← Dilmurod Quronov
|

Dushmanni tanitgan doʻst

Dilmurod Quronov

Maqola · 2004 · OʻzAS, 2004 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

«Oʻtgan kunlar» romaniga kiritilgan usta Alim hikoyasi haqida juda koʻp fikr bildirilgan. Umuman, syujet rivojida, undagi qismlarning oʻzaro mantiqiy bogʻlanishida, xalq ogʻzaki ijodi va mumtoz epik traditsiyaga xos «doʻst» timsolining olib kirilishida usta Alim obrazining oʻrni katta ekanligi shubhasiz. Bizni boshqa masala – A.Qodiriydek mutafakkir inson ayricha ahamiyat bilan chizgan ushbu obrazning roman badiiy falsafasini, adibning davr konsepsiyasini ifodalashdagi roli koʻproq qiziqtiradi...

A.Qodiriy oʻzining ijodiy sajiyasi, xarakter xususiyatlari bilan, masalan, Choʻlpondan yoxud Fitratdan jiddiy farq qiladi. Agar Choʻlpon bilan Fitrat 20-yillarning oʻrtalarigacha qaynoq ijtimoiy faoliyat bilan mashgʻul boʻlganlarini, A.Qodiriy esa, avvalo, ular singari qaynoq faoliyatda boʻlmagani va tez orada undan tamom chetlanganini eʼtiborga olsak, bu farq yaqqol koʻzga tashlanadi. Aytmoqchimizki, Choʻlpon bilan Fitrat ijtimoiy jarayon ichida yashagan boʻlsalar, ijtimoiy jarayon A.Qodiriyning ichida yashagan. A.Qodiriy ijodiy evolyutsiyasida voizdan sanʼatkorga aylanish jarayoni nisbatan ertaroq boshlangani, 20-yillar avvalidayoq «Oʻtgan kunlar»dek sanʼat asarini dunyoga keltira olgani ham buning dalilidir. A.Qodiriy tabiatan «faoliyat kishisi» («deyatel») emas, koʻproq «mushohada kishisi» (sozersatel») ediki, fitratidagi shu xususiyat tufayligina zamonasi uning uchun boshqalarga nisbatan ertaroq estetik obyektga aylandi...

Tugʻma sanʼatkor (boʻlib ham u yana «mushohada kishisi» boʻlsa) kishilarda konservativlik xususiyati ustunroq keladi. Garchi «konservatizm» soʻzi oʻtgan inqiloblar asrida birmuncha salbiy mazmun kasb etgan boʻlsa-da, aslida, yaxshi maʼnodagi konservativlik taraqqiyotda juda muhim – u eskilik bilan yangilikni obdon qiyoslashni, ularning barcha musbat va manfiy jihatlarini hisobga olgan holda harakat qilishni, asta-sekinlik bilan olgʻa siljishni koʻzda tutadi. Fikrimizcha, «Oʻtgan kunlar»da yangi davr kishisi sifatida taqdim etilgan Otabek bilan eskicha tipdagi odam – usta Alim bir-biriga zid qoʻyilgan. Albatta, ichki ziddiyatning mavjudligi ular orasidagi tashqi mustahkam aloqani, yaʼni ularning juda qadrdonligini inkor qilmaydi. Negaki, biz nazarda tutayotgan ziddiyat dialektik tushunchadagi, butunning ichidagi ziddiyatlar birligidir.

Jadidchilik, maʼlum maʼnoda, moddiyunchilik ham edi. Jillaqursa, inson jamiyatni oʻzgartira oladi, insonni oʻzgartirish orqali jamiyatni oʻzgartirish mumkin, degan gʻoya yoxud Muhammadiyor (Choʻlpon), Olimjon (Hamza) singari obrazlar talqinidan kelib chiquvchi inson oʻz taqdirini oʻzi yaratadi tarzidagi qarashlar zimnida moddiyunchilik izlari seziladi. Ha, oʻtgan asr boshlarida yuzaga kelgan sharoit jamiyatdagi shaxs maqomini oʻzgartirdi, shaxsni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan faollashtirdi, yangicha, yuqorida aytganimizcha, fikrlaydigan odamlarni maydonga chiqardi. Bu odamlar oʻzgargan ijtimoiy sharoitda shaxsning jamiyatdagi oʻrni, maishiy ahvoli, kelajagi koʻp jihatdan uning oʻziga – aql-idroki, tadbirkorligiyu omilkorligiga bogʻliq boʻlib qolayotganini tobora teran his etdilarki, bu narsa tafakkur tarzining oʻzgarishiga olib keldi. A.Qodiriy talqinidagi Otabek yangicha fikrlovchi kishilarning qaldirgʻoch vakillaridan deyish mumkin. Otabek yangiliklarni, oʻzgarishlarni qoʻmsab yashayotgan, oʻzgarishlar yasashni orzu qilib yurgan odam. Uning aksi oʻlaroq, usta Alimning hayot tarzi, fikrlash tarzi oʻzgacha – xudodan tilab kundalik mehnatini qilaveradi va bunga sari turmushi izga tushib boraveradi...

Otabek – «xon qiziga loyiq yigit» ekani shubhasiz, buni margʻilonlik ota qadrdonlari majlisi ham yakdil eʼtirof etadi va, hatto, ilk uchrashuvdayoq uning timsolida kuchli raqibni koʻrolgan Homid ham buni, oshkor tan olmasa-da, ichdan his qiladi. Muhimi, Otabek – oʻz bahosini biladigan, oʻz qadrini baland qoʻyadigan yigit. Shu bois, garchi Rahmat bilan suhbatda «er ham xotinga muvofiquttabʼ» boʻlishi lozimligini aytsa-da, amaldagisi tilidagidan boshqa boʻldi – Kumushning toʻy oldidagi iztiroblari shundan. Xoʻp, buni Hasanalining voqealar rivojini tezlatib yuborgani, bemaslahat sovchiligi-yu Otabekning bexabar qolganiga yoʻyaylik. Biroq fikrimizni quvvatlovchi boshqa bir nuqta ham bor: Hasanali sovchilikdan soʻng «qutlugʻ boʻlsin» qilganida uni tashvishga solgani «qaysi qiziga?» degan savol boʻldi, xolos. Toʻgʻri, u bir muddat shoshib qoldi, lekin gap oʻziga munosib qiz haqida ekanligini bilgach, «tusida xursand va xafaligi majhul bir holat bor edi. Unashish masalasiga qarshi tushmaganidek, soʻyinchini ham oshkor qilmadi...» Koʻramizki, Otabek buni normal hodisadek qabul qildi, bu esa uning oʻziga bahosi, eʼtimodi balandligidan nishonadir.

Qizigʻi, shunga oʻxshash vaziyatga usta Alim hikoyasida ham duch kelamiz. Faqat, usta Alim uchun Saodat – moʻʼjiza, xoliqning ajib moʻʼjizasi. Shu bois uzoq vaqt unga ogʻiz solishga botinmaydi: «Saodatdek qizga uylanish baxtiga erishmakni oʻzimga tasavvur qilolmasdim», – deydi. Ustaning sovchisini kutib turganidagi holati ham buni quvvatlab tushadi: «tinchiy olmadim, ishka qoʻlim bormas va bir joyda toʻxtab turolmas, u yerdan turib bu yerga oʻltirar, ming turlik xayol bilan dovdir sifatiga kirgan edim ...<...> bir-ikki bora Saodatlar eshigi yonigʻa borib keldim <...> sovchim chiqibo qoldi-ku: yuragim orqamgʻa tortib ketdi va oldigʻa tushib yuriy berdim, chunki sovchigʻa uchrashib haqiqatni onglash ham menga dushvor kelgʻan edi». Sovchining sevinchli xabaridan soʻng esa «jiq toʻlgan koʻz yoshlarimdan ham uyalib turmadim», deydi. Otabekdan farq qilaroq, usta Alim uchun Saodatga yetishmoq – Alohning inoyati, «jiq toʻlgan» yoshlar – shukronalik ifodasi.

Eʼtiborli jihati shuki, usta Alim hikoyasini eshitgan Otabek beixtiyor oʻzini mezboni bilan qiyoslay boshlaydi, bu esa, fikrimizcha, adibning sizu bizga ishorasi, qiyoslab koʻrishga daʼvati. Qiyoslab koʻraylik. Usta Alimning hikoyasi mehmonini lol qoldirgani shunchalarki, u «qarshisidagi yerga singibgina yotqan mujassam ishqdan koʻz uzolmay boshladi. Ustaning moziysida emas, holida ulugʻ bir maʼno koʻrar edi. Ammo uning istiqbolida bir boʻshliqdan oʻzga hech gap uchrata olmasa-da, yana ulugʻ bir maʼno koʻrgandek boʻlar edi». Xoʻsh, ustaning «holida ulugʻ bir maʼno» koʻrgan Otabekka «bir boʻshliq» boʻlib koʻringan va, shunga qaramay, «yana ulugʻ bir maʼno» kasb etayotgan istiqboli qanday? Usta Alimning soʻng soʻzlarini eslasak, bunga javob topamiz: «Endigi oʻylaganim faqat qaynimni uylantirish, soʻngra... soʻngra yuzni yoruq qilib Saodat quchogʻiga kirish...» Bizningcha, mazkur jumlaga ikki turli maʼno yuklangan. Sirtdagisi, usta Alim yorugʻ dunyodagi vazifalarini toʻkis ado etib, mahshar kuni yorugʻ yuz-la Saodat diydoriga yetishmoq orzusida. Tubdagisi, ehtimol, adib uchun muhimrogʻi ham shudir, – foniy dunyo saodati uning oʻzi kabi oʻtkinchi, inson faqat oʻziga taqdir qilingan vazifalarni sidqidildan ado etgachgina boqiy saodatga erisha oladi tarzidagi sharqona falsafa. Eʼtibor bering: usta Alim «oʻlmoq» demaydi, «omonatni topshirmoq» demaydi – «saodat quchogʻiga kirmoq» deb aytadi. Foniy dunyoda nasib boʻlmish saodatni Allohning inoyati debgina tushungan va uning boqiy dunyodagi saodatidan umidvor odamgina shu xil oʻylay oladi. Ehtimol shundandir, Qanoatshoh maktubida «Otabek yana bir kishi bilan <...> birinchi safimizni oldi <...> shahid boʻldi» deyiladi, biron bir joyda usta Alim deyilmaydi, shunga qaramay, oʻsha «bir kishi»ning Usta Alim ekaniga shubha qilguvchi odam topilmaydi. Zero, usta Alim uchun bu ham boqiy «saodat quchogʻiga kirish» yoʻlidagi yana bir qadamdir...

Mavzudan biroz chetladik, yana Otabek mushohadalariga qaytsak. Otabek «oʻz istiqbolini shu ustaniki qabilidan koʻrmakchi» boʻladi, lekin bunga «bir «oʻldi» soʻzi yetishmaydi». Chuqurroq mulohaza qilgach esa, hatto oʻsha yetishmayotgan «oʻldi» soʻzini qoʻshqan bilan ham usta Alim boʻlish qiyinligʻini onglay boshladi». Xoʻsh, bunga nima monelik qiladi? Otabekning izohi shunday: u «Kumush tomonidan soʻkilgʻan va tashlangʻan edi. Holbuki, Saodat soʻkmagan va tashlamagan <...> usta Alim qayin otasi tomonidan hayvoncha quvlanmagan... va qayin ota tomonidan kuyav yoʻliga tuzoq qoʻyilib, Saodatni chiqarib olish fikriga tushilmagan, yaʼni oragʻa shaytanat oralamagʻan...» Oraga shaytanat oralagani bor gap. Biroq shunisi eʼtiborliki, bu oʻrinda «shaytanat» soʻziga Otabek bir turli, oʻquvchi boshqa bir turli, muallif tagʻin bir turli mazmun beradi. Tabiiyki, syujet voqealarini kuzatib kelayotgan oʻquvchi uchun «shaytanat» – Homid va uning hamtovoqlari. Homid nayranglaridan bexabar Otabek nazdida esa «shaytanat» qaynotasining diliga oralagan: ikkinchi uylanishiga rozi boʻlgani, toʻyni oʻz qoʻli bilan oʻtkazib kelishi ham shundan. Xoʻsh, muallif-chi, u qanday mazmun yuklaydi bu soʻzga? Adib qahramoni chiqargan xulosa haqida «soʻnggi fikrni ul oʻylamagʻan joydan ilhom qabilidan toʻqib olgʻon edi» deb yozadi. Yaʼni, Otabekning miyasiga oʻrinlashib olib, to sir ochilgunga qadar tark etmagan fikrni adib «toʻqib olingʻon» deb aytadi. Boshqacha aytsak, «shaytanat», avvalo, Otabekning xayolini zabt etgan edi. Xoʻsh, nima uchun Otabekdek yigit «shaytanat»ga boʻy berdi? Buning sababi yana uning oʻziga bergan bahosi, oʻziga eʼtimodi yuksakligida. Qutidor tomonidan haydalgan Otabekning nafsi ogʻrindi, ogʻiringan nafs «shaytanat»ga xotir qalʼasini ochib berdi. Oʻzini kamsitilgan hisoblagan Otabekning «yuragi bolalarini uchirib ketgan karrukning uyasidek boʻb-boʻsh» edi deb yozadi adib. Toʻgʻri, uning Kumushga boʻlgan muhabbati yoʻqolmadi, lekin ogʻringan nafs uni butkul iskanjaga olgan – falajlantirib qoʻygan edi. Keyinroq oqila Kumushbibi xatida «ikki yil boʻyi Margʻilonga kelib yurishlaringizni men oʻzimcha yeshdim, lekin topib yeshdim: sizning barcha mashaqqatlaringiz – dushmanlaringizdan oʻch olish boʻlgʻonini ongladim. Yoʻqsa meni koʻrar edingiz...» deb yozganida qismangina haq edi. Qisman deyishimizning boisi, dushmanlaridan oʻch olish istagi Otabekda ikki yillik sargardonlikning soʻnggi kunlarida, dushmanini tanib olganidan soʻnggina paydo boʻldi. Kumushning oʻpka qilganicha bor: axir, Otabek u bilan uchrashish, munosabatlarni oydinlashtirish payidan boʻlmadi-da! Xoʻsh, unda ikki yillab sargardon yurishdan muddao ne edi? Bu savol bir Kumushni emas, Mirzakarim qutidorni ham, Yusufbek hojini ham taajjubga solishi bejiz emas.

Xoʻp, «sir ochildi», Otabek dushmanlaridan oʻch oldi, usta Alim aytmoqchi, «ularning totiqlarini xoʻb boplab berdi». Taqdirning oʻyinini qarangki, u Otabekni usta Alimga doʻst qildi, shuning sharofatidan unga dushmanini tanitdi. Xoʻsh, Otabek bundan tegishlicha xulosa chiqaroldimi? Fikrimizcha, yoʻq. U hamon boʻlib oʻtgan ishlarda taqdirning qoʻlini emas, oʻzini, oʻzining saʼy-harakatini oldinga qoʻyadi. Xayrixoh qotil xabarini Qutidorga yetkazarkan, usta Alim: «Hammasi ham taqdirning ishi, amak, bu orada siz bilan manim hech bir ixtiyorimiz yoʻq», – deya unga taskin beradi. Qutidorning «Mendan oʻzi xafa boʻlgʻan boʻlsa, oragʻa kishi qoʻysa ham boʻlar edi» degan haqli taajjubiga javoban usta Alim doʻstining «Oʻzimgʻa ishonmagʻan kishi, kishi soʻzigʻa kirarmidi» qabilidagi andishasini omonat yetkazsa, Yusufbek hojining «shuncha muddatdan beri nega meni xabardor qilmading?» degan savoliga Otabek «meni shu vartaga tashlagan doʻstlarimdan koʻmak soʻrash maʼqul koʻrinmadi» deya javob beradi. Eʼtibor bering: har ikki holda ham «men» oldinga chiqib, boʻrtib turadi. Beixtiyor oʻylab qolasan: Otabek uchun yuzaga kelgan chigallikni hal qilish muhimroqmidi yo ogʻringan nafsni qondirishmi? Bunga aniq va qatʼiy bir javob aytish mushkul koʻrinadi. Negaki, nafsning ogʻringani shunchalarki, usta Alimning aytishicha, Otabek qutidorning qizi boʻlgani uchun «suygan xotinidan ham kechmakka qaror bergan». Taqdirning tasodifi boisgina Otabek dushmanini tanidi, nafsini qondirgan holda chigallikni ham hal qilish imkoniga ega boʻldi. Uning qutidorga yozgan xatidagi birgina «haydalgan» soʻzi, Kumushga atalgan maktubdagi tafsilotlar zimnida oʻsha qoniqish hissi sezilib turadi...

Har ikki qahramon sevgi qissalarining birdek foje yakun topishi bunda atayinlik momenti, yaʼni, qiyoslash va qiyoslashga undash bor deyishimizga asos beradi. Usta Alim Saodatga yetishuvini Allohning inoyati deb bildi, undan ayrilganida soʻngsiz iztirob chekdi, koʻzlaridan shashqator yoshlar oqizdi. Taqdiri ilohiyga koʻnmay iloj bormi – koʻndi, «holida ulugʻ bir maʼno»yu yuragida choʻng armon, xayolida «Saodat quchogʻiga kirmoq» orzusi bilan yashadi. Shu bois ham uning iztirobi kishini yuksaltiradi, koʻz yoshlari tozartiradi, armoni nurga yoʻgʻrilgan. Otabek Kumushga yetish baxtini taqdirdan demaganidek, undan ayrilishini ham taqdirdan bilmadi: uning-da yuragida choʻng armon bor-u – nurdan mosuvo, uning yuragida nurning oʻrnini zadalik, achchiqlanish, nafrat egalladi. Shu bois ham: «Qutidor vidoʼlashib aravaga chiqgʻanda koʻcha tarafdan Otabek kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga: «Tushing otdan!» – dedi. Hasanali otdan tushdi. Otabek irgʻib otqa mindi va qutidordan soʻradi:

– Otni haydaymi?..» Shu ketganicha bir yildan soʻnggina Toshkentga keldi, ota-ona «ogʻiz ochib undan ranjiy olmadilar <...> Na otasi va na onasi bilan ochilib soʻzlashmadi <...> Bundan soʻng Otabek Toshkandga qaytib kelmadi, bir necha qayta Oʻzbek oyimning oʻzi Margʻilon borib keldi...» Zarda kimga edi? Achchiq kimga edi? Ota-onagami va yo taqdirga?.. Magʻfiratli Allohning bandasidagi bunchalar kinu kechirmaslik nimadan?.. Bundan-da «shaytanat» nafasi ufurmaydimi?!.. Kaltakning bir uchi OʻZIga tegarkan, ikkinchi uchi kaltak koʻtarganga tegmaydimi?..

Soʻzimiz avvalida usta Alim hikoyasi adibning davr konsepsiyasini ifodalashda muhimligini aytgandik. A.Qodiriy oʻz davridagi, davr kishilaridagi oʻzgarishlarni mushohada qilib, oʻzining aql-idrokiyu kuchiga ishongan yangicha fikrlovchi odam ham, eskicha fikrlovchi odam ham nomukammal deb bildi. Ikki yorti bir butun demoqchidek, ikkisini qadrdon, hammaslak, qismatdosh qildi va oxirida ikkisini «qoʻshinning oldingi safi»ga qoʻydi. Yaxshi maʼnodagi konservatizm shudir. Zero, biz oʻtgan asr adogʻida insonga sigʻinib, insonlarga – firqaga sigʻinib yashagan odamlarning ruhan singaniga, qalblari «bolalarini uchirib ketgan karruk uyasidek boʻb-boʻsh» xuvillab qolganiyu bu boʻshliqni nafratu norozilik egallaganiga guvoh boʻldik. Usta Alim hikoyasining kiritilishi goʻyo shundan bashorat, buyuk sanʼatkor diliga gʻoyibdan solingan haqiqatning ifodasi edi.

2004 yil

Dilmurod Quronov