← Sa'dullo Quronov
|

"Fusuli arbaa" qasidalar majmuasida badiiy sintez masalasi

Saʼdullo Quronov

Maqola

Sanʼat turlari oʻzining ifoda xususiyatlariga koʻra bir-biridan farqlanadi. Rassomchilik, haykaltaroshlik, meʼmorchilik kabi sanʼat turlarida tasviriylik yetakchilik qilsa, badiiy adabiyot, musiqa, raqsda ifodaviylikning ustuvor ekanligini koʻramiz. Lekin shu bilan birga muayyan sanʼat asari oʻzida bir qancha sanʼatlarga xos xususiyatlarni umumlashtirishi ham mumkin. Yaʼni bir sanʼat asarida ifodaviylik va tasviriylikning uygʻun holda qoʻllanilganligini kuzatish mumkin boʻladi. Rus adabiyotshunosi K.Pigarev oʻzining “Russkaya literatura i izobrazitelnoe isskustvo” asarida “Hozirgi kun adabiyotshunosligi va sanʼatshunosligi oldida turgan eng muhim masalalardan biri bu sanʼatdagi sintez masalasini oʻrganishdir” deb yozadi va bu jarayonda sanʼatning badiiy adabiyot, kino, teatr va musiqa kabi turlari tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik va meʼmorchilik bilan bogʻliq holda oʻrganilishi zarurligini taʼkidlaydi.

Mumtoz adabiyotimiz namunalarini kuzatarkan ekanmiz, ularda inson tasviridagi ayrim detallar (koʻz, qosh, lab, soch va h.k.)ning alohida ajratilib taʼriflanganligini koʻramiz. Tasviriy sanʼatning mumtoz namunasi boʻlgan miniatyuralarda ham inson va tabiat tasviri real tarzda emas, balki oʻta shartli tarzda talqin qilinganligini koʻrish mumkin boʻladi.

Albatta, klassitsizm sanʼatidan realizmga xos xususiyatlar izlash, bir qarashda gʻayritabiiyday tuyuladi. Lekin har bir davrning oʻz estetik ideali boʻlgani holda, etetik nigohi ham boʻlishini unutmaslik lozim. Chunki ijodkor olamni ayni shu “nigoh”dan kelib chiqqan holda koʻradi, tasvirlaydi. Inson olam haqidagi asosiy axborotni koʻz vositasida qabul qilarkan, ijodkor qaysi davrda boʻlmasin badiiy ifodada olamga muayyan darajadagi obʼektiv munosabatini zuhur etadi. Shunday ekan, chinakam sanʼatkor oʻquvchiga obʼektiv munosabat asosida taʼsir oʻtkazish tamoyillarini hech qachon unutmaydi.

Alisher Navoiy asarlari bilan tanishar ekanmiz, shoir ijodida ana shu nigohga monand obʼektiv tasvirlarning mavjudligini koʻramiz. Uning shunday asarlaridan biri forsiy tilda bitilgan “Fusuli arbaa” qasidalar majmuasidir. Majmua toʻrt qism (qasida)dan iborat boʻlib, yil fasllarining goʻzal manzarasi tasviriga bagʻishlangan. “Shoir har bir faslning oʻziga xos manzarasi, jozibasi va hatto rutubatini ham yuksak poetik talant, samimiy shavq bilan chizadi. Nozik kuzatuvchanlik, chuqur mulohazakorlik, kuchli poetik assotsiatsiya qudratiga ega boʻlgan shoirning quyuq emotsional tasviri natijasida har bir faslning yorqin realistik kartinasi oʻquvchi koʻz oldida jonli manzara sifatida butun nozik detallari bilan namoyon boʻladi”.

Majmuaning birinchi qasidasi “Saraton”da tabiatdagi jazirama manzarasi shunday tasvirlanadi:

Gulrez, nigar, har taraf az xatti shuʼoash,

(Mazmuni: Quyoshning shuʼlali chiziqlaridan har tomon sochilgan anvoyi “gullar”ni qara – goʻyo hamma narsani oʻt bilan oʻynayotgandek koʻrinadi).

Shoir oʻquvchiga manzarani tavsiflab bermaydi, balki uning nigohlarini bevosita oʻzi ilgari koʻrgan manzara tomon yoʻnaltiradi. Bunda shoir oʻquvchiga oʻz his-tuygʻulari vositasida emas, tabiatni badiiy tasvirlash asosida taʼsir oʻtkazishni maqsad qiladi:

Yulduzlar har tomonda qalay tomchilari kabi koʻrinadi –falak gumbazida quyoshdan erigan narsalar choʻgʻlangan kabi).

Albatta, bu fototasvir emas, ijodkor qalbida qayta ishlangan, u koʻrgan tasvir. Shu bois oʻquvchi ham endi tabiatga shoirning koʻzlari bilan qaraydi. U koʻrayotgan manzara real olamga monand, ammo asliyatidan koʻra goʻzal va maftunkor.

Majmuadan yana “Bahor”, “Kuz”, “Qish” kabi qasidalar ham oʻrin olgan boʻlib, har bir qasida fasl manzaralarini tasvirlash va shuning bilan Sulton Husayn Boyqaro siymosiga taʼrif berish asosiga quriladi. Navoiy tabiat manzarasini chizarkan, bunda tavsifiylik ustuvor boʻlgan baytlarning salmogʻi birmuncha koʻproq:

Ba shoʻxoni shajar bingar, ki az bemorii mufrit,

Ayon gardand har soʻ zaʼfaroni rangi boʻstonro.

Daraxt shoʻxlari (shoxlari)ga qara, haddan ziyod xastalikdan, qaysi tarafga qarama, hamma yoqdan daraxtzorning zaʼfaron (sariq) rangi koʻzga tashlanadi.

Bu manzara ifodasida detalizatsiya asosidagi tasvirni kuzatmaymiz. Shoir tabiatni tasvirlamaydi, balki taʼriflab beradi. Bu lirikaning asl xususiyatlariga xos jihat. Ammo quyidagi bandda shoirning tabiatni chin musavvirona ifoda etishga boʻlgan harakatini, lirikaning rangtasvir sanʼati imkoniyatlari bilan boyitilganini va bu ikki sanʼatning oʻzaro sintezini koʻrishimiz mumkin boʻladi:

Ba joʻi ob chun gul xoʻrad on zardy bubin yo xud,

Falak dar ob afkandast aksi bargi agʻsonro.

Ariq suvini koʻrgil, gul yutganidan sariqligi kuchayadi,

yo falak xazon boʻlgan shoxlar bargining aksini solganmi?

Navoiy ushbu misralarda sheʼriyatdagi tajohuli orif (bilib bilmaslikka olish) sanʼatini qoʻllamoqda. Shoir aslida sariq libosga burkangan dov-darxtlarning suvga rang berganligini, unda daraxt koʻrinishi akslanganini yaxshi biladi. Shuning barobarida oʻquvchiga “kartina”ni bir vaqtning oʻzida bir necha xil “koʻrish” imkoniyatini beradi: Musaffo osmon. Kichik bir koʻl. Undagi suv tip-tiniq. Suvning tubi va yuzasidagi sariq hazon (“gul”) yaqqol koʻrinib turibdi. Atrofdagi daraxtlar sap-sariq tusga kirgan. Goʻyo yeru osmon sariq libosda…

Majmuadagi “Bahor” qasidasi bahorga xos tabiat manzaralarining maftunkor tasviri bilan ajralib turadi:

Dahoni gʻuncharo dandonu toji lolaro zevar,

Chu meyobad az-on durposh sozand abri naysonro.

Gʻunchaning ogʻzi tish bilan, lola esa toj bilan goʻzal,

ular bunga erishgach, bahor bulutlardan dur yogʻdiradi) .

Koʻz oldingizda bahorga xos asosiy unsurlar: gʻuncha, lola, bulut, yomgʻir oʻziga xos qiyofada gavdalanadi. Va yeru osmonni qamrab oluvchi bu unsurlar vositasida siz butun bahoriy manzarani koʻrishingiz mumkin boʻladi.

Majmuaning butun tarovatini koʻrsatib beruvchi “Qish” qasidasi boshqalaridan tasviriy qismlarning koʻpligi va yanada hayratlanarliligi bilan ajralib turadi:

Namuna bahri mushammaʼ namud qavsi quzah,

Falakda koʻringan kamalak har qanday soyabonga

oʻrnak boʻladi, osmon chodiri esa bulutlardan oʻzga

Agar na abr lifof ast bahri xirgahi charx,

Zi tori qatra charo har taraf kashid tanob?

Agar charx chodiri bulutlardan yopinchiq –jildini olmaganda edi, nega qatralar toridan (tomchilardan) har tarafga iplar tortadi?)

Shoir koʻrayotgan real manzara unga nimanidir eslatgan. U tasavvurlariga erk berarkan, kamalakni soyabonga, osmonni chodirga oʻxshatadi. Va u oʻz taassurotlari asosidagi manzarani chizadi. Tabiat manzaralari bergan taassurotning oʻzini keltirish tasvirning taʼsir kuchini yanada oshirib yuboradi. Aslida manzaraning real koʻrinishini bera olishlik ham bir mahorat. Ammo koʻrsatishning oʻzi hali zavq berish degani emas-ku! (Shu boisdan ham shoir izlanadi, musavvir ijod etadi) Bu kabi tasvir oʻquvchiga oʻzi ilgari koʻrgan ammo, goʻzalligini his qila bilmagan manzaradan qayta bahra olish imkoniyatini beradi:

Ba soʻyi magʻrib n-orad shudan zi mashriq mehr,

Agar nayafkanad az abr pul ba roʻi xalob.

Quyoshning sharqdan gʻarbga moʻʻtadil harakati, bulutdan botqoqlik yuziga (nurdan) koʻprik solinmaguncha koʻzga tashlanadi).

Quyuq bulutli osmon. Bulutlarni yorib oʻtgan quyosh nuri botqoqlikka tushgan. Botqoqlikdagi kichik koʻlmak suvlari yuzasida yastanib yotgan quyosh nurlari qayqchalardek jilolanadi. Bu xuddi ufqda botayotgan quyoshning ummonda uzun yoʻlak hosil qilishiga oʻxshab ketadi… Oʻquvchi sheʼrni oʻqirkan, avvalo real manzarani koʻz oldiga keltiradi. Soʻng u ongidagi real koʻrinishni ijodkorning taassurotlari bilan qorishtirib yuboradi, oʻz-oʻzidan real koʻrinishdan ozroq farqlanuvchi, koʻproq taʼsirlantiruvchi manzarani koʻra boshlaydi.

“Fusuli arbaa” qasidalar majmuasida musiqa sanʼati bilan uygʻunlashuv holati ham koʻzga tashlanadi. Bu qasidalar majmuasi yuqorida aytganimizdek, aslida bir butunlik, yaxlitlik kasb etadi, soʻnggi qasida “Day”(“Qish”)da Foniy taxallusining qoʻllanilganligi ham bu fikrni isbotlaydi. Navoiy har bir fasl va undagi tasvir usullarini eʼtiborga olgan holda ularda turli vaznlarni qoʻllaydi. Xususan, yoz fasliga bagʻishlangan “Saraton” deb nomlangan qasida shunday boshlanadi:

Quyosh otashi saratonni yana samandarga aylantirdi,

Jahon gulzorini otashkada kabi lovillatdi).

Qasida hazaj bahrining eng oʻynoqi vazni hisoblangan hazaji musammani axrabi makfufi mahzuf vazni (ruknlari va taqtiʼi: mafʼulu mafoiylu mafoiylu fauvlun – – V V – – V V – – V V – –)da yozilgan. Bu vazn ruhiyat tasviri bayonidan koʻra koʻproq jismoniy: yengil va shaxdam harakat, shoʻxchan kayfiyat bayoniga mos keladi. Har ikki choʻziq boʻgʻindan keyin ikki qisqa boʻgʻinning yonma-yon kelishi ritmga oʻynoqilik bagʻishlaydi. Va shunga mos holda mazkur qasidada yozning insonga koʻproq jismoniy taʼsiri koʻrsatilganligini, har bir baytda saraton jaziramasi aynan inson aʼzoi badaniga (ruhiyatiga emas) taʼsir qilayotganligini kuzatish mumkin :

Bar xok agar poʻya zannad kas, natvon yoft,

Bilqillagan tuproqqa shiddat bilan qadam bosgan kishi –

Boshmaldogʻu tovonidan nishon ham topolmaydi).

... Garmovu araq soxta chun mokisi hammom,

Issiq va terlar hammom tomchilariga oʻxshaydi,

Ajindan barcha yosh badanlar keksaga aylandi).

Qasidada 27-baytdan Sulton Husayn Boyqaro taʼrifi boshlanadi va uning taʼrifu tavsifi bilan bogʻliq oʻrinlarda ham koʻproq zamon hukmdorining shaxsiyatiga xos holatlar: jangchilik qobiliyati, adolatparvarligi, saxovatliligi koʻrsatiladi.

Majmuada “Xazon” fasli taʼrifi boshlanishi bilan undagi sheʼriy oʻlchov ham oʻzgaradi:

Digar shud bahri sanjidan barobar adli davronro,

Zi kofoʻri zi mushk roʻzu shab du palla mezonro

Davron adolatini oʻlchash mezonlari oʻzgardi,

trozuning bir pallasida (kunduzning ramzi) kofur,

ikkinchisida (kechaning timsoli) mushk tortiladigan boʻldi).

“Saraton”da qoʻllanilgan oʻynoqi vaznning oʻrnini endi salobatli va sokin ohangga ega boʻlgan hazaji musammani solim vazni (ruknlari va taqtiʼi: mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun V– – – V– – – V– – – V– – – ) egallaydi. Choʻziq boʻgʻinlar nisbatining qisqa boʻgʻinlardan 3 baravar koʻpligi ohangning vazmin chiqishini taʼminlaydi. Aynan shunga mos holda 33 baytdan iborat bu qasidada ruhiyat tasviri, taʼbir joiz boʻlsa, kuzga xos oʻychanlik, mahzunlik yetakchilik qiladi.

Ba bargi zaʼfarony obkash xatxoi shingarfy,

Nishoni xuni ashk aftad ruhi ushshoqi giryonro.

Oʻziga suv tortgan zaʼfaron barglardagi qizil chiziqlar –

(hijronda) koʻzlaridan yoshu qon oqizgan giryon oshiqlarning

Majmuaga “Bahor” kirib kelishi bilan unga xos yaratuvchanlik, yangilanish kayfiyati ham kirib keladi:

Vazad bodi bahor ihʼyoi amvoti gulistonro,

Bahor shamolining esishi, guliston gullariga yangidan hayot

bagʻishlaydi, goʻyo Masiho nafasidan jonlar olamini yangilaydi).

Qasidada bahorning yaratuvchanlik xususiyati endi bevosita zamon hukmdori Husayn Boyqaro taʼrifi keltirilgan oʻrinlarga koʻchadi:

Agar xohy bahori bexazon biny, varo bingar,

Bahoristoni xalqi xusravi Eronu Turonro...

Agar bexazon bahorni koʻrishni istasang, uni koʻrgil –

Eronu Turon podshohi xalqining bahoristonini).

...Chu andar hikmati asrori xilqat fikr bigmorad,

Biyobad onchi, maxfy monda Aflotunu Yunonro…

Yaratilish sirru asrori hikmati haqida fikrlaganda,

Yunon Aflotuni uchun ham maxfiy qolgan sirlarni topadi).

Navbatdagi baytda bahorda kuchli momaqaldiroqdan soʻng yomgʻir yogʻishi bilan bogʻliq holat Husayn Boyqaro tabiati tasviri bilan uygʻunlik kasb etganligini koʻramiz:

Turo bo on tavonoivu zarbi tegʻi olamgir,

Dihad roʻ olami digar, ki rezy ashki gʻaltonro.

Shunchalar qudratingu olamni olishga qodir tigʻ zarbang bilan,

Ajib yumshoqliging ham borki, bunday paytlarda koʻz yosh toʻkasan)

Nihoyat majmua yil fasllarining oxiri boʻlgan “Day” (“Qish”) tasviri bilan yakun topadi. Navoiy taʼbiri bilan inson umrining poyoniga oʻxshatilgan bu fasl “kishining xam qad bila adam yoʻligʻa kirib, zamon ahli bilan xayirbod qilish”(“Xazoyinu-l-maoniy”dagi taʼbir) davri boʻlib, qasidada Foniy taxallusining qoʻllanilishi shunga ishoradir:

Ba boʻi vasl nihad roʻ ba dargahat, Fony,

Vasling boʻyi umidida, Foniy dargohingga yuzini qoʻyadi,

bu ibodat ahlining mehrob goʻshasiga bosh qoʻyishidekdir).

Qish, undagi qor rangi adabiyotda poklik, musaffolikka qiyos qilinadi. Navoiy ijodida bu fasl donishmandlik ramzi sifatida ham keladi. Qasidada falsafiy mushohadakorlik bilan bogʻliq tuygʻularni berishga nihoyatda mos boʻlgan mujtass bahrining qoʻllanilganligi shoirning yuksak badiiy salohiyatini koʻrsatuvchi yana bir omildir. Mazkur bahr 4 ta ritmik variatsiyalar tizimidan iborat boʻlib, ularning bir sheʼriy asarda oʻzaro almashinib qoʻllanilishi ritmik xilma-xillikni, musiqiylikni taʼminlaydi. Qasida mujtassi musammani maxbuni maqsur (ruknlari va taqtiʼi: mafoilun failotun mafoilun failon V – V – V V – – V – V – V V ~ ) vazni istifodasi bilan boshlanadi:

Zi dargahi falak otash nuhuft dudi sahob,

Falak chodiridan koʻrinayotgan otashni bulutlar pardasi toʻsdi,

chodirga kirginu tiniq, qizil maydon otashga zoʻr ber).

Shu tarzda qasidada qishning asta-sekin kirib kelishi tasvirlanar ekan, dastlabki uch baytda yuqoridagi vazn yetakchiliq qiladi. Toʻrtinchi baytdan boshlab tasvir oʻzgaradi: yer qor rangidan butunlay simobiy (oppoq) tusga kiradi va endi yuqoridagi vazn ikkinchi ritmik variatsiya: mujtassi musammani maxbuni maqtuʼi musabbagʻ (ruknlari va taqtiʼi: mafoilun failotun mafoilun faʼlon V – V – V V – – V – V – – ~) bilan almashadi:

Zi simi barf zamin shud chu Qulzum simob.

Simobiy bulutlar kumushrang zarrachalarni koʻp sochganidan,

Yer qorning kumush rangidan dengiz sathiday simobiy tusga kirdi).

Shu tariqa qasida baytlarda ushbu toʻrt ritmik variatsiyaning oʻzaro almashinib qoʻllanilishi tarzida davom etadi.

Yuqoridagilardan maʼlum boʻlyaptiki, Navoiyning “Fusuli arbaa” qasidalar majmuasi badiiy adabiyot, rangtasvir va musiqa sanʼatlarining oʻzaro sintezlashuvi asosida yaratilgan sanʼat namunasi boʻlib, shoir tabiatni tasvirlash orqali asl maqsadiga erishadi: zamona sultoni Husayn Boyqaroni madh etadi. Navoiy har bir qasidada fasl ruhiyatidan kelib chiqqan holda Boyqaro siymosini turli tasvir va ritmik tovlanishlarda aks ettirar ekan, oʻquvchini anna shu ruhiyatga toʻla tushirib oladi va oʻz bagʻishlovining taʼsirini yanada oshiradi. “Fusuli arbaa”ning insonni lol qoldiradigan darajadagi yuksak sanʼat asari sifatida eʼtirof etilishiga ham biz yuqorida koʻrib oʻtgan uygʻunlik sababdir ehtimol.

Hozirgi she'riyatning tasviriy imkoniyatlari haqida

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Saʼdullo Quronov