← Sa'dullo Quronov
|

Yangi oʻzbek sheʼriyatida badiiy sintezning oʻrni (Oybek lirikasi misolida)

Saʼdullo Quronov

Maqola

(Oybek lirikasi misolida)

Annotatsiya: Mazkur maqolada Oybek ijodi simvolizm yoʻnalishining rantasvir hamda sheʼriyatdagi namunalari bilan qiyoslab tadqiq etilgan. Shuningdek, XX asrning 30 yillariga kelib zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida kechgan ifodaviy, gʻoyaviy yangilanishlar sanʼatlar aro badiiy sentezning koʻlamida oʻrganilgan.

Kalit soʻzlar: badiiy sintez, poeziya, peyzaj lirikasi, rangtasvir, vizual sanʼatlar, tasviriy ifoda, simvolizm, impressionizm, modernizm, grafik sheʼrlar.

XX asrning 30-yillariga kelib zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida simvolizm, impressionizm va modernizmga xos ifodaviy-badiiy xususiyatlar boʻy koʻrsata boshladi. Yangi yuz yillikning boshlanishida adabiyot ijtimoiylashib, sheʼriyatda koʻproq shunga mos mavzularning koʻtarilishi kuzatilgan boʻlsa, 30-yillarda shu ijtimoiylikning bir boʻlagi – shaxs qalbida kechgan tuygʻularning badiiy ifodasi kuchaya boshlandi. Ayni damda, lirik subyekt obyektiv voqelikdan uzoqlashib ketmadi. Shoir endi mavjud ijtimoiy voqelikni emas, balki voqelik uygʻotgan taassurotu kechinmalarni qalamga ola boshladi. Ayniqsa, simvolizm, xususan, Aleksandr Blok sheʼriyatidan taʼsirlagan Oybek ijodida zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining yangicha badiiy tamoyillari nish ura boshladi:

Kecha... Terazamdan qarasam sekin,

Har narsa uxlaydi, koʻchalar jimmit...

Yoʻllarga quyadi sargʻish va mayin –

Nurini chiroqlar... har yoqda milt-milt.

Koʻklarda yulduzlar hadsiz, hisobsiz –

Kulishar... Koʻzimda yashnar uchquni.

Oltin boqishlar-la shu onda yolgʻiz

Yechilib ketadi koʻnglim tuguni.

Ipak nurlariga bogʻlanib qolib,

Abadiy sheʼrlarga birdan tolamen.

Qoʻlimga suyukli sozimni olib,

Cheksiz dunyolarning kuyin cholaman.

1927 yilda yozilgan “Kecha sirlari” nomli yuqoridagi sheʼrda Oybekning simvolizm yoʻnalishiga xos ifoda tamoyillaridan foydalanayotgani yaqqol koʻrinadi. Zero, sheʼrda kishi hayolida real manzaraning lahzalik taʼsiri oʻlaroq uygʻonuvchi taassurotlar ifodalangan. Bunda shoirning ijodiy niyati lirik qahramon kuzatayotgan obyektni tasvirlashga emas, balki manzara qarshisida turgan qahramon kayfiyati ifodasiga yoʻnaltiriladi. Yaʼni Oybek manzaraning obyektiv tasvirini yaratishga urinmaydi. U, huddi, simvolizm yoʻnalishi vakilariday tasvir qaʼridagi ramziylikka urgʻu beradi.

Adabiy suhbatlarning birida Oybek oʻz sheʼriyatidagi ijodiy taʼsirlanish haqida shunday soʻzlaydi: “Agar Navoiyni hisobga olmaganda, Blok mening asosiy poetik muhabbatim boʻlib qoldi. Meni Blok misralarining har biri lirizmga toʻliqligi, har bir soʻzda uning maʼnaviy olami sezilib turishi hayratda qoldirdi. Blok hayotning har bir lahzasini oʻz asarlarida abadiylashtira olar (taʼkid bizniki – S.Q.), shuning uchun ularni oʻqiganda, oʻzingizni ana shu mangulikning quchogʻida his etardingiz. Aytmoqchi, Blok asarlarida oʻz kayfiyatini aniq fikrga va ravshan manzaraga aylantirmaydi (taʼkid bizniki – S.Q.), kayfiyati kayfiyatligicha qoladi, biroq shunda ham uning ana shu kayfiyati lirizm va obrazlilikka toʻliq boʻladi”. Eʼtibor qilinsa, Oybek bir ikki jumlaning oʻzida nafaqat Blok sheʼriyatiga, balki simvolizmning poetik xususiyatlariga taʼrif berib oʻtayotir. Ayni vaqtda, u oʻz sheʼriyatining ustuvor jihatlariga ham izoh berishga urinayotganday tuyiladi. Zero, Oybek sheʼriyati haqida ham uning oʻzi Blok sheʼriyati borasida aytgan gaplarini soʻzlash mumkin. Demak, Oybek lirikasini toʻlaqonli anglashimizda simvolizmning oʻziga xos jihatlarini oʻrganishimiz va shoir sheʼriyati bilan qiyoslab koʻrishimiz foydali boʻladi.

Simvolizm Fransiyada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida anʼanaviy realistik tasvirga qarshi oʻlaroq vujudga kela boshlaydi. Bu yoʻnalish vakillari olamni obrazlar bilan emas, balki, faqat, simvollar vositasida ifodalash mukin deb taʼkidlaganlar. “Adabiyotshunoslik lugʻatida” mazkur oqimga quyidagicha taʼrif berilgan: “Simvolistlar konkret-hissiy idrok doirasidan tashqarida turuvchi gʻoyalar, “oʻzi-oʻzidagi narsa”larni badiiy aks ettirishga intiladilar. Ularga koʻra, simvol kundalik maishat domidan qutulish va dunyoning ideal mohiyatini anglash uchun obrazdan koʻra samaraliroq vositadir. Ular shoir qalban mutlaq haqiqatga yaqin turadi, shu bois u olamni simvollar orqali intuitiv tarzda idrok eta oladi, deb hisoblaydilar”. Buday omillar simvolizmni K.Yung hamda A.Bergson kabi mutafakkirlarning intuitivizm falsafasiga yaqinlashtiradi. Shunday ekan, simvolizmni tushunishda tasavvurning oʻzi ojizlik qiladi. Bunday asarlarni toʻlaqonli his qilishda inson oltinchi tuygʻu – intuitiv mushohadaga suyanishi kerak boʻladi. Rus simvolist-shoiri Konstantin Balmont simvolizmni bunday tushuntiradi: “Shunday qilib, simvolik sheʼriyatning asosiy belgilari mana bular: u oʻzining maxsus tilida soʻzlaydiki, bu til intonatsiyalarga boy; bamisoli musiqa va rangtasvir kabi u ham qalbda murakkab tuygʻularni uygʻotadi, bizning eshitish va koʻrish taassurotlarimizni poeziyaning boshqa turiga nisbatan koʻproq qoʻzgʻatadi...”

Eʼtibor qilinsa, Balmont simvolistik sheʼriyatning yana bir oʻziga xosligi – uning sinkretik xodisa ekanligiga ahamiyat qaratmoqda. Yaʼni sheʼrxon bu yoʻnalishdagi asarlarni oʻqirkan rangtasvir va musiyqa sanʼatiga xos ifodaviy xususiyatlarni his qiladi. Demak, uch sanʼatning oʻzaro hamkorligida yaratilgan bunday asar oʻquvchiga bir vaqtning oʻzida ham koʻrib, ham eshitib estetik zavq tuyish imkonini beradi. Ayni shunday xususiyatni Oybek ijodi misolida koʻrishimiz ham mumkin. Zero, Oybekning aksar sheʼriy asarlari pyezaj lirikasiga dahldor:

Botdi quyosh – qiz,

Yondi uzoqda

Atlas etagi.

Koʻkda bir yulduz

Kuldi shu choqda...

Oqshom chechagi!

Oybekning “Bahorning kelishi” nomli sheʼridan olingan ushbu parachada quyosh botganidan soʻng ufqni qamrab oladigan olovrang manzara tasvirlanadi. Shoir tabiat manzarasi qalbida uygʻotgan oniy taassurotlarini chizishga urinayotganday. Tabiatdan olingan bir lahzalik kechinmalarni moʻyqalam vositasida manguga muhrlab qoʻyishga intilish rassomchilikdagi impressionizm yoʻnalishiga xos. Odatta, Oybek sheʼriyatidagi tasviriylik, u yaratgan “kartina”larning aksari impressionizm yoʻnalishiga yaqin keladi. Simvolist shoirning lahzalik taassurotlarining ifodasi boʻlmish “kartina”larni chizishga urinishi, aslida ham, shu impressionizm anʼanalari bilan uzviy bogʻliq. XIX asr oxirlari XX asr boshlarida urf boʻlgan impressionizm yoʻnalishidan jahonga mashhur Eduard Mane, Klod Mone, Ogyust Renuar, Van Gog kabi musavvirlar yetishib chiqqan. Bu yoʻnalish vakillari tabiatning real koʻrinishidan ozroq chekinib, inson nigohi tushgan obyektning ongda uygʻongan dastlabki “koʻrinish”larini tasvirlashga uringanlar. Bu xuddi endigina uyqudan turgan kishi ongining atrofdagi predmetlarni hali toʻla analiz qilib ulgurmagan paytidagi manzaraga oʻxshab ketadi. Shuning uchun ham impressionizm yoʻnalishidagi suratlarda bir-biriga qorishib ketgan ranglarni va noodatiy figuralarni uchratamiz. Impressionist musavvirlar shu tariqa inson qalbining eng nozik kechinmalarini, uning murakkab psixikasini tasvirlashga harakat qilganlar. Impressionizm va simvolizm yoʻnalishlari oʻzaro uygʻun hodisa sifatida, bir davrda rivojlongan. Ayni vaqtda, ularning biri koʻproq rangtasvirda, ikkinchisi esa badiiy adabiyotda omalashadi:

“Simvolizm, impressionizm va dekadentlik deganlari tarkibiy qismlarida farqlangani holda mohiyatan hamisha bir boʻlgan psixologik lirikadan boshqa narsa emas. Haqiqatda bu uch yoʻnalish goh yonma-yon boradi, gohi ayrilib ketishadi, goh esa bir oqimga birlashadi”.

Yaʼni simvolizmni impressionizmdan ayri holda tasavvur etish mushkul. Zero, simvolistik yoʻnalishdagi sheʼriy asarlar ifodasida impressionizmga xos tasviriy unsurlar yetakchilik qiladi:

Quyosh ogʻdi ufqdan,

Bir toʻplam olov sochin

Ilib qoldi oʻrmonlar...

Uzoqliklarda shu on

Sekin yozdi qanotin

Moviy, mayin tumanlar.

Yengil tabassum yogʻar,

Osmon zangori, soʻngsiz

Koinotga boqamen.

Koʻkda yulduzlar yonar,

Abadiyat goʻzal qiz

Kabi yotar... tolamen...

Oybek yaratgan “sodda” satrlar ortiga buyuk musavvir dahosi yashiringanday goʻyo. Yuqoridagi sheʼrda quyoshning botish holati va undan taʼsirlangan lirik qahramoning bir lahzalik taassurotlari ifodalanadi. Shoir manzara tasvirini detallashtirishga urinayotgani yoʻq. Yaʼni birinchi va ikkinchi bandlardagi baʼzi detallarni aytmaganda, sheʼrda manzara tasviridan koʻra uni kuzatayotgan subyekt kayfiyatining ifodasi ustuvorroq. Keling, biz ham shoir “koʻrayotgan” manzarini tasavvurimizda tiklashga urinamiz. Birinchi band: botayotgan quyoshning oʻrmondagi daraxt shoxlari orasidan kesib oʻtgan nurlari xuddi qizlarning sochiga oʻxshab uzun-uzun... Ikkinchi band: Uzoq ufq boʻylab mayin tuman yastangan (Shu joyda kun botish sahnasini “chizish” toʻxtatilib, “moʻyqalam” bevosita lirik qahramon kayfiyatiga yoʻnaltiriladi). Uchinchi band: u olam goʻzaligini tabassum bilan kuzatmoqda. Toʻrtinchi band: lirik qahramon cheksiz koinotning moʻʼjizakor koʻrinishidan hayratda – chuqur oʻyga tolgan. Koʻrinadiki, manzara qarshisida uygʻongan qahramon taassurotlari, uning betakror kechinmalarini ochib berishga xizmat qiladi. Yaʼni bunda estetik hodisaning roʻyobga chiqishi xuddi tomoshabinning mussavvir chizgan kartina qarshisida turib estetik zavq tuyishiga monanddir.

Oybek ijodidagi peyzaj lirikasini tadqiq etishda shoir tanlagan yoʻnalish sanʼatlarning oʻzaro sintezi oʻlaroq vujudga kelganini eʼtibordan qochirmaslik talab etiladi. Chunki uning sheʼrlarida rangtasvir va sheʼriyatning ifodaviy xususiyatlari qorishib ketadi. Oybek asarlarini oʻqirkansiz, vizual (koʻrimli) obrazlar tasavvuringizga erk bagʻishlab, yaxlit bir manzarani vujudga keltirayotganini his etib turasiz.

Oybek sheʼriyatiga xos tasviriylikni tushunishimizga rus adabiyotshunoslarining A.Blok ijodidagi ayni shu xususiyat borasidagi qarashlari, fikrimizcha, begʻaraz yordamga keladi:

“Sezish qiyin emaski, agar Blokka oʻz poetik fikrini izohlash uchun muayyan obrazlar sistemasini zzarur boʻlsa, buni u koʻpincha rangtasvirda topadi. Oʻzining gʻoyalari, tuygʻulari va kechinmalarini koʻproq tushunarli va konkret qilmoq uchun shoir ularni rangtasvir sanʼati tiliga oʻgiradi... axir, ot bilan feʼl - gapning oʻzagi, aksar ularning birinchisi rang bilan, ikkinchisi esa chizgi bilan mos tushadi”.

Oybek sheʼriyati bilan oz boʻlsa-da tanishgan oʻquvchi uning sheʼrlariga nisbatan ham yuqoridagicha fikr yuritish mumkinligiga shubha qilmaydi.

Albatta, ifodaviy sanʼat turining tasviriy sanʼatga xos unsurlar bilan boyitilishi, shoir oʻquvchiga yetkazishni koʻzlagan tuygʻuning taʼsir koʻlami ortishiga xizmat qiladi. Ayni choqda, shoirning musavvirona ifodaga intilishini oʻquvchining tobora oʻsib borayotgan estetik talabi bilan ham bogʻlash mumkin. Zero, yangi davrda tasviriy (vizual) sanʼatlar rivoj topib, estetik ehtiyojlarimiz koʻproq rangtasvir, fotografiya, teatr, kino kabi sanʼatlarning hissasi bilan qondirila boshlandi. Bunday vaziyatda chinakam ijodkor oʻz asarining sanʼat turlari ichida yanada raqobatbardosh boʻlishi kerakligini (intuitiv tarzda boʻlsa-da) his etishi mumkinligiga shubha yoʻq:

Sularda sekin oʻynar,

Oltin qayiqchalardek,

Quyosh alanganlari...

Gʻurub yongʻini qoplar,

Samo yuzi anordek,

Bulutlar atlas kabi...

Ufqlar qulochiga

Sigʻmagan buyuk dengiz

Chayqalar sekingina.

Suvlar quyosh sochiga

Oʻralashib tinimsiz

Oʻpar qirgʻoqni asta...

“Dengizda oqshom” nomli yuqoridagi sheʼr 1930 yil Sochida bitilgan, demak, u bevosita dengiz manzarasi qarshisida yozilgan (naturadan chizilgan) boʻlishi ehtimoli koʻproq. Sheʼrning toʻlaligicha tasvirdan iborat ekani uning oʻziga xosligini taʼminlaydi. Unda lirik subyekt kayfiyatiga toʻgʻridan toʻgʻri ishorani koʻrmaymiz, unda real manzara detallariga koʻchib yurgan “nigoh” (goʻyo kino kamerasi kabi) bor, xolos. Shoir real manzaradagi har bir detalni muayyan vizual (koʻrimli) obraz vositasida tasvirlashga urinmoqda, bu jarayonda birorta ham ifodaviy obrazdan foydalangani yoʻq. Goʻyo Oybek sheʼr yozishni emas, balki surat chizishni maqsad qilgandek. Shunday ekan, oʻquvchi ham asar bilan tanishish vaqtida odatiy hislarni emas, butunlay yangicha badiiylikni tuya boshlaydi. Albatta, bugungi oʻquvchini XX asrning 30-yillardagi oʻquvchi bilan taqqoslab boʻlmaydi. Zero, asrlar davomida oʻzgarmay kelayotgan ifodaviy-tavsifiy sheʼriyatning rangtasvir bilan sintezi, turgan gapki, oʻtgan davr sheʼrxonini lol qoldirgan. Zamonaviy oʻquvchining bu kabi poetik hodisalarga muayyan koʻnikmaga egaligini hisobga olsak, yuz yil oldingi zavqni biz his qila olmagan boʻlishimiz mumkin. Lekin ikki davr oʻquvchisi ham bir-biriga yaqin manzarani koʻrgani haqiqatga juda yaqin.

“Dengizda oqshom” sheʼrida shoir oʻzining butun his-tuygʻularini tasvir ortiga yashirishga urinadi. Yaʼni Oybek oʻz hayrati, zavqi va oʻylariga biror misrada ham ishora berib oʻtmaydi, kechinmalarini vizual obrazlar ortiga yashiradi. Endi oʻquvchi shoir dardlarini uning xaroratli soʻzlaridan emas, balki oqshom dengizining nafis ranglari vositasida his eta boshlaydi. Bu esa shoirga shoir boʻlib emas, balki musavvir boʻlib ijod qilish imkonini bersa, oʻquvchiga oʻquvchi boʻlib emas, balki tomoshabin boʻlib koʻrish sharoitini yaratadi.

Oybek ijodi yangi oʻzbek sheʼriyatini yanada takomillashtiradi hamda zamonaviy oʻquvchi didini oʻstiradi. U oʻz sheʼrlari bilan inson qalbining eng nozik kechinmalarigacha tasvirlab, shaxs ruhiyatining eng chuqur puchmoqlariga qadar shoʻmgʻiy oladi. Shoir oʻz sheʼrlari misolida zamonaviy oʻzbek sheʼriyatidagi psixologik lirikani sayqalladi. Oybekning bu boradagi izlanishlariga simvolizm, alalxusus, tasviriy sanʼatga xos ifodaviy vositalar qoʻl keladi. Demak, sanʼatlar aro badiiy sintezning ahamiyati zamonaviy oʻzbek sheʼriyati taraqqiyotida beqiyosdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

Quronov D., Mamajonov Z., Sheraliyeva M. Adabiyotshunoslik lugʻati. Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Бальмонт К. Горные вершины. – Москва: Гриф, 1904. – 210 б.

Горбунова О. Специфика образности А.Блока в контексте культуры серебряного века: Дисс… кан. фил. наук. – Иваново. 1999. – 196 б.

Oybek. Mukammal asarlar toʻplami. 19 toʻmlik.- Toshkent: Fan, 1975. T. 1. B.94

Oybek. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 14-jild. Toshkent, “Fan” 1979 y. 285 B.

D.Quronov, Z. Mamajonov, M.Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati. T.: “Akademnashr”., 2010. B. 276.

К. Бальмонт. Горные вершины. – М.: Гриф, 1904. Б. 121.

Oybek. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 14-jild. Toshkent, “Fan” 1979 y. 195 B.

К. Бальмонт. Горные вершины. – М.: Гриф, 1904. Б. 122.

Oybek. Mukammal asarlar toʻplami. 19 toʻmlik.- Toshkent: Fan, 1975. T. 1. B.198

О. Горбунова. Специфика образности А. Блока в контексте культуры серебряного века. Автореф. Дисс/кан. Фил.н. – Иваново. 1999. 17 б.

Oybek. Mukammal asarlar toʻplami. 19 toʻmlik.- Toshkent: Fan, 1975. T. 1. B.252

Saʼdullo Quronov