiliga,

Shimsin, deya, bilsin mazasin;

Naqsh aylasin Soʻzni diliga –

Soʻzga hayot berib yashasin… – deyilgani bejiz emas: Soʻzning islomiy talqini atrof-javonibidagi narsa-hodisalarning aksarini ilk bor nomlagan Odam alayhissalom orqali yana umumbashariy kontekstga borib tutashadi.

Doston fasl yo boblarga emas, soʻzlarga boʻlinibdi: birinchi soʻz, ikkinchi soʻz, uchinchi... – jami yigirma besh soʻz. Aslida, bu ham «Ochun» deb atalgan ikkinchi soʻz boshlanishidagi «Olam asli soʻzdan iborat» degan fikrning tasdigʻiga, Soʻzning ahamiyatini taʼkidlamoqqa xizmat qiladi. Hamroh Soʻz talqinida Odam bilan Soʻz qismatdosh, xuddi inson kabi «Har soʻz mudom oʻzini izlar» va maʼniga ega boʻlolganigina oʻzini topadi – tiriladi, ochun esa tirik soʻzga tashna: «Tirik soʻzga tashna ochunda, Maʼnosini topgan Soʻz qolar» – qolgan bari yitib ketadi.

Masihning tugʻilishi Maʼnoning tugʻilishiga tamsil qilingani badiiy topilma koʻrindi. Negaki «xaloskor Maʼno» – chin qimmatga ega maʼno ham gʻaybning ishtirokisiz binoga kelmaydi, kelolmaydi – diliga solmasa qiyin. Qizigʻi, uning qismati ham Masih qismatiga uyqash: uni ham johil olomon xochga mixlashi, «havoyi hislar» tortqilashi, «etagini tutganlar» sotishi hamisha ehtimolda turadi. Lekin, shoir ishonadiki, shu xatarlarga boʻy bermay oʻtgan soʻzlardan «Kaʼba kabi yuksalar Maʼni», pok ham magʻzi toʻliq soʻzlar koʻngil olamini yaxlit etadi va hamma yakdil «Yakka-yolgʻiz Voiz kalomin» anglay boshlaydi. Muhimi, topib aytilgan soʻzlar oʻquvchini oʻziga sezdirmaygina olamiy miqyosdagi oʻylovlarga qoʻshib, umumbashariy armonga oshno etib qoʻyadi.

Dostonda «Mavlud» soʻzidan keyinoq «Qotil» soʻzi joy olgani bejiz emas: Soʻz madhidan endi muallifni bir ijodkor sifatida har kun qiynab kelayotgan masalalarga oʻtilyapti. Shoir soʻz bilan ishlashga masʼul sohalarda kuzatiluvchi ayrim holatlar ifodasi uchun qulay ramziy-majoziy ifodalar topgan. Jumladan, soʻz soʻyishni oʻziga pinhona kasb qilgan odam timsolida iqtidordan mosuvo «yozgʻuchi»ni koʻramiz. Qafas – asarlariga soʻzlarni qamab olgan, ularni bir-bir ayovsiz boʻgʻizlaydi u. Shuncha soʻz bir-bir oʻlgani holda ularga na qabr bor, na birov ularga aza ochadi, hech kim «oq yo koʻk kiymaydi»... qotil esa buni, yaʼni bu qilmi­ shiga javoban hech kim hech nima demasligi va qilmasligini biladi – shu bois qilar ishida sobit va bardavom. Ushbu holat ortidagi shoir iztirobining bejiz emasligiga esa ming-minglab sayoz kitoblar urchiyotgani, tilimizning rivojlanishi va har jabhada chinakam qadr topishini istagan koʻngillarni ranjitadigan holatlarning hamon mavjudligi kafil. Holat shundayki, soʻzlar oʻz joniga qasd qilar darajada. Obrazli ifoda tiniqligidan oʻquvchi «Mikrofondan baland dor yasab, Tokli simga oʻzini osgan» soʻzni ham, «Qirq qavatli kitob tomidan» oʻzini pastga otgan soʻzni ham tanib oladi. Albatta, shoir atrofida faqat «yozgʻuchi»larni koʻrmaydi, asl ijodkorlar, oyoq ostidan topgan soʻzlarga yangidan ohor berib jonlantirayotgan, koʻngil daryosidan soʻz durlarini sabr-la «ov» qilayotganlar ham bor. Shuningdek, soʻzni har koʻyga solib oʻynatishni sanʼat darajasida egallagan, biroq shu asnoda maʼnini, demakki, soʻzni oʻldiruvchi mohir huqqabozlar ham yoʻq emas.

Shoir oʻziga yaqin davra – qalam ahli doirasida qolmaydi, umuman, jamiyat miqyosida kuzatilib turgan Soʻzga munosabat, soʻzdan foydalanish bobidagi holatlarni qalamga oladi, milliy til rivojlanishi bilan bogʻliq qator ichki muammolarni ham oʻrtaga tashlaydi. Jumladan, tilimiz soʻz zaxirasining ichki omil oʻrniga ajnabiy soʻzlar hisobiga boyitilayotgani («Jinoyat»), maʼnaviy boyligimizga befarqligimiz sabab ajdodlarimiz qoʻllagan soʻz durlari qadimshunoslargagina maʼlum boʻlib qolayotgani («Koʻmchu»), «oʻzga lisondan kirib kelgan satang» soʻzlar sof oʻzbekcha soʻzlarni siqib chiqarayotgani («Gʻamgin hikoya») va b.

Safarning bir hikmati bor: manzilga yetganida yoʻlchi oʻzgargan odam boʻladi. Bizning yoʻlchimiz iqror qiladiki: «Men his etdim, nima uchun Soʻz olib chiqmish meni safarga – u istaydi: mendagi kam­koʻst yitsin, kiray masrur saflarga...» Masrurlar safida esa ozod soʻzga oshno hur insonlar joy olgan. Shunday ki­ shilargina soʻzdan libos kiyadilarki, «Oʻzgarsa-da bahor, qish, kuz, yoz – Oʻzgarmaydi uning kiyimi». Tangri qoshiga borganda hamma yalangʻoch-nochor qolsa, ozod soʻzdan tikilgani uchun ham uning libosi yashnab turajak. Doston finali ozod va haq soʻzga daʼvat oʻlaroq yangraydi desak, shunchaki qizil gap emas. Zotan, lirik qahramon ham hayqiriqlardan yiroq: yakunda soʻzning taʼmini sezdirgani, bir qurgina boʻlsa ham soʻzdan libos kiydirgani-yu egri taʼbini raso, ozod soʻzga hamroz etgani uchun Soʻz Sohibiga shukrlar keltirayotgan holatda qoladi.

Aytilganlarga xulosa qilsak, N.Jonuzoqning «Soʻz» dostoni, mening nazarimda, bugungi oʻquvchining didi, talab-ehtiyojlariga javob bera oladigan, badiiy jihatdan pishiq bir asardir. Hali ancha-muncha sovigach, muallif uni yana bir koʻzdan kechirar-da, taassurot yangiligidan hozirda bizning nazarimizdan ham qochib turgan udur-budurlarini silliqlarki, oʻshanda asar zamonaviy oʻzbek dostonchiligida oʻziga munosib oʻrin egallaydi degan umidda qolamiz.

«Yoshlik»ning 11-sonidan Vafo Fayzullohning «Odamiy» dostoni oʻrin olibdi. Mohiyatan u ham lirik-falsafiy doston. Doston muallifi Odam alayhissalomdan to bugunga qadar kechgan oʻtmishning istalgan nuqtasini eslatgan va uning mazmun-mohiyatiga tayangan holda inson tabiati haqida lirik-falsafiy mushohada yuritadi. Lirik qahramon oʻy mushohadalari necha qaytalab yoʻldan adashganiga qaramay hanuzam osongina shaytonga aldanib kelayotgan Odam qavmi haqida, iztiroblari esa inson bolasini bir paytlar olis ajdodi quvilgan maʼvoga munosib koʻrish istagidan tugʻiladi. Hech shubhasiz aytish mumkinki, shoir chin maʼnodagi katta sheʼriyatga munosib mavzu tanlagan, oʻzida uni badiiy talqin qilishga qodir ijodiy quvvat sezadi – imkonlarini toʻgʻri chamalaganiga ham shubha yoʻq. Biroq hozir bunga emas, muallif koʻzlagan ezgu niyatning toʻla namoyon boʻlishiga xalal bergan omillarga diqqatni qaratmoqchiman. Toki katta shoir misolida aytilajak gaplar koʻproq boshqalarga ibrat boʻlsin.

Bilasiz, ijod jarayoniga xos gʻalati bir jumboq bor: hislar nechogʻlik quyuq va teran, dramatizmga boy boʻlsa, ifodasi shunchalik murakkab, qiyin boʻladi. Sirasi, asl sheʼrning tugʻilishini toʻlgʻoq azobiga mengzashning manshai shunda. Yomon tarafi shuki, hissiyotlarning teran va butunligi bois shoir ifodadagi kemtiklarni doim ham koʻra olmaydi: nazarida koʻnglida bori toʻkis ifoda etilgandek, chunki yozganlarini hali oʻqib ulgurmasidanoq koʻnglida ijod onlaridagi hislar jonlanaveradi. Faqat shunisi borki, «shoir oʻzi uchun yozadi» deganlari – chala haqiqat, uning yozganlari oʻzga koʻngilda oʻsha hislarni uygʻotmogʻi lozim. Chamasi, V.Fayzulloh ham tavsiflaganimiz kabi holatda boʻlgan koʻrinadi, dostonida ifoda jihati eʼtiroz uygʻotadigan ayrim oʻrinlar qolgan. Masalan, mana bu tarzda:

Nuh qavmiman,

Bilmadim-ku yer oʻzi ummon...

Koʻzimni ham choʻktirdi tilsiz.

Shayton ramzi oʻynagan qaroq...

Mehrgamas, toshlarga yoron

Yoʻlsiz, yoʻlsiz, choʻkkancha yoʻlsiz

Soʻnggi dam ham kemaga chiqmagan

Gumroh Kanʼon boʻldim koʻngilsiz.

Odatda, asardagi boshqa bir matnga ishora imkon qadar uning eng keng ommalashgan nuqtalariga qaratiladi. Xoʻp, bundagi ishora xos oʻquvchilarga moʻljallangan deb ham qaraylik, unda postmodernga xos intertekstual oʻyin kuzatilyapti ham deylik. Rosti, oʻzimga «bunda chuqur maʼni bor-u, sening tishing oʻtmayotibdi, hayotdan orqada qolyapsan» deb ham koʻrdim, ishon­tirib boʻlmadi. Xoʻp, soʻz vositasida yaratilayotgan obrazni-ku tushunmasligim ham mumkindir, lekin soʻzlarning oʻzaro bogʻlanishidan kelib chiqadigan maʼnoni tushunishim kerak emasmi?! Masalan, «Mehrgamas, toshlarga yoron» deganidan shu holida bir maʼno chiqadimi? Adashmasam, «yoron» degani tojik tilida «yor»ning koʻpligini anglatardi. Matnda esa «men» tavsiflanmoqda, «men mehrgamas, toshlarga yorman» deyilmoqchiga oʻxshaydi, lekin deyilmagan. Shunaqa ekan, bu yerda «yoron» soʻzi «ummon»ga qofiya uchungina kerak degan fikr ­yuzaga keladi. Aslida esa unday emas, «mehrni» (Otasi bilan birga ketishni) tanlash oʻrniga togʻ-toshlarga chiqib ketgan Kanʼon nazarda tutilmoqda, «yoron» soʻzining kesimlik shaklini olmagani buni anglashga xalal beradi, xolos. Yoki davomidagi «Yoʻlsiz, yoʻlsiz, choʻkkancha yoʻlsiz Soʻnggi dam ham kemaga chiqmagan» deganda qanday maʼno bor? Kanʼon yoʻlsizlikdan choʻkyaptimi? Bu rivoyat mazmuniga xilof boʻladi. Yo «yoʻlsiz» soʻzi «chorasiz» maʼnosidami? Rivoyatda Kanʼon chorasiz emas, oʻzi shu yoʻlni – kemaga chiqmaslikni tanlagan edi. Bundan tashqari, mantiqan «choʻkkancha kemaga chiqmaslik» mumkin emas: «choʻkkani tufayli chiqmaslik» yoki «choʻksa ham chiqmaslik» mumkin, xolos. Davomida «Gumroh Kanʼon boʻldim koʻngilsiz» jumlasidagi «koʻngilsiz» sifati ham rivoyatdan taniganimiz Kanʼonga hech yopishadigan emasdek: uni «imonsiz» desa boʻlar, «itoatsiz» deyish mumkindir, lekin... Lekin «koʻngilsiz»ning «yoʻlsiz»ga binoyidek qofiyalanishi rost. Xullas, keltirilgan parchaga Nuh alayhissalom qissasini eslaganimizgina mazmun beryapti, xolos.

Aytganlarim juda keskin, biroz oshirib yuborgan koʻrinmasligi uchun yana bir parchani keltiray:

Hech narsa kerakmas menga

Qadrni qadrlashdan,

Birodarga qiyomatli salom yoʻllashdan,

Izhori Yor,

Bemorlarga shifo tilashdan

Onamni oldidagi qarzimni,

Oʻzining huzuridagi arzimni,

Fosiq, fojir, itoatsiz, ajdaholarga

Navo yangligʻ uzatsaydim narzimni.

Avvalo, mabodo oʻquvchilik paytimiz shu kabi jumla tuzgudek boʻlsak, oʻqituvchimiz: «Buningning bosh-keti qani?» – deya dakki berishi tayin boʻlar edi. Hozirgi turishida parchaning hammasi bitta gapdek: ilk misradan to oxirigacha fikr tugallanmaydi, oxiridagina bitta nuqta bor. Biroq unday desak, birinchi misradan beshinchi misragacha bitta mazmuniy butunlik hosil boʻlishi kerakdek, faqat buning uchun fikrni bir soʻz, masalan, «boshqa» soʻzini qoʻshish bilan tugallash kerak boʻladi. U holda ham ikkinchi qism mantiqsizligicha qolaveradi. Aslida-ku, onaning oldidagi qarzni «fosiq, fojir, itoatsiz, ajdaholarga navo yangligʻ uzatsaydim» deya orzulashni mantiqsizlik deb atash judayla yumshoqlik qilish boʻladi. Xullas, doston matnida til nuqtayi nazaridan hali ishlanishi, silliqlanishi kerak boʻlgan joylari juda koʻp, bu jihatdan u jiddiy qayta ishlanishi kerak.

Yana bir mulohaza dostonning qurilishi bilan bogʻliq. Gap shundaki, dostonning tanasini tutib turadigan umurtqa pogʻonasi, skeleti boʻlishi zarur. Agar epik dostonda bu vazifani syujet bajarsa, «Odamiy» kabi lirik doston asosini tematik kompozitsiya tutib turishi lozim. Yaʼni doston markaziga qoʻyilgan mavzu-muammo izchil rivojlantirib borilishi zarur boʻlib, uning ham Arastu syujetga nisbatan aytgan «boshlanishi, oʻrtasi va oxiri» boʻlmogʻi kerak. Toki mutolaa davomida oʻquvchi ham shuni his qilishi, muallif izhor etayotgan fikr-his oqimiga tusha olishi talab qilinadi. Afsuski, «Odamiy»ning kompozitsion qurilishi mazkur universal talabga javob bermaydi. Shu bois ham bir qismini oʻqiyotganingiz mahal avval oʻqilgan qismi esingizdan chiqqanday tuyulaveradi, xotiram zaiflashyaptimi degan andishaga borilishi ham mumkin. Aslida esa hamma gap qismlarning oʻzaro uzviy aloqasi buzilgani – marjon misol bir ipga tizilmagani, xullas, asar kompozitsiyasining boʻshligida.

Xullas, ifodadagi kamchiliklar «Odamiy»dagi koʻpchilikka yuqishi va bani bashar taqdiri haqida oʻylatib qoʻyishi mumkin boʻlgan his-kechinmalar quvvatini susaytirib, doston potensialidagi badiiy-estetik imkonlarning toʻla roʻyobga chiqishiga xalal bergan.

«Sharq yulduzi»ning oʻtgan yilgi ilk sonidan oʻrin olgan Sirojiddin Raufning «Vido» dostoni kompozitsiyasi pishiq asar boʻlibdi. Buning siri ham oddiy: shoir oʻquvchiga nima demoqchiligini aniq biladi, shu bois ham demoqchi boʻlganini qanday yetkazish ustida jiddiy bosh qotirgan. Natijada asar qismlari bir-biriga uzviy bogʻlanadi, bir-birini toʻldiradi. Yoʻq, bu dostonning raqamlangan qismlarga ajratilgani, ustiga yana yulduzchalar bilan ichki boʻlinish ham oʻtkazilgani uchun emas. Hamma gap shundaki, shoir oʻyidagi qay tartibda aytilsa oʻquvchisiga imkon qadar toʻla va taʼsirli yetib borishini oʻylaydi, shundan kelib chiqqan holda asarga tartib beradi. Mutaxassislar lirik asar tematik kompozitsiyaning eng universal koʻrinishi sifatida «mavzuning qoʻyilishi – rivojlantirilishi – xulosa» qolipini koʻrsatishadi. «Vido» ayni shu qolipda qurilgan.

Birinchi boʻlimda goʻdakning tugʻilishiga «buyuk ayriliq» deya taʼrif berarkan, shoir «Hayotning magʻzini baʼzan danakdan Ajratib olishga umr yetmasligini» eslatib, «odam umri – dam umri» ekanini taʼkidlaydi. Shu tarz doston mavzu-masalasi oʻrtaga qoʻyildi, oʻquvchiga shundan darak berildi, u ruhiy jihatdan shu xususdagi gaplarni eshitish va singdirishga mos qilib sozlandi.

Dostonning 2 – 6-boʻlimlarida ayni mavzu rivojlantiriladi, lirik personaj hayotining asosiy bosqichlari mohiyati siqiq tarzda taʼriflab oʻtiladi-da, mustaqil hayotining boshlanishi bilan inson ong-u shuuriga asta-sekin kirib boradigan turfa savollar qoʻyiladi. Personajning savollariga javob izlashlari nihoyasida «ulugʻ donishmand»ga yoʻliqishi – tematik rivojlanish kulminatsiyasi, shu yuksaklikdan yakun – lirik mushohadalarni xulosaga eltuvchi yoʻl koʻrinadi.

Nihoyat, doston yakuni – 7-boʻlimda hamon oʻsha eski yoʻlida yurgani holda endi atrofiga orifona nazar solib, kun kelib borliqqa qorishishi, yaʼni Oʻziga qaytishiga imon keltirib yashayot­ gan va shuning uchun dunyoni rangin, hayotini maʼni-yu mazmunga toʻliq koʻra boshlagan odamni uchratamiz. Yaʼni dostonda qoʻyilgan mavzu talqini odam umri haqiqatan ham «bir dam», faqat Haq yoʻlida, ezgulik yoʻlida yurilsagina u mazmun va chinakam qimmat kasb etadi degan xulosaga olib keladi.

Xullas, «Vido» dostoni eskidan ishlanib kelayotgan mavzuga xususiy bir nigoh – Sirojiddin Raufning qarashi sifatida qimmatli, qoʻyilgan masalani oʻzining hayotiy tajribasidan kelib chiqib ­yoritgani oʻquvchining bu boradagi qarash-tasavvurlarini boyitish­ ga xizmat qilishi esa shubhasiz. Albatta, doston kitobga kiritilish oldidan yana ancha-muncha sayqallanar, xullas, uning yaxshi bir doston sifatidagi adabiy umrini davom ettirishiga ishonchimiz bor.

«Sharq yulduzi»ning oʻtgan yilgi sonlarida janri «sheʼriy qissa» deb belgilangan Oydinnisoning «Afv» va Zulfiya Moʻminovaning «Yuragida anor gullagan ayol» nomli asarlari eʼlon qilindi. Yigʻin tashkilotchilari maʼruzaga shularni ham qoʻshib ketishni soʻrashgani uchun zimmamizda ular haqida ham toʻxtalib oʻtish majburiyati bor.

Avvalo, Oydinniso oʻquvchilarga ham mazmuni, ham badiyatiga koʻra yaxshi bir asarni taqdim etganini taʼkidlamoq kerak. Uning har bir qismi:

Tashqarida shamol supurayotir

taqdir boʻlaklarini...

Vaqt tomar chak-chak... – misralari bilan boshlanadi, ular – asarning gʻoyaviy-tematik leyt­ motivi. Zero, har bir qismda alohida bir taqdir, mahbus ayolning fojiasi lirik qahramon qalbidan oʻtkazib beriladi. Bu ayollarning feʼl-xoʻyi, taqdiridagi evrilishlar, mahbuslikda oʻzini tutishi, ertasi haqidagi oʻy-tasavvurlari – har biri alohida bir doston. Ularning bitta – erkinlikka chiqish arafasida turgan, oʻzining mahbuslik hayotini bosib oʻtilgan bir bosqich oʻlaroq mushohada etayotgan lirik qahramon ong prizmasidan oʻtkazib berilgani asarga ham badiiy-kompozitsion, ham konseptual butunlik baxsh etadi. Bundan tashqari, ifodaning tiniqligi, hissiyotlar izhoridagi samimiyat, topib va oʻrnida ishlatilgan uslubiy vositalar ham asarning badiiy jihatdan pishiq boʻlishini taʼminlagan. Mavzu adabiyotimiz uchun yangi, hali yetarli ishlanmagan ekanligini ham alohida qayd etmoq zarur. Bizda ayol mavzusini koʻproq baland pardalarda, shodon va ulugʻvor ohanglarda tarannum etish urf boʻlgan, Oyning orqa tomoni esa hamon qorongʻiligicha qolmoqda. Oydinniso shu tomonga boʻy choʻzib qaramoqqa jurʼat qilgan ekan, bunga ragʻbat bildirmoq kerak.

Yana bir masala – asar janri. Sheʼriy qissa qahramon hayotidagi bir bosqichni hikoya qilish asosiga quriladi, yaʼni unga sheʼriy shaklda yozilgan epik asar deb qarash kerak. «Afv»da esa qahramon hayotidan izchil hikoya qilish koʻzda tutilmagan, unda qahramon hayoti ham, unga qismatdosh ayollar hayoti ham lirik mushohada obyektidir, asar badiiy-mazmuniy strukturasini lirik ibtido belgilaydi. Shunga koʻra, asar janrining «lirik doston» deb belgilangani, bizningcha, toʻgʻriroq boʻladi.

«Yuragida anor gullagan ayol»da Anorxon – Mastura Sayfuddinovaning hayot yoʻli hikoya qilinadi, shu bois uning janrini sheʼriy qissa deb belgilashga asos bor, albatta. Lekin qissa ruhi, undagi ifoda tarzi bugungi emas, koʻproq oʻtgan asr oʻrtalari adabiyotimizni eslatadi, muallif «retro» uslubida yozdimikan yo 50-yillar adabiyotiga stilizatsiyamikan degan oʻylar keladi oʻqiganingda. Yana bir jihatlari yaqin oʻtmishda mashhur ocherklarni eslatib, ijod onlari muallifda jurnalistlik baland kelganini koʻrsatadi. Agar asardagi nasriy qismlar axborot tarzida, hujjatli material qabilida berilgani hisobga olinsa, balki, «hujjatli qissa» deb atash ham mumkindek koʻrinar... Xullas, eng muhimi konkret asarning qaysi janrga mansubligida emas, balki uning oʻqishli, ijtimoiy va estetik qimmat kasb etadigan boʻlishida. Xoʻp, estetik degani-ku tushunarli, «ijtimoiy» deganiga aniqlik kiritish lozim. Ijtimoiy qimmat shoʻro zamonida tushunilganidek ijtimoiy-siyosiy ehtiyojga labbay deb imkon qadar tezroq va baralla javob berish bilan belgilanmaydi, yoʻq. Ijtimoiy qimmatni asarda qoʻyilgan va badiiy talqin qilinayotgan mavzu-muammolar bugungi kun oʻquvchisini, istiqbolda keyingi avlodlarni qanchalik qiziqtira olishi bilan belgilanadi. Shu jihatdan qaralsa, «Yuragida anor gullagan ayol» bugungi kun oʻquvchisini qiziqtirishi, bizning­ cha, qiyinroq. Albatta, eʼtiroz qilinishi mumkin: axir, zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratish bugungi kun adabiyotining vazifasi emasmi? Shunday, lekin zamona qahramoni bugungi oʻquvchini qiziqtira oladigan, ibratlantiradigan qiyofada gavdalansagina oʻzini oqlaydi, aks holda, kutilganga ters natija berishi haqiqatga yaqinroq. Zamonamiz qahramonining hayoti va faoliyatini «Yuragida anor gullagan ayol»dagi kabi sheʼriy bayon etib berishning oʻzi kamlik qiladi. Toʻgʻri, unda ham qahramon hayotini dramatiklashtirishga harakat bordek: Navroʻz bilan bogʻliq toʻqnashuv, Gdlyan-Ivanovlar chigʻirigʻi... Lekin bular, qariyb oʻttiz yillardan beri asardan asarga koʻchaverganidan boʻlsa kerak, oʻquvchini befarq qoddiradigan darajaga kelib qoldi-da. Bas, ohorliroq holatlarni qalamga olish yo hech boʻlmasa shularning ohorliroq qirralarini ochishga qasd qilish maʼqulroqqa oʻxshaydi.

Shu bahona yana bir mulohazani oʻrtaga tashlash joiz koʻrinadi. Oʻzgalar boshdan kechirgan voqealar haqidagi hikoyalarni eshitish ehtiyoji – rivoyaga (narratsiyaga) ehtiyoj odamga tabiatan xos. Bu ehtiyojni rivoyaga asoslangan janrlar – avvaliga ertag-u dostonlar qondirgan boʻlsa, keyincha bularga hikoya, qissa, roman kabilar qoʻshildi. Hozirda esa, tan olish kerak, ushbu ehtiyojning katta qismini kino va teleseriallar qondirmoqda. Aytmoqchi boʻlganim, mazkur sharoitda sheʼriyatni-ku qoʻya turaylik, badiiy prozaning ham raqobatbardosh boʻlib turib berishi ancha mushkul. Shuning uchun ham sheʼriyat, xususan, dostonchilik oʻzi boshqalarga qaraganda yaxshiroq uddalaydigan jihatga zoʻr berishi, yaʼni oʻzining imkonlarini har jihatdan namoyon etishga qulay lirik doston janrini rivojlantirish yoʻlini tutishi maqsadga muvofiqdir.

Dilmurod Quronov