← Sa'dullo Quronov
|

Olam va odam munosabatlarining badiiy talqini

Saʼdullo Quronov

Tezis · 2021 · Oʻzbek adabiyotshunosligining dolzarb muammolari respublika anjumani. Urganch, 2021

Inson konsepsiyasi adabiyotshunoslikning muhim muammolaridan biri hisoblanadi. Zero, inson barcha moddiy va maʼnaviy tushunchalar, jumladan, adabiyotning markazida turadi. Ijodkor olamni bilish yoʻlida inson ruhiyatini taftish qiladi, uning murakkab taqdiriga nazar soladi. Inson vositasida zamonni va makonni oʻrganadi. Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, falsafiy qarashlarini ilgari suradi. Shunday ekan, inson konsepsiyasi muammosini oʻrganish barobarida muayyan davr adabiyotini baholash, uning rivojlanish tendensiyalarini koʻrsatib berish mumkin.

Oʻtgan asrning 80-yillari soʻngiga kelib Oʻzbekiston mustaqillik sari dadil qadam qoʻydi. Deyarli shu vaqtdan boshlab milliy adabiyotimizda olam va odam munosabatlarini boshqa bir rakursdan tasvirlashga urinishlar kuchaydi. Keyinroq, Xurshid Doʻstmuhammad, Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Isajon Sulton, Luqmon Boʻrixon kabi yozuvchilar XXI asr oʻzbek romanchiligi poetikasining yangilanishiga sezilarli hissa qoʻshdilar. Ularning romanlarida inson va jamiyat, inson va ruhiyatning ilgari adabiyotimizda kuzatilmagan, yangicha ifodalari kuzatiladi.

Mustaqillik davri romanchiligining yana bir muhim jihati shundaki, ularda postmodernizm yoʻnalishining taʼsiri yaqqol sezilib turadi. Bu davr romanlarida olam va odamni anʼanaviy shakldan farqli olaroq «metarivoyatlar»da emas, balki borliq haqidagi yaxlit tasavvurlardan chekingan holda uzuq-yuluq, «kichik hikoyatlar»da tasvirlash, kinoyaviy modus, intertekstual oʻyin kabi postmodernizmga xos ifoda yoʻsinlari koʻzga tashlanadi [Quronov, 2010: 240].

Shu maʼnoda mustaqillik davri romanlarida inson konsepsiyasi muammosini oʻrganish adabiyotshunosligimizda hanuz jiddiy tadqiq etilmagan postmodernizm yoʻnalishining milliy adabiyotimizdagi oʻrni va ahamiyatini ochib beradi.

Oʻzbek adabiyotida postmodernizmning kurtaklari bundan yigirma yillar oldin, biz modernchi deb atayotgan shoirlar bisotida aks etgan boʻlsa-da, unga jiddiy qiziqish juda kech boshlandi. Ayniqsa, Isajon Sultonning «Boqiy darbadar»

[Sultonov I., 2010: 120] romanidan soʻng postmodernizmga qiziquvchilar yanada koʻpaydi. Yangi romanda adib xuddi postmodernchilar kabi dunyo manzarasini kichik, uzuq-yuluq voqealar asosida chizadi. Zamon va makon uygʻunligi buzilgan roman ifodasida tarix, bugun va kelajak qorishib ketadi. Unda siz turmush hayotimizning kichik detallaridan tortib, zamonaviy ilm-fan yutuqlari, tarix solnomalari, afsona va rivoyatlardagi sujet motivlari, falsafa, siyosat, madaniyatga daxldor omillarning bevosita va bilvosita ifodasi, intertekstual oʻyinga duch kelasiz. Ammo muallif postmodernizmning mana shunday shakliy xususiyatlariga murojaat etadi, xolos.

Mashhur rus olimi Yuriy Borev «Yangi davr – yangi paradigmalar demakdir» deb yozadi. U insoniyat tarixidagi paradigmalarni tartibi bilan sanarkan, soʻnggi, modernizmdan keyingi (hozirgi) davrni «Sharq modeli» deb ataydi [Borev, 2011:

160]. «Boqiy darbadar» romani oʻz mohiyati bilan bu qarashni tasdiqlaydi. Yaʼni romanda postmodernizmga xos ifoda shakllari sharqona tafakkur xususiyatlari bilan payvandlanadi va mazmun-mohiyati bilan uni inkor etadi. Agar Gʻarb postmodernizmi olamni bemaʼni deya hukm chiqarsa, Isajon Sulton romanida shu maʼnisizdek koʻrinayotgan dunyoda darbadarlikdan qochish kerakligi gʻoyasi olgʻa suriladi.

Dunyoni xaotik manzara asosida ifoda etishi jihatidan Ulugʻbek Hamdamning keyingi yillarda eʼlon qilingan «Yoʻl» romani va «Bir piyola suv», «Haykallar oroli», «Pillapoya» kabi hikoyalari ham postmodernizmga yaqin keladi. Adib xaos deb koʻrinayotgan olamda Idealni izlash masalasiga oʻziga xos, ayni damda, Sharq yashash falsafasining mezonlari asosida yondashadi. Unga koʻra, har bir Insonning umri muayyan YOʻLda kechadi. Garchi u oʻz manzili, mavjudligidagi haqiqatni toʻla idrok eta olmasa-da, shu yoʻldan borishga mahkum. Pirovardida inson uchun erishilgan Ideal manzil emas, balki ungacha bosib oʻtilgan YOʻL – jarayon umr mazmuniga aylanadi. Ijodkor bu xaotik olamda har birimiz manzilga qarab intilishimiz, izlaganimiz maʼno – Idealni esa oʻz qalbimizdan qidirishimiz kerakligini uqtirayotganday boʻladi.

Abduqayum Yoʻldoshevning «Puankare» [Yoʻldoshev, 2012: 80] nomli hikoyasida esa dunyoning bugungi manzarasi va sharqona qadriyatlarni goʻzal uygʻunlikda ifoda etishi bilan qadrlidir. Bu ijodkorni qiynagan masala ham Ideal muammosi. Uning qahramonlari ham mavjudlikning yagona yechimi – «Koinot formulasi»ni qidirish bilan ovora. Eʼtiborlisi, yozuvchi bu jarayonning butun nozikliklari bilan tasvirlashga erisha oladi. Yaʼni bizni oʻrab turgan bu olam sir-u sinoatlarga va irodamizdan tashqarida boʻlgan haqiqatlariga ega. Hamonki shunday ekan, insonning bu tartibotda mavqei nimadan iborat? Maʼnaviy qashshoq holida ham «umrguzaronlik» qilib yurgan Tirkashning yoʻli toʻgʻrimi? Yoki zimmasida roʻzgʻor tashvishlari boʻla turib, hayotini olam haqiqatini topishga bagʻishlagan, oqibatda xor-u zorlikdan boshqasiga erisholmagan qahramon taqdiri? Balki avliyolardek ehtiyojlardan holi, na pulga qiziqadigan va na odamlar bilan suhbat quradigan, topgani Peterburgdagi ixchamgina uyida qamalib olib murakkab gipotezalar yechish bilan mashgʻul boʻladigan Perelman tutgan yoʻl toʻgʻridir?

Koʻrinadiki, olamning Ideal yechimini izlashdan voz kechilsa ham, umrni unga bagʻishlasa ham va hatto oʻsha «Koinot formulasi» yechilsa ham, bular qurbonliklarsiz amalga oshmaydi. Hikoya oxiridagi birgina jumla barisini hal qiladi: «Buni Sharq deb qoʻyibdilar», – deya hayqiradi qahramon. Gʻarb kishilari hayotni bemaʼni deya eʼtirof etib, ijtimoiy-madaniy rivojlanishning garmoniyasini yoʻqotib, boshi berk koʻchaga kirib qolayotgan bir vaqtda najotni Sharqning bitmas-tuganmas maʼnaviy boyliklaridan topayapti.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, oʻzbek adabiyoti, xususan, nasrida oʻziga xos bir yoʻnalish shakllanib bormoqda. Albatta, u bugunning kayfiyati, ijtimoiymadaniy hayotning ifodasi uchun juda mos keladi. Oʻzbek adabiyoti shaklda har qancha yangilanmasin, oʻz mohiyatida sharqona yashash falsafasini saqlab qolaveradi. Shu bois ham ularda olamni anglash yoʻlida inson irodasidan tashqaridagi Kuchning bevosita ifodasi, insonni dunyo charxpalagining oddiy, ammo kuzatuvdagi yoʻlovchisi sifatida tasvirlashga boʻlgan harakat mavjud.

Ammo biz uni Gʻarbda shakllangan postmodernizm nuqtai nazaridan tushunishga harakat qilsak, modernizmga boʻlgan munosabat aynan qaytarilishi mumkin. Shu sababdan hozirgi kun adabiyotini tadqiq etayotganda dunyoda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar va postmodern sanʼatining muayyan taʼsirini inkor etmay, bu yoʻnalishni oʻzbek postmodernizmi, deya atashimiz maqsadga muvofiq.

Saʼdullo Quronov