← Dilmurod Quronov
|

Fikrning doyasi

Dilmurod Quronov

Maqola · 2009 · Ijodkorning daxlsiz dunyosi. T.,2009 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

Ota-bobolarimizdan meros bir hikmat bor: «Ilm istasang oqillar suhbatiga quloq tut...»

***

Antik dunyoning Suqrot, Aflotun singari faylasuflari mavjudlikning murakkab muammolarini hal qilish uchun suhbat shaklini maʼqul koʻrganlari bejiz emas. Negaki, tafakkur mohiyatan «ichki suhbat», fikrlamoq – kishining oʻz vujudidagi yana bir «men»i bilan muloqotga kirishmogʻi. Fikrlayotgan odam oʻsha «men»ga nenidir anglatishga, uning eʼtirozlarini qondirishga, uni negadir ishontirishga intiladi... – shu yoʻsin qoʻyilgan masala yuzasidan FIKR qaror topadi. Yaʼni, fikr fikrdan turtki oladi, shubha fikrni teranlashtiradi, eʼtiroz uning koʻlamini kengaytiradi... bas, FIKRning chinakam doyasi suhbat ekan...

(... ustoz Umarali Normatov tabiatan muloqotga,

gurungga moyil odam ekanidan suhbatning afzallik

tomonlarini juda erta va teran ilgʻagan. Shundan boʻlsami, domla navqiron yoshida yozilgan «Roman va zamon»

nomli chiqishidayoq qoʻyilgan masalani xayoldagi adabiyotshunos doʻsti, aslida esa yana bir «men»i bilan muhokama qiladi. Munaqqid oʻshandayoq suhbat taqdim etuvchi imkonlar doirasi benihoya kengligiga maftun

boʻlgandirki, ijodiy faoliyati davomida 40 dan ziyod

suhbatlar oʻtkazibdi: ular jamlansa, ikkita salmoqli-salmoqli kitobga sigʻmay qolar ekan...)

... tafakkur «ichki suhbat» ekanidan kelib chiqilsa, haqiqatda voqe boʻlgan suhbatning imkonlari nechogʻli kengligini tasavvur qilish qiyin emas: bu holda muammoni yechishga kamida ikkita ong safarbar etiladi-da, axir! Faqat bu imkonlarning roʻyobga chiqishi uchun bitta-ikkita muhim shartlar mavjud.

Eng avval – niyat: suhbatdoshlarning muddaosi bitta – muhokama etilayotgan muammo mohiyatiga imkon qadar yaqinlashish boʻlmogʻi darkor. Yaʼni, suhbatda manfaatu shaxsiyat ortga chekinmogʻi, masalaning mohiyatiga yaqinlashish maqsadi ustuvor boʻlishi lozim. Buning uchun kishidan suhbat predmetiga begʻaraz mehr bilan birga...

(... umrining qariyb «60 yili adabiyot, uni anglash,

oʻrganish, oʻrgatish yoʻlida oʻtgan» U.Normatov suhbatlaridan birida: «soʻz sanʼati insoniyat yaratgan,

aniqrogʻi Alloh odamlarga hadya etgan noyob neʼmat,

sirli olam ekaniga takror-takror iqror boʻldim. Chinakam sanʼat asarini oʻqiganimda, tomosha qilganimda

hayratdan oʻzimda yoʻq yayrayman. Koʻnglimda shu sohaga

mayl-mehr uygʻotgani, rizqimni shu sohada bergani uchun

Yaratganga shukronalar aytaman», – deya iqror qiladiki, u kishini bilganlarning hech biri bu soʻzlarning samimiyligiga, domlaning koʻngli adabiyotga begʻaraz

MEHR bilan limmo-lim ekaniga zarracha shubha qilmasa

kerak...)

... «Aflotun mening doʻstim, lekin haqiqat muhimroq» aqidasida mudom sobitlik talab qilinadi. E-eh, eng ogʻiri ham shu-da! Haqiqatning oʻziga tortuvchi jozib kuchi ham, juda yaqin borsang kuydirib qoʻyishi ham bor: unga talpinib-intilib, undan hayiqib-qoʻrqib yashaymiz. Goh andisha, goh qoʻrquv, goh tagʻin bir sabab kishiga doim ham dildagini aytish imkonini bermaydi. Shukrki, suhbat ishora imkonini qoldiradi...

(... Said Ahmad bilan suhbatida munaqqid bir masalaga qayta-qayta eʼtiborni tortadiki, shu masala

uni ayricha qiziqtirayotgani seziladi. Bu ham boʻlsa,

rasman «sotsialistik mehnat tantanasi»ning ramzi

sanalgan kanal qurilishining soyada qolgan tomoni. U.

Normatov avvaliga ehtiyotkorlik bilan: «Ayrim

tanqidchilar «Qirq besh kun»da kanal qurilishidagi

ishlab chiqarish xarakteridagi mojarolar, konfliktlar qalamga olinmaganligini aytdilar», – deb eslatadi. Tabiiyki, yozuvchi asl maqsadni tushunib turibdi,

lekin dangal javobdan qochadi:

«Bu yerda (kanal qurilishida – D.Q.) poraxoʻr yoʻq. Ichkilikboz yoʻq. Byurokrat yoʻq. Oʻgʻri yoʻq. Goʻyo qirq besh kun bu yerda «kommunizm qurilgandek» edi. Ovqat tekin, ish kiyimlari tekin. Meditsina, madaniy xizmatlar tekin...

Dangasa yoʻq. Birovni birov zoʻrlab ishlatish yoʻq».

Eʼtibor bering-a: S.Ahmad suhbat kechayotgan davrda

(1976) jamiyatda avj olgan illatlarni bir-bir sanaydi-da, soʻng birgina «goʻyo»si bilan «faqat shu 45 kungina kommunizm qurilgan boʻlsa-yu, shuni ham koʻtarinki

tasvirlamayinmi?!» deganday boʻladi. Tanqidchi tomonidan noqulay ahvolga solib qoʻyilgan adib zukkolik bilan holatdan chiqadi: qoʻyilgan savolga javob beradi

ham, javob bermaydi ham. Suhbatning afzalligi shuki,

u – jonli jarayon: eʼtirozu inkordan murosaga va aksincha harakatlanaveradi. Endi tanqidchi murosaga keladi: «Men avval ham aytgan edim, baʼzilar daʼvo qilgandek, «Qirq besh kun»ning mehnat tasviri bilan

bogʻliq kamchiligi «qurilishdagi qiyinchiliklar, koʻngilsiz hodisalar, salbiy tomonlar muallif eʼtiboridan

chetda qolib ketgani»da emas, Sizningcha, aslida hayotda ayni shu tarzdagi hodisalarning oʻzi boʻlmagan

ekan». Biroq murosada ham murosa bor-da! Eʼtibor bering: «Sizningcha, ... boʻlmagan ekan» deyish bilan U.Normatov aslida: «qurilishda qiyinchiliklar, koʻngilsiz

hodisalar, salbiy tomonlar boʻlgan deydi. Suhbatdoshlar bir-birlarini tushundi, haqiqat-ku aytilmadi,

lekin uning yuzidagi parda biroz koʻtarildi: 70-yillar

sharoitida shuning oʻzi haqiqatga sodiqlik emasmi?!

Muhimi, mutolaa jarayonida beixtiyor suhbat ishtirokchisiga aylangan oʻquvchi bu ishoralarni fahmlaydi,

aytilmay ifodalangan fikrlarni uqib oladi...)

... suhbatning maqsadi – qoʻyilgan muammoning mohiyatiga, haqiqatiga yetish, dedik. Haqiqat esa bitta, buni hamma tan oladi; hammaning oʻz haqiqati borligi ham barchaga maʼlum, lekin buni barcha birdek tan olmaydi, tan ololmaydi. Nima ham derdik, bu ham insonga xos bir ojizlik. Ayni shu ojizlik suhbatni besamar etadi, u baland kelsa, suhbatda HAQIQATni emas, HAQLIKni aniqlashga intilish maqsadi ustuvor boʻlib qoladi. Taassufki, Haqlikni Haqiqatdan avlo bila boshlaganimiz sabab bugun bobolardan meros «haqiqat bahsda tugʻiladi» naqli gʻalat tushunilayotgandek tuyuladi. Zero, biz hozirda koʻproq «munozara», «tortishuv» maʼnolarida tushunadigan arabcha «bahs» soʻzining lugʻatda «muhokama qilmoq», «tadqiq qilmoq», «oʻrganmoq», «izlanmoq» tarzida izohlangani ham shunga dalolat qiladi. Qizigʻi shundaki, qadim yunon tilida «suhbat» maʼnosini bergan «dialogetikón» soʻzi «munozara», «tortishuv» maʼnolarida ham ishlatilgan ekan. Shulardan kelib chiqib, «haqiqat bahslarda tugʻiladi» tarzidagi koʻhna naqlni biz yanglish tushunmaymizmi, toʻgʻrisi «haqiqat suhbatda tugʻiladi» emasmikin?» – degan andisha keladi... Biroz chalgʻib ketgan boʻlsak, uzr. Hartugul, aytilganlardan kelib chiqib, yuqoridagilar sirasiga yana bir muhim shartni qoʻshishimiz kerak boʻladi. U ham boʻlsa – tinglay olish qobiliyati: suhbatning besamar tortishuvga aylanmasligi uchun suhbatdoshi nima deyayotgani va nega shunday deyayotganini tushuna olish, oʻz haqiqati oʻziga nechogʻli qadrli boʻlmasin, oʻzganing haqiqatiga ham haq bera bilish lozim...

(... Umarali Normatov – tom maʼnodagi MUNAQQID,

tamsil qilmoqchi boʻlsak, u kishining sezgir barmoqlari

mudom adabiy jarayon bilagida turadi: domla adabiy

yangiliklarni muntazam kuzatadi, adabiy hayot qozonida qaynaydi, darsxonalarda adabiy hodisalar oʻquvchi

ommada qanday aks sado berayotganini kuzatib-bilib

turadi. Shu bois u kishining suhbatlarida joriy adabiy jarayonning eng dolzarb masalalari oʻrtaga qoʻyiladi, bilgichlik bilan muhokama etiladi. Domla tajribali dargʻa misoli: suhbat kemasi sayozlik tomon borsa,

chuqurlikka buradi; dovullarga ustalik bilan chap beradi, suv osti qoyalarini chetlab oʻtadi, xullas, kursni

koʻzlangan manzilga yoʻnaltiradi. Manzil esa aniq –

qoʻyilgan masala mohiyati, haqiqati...)

... ayniqsa, muayyan masalada oʻz fikri, oʻz qarashiga ega fozil kishilar suhbatida bu juda muhim. Ilm talabidagi kishi hamisha fozillar suhbatiga talpinadi. Roviylar naql qiladilarki, agar «shu masalani Koʻhi Qofning naryogʻida faloniy bilur» deb eshitsalar, tolibi ilmlar yayov borgan ekanlar. Alqissa, yana bir muhim shart – suhbatdosh tanlay olish: kim bilan suhbatlashishni ham, kim bilan nima haqda suhbatlashishni ham bilish...

(... domlaning oʻzi uyushtirgan suhbatlar koʻzdan kechirilsa, ularda ikki jihat yaqqol koʻzga tashlanadi: birinchisi – suhbat markazida joriy adabiy jarayon uchun

muhim masala oʻrtaga qoʻyiladi; ikkinchisi – shu masala

haqida oʻziga xos, izchil va asosli fikrlar bera oladigan suhbatdosh tanlanadi. Tanlovning asosiy mezoni

– shu... 1977 yilda shoir Erkin Vohidov bilan suhbat

asosiga talant tarbiyasi masalasi qoʻyiladi. Munday

qaralsa, Erkin Vohidov qirchillama qirq yoshida, hali

oʻzi ham «yosh shoirlar» sirasida sanalib yurgan vaqt:

talant tarbiyasi, yoshlar adabiyoti xususida boshqa birov bilan suhbatlashilgani durust emasmidi? Yoʻq, munaqqid ayni shu ijodkorni tanlaydi, oʻzining tanlov

prinsipiga toʻla sodiq qoladi va, muhimi, – adashmaydi. Suhbatning jonli, adabiy tanqidiy tafakkur uchun

ahamiyatli chiqqani buning birinchi dalili. Ikkinchisi,

oradan koʻp oʻtmay E.Vohidov butun bir avlod uchun katta adabiyotga yoʻl ochgan, «bu maydon ichra» oʻz oʻrnini

topishiga koʻmaklashgan «Yoshlik»ka muharrir boʻldiki,

shoirning muharrirlik davri alohida mavzu...

Ehtimol, maʼlum sabablar bilan zikr etilgan

prinsiplardan biroz chekinilgan oʻrinlar ham chiqar, biroq ular – istisno, xolos. Yaʼni, domlaning suhbatlari

ichida «shunchaki suhbat qilish uchun»gina voqe boʻlgani

topilmaydi, hammasi birdek adabiy tanqidiy asar...)

... har narsaning oʻz ofati bor, jumladan, suhbatning ham. Rus adabiyotshunosi M.Baxtinning uqdirishicha, tomonlardan biri ikkinchisi oldida qalpoq yechib turadigan boʻlsa, dialog voqe boʻlmaydi. Olimning bu fikri oʻzbekchasiga «tomonlardan biri ikkinchisining qarshisida «qoʻl bogʻlab» turgan boʻlsa, dialog mavjud emas» tarzida ifodalanishi mumkin. Yaʼni, chin maʼnodagi dialogning muhim sharti – tomonlarning tengligi. Albatta, eʼtiroz boʻlishi mumkin: «besh qoʻl barobar emas-ku!» Toʻgʻri, biroq gap bunda emas, gap suhbatdoshni oʻziga teng koʻra olishda. Tan olish kerak, bunisi endi juda qiyin: oʻrtada shayton bor emasmi, goh bilimdonligini, goh chechanligini, xullas, ustunligini koʻrsatgisi kelib qoladi kishining. Buning aksi ham bir balo: meyordan oshgan andisha, ortiqcha kamtarlik, mutelikka egiz kamtarlik...

(... ofatning dafʼi bitta – niyat xolisligi. Adabiyotga begʻaraz mehri, BILIShni umrining bosh shioriga aylantirgani bois Umarali Normatov zikr etilgan

ojizliklardan baland tura oladi. Domla kafedrada

oʻtirib qishloqdan yaqindagina poytaxtga kelgan nabirasi qatori talaba bilan suhbatlashayotgani, muhimi, uning gaplarini diqqat bilan tinglayotganini koʻp

bor kuzatganmiz. U kishi «boqma kim der ani, boqgʻilki

ne der» qoidasiga amal qiladilar; suhbat mavzusi, masala mohiyatini muhimroq sanagani sabab andishayu

kamtarlikning meyorini xoʻb biladilar... )

...suhbat – jonli jarayon, demak, qogʻozda ham jarayon muhrlanadi. Muhimi, suhbatni oʻqiganda u yangidan voqe boʻlayotgandek, jarayon koʻz oldimizda qayta jonlanayotgandek taassurot qoladi kishida. Bamisoli dramatik asar: har gal oʻqiganing yo tomosha qilganingda hodisa koʻz oldingda qayta yuz beradi. Esxil, Sofokllar ikki yarim ming yil muqaddam yaratgan asarlarning hamon oʻqilayotganiga sabab, bir tomoni, shu emasmikan?!..

(... shu taassurot izmida domlaning 30-40 yillar

ilgari oʻtkazgan suhbatlari hamon eskirmabdi, degan

fikr keldi va ushbu kitobni nashr qilish1* niyati xoʻb va

xayrli boʻlibdi deb oʻyladim. Darvoqe, suhbat muayyan

bir sharoitda oʻtkaziladi, bas, unda oʻsha sharoitning

izlari boʻlishi ham shubhasiz. Sir emas, ushbu nashr ilgari davr taqozosi bilan kiritilgan «navbatchi jumlalar», «partiya-hukumatning dono rahbarligi» qabilidagi siyosiy xushyor gaplardan tozalanibdi. Albatta,

buni har kim oʻzicha baholashga haqliku-ya, biroq, buni

eʼtirof etganimiz holda, oʻz qarashimizni qayd etib

oʻtmasak boʻlmaydi. Tahrir va uning natijasini, aytaylik, «uy koʻtarish»ga qiyos qilish mumkin. Bilarsiz,

uy koʻtarilgach, ajib bir taassurot qoladi kishida: uy

oʻsha-oʻshaku-ya, lekin kengayib, bahavoroq boʻlib qolgandek... Yoʻq, tamsilimiz kamroq koʻrindi. Yaxshisi, chang

bosgan koʻzguni artib tozalamoqqa qiyos qilsak: koʻzgu

ham yaraqlab ketdi, undagi aks ham ravshan tortdi...)

***

Ota-bobolarimizdan meros bir hikmat bor: «Ilm istasang oqillar suhbatiga quloq tut...»

2009 yil

1*

Professor U.Normatovning «Ijodkorning daxlsiz dunyosi» kitobi nazarda tutilmoqda.

Dilmurod Quronov