Maqolada Oybekning peyzaj lirikasi badiiy sintez tamoyillari asosida tadqiq etilgan. Oybek sheʼrlarining variantlari va qoʻlyozma shakllari oʻzaro taqqoslanib, soʻz vositasida vizual obrazlar yaratishda rangtasvir sanʼatiga xos ifodaviy xususiyatlarning ahamiyati ochib berilgan.
This paper analyzes the landscape poetry Aybek in terms of the use of methods and techniques to recreate the visual artistic images. The article analyzes the verses that blend together techniques of visual and verbal art.
Tayanch soʻzlar: badiiy sintez, sheʼriyat, rangtasvir, miniatyura, estetik nigoh, vizual sanʼatlar, musavvir, noplastik obraz, tasvir, tavsif.
Til universal fikrlash va ifodalash vositasi ekanligi bois har bir sanʼat turining oʻz “tili” haqida gapirish imkoniga egamiz. Musavvir ranglar tilida, bastakor notalar tilida, shoir esa soʻz vositasida ijod qiladi. Aslida, umumsanʼat tushunchasi zamirida ham insoniyat sanʼat asosidagina tuyuvchi universal til yotadi. Sanʼatdagi badiiy sintez masalasini oʻrganish ijod onlarida sanʼatkorning ataylab yoki intuitiv tarzda oʻsha universal til imkoniyatlaridan foydalanish jarayonining nozik jihatlarini tadqiq etishni koʻzda tutadi. Yaʼni boʻyoqlar vositasida surat solayotgan musavvirning oʻz asariga sheʼriyatdagi kabi lirik his-tuygʻularni singdirib yuborishi yoki, aksincha, shoirning tasviriy ifodaga intilishi ayni shu masalaning ayrim qirralaridir.
Musavvir tomonidan chizilgan manzara rangtasvirga xos badiiy ifoda shakl (va usul)lari vositasida retsipiyentga muayyan tuygʻu-fikrlarni yetkazadi. Zero, musavvir tabiat manzarasini qalbidan oʻtkazib, oʻz his-tuygʻularini boʻyoqlarga qorishtirib ijod qiladi. Ayni damda, u odamlarga tabiatni xuddi oʻzi koʻrganiday, his etganiday koʻrsatishga intiladi. Bu borada rangtasvir sanʼati imkoniyatlari juda keng va muttasil boyib boradi. Uning bu boradagi yutuqlaridan boshqa sanʼat turlarida, xususan, badiiy adabiyotda ham keng foydalanilgan va foydalanilmoqda. Yaʼni adabiyotda ham obyektni soʻz vositasida xuddi musavvir chizganiday tasvirlash, fikr-tuygʻularni koʻproq koʻrimli (vizual) obrazlar bilan ifodalashga intilishning kuchaygani buning yaqqol dalilidir.
Mumtoz adabiyot va u bilan parallel ravishda rivojlanib kelgan mumtoz miniatyura sanʼatlaridan farqli holda, zamonaviy oʻzbek adabiyotida ham, tasviriy sanʼatida ham obyektni jonli, ayni damda, realistik tasvirlash tamoyili kuchaydi. Endi ijodkor borliqni mumtoz sanʼatlardagi kabi shartli unsurlar asosidagina koʻrmay, balki obyektning mavjud holida goʻzallik va hikmat koʻrishga intiladi, yaʼni estetik nigohning moʻljali qayta sozlanadi. Oʻtgan asr avvalida zamonaviy rangtasvir, teatr va kinematografiyaning ifoda shakllari oʻzaro uygʻun holda sanʼatning yangi bir bosqichiga asos soldi desak, mubolagʻa boʻlmas. Chunki ahamiyati kundan kunga ortib borayotgan vizual sanʼatlarning taʼsiri badiiy adabiyotni, xususan, sheʼriyatni ham chetlab oʻtmaydi. Endi shoir oʻquvchining estetik ehtiyojiga monand sheʼrda tasviriylikka, his-tuygʻularini vizual obrazlar asosida ulashishga intiladi. Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining rangtasvir bilan sintezidagi dastlabki yorqin namunalarni Oybek ijodida kuzatish mumkin:
Botdi quyosh − qiz,
Yondi uzoqda
Atlas etagi.
Oybek tabiatni shunchaki chizmagan. Bir qarashda bu oʻrinda “chizmoq” soʻzini qoʻllash erish tuyuladi. Boisi, sheʼr misralarida manzara detallashtirilmagan. Shoir yaratgan manzara real hayotdagi koʻrinishidan birmuncha farq qilib, unga ijodkorning real manzaradan olgan taassurotlari yigʻindisi sifatida qarash mumkin. Chunki bu sheʼrni oʻqib ongimizda gavdalanadigan manzara turli tasviriy detallar vositasida emas, balki yaxlit taassurotlar asosida namoyon boʻlayotganini his qilamiz. Sheʼriy parchada goʻzal manzara – kunning botishi lahzalari tasvirlanadi. Keling, oʻsha goʻzal manzarani real hayotdagi koʻrinishini eslaylik: botayotgan quyosh qizgʻish tusga kirgan. Ufq chizigʻi boʻylab uning faqat yarmigina bizga koʻrinadi. Atrofidagi bulutlar esa qizilga moyil, ammo turli ranglarda tovlanadi. Butun ufq boʻylab oʻsha qizil rang, qizillik hukmron... Agar obrazli qilib ifodalashga ehtiyoj tugʻilsa, bu xuddi atlasdan libos kiygan qizil yuzli qizni yodga soladi. Oybek esa manzarani biz kabi detallar asosida chizib oʻtirmaydi. U oʻzida real manzara uygʻotgan ilk taassurotni qalamga oladi va oʻquvchini ham manzarani shunday koʻrishga undaydi. Sheʼrxon manzarini kuzatish asnosida muayyan taassurot hosil qilmaydi, aksincha, taassurotlar asosida yaxlit manzarani koʻradi. Sheʼrni oʻqirkansiz, real koʻrinishdan ozroq farqlanuvchi, koʻproq taʼsirlantiruvchi manzara koʻz oldingizda namoyon boʻla boshlaydi. Xuddi shunday tasvirni shoirning “Kechqurun”, “Qish kechasi”, “Yalta kechasi”, “Yoz kechasi”, “Dengizda oqshom”, “Naʼmatak” va boshqa koʻplab sheʼrlarida ham kuzatishimiz mumkin:
Suvlarda sekin oʻynar,
Oltin qayiqchalardek,
Quyosh alangalari...
Gʻurub yongʻini qoplar,
Samo yuzi anordek,
Bulutlar atlas kabi…
Ufqlar qulochiga
Sigʻmagan buyuk dengiz
Chayqalar sekingina.
Suvlar quyosh sochiga
Oʻralashib tinimsiz
Oʻpar qirgʻoqni asta…
Oybekning “Dengizda oqshom” sheʼri 1930 yilning oktyabr oylari Sochida yozilgan. Demak, sheʼr bevosita dengiz qarshisida bitilgan boʻlishi mumkin. Bu sheʼr ham shoirning koʻplab asarlari qatori toʻlaligicha manzara tasviriga bagʻishlanadi. Shoirga manzaraning har bir unsuri nimanidir eslatadi: “oltin qayiqcha”, “samo yuzi anordek”, “atlas bulutlar”, “ufqlar qulochi”, “quyosh sochi”, “oʻpar qirgʻoqni” kabi obrazlar ana shu taassurotlarning mahsulidir. Eʼtibor qilsangiz, kichik tashbehlar asosida tabiatning butun koʻrinishi namoyon boʻlmoqda. Bu oʻrinda shoir poetik nigohining oʻtkirligi, tasvirlash mahorati shunchaki goʻzal tashbehlar topa bilganidagina emas, birinchi navbatda, oʻsha tashbehlarning vizual (koʻrimli) ekanidadir. Oybek dengizni shunday tasvirlaydiki, oʻquvchi manzarani xuddi koʻzlari bilan koʻrib turganday zavqlana boshlaydi.
Adabiyot – soʻz sanʼati demak. Uning har qanday ifodaviy imkoniyati soʻz bilan chegaralanadi. Ayni damda, soʻzning ifodaviy imkoniyati cheksiz ekanligini taʼkidlamoq zarur. Yuqorida aytib oʻtganimizday, ijodkor soʻz vositasida ham oʻquvchiga musavvirlarday tasvir asosida taʼsir oʻtkazish imkoniyatiga ega. Yaʼni musiqa va tasviriy sanʼatning ifodaviy imkoniyatlaridan keng foydalanishi mumkin. Shoir badiiy ifodada boshqa sanʼat turlari imkoniyatiga murojaat etarkan, muayyan soʻz, jumlaning badiiy-tasviriy imkoniyatiga jiddiy ahamiyat qaratadi.
Musavvir tomoshabinni lol qoldirish maqsadida ranglarni mahorat bilan tanlasa, Oybek oʻquvchi uchun soʻzlarni marjondek teradi. Agar Oybekning eʼlon qilingan sheʼrlari bilan shu sheʼrlarning qoʻlyozma va boshqa toʻplamlardagi variantlari taqqoslab koʻrilsa, tahrir jarayonida soʻzning leksik xususiyatiga, tasviriy koʻlamiga katta eʼtibor qaratilganini sezish qiyin emas. Shoirning “Ogʻochliklarda” nomli sheʼri uning “Mukammal asarlar toʻplami”da quyidagi misralar bilan boshlanadi:
Bahor – quyoshning oltin kulgusi
Yashil yaproqlarda yashnab oʻynaydi.
Oybekning mazkur asari koʻlyozmasi bilan tanishganda, shoirning kichik stilistik tahririga, ammo sheʼrdagi katta ifodaviy-tasviriy yangilanishga guvoh boʻlamiz:
Bahor – quyoshining oltin kulgusi
Yashil yaproqlarda sekin oʻynaydi.
Oybek tasvirdagi gʻalizlikni sezgan holda qoʻlyozmadagi “sekin” soʻzini “yashnab”ga alishtiradi. Albatta, bahor yangilanish, yasharish fasli. Oʻquvchi bahoriy yellar hirpiratib turgan yam-yashil yaproqlarda yorqin nurlarning sekin harakatini aslo tasavvur qilolmasdi. Aslida, bunday oʻxshatish kuz fasli tasvirlariga mos kelardi. Sheʼrda “sekin” soʻzining “yashnab”ga oʻzgartirilishi esa tasvirning toʻkis va jonli boʻlishini taʼminlaydi.
Yuqoridagiga yaqinroq misolni Oybekning “Yana kuz” sheʼrida uchratamiz. Bu safargi tahrir tasvirdagi kuzga xos xarakterni kuchaytiradi:
Ogʻochlardan yaproqlar
Shitirlashib toʻkilar...
Ikkinchi misra qoʻlyozmada “Shildirab toʻkilar”... shaklida uchraydi. Avvalo, shildirab soʻzi maʼno nozikliklari bilan koʻproq suvga, yayrab oqayotgan suvga nisbat beradi. Hazonrezgi esa, ongimizda “shitirlash” bilan, shuni ifodalovchi “shitirlamoq” soʻzi bilan muhrlangan.
“Samarqand oqshomi” nomli sheʼrning ilk misralari qoʻlyozmada quyidagicha keladi:
Quyosh uzoqda.
Tahrirdan soʻng u mana bu shaklga kelgan:
Quyosh – oltin qiz.
Qoʻlyozma variantida tasvirdan koʻra oddiy tavsif ustun, yaʼni quyosh botayotgani haqida oddiy xabar berildi (bamisoli quyosh botayotgani haqidagi radioreportaj). Buning oʻzi manzarani jonli koʻrish uchun oʻquvchiga juda kamlik qiladi. Quyoshning oltin qizga mengzalishi esa ufqdagi oltin rang va sirti qizlar yuziday qizil quyosh tasvirini yorqin ifodalaydi. Bu oʻrinda ham shoir taassurot asosida tasavvurimizda manzarani jonlantirish uchun yetarli sharoit yaratgan. Natijada, oʻquvchi manzarani toʻliq, ayni damda, goʻzal badiiy jilolari bilan kashf etishga muyassar boʻladi.
Oybek oʻz sheʼrlari bilan tabiatning butun goʻzalligini, shu goʻzallik insonga berishi mumkin boʻlgan zavqni koʻrsatib berishga urinayotganday goʻyo. Uning bu ijodiy niyatini roʻyobga chiqarishga rangtasvirga xos ifoda vositalari yordam beradi. Soʻz vositasida vizual obrazlar yaratishga moyillik shoirning xorijiy adabiyotlardan, rangtasvirdan ilhomlangani bilan izohlanadi. Oybekning bu yoʻldagi tajribalari sheʼriyatimizning ifoda imkoniyatlarini kengaytirishda gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
2. Dmitriyev N. Izobrajeniya i slovo.– M.: Iskusstvo, 1962.
3. Bojovich V. I. Traditsii i vzaimodeystviye iskusstv. – M.: Nauka, 1987.
4. Pigarev K. Russkaya literatura i izobrazitelnoye iskusstvo. – M.: Nauka, 1966.
Bu va bundan keyingi misollar quyidagi manbadan olindi: Oybek. Mukammal asarlar toʻplami. 19 tomlik. – Toshkent: Fan, 1975. T. 1. – B.195.
Shu asar. B. 133.
Shu asar. B. 378.
Shu asar. B. 79.
Shu asar. B. 379.
Shu asar. B. 146.
Мақолада Ойбекнинг пейзаж лирикаси бадиий синтез тамойиллари асосида тадқиқ этилган. Ойбек шеърларининг вариантлари ва қўлёзма шакллари ўзаро таққосланиб, сўз воситасида визуал образлар яратишда рангтасвир санъатига хос ифодавий хусусиятларнинг аҳамияти очиб берилган.
This paper analyzes the landscape poetry Aybek in terms of the use of methods and techniques to recreate the visual artistic images. The article analyzes the verses that blend together techniques of visual and verbal art.
Таянч сўзлар: бадиий синтез, шеърият, рангтасвир, миниатюра, эстетик нигоҳ, визуал санъатлар, мусаввир, нопластик образ, тасвир, тавсиф.
Тил универсал фикрлаш ва ифодалаш воситаси эканлиги боис ҳар бир санъат турининг ўз “тили” ҳақида гапириш имконига эгамиз. Мусаввир ранглар тилида, бастакор ноталар тилида, шоир эса сўз воситасида ижод қилади. Аслида, умумсанъат тушунчаси замирида ҳам инсоният санъат асосидагина туювчи универсал тил ётади. Санъатдаги бадиий синтез масаласини ўрганиш ижод онларида санъаткорнинг атайлаб ёки интуитив тарзда ўша универсал тил имкониятларидан фойдаланиш жараёнининг нозик жиҳатларини тадқиқ этишни кўзда тутади. Яъни бўёқлар воситасида сурат солаётган мусаввирнинг ўз асарига шеъриятдаги каби лирик ҳис-туйғуларни сингдириб юбориши ёки, аксинча, шоирнинг тасвирий ифодага интилиши айни шу масаланинг айрим қирраларидир.
Мусаввир томонидан чизилган манзара рангтасвирга хос бадиий ифода шакл (ва усул)лари воситасида реципиентга муайян туйғу-фикрларни етказади. Зеро, мусаввир табиат манзарасини қалбидан ўтказиб, ўз ҳис-туйғуларини бўёқларга қориштириб ижод қилади. Айни дамда, у одамларга табиатни худди ўзи кўрганидай, ҳис этганидай кўрсатишга интилади. Бу борада рангтасвир санъати имкониятлари жуда кенг ва муттасил бойиб боради. Унинг бу борадаги ютуқларидан бошқа санъат турларида, хусусан, бадиий адабиётда ҳам кенг фойдаланилган ва фойдаланилмоқда. Яъни адабиётда ҳам объектни сўз воситасида худди мусаввир чизганидай тасвирлаш, фикр-туйғуларни кўпроқ кўримли (визуал) образлар билан ифодалашга интилишнинг кучайгани бунинг яққол далилидир.
Мумтоз адабиёт ва у билан параллель равишда ривожланиб келган мумтоз миниатюра санъатларидан фарқли ҳолда, замонавий ўзбек адабиётида ҳам, тасвирий санъатида ҳам объектни жонли, айни дамда, реалистик тасвирлаш тамойили кучайди. Энди ижодкор борлиқни мумтоз санъатлардаги каби шартли унсурлар асосидагина кўрмай, балки объектнинг мавжуд ҳолида гўзаллик ва ҳикмат кўришга интилади, яъни эстетик нигоҳнинг мўлжали қайта созланади. Ўтган аср аввалида замонавий рангтасвир, театр ва кинематографиянинг ифода шакллари ўзаро уйғун ҳолда санъатнинг янги бир босқичига асос солди десак, муболаға бўлмас. Чунки аҳамияти кундан кунга ортиб бораётган визуал санъатларнинг таъсири бадиий адабиётни, хусусан, шеъриятни ҳам четлаб ўтмайди. Энди шоир ўқувчининг эстетик эҳтиёжига монанд шеърда тасвирийликка, ҳис-туйғуларини визуал образлар асосида улашишга интилади. Замонавий ўзбек шеъриятининг рангтасвир билан синтезидаги дастлабки ёрқин намуналарни Ойбек ижодида кузатиш мумкин:
Ботди қуёш − қиз,
Ёнди узоқда
Атлас этаги.
Ойбек табиатни шунчаки чизмаган. Бир қарашда бу ўринда “чизмоқ” сўзини қўллаш эриш туюлади. Боиси, шеър мисраларида манзара деталлаштирилмаган. Шоир яратган манзара реал ҳаётдаги кўринишидан бирмунча фарқ қилиб, унга ижодкорнинг реал манзарадан олган таассуротлари йиғиндиси сифатида қараш мумкин. Чунки бу шеърни ўқиб онгимизда гавдаланадиган манзара турли тасвирий деталлар воситасида эмас, балки яхлит таассуротлар асосида намоён бўлаётганини ҳис қиламиз. Шеърий парчада гўзал манзара – куннинг ботиши лаҳзалари тасвирланади. Келинг, ўша гўзал манзарани реал ҳаётдаги кўринишини эслайлик: ботаётган қуёш қизғиш тусга кирган. Уфқ чизиғи бўйлаб унинг фақат ярмигина бизга кўринади. Атрофидаги булутлар эса қизилга мойил, аммо турли рангларда товланади. Бутун уфқ бўйлаб ўша қизил ранг, қизиллик ҳукмрон... Агар образли қилиб ифодалашга эҳтиёж туғилса, бу худди атласдан либос кийган қизил юзли қизни ёдга солади. Ойбек эса манзарани биз каби деталлар асосида чизиб ўтирмайди. У ўзида реал манзара уйғотган илк таассуротни қаламга олади ва ўқувчини ҳам манзарани шундай кўришга ундайди. Шеърхон манзарини кузатиш асносида муайян таассурот ҳосил қилмайди, аксинча, таассуротлар асосида яхлит манзарани кўради. Шеърни ўқиркансиз, реал кўринишдан озроқ фарқланувчи, кўпроқ таъсирлантирувчи манзара кўз олдингизда намоён бўла бошлайди. Худди шундай тасвирни шоирнинг “Кечқурун”, “Қиш кечаси”, “Ялта кечаси”, “Ёз кечаси”, “Денгизда оқшом”, “Наъматак” ва бошқа кўплаб шеърларида ҳам кузатишимиз мумкин:
Сувларда секин ўйнар,
Олтин қайиқчалардек,
Қуёш алангалари...
Ғуруб ёнғини қоплар,
Само юзи анордек,
Булутлар атлас каби…
Уфқлар қулочига
Сиғмаган буюк денгиз
Чайқалар секингина.
Сувлар қуёш сочига
Ўралашиб тинимсиз
Ўпар қирғоқни аста…
Ойбекнинг “Денгизда оқшом” шеъри 1930 йилнинг октябрь ойлари Сочида ёзилган. Демак, шеър бевосита денгиз қаршисида битилган бўлиши мумкин. Бу шеър ҳам шоирнинг кўплаб асарлари қатори тўлалигича манзара тасвирига бағишланади. Шоирга манзаранинг ҳар бир унсури ниманидир эслатади: “олтин қайиқча”, “само юзи анордек”, “атлас булутлар”, “уфқлар қулочи”, “қуёш сочи”, “ўпар қирғоқни” каби образлар ана шу таассуротларнинг маҳсулидир. Эътибор қилсангиз, кичик ташбеҳлар асосида табиатнинг бутун кўриниши намоён бўлмоқда. Бу ўринда шоир поэтик нигоҳининг ўткирлиги, тасвирлаш маҳорати шунчаки гўзал ташбеҳлар топа билганидагина эмас, биринчи навбатда, ўша ташбеҳларнинг визуал (кўримли) эканидадир. Ойбек денгизни шундай тасвирлайдики, ўқувчи манзарани худди кўзлари билан кўриб тургандай завқлана бошлайди.
Адабиёт – сўз санъати демак. Унинг ҳар қандай ифодавий имконияти сўз билан чегараланади. Айни дамда, сўзнинг ифодавий имконияти чексиз эканлигини таъкидламоқ зарур. Юқорида айтиб ўтганимиздай, ижодкор сўз воситасида ҳам ўқувчига мусаввирлардай тасвир асосида таъсир ўтказиш имкониятига эга. Яъни мусиқа ва тасвирий санъатнинг ифодавий имкониятларидан кенг фойдаланиши мумкин. Шоир бадиий ифодада бошқа санъат турлари имкониятига мурожаат этаркан, муайян сўз, жумланинг бадиий-тасвирий имкониятига жиддий аҳамият қаратади.
Мусаввир томошабинни лол қолдириш мақсадида рангларни маҳорат билан танласа, Ойбек ўқувчи учун сўзларни маржондек теради. Агар Ойбекнинг эълон қилинган шеърлари билан шу шеърларнинг қўлёзма ва бошқа тўпламлардаги вариантлари таққослаб кўрилса, таҳрир жараёнида сўзнинг лексик хусусиятига, тасвирий кўламига катта эътибор қаратилганини сезиш қийин эмас. Шоирнинг “Оғочликларда” номли шеъри унинг “Мукаммал асарлар тўплами”да қуйидаги мисралар билан бошланади:
Баҳор – қуёшнинг олтин кулгуси
Яшил япроқларда яшнаб ўйнайди.
Ойбекнинг мазкур асари кўлёзмаси билан танишганда, шоирнинг кичик стилистик таҳририга, аммо шеърдаги катта ифодавий-тасвирий янгиланишга гувоҳ бўламиз:
Баҳор – қуёшининг олтин кулгуси
Яшил япроқларда секин ўйнайди.
Ойбек тасвирдаги ғализликни сезган ҳолда қўлёзмадаги “секин” сўзини “яшнаб”га алиштиради. Албатта, баҳор янгиланиш, яшариш фасли. Ўқувчи баҳорий еллар ҳирпиратиб турган ям-яшил япроқларда ёрқин нурларнинг секин ҳаракатини асло тасаввур қилолмасди. Аслида, бундай ўхшатиш куз фасли тасвирларига мос келарди. Шеърда “секин” сўзининг “яшнаб”га ўзгартирилиши эса тасвирнинг тўкис ва жонли бўлишини таъминлайди.
Юқоридагига яқинроқ мисолни Ойбекнинг “Яна куз” шеърида учратамиз. Бу сафарги таҳрир тасвирдаги кузга хос характерни кучайтиради:
Оғочлардан япроқлар
Шитирлашиб тўкилар...
Иккинчи мисра қўлёзмада “Шилдираб тўкилар”... шаклида учрайди. Аввало, шилдираб сўзи маъно нозикликлари билан кўпроқ сувга, яйраб оқаётган сувга нисбат беради. Ҳазонрезги эса, онгимизда “шитирлаш” билан, шуни ифодаловчи “шитирламоқ” сўзи билан муҳрланган.
“Самарқанд оқшоми” номли шеърнинг илк мисралари қўлёзмада қуйидагича келади:
Қуёш узоқда.
Таҳрирдан сўнг у мана бу шаклга келган:
Қуёш – олтин қиз.
Қўлёзма вариантида тасвирдан кўра оддий тавсиф устун, яъни қуёш ботаётгани ҳақида оддий хабар берилди (бамисоли қуёш ботаётгани ҳақидаги радиорепортаж). Бунинг ўзи манзарани жонли кўриш учун ўқувчига жуда камлик қилади. Қуёшнинг олтин қизга менгзалиши эса уфқдаги олтин ранг ва сирти қизлар юзидай қизил қуёш тасвирини ёрқин ифодалайди. Бу ўринда ҳам шоир таассурот асосида тасаввуримизда манзарани жонлантириш учун етарли шароит яратган. Натижада, ўқувчи манзарани тўлиқ, айни дамда, гўзал бадиий жилолари билан кашф этишга муяссар бўлади.
Ойбек ўз шеърлари билан табиатнинг бутун гўзаллигини, шу гўзаллик инсонга бериши мумкин бўлган завқни кўрсатиб беришга уринаётгандай гўё. Унинг бу ижодий ниятини рўёбга чиқаришга рангтасвирга хос ифода воситалари ёрдам беради. Сўз воситасида визуал образлар яратишга мойиллик шоирнинг хорижий адабиётлардан, рангтасвирдан илҳомлангани билан изоҳланади. Ойбекнинг бу йўлдаги тажрибалари шеъриятимизнинг ифода имкониятларини кенгайтиришда ғоят муҳим аҳамиятга эга бўлди.
Фойдаланилган адабиётлар рўйхати:
2. Дмитриев Н. Изображения и слово.– М.: Искусство, 1962.
3. Божович В. И. Традиции и взаимодействие искусств. – М.: Наука, 1987.
4. Пигарев К. Русская литература и изобразительное искусство. – М.: Наука, 1966.
Бу ва бундан кейинги мисоллар қуйидаги манбадан олинди: Ойбек. Мукаммал асарлар тўплами. 19 томлик. – Тошкент: Фан, 1975. Т. 1. – Б.195.
Шу асар. Б. 133.
Шу асар. Б. 378.
Шу асар. Б. 79.
Шу асар. Б. 379.
Шу асар. Б. 146.
Saʼdullo Quronov