← Sa'dullo Quronov
|

Faxriyor sheʼriyatida folklorizm: mifologik obrazlarning vizuallashuvi

Saʼdullo Quronov

Tezis · 2015 · Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari. Nukus, 2015

Mazkur maqolada mifologik obrazning modern sheʼriyatdagi vizual ahamiyati va Faxriyor ijodida tasviriylikning oʻrni masalalari badiiy sintez muammosi tegrasida tadqiq etiladi.

Tayanch soʻzlar: Vizual obraz, badiiy sintez, mifologik qahramon, tasviriy sanʼat, intertekstual oʻyin, impressionizm, modernizm.

Modernizm yoʻnalishida ijod etuvchi sanʼatkorlarda mif, qadimgi afsona va rivoyatlarga qiziqish yuqori boʻlgan. Ayniqsa, bu yoʻnalishning F.Kafka, T.Mann, B. Brext, J.Joys kabi mashhur nomayandalarining asarlarida bu jihat yaqqol koʻzga tashlanadi. Zero, ustuvor xususiyatlari reallikni rad yetish asosiga qurilgan modernizmning ifodaviy-gʻoyaviy maqsadlarida folklor va uning inson ruhiyatiga boʻlgan taʼsiri ahamiyatli sanalgan.

Oʻzbek modern adabiyoti namunalarini kuzatar ekanmiz folklorga boʻlgan kuchli murojaatni, mifik obrazlar, afsonalardagi syujet va motivlardan badiiy-gʻoyaviy maqsadlarda keng foydalanilganini koʻrishimiz mumkin boʻladi. Faxriyorning “Kuzda” nomli sheʼrida shunday bir misra bor: “Sariqlik – tosh rangi, yalmogʻiz toshning”. Ushbu sheʼrda kuzgi manzaralar va qahramonning falsafiy mushohadalari uygʻunlashib ketgan. Eʼtibor qilinsa, keltirilgan misradagi tosh obraziga ikki xil sifat berilmoqda – sariqlik va yalmogʻizlik. Bolalikda (baʼzilar har doim) folklordagi Yalmogʻizning borligiga ishonmagan, uni eslaganda zir-zir titroq bosmagan insonning oʻzi boʻlmasa kerak. Sheʼrdagi tosh obrazi vizual jihatdan folklordagi Yalmogʻiz qiyofasiga yaqinlashtirilmoqda, yaʼni uni kuzatayotgan “nigohlar” unda yalmogʻizlik sifatlarini-da koʻrishga erishadi. Oʻquvchi tasavvurida “sariq tosh” obrazi Yalmogʻiz va u uygʻotgan hislar bilan uygʻunlashib ketarkan, oʻzgacha xususiyatlarga ega “tosh” paydo boʻladi.

Har qanday badiiy obraz, u xoh vizual xoh ifodaviy boʻlsin, inson ongida gavdalanadi. Ayni damda, bu obrazning biz koʻnikkan reallik bilan, tushunchalarimiz va dunyoqarashimiz bilan muayyan aloqa oʻrnatishi turgan gap. Aks holda, u badiiylikni kasb emagan boʻlar edi. Yuqorida keltirilgan sheʼriy misrada shoir badiiylikni biz bilgan mifologik obrazning vizual xususiyatlari bilan taʼminlamoqda.

Shoir Faxriyor ijodida intertekstuallikning oʻrni yuquqori. Shu sababli u oʻzi murojaat etgan falklor qahramonlarining tipolagik mazmunini oʻzgartirib turishi ham mumkin. Yaʼni qahramonlarning biz bilgan (botirlik, rostgoʻylik, sehirgarlik, yovuzlik va h.k.) xususiyatlari ifodada ahamiyatsiz boʻlishi, shoir uchun mazkur obrazning tashqi koʻrinishi muhim boʻlishi mumkin:

Nilufar koʻylagin bozorga solar,

Tangasini sanaydi suv parilari…

Nilufarning koʻylagini sotib olgani

Yosumanning nafaqasi yetmaydi…

Biz insonlar xohlasak-da, mifik tafakkurdan voz kecha olmaymiz. U goʻdakligizmizdan buyon ongimizga, qonimizga singib ulgurgan. Modernizmning ustuvor ifodaviy xususiyatlari ham inson ongining tub-tubidagi puchmoqlarni tasvirlash edi. Bu oʻrinda mifik obraz ifodaviylikdagi bir vosita boʻlib, uning vazifasi ong ostida yashirinib yotgan hislarni qoʻzgʻatishdan iborat. Yuqoridagi parchada Yosuman va suv parisi kabi mifik obrazlar muayyan tasviriy vosita sifatida keltirilib, ular bilan aloqador syujet voqeligiga ishora etilmagan. Shoir mazkur qahramonlarning ongimizda muxrlanib qolgan vizual qiyofasidan foydalanib, konteksda yangi bir obrazni yaratmoqda. Deylik suv parilariga xos latofat, insonlarga yordam berish yoki aksincha jodulab suvga gʻarq etish kabi mazmun xususiyatlari “yangi” tasvirda ahamiyatsiz. Ahamiyatli jihati, ularning tashqi koʻrinishida. Chunki, suv parilarining “fizionomiyasi” haqida gapirilganda ularning yarmi ayol, yarmi esa baliq ekanligi hikoya qilinadi. Xuddi shunday, Yosumanning ham qahraton sovuqni olib kelishi emas, balki qariyaligi muhim omil.

Kishilik taraqqiyotining keyingi davrlarida vizual sanʼatlar tabiiy ravishda rivojlanib, yondosh sanʼatlarning ifoda tamoyillariga ham jiddiy taʼsir oʻtkazib kelmoqda. Shu maʼnoda zamonaviy sheʼriyat har qanday obrazning vizual qiyofasini yaratishga urinadi. Folklordagi qahramon va motivlarning moderncha tasvir vositalari asosida ifoda etilishi badiiy obrazning serqirra olamida kashfiyot qilishu oʻquvchiga badiiy gʻoyani vizual obrazlar bilan yetkazishga qaratilgan urinishlarning bir koʻrinishi, badiiy sintezning amaliy natijasidir. Koʻrinadiki, zamonaviy sheʼriyatda folklor qahramonlarining, nafaqat, oʻziga xos motivatsiyasi balki vizual xususiyatlari ham badiiy obraz yaratishda katta ahamiyatga ega boʻla oladi.

Faxriyorning “Yoziq”, “Ayolgʻu”, “Geometrik bahor” nomli dostonlarida modernizm va postmodernizmning xos xususiyatlari yaqqol seziladi. Chunki, bu asarlarda xalq ogʻzaki ijodi, tarix lavhalari, sanʼat asarlari, diniy tushuncha va rivoyatlar kabi koʻplab soha namunalariga bevosita va bilvosita murojaat, parodiya, kinoya yaqqol kuzatiladi. Shoir bularning barini intertekstual oʻyin tarzida ifoda etadi:

Kungaboqar quloqni tunda

Gʻor – quduqqa tashlab yuborar.

Qamish unib chiqar undan,

yo rab…

Tarixda oʻtgan buyuk sarkarda Iskandar haqidagi afsonaga ishora etilayotgan mazkur parchada biz, nafaqat, syujet va mazmundagi yangilanishni, balki voqelikning vizual shakllanishidagi oʻziga xoslikni koʻrishimiz mumkin. Bu oʻrinda shoir faqat Iskandar bilan bogʻliq afsonaga emas, mashhur musavvir Van Gogning qismati va “Kungaboqarlar” nomli asariga ham ishora qilmoqda. Impressionizm yoʻnalishining yirik namoyandasi Van Gogning oʻz quloqlarini kesib olgani haqida tarixiy faktlar bor. Ayni damda, uning “Kungaboqarlar” nomli asari dunyo sanʼati xazinasining javharlaridan biri sanaladi. Faxriyor yuqoridagicha intertekstual oʻyinlari bilan oʻquvchi tasavvurida yangi bir voqelikni yaratibgina qolmay, balki detallari assotsiativ bogʻliq boʻlgan yahlit kartinani ham yaratmoqda:

Bozingar yutgan qilich singari

Quduqning boʻgʻziga qamish qadalar.

Choʻpon yoʻq bitta nay yasab olgani,

qishloqqa qaytmadi hali podalar.

Endi quduq, qamish, nay, choʻpon kabi obrazlar jar soluvchi emas, balki, ayta olinmayotgan, jar solinmayotgan, boʻgʻizda qolib ketayotgan va shunga mahkum boʻlgan dardlarning ramziga aylanib qoladi…

Mifologik maktab vakillari adabiyot va sanʼatning vujudga kelishiga miflar asos boʻlgan deya taʼkidlaydilar. Bu maktabga koʻra mif poeziyaning javharidir. Umuman olganda, XIX asrga kelib sanʼatning yangi bosqichdagi rivoji ham bevosita folklor bilan mushtarak bogʻliqdir. Demak, xalq ogʻzaki ijodi doimo yozma adabiyot uchun ilhom manbai boʻlib kelgan. Shu maʼnoda uning zamiridagi chinakam badiiyat, falsafa va umuminsoniy qadriyatlar ifodasi modern sanʼatkorlar ijodida ham oʻziga xos talqinda namoyon boʻlmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati

Pigarev K. Russkaya literatura i izobrazitelnoye iskusstvo. – M.: Nauka, 1966.

D.Quronov, Z. Mamajonov, M.Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati. T.: “Akademnashr”., 2010. B. 228-229.

Faxriyor. Geometrik bahor. – T.: Maʼnaviyat, 2004. B. 43.

Faxriyor. Geometrik bahor. – T.: Maʼnaviyat, 2004. B. 43

Рычкова Ю.В. Энциклопедия модернизма. – М.: ЭКСМО, 2002. Б. 17.

Faxriyor. Geometrik bahor. – T.: Maʼnaviyat, 2004 B. 44.

Saʼdullo Quronov