Soʻnggi besh yil davomida A.Rasulovning “Tanqid, talqin, baholash”, “Badiiylik – bezavol yangilik”, “Betakror oʻzlik” nomli salmoqli kitoblari peshma-pesh adabiy jamoatchilikka taqdim etildi. Ular bilan tanisharkan, istiqlol barcha sohalarda boʻlgani kabi adabiy tanqidchilikda ham yangi sahifa ochganiga amin boʻladi kishi. Negaki, ulardan joy olgan maqolalarda gap joriy adabiy jarayon haqida ketadimi yo yaqin oʻtmish adabiy merosi haqidami, muayyan bir ijodkor faoliyati yoritiladimi yo tanqidchilik muammolaridan bahs boradimi – hammasida millatning maʼnaviy kamoloti va adabiyotimiz ravnaqi nuqtai nazaridan ERKIN fikr yuritiladi. Istiqlol yillarida A.Rasulovning faoliyatiga “ikkinchi nafas” bergan bosh omil ham, balki, ayni shu – erkin, mafkuraviy qoliplardan holi fikrlash imkonidir. Ulkan tajriba va mulohazakorlikka esh erkinlik esa fikrning salmoqli, ilmiy jihatdan xolis va asosli boʻlishiga garov misoli. Zero, bu asarlar adabiy tanqid sohasidagi koʻp yillik izlanishlarning qaymogʻi sifatida dunyoga kelgan. Tajriba boʻlganda ham qanday! Axir, muallif bir yigit umrini – qariyb qirq yilni adabiy jarayonning eng qaynoq nuqtasi, yangi oʻzbek adabiyotining faxri va tayanchi boʻlmish adibu shoirlar, zabardast olimlarni yetishtirgan tabarruk maskan – hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetida, adabiyotshunosligimizning H.Yoqubov, S.Dolimov, Gʻ.Karimov, M.Qoʻshjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov kabi dargʻalari qatorida shogird-hamkasb sifatida oʻtkazgan, qirq yil davomida muttasil adabiy jarayon qozonida qaynaydi va uning ruhini ilmga chanqoq auditoriyalarga olib kiradi. Demoqchimizki, shunday muhitda yetilgan fikrning zalvori ham, albatta, shunga yarashadir.
Professional munaqqid A.Rasulov koʻpdan beri adabiy tanqidning nazariy masalalari bilan shugʻullanib keladi, oʻzi ichdan bilgan muammolar haqida kuyunchaklik bilan, teran fikr yuritadi. Olim oʻzining tanqid konsepsiyasini ayrim maqolalariga sarlavha qilib chiqargan: “Adabiy tanqid – goʻzallik kashshofi”, “Tanqid – topib, bilib aytish sanʼati”. Darhaqiqat, bular – tanqidning mohiyati haqida “topib, bilib aytilgan” muxtasar taʼriflar, zero, ularning birinchisida tanqidning bosh vazifasi, ikkinchisida munaqqidga qoʻyiluvchi asosiy talablar aks etgan. Muhimi, A.Rasulov munaqqidlik faoliyatida shu ikki prinsipga ogʻishmay amal qiladiki, buni taqriz qilinayotgan kitoblarida ham yaqqol kuzatish mumkin.
Avvalo, “bilib aytish” haqida. Olimning “Tanqid, talqin, baholash” nomli kitobini bir qur koʻzdan kechiriboq tanqidiy qarashlari asoslangan bilim doirasi nechogʻli kengligini tasavvur qilish mumkin: tarixiy-funksional yondashuv, biografik metod, germenevtika, ontologik tahlil, aksiologiya, mikroanaliz, strukturali-semiotik tahlil va hokazo. Yaʼni u adabiyotshunoslikdagi turfa yondashuvlar, tahlil usullaridan xabardor, maqolalarida bildirilgan fikrlarning asosliligi shundan. Muhimi, A.Rasulov jahon adabiy tanqidiy tafakkuri yutuqlariga ijodiy yondashadi. Ha, bu oʻrinda ijodiy yondashuvni alohida taʼkidlash kerak. Negaki, A.Rasulov “moda”ga kirgan yoki yangi paydo boʻlgan qarashlarga shunchaki ergashmaydi, aksincha, ularni atroflicha tahlil qilib, oʻz konsepsiyasiga singishadigan, tanqidchiligimizga naf keltiradigan tomonlarini oladi. Jumladan, “Struktura va strukturalizm”, “Oʻzlashtirish estetikasi ajoyibotlari” kabi maqolalarida muallifning xuddi shu yoʻldan borgani kuzatiladi. Va bu, bizningcha, eng toʻgʻri, chinakam olimga xos yoʻldir.
Endi “topib aytish”ga kelsak. Munaqqidning “Taqdirlar talqini” nomli maqolasida tahlil obyekti qilib “Mehrobdan chayon” romani olingan. Bir qarasang, bu asar haqida juda koʻp va turfa fikrlar bildirilgan, aytar gapning oʻzi qolmagandek. Lekin munaqqid mavjud talqinlarni tahlil qilish asnosida asarning eʼtiborimizdan chetda qolib kelgan tomonlariga diqqatimizni tortadi, undagi oʻlmas xarakterlarning koʻzimizdan nihon qirralarini ochib beradi. Natijada oʻzing bilgan asarga endi oʻzgacharoq nigoh bilan qaray boshlaysan, demak, munaqqid oʻzining “Adabiy-tanqidiy maqola, taqriz baholash bilan birga, yozuvchi ijodiga yoxud alohida asarga qiziqish uygʻotmogʻi kerak” degan prinsipiga sodiq qoladi. Lekin shugina emas, diqqatni tortish vazifalardan biri, xolos. Adabiy-tanqidiy asardagi teran tahlillar koʻlamli umumlashma, bugungi kun nazaridan berilgan xolis ilmiy bahoga doʻnmogʻi lozim. Aks holda, tahlil har qancha teran boʻlmasin, fikrlar diletantlik darajasida qoladi. Professional munaqqid sifatida A.Rasulov hamisha umumlashmaga intiladi, baholaydi. Jumladan, A.Qodiriy romani tahlilini shunday umumlashga yoʻnaltiradi: “Mehrobdan chayon” tarixiy roman boʻlsa-da, bitilgan davrining ijtimoiy-siyosiy hayotini, undagi kamchiliklarni satrlar orasiga mohirona jo eta olgan sanʼat asari namunasidir”. Roman tahlili orqali munaqqid sanʼat asarining umrzoqligini taʼminlovchi asosiy omilni koʻrsatadi: “Inson tabiati juda sekinlik bilan oʻzgaradi. Abdurahmon domla, Shahodat muftiylar sallalarini chuvalashtirib, Shahidbek, Gʻozi eshonlar meshdek qorinlarini silkillatib, Gulshanlar eshilib-buralib yangi hayotga qadam qoʻydilar, yangi turmushga moslashdilar...” Koʻramizki, munaqqid chinakam sanʼat asarini barcha davrlarda ham dolzarb, qimmatga molik etuvchi omilni sodda yoʻsinda – ommabop shaklda ifoda etayotir. Ayni choqda, bu ommabop ifoda badiiy asarni tarixiy-funksional tadqiq etish, unga aksiologik yondashish natijasidir. Bu esa A.Rasulovning chin maʼnoda professional munaqqid ekanidan dalolatdir. Zero, adabiy tanqid – adabiyotshunoslik ilmining bir sohasi, faqat u ilmiy asoslangan xulosa va baholarni ommabop tilda yetkazadi.
Nihoyat, goʻzallikni kashf etish masalasiga keldik. Avvalo, goʻzallikning katta-kichigi yoʻq: xoh u zarra boʻlsin va xohi oʻlchami koinot qadar – qiymatda tengdir. Tabiatan nekbin inson emasmi, A.Rasulov muayyan bir asar haqida soʻzlarkan, undan hech yoʻq bir zarra goʻzallik izlaydi, mulohazalari koʻproq shundan turtki oladi. Munaqqid E.Vohidov sheʼriyati haqidagi maqolasini “Sheʼr qolur, shoir qolur...” deb nomlaydi. Biroq bu tanqidchilikda urf boʻlgan shoir haqidagi maqola sarlavhasiga uning oʻzidan bir satrni chiqarishgina emas, bu oʻrinda sarlavha maqola mazmunidan kelib chiquvchi hukm, aslida. Zero, munaqqid E.Vohidov sheʼrlarini sanʼatga doxil etuvchi omillardan bahs yuritadi, “sheʼr qolur” degan umid-ishonchni quvvatlashga bel bogʻlaydi. Eng puxta asos esa – goʻzallik: betakror shaklda ifoda etilgan goʻzal tuygʻular, hayotni zakiyona kuzatish asosida yaralgan poetik obrazlar zamiridagi donishmandona fikrlar. E.Vohidovdan ayni shu talablarga javob beruvchi misralarni topib, shularga tayanib fikrlagani uchun mullif oʻquvchini “Sheʼr qolur, shoir qolur...” haqiqatiga ishontiradi, demak, munaqqidning soʻz sanʼati odidagi missiyasini mohirona va halol bajaradi. Aytish kerakki, bunaqa yondashuv – margʻub jihatlarga tayanib fikrlash A.Rasulov tanqidchilik faoliyatining bosh tamoyiliga aylanib bormoqda: kitoblariga kirgan koʻplab maqolalar (T.Murod, Sh.Boʻtayev kabi nosirlar, T.Adashboyev, A.Obidjon singari shoirlar ijodiga bagʻishlangan maqolalar) shundan dalolat beradi. Fikrimizcha, toʻgʻri yoʻl ham – shu, zero yutuqlar koʻrsatilsa, shu fonda kamchiliklar shundogʻam koʻzga tashlanaveradi, nur soyani koʻrsatgan misoli. Inson koʻngli hamisha nurga intiqligi hisobga olinsa, munaqqid oʻquvchisini goʻzallik saltanatiga eltuvchi eng yaqin yoʻldan boshlayotgani ayon boʻladi.
A.Rasulovning kitoblaridagi biz yuqorida urgʻulab koʻrsatgan jihatlar tanqid sohasi kishilari uchun ibrat boʻlarlik. Zero, ular koʻp yillik izlanishlar natijasida tanqidchi sifatida muqim bir mavqeni egallagan, ulugʻ ustozlar saboqlarini oʻzlashtirib endilikda oʻzi ustoz maqomiga yetgan munaqqidga xos fazilatlardir.
Olimning koʻp yillik ilmiy-pedagogik, adabiy tanqidiy faoliyati mahsuli boʻlgan asarlarning Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti ilmiy kengashi tomonidan Davlat mukofotiga tavsiya etilgani har jihatdan asosli deb bilamiz. Taniqli adabiyotshunos olimning Davlat mukofotiga tavsiya etilishi muallifning zahmatli mehnatlariga berilgan adolatli baho boʻlib, unda respublika hukumati, shaxsan mamlakatimiz Prezidentining ilm-fanga yuksak eʼtibori, ilm ahliga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning amaldagi natijasini koʻrish mumkin.
Сўнгги беш йил давомида А.Расуловнинг “Танқид, талқин, баҳолаш”, “Бадиийлик – безавол янгилик”, “Бетакрор ўзлик” номли салмоқли китоблари пешма-пеш адабий жамоатчиликка тақдим этилди. Улар билан танишаркан, истиқлол барча соҳаларда бўлгани каби адабий танқидчиликда ҳам янги саҳифа очганига амин бўлади киши. Негаки, улардан жой олган мақолаларда гап жорий адабий жараён ҳақида кетадими ё яқин ўтмиш адабий мероси ҳақидами, муайян бир ижодкор фаолияти ёритиладими ё танқидчилик муаммоларидан баҳс борадими – ҳаммасида миллатнинг маънавий камолоти ва адабиётимиз равнақи нуқтаи назаридан ЭРКИН фикр юритилади. Истиқлол йилларида А.Расуловнинг фаолиятига “иккинчи нафас” берган бош омил ҳам, балки, айни шу – эркин, мафкуравий қолиплардан ҳоли фикрлаш имконидир. Улкан тажриба ва мулоҳазакорликка эш эркинлик эса фикрнинг салмоқли, илмий жиҳатдан холис ва асосли бўлишига гаров мисоли. Зеро, бу асарлар адабий танқид соҳасидаги кўп йиллик изланишларнинг қаймоғи сифатида дунёга келган. Тажриба бўлганда ҳам қандай! Ахир, муаллиф бир йигит умрини – қарийб қирқ йилни адабий жараённинг энг қайноқ нуқтаси, янги ўзбек адабиётининг фахри ва таянчи бўлмиш адибу шоирлар, забардаст олимларни етиштирган табаррук маскан – ҳозирги Ўзбекистон Миллий университетида, адабиётшунослигимизнинг Ҳ.Ёқубов, С.Долимов, Ғ.Каримов, М.Қўшжонов, О.Шарафиддинов, У.Норматов каби дарғалари қаторида шогирд-ҳамкасб сифатида ўтказган, қирқ йил давомида муттасил адабий жараён қозонида қайнайди ва унинг руҳини илмга чанқоқ аудиторияларга олиб киради. Демоқчимизки, шундай муҳитда етилган фикрнинг залвори ҳам, албатта, шунга ярашадир.
Профессионал мунаққид А.Расулов кўпдан бери адабий танқиднинг назарий масалалари билан шуғулланиб келади, ўзи ичдан билган муаммолар ҳақида куюнчаклик билан, теран фикр юритади. Олим ўзининг танқид концепциясини айрим мақолаларига сарлавҳа қилиб чиқарган: “Адабий танқид – гўзаллик кашшофи”, “Танқид – топиб, билиб айтиш санъати”. Дарҳақиқат, булар – танқиднинг моҳияти ҳақида “топиб, билиб айтилган” мухтасар таърифлар, зеро, уларнинг биринчисида танқиднинг бош вазифаси, иккинчисида мунаққидга қўйилувчи асосий талаблар акс этган. Муҳими, А.Расулов мунаққидлик фаолиятида шу икки принципга оғишмай амал қиладики, буни тақриз қилинаётган китобларида ҳам яққол кузатиш мумкин.
Аввало, “билиб айтиш” ҳақида. Олимнинг “Танқид, талқин, баҳолаш” номли китобини бир қур кўздан кечирибоқ танқидий қарашлари асосланган билим доираси нечоғли кенглигини тасаввур қилиш мумкин: тарихий-функционал ёндашув, биографик метод, герменевтика, онтологик таҳлил, аксиология, микроанализ, структурали-семиотик таҳлил ва ҳоказо. Яъни у адабиётшуносликдаги турфа ёндашувлар, таҳлил усулларидан хабардор, мақолаларида билдирилган фикрларнинг асослилиги шундан. Муҳими, А.Расулов жаҳон адабий танқидий тафаккури ютуқларига ижодий ёндашади. Ҳа, бу ўринда ижодий ёндашувни алоҳида таъкидлаш керак. Негаки, А.Расулов “мода”га кирган ёки янги пайдо бўлган қарашларга шунчаки эргашмайди, аксинча, уларни атрофлича таҳлил қилиб, ўз концепциясига сингишадиган, танқидчилигимизга наф келтирадиган томонларини олади. Жумладан, “Структура ва структурализм”, “Ўзлаштириш эстетикаси ажойиботлари” каби мақолаларида муаллифнинг худди шу йўлдан боргани кузатилади. Ва бу, бизнингча, энг тўғри, чинакам олимга хос йўлдир.
Энди “топиб айтиш”га келсак. Мунаққиднинг “Тақдирлар талқини” номли мақоласида таҳлил объекти қилиб “Меҳробдан чаён” романи олинган. Бир қарасанг, бу асар ҳақида жуда кўп ва турфа фикрлар билдирилган, айтар гапнинг ўзи қолмагандек. Лекин мунаққид мавжуд талқинларни таҳлил қилиш асносида асарнинг эътиборимиздан четда қолиб келган томонларига диққатимизни тортади, ундаги ўлмас характерларнинг кўзимиздан ниҳон қирраларини очиб беради. Натижада ўзинг билган асарга энди ўзгачароқ нигоҳ билан қарай бошлайсан, демак, мунаққид ўзининг “Адабий-танқидий мақола, тақриз баҳолаш билан бирга, ёзувчи ижодига ёхуд алоҳида асарга қизиқиш уйғотмоғи керак” деган принципига содиқ қолади. Лекин шугина эмас, диққатни тортиш вазифалардан бири, холос. Адабий-танқидий асардаги теран таҳлиллар кўламли умумлашма, бугунги кун назаридан берилган холис илмий баҳога дўнмоғи лозим. Акс ҳолда, таҳлил ҳар қанча теран бўлмасин, фикрлар дилетантлик даражасида қолади. Профессионал мунаққид сифатида А.Расулов ҳамиша умумлашмага интилади, баҳолайди. Жумладан, А.Қодирий романи таҳлилини шундай умумлашга йўналтиради: “Меҳробдан чаён” тарихий роман бўлса-да, битилган даврининг ижтимоий-сиёсий ҳаётини, ундаги камчиликларни сатрлар орасига моҳирона жо эта олган санъат асари намунасидир”. Роман таҳлили орқали мунаққид санъат асарининг умрзоқлигини таъминловчи асосий омилни кўрсатади: “Инсон табиати жуда секинлик билан ўзгаради. Абдураҳмон домла, Шаҳодат муфтийлар саллаларини чувалаштириб, Шаҳидбек, Ғози эшонлар мешдек қоринларини силкиллатиб, Гулшанлар эшилиб-буралиб янги ҳаётга қадам қўйдилар, янги турмушга мослашдилар...” Кўрамизки, мунаққид чинакам санъат асарини барча даврларда ҳам долзарб, қимматга молик этувчи омилни содда йўсинда – оммабоп шаклда ифода этаётир. Айни чоқда, бу оммабоп ифода бадиий асарни тарихий-функционал тадқиқ этиш, унга аксиологик ёндашиш натижасидир. Бу эса А.Расуловнинг чин маънода профессионал мунаққид эканидан далолатдир. Зеро, адабий танқид – адабиётшунослик илмининг бир соҳаси, фақат у илмий асосланган хулоса ва баҳоларни оммабоп тилда етказади.
Ниҳоят, гўзалликни кашф этиш масаласига келдик. Аввало, гўзалликнинг катта-кичиги йўқ: хоҳ у зарра бўлсин ва хоҳи ўлчами коинот қадар – қийматда тенгдир. Табиатан некбин инсон эмасми, А.Расулов муайян бир асар ҳақида сўзларкан, ундан ҳеч йўқ бир зарра гўзаллик излайди, мулоҳазалари кўпроқ шундан туртки олади. Мунаққид Э.Воҳидов шеърияти ҳақидаги мақоласини “Шеър қолур, шоир қолур...” деб номлайди. Бироқ бу танқидчиликда урф бўлган шоир ҳақидаги мақола сарлавҳасига унинг ўзидан бир сатрни чиқаришгина эмас, бу ўринда сарлавҳа мақола мазмунидан келиб чиқувчи ҳукм, аслида. Зеро, мунаққид Э.Воҳидов шеърларини санъатга дохил этувчи омиллардан баҳс юритади, “шеър қолур” деган умид-ишончни қувватлашга бел боғлайди. Энг пухта асос эса – гўзаллик: бетакрор шаклда ифода этилган гўзал туйғулар, ҳаётни закиёна кузатиш асосида яралган поэтик образлар замиридаги донишмандона фикрлар. Э.Воҳидовдан айни шу талабларга жавоб берувчи мисраларни топиб, шуларга таяниб фикрлагани учун муллиф ўқувчини “Шеър қолур, шоир қолур...” ҳақиқатига ишонтиради, демак, мунаққиднинг сўз санъати одидаги миссиясини моҳирона ва ҳалол бажаради. Айтиш керакки, бунақа ёндашув – марғуб жиҳатларга таяниб фикрлаш А.Расулов танқидчилик фаолиятининг бош тамойилига айланиб бормоқда: китобларига кирган кўплаб мақолалар (Т.Мурод, Ш.Бўтаев каби носирлар, Т.Адашбоев, А.Обиджон сингари шоирлар ижодига бағишланган мақолалар) шундан далолат беради. Фикримизча, тўғри йўл ҳам – шу, зеро ютуқлар кўрсатилса, шу фонда камчиликлар шундоғам кўзга ташланаверади, нур сояни кўрсатган мисоли. Инсон кўнгли ҳамиша нурга интиқлиги ҳисобга олинса, мунаққид ўқувчисини гўзаллик салтанатига элтувчи энг яқин йўлдан бошлаётгани аён бўлади.
А.Расуловнинг китобларидаги биз юқорида урғулаб кўрсатган жиҳатлар танқид соҳаси кишилари учун ибрат бўларлик. Зеро, улар кўп йиллик изланишлар натижасида танқидчи сифатида муқим бир мавқени эгаллаган, улуғ устозлар сабоқларини ўзлаштириб эндиликда ўзи устоз мақомига етган мунаққидга хос фазилатлардир.
Олимнинг кўп йиллик илмий-педагогик, адабий танқидий фаолияти маҳсули бўлган асарларнинг Мирзо Улуғбек номидаги Ўзбекистон Миллий университети илмий кенгаши томонидан Давлат мукофотига тавсия этилгани ҳар жиҳатдан асосли деб биламиз. Таниқли адабиётшунос олимнинг Давлат мукофотига тавсия этилиши муаллифнинг заҳматли меҳнатларига берилган адолатли баҳо бўлиб, унда республика ҳукумати, шахсан мамлакатимиз Президентининг илм-фанга юксак эътибори, илм аҳлига кўрсатилаётган ғамхўрликнинг амалдаги натижасини кўриш мумкин.
Dilmurod Quronov