Mifopoetik tahlil yoki mifopoetik yondashuv adabiy asarda qadimgi miflarning izlarini topish, unda qadim miflarga xos motivlar, arxetiplar qay yoʻsin transformatsiyalangan holda aks etganini koʻrsatib berishni maqsad qiladi. Tarixan bunday yondashuv ildizlari XIX asr Gʻarb adabiyotshunosligida shakllangan mifologik maktabga borib taqaladi. Ushbu maktab vakillari adabiyotning kelib chiqishini miflar bilan bogʻlagan holda mifni inson ijodiy faoliyatining asosiy omili deb tushunadi. Shuning uchun ham ular adabiyotning miflar, umuman, xalq ogʻzaki ijodi bilan aloqasini oʻrganishga ayricha eʼtibor berganlar. Keyincha, XX asrning 30-yillarida maydonga chiqqan ritual-mifologik maktab ularning anʼanasini davom ettirish bilan birga, masalaga yanada chuqurroq qarash – K.Yung taʼlimotiga tayangan holda adabiy asardan insoniyat xotirasida “kollektiv ongsizlik” mahsuli tarzida yashayotgan arxetiplarni topish va tavsiflash, asarni shu asosda tushuntirish yoʻlidan bordi. Mifologik maktab mif va folklor asarlarida ijodiy tasavvurga qanot beruvchi manbani, ritual-mifologik tanqid uning strukturasini belgilovchi bosh omilni koʻrdi, bu esa har qanday asar strukturasini arxetiplar belgilaydi deganidir. Shundan kelib chiqib, ular oʻz qarashlarini eng qadimgi asarlardan tortib, to bugungi kunda yaratilayotgan asarlargacha tatbiq etish, yaʼni universal deya mutlaqlashtirish yoʻlidan bordilar.
Muayyan ilmiy qarashni mutlaqlashtirish, u yoki bu metodni universal sanash fikridan yiroq boʻlganimiz holda, mifopoetik tahlil metodini qoʻllashni “Oʻtgan kunlar” misolida tajriba qilib koʻrishga jazm qildik. Ajdodlardan meros ogʻzaki ijod namunalaridan oddiy bir ziyoli darajasida xabardor odam nigohiga quyidagilar ilashdi:
1. Qahramonga xos sifatlar.
1.1. Qahramonning tilab olingan, yaʼni uzoq vaqt farzand koʻrmagan xonadonda, yana aksar ilohiy kuchlar aralashuvi bilan dunyoga kelgan yolgʻiz farzand ekani. Ushbu motiv xalq ogʻzaki ijodida juda keng tarqalgan boʻlib, koʻplab doston (mas., “Alpomish”, “Rustamxon”) va ertaklarda (mas.: “Tohir va Zuhra”, “Olmos botir” ) turlicha yoʻsinlarda talqin qilinadi. “Oʻtgan kunlar”dagi Otabekning “tilab olingan”, yaʼni uzoq kutilgan farzand ekani ham matndan aniq anglashiladi. Agarda “Oʻzbek oyim elli besh yoshlar chamaliq” ekani, Otabekning esa, Hasanali aytishicha, “bu yil hamduna boʻlsa toʻppa-toʻgʻri yigirma toʻrt yoshga qadam qoʻyishi”ni eʼtiborga olsak, Oʻzbek oyim oʻttizidan oʻtib farzand koʻrgani ayon boʻladi. Otabekning yolgʻiz farzand ekani syujet rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zero, u Yusufbek hojining “bizning sandan boshqa umid nishonimiz, hayot quvonchimiz yoʻq. Dunyoda koʻrib oʻtaturgʻan barcha orzumiz, havasimiz faqat sangagina qarab qolgʻan” degani ayni haqiqat ekanini teran anglab, his qilib turganidan chor-nochor taslim boʻladi – ikkinchi bor uylanishga rozilik beradi va bu bilan Homidning fitnalariga yoʻl ochib, Zaynabning qotilaga aylanishiga zamin tayyorlaydi.
1.2. Qahramonning favqulodda kuch-qudratga yoki aql-zakovatga egaligi va bu sifatlarini bolaligidayoq namoyon etib barchani hayratga solishi ham doston va ertaklarda koʻp uchraydigan motivlardandir. Masalan, “Alpomishda” aytilishicha, “yetti yashar bola Hakimbek oʻn toʻrt botmon yoyni qoʻliga ushlab, koʻtarib tortdi, tortib qoʻyib yubordi. Yoyni oʻqi yashinday boʻlib ketdi. Asqar togʻning katta choʻqqilarini yulib oʻtdi, ovozasi olamga ketdi”. Yoki, yetti yoshli Goʻroʻgʻli Shoxdorxonning birinchi polvoni sanalgan “Badkirning qoʻlidan ushlab bir zoʻr bilan qoʻlini yagʻrini bilan yulib oldi. Qaytarib, oʻz kaltagi bilan oʻzini, yelkasiga bir oshirib soldi. Badkirning suyaklari yerga naqsh boʻldi, badanlari ayron solgan tulupday mayda-mayda boʻldi, serrayib uppa-uzun boʻlib, oʻlib qoldi” (“Goʻroʻgʻlining tugʻilishi”). “Oʻtgan kunlar”da ham ushbu koʻhna motiv izlari bor, faqat romanda u realistik talqin qilingan. Shunga koʻra, hayot haqiqatiga sodiqlik talabi bilan Otabekning atrofdagilarni hayratga solish vaqti kechiktirilib, natijada dostonlardagi taʼriflarga xos mubolagʻaviylikdan forigʻ boʻlingan. Adib yigirma toʻrt yoshli Otabekning “dunyo kezib” chiqargan xulosalari, Rusiya va va oʻz yurtidagi tartibotlar haqidagi muhokamalarini tinglayotgan ota qadrdonlari “bekning ogʻzigʻa anqayishib qolgan edilar” deb yozadi.
1.3. Mutaxassislar arxetipik qahramon xaraketriga xos muhim xususiyatlar sifatida boʻysunmaslik, jangarilik, oʻjarlik kabilarni koʻrsatishadi. Ayni shu xususiyatlari tufayli u mavjud holat bilan kelisha olmaydi, zulm va adolatsizlikka qarshi kurashga hamisha safarbar turadi. Fikrimizcha, arxetipik qahramonga xos sifatlar sof holicha koʻproq bola Goʻroʻgʻlida saqlangan, u – tiyiqsiz, stixiyali qudrat mujassami. Goʻroʻgʻlining biroz ulgʻaygandan keyingi (u esa juda tez ulgʻayadi, masalan, Yovmitga kelgandagi oʻzini tutishi, xususan, otasini Urayxon huzuriga borishga daʼvat qilishi yetuk, sermulohaza kishilarga xos) harakatlari anglangan, ayni choqda feʼlida boʻysunmaslik, jangarilik, oʻjarlik ustuvorligicha qoladi. Bunda arxetipik qahramonga xos oʻzak xususiyatlar tadrijining modelini koʻrish mumkin: vaqt oʻtgani sari ular ham reallashib, stixiyalilik oʻrnini anglanganlik, maqsadlilik egallab boradi. Deylik, shu jihat Alpomishda oʻziga tengdosh paytidagi Goʻroʻgʻliga qaraganda ustuvorroqki, bu keyingisining qadimiyroq ekani bilan izohlanishi mumkin. Badiiy tafakkurning realizm tomon tadriji davomida arxetipik qahramon xususiyatlarini realistik adabiyotning yetakchi janri – roman oʻzlashtirdi. Xususan, Otabekda arxetipik qahramonga xos boʻysunmaslik (mas., Musulmonqul bilan toʻqnashuv sahnasi), oʻjarlik (mas., ikkinchi bor uylanishga oʻzi rozilik bergani holda yana Zaynabga jabr qilishi), jangarilik (avval shaxsiy, soʻng yurt dushmanlariga qarshi maydonga chiqishi) kabi xususiyatlar realistik ifodasini topgan.
2. Syujet motivlari.
2.1. Xalq ogʻzaki ijodida safar motivi eng koʻp tarqalgan desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki aksariyat sehrli ertak va doston qahramonlari turli maqsad (yoki sabab) bilan safarga otlanadilar: Alpomish Barchinni keltirish uchun, Kuntugʻmish Holbekani izlab, kenja shahzoda Bulbuligoʻyoni tutib kelmoq qasdida, Husanboy Oyparidan tushining taʼbirini soʻragani, Olmos botir vazirning qutqulari tufayli va h. Hayotiy-maishiy ertaklarda qahramon savdo yoki dunyoni koʻrish masadlari bilan safarga chiqadi-da, shu safar davomida boshqa sarguzashtlarni (mas., uylanish) boshdan kechiradi (“Uch avliyo”, “Hunarli yigit”). “Oʻtgan kunlar”dagi safar motivi keyingi tipga mansub. Hasanalining aytishicha, Otabek “Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachchalaridan edi, lekin uch yilcha boʻldi, xoʻjamiz madrasadan olib savdo ishiga qoʻydilar”. Shunga oʻxshash, Hakimbek yetti yoshga toʻlganida, Boyboʻribiy: “Endi oʻgʻlim savodi chiqib, mulla boʻldi, oʻgʻlimga endi shohlik, sipohilik ilmini oʻrgatayin”, deb mulladan chiqarib oldi. Yaʼni, har ikki holda ham qahramonlar yetarli ilmga ega boʻlgach, dono otalari ularni bevosita hayotiy faliyatga tayyorlash zarur deb bildilar.
2.2. Ertak va dostonlarda xat (maktub) motivining turli koʻrinishlari ancha keng uchraydi. Jumladan, xatning adresatdan yashirilishi (“Alpomish”), xat mazmunining muayyan maqsad bilan oʻzgartirilishi (“Hunarli yigit”), gʻanim xatini qoʻlga tushirish (“Ahmad Sardorning oʻlimga buyurilishi”) kabi motivlar syujetning u yoki bu tarzda rivojlanishiga jiddiy taʼsir etadi. Maʼlumki, “Oʻtgan kunlar”da Otabekning omonatiga xiyonat oʻlaroq soxta taloq xati bitilgani va Kumushga yetkazilgani syujet voqelarini yangi oʻzanga buradi.
2.3. “Rustamxon” dostonida Xuroyimni badnom qilish uchun kundoshlar yollagan maston kampir toʻrt mullaga toʻrt yuz tangani berib xat yozdiradi. Buyurtmachining talabi esa mana bunday: “oʻqiganda bir-biriga toʻgʻri kelgiday, oʻqigan odam maʼnosini bilgiday, bitgan arzang Sultonxon qoshida moʻʼtabar boʻlgiday boʻlsin”. “Oʻtgan kunlar”dagi Homid ham xatni oʻzgaga (kimligi aytilmagan, faqat taxmin qilish mumkin) yozdirgan. Kim yozgan taqdirda ham, Homid xatning ishonarli va taʼsirli boʻlishi haqida oʻylagan, bas, shu ishni uddalaydigan odamni (“qalovini”) topgan. Kumushning javob xatidan “oʻzining birinchi martaba yuborgʻan xiyonatnomasini favqulodda bir muvaffaqiyat bilan natijalanganligini” bilib qanoat hosil qiladi va ishonch bilan “Ilgarigi gal yozdirib berganimdek oʻz rejamizga muvofiqlab Otabek tilidan yana birini oʻmartirib beraman”, deydi, “Endigi xatni nihoyatda ehtiyot bilan nusxaga qarab yozdirishni koʻnglidan oʻtkazadi”. Ikkala asarda ham hayotda mavjud holat aks etgan, zero, Rustamxon zamonida ham, Xudoyorxon davrida ham pul uchun mastonlaru homidlar xizmatiga shay mullolar boʻlgan.
2.4. Dor ostidan qaytish motivi. “Rustamxon” dostonida Huroyim tuhmat bilan dorga osiladigan boʻldi, shunchalarki, bechora dorga dardini aytganida, “dor shiqirlab, joyidan qoʻzgʻalib koʻtarildi. Dor ham endi bu tuhmatdan hazar qildi”; har ne qilib oʻldirishga chogʻlangan jallodlardan shoʻrlikni oʻgʻli Rustam qutqarib oladi. “Kuntugʻmish”da esa avvaldan hukm qilib qoʻyilgan Gurkiboy bilan Mohiboyga mehri tovlab, Qalandarxon bir nima qilib hukmini bekor qilishga urinadi, nochor qolgan paytida Gurkiboyning gapidan oʻz bolalarini tanib qoladi. Otabek bilan qutidorning dor ostidan qaytishlari mohiyatan “Kuntugʻmish”ga yaqin. Zero, qushbegi ham Kumush keltirgan xatdan Yusufbek hoji bilan Otabekni “tanib oladi” va hukmni bekor qiladi.
2.5. “Tohir va Zuhra” ertagining Tohir oqib kelgan sandiq tutib olingandan keyingi syujet rivoji: “Podshoh kichik qizining aytganini qilish uchun, Tohir rozilik bermasa ham, qirq kechayu qirq kunduz toʻy-tomosha qilibdi. Qizning chiroyi ham Zuhraning chiroyidan qolishmas ekan. Lekin Tohir Zuhraga bergan vaʼdasini eslab, qizga gapirmas, qizning savoliga javob ham bermas ekan”. Koʻrib turganimizdek, “majburiyat orqasida uylanish” va sevgilisiga sadoqati bois sharʼiy xotinni “boykot qilish” motivi “Oʻtgan kunlar”da transformatsiyaga uchragan holda takrorlangan. Farqli jihatlar esa: 1) ertakda qizning otasi majburlab kuyov qilsa, romanda Otabek majburiyat orqasida uylanadi; 2) ertakda Xorazm shohining qizi Tohirga koʻngil bergan, romanda esa Zaynab toʻyga qadar Otabekni umuman tanimagan.
2.6. Koʻpgina ertak va dostonlar syujetida lahm kovlash motivi muhim halqani tashkil qiladi. Jumladan, “Bulbuligoʻyo”da kenja shahzoda uchun maymun kovlagan lahm naqd malikaning ravogʻi ostidan chiqadi; Qilich botir lahm kovlab Oqbilak oyimning oti oxuri yonidan teshik ochadi; Ziyod botir lahm kovlab Qamarni qutqaradi. Ertaklardan farqli tarzda, “Oʻtgan kunlar”da lahmni qahramon emas, uning raqibi – antagonist kovlatadi. Ayni paytda, 1) lahm qizni olib qochish uchun kovlanayotgani; 2) naqd Kumushning yotogʻi ostidan, uning, Otabek keyin yozganidek, “xafif tin olgʻandagʻi latif uxlagʻan tovshini” eshitarlik bir joydan chiqishida anʼanaviylik saqlanadi.
2.7. Yor uchun dushman bilan olishuv motivi. Ertak va dostonlarda qahramon yorga yetish yo uni qutqarish uchun dushman bilan mardona olishishi, jang qilishiga toʻgʻri keladi. Ertaklarda qahramon goh devlar, goh yalmogʻiz, goh sonsiz lashkar bilan olishsa, Goʻroʻgʻli parilar talabida devlar bilan, Alpomish esa Barchin uchun toʻqson alp bilan kurashadi. Otabekning Kumush uchun uch dushman bilan mardona kurashga kirishi ham ayni motivning realistik yoʻsindagi talqinidir.
2.8. Xalq ogʻzaki ijodida yurti (uyi)dan chiqib ketgan qahramonning koʻp yillik sarson-sargardonlikdan soʻngina qaytishi motivi juda koʻp uchraydi. Buning yorqin misoli – Kuntugʻmishning sargardonliklari. Alpomishning yetti yillik asirligini ham shu motivning bir koʻrinishi deb hisoblash mumkin. “Oʻtgan kunlar”dagi Otabek ham uyidan chiqib ketgan (Zaynabga qaramaydi, ota-onasidan xafaligi tarqamagan, goʻyo maqsadsiz teztez Margʻilonga qatnaydi, boʻzaxonalarda oʻziga taskin izlaydi; Margʻilonda boʻlsa – “haydalgan”) kabi, sargardonligi ikki yillab davom qiladi.
2.9. Oʻzni tanitish motivi. Folklor asarlarida, koʻpincha, vaziyatdan kelib chiqqan holda qahramon oʻzini tanitmay harakat qiladi va hamma muammolar bartaraf etilgandan keyingina aslida kimligi maʼlum boʻladi. Alpomish yurtidagi ahvolniyu Oybarchinning koʻnglini bilay, doʻst dushmanni taniy deb Boysunga oʻzini tanitmay qaytadi, vaziyatni obdon oʻrgangachgina ishga kirishadi. Haydalgan Otabekning usta Alimga oʻzini Shokirbek deb tanitishi va shu ism ostida ikki yillab Margʻilon qatnashlari zamirida, aytilmagan va balki toʻla anglanmagan boʻlsa ham, haqiqiy ahvolni bilish, doʻst-dushmanni tanish maqsadi yotadi.
3. Holat, baho, personajlar va boshqa oʻxshashliklar.
3.1. Xalq ogʻzaki ijodi ishqni dard, oshiqni kasal deb talqin qiladi. Shu bois aksar ertak qahramonlari yorni koʻrib behush yiqiladi, ishq oʻtining zoʻridan rangi roʻyi sargʻayib, koʻkragini zaxga berib yotadi. Dostonlarda ham shunday: Kuntugʻmish Xolbeka oyimni tushida koʻrib oshiq boʻlgan esa, suratini koʻrgach, “bir ishqi yuz boʻlib, toqat keltirolmay, behush boʻlib yiqildi”. Qoraxon har ne davo tadbirini qildi – boʻlmadi, Zangarga yuborishdan oʻzga chora yoʻq. Shunga oʻxshash, Otabekdagi oʻzgarishni kuzatib Hasanali avval “Bek ogʻriq” deb oʻylaydi, keyin, isitma ichida kabi alahsirashlarini eshitib, aniq tashxis qoʻyadi: “Bek oshiq!” Albatta, romanda oshiq holati realistik tasvirlangan, lekin anʼana izlari yaqqol seziladi, holat anʼana kontekstida qabul qilinadi.
3.2. Dushman yurtiga kelgan Ravshanxon (“Ravshan”) oʻzni tanitmaslik uchun shohona liboslarini yechib, “bir kambagʻal, yetim bola” boʻladi. Biroq unga mehri tushib oʻgʻil qilib olmoqchi boʻlgan kampir “qaddi bastiga qarab” oʻylaydiki, bu “yo bir podshoning bolasi, yo bir katta bekning bolasi, yo bir asilzoda, bir oqsuyak eshonning bolasi, albatta, bu bola bezot, noasil odamning bolasi emas”. Shunga oʻxshash holat koʻplab folklor namunalarida kuzatiladi: qahramon gohi atay, taqdir hukmi bilan oʻta ayanch ahvolga tushib qoladi, biroq shunda ham juldur kiyim-bosh ichida asilzodani tanib oluvchilar boʻladi. Folklorda, ayniqsa, dostonlarda aslzodalarga ayricha hurmat bilan (garchi “sinfiy ong”imiz rivojlangan davrda bu narsa toʻla inkor qilingan boʻlsa-da) munosabatda boʻlinadi. Tabiiyki, insonga baho berishda nasl-nasab muhim mezon sanalgan, maqtovga kelganda “kelbating shahzodalardek”, “tarzing bekzodalardek” kabi iboralar ishlatilgani shundan. Yaʼni Zulxumorning kanizlari Ravshanxon haqida “Shunday yigit loyiq shohning qiziga” deganlari ham, shu anʼana va milliy mentalitet oʻramida Otabekka berilgan “Xon qiziga loyiq bir yigit” taʼrifi ham yuksak bahodir.
3.3. Maʼlumki, folklorning oʻz personajlar galereyasi bor va har bir asarda ulardan bir qismi muayyan kombinatsiyada ishtirok etadi. “Oʻtgan kunlar”ning personajlar tizimiga ham shunday kombinatsiyalardan biri sifatida qarash mumkin: mard, jasurligu aql-zakovatda tengsiz oshiq qahramon – Otabek; goʻzalligu latofatda beqiyos maʼshuqa – Kumush, qahramonni hamisha asrab-avaylab, yordam va maslahat berib turuvchi homiy – Hasanali; qiyomatlik sodiq doʻst – usta Olim; ashaddiy raqib – Homid; raqibning pul uchun har nega hozir shotirlari – Sodiq va Mutal hamda yovuz ishlaridagi koʻmakchisi jodugar – Jannat.
Albatta, biz yuqoridagi kabi mushtarak nuqtalarning koʻpiga toʻxtalmadik, ayrimlarini koʻra olmaganimiz ham hech shubhasiz. Zero, har ishning oʻz egasi tomonidan qilingani durust, kaminaga mutaxassis folklorshunos nigohi yetishmadi, ish boshlashdan avval tugʻilgan andisha bejiz emas ekan. Ish davomida esa yana bir andisha tugʻildi: xoʻp, oʻxshashliklar bor ekan, ularni topishu tavsiflashdan muddao nima? Nazarimda, oʻxshashliklarni izlab topishdan maqsad izlab topishning oʻzi boʻlib qolayotgandek, yaʼni, Afandi aytgancha, “bizga shaqirlashi qolayotgandek”. Ilgariroq boshqa bir munosabat bilan “Oʻtgan kunlar”ning muvaffaqiyatini taʼmin etgan omillarga toʻxtalib, “Romanning “tez shuhrat topib qoʻlma-qoʻl oʻqilishiga sabab boʻlgan bosh omil, bizningcha, uning tom maʼnoda milliy adabiy anʼanalar zaminida turganidir”, deb yozgandim. Oʻylasam, bu fikrni eskitdan turli shakllarda aytib kelaman ekan-u, unga isbotlanishi shart boʻlmagan aksiomadek qarar ekanman. Mifopoetik yondashuv esa, masalan, mazkur fikrni ilmiy asoslash imkonini yaratar ekan. Aytmoqchimanki, adabiyotshunoslikka oid ishlarda ushbu tahlil usulidan qoʻshimcha sifatida foydalanish mavjud kemtiklarni toʻldirishga yordam beradi. Shuni oʻylab, folklorshunos doʻstlarimiz biz yoʻl qoʻygan kamchiliklarni toʻlatib, mifopoetik tahlil imkoniyatlarini toʻliq namoyish etib beradilar degan umidda qolamiz.
2015 yil
Мифопоэтик таҳлил ёки мифопоэтик ёндашув адабий асарда қадимги мифларнинг изларини топиш, унда қадим мифларга хос мотивлар, архетиплар қай йўсин трансформацияланган ҳолда акс этганини кўрсатиб беришни мақсад қилади. Тарихан бундай ёндашув илдизлари XIX аср Ғарб адабиётшунослигида шаклланган мифологик мактабга бориб тақалади. Ушбу мактаб вакиллари адабиётнинг келиб чиқишини мифлар билан боғлаган ҳолда мифни инсон ижодий фаолиятининг асосий омили деб тушунади. Шунинг учун ҳам улар адабиётнинг мифлар, умуман, халқ оғзаки ижоди билан алоқасини ўрганишга айрича эътибор берганлар. Кейинча, ХХ асрнинг 30-йилларида майдонга чиққан ритуал-мифологик мактаб уларнинг анъанасини давом эттириш билан бирга, масалага янада чуқурроқ қараш – К.Юнг таълимотига таянган ҳолда адабий асардан инсоният хотирасида “коллектив онгсизлик” маҳсули тарзида яшаётган архетипларни топиш ва тавсифлаш, асарни шу асосда тушунтириш йўлидан борди. Мифологик мактаб миф ва фольклор асарларида ижодий тасаввурга қанот берувчи манбани, ритуал-мифологик танқид унинг структурасини белгиловчи бош омилни кўрди, бу эса ҳар қандай асар структурасини архетиплар белгилайди деганидир. Шундан келиб чиқиб, улар ўз қарашларини энг қадимги асарлардан тортиб, то бугунги кунда яратилаётган асарларгача татбиқ этиш, яъни универсал дея мутлақлаштириш йўлидан бордилар.
Муайян илмий қарашни мутлақлаштириш, у ёки бу методни универсал санаш фикридан йироқ бўлганимиз ҳолда, мифопоэтик таҳлил методини қўллашни “Ўтган кунлар” мисолида тажриба қилиб кўришга жазм қилдик. Аждодлардан мерос оғзаки ижод намуналаридан оддий бир зиёли даражасида хабардор одам нигоҳига қуйидагилар илашди:
1. Қаҳрамонга хос сифатлар.
1.1. Қаҳрамоннинг тилаб олинган, яъни узоқ вақт фарзанд кўрмаган хонадонда, яна аксар илоҳий кучлар аралашуви билан дунёга келган ёлғиз фарзанд экани. Ушбу мотив халқ оғзаки ижодида жуда кенг тарқалган бўлиб, кўплаб достон (мас., “Алпомиш”, “Рустамхон”) ва эртакларда (мас.: “Тоҳир ва Зуҳра”, “Олмос ботир” ) турлича йўсинларда талқин қилинади. “Ўтган кунлар”даги Отабекнинг “тилаб олинган”, яъни узоқ кутилган фарзанд экани ҳам матндан аниқ англашилади. Агарда “Ўзбек ойим элли беш ёшлар чамалиқ” экани, Отабекнинг эса, Ҳасанали айтишича, “бу йил ҳамдуна бўлса тўппа-тўғри йигирма тўрт ёшга қадам қўйиши”ни эътиборга олсак, Ўзбек ойим ўттизидан ўтиб фарзанд кўргани аён бўлади. Отабекнинг ёлғиз фарзанд экани сюжет ривожида ҳал қилувчи аҳамият касб этади. Зеро, у Юсуфбек ҳожининг “бизнинг сандан бошқа умид нишонимиз, ҳаёт қувончимиз йўқ. Дунёда кўриб ўтатурған барча орзумиз, ҳавасимиз фақат сангагина қараб қолған” дегани айни ҳақиқат эканини теран англаб, ҳис қилиб турганидан чор-ночор таслим бўлади – иккинчи бор уйланишга розилик беради ва бу билан Ҳомиднинг фитналарига йўл очиб, Зайнабнинг қотилага айланишига замин тайёрлайди.
1.2. Қаҳрамоннинг фавқулодда куч-қудратга ёки ақл-заковатга эгалиги ва бу сифатларини болалигидаёқ намоён этиб барчани ҳайратга солиши ҳам достон ва эртакларда кўп учрайдиган мотивлардандир. Масалан, “Алпомишда” айтилишича, “етти яшар бола Ҳакимбек ўн тўрт ботмон ёйни қўлига ушлаб, кўтариб тортди, тортиб қўйиб юборди. Ёйни ўқи яшиндай бўлиб кетди. Асқар тоғнинг катта чўққиларини юлиб ўтди, овозаси оламга кетди”. Ёки, етти ёшли Гўрўғли Шохдорхоннинг биринчи полвони саналган “Бадкирнинг қўлидан ушлаб бир зўр билан қўлини яғрини билан юлиб олди. Қайтариб, ўз калтаги билан ўзини, елкасига бир ошириб солди. Бадкирнинг суяклари ерга нақш бўлди, баданлари айрон солган тулупдай майда-майда бўлди, серрайиб уппа-узун бўлиб, ўлиб қолди” (“Гўрўғлининг туғилиши”). “Ўтган кунлар”да ҳам ушбу кўҳна мотив излари бор, фақат романда у реалистик талқин қилинган. Шунга кўра, ҳаёт ҳақиқатига содиқлик талаби билан Отабекнинг атрофдагиларни ҳайратга солиш вақти кечиктирилиб, натижада достонлардаги таърифларга хос муболағавийликдан фориғ бўлинган. Адиб йигирма тўрт ёшли Отабекнинг “дунё кезиб” чиқарган хулосалари, Русия ва ва ўз юртидаги тартиботлар ҳақидаги муҳокамаларини тинглаётган ота қадрдонлари “бекнинг оғзиға анқайишиб қолган эдилар” деб ёзади.
1.3. Мутахассислар архетипик қаҳрамон харакетрига хос муҳим хусусиятлар сифатида бўйсунмаслик, жангарилик, ўжарлик кабиларни кўрсатишади. Айни шу хусусиятлари туфайли у мавжуд ҳолат билан келиша олмайди, зулм ва адолатсизликка қарши курашга ҳамиша сафарбар туради. Фикримизча, архетипик қаҳрамонга хос сифатлар соф ҳолича кўпроқ бола Гўрўғлида сақланган, у – тийиқсиз, стихияли қудрат мужассами. Гўрўғлининг бироз улғайгандан кейинги (у эса жуда тез улғаяди, масалан, Ёвмитга келгандаги ўзини тутиши, хусусан, отасини Урайхон ҳузурига боришга даъват қилиши етук, сермулоҳаза кишиларга хос) ҳаракатлари англанган, айни чоқда феълида бўйсунмаслик, жангарилик, ўжарлик устуворлигича қолади. Бунда архетипик қаҳрамонга хос ўзак хусусиятлар тадрижининг моделини кўриш мумкин: вақт ўтгани сари улар ҳам реаллашиб, стихиялилик ўрнини англанганлик, мақсадлилик эгаллаб боради. Дейлик, шу жиҳат Алпомишда ўзига тенгдош пайтидаги Гўрўғлига қараганда устуворроқки, бу кейингисининг қадимийроқ экани билан изоҳланиши мумкин. Бадиий тафаккурнинг реализм томон тадрижи давомида архетипик қаҳрамон хусусиятларини реалистик адабиётнинг етакчи жанри – роман ўзлаштирди. Хусусан, Отабекда архетипик қаҳрамонга хос бўйсунмаслик (мас., Мусулмонқул билан тўқнашув саҳнаси), ўжарлик (мас., иккинчи бор уйланишга ўзи розилик бергани ҳолда яна Зайнабга жабр қилиши), жангарилик (аввал шахсий, сўнг юрт душманларига қарши майдонга чиқиши) каби хусусиятлар реалистик ифодасини топган.
2. Сюжет мотивлари.
2.1. Халқ оғзаки ижодида сафар мотиви энг кўп тарқалган десак, асло муболаға бўлмайди. Чунки аксарият сеҳрли эртак ва достон қаҳрамонлари турли мақсад (ёки сабаб) билан сафарга отланадилар: Алпомиш Барчинни келтириш учун, Кунтуғмиш Ҳолбекани излаб, кенжа шаҳзода Булбулигўёни тутиб келмоқ қасдида, Ҳусанбой Ойпаридан тушининг таъбирини сўрагани, Олмос ботир вазирнинг қутқулари туфайли ва ҳ. Ҳаётий-маиший эртакларда қаҳрамон савдо ёки дунёни кўриш масадлари билан сафарга чиқади-да, шу сафар давомида бошқа саргузаштларни (мас., уйланиш) бошдан кечиради (“Уч авлиё”, “Ҳунарли йигит”). “Ўтган кунлар”даги сафар мотиви кейинги типга мансуб. Ҳасаналининг айтишича, Отабек “Бекларбеги мадрасасининг пешқадам муллабаччаларидан эди, лекин уч йилча бўлди, хўжамиз мадрасадан олиб савдо ишига қўйдилар”. Шунга ўхшаш, Ҳакимбек етти ёшга тўлганида, Бойбўрибий: “Энди ўғлим саводи чиқиб, мулла бўлди, ўғлимга энди шоҳлик, сипоҳилик илмини ўргатайин”, деб мулладан чиқариб олди. Яъни, ҳар икки ҳолда ҳам қаҳрамонлар етарли илмга эга бўлгач, доно оталари уларни бевосита ҳаётий фалиятга тайёрлаш зарур деб билдилар.
2.2. Эртак ва достонларда хат (мактуб) мотивининг турли кўринишлари анча кенг учрайди. Жумладан, хатнинг адресатдан яширилиши (“Алпомиш”), хат мазмунининг муайян мақсад билан ўзгартирилиши (“Ҳунарли йигит”), ғаним хатини қўлга тушириш (“Аҳмад Сардорнинг ўлимга буюрилиши”) каби мотивлар сюжетнинг у ёки бу тарзда ривожланишига жиддий таъсир этади. Маълумки, “Ўтган кунлар”да Отабекнинг омонатига хиёнат ўлароқ сохта талоқ хати битилгани ва Кумушга етказилгани сюжет воқеларини янги ўзанга буради.
2.3. “Рустамхон” достонида Хуройимни бадном қилиш учун кундошлар ёллаган мастон кампир тўрт муллага тўрт юз тангани бериб хат ёздиради. Буюртмачининг талаби эса мана бундай: “ўқиганда бир-бирига тўғри келгидай, ўқиган одам маъносини билгидай, битган арзанг Султонхон қошида мўътабар бўлгидай бўлсин”. “Ўтган кунлар”даги Ҳомид ҳам хатни ўзгага (кимлиги айтилмаган, фақат тахмин қилиш мумкин) ёздирган. Ким ёзган тақдирда ҳам, Ҳомид хатнинг ишонарли ва таъсирли бўлиши ҳақида ўйлаган, бас, шу ишни уддалайдиган одамни (“қаловини”) топган. Кумушнинг жавоб хатидан “ўзининг биринчи мартаба юборған хиёнатномасини фавқулодда бир муваффақият билан натижаланганлигини” билиб қаноат ҳосил қилади ва ишонч билан “Илгариги гал ёздириб берганимдек ўз режамизга мувофиқлаб Отабек тилидан яна бирини ўмартириб бераман”, дейди, “Эндиги хатни ниҳоятда эҳтиёт билан нусхага қараб ёздиришни кўнглидан ўтказади”. Иккала асарда ҳам ҳаётда мавжуд ҳолат акс этган, зеро, Рустамхон замонида ҳам, Худоёрхон даврида ҳам пул учун мастонлару ҳомидлар хизматига шай муллолар бўлган.
2.4. Дор остидан қайтиш мотиви. “Рустамхон” достонида Ҳуройим туҳмат билан дорга осиладиган бўлди, шунчаларки, бечора дорга дардини айтганида, “дор шиқирлаб, жойидан қўзғалиб кўтарилди. Дор ҳам энди бу туҳматдан ҳазар қилди”; ҳар не қилиб ўлдиришга чоғланган жаллодлардан шўрликни ўғли Рустам қутқариб олади. “Кунтуғмиш”да эса аввалдан ҳукм қилиб қўйилган Гуркибой билан Моҳибойга меҳри товлаб, Қаландархон бир нима қилиб ҳукмини бекор қилишга уринади, ночор қолган пайтида Гуркибойнинг гапидан ўз болаларини таниб қолади. Отабек билан қутидорнинг дор остидан қайтишлари моҳиятан “Кунтуғмиш”га яқин. Зеро, қушбеги ҳам Кумуш келтирган хатдан Юсуфбек ҳожи билан Отабекни “таниб олади” ва ҳукмни бекор қилади.
2.5. “Тоҳир ва Зуҳра” эртагининг Тоҳир оқиб келган сандиқ тутиб олингандан кейинги сюжет ривожи: “Подшоҳ кичик қизининг айтганини қилиш учун, Тоҳир розилик бермаса ҳам, қирқ кечаю қирқ кундуз тўй-томоша қилибди. Қизнинг чиройи ҳам Зуҳранинг чиройидан қолишмас экан. Лекин Тоҳир Зуҳрага берган ваъдасини эслаб, қизга гапирмас, қизнинг саволига жавоб ҳам бермас экан”. Кўриб турганимиздек, “мажбурият орқасида уйланиш” ва севгилисига садоқати боис шаръий хотинни “бойкот қилиш” мотиви “Ўтган кунлар”да трансформацияга учраган ҳолда такрорланган. Фарқли жиҳатлар эса: 1) эртакда қизнинг отаси мажбурлаб куёв қилса, романда Отабек мажбурият орқасида уйланади; 2) эртакда Хоразм шоҳининг қизи Тоҳирга кўнгил берган, романда эса Зайнаб тўйга қадар Отабекни умуман танимаган.
2.6. Кўпгина эртак ва достонлар сюжетида лаҳм ковлаш мотиви муҳим ҳалқани ташкил қилади. Жумладан, “Булбулигўё”да кенжа шаҳзода учун маймун ковлаган лаҳм нақд маликанинг равоғи остидан чиқади; Қилич ботир лаҳм ковлаб Оқбилак ойимнинг оти охури ёнидан тешик очади; Зиёд ботир лаҳм ковлаб Қамарни қутқаради. Эртаклардан фарқли тарзда, “Ўтган кунлар”да лаҳмни қаҳрамон эмас, унинг рақиби – антагонист ковлатади. Айни пайтда, 1) лаҳм қизни олиб қочиш учун ковланаётгани; 2) нақд Кумушнинг ётоғи остидан, унинг, Отабек кейин ёзганидек, “хафиф тин олғандағи латиф ухлаған товшини” эшитарлик бир жойдан чиқишида анъанавийлик сақланади.
2.7. Ёр учун душман билан олишув мотиви. Эртак ва достонларда қаҳрамон ёрга етиш ё уни қутқариш учун душман билан мардона олишиши, жанг қилишига тўғри келади. Эртакларда қаҳрамон гоҳ девлар, гоҳ ялмоғиз, гоҳ сонсиз лашкар билан олишса, Гўрўғли парилар талабида девлар билан, Алпомиш эса Барчин учун тўқсон алп билан курашади. Отабекнинг Кумуш учун уч душман билан мардона курашга кириши ҳам айни мотивнинг реалистик йўсиндаги талқинидир.
2.8. Халқ оғзаки ижодида юрти (уйи)дан чиқиб кетган қаҳрамоннинг кўп йиллик сарсон-саргардонликдан сўнгина қайтиши мотиви жуда кўп учрайди. Бунинг ёрқин мисоли – Кунтуғмишнинг саргардонликлари. Алпомишнинг етти йиллик асирлигини ҳам шу мотивнинг бир кўриниши деб ҳисоблаш мумкин. “Ўтган кунлар”даги Отабек ҳам уйидан чиқиб кетган (Зайнабга қарамайди, ота-онасидан хафалиги тарқамаган, гўё мақсадсиз тезтез Марғилонга қатнайди, бўзахоналарда ўзига таскин излайди; Марғилонда бўлса – “ҳайдалган”) каби, саргардонлиги икки йиллаб давом қилади.
2.9. Ўзни танитиш мотиви. Фольклор асарларида, кўпинча, вазиятдан келиб чиққан ҳолда қаҳрамон ўзини танитмай ҳаракат қилади ва ҳамма муаммолар бартараф этилгандан кейингина аслида кимлиги маълум бўлади. Алпомиш юртидаги аҳволнию Ойбарчиннинг кўнглини билай, дўст душманни таний деб Бойсунга ўзини танитмай қайтади, вазиятни обдон ўргангачгина ишга киришади. Ҳайдалган Отабекнинг уста Алимга ўзини Шокирбек деб танитиши ва шу исм остида икки йиллаб Марғилон қатнашлари замирида, айтилмаган ва балки тўла англанмаган бўлса ҳам, ҳақиқий аҳволни билиш, дўст-душманни таниш мақсади ётади.
3. Ҳолат, баҳо, персонажлар ва бошқа ўхшашликлар.
3.1. Халқ оғзаки ижоди ишқни дард, ошиқни касал деб талқин қилади. Шу боис аксар эртак қаҳрамонлари ёрни кўриб беҳуш йиқилади, ишқ ўтининг зўридан ранги рўйи сарғайиб, кўкрагини захга бериб ётади. Достонларда ҳам шундай: Кунтуғмиш Холбека ойимни тушида кўриб ошиқ бўлган эса, суратини кўргач, “бир ишқи юз бўлиб, тоқат келтиролмай, беҳуш бўлиб йиқилди”. Қорахон ҳар не даво тадбирини қилди – бўлмади, Зангарга юборишдан ўзга чора йўқ. Шунга ўхшаш, Отабекдаги ўзгаришни кузатиб Ҳасанали аввал “Бек оғриқ” деб ўйлайди, кейин, иситма ичида каби алаҳсирашларини эшитиб, аниқ ташхис қўяди: “Бек ошиқ!” Албатта, романда ошиқ ҳолати реалистик тасвирланган, лекин анъана излари яққол сезилади, ҳолат анъана контекстида қабул қилинади.
3.2. Душман юртига келган Равшанхон (“Равшан”) ўзни танитмаслик учун шоҳона либосларини ечиб, “бир камбағал, етим бола” бўлади. Бироқ унга меҳри тушиб ўғил қилиб олмоқчи бўлган кампир “қадди бастига қараб” ўйлайдики, бу “ё бир подшонинг боласи, ё бир катта бекнинг боласи, ё бир асилзода, бир оқсуяк эшоннинг боласи, албатта, бу бола безот, ноасил одамнинг боласи эмас”. Шунга ўхшаш ҳолат кўплаб фольклор намуналарида кузатилади: қаҳрамон гоҳи атай, тақдир ҳукми билан ўта аянч аҳволга тушиб қолади, бироқ шунда ҳам жулдур кийим-бош ичида асилзодани таниб олувчилар бўлади. Фольклорда, айниқса, достонларда аслзодаларга айрича ҳурмат билан (гарчи “синфий онг”имиз ривожланган даврда бу нарса тўла инкор қилинган бўлса-да) муносабатда бўлинади. Табиийки, инсонга баҳо беришда насл-насаб муҳим мезон саналган, мақтовга келганда “келбатинг шаҳзодалардек”, “тарзинг бекзодалардек” каби иборалар ишлатилгани шундан. Яъни Зулхуморнинг канизлари Равшанхон ҳақида “Шундай йигит лойиқ шоҳнинг қизига” деганлари ҳам, шу анъана ва миллий менталитет ўрамида Отабекка берилган “Хон қизига лойиқ бир йигит” таърифи ҳам юксак баҳодир.
3.3. Маълумки, фольклорнинг ўз персонажлар галереяси бор ва ҳар бир асарда улардан бир қисми муайян комбинацияда иштирок этади. “Ўтган кунлар”нинг персонажлар тизимига ҳам шундай комбинациялардан бири сифатида қараш мумкин: мард, жасурлигу ақл-заковатда тенгсиз ошиқ қаҳрамон – Отабек; гўзаллигу латофатда беқиёс маъшуқа – Кумуш, қаҳрамонни ҳамиша асраб-авайлаб, ёрдам ва маслаҳат бериб турувчи ҳомий – Ҳасанали; қиёматлик содиқ дўст – уста Олим; ашаддий рақиб – Ҳомид; рақибнинг пул учун ҳар нега ҳозир шотирлари – Содиқ ва Мутал ҳамда ёвуз ишларидаги кўмакчиси жодугар – Жаннат.
Албатта, биз юқоридаги каби муштарак нуқталарнинг кўпига тўхталмадик, айримларини кўра олмаганимиз ҳам ҳеч шубҳасиз. Зеро, ҳар ишнинг ўз эгаси томонидан қилингани дуруст, каминага мутахассис фольклоршунос нигоҳи етишмади, иш бошлашдан аввал туғилган андиша бежиз эмас экан. Иш давомида эса яна бир андиша туғилди: хўп, ўхшашликлар бор экан, уларни топишу тавсифлашдан муддао нима? Назаримда, ўхшашликларни излаб топишдан мақсад излаб топишнинг ўзи бўлиб қолаётгандек, яъни, Афанди айтганча, “бизга шақирлаши қолаётгандек”. Илгарироқ бошқа бир муносабат билан “Ўтган кунлар”нинг муваффақиятини таъмин этган омилларга тўхталиб, “Романнинг “тез шуҳрат топиб қўлма-қўл ўқилишига сабаб бўлган бош омил, бизнингча, унинг том маънода миллий адабий анъаналар заминида турганидир”, деб ёзгандим. Ўйласам, бу фикрни эскитдан турли шаклларда айтиб келаман экан-у, унга исботланиши шарт бўлмаган аксиомадек қарар эканман. Мифопоэтик ёндашув эса, масалан, мазкур фикрни илмий асослаш имконини яратар экан. Айтмоқчиманки, адабиётшуносликка оид ишларда ушбу таҳлил усулидан қўшимча сифатида фойдаланиш мавжуд кемтикларни тўлдиришга ёрдам беради. Шуни ўйлаб, фольклоршунос дўстларимиз биз йўл қўйган камчиликларни тўлатиб, мифопоэтик таҳлил имкониятларини тўлиқ намойиш этиб берадилар деган умидда қоламиз.
2015 йил
Dilmurod Quronov