← Dilmurod Quronov
|

Ehtirom

Dilmurod Quronov

Maqola

Ustoz Umarali Normatov haqida soʻz borarkan gapni u kishi qariyb chorak asr boshqargan OʻzMUning hozirgi oʻzbek adabiyoti kafedrasidan, unga nisbatan chuqur minnatdorlik va ehtiromim izxoridan boshlagim keladi. Zero, bir kun tuz ichgan joyga qirq kun salom lozim. Men esa bundan oʻn yil ilgari ilmiy ish qilish niyati-la poytaxtga borib, olti yil shu dargoh tuzini totdim...- har qancha ehtiromim boʻlsa ozdek koʻrinadi. Bir shogird sifatida shu dargohdan - laborant Mastura opadan tortib mudirigacha - barchalaridan umrbod minnatdorman...

Aspirantlik davrimni eslasam, kafedra alohida bir olam boʻlgandek, alohida olam sifatida yashagandek tuyuladi menga. Zero, adabiyot haqida gapiruvchilar ozaya boshlagan paytlarda ham kafedra kunlari salom-alikdan soʻng adabiyotdan boshlangan gap yana adabiyot bilan tugallanar edi. Tasavvur qiling: Umarali domla oʻzi yangi oʻqigan asari haqida hayajonlanib xayratini izhor qilsa, Norboy aka zumda uni "hech narsaga arzimaydi"ga chiqaradi, Ozod domla vazminlik bilan mantiqli xulosa yasaydi... alalxusus, har uchalasining gaplarini ogʻzini ochib eshitgan shogirdlarning "xomak" fikrlari yetiladi, masalani turli nuqtalardan mulohaza qiladi - kafedraning begim kunlaridayoq pishib boradi... Konkret masalada turlicha, hatto baʼzan bir-biriga zid fikrda boʻluvchi bu kishilarni bir narsa - soʻz sanʼatiga cheksiz muhabbat birlashtirgandiki, nazarimda, xotiramdagi kafedra bir SHAXS misoli shakllangandek, oʻzining muqim mavqei, oʻz qiyofasiga ega edi. Yaxshiroq razm solgan kishi bu QIYoFAdagi prinsipiallik va mulohazakorlik Ozod Sharafiddinovdan, shiddat va jangarilik Norboy akadan, hayrat va samimiyat Umarali akadan ekanligini sezib olishi qiyin emas edi...

Kamina shu kafedraning aʼzosi, O.Sharofiddinovning nevara shogirdiyu Umarali akaning oʻz shogirdi ekanligim bilan fahr etarkan, ayni shu narsa menga koʻp eshiklarni ochgani, koʻpincha oʻzgalarning menga munosabatini belgilagani va belgilab kelayotganini minnatdorlik bilan aytgim keladi...

Ha, shundoq kafedraning qiyofasini, undagi ilmiy-ijodiy havoni belgilagan zotlardan biri ustozim Umarali Normatov boʻladilar.

Umarali Normatov - katta olim. Biroq katta olimlarning bari ham u kishidek katta odam emas, katta odamlarning bari ham ustozdek kichikkoʻngil boʻlolmaydi. Ulugʻ insonlarga xos bagʻrikenglikni domlaning shogirdlariga munosabatida koʻraman.

Sir emaski, shogirdning ilmdagi odimi qanday boʻlishi koʻp jihatdan ustozga bogʻliq. Aspirantlar uyida yashagach, boshqa tolibul ilmlar bilan gaplashasan: ustoz shogirdlar orasida kinolarda koʻrsatilgandek, romanlarda yozilgandek noravo munosabatlar mavjudligini his etasan. Aspirantlarning mahzunlik bilan: "Ishning qoralamasini domlamga berganman, besh oy boʻldi hali oʻqib bermadi..." deganlariga guvohman. Katta olim - Katta odamga emas, katta olimgagina shogird boʻlgan yigitga dildan achinaman, taqdir olim Umarali akaga roʻbaroʻ qilganiga shukronalar aytaman. Aytmay boʻladimi, axir... Maqolami, boshqami tayyorlasam, dushanbani (kafedra kuni) moʻljallab boraman - domlaning qoʻliga beraman. Chorshanba kuni qoralamamni (xajmidan qatʼiy nazar) keltirib qoʻlimga beradi. •oralamani varaqlasangiz, chetlarida qator tuzatishlar, izohlar - domla astoydil oʻqiganidan darak beradi. Ana endi xolis ayting, aspiranturani ham, doktoranturani ham muddatidan oldin tugatganim mening xizmatimmi yo domlamning?!

Umarali aka adabiyot haqida gapirganimda befarq, loaqal xotirjam boʻlolmaydi - adabiyot allaqachon ustozning shaxsiy ishiga, hayoti mazmuniga aylanib boʻlgan. Domla benihoya sahiy odam. U kishi oʻzi zavq olgan asar haqidagi taassurotini tezroq ulashishga intiladi, loaqal asarda oʻzi inkishof etgan nozik nuktalarni-da sir saqlamaydi. Umarali aka suhbati goʻzal inson, chunki u kishining suhbati asosan adabiyot haqida boʻladi. Domla oʻqigan asari haqida " Voy boʻy-y... buni qarang endi..." deb gap boshlaydi-yu, u kishidagi xayrat sezdirmaygina sizga koʻchadi - oʻsha asarni oʻqish yo qayta oʻqish istagi tugʻiladi...

Umarali akada meni har vaqt lol qoldirib keladigan narsa - mutolaga oʻchlik. Domla adabiyotimizda paydo boʻlgan yangiliklarni qoldirmay kuzatadi. Adabiyot haqida suxbatimiz koʻpincha "falon asarni oʻqidingizmi?" soʻrogʻidan boshlanadi ("yoʻq" deyish uyat, oʻqimagan boʻlsam ham tasdiq ishorasini qilaman, keyin albatta oʻqib chiqaman). Domlaning asar haqidagi taasurotlarini eshitarkanman, shunday ulugʻ yoshida ham badiiyatdan shu darajada xayratlana olayotgan, yoshlardan-da quyuq ehtiroc-la gapirayotgan insonga havasim keladi... - domlaga oʻxshagim kelib ketadi...

Men hurmatli ustozimga, ustozni eslaganda koʻzimdan oʻtuvchi kafedraga chuqur extiromimni izhor qilarkanman, xudbinligim tutadi-yu, domladan oʻtinaman: "Ibodatlaringizda bizni ham duo qiling, ustoz, bizga ham sizning yoʻlingizni bersin, ilohim..."

A.Oripovning 60-yillar sheʼriyatida tarix konsepsiyasi

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov