← Sa'dullo Quronov
|

Faxriyor sheʼriyatida folklorizm

Saʼdullo Quronov

Maqola

XIX asr oxirlariga kelib falsafa va sanʼatda borliqni oʻzga bir yoʻsinda anglashga, ifodalashga urinishlar kuchayadi. F.Nitsshe, Z. Freyd, A.Bergson, U.Jeyms kabi mutafakkirlarning qarashlaridan taʼsirlangan ijodkorlar sanʼatga yangi, modernizm yoʻnalishini olib kirdilar. Bu yoʻnalishning ustuvor xususiyatlari reallikni rad etish asosiga qurila boshlandi.

Oʻtgan asrning soʻngiga kelib modernizm oʻzbek adabiyotiga ham kuchli taʼsir koʻrsata boshladi. Faxriyor, Nazar Eshonqul, Bahrom Roʻzimuhammad, Ulugʻbek Hamdam, Abduvali Qutbiddin kabi koʻplab ijodkorlar asarlarida shu yoʻnalishning xos xususiyatlari yaqqol koʻzga tashlanadi.

Modernizmning ilk davrlaridanoq bu yoʻnalishda ijod etuvchi sanʼatkorlarda mif, qadimgi afsona va rivoyatlarga qiziqish yuqori boʻlgan. Ayniqsa, F.Kafka, T.Mann, B. Brext kabi ijodkorlar asarlarida bu jihatning ustuvorligi koʻzga tashlanadi. Oʻzbek modern adabiyotida ham folklor namunalariga murojaat kuchli. Hozircha, bu jihatni sheʼriyatimizda koʻproq kuzatish mumkin. Ayniqsa, Faxriyor ijodida mifik obrazlar, afsona va rivoyatlardagi syujet, motivlarini kuzatishimiz mumkin boʻladi:

bu yomgʻirda tulki bolalaydi, deguchi edi.

Oftobning chang, toʻgʻri chiziq tomirlaridan

Koʻrinib turibdiki, bu oʻrinda sheʼriy ifodadagi mifik obrazlarning ahamiyati yuqori(tulkilik – ayyorlik ramzi, asarning keyingi qismlarida ushbu mifik obrazning ahamiyati yanada oydinlashadi). Umuman olganda modernizm yoʻnalishidagi namunalarda miflarning muhim oʻrin olishi tabiiy hodisa. Mif inson ojizligining mahsulidir. Mif hali odamlar tushunmagan, ularni hayratga solgan, qoʻrqitgan va sevintirgan olam silsilalarining oʻziga xos yoʻsindagi anglanishi demakdir. Koʻrinadiki, mif – insonning ayqash-uyqash tasavvurlari mevasi. Biz insonlar xohlasakda mifik tafakkurdan voz kecha olmaymiz. Mif goʻdakligizmizdan buyon bizning ongimizga, qonimizga singib ulgurgan. Modernizmning ustuvor ifodaviy xususiyatlari ham inson ongining tub-tubidagi puchmoqlarni tasvirlashdan iborat. Bu oʻrinda mifik obraz ifodaviylikdagi bir vosita xolos. Yaʼni, bu kabi obrazlar vositasida ong osti qatlamlarida yashirinib yotgan hislarni qoʻzgʻatib yuborish oson kechadi.

Yuqoridagi fikrlarimizga yanada aniqlik kiritadigan boʻlsak, modernizm uchun asos boʻlgan falsafiy tushunchalarga murajat etishga ehtiyoj tugʻiladi. XIX asrning oxirlariga kelib faylasuflar inson faqatgina ongi vositasida fikr yuritmasligini, balki u baʼzan hissiyotga tayangan holda ham mushohada yuritishini eʼtirof eta boshladilar. Zigmun Freyd inson oʻz hislari koʻmagida fikr yuritsagina olam hodisalarini mohiyatan anglashi mumkin ekanligini tasdiqlaydi. Uning izdoshi Karl Gustav Yung psixologiya ilmiga “Jamoaviy ongsizlik” tushunchasini kiritadi. “Yung fikricha, psixika nimaningdir hosilasi emas, u birlamchi va inson borligʻini aniqlab beruvchi asosiy printsipdir. Jamoaviy ongsizlik – inson ongining dastlabki holati.” Yungning nazariyasiga koʻra psixikani anglash butun tirik mavjudotlarning uygʻun jihatlarini his etish bilan amalga oshiriladi. Bunday holat aynan ibtidoiy odamlarda yaqqol kuzatilsada, barcha ijtimoiy davrlardagi inson ruhiyatiga birday daxldordir.

Koʻrinib turibdiki, modernizm yoʻnalishi vakillari inson ibtidosidagi ruhiyatni qidirganlar. Uning ongsiz, tabiat bilan uygʻun holatidagi ichki ruhiyat manzaralarini ifodalashga uringanlar. Insonning ibtidoiy tafakkuri esa oʻz-oʻzidan mif, asotir va afsonalarga borib taqaladi…

Mifik obrazlar oʻquvchi xayolotida oʻziga xos taassurotni uygʻotishligi bilan ahamiyatlidir. Misol uchun Faxriyorning “Kuzda” sheʼridagi bir misrani olib qaraylik: “Sariqlik – tosh rangi, yalmogʻiz toshning”. Ushbu sheʼrda kuzgi manzaralar va qahramonning falsafiy mushohadalari uygʻunlashib ketgan. Keltirilgan misradagi tosh obraziga ikki xil sifat berilmoqda – sariqlik va yalmogʻizlik. Bolalikda(baʼzilar har doim) folklordagi Yalmogʻizning borligiga ishonmagan, uni eslab zir-zir titroq bosmagan insonning oʻzi boʻlmasa kerak. Sheʼrdagi toshni kuzatarkanmiz u – sariq. Sariq tosh obrazi tasavvurda yalmogʻizlik va u uygʻotgan hislar bilan uygʻunlashib ketarkan, koʻz oldimizda oʻzgacha xususiyatlarga ega “tosh” gavdalanadi. Ayni shu “tosh” ifodaviylikdagi keyingi manzaralar uchun ayni muddaodir…

Faxriyor ijodining folklor namunalari bilan uygʻunligini oʻrganarkanmiz, bu borada shoirning “Yoziq” va “Ayolgʻu” dostonlari juda ahamiyatlidir. Ushbu asarlar bir qancha xususiyatlariga koʻra postmodernizm yoʻnalishini ham yodga soladi. Chunki, bu asarlarda xalq ogʻzaki ijodi, tarix lavhalari, sanʼat asarlari, diniy tushuncha va rivoyatlar kabi koʻplab soha namunalariga bevosita va bilvosita murojaat, parodiya, kinoya yaqqol kuzatiladi. Postmodernizm metodida bu holat intertekstual oʻyin deb ataladi:

Bu oʻrinda Yosuman va suv parilari kabi mifik obrazlar muayyan bir tasviriy vosita sifatidagina keltirilib, ular bilan aloqador syujet voqeligiga ishora sezilmaydi. Ammo quyidagi parchaga nisbatan bunday munosabat bildirib boʻlmaydi:

Xa, bu bolaligimizda koʻp eshitgan “Iskandarning shoxi bor” afsonasidagi syujet motivi. Ammo ijodkor maqsadiga koʻra bir muncha oʻzgarishlar kiritilgan. Yaʼni quduq ichiga sartarosh baqirmay, kungaboqar eshitilganlar(quloq)ni quduqqa tashlaydi va h.k. Dastlabki parchalardan farqli oʻlaroq, bu oʻrinda ifodaviy vosita qahramonlar emas, balki syujet motivi. Ikki holda ham folklor namunalari ijodkorning badiiy-gʻoyaviy maqsadi uchun xizmat qilmoqda.

Shoirning ongi va qalbida charx urayotgan gʻoya, hislarning obrazli ifodasi uchun folklor namunalari asos boʻlayotgan ekan. Demak, ushbu namunalar shaklan va yohud mazmun jihatidan ifodaviylikdagi maqsadga yaqin turadi. “Yoziq” sheʼrida xalq ogʻzaki ijodi namunalarining asosan shakliy xususiyatlari eʼtiborga olinib, maʼno qayta yaratiladi. Deylik suv parilariga xos latofat, insonlarga yordam berishlik yoki aksincha jodulab suvga gʻarq etishlik kabi mazmun xususiyatlari tasvirda ahamiyatsiz. Ahamiyatli jihati ularning tashqi koʻrinishida. Ularning yarmi ayol, yarmi baliq – tangali baliq. Yoki Yosumanning qahraton sovuq keltirishligi emas, balki qariyaligi muxim. Qariyalar esa nafaqa oladilar… Iskandar haqidagi afsonaning syujeti va mazmuni esa tubdan oʻzgartiriladi. Endi quduq, qamish, nay, choʻpon kabi obrazlar jar soluvchi emas, balki, ayta olinmayotgan, jar solinmayotgan, boʻgizda qolib ketayotgan va shunga mahkum boʻlgan dardlarning ramziga aylanib qoladi…

Sheʼrda yana dev – qurbaqa va farishta, Jamshid, qaldirgʻoch, Xotamtoy kabi mif, ertak, rivoyat qahramonlarini koʻrishimiz mumkin boʻladi. Bu oʻrinda asardagi dev, qurbaqa va farishtalar bilan bogʻliq syujet chiziqlari hayratlanarli darajada mazmundor va taʼsirli ifodalanadi:

Shoirning naqadar buyuk isteʼdod sohibi ekanligidan darak berib turuvchi bu misralar mazmun va shakliy jihatdan mukammaldir… Bir qarashda parchadagi qurbaqa koʻchma maʼnodagi badiiy obrazday taassurot uygʻotadi. Umuman. dev va qirq farishta obrazlarining ham folklor qahromonlari ekanligi his qilinib turilsa-da muayyan syujet bilan aloqadorligi sezilmaydi. Bu haqida oʻquvchi keyinroq, yirik hajmdagi sheʼrning yarmiga borib qolganda xabar topadi:

goʻrga kelib bitiklarni hijjalar, ne tong!..

Anglashiladiki, sheʼrdagi syujetda dev, uning qirq farishtadan iborat harami va unda tutqin qurbaqa(lirik qahramon) mavjud. Murakkab kompazitsion qurilish va syujetga ega boʻlgan ushbu sheʼrdagi folklor motivi, birinchidan, badiiy-gʻoyaviy maqsad uchun hizmat qilsa, ikkinchidan, ayqash-uyqash, tartibsiz tahayyullar uyimiday taassuror berayotgan syujet chizigʻini izchil, tartibli ketma-ketlikdagi hodisotlar ekanligini oʻquvchiga eslatib qoʻyadi. Yaʼni asarning ilk misralarida qurbaqa, dev, farishta obrazlari asosida lirik tuygʻular ifoda etilib, ular taʼsirida tungi manzara va taassurotlar (voqelik tunda sodir boʻladi) chiziladi. Qurbaqaning haramdan qochishi esa syujetdagi ikkinchi bosqich ? “Tong – choldevor oqarar. Ayriliq, ayriliq, ayriliq”. Endilikdagi voqelik kunduzga koʻchadi. Qurbaqaning gʻorga borishi, gʻorning tik turib ketishi va quduqqa aylanib qolishi voqealarining bari kunduzda, keyingi bochqichda sodir boʻladi. Umuman olganda, asarni tushunish, his qilish uchun har bir obrazga mohiyatan yondashish, kompazitsion qurilishni kuzatish va asosiysi ijodkorning tasavvur oqimiga shoʻngʻish – suzish talab etiladi.

Faxriyorning “Ayolgʻu” dostonida ham juda koʻplab mif, afsona, ertak qahramonlari va syujet motivlari keltiriladi. Bu borada shoirning oʻzi shunday deydi: “Dostonning nomi ham ramziy: unutilgan tarix, millat xotirasini asotirlar yordamida tiklashga bir urinish boʻlgan edi bu”. Besh juft taxayyuldan iborat ushbu sheʼrning yettinchi tahayyuli toʻlaligicha xalq ogʻzaki ijodidagi obrazlar asosida quriladi:

Turli xalqlar ogʻzaki ijodida malikaning boʻri tugʻishi haqidagi syujet motivlari mavjud. Lekin Faxriyor yaratgan voqelikka bir folklor namunasiga nisbatan intertekstual oʻyin deb xulosa chiqara olmaymiz. Bu voqelikda bir necha mifik obrazlar, doston motivlari ham mavjud. Yaʼni, ijodkor maqsadi yoʻlida birqancha folklor namunalari sintezini hosil qiladi:

Bu yerga “Tohir va Zuhra” dostonidagi Toxirga ishora bor. Umuman, sandiq obrazi asarning boshqa qismlarida ham ayni shu ishora bilan uchraydi. Keyingi misralarda biz yana bir mifik obrazni koʻrishimiz mumkin boʻladi:

Faxriyor bir necha syujet motivlarini qorishtirgan holda yangi bir butun voqeani yaratadi. Shoirning yuqoridagi gaplariga tayanadigan boʻlsak, koʻk boʻri obrazi qadimgi turkiy xalqlarni yodga soladi. Rivoyatlarda keltirilishicha, turklar boʻridan tarqalgan emish. Ularni “Koʻk turklar” deb nom qozonganligi ham maʼlum haqiqatdir.

Mifologik maktab vakillari adabiyot va sanʼatning vujudga kelishiga miflar asos boʻlgan deya taʼkidlaydilar. Bu maktabga koʻra mif poeziyaning javharidir. Umuman olganda, XIX asrga kelib sanʼatning yangi bosqichdagi rivoji ham bevosita folklor bilan mushtarak bogʻliqdir. Bu haqida “Adabiyotshunoslik lugʻatida” shunday yoziladi: “Zero, klassitsizm davri sigʻingan antik etalonlardan, maʼrifatchilik topingan aql kultidan bezgan romantizm vakillari xalq ogʻzaki ijodida chinakam ekzotika, bitmas-tuganmas xazinani koʻrdilar”. Demak, xalq ogʻzaki ijodi doimo yozma adabiyot uchun ilhom manbai boʻlib kelgan. Uning zamiridagi chinakam badiiyat, falsafa va umuminsoniy qadriyatlar ifodasi modern sanʼatkorlar ijodida ham oʻziga xos talqinda namoyon boʻlmoqda.

Hozirgi she'riyatning tasviriy imkoniyatlari haqida

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Saʼdullo Quronov