Adabiyotshunosligimiz oʻtgan davr mobaynida qizgʻin munozaralarga sabab boʻlgan modernizm masalasida yakuniy xulosalarga kelib ulgurmasidan, postmodernizm deb atalmish yangi bir yoʻnalishga toʻqnash kelmoqda. Adabiyot ilmiga doir asarlarda bu terminni bot-bot uchratishga, soha vakillari tomonidan “u postmodernchi”, “bu postmodern asar-da...” qabilidagi gaplarni tez-tez eshitishga koʻnikkan boʻlsak-da, oʻzbek adabiyotining biron namunasi shu nuqtai nazardan jiddiy tahlilga tortilganini, umuman, bu borada muayyan tadqiqot olib borilganining guvohi boʻlmadik.
Masala bunday koʻndalang qoʻyilganida, “oʻzbek adabiyotshunosligi ham ojiz emas” qabilida ish tutib xuddi modernizmga nisbatan boʻlgani kabi: “oʻzbek adabiyotida postmodernizm yoʻq”, “Sharq kishisiga postmodernizm yot”, deya osongina qutulishimiz yoki Gʻarbning bu boradagi tadqiqotlarini tarjima qilib, ulardagi munosabatni oʻzimiznikiday eʼlon qilishimiz ham mumkin... oxir-oqibat kalavani uchi yoʻqoladi qoladi. Boisi, Gʻarb olimlarining tadqiqotlari har qancha oʻzlashtirilmasin, bu bilimlar milliy adabiyot namunalarini oʻrganishga yoʻnalmas ekan, bari befoyda. Bir paytlar “Faxriyor shaklboz va taqlidchi”, “Bahrom Roʻzimuhammadning sheʼrlari aljirashdan boshqa narsa emas”, deyilganiday Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Isajon Sulton, Abduqayum Yoʻldoshev kabi adiblarning asarlari ham notoʻgʻri talqin qilinishi hech gap emas...
Biz yuqorida sanab oʻtgan adiblarning birontasini postmodernchi demoqchi emasmiz, aslo. Biz ularning asarlari tahlilga tortilganida yangicha yoʻnalishning oʻziga xos tamoyillari nazardan qochirilmasligining tarafdorimiz, xolos. Chunki yaqin oʻtmishda Gʻarb modernizmini qoralaganimiz, uni inkor etganimiz holda, milliy zaminda yetishgan, qariyb oʻn besh yillik jarayonni qamram olgan butun bir adabiy avlodning betakror asarlari ustidan qora chiziq tortilayotganining guvohi boʻlib turibmiz.
Adabiyotshunosligimizning xozirgi imkoniyati yangi yoʻnalishlar borasida, koʻproq, chet el mutahassislari tadqiqotlaridan foydalanishga yaramoqda, xolos. Bu esa masalaning ikkinchi bir nozik jihatini yuzaga keltiradi. Yaʼni adabiyotimizdagi oʻzgarishlarga Gʻarb postmodernizmi nuqtai nazaridan yondasharkanmiz, ular haqida birmuncha sunʼiy, ayni damda, notoʻgʻri xulosalarga kelishimiz turgan gap. Chunki, sogʻlom fikr yuritilsa, modernizm ijobiy hodisa emas. Ayni shunday postmodernizm ham. Yana shunday fikr yuritilsa, bu yoʻnalishlarning muayyan taʼsirini ham inkor etib boʻlmaydi. Boisi, Gʻarb va Sharq kishisi oʻrtasidagi farq katta boʻlmasin, jahonda hukm surayotgan globalizatsiya, madaniy, iqtisodiy-siyosiy hayotning umumiy jihatlari talaygina topiladi. Shu sababdan yangicha yoʻnalishlarga munosabat bildirilayotganda ularning taʼsirini inkor etmay, adabiyotimizda yaratilayotgan asarlarga umumjahon kayfiyatining milliy zamin tayangan qadriyatlar bilan oʻzaro sintezi sifatida qarash oʻrinli boʻladi.
Adabiy jarayondagi har bir yoʻnalish koʻproq oʻzi ommalashgan davr ruhi, ijtimoiy hayotning butun rang barang kayfiyati ifodasi uchun mos keladi. Xususan, modernizm 90-yillar ijtimoiy hayotida ijodkor eʼtiborini tortgan boʻlsa, postmodernizm bugungi kun kishilari ruhiyatini belgilaydi. Ammo oʻtgan davr mobaynida modernizm borasidagi qarashlar xilma-xilligi, asosan, uning milliy adabiyotimiz namunalarida bor yo yoʻqligi masalasi bilan cheklanadi. Mutaxassislarning aksariyat chiqishlarida modernizmni oʻzbek mentalitetiga yot hodisa sifatida talqin etish, bu yoʻnalishni sharhlash yoki uni tasdiqlash va shakl xususiyatlariga mahliyolik ustuvor ekani kuzatiladi. Aslida, oʻzbek modernizmi ham, xuddi Gʻarbdagi kabi oʻzining ijtimoiy-ruhiy asoslariga ega estetik hodisa boʻlib, uning ortida 80-yillar oxiri 90-yillar avvalida mintaqamizda sodir boʻlgan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarning kayfiyati yashiringan edi. Oʻzbek modernizmining “qaynagan” vaqti 90-yillarga toʻgʻri keladi. Bunga sabab ijodkorlarni birlashtirgan bir xil kayfiyat va shu kayfiyatni taʼminlab turgan “oʻtish davri” edi. Abduvali Qutbiddinning “Tasavvur lahzalari” sheʼri, Faxriyorning “Muchal yoshi”, “Yoziq” kabi dostonlari, Bahrom Roʻzimuhammad, Aziz Saidning bir turkum sheʼrlari, Nazar Eshonqul va Ulugʻbek Hamdamning qissa va hikoyalari yaqin oʻtgan tarixning butun kayfiyatini akslantiradi, axir. Chunki bir tuzumdan ikkinchi bir tuzumga oʻtish xalqimizning iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy hayotida jiddiy qiyinchiliklar bilan amalga oshgani hech kimga sir emas. Shu maʼnoda 90-yillar adabiy jarayonida bilibmi yo bilmay modernizm bayrogʻi ostida birlashgan ijodkorlar avlodini bir xil kayfiyat umumlashtirib turardi. Lekin unga “sof”, “ijtimoiylikdan holi” sanʼat sifatida qaraldi, uning ortidagi kayfiyat unutildi. Taʼkidlash joizki, oʻzbek modern adabiyotida shu nuqtai nazar oʻz tahlilini hamon kutib turibdi.
Obyektiv hodisa sifatida, bizning modernizmga salbiy yo ijobiy munosabatda boʻlishimizdan qatʼiy nazar, u madaniy hayotimizda mavjud boʻldi va sezilarli iz qoldirdi. Faqat uni tahlilga tortganimizda milliy ruhni nazardan qochirmasligimiz, oʻzbek modern adabiyotini Gʻarbdagisiga taqlid sifatida yoritmasligimiz talab qilinadi.
Kezi kelganda taʼkidlab oʻtish joizki, hozirda bu modernchilarning koʻpchiligi sust ijod qilmoqda yoki umuman yozmay qoʻygan. Yozayotganlari ham oʻz uslubi, maqsad va gʻoyalarini oʻzgartirgan. Chunki 90-yillar sharoitida bu ijodkorlarni “qaynatgan” kayfiyat allaqachon soʻnib ulgurgan.
Bugungi kun esa kechagisidan tamomila farq qiladi. Fan-texnika, kommunikativ vositalarning hadsiz rivoji davr kishilariga tarqoq kayfiyatlarni ulashmoqda. Olam bugungi kun kishisi uchun turli rakurslardan akslanmoqda. Dunyoda sodir boʻlayotgan tezkor oʻzgarishlar, siyosiy-iqtisodiy vaziyat, oʻziga xos demokratik tamoyillar ortidagi maʼnisiz turmush kishi xayolini shoshiradi, uning maqsad va vazifalarini kichraytiradi.
Fan taraqqiyoti ham shunga monand. Yaʼni postnoklassik fan oʻzidan oldingi metodlarni rivojlantirgan, eksprementlar jarayonida takomillashgan esa-da, uning har bir kashfiyoti oʻz qarshisida oʻnlab jumboqlarni yuzaga keltirmoqda. Yangi fan olgʻa surayotgan universal evolyutsionizm gʻoyasi va sinergetika borliqning bir butunlik paradigmasini tasdiqlaydi. Unga koʻra, olam – biosfera, noosfera, jamiyat, inson – yagona, yaxlit tizimda mujassamdir. Buning natijasi oʻlaroq maʼlum boʻladiki, inson oʻzi tadqiq etayotgan “obyektiv” voqelikdan aslo tashqarida tura olmaydi. Goʻyo u futbol haqida tomoshabinday emas, balki oʻyinchiday taassurotga ega, xolos. Demak, uning olamni bilish jarayonidagi tasavvur va xulosalari ham haminqadar... Albatta, fan taraqqiyotining xos tamoyillari oʻz yoʻliga. Ammo fan va madaniyat rivoji oʻzaro bogʻliq tendensiyalar asosida davomlidir. Shu maʼnoda postmodernizm yoʻnalishi bugungi ilm-fan, ijtimoy-siyosiy hayotning butun nozikliklari bilan ifodalovchi asosiy metodlardan biri sanaladi.
Postmodernizm oʻta murakkab va serqirra yoʻnalish boʻlib, u ifoda shakllari, mazmun-mohiyatiga koʻra rivojlanib bormoqda. Uning asosida olamni xaos deb bilish, parokanda va bemaʼni dunyoda inson mavjudligining ahamiyatsizligi ifodasi yotadi. Hamonki shunday ekan, sanʼatkor ham oʻzi yaratayotgan asarda olamni bilish, uni tushunish va tushuntirishga boʻlgan ehtiyojini unutadi, dunyoni yaxlit, maqsadli “metarivoyat”lar oʻrniga uzuq-yuluq, tartibsiz “rivoya”lar asosida ifodalaydi. Postmodernizm bugungi kundagi omma madaniyati (popkultura) va ommaviy didsizlik istilohlari bilan ham uzviy aloqadagi hodisadir. Koʻrinadiki, bu yoʻnalish davr hayotini akslantirishda keng imkoniyatlarga ega. Ammo Gʻarb kishilarining kayfiyati xaosni tasdiqlab turgan, jamiyatlar turmushida ideal va oliy maqsadlar yemirilayotgan bir vaqtda postmodernizmni aynan koʻchirib olishimiz, oʻrinli boʻlarmikan?!
Oʻzbek adabiyotida postmodernizmning kurtaklari bundan yigirma yillar oldin, biz modernchi deb atayotgan shoirlar bisotida aks etgan boʻlsa-da, unga jiddiy qiziqish juda kech boshlandi. Aniqrogʻi, adabiyotshunosligimiz modernizm va postmodernizmni oʻzaro farqlash ehtiyojiga biroz keyinroq yetib keldi. Ayniqsa, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” (“Sharq yulduzi” jurnali 2010 yil, 6-son) romanidan soʻng postmodernizmga qiziquvchilar yanada koʻpaydi. Albatta, yangi roman yozilishida eʼtirof etayotganimiz yoʻnalishning taʼsiri katta. Adib xuddi postmodernchilar kabi dunyo manzarasini kichik, uzuq-yuluq voqealar asosida chizadi. Zamon va makon uygʻunligi buzilgan roman ifodasida tarix, bugun va kelajak qorishib ketadi. Unda siz turmush hayotimizning kichik detallaridan tortib, zamonaviy ilm-fan yutuqlari, tarix solnomalari, afsona va rivoyatlardagi syujet motivlari, falsafa, siyosat, madaniyatga daxldor omillarning bevosita va bilvosita ifodasi, intertekstual oʻyinga duch kelasiz. Ammo muallif postmodernizmning mana shunday shakliy xususiyatlariga murojaat etadi, xolos. Yaʼni postmodernizmga xos ifoda shakllari sharqona tafakkur xususiyatlari bilan payvandlanadi va mazmun-mohiyati bilan uni inkor etadi. Agar Gʻarb postmodernizmi olamni bemaʼni deya hukm chiqarsa, Isajon Sulton romanida shu maʼnisizdek koʻrinayotgan dunyoda darbadarlikdan qochish kerakligi gʻoyasi olgʻa suriladi. Ahamiyatlisi, ijodkor mavjud sharoitning xaotik ifodasidan qochmaydi. Yaʼni roman qahramonlari oʻz mavjudligidagi haqiqatni turli yoʻllardan qidirarkan, muallif aniq bir hukm, Idealni koʻrsatishga ojiz ekanligini yashirmaydi. Lekin uning qahramonlari ana shu Idealni qidirishdan charchamaydi.
Dunyoni xaotik manzara asosida ifoda etishi jihatidan Ulugʻbek Hamdamning keyingi yillarda eʼlon qilingan bir turkum hikoyalari ham postmodernizmga yaqin keladi. Adib xaos deb koʻrinayotgan olamda Idealni izlash masalasiga oʻziga xos, ayni damda, Sharq yashash falsafasining mezonlari asosida yondashadi. Unga koʻra, har bir Insoning umri muayyan YOʻLda kechadi. Garchi u oʻz manzili, mavjudligidagi haqiqatni toʻla idrok eta olmasa-da, shu yoʻldan borishga mahkum. Pirovardida inson uchun erishilgan Ideal manzil emas, balki ungacha bosib oʻtilgan YOʻL – jarayon umr mazmuniga aylanadi. Ijodkor bu xaotik olamda har birimiz manzilga qarab intilishimiz, izlaganimiz maʼno – Idealni esa oʻz qalbimizdan qidirishimiz kerakligini uqtirayotganday boʻladi.
Yaqindagina eʼlon qilingan Abduqayum Yoʻldoshevning “Puankare” (“Jahon adabiyoti” 2012 yil, 9-son) nomli hikoyasi ham dunyoning bugungi manzarasi va sharqona qadriyatlarni goʻzal uygʻunlikda ifoda etishi bilan qadrlidir. Bu ijodkorni qiynagan masala ham Ideal muammosi. Uning qahramonlari ham mavjudlikning yagona yechimi – “Koinot formulasi”ni qidirish bilan ovora. Eʼtiborlisi, yozuvchi bu jarayonning butun nozikliklari bilan tasvirlashga erisha oladi. Yaʼni bizni oʻrab turgan bu olam siru sinoatlarga va irodamizdan tashqarida boʻlgan haqiqatlariga ega. Hamonki shunday ekan, insonning bu tartibotda mavqei nimadan iborat? Maʼnaviy qashshoq holida ham “umrguzaronlik” qilib yurgan Tirkashning yoʻli toʻgʻrimi? Yoki zimmasida roʻzgʻor tashvishlari boʻla turib, hayotini olam haqiqatini topishga bagʻishlagan, oqibatda xoru zorlikdan boshqasiga erisholmagan qahramon taqdiri? Balki avliyolardek ehtiyojlardan holi, na pulga qiziqadigan va na odamlar bilan suhbat quradigan, topgani Peterburgdagi ixchamgina uyida qamalib olib murakkab gipotezalar yechish bilan mashgʻul boʻladigan Perelman tutgan yoʻl toʻgʻridir? Koʻrinadiki, olamning Ideal yechimini izlashdan voz kechilsa ham, umrni unga bagʻishlasa ham va xatto oʻsha “Koinot formulasi” yechilsa ham, bular qurbonliklarsiz amalga oshmaydi. Yaʼni har bir yoʻlning oʻz yutuq va kamchiliklari mavjud. Shunday ekan, bugungi kun kishisi umr maʼnisini dindanmi, fandanmi, turmushdanmi qidirishni bilolmay tang boʻlayotgan holida, qay tarafga yuzlansin? Hikoya oxiridagi birgina jumla barisini hal qiladi: “Buni Sharq deb qoʻyibdilar” deya hayqiradi qahramon. Gʻarb kishilari hayotni bemaʼni deya eʼtirof etib, ijtimoiy-madaniy rivojlanishning garmoniyasini yoʻqotib, boshi berk koʻchaga kirib qolayotgan bir vaqtda najotni Sharqning bitmas-tuganmas maʼnaviy boyliklaridan topayapti. Zero, Sharq donishmandlari Ideal doim inson ruhida yashab keladi, deya uqtiradi. Shunday ekan, biz uchun olam hech qachon bemaʼni tuyulmasligi lozim.
Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, oʻzbek adabiyoti, xususan, nasrida oʻziga xos bir yoʻnalish shakllanib bormoqda. Albatta, u bugunning kayfiyati, ijtimoiy-madaniy hayotning ifodasi uchun juda mos keladi. Oʻzbek adabiyoti shaklda har qancha yangilanmasin, oʻz mohiyatida sharqona yashash falsafasini saqlab qolaveradi. Shu bois ham ularda olamni anglash yoʻlida inson irodasidan tashqaridagi Kuchning bevosita ifodasi, insonni dunyo charxpalagining oddiy, ammo kuzatuvdagi yoʻlovchisi sifatida tasvirlashga boʻlgan harakat mavjud. Ammo biz uni Gʻarbda shakllangan postmodernizm nuqtai nazaridan tushunishga harakat qilsak, modernizmga boʻlgan munosabat aynan qaytarilishi mumkin. Shu sababdan hozirgi kun adabiyotini tadqiq etayotganda dunyoda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar va postmodern sanʼatining muayyan taʼsirini inkor etmay, bu yoʻnalishni oʻzbek postmodernizmi, deya atashimiz maqsadga muvofiq.
Saʼdullo Quronov
Адабиётшунослигимиз ўтган давр мобайнида қизғин мунозараларга сабаб бўлган модернизм масаласида якуний хулосаларга келиб улгурмасидан, постмодернизм деб аталмиш янги бир йўналишга тўқнаш келмоқда. Адабиёт илмига доир асарларда бу терминни бот-бот учратишга, соҳа вакиллари томонидан “у постмодернчи”, “бу постмодерн асар-да...” қабилидаги гапларни тез-тез эшитишга кўниккан бўлсак-да, ўзбек адабиётининг бирон намунаси шу нуқтаи назардан жиддий таҳлилга тортилганини, умуман, бу борада муайян тадқиқот олиб борилганининг гувоҳи бўлмадик.
Масала бундай кўндаланг қўйилганида, “ўзбек адабиётшунослиги ҳам ожиз эмас” қабилида иш тутиб худди модернизмга нисбатан бўлгани каби: “ўзбек адабиётида постмодернизм йўқ”, “Шарқ кишисига постмодернизм ёт”, дея осонгина қутулишимиз ёки Ғарбнинг бу борадаги тадқиқотларини таржима қилиб, улардаги муносабатни ўзимизникидай эълон қилишимиз ҳам мумкин... охир-оқибат калавани учи йўқолади қолади. Боиси, Ғарб олимларининг тадқиқотлари ҳар қанча ўзлаштирилмасин, бу билимлар миллий адабиёт намуналарини ўрганишга йўналмас экан, бари бефойда. Бир пайтлар “Фахриёр шаклбоз ва тақлидчи”, “Баҳром Рўзимуҳаммаднинг шеърлари алжирашдан бошқа нарса эмас”, дейилганидай Назар Эшонқул, Улуғбек Ҳамдам, Исажон Султон, Абдуқаюм Йўлдошев каби адибларнинг асарлари ҳам нотўғри талқин қилиниши ҳеч гап эмас...
Биз юқорида санаб ўтган адибларнинг биронтасини постмодернчи демоқчи эмасмиз, асло. Биз уларнинг асарлари таҳлилга тортилганида янгича йўналишнинг ўзига хос тамойиллари назардан қочирилмаслигининг тарафдоримиз, холос. Чунки яқин ўтмишда Ғарб модернизмини қоралаганимиз, уни инкор этганимиз ҳолда, миллий заминда етишган, қарийб ўн беш йиллик жараённи қамрам олган бутун бир адабий авлоднинг бетакрор асарлари устидан қора чизиқ тортилаётганининг гувоҳи бўлиб турибмиз.
Адабиётшунослигимизнинг хозирги имконияти янги йўналишлар борасида, кўпроқ, чет эл мутаҳассислари тадқиқотларидан фойдаланишга ярамоқда, холос. Бу эса масаланинг иккинчи бир нозик жиҳатини юзага келтиради. Яъни адабиётимиздаги ўзгаришларга Ғарб постмодернизми нуқтаи назаридан ёндашарканмиз, улар ҳақида бирмунча сунъий, айни дамда, нотўғри хулосаларга келишимиз турган гап. Чунки, соғлом фикр юритилса, модернизм ижобий ҳодиса эмас. Айни шундай постмодернизм ҳам. Яна шундай фикр юритилса, бу йўналишларнинг муайян таъсирини ҳам инкор этиб бўлмайди. Боиси, Ғарб ва Шарқ кишиси ўртасидаги фарқ катта бўлмасин, жаҳонда ҳукм сураётган глобализация, маданий, иқтисодий-сиёсий ҳаётнинг умумий жиҳатлари талайгина топилади. Шу сабабдан янгича йўналишларга муносабат билдирилаётганда уларнинг таъсирини инкор этмай, адабиётимизда яратилаётган асарларга умумжаҳон кайфиятининг миллий замин таянган қадриятлар билан ўзаро синтези сифатида қараш ўринли бўлади.
Адабий жараёндаги ҳар бир йўналиш кўпроқ ўзи оммалашган давр руҳи, ижтимоий ҳаётнинг бутун ранг баранг кайфияти ифодаси учун мос келади. Хусусан, модернизм 90-йиллар ижтимоий ҳаётида ижодкор эътиборини тортган бўлса, постмодернизм бугунги кун кишилари руҳиятини белгилайди. Аммо ўтган давр мобайнида модернизм борасидаги қарашлар хилма-хиллиги, асосан, унинг миллий адабиётимиз намуналарида бор ё йўқлиги масаласи билан чекланади. Мутахассисларнинг аксарият чиқишларида модернизмни ўзбек менталитетига ёт ҳодиса сифатида талқин этиш, бу йўналишни шарҳлаш ёки уни тасдиқлаш ва шакл хусусиятларига маҳлиёлик устувор экани кузатилади. Аслида, ўзбек модернизми ҳам, худди Ғарбдаги каби ўзининг ижтимоий-руҳий асосларига эга эстетик ҳодиса бўлиб, унинг ортида 80-йиллар охири 90-йиллар аввалида минтақамизда содир бўлган ижтимоий-сиёсий ўзгаришларнинг кайфияти яширинган эди. Ўзбек модернизмининг “қайнаган” вақти 90-йилларга тўғри келади. Бунга сабаб ижодкорларни бирлаштирган бир хил кайфият ва шу кайфиятни таъминлаб турган “ўтиш даври” эди. Абдували Қутбиддиннинг “Тасаввур лаҳзалари” шеъри, Фахриёрнинг “Мучал ёши”, “Ёзиқ” каби достонлари, Баҳром Рўзимуҳаммад, Азиз Саиднинг бир туркум шеърлари, Назар Эшонқул ва Улуғбек Ҳамдамнинг қисса ва ҳикоялари яқин ўтган тарихнинг бутун кайфиятини акслантиради, ахир. Чунки бир тузумдан иккинчи бир тузумга ўтиш халқимизнинг иқтисодий, ижтимоий-маданий ҳаётида жиддий қийинчиликлар билан амалга ошгани ҳеч кимга сир эмас. Шу маънода 90-йиллар адабий жараёнида билибми ё билмай модернизм байроғи остида бирлашган ижодкорлар авлодини бир хил кайфият умумлаштириб турарди. Лекин унга “соф”, “ижтимоийликдан ҳоли” санъат сифатида қаралди, унинг ортидаги кайфият унутилди. Таъкидлаш жоизки, ўзбек модерн адабиётида шу нуқтаи назар ўз таҳлилини ҳамон кутиб турибди.
Объектив ҳодиса сифатида, бизнинг модернизмга салбий ё ижобий муносабатда бўлишимиздан қатъий назар, у маданий ҳаётимизда мавжуд бўлди ва сезиларли из қолдирди. Фақат уни таҳлилга тортганимизда миллий руҳни назардан қочирмаслигимиз, ўзбек модерн адабиётини Ғарбдагисига тақлид сифатида ёритмаслигимиз талаб қилинади.
Кези келганда таъкидлаб ўтиш жоизки, ҳозирда бу модернчиларнинг кўпчилиги суст ижод қилмоқда ёки умуман ёзмай қўйган. Ёзаётганлари ҳам ўз услуби, мақсад ва ғояларини ўзгартирган. Чунки 90-йиллар шароитида бу ижодкорларни “қайнатган” кайфият аллақачон сўниб улгурган.
Бугунги кун эса кечагисидан тамомила фарқ қилади. Фан-техника, коммуникатив воситаларнинг ҳадсиз ривожи давр кишиларига тарқоқ кайфиятларни улашмоқда. Олам бугунги кун кишиси учун турли ракурслардан аксланмоқда. Дунёда содир бўлаётган тезкор ўзгаришлар, сиёсий-иқтисодий вазият, ўзига хос демократик тамойиллар ортидаги маънисиз турмуш киши хаёлини шоширади, унинг мақсад ва вазифаларини кичрайтиради.
Фан тараққиёти ҳам шунга монанд. Яъни постноклассик фан ўзидан олдинги методларни ривожлантирган, экспрементлар жараёнида такомиллашган эса-да, унинг ҳар бир кашфиёти ўз қаршисида ўнлаб жумбоқларни юзага келтирмоқда. Янги фан олға сураётган универсал эволюционизм ғояси ва синергетика борлиқнинг бир бутунлик парадигмасини тасдиқлайди. Унга кўра, олам – биосфера, ноосфера, жамият, инсон – ягона, яхлит тизимда мужассамдир. Бунинг натижаси ўлароқ маълум бўладики, инсон ўзи тадқиқ этаётган “объектив” воқеликдан асло ташқарида тура олмайди. Гўё у футбол ҳақида томошабиндай эмас, балки ўйинчидай таассуротга эга, холос. Демак, унинг оламни билиш жараёнидаги тасаввур ва хулосалари ҳам ҳаминқадар... Албатта, фан тараққиётининг хос тамойиллари ўз йўлига. Аммо фан ва маданият ривожи ўзаро боғлиқ тенденциялар асосида давомлидир. Шу маънода постмодернизм йўналиши бугунги илм-фан, ижтимой-сиёсий ҳаётнинг бутун нозикликлари билан ифодаловчи асосий методлардан бири саналади.
Постмодернизм ўта мураккаб ва серқирра йўналиш бўлиб, у ифода шакллари, мазмун-моҳиятига кўра ривожланиб бормоқда. Унинг асосида оламни хаос деб билиш, пароканда ва бемаъни дунёда инсон мавжудлигининг аҳамиятсизлиги ифодаси ётади. Ҳамонки шундай экан, санъаткор ҳам ўзи яратаётган асарда оламни билиш, уни тушуниш ва тушунтиришга бўлган эҳтиёжини унутади, дунёни яхлит, мақсадли “метаривоят”лар ўрнига узуқ-юлуқ, тартибсиз “ривоя”лар асосида ифодалайди. Постмодернизм бугунги кундаги омма маданияти (попкультура) ва оммавий дидсизлик истилоҳлари билан ҳам узвий алоқадаги ҳодисадир. Кўринадики, бу йўналиш давр ҳаётини акслантиришда кенг имкониятларга эга. Аммо Ғарб кишиларининг кайфияти хаосни тасдиқлаб турган, жамиятлар турмушида идеал ва олий мақсадлар емирилаётган бир вақтда постмодернизмни айнан кўчириб олишимиз, ўринли бўлармикан?!
Ўзбек адабиётида постмодернизмнинг куртаклари бундан йигирма йиллар олдин, биз модернчи деб атаётган шоирлар бисотида акс этган бўлса-да, унга жиддий қизиқиш жуда кеч бошланди. Аниқроғи, адабиётшунослигимиз модернизм ва постмодернизмни ўзаро фарқлаш эҳтиёжига бироз кейинроқ етиб келди. Айниқса, Исажон Султоннинг “Боқий дарбадар” (“Шарқ юлдузи” журнали 2010 йил, 6-сон) романидан сўнг постмодернизмга қизиқувчилар янада кўпайди. Албатта, янги роман ёзилишида эътироф этаётганимиз йўналишнинг таъсири катта. Адиб худди постмодернчилар каби дунё манзарасини кичик, узуқ-юлуқ воқеалар асосида чизади. Замон ва макон уйғунлиги бузилган роман ифодасида тарих, бугун ва келажак қоришиб кетади. Унда сиз турмуш ҳаётимизнинг кичик деталларидан тортиб, замонавий илм-фан ютуқлари, тарих солномалари, афсона ва ривоятлардаги сюжет мотивлари, фалсафа, сиёсат, маданиятга дахлдор омилларнинг бевосита ва билвосита ифодаси, интертекстуал ўйинга дуч келасиз. Аммо муаллиф постмодернизмнинг мана шундай шаклий хусусиятларига мурожаат этади, холос. Яъни постмодернизмга хос ифода шакллари шарқона тафаккур хусусиятлари билан пайвандланади ва мазмун-моҳияти билан уни инкор этади. Агар Ғарб постмодернизми оламни бемаъни дея ҳукм чиқарса, Исажон Султон романида шу маънисиздек кўринаётган дунёда дарбадарликдан қочиш кераклиги ғояси олға сурилади. Аҳамиятлиси, ижодкор мавжуд шароитнинг хаотик ифодасидан қочмайди. Яъни роман қаҳрамонлари ўз мавжудлигидаги ҳақиқатни турли йўллардан қидираркан, муаллиф аниқ бир ҳукм, Идеални кўрсатишга ожиз эканлигини яширмайди. Лекин унинг қаҳрамонлари ана шу Идеални қидиришдан чарчамайди.
Дунёни хаотик манзара асосида ифода этиши жиҳатидан Улуғбек Ҳамдамнинг кейинги йилларда эълон қилинган бир туркум ҳикоялари ҳам постмодернизмга яқин келади. Адиб хаос деб кўринаётган оламда Идеални излаш масаласига ўзига хос, айни дамда, Шарқ яшаш фалсафасининг мезонлари асосида ёндашади. Унга кўра, ҳар бир Инсонинг умри муайян ЙЎЛда кечади. Гарчи у ўз манзили, мавжудлигидаги ҳақиқатни тўла идрок эта олмаса-да, шу йўлдан боришга маҳкум. Пировардида инсон учун эришилган Идеал манзил эмас, балки унгача босиб ўтилган ЙЎЛ – жараён умр мазмунига айланади. Ижодкор бу хаотик оламда ҳар биримиз манзилга қараб интилишимиз, излаганимиз маъно – Идеални эса ўз қалбимиздан қидиришимиз кераклигини уқтираётгандай бўлади.
Яқиндагина эълон қилинган Абдуқаюм Йўлдошевнинг “Пуанкаре” (“Жаҳон адабиёти” 2012 йил, 9-сон) номли ҳикояси ҳам дунёнинг бугунги манзараси ва шарқона қадриятларни гўзал уйғунликда ифода этиши билан қадрлидир. Бу ижодкорни қийнаган масала ҳам Идеал муаммоси. Унинг қаҳрамонлари ҳам мавжудликнинг ягона ечими – “Коинот формуласи”ни қидириш билан овора. Эътиборлиси, ёзувчи бу жараённинг бутун нозикликлари билан тасвирлашга эриша олади. Яъни бизни ўраб турган бу олам сиру синоатларга ва иродамиздан ташқарида бўлган ҳақиқатларига эга. Ҳамонки шундай экан, инсоннинг бу тартиботда мавқеи нимадан иборат? Маънавий қашшоқ ҳолида ҳам “умргузаронлик” қилиб юрган Тиркашнинг йўли тўғрими? Ёки зиммасида рўзғор ташвишлари бўла туриб, ҳаётини олам ҳақиқатини топишга бағишлаган, оқибатда хору зорликдан бошқасига эришолмаган қаҳрамон тақдири? Балки авлиёлардек эҳтиёжлардан ҳоли, на пулга қизиқадиган ва на одамлар билан суҳбат қурадиган, топгани Петербургдаги ихчамгина уйида қамалиб олиб мураккаб гипотезалар ечиш билан машғул бўладиган Перельман тутган йўл тўғридир? Кўринадики, оламнинг Идеал ечимини излашдан воз кечилса ҳам, умрни унга бағишласа ҳам ва хатто ўша “Коинот формуласи” ечилса ҳам, булар қурбонликларсиз амалга ошмайди. Яъни ҳар бир йўлнинг ўз ютуқ ва камчиликлари мавжуд. Шундай экан, бугунги кун кишиси умр маънисини динданми, фанданми, турмушданми қидиришни билолмай танг бўлаётган ҳолида, қай тарафга юзлансин? Ҳикоя охиридаги биргина жумла барисини ҳал қилади: “Буни Шарқ деб қўйибдилар” дея ҳайқиради қаҳрамон. Ғарб кишилари ҳаётни бемаъни дея эътироф этиб, ижтимоий-маданий ривожланишнинг гармониясини йўқотиб, боши берк кўчага кириб қолаётган бир вақтда нажотни Шарқнинг битмас-туганмас маънавий бойликларидан топаяпти. Зеро, Шарқ донишмандлари Идеал доим инсон руҳида яшаб келади, дея уқтиради. Шундай экан, биз учун олам ҳеч қачон бемаъни туюлмаслиги лозим.
Юқоридагилардан кўриниб турибдики, ўзбек адабиёти, хусусан, насрида ўзига хос бир йўналиш шаклланиб бормоқда. Албатта, у бугуннинг кайфияти, ижтимоий-маданий ҳаётнинг ифодаси учун жуда мос келади. Ўзбек адабиёти шаклда ҳар қанча янгиланмасин, ўз моҳиятида шарқона яшаш фалсафасини сақлаб қолаверади. Шу боис ҳам уларда оламни англаш йўлида инсон иродасидан ташқаридаги Кучнинг бевосита ифодаси, инсонни дунё чархпалагининг оддий, аммо кузатувдаги йўловчиси сифатида тасвирлашга бўлган ҳаракат мавжуд. Аммо биз уни Ғарбда шаклланган постмодернизм нуқтаи назаридан тушунишга ҳаракат қилсак, модернизмга бўлган муносабат айнан қайтарилиши мумкин. Шу сабабдан ҳозирги кун адабиётини тадқиқ этаётганда дунёда содир бўлаётган ўзгаришлар ва постмодерн санъатининг муайян таъсирини инкор этмай, бу йўналишни ўзбек постмодернизми, дея аташимиз мақсадга мувофиқ.
Саъдулло Қуронов
Saʼdullo Quronov