← Dilmurod Quronov
|

Talabchanlik zarur ammo

Dilmurod Quronov

Maqola · 2006 · OʻzAS, 2006, oktyabr

Professor Sanjar Sodiq keyingi vaqtda matbuotda juda faol qatnashib, oʻzining keskin tanqidiy chiqishlari bilan jamoatchilik eʼtiborini tortib kelmoqda. Albatta, adabiy tanqiddagi printsipiallik, talabchanlik, murosasizlik – bari zarur narsalar. Biroq “printsipial munaqqid” degan “imij”ni hosil qilish uchun faqat kamchiliklar, salbiy jihatlarga urgʻu berish, ijobiy tomonlarni koʻrolmaslik nomaqbul yoʻldir. S.Sodiqning soʻnggi yillarda eʼlon qilingan O.Muxtor, U.Hamdam, H.Umurov asarlari haqidagi maqolalarida shu xil urinish kuzatiladi. Nazarimda, munaqqidning “Tanqidchiligimizning mashaqqatli yoʻli” (“Sharq Yulduzi”, 2006, №3) nomli maqolasi har qanday meʼyordan chiqish, biroz soxtalik bilan yaratilgan “imij”ni saqlash yoʻlidagi yana bir urinish boʻlgan koʻrinadi. Bilarsiz, tojik birodarlarimizda yaxshi bir naql bor: “Zoʻri behuda miyon meshikanad”

Maqolada B.Rahmonovning “Oʻzbek adabiy tanqidchiligi” nomli qoʻllanmasi haqida soʻz boradi. Avvalo, mutaxassis sifatida muhtaram domlamizga ham yaxshi maʼlumki, oʻzbek adabiy tanqidchiligi tarixi boʻyicha yaqin oʻrtada biron bir qoʻllanma chiqmagan edi. Viloyat universitetlaridan birida oʻn yillar shu fanni oʻqitib kelayotgan bir mutaxassis shu boʻshliqni qoʻldan kelgancha toʻldirmoqchi boʻlgan ekan, buni qutlab qoʻyish oʻrinli boʻlur edi. Lekin S.Sodiq buni oʻziga ep koʻrmaydi: “tuya hammomni orzulabdi-da” deya miyiqda kulganday, gapni toʻgʻridan toʻgʻri “urish”dan boshlaydi. Munaqqid oldindan oʻz oldiga aniq maqsad qoʻygan: maqola B.Rahmonovning “Oʻzbek adabiy tanqidchiligi” nomli qoʻllanmasi talabga javob bermaydi, degan hukm bilan yakun topmogʻi kerak. Maqsad tayin etilgach, maqola muallifi oʻz “imij”iga mos holda faqat kamchilik koʻrsatish yoʻlidan boradi. Bu ham mayli, S.Sodiq fikrlarini asoslash kerakligi haqida koʻpda qaygʻurib oʻtirmaydi. Natijada sarlavhaga chiqarilgan maqol oʻz isbotini topadi: behuda zoʻr berilgani bois maqolaning “beli chiqib” ketadi, belidan, asosidan mahrum har qanday narsa kabi notavon bir holga kelib qoladi.

S.Sodiqning fikricha, B.Rahmonov “eskirib qolgan kitoblarga tayanib, adabiy tanqidning quyidagi taʼrifini taqdim etadi: “Tanqid” soʻzining istilohiy maʼnosini “asarning mazmun mohiyatini ochish, gʻoyaviy-badiiy qimmatini belgilash, yutuq va kamchiliklarini xolis koʻrsatgan holda baho berish maqsadida muhokama qilmoq” tarzida tushunilgani toʻgʻriroq boʻladi”. Keltirilgan parchaning qoraytirilgan qismi qoʻllanmadan olingani eʼtiborga olinsa, S.Sodiq ochiqdan ochiq tuhmat yoʻliga oʻtgani koʻrinadi. Zero, bu oʻrinda adabiy tanqidga taʼrif berilayotgani yoʻq, gap “tanqid” soʻzining istilohiy maʼnosi haqida bormoqda. Ehtimol, kimgadir bu hol yanglish tushunish oqibatigina boʻlib tuyular va bizning “ochiqdan ochiq tuhmat yoʻliga oʻtadi” deganimiz oshirib yuborilgandek koʻrinar?! Afsuski, bunday emas. Negaki, keltirilgan parcha qoʻllanmaning “Tanqid” atamasi” nomli faslchasidan olingan, shuning oʻziyoq “yanglish tushunish”ni istisno qiladi. Qoʻllanma muallifi “til amaliyotida, ayniqsa, soʻzlashuv tilida mazkur soʻz (yaʼni, “tanqid” soʻzi - D.Q) birmuncha tor maʼnoda qoʻllanilib, koʻproq “biror narsaning kamchiliklarini ochib berish, fosh etish” maʼnosida (3-bet) tushunilishi, bu esa soʻzning istilohiy maʼnosidan tamom farqli ekanini taʼkidlaydi. Bizningcha, B.Rahmonov didaktik jihatdan toʻgʻri yoʻl tutgan: avval atama maʼnosini aniqlashtirib oladi, soʻng shu asosda predmet – adabiy tanqid mohiyatini tushuntirishga oʻtadi, yaʼni, soddadan murakkabga tomon boradi. Professor S.Sodiq esa buni tushunishni istamaydi, matndan yulib olingan jumlani oʻz istagicha – koʻzlagan maqsadiga moslab talqin qilaveradi.

Xoʻp, B.Rahmonov bergan taʼrifni eskirgan ham deylik, zamonaviysi qanday boʻladi? S.Sodiqning uqdirishicha, “Tanqidchilikka berilayotgan eng zamonaviy taʼrif esa quyidagicha jaranglaydi: Tanqid badiiy adabiyotni tahlil qilish vositasidir”. Muhtaram olimimiz taklif etayotgan taʼrifning qay darajada yangiligini bilmayman-u, lekin mantiqdan ancha yiroq tushayotganiga imonim komil. Zero, mening tushunishimcha, tahlil(analiz)ning oʻzi tanqidning vositalaridan biri boʻlsa-yu, qandoq qilib adabiy tanqid vositaning (yana oʻz vositasining!) vositasi boʻladi? Agar bu yangilik boʻlsa, hali viloyatlarga yetib kelmabdi: biz hamon adabiy tanqid oʻz maqsad va vazifalarini koʻproq tahlil vositasida amalga oshiradi deb yurgan ekanmiz. S.Sodiq esa tahlilni tamom boshqacha tushunar ekan: unga koʻra, “tahlil – asarning gʻoyaviy-badiiy qimmatini belgilash”dir. Koʻrinadiki, professor S.Sodiq tahlilni mutlaqlashtirishga moyil va, fikrimizcha, amalni (tahlil amal-da!) natija, vositani maqsad bilan chalkashtirayotgani ham shundan.

Nazarimda, S.Sodiq yo qoʻllanma muallifini tamom savodsiz deb biladiganga oʻxshaydi, yo uni shunday koʻrsatishga intiladi. Yoʻqsa, uning talqinlari “adabiy tanqid yuzasidan 1972 yildan keyin nashr etilgan qator kitoblardan, ilmiy asarlardan bexabarlikning oqibati” deb yozmagan boʻlur edi. S.Sodiqning nazarida B.Rahmonovning “Adabiy tanqidning oʻrganish obʼekti adabiy-badiiy asar boʻlgani uchun ham u boshqa ilm sohalaridagi singari aniqlik, tugal isbotlanganlik daʼvosini qilolmaydi” degani shunday keskin xulosa uchun yetarli. Negaki, bundan oʻttiz yillar ilgari Moskvada chop etilgan oʻquv qoʻllanmasida adabiy tanqidning “oʻrganish manbalari qatoriga faqat bitta emas, balki uchta unsur, yaʼni badiiy asar, alohida yozuvchi ijodi va zamonaviy adabiy jarayon kirishi aniq ravshan qilib yozib qoʻyilgan” ekan. Avvalo, bu oʻrinda ham S.Sodiq yuqorida koʻrganimiz kabi yoʻldan borgani, yana jumlani matndan yulib olib talqin qilganini taʼkidlash kerak. Jumla matnga nisbatan qism ekani, qismning mazmun-mohiyati butun tarkibida va butundan kelib chiqib anglanishi barchaga maʼlum. S.Sodiq esa goʻyo shu oddiy qoidani bilmaydigandek ish tutadi, natijada tamom adolatsiz hukm-xulosalarga keladi. Kamina bejiz “goʻyo” demadim: S.Sodiqning buni bilmasligiga ishonmayman, biladi. Faqat fikr-zikrini qoʻllanmani boplab “urish” maqsadi chulgʻagani sabab boʻlsa kerak, muhtaram olimimiz butun boshli faslchada bundan boshqa gap yoʻqdek fikr yuritadi. Aks holda, birinchidan, shu faslchaning oʻzida B.Rahmonov “adabiy tanqidning oʻrganish obʼekti (joriy adabiy jarayon va uning mahsuli boʻlmish adabiy asar)” ekanligini qayd etganini nazardan qochirmas edi. Ikkinchidan, adabiy tanqidning asosiy obʼekti adabiy asar ekanligi inkor etib boʻlmaydigan haqiqat, yaʼni, mabodo shunday daʼvo qilganida ham muallif adashmagan boʻlur edi. Zero, tanqid adabiy jarayonni ham, alohida yozuvchi ijodini ham konkret asarlar orqali oʻrganadi. Shunday ekan, oʻz-oʻzidan koʻngilga bir andisha keladi: niyat xolis boʻlsa, Moskvada chop etilgan qoʻllanmani dastak qilib birgina jumlaga yopishib olish shartmidi?! Yoʻq. Bas, niyat xolis emas. Shu sababli ham S.Sodiq muallif maqsadi bilan hisoblashmaydi, uning nima deyayotgani va nima uchun shunday deyayotganini tushunishni istamaydi. Masalan, B.Rahmonov adabiy tanqidning oʻziga xosligi, uning adabiyotshunoslik ilmi, adabiy-badiiy ijod va publitsistikaga xos jihatlarni oʻzida namoyon etishini yoritarkan, shu asno u “boshqa ilm sohalaridagi singari aniqlik, tugal isbotlanganlik daʼvosini qilolmaydi” deb yozadi. Muallif bu fikrni aniq fanlarga qiyosan aytadi, tanqidning obʼekti badiiy asar ekanligi, “bittagina badiiy asarning turli kishilar tomonidan turlicha tushunilishi ham, turli davrlarda turlicha tushunilishi ham mumkinligi”dan (6-bet) kelib chiqadi. Darhaqiqat, shunday. Axir, biron bir asar haqida “ikki karra ikki — toʻrt” maqomida fikr aytib boʻlmaydi-ku! Mabodo shunday boʻlganida, Abdulla Qahhor ijodining tanqidchilikdagi talqini masalasi S.Sodiqqa butun boshli doktorlik ishi uchun mavzu berarmidi?!

Afsuski, S.Sodiq bu oddiy haqiqatni tan olgisi kelmaydi, qachondir aytilgan fikrlarni mutlaq haqiqat deb biladi-da, ularga mahkam yopishib oladi. Masalan, B.Rahmonovning “adabiy-tanqidiy janrlar hali nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham yetarlicha farqlangan emas”(10-bet) degan fikrini S.Sodiq “tanqidchilikka oid eng soʻnggi kitoblar u yoqda tursin, ancha ilgari eʼlon qilingan asarlardan ham bexabarlik asorati” deb hisoblaydi. Mazkur daʼvoning asosi sifatida munaqqid “L.P.Grossman degan adabiyotshunos 1925 yildayoq tanqidchilikning 17 xil janr koʻrinishini sanab” berganini aytib, erinmay ularning roʻyxatini keltiradi. Xoʻp, shunday boʻlaqolsin, L.P.Grossman 80 yillar ilgari shu roʻyxatni tavsiya etgan boʻlsa, B.Rahmonovning unga ergashishi shartmi? Ikkinchi tomondan, S.Sodiq oʻzi keltirgan roʻyxatdagi impressionistik etyud, publitsistik yoki tashviqiy tanqid, adabiy sharh, parodiya, akademik mulohaza, tanqidiy hikoya kabilarni adabiy tanqidning mustaqil janri ekanligiga chindan ishonadimikan? Muhtaram domlamiz janr tarixiy kategoriya ekani, nafaqat adabiy-tanqidiy, balki adabiy janrlarda ham mudom transformatsiya, sintezlashuv hodisalari kechishini faromush qilgan koʻrinadi. Bizningcha, B.Rahmonovning aybi — shularni nazarda tutgan holda fikrlagani, “adabiy-tanqidiy janrlar koʻp hollarda bir-biridan aniq farqlanmasligi, biriga xos xususiyatlarning ikkinchisida namoyon boʻlishi”ni toʻgʻri taʼkidlagani, xolos.

B.Rahmonovni shu tariqa salkam “savodsiz”ga chiqargan S.Sodiq endi oshkor kulishga oʻtadi, oʻziga ittifoqchilikka xayolidagi talabani chaqiradi: “Fikriy mahdudlik, ayniqsa, tanqidchilik janrlarining oʻziga xos xususiyatlarini belgilashda muallifni kulgili savollar boʻroniga giriftor qilib qoʻygan. Koʻp hollarda u jiddiy oʻylab oʻtirmay, tanqidchilik janrlarining deyarli barchasiga xos boʻlgan xususiyatlarni ularning faqat bittasigagina taalluqli deb eʼlon qilib yuboravergan. Masalan, taqrizning oʻziga xos tomoni toʻgʻrisida muallif shunday deb yozadi: “Taqriz xolislik bilan, birinchi galda adabiyotning foydasini koʻzlagan holda yozilishi kerak”

Bu soʻzlarni oʻqigan talaba ongida darhol : “Xoʻsh, unday boʻlsa, portret yoki maqola noxolislik bilan, adabiyotning zararini koʻzlagan holda yoziladimi?” degan qonuniy savol tugʻiladi. Xayolan savoliga javob izlagan talaba tafakkurida oʻsha onning oʻzida: “Bu soʻzlar qip-qizil yolgʻondir, chunki xolislik va adabiyotning foydasini koʻzlash tanqidchilikning barcha janrlariga xos mushtarak fazilatdir”, degan xulosa shakllanadi”.

Avvalo, bunchalar uzundan-uzoq koʻchirma keltirganim erish tuyulmasin, ayni vaziyatda shunga majburman. Zero, B.Rahmonovning qoʻllanmasi atigi 1000 nusxada chop etilgan, “Sharq yulduzi”ning ahvoli ham bundan juday-la yaxshi emas. Endi oʻquvchida S.Sodiqning “urish” usuli haqida tasavvur hosil qilish uchun qoʻllanmadan ham koʻchirma darkor. B.Rahmonov taqriz janrining oʻziga xos xususiyatlari haqida toʻxtalgach, yozadi: “Agar bozor iqtisodiyoti atamalaridan foydalansak, taqriz asarning matbuotdagi ilk taqdimoti (prezentatsiya), uning reklamasi deyish mumkin. Shu xususiyati tufayli ham, ehtimol, taqriz hozirga kelib birmuncha eʼtibordan qoldi. Sababi shuki, keyingi paytda tanish-bilishchilik, oshna-ogʻaynigarchilik asosida, asarning badiiy-estetik qimmatidan koʻra koʻproq muallifning kimligi eʼtiborga olinib yozilgan taqrizlar koʻpaydi”. Ayni paytda, B.Rahmonov taqriz janr sifatida ahamiyatini yoʻqotmagani, aksincha, bozor sharoitida uning ahamiyati ortgani va mavjud imkoniyatlari bilan adabiyotimizning ravnaqiga xizmat qilishi mumkinligini taʼkidlab, yozadi: “Buning uchun esa bittagina shart bajarilishi zarur: taqriz xolislik bilan, birinchi galda adabiyotning foydasini koʻzlagan holda yozilishi kerak” (11-bet). Koʻrib turganimizdek, S.Sodiq qoʻllanmadan olingan jumlani (aniqrogʻi, yarimta jumlani!) butunlay buzib talqin qilgan. Nahotki, yarim sahifadagi jumlalarni bir-biriga bogʻlash, matndan kelib chiqayotgan mazmunni anglash shunchalar qiyin boʻlsa?! Yoʻq, qiyin emas, faqat buning uchun niyatni xolis qilmoq kerak. Afsuski, maqola muallifiga ayni shu narsa yetishmaydi, shu bois ham u avvaldan belgilangan maqsadning quliga aylanadi, har qanday yoʻl bilan unga erishishga intiladi. Shu holida yana talabaga “qaygʻurgani”ga, uni oʻziga ittifoqchi sanab, uning nomidan hayronlar qolganiga nima deysiz?! Bizningcha, bunga aslo hojat yoʻq: talabaning koʻngli hali turli manfaatu munosabatlar gʻuboridan forigʻ, baski, u yarim sahifadagi jumlalarni oʻzaro bogʻlash va mazmunini toʻgʻri ilgʻashga qodir.

Manfaatu munosabatlar haqida bejiz aytmadik. Zero, oʻzining ilmiy qarashini har qanday yoʻl bilan maʼqul qilishga, maʼqul qildirishga intilish manfaatparastlikning ilmdagi koʻrinishidir. S.Sodiq qoʻllanmada “adabiyotimiz tarixiga oid eski kitoblardagi kabi tanqidchilikning taraqqiyot yoʻlini davrlashtirishda, asosan, bitta printsipga, yaʼni, jamiyat rivoji xususiyatlarini koʻproq inobatga olish tamoyiliga tayanilgan”iga qoʻshila olmaydi. Toʻgʻri, u mazkur printsipni “oʻrinsiz deb boʻlmasligi”ni eʼtirof etadi. Ayni paytda, muallifning mazkur printsipga tayanishi sababini “adabiyotshunoslik ilmining eng soʻnggi yangiliklaridan”, jumladan, soʻnggi yillarda oʻzbek tanqidchiligi muammolari boʻyicha yoqlangan doktorlik dissertatsiyalaridan bexabarlik bilan izohlamoqchi boʻladi. Agar maqola ruhidan kelib chiqilsa, joʻyalidek koʻringan mulohazalar zamirida qoʻllanma muallifining S.Sodiq dissertatsiyasidan foydalanmaganidan hafalikni ilgʻab olish mumkin. Shundan boʻlsa kerak, S.Sodiq oʻzbek tanqidchiligi tarixini davrlashtirish boʻyicha yangicha taklif sifatida doktorlik ishidagi qarashlarini — qahhorshunoslik tarixini davrlashtirish masalasidagi fikrlarini biroz oʻzgartirib taqdim etadi. Albatta, olim tanqidchilik tarixini davrlashtirishda adabiyot rivojining oʻziga xosligi va tanqidchilikning ichki taraqqiyot qonuniyatlarini ham hisobga olish kerakligini taʼkidlaganida toʻla haq. Biroq XX asr oʻzbek adabiyoti, jumladan, tanqidchiligi rivoji jamiyat hayoti, yakkahokim partiyaning bu boradagi siyosati bilan shu darajada bogʻliqqi, bizningcha, hozircha uni oʻrganishda sotsiologik yondashuv ustuvor boʻlishi tabiiydir. Boz ustiga, taklif etilgan boshqa davrlashtirish tamoyillari davr adabiyoti va tanqidchiligida kechgan hodisalar mohiyatini sistemali tarzda umumlashtirish imkonini bermaydi. Shunday ekan, davrlashtirish masalasida B.Rahmonov eskicha yoʻldan borgan deyish ham yetarli asosga ega emas. Zero, muayyan asosga ega ikki xil qarash toʻqnashgan oʻrinlarda ulardan birini “eski”, boshqasini “yangi” deyish xronologik jihatdan balki asoslidir, biroq bu ilmiy jihatdan “yangi”si albatta toʻgʻri boʻladi degani emas.

S.Sodiqning maqolasini oʻqiganda, A.Rasulov asarlariga munosabat bildirilgan oʻrinlar goʻyo ortiqchadek, umumiy kontekstga yopishmayotgandek taassurot qoladi kishida. Biroq bu — aldamchi tasavvur, zero, diqqat bilan qaralsa, mazkur qismning bejiz kiritilmaganini sezib olish qiyin emas: buning uchun S.Sodiqning muallif “Oʻzbek tanqidchiligi namoyandalari” boʻlimiga “munaqqidlarni tanlab, saralab kiritish oʻrniga pala-partishlikka, shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻygan” degan eʼtirozini eslash kifoya. Toʻgʻri, S.Sodiq ochiqchasiga A.Rasulov ijodi yoritilgan jajjigina portret qoʻllanmaga oʻrinsiz kiritilgan demaydi, lekin shu fikrni baralla aytgandan-da aniqroq ifodalaydi. Tan olish lozim, S.Sodiq bitta masalada haq: qoʻllanmaga “munaqqidning oʻzbek tanqidchiligi tarixida tutgan oʻrni, shu soha rivojiga qoʻshgan hissasining qiymatini inobatga olgan holda” kiritish lozim. Biroq, ayonki, baho har vaqt subʼektiv boʻladi, baski, kimni kiritish masalasida turlicha qarashlar boʻlishi tabiiy. Gap bunda ham emas. Gap maqola muallifining shu oʻrinlarda samimiyatni butkul yoʻqotganida! Eʼtibor bering-a, S.Sodiq hamkasbining kamchiliklari haqida soʻz yuritganida huzurlanayotgandek tuyulmayaptimi?! Axir, matbuot shaxsiy munosabatlarni oydinlashtirish maydoni emas! Yana qaytaraman, baho har vaqt subʼektiv boʻladi: xalqimizda “yoningdan oqqan suvning qadri yoʻq” naqli boʻlganidek, bilganlar togʻning butun mahobati uzoqdan nazar solgandagina koʻrinadi, deydilar. Shunga koʻra, A.Rasulovning tanqidchilik “rivojiga qoʻshgan hissasinining qiymatini” B.Rahmonov yuksakroq baholagan boʻlsa ne ajab?! Qoʻllanma muallifi bilan tengdoshmiz, es tanib, “tanqidchi” deganning maʼnosini anglay boshlaganimizdan beri A.Rasulovning peshma-pesh chiqib turgan maqolalarini oʻqib, radio-televidenie orqali berilgan suhbatlaridan baxramand boʻlib kelamiz. Aminmizki, qariyb qirq yil professional munaqqid sifatida faoliyat yuritayotgan A.Rasulovning xizmatlari tanqidchilik boʻyicha qoʻllanmalarda alohida yoritishga loyiqdir. Buni tan olish uchun arzimagan narsa — koʻngilni kengroq qilish talab qilinadi, xolos.

S.Sodiq — kaminaga ustoz qatori. Hozirgi OʻzMUning O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Xudoyberganov, A.Rasulov singari zabardast tanqidchilarni birlashtirgan kafedrasiga olti yil aʼzo boʻlganim, shu ustozlar, jumladan, Sanjar akadan bahra olganim uchun chuqur minnatdorlik hissini tuyaman, buni umrbod dilda saqlayman. Yaxshi bilasiz, ayni shu kafedra uzoq yillar oʻzbek tanqidchiligining markazi boʻla oldi, negaki, bu markaz adabiyotga begʻaraz mehr, printsipiallik, xolislik, halollik singari mustahkam asoslarga qurilgandi. Oʻsha kafedra anʼanalarining davomchisi sifatida, uning maʼnaviy rahbari — “oʻzi ablah-u, choʻrt poberi, asari zoʻr-da!” yoki “oʻzi yaxshi odam-u, asari boʻsh-da!” tarzida xolis va samimiy fikrlashga oʻrgatgan ustoz O.Sharafiddinov xotirasi hurmati — xolis boʻlaylik.

“Ilk avval koʻzimni ishq bilan ochdim...”

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov