Mumtoz sanʼat namunalarini kuzatar ekanmiz, ifodada tavsifning ustuvorligi yaqqol koʻzga tashlanadi. Yaʼni ijodkor oʻz asarida borliqni tashqi koʻrinishlari bilan tasvirlash va realistik tamoyillar asosidagi ifodaga u qadar ahamiyat bermaganligi koʻrinadi. Bu sanʼatkorning olamga obyektiv emas, koʻproq subyektiv tasvir asosida yondashuvi mahsulidir. Albatta, oʻsha davr estetik idealining xos xususiyatlari sanʼatkordan shu kabi ifodani “talab qilgan”. Chunki bu davr estetik qarashlarining birlamchi haqiqati sifatida dunyoning foniy ekanligi taʼkidlanib, sanʼatkor uchun chinakam, yagona goʻzallik olam va odamning botini hisoblangan. Ammo bu mumtoz sanʼat namunalarida obyektivlashtirilgan tasvir mavjud boʻlmagan degani emas. Boisi, har bir davrning oʻz estetik ideli boʻlgani holda, shu idealga monand estetik nigohi ham boʻlishi tabiiy. Ijodkor ahli shu “nigoh”dan kelib chiqqan holda olamni koʻradi, tasvirlaydi. Demak, sanʼatkor qaysi davrda yashamasin, oʻz asarida olamning muayyan darajadagi obyektiv tasvirini aks ettiradi. Inson borliq haqidagi asosiy axborotni koʻz vositasida qabul qilarkan, sanʼatkor doimo oʻz his-tuygʻularini obyektivlashtirishga ehtiyoj sezaveradi. Aytmoqchimizki, chinakam sanʼatkor obyektiv munosabat asosida taʼsir oʻtkazish tamoyillarini hech qachon unutmay, oʻz tuygʻularini bevosita emas, balki koʻpincha peyzaj manzaralari asosida ifoda etishga urinadi.
Alisher Navoiy asarlari bilan tanishar ekanmiz, shoir ijodida shu nigohga monand obyektiv tasvirlarning mavjudligini koʻramiz. Uning forsiy tilda bitilgan “Fusuli arbaa” qasidalar majmuasi ana shunday asarlardan biridir. Majmua toʻrt qism (qasida)dan iborat boʻlib, yil fasllarining goʻzal manzarasi tasviriga bagʻishlangan. “Shoir har bir faslning oʻziga xos manzarasi, jozibasi va hatto rutubatini ham yuksak poetik talant, samimiy shavq bilan chizadi. Nozik kuzatuvchanlik, chuqur mulohazakorlik, kuchli poetik assotsiatsiya qudratiga ega boʻlgan shoirning quyuq emotsional tasviri natijasida har bir faslning yorqin realistik kartinasi oʻquvchi koʻz oldida jonli manzara sifatida butun nozik detallari bilan namoyon boʻladi”.
Majmuaning birinchi qasidasi “Saraton”da tabiatdagi jazirama manzarasi shunday tasvirlanadi:
Gulrez, nigar, har taraf az xatti shuʼoash,
Otashbozy karda hama siratu sonro.
(Mazmuni: Quyoshning shuʼlali chiziqlaridan har tomon sochilgan anvoyi “gullar”ni qara – goʻyo hamma narsani oʻt bilan oʻynayotgandek koʻrinadi).
Shoir oʻquvchiga manzarani tavsiflab bermaydi, balki uning nigohlarini bevosita oʻzi ilgari koʻrgan manzara tomon yoʻnaltiradi. Bunda shoir oʻquvchiga oʻz his-tuygʻulari vositasida emas, balki tabiatni badiiy tasvirlash asosida taʼsir oʻtkazishni maqsad qiladi.
Sharq mumtoz musiqasi, miniatyurasi va badiiy adabiyotining ifodaviy xususiyatlarini kuzatar ekanmiz, bu sanʼatlarning oʻzaro mushtarak aloqadorlikda rivojlanganini koʻrishimiz mumkin boʻladi. Mumtoz musiqani aruz vaznisiz, miniatyurani esa badiiy asarlarsiz tasavvur etib boʻlmagan. Shu bois ham Sharqda bu sanʼatlarning nafaqat badiiy-gʻoyaviy jihatdan, balki ifodaviy xususiyatlari jihatidan ham kuchli sintetik munosabatda boʻlganligi yaqqol sezilib turadi. Xususan, noplastik obraz yaratish lirikaning spetsifik xususiyati sifatida eʼtirof qilinadi. Ammo bu ifodaviylikdagi taʼsir ahamiyatining toʻlaqonli boʻlishi uchun yetarli emas. Shu sabab ijodkor oʻz asarida olamning obyektivlashtirilgan tasvirini berishga urinadi. Bu esa badiiy adabiyotning boshqa sanʼat turlari, xususan, tasviriy sanʼatning ifodaviy imkoniyatlari bilan boyitilishini taʼminlaydi. Lirikaning tasviriy sanʼat bilan sintezga kirishishi undagi ifodaning taʼsir kuchini yanada oshiradi. Manzarani musavvirlarday chizib koʻrsatish, oʻquvchiga xuddi real hayotda koʻrgandagiday tuygʻularni bera oladi. Yana Navoiyga murojaat qilsak:
Anjum qataroti qalay omada har soʻ,
Dar tosi falak tofta az xur zavbonro
(Mazmuni:
Yulduzlar har tomonda qalay tomchilari kabi koʻrinadi – falak gumbazida quyoshdan erigan narsalar choʻgʻlangan kabi).
Albatta, bu fototasvir emas, ijodkor qalbida qayta ishlangan, u koʻrgan tasvir. Shu bois oʻquvchi ham endi tabiatga shoirning koʻzlari bilan qaraydi. U koʻrayotgan manzara real olamga monand, ammo asliyatidan koʻra goʻzal va maftunkor.
Shu oʻrinda rangtasvirning mumtoz namunasi boʻlmish miniatyura sanʼatiga xos ifodaviy xususiyatlar yodga tushadi. Miniatyura sanʼati ham oʻta shartlilik asosiga quriladi. Xuddi mumtoz shoirlar kabi miniatyurachi rassomlar ham obyektning real koʻrinishiga mos tasvirni izlamaganlar. Ularning asarlarida oʻta detallashtirilgan, perspektiva va reallikning oʻziga xos tamoyillariga mutanosib keluvchi tasvir kuzatilmaydi. Sanʼatga tasavvuf falsafasining kuchli taʼsiri musavvirdan timsollarga boy, noreal surat chizishni “talab” etsa-da, XV-XVI asrlarga kelib, kitob grafikasi namunalarida matndan birmuncha uzilgan, musavvirning oʻz ijodiy munosabati ham aks etgan miniatyuralar koʻpaya bordi. Ayniqsa, Navoiy bilan bir davrda ijod qilgan Kamoliddin Behzod asarlarida realistik ifodaning ancha jonlangani seziladi. Musavvir tamoshabinga murakkab timsollar majmuasi va ranglarning oʻta nafis jilodorligi bilangina emas, balki, tasvirdagi realistik ifoda bilan ham taʼsir oʻtkazishni maqsad qiladi. Umuman, bu kabi jihatlari bilan ikki buyuk dahoning ijodi oʻzaro mushtaraklik kasb etadi.
“Fusuli arbaa” qasidalar majmuasidagi manzara ifodasida shoir faqat tasviriylikdan foydalangan deya olmaymiz. Xususan, majmuaning keyingi qasidasi boʻlgan “Xazon” (“Kuz”)da tavsifiylik ustuvor boʻlgan baytlarning salmogʻi birmuncha koʻproq ekanligini kuzatish mumkin:
Ba shoʻxoni shajar bingar, ki az bemorii mufrit,
Ayon gardand har soʻ zaʼfaroni rangi boʻstonro.
(Mazmuni:
Daraxt shoʻxlari (shoxlari)ga qara, haddan ziyod xastalikdan, qaysi tarafga qarama, hamma yoqdan daraxtzorning zaʼfaron (sariq) rangi koʻzga tashlanadi).
Bu manzara ifodasida detalizatsiya asosidagi tasvirni kuzatmaymiz. Shoir tabiatni tasvirlamaydi, balki taʼriflab beradi. Bu lirikaning asl xususiyatlariga xos jihat. Ammo quyidagi bandda shoirning tabiatni chin musavvirona ifoda etishga boʻlgan harakatini, lirikaning rangtasvir sanʼati imkoniyatlari bilan boyitilganini va bu ikki sanʼatning oʻzaro sintezini koʻrishimiz mumkin boʻladi:
Ba joʻi ob chun gul xoʻrad on zardy bubin yo xud,
Falak dar ob afkandast aksi bargi agʻsonro.
(Mazmuni:
Ariq suvini koʻrgil, gul yutganidan sariqligi kuchayadi,
yo falak xazon boʻlgan shoxlar bargining aksini solganmi?)
Navoiy ushbu misralarda sheʼriyatdagi tajohuli orif (bilib bilmaslikka olish) sanʼatini qoʻllamoqda. Shoir aslida sariq libosga burkangan dov-darxtlarning suvga rang berganligini, unda daraxt koʻrinishi akslanganini yaxshi biladi. Shuning barobarida oʻquvchiga “kartina”ni bir vaqtning oʻzida bir necha xil “koʻrish” imkoniyatini beradi: Musaffo osmon. Kichik bir koʻl. Undagi suv tip-tiniq. Suvning tubi va yuzasidagi sariq xazon (“gul”) yaqqol koʻrinib turibdi. Atrofdagi daraxtlar sap-sariq tusga kirgan. Goʻyo yeru osmon sariq libosda…
Majmuadagi “Bahor” qasidasi bahorga xos tabiat manzaralarining maftunkor tasviri bilan ajralib turadi:
Dahoni gʻuncharo dandonu toji lolaro zevar,
Chu meyobad az-on durposh sozand abri naysonro.
(Mazmuni:
Gʻunchaning ogʻzi tish bilan, lola esa toj bilan goʻzal,
ular bunga erishgach, bahor bulutlardan dur yogʻdiradi).
Koʻz oldingizda bahorga xos asosiy unsurlar: gʻuncha, lola, bulut, yomgʻir oʻziga xos qiyofada gavdalanadi. Va yeru osmonni qamrab oluvchi bu unsurlar vositasida siz butun bahoriy manzarani koʻrishingiz mumkin boʻladi.
Majmuaning butun tarovatini koʻrsatib beruvchi “Qish” qasidasi boshqalaridan tasviriy qismlarning koʻpligi va yanada hayratlanarliligi bilan ajralib turadi:
Namuna bahri mushammaʼ namud qavsi quzah,
Payi lifofai xirgohi osmon zi sahob.
(Mazmuni:
Falakda koʻringan kamalak har qanday soyabonga
oʻrnak boʻladi, osmon chodiri esa bulutlardan oʻzga
yopinchiq yasash payiga tushadi.
Yoki:
Agar na abr lifof ast bahri xirgahi charx,
Zi tori qatra charo har taraf kashid tanob?
(Mazmuni:
Agar charx chodiri bulutlardan yopinchiq – jildini olmaganda edi, nega qatralar toridan (tomchilardan) har tarafga iplar tortadi?)
Shoir koʻrayotgan real manzara unga nimanidir eslatgan. U tasavvurlariga erk berarkan, kamalakni soyabonga, osmonni chodirga oʻxshatadi. Va oʻz taassurotlari asosidagi manzarani chizadi. Tabiat manzaralari bergan taassurotning oʻzini keltirish tasvirning taʼsir kuchini yanada oshirib yuboradi. Aslida manzaraning real koʻrinishini bera olish ham bir mahorat. Ammo koʻrsatishning oʻzi hali zavq berish degani emas-ku! (Shu boisdan ham shoir izlanadi, musavvir ijod etadi). Bu kabi tasvir oʻquvchiga oʻzi ilgari koʻrgan, ammo goʻzalligini his qila bilmagan manzaradan qayta bahra olish imkoniyatini beradi:
Ba soʻyi magʻrib n-orad shudan zi mashriq mehr,
Agar nayafkanad az abr pul ba roʻi xalob.
(Mazmuni:
Quyoshning sharqdan gʻarbga moʻʼtadil harakati, bulutdan botqoqlik yuziga (nurdan) koʻprik solinmaguncha koʻzga tashlanadi).
Quyuq bulutli osmon. Bulutlarni yorib oʻtgan quyosh nuri botqoqlikka tushgan. Botqoqlikdagi kichik koʻlmak suvlari yuzasida yastanib yotgan quyosh nurlari qayiqchalardek jilolanadi. Bu xuddi ufqda botayotgan quyoshning ummonda uzun yoʻlak hosil qilishiga oʻxshab ketadi… Oʻquvchi sheʼrni oʻqirkan, avvalo real manzarani koʻz oldiga keltiradi. Soʻng u ongidagi real koʻrinishni ijodkorning taassurotlari bilan qorishtirib yuboradi, oʻz-oʻzidan real koʻrinishdan ozroq farqlanuvchi, koʻproq taʼsirlantiruvchi manzarani koʻra boshlaydi.
Shu tariqa “Qish” qasidasida borliq tasviridan asta-sekin jonivorlarning jismoniy sovuq taʼsiridagi holati tasviriga oʻtiladi:
Chu bum shoʻʼla shavad parzanon, zi shiddati bard,
Zugolvor dar-oʻ uftand xayli gʻurob.
(Mazmuni:
Sovuq shiddatidan shuʼla kalxatday qanot qoqadi,
Qora qargʻalar toʻdasi soʻngan koʻmir parchalariday
Yerga tappa tappa tusha boshlaydi).
Dar ob mohi behis chu mex rafta ba xok,
Ba xok mor fitoda basoni basta tanob.
(Mazmuni:
baliq tuproqqa qoqilgan
mixni eslatadi, tuproq ustidagi ilon esa goʻyo
eshilgan arqondek harakatsiz yotadi).
Butun tabiat sovuqdan azobda. Koʻz oldimizda qahraton sovuqdan azob chekayotgan jonivorlar tasviri gavdalanadi: qargʻalar soʻngan koʻmir parchalariday yerga tappa tappa tusha boshlaydi, muz ostida jonsiz yotgan baliq tuproqqa qoqilgan mixni eslatadi, tuproq ustidagi ilon arqondek harakatsiz...
Navoiy qish sovugʻidan panoh topish uchun anordek teshigi va tuynugi yoʻq bir xona izlashni, undagi donalar choʻgʻ, suvi esa tanani istuvchi qizil sharobday boʻlishi zarurligini taʼkidlar ekan, bu holat zamona hukmdori Husayn Boyqaro majlisini yodga solishini aytadi va shu tariqa qasidaga Husayn Boyqaro tasviri kirib keladi. Qasidada Husayn Boyqaro tasviri qishga qarama-qarshi qoʻyiladi. Uning tasviri boshlanishi bilan jismoniy sovuq taʼsiri kamayadi.
“Fusuli arbaa” qasidalar majmuasida musiqa sanʼati bilan uygʻunlashuv holati ham koʻzga tashlanadi. Bu qasidalar majmuasi yuqorida aytganimizdek, aslida bir butunlik, yaxlitlik kasb etadi, soʻnggi qasida “Day”(“Qish”)da Foniy taxallusining qoʻllanilganligi ham bu fikrni isbotlaydi. Navoiy har bir fasl va undagi tasvir usullarini eʼtiborga olgan holda ularda turli vaznlarni qoʻllaydi. Xususan, yoz fasliga bagʻishlangan “Saraton” deb nomlangan qasida shunday boshlanadi:
Boz otashi xoʻr soxt samandar saratonro
Afroʻxt chu otashkada gulzori jahonro.
(Mazmuni:
Quyosh otashi saratonni yana samandarga aylantirdi,
Jahon gulzorini otashkada kabi lovillatdi).
Qasida hazaj bahrining eng oʻynoqi vazni hisoblangan hazaji musammani axrabi makfufi mahzuf vazni (ruknlari va taqtiʼi: mafʼulu mafoiylu mafoiylu fauvlun – – V V – – V V – – V V – –)da yozilgan. Bu vazn ruhiyat tasviri bayonidan koʻra koʻproq jismoniy: yengil va shaxdam harakat, shoʻxchan kayfiyat bayoniga mos keladi. Har ikki choʻziq boʻgʻindan keyin ikki qisqa boʻgʻinning yonma-yon kelishi ritmga oʻynoqilik bagʻishlaydi. Va shunga mos holda mazkur qasidada yozning insonga koʻproq jismoniy taʼsiri koʻrsatilganligini, har bir baytda saraton jaziramasi aynan inson aʼzoi badaniga (ruhiyatiga emas) taʼsir qilayotganligini kuzatish mumkin:
Bar xok agar poʻya zannad kas, natvon yoft,
Az poshna yoxud sarangusht nishonro...
(Mazmuni:
Bilqillagan tuproqqa shiddat bilan qadam bosgan kishi –
Boshmaldogʻu tovonidan nishon ham topolmaydi).
... Garmovu araq soxta chun mokisi hammom,
Az chini badan pir hama shaxsi javonro.
(Mazmuni:
Issiq va terlar hammom tomchilariga oʻxshaydi,
Ajindan barcha yosh badanlar keksaga aylandi).
Qasidada yozning butun tabiatga, undagi barcha jonzotlarga jismoniy taʼsir koʻrsatishi, ularning tez va shaxdam harakatlanishi bayonining shoʻxchan ritmik ohang bilan uygʻunlik kasb etganligini koʻramiz:
Xurshed pai shoʻʼbadabozy chu mushaʼbid,
Az shoʻravu az talqi tar orost doʻkonro...
(Mazmuni:
Quyosh nayrangboz kabi masxarabozlik payiga tushib,
Shoʻrxok yeru bilqillagan tuproq bilan doʻkonni (yer yuzini) bezadi.
Dar chashma, ki choʻshida baroyad zi zamin ob,
Chun choʻsh zi garmost bubinash charayonro.
(Mazmuni:
Yerdan suvi qaynab chiqayotgan chashma –
qaynashi issiqdan boʻlsa, uning oqishini koʻrib qoʻy).
Dar tofta regash bingar, chor sum inak,
Bishkoftavu soʻta ohui davonro.
(Mazmuni:
Qaynoq qumga qara, yuguruvchi ohuning
toʻrt tuyogʻini teshib, kuydirib yuborgan).
Yuqoridagi baytlarda nayrangboz deb taʼriflanayotgan quyoshning masxarabozlik koʻrsatishi, yerdan qaynab chiqayotgan chashmaning jazirama taʼsiridagi harakati, qaynoq qum ustida yugurayotgan ohuning holati shoʻxchan ritm bilan hamohanglik qilayotganini kuzatish mumkin.
A.Hojiahmedov mazkur vaznda yozilgan sheʼrlar Shashmaqomning “Ufor” shaxobchasi bilan bogʻliq kuylar hamda “Iroq” maqomi kuylariga mos tushishini aytadi. Abdurahmon Jomiyning “Risolai musiqy” asarida keltirilishicha, Iroq maqomi kuylari insonga behad farah (shodlik) keltiruvchi ohangga egadir.
Qasidada 27-baytdan Sulton Husayn Boyqaro taʼrifi boshlanadi va “yozning issigʻidan panoh izlovchi kishilar uchun Husayn Boyqaro tugʻi soyasi makondir” degan fikr ilgari suriladi:
Z-in garmii xurshed birast, on, ki, panah soxt,
Zilli sharafi royati Chamshedi zamonro.
(Mazmuni:
Quyoshning taftidan panoh izlovchi kishi,
(uni) zamona Jamshidi tugʻi soyasining sharofatidan topqusidir).
Majmuada “Xazon” (“Kuz”) fasli taʼrifi boshlanishi bilan undagi sheʼriy oʻlchov ham oʻzgaradi:
Digar shud bahri sanjidan barobar adli davronro,
Zi kofoʻri zi mushk roʻzu shab du palla mezonro
(Mazmuni:
Davron adolatini oʻlchash mezonlari oʻzgardi, tarozuning bir pallasida (kunduzning ramzi) kofur, ikkinchisida (kechaning timsoli) mushk tortiladigan boʻldi).
“Saraton”da qoʻllanilgan oʻynoqi vaznning oʻrnini endi salobatli va sokin ohangga ega boʻlgan hazaji musammani solim vazni (ruknlari va taqtiʼi: mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun V– – – V– – – V– – – V– – – ) egallaydi. Choʻziq boʻgʻinlar nisbatining qisqa boʻgʻinlardan 3 baravar koʻpligi ohangning vazmin chiqishini taʼminlaydi. Aynan shunga mos holda 33 baytdan iborat bu qasidada ruhiyat tasviri, taʼbir joiz boʻlsa, kuzga xos oʻychanlik, mahzunlik yetakchilik qiladi.
Ba bargi zaʼfarony obkash xatxoi shingarfy,
Nishoni xuni ashk aftad ruhi ushshoqi giryonro.
(Mazmuni:
Oʻziga suv tortgan zaʼfaron barglardagi qizil chiziqlar –
(hijronda) koʻzlaridan yoshu qon oqizgan giryon oshiqlarning
ruhini eslatadi).
“Xazon” qasidasi majmuadagi hajm jihatdan eng kichik qasida boʻlib, 33 baytdan iborat. Qasidada boshqa qasidalardan farqli ravishda Husayn Boyqaro siymosi tavsifini uchratmaymiz. Bunga ikki omilni sabab qilib keltirish mumkin. Birinchidan, Navoiy kuzga xos mahzunlikni Husayn Boyqaro siymosiga koʻchirishni xohlamaydi. Bunga “Bahor” qasidasida keltirilgan quyidagi bayt asos boʻla oladi:
Agar xohy bahori bexazon biny, varo bingar,
Bahoristoni xalqi xusravi Eronu Turonro...
(Mazmuni:
Agar bexazon bahorni koʻrishni istasang, uni koʻrgil –
Eronu Turon podshohi xalqining bahoristonini).
Ikkinchidan, yuqorida koʻringanidek, Husayn Boyqaro siymosi qasidalarda xalqni issiq va sovuqning jismoniy taʼsiridan himoya qiluvchi najotkor sifatida namoyon boʻladi. Bu oʻrinda esa bu himoyaga ehtiyoj yoʻq, chunki kuzda jismoniy taʼsir xususiyati kamroq.
Majmuaga “Bahor” kirib kelishi bilan unga xos yaratuvchanlik, yangilanish kayfiyati ham kirib keladi:
Vazad bodi bahor ihyoi amvoti gulistonro,
Zi anfosi Maseho toza sozad olami jonro.
(Mazmuni:
Bahor shamolining esishi, guliston gullariga yangidan hayot
bagʻishlaydi, goʻyo Masiho nafasidan jonlar olamini yangilaydi).
Qasidada bahorning yaratuvchanlik xususiyati endi bevosita zamon hukmdori Husayn Boyqaro taʼrifi keltirilgan oʻrinlarga koʻchadi:
Chu andar hikmati asrori xilqat fikr bigmorad,
Biyobad onchi, maxfy monda Aflotunu Yunonro…
(Mazmuni:
Yaratilish sirru asrori hikmati haqida fikrlaganda,
Yunon Aflotuni uchun ham maxfiy qolgan sirlarni topadi).
Navbatdagi baytda bahorda kuchli momaqaldiroqdan soʻng yomgʻir yogʻishi bilan bogʻliq holat Husayn Boyqaro tabiati tasviri bilan uygʻunlik kasb etganligini koʻramiz:
Turo bo on tavonoivu zarbi tegʻi olamgir,
Dihad roʻ olami digar, ki rezy ashki gʻaltonro.
(Mazmuni:
Shunchalar qudratingu olamni olishga qodir tigʻ zarbang bilan,
Ajib yumshoqliging ham borki, bunday paytlarda koʻz yosh toʻkasan)
Nihoyat majmua yil fasllarining oxiri boʻlgan “Day” (“Qish”) tasviri bilan yakun topadi. Navoiy taʼbiri bilan inson umrining poyoniga oʻxshatilgan bu fasl “kishining xam qad bila adam yoʻligʻa kirib, zamon ahli bilan xayirbod qilish”(“Xazoyinu-l-maoniy”dagi taʼbir) davri boʻlib, qasidada Foniy taxallusining qoʻllanilishi shunga ishoradir:
Ba boʻi vasl nihad roʻ ba dargahat, Fony,
Chunon ki ahli ibodat ba goʻshai mehrob.
(Mazmuni:
Vasling boʻyi umidida, Foniy dargohingga yuzini qoʻyadi,
bu ibodat ahlining mehrob goʻshasiga bosh qoʻyishidekdir).
Qish, undagi qor rangi adabiyotda poklik, musaffolikka qiyos qilinadi. Navoiy ijodida bu fasl donishmandlik ramzi sifatida ham keladi. Qasidada falsafiy mushohadakorlik bilan bogʻliq tuygʻularni berishga nihoyatda mos boʻlgan mujtass bahrining qoʻllanilganligi shoirning yuksak badiiy salohiyatini koʻrsatuvchi yana bir omildir. Mazkur bahr 4 ta ritmik variatsiyalar tizimidan iborat boʻlib, ularning bir sheʼriy asarda oʻzaro almashinib qoʻllanilishi ritmik xilma-xillikni, musiqiylikni taʼminlaydi. Qasida mujtassi musammani maxbuni maqsur (ruknlari va taqtiʼi: mafoilun failotun mafoilun failon V – V – V V – – V – V – V V ~ ) vazni istifodasi bilan boshlanadi:
Zi dargahi falak otash nuhuft dudi sahob,
Daro ba xirgahu otash furoʻz az mai nob.
(Mazmuni:
Falak chodiridan koʻrinayotgan otashni bulutlar pardasi toʻsdi,
chodirga kirginu tiniq, qizil maydon otashga zoʻr ber).
Shu tarzda qasidada qishning asta-sekin kirib kelishi tasvirlanar ekan, dastlabki uch baytda yuqoridagi vazn yetakchiliq qiladi. Toʻrtinchi baytdan boshlab tasvir oʻzgaradi: yer qor rangidan butunlay simobiy (oppoq) tusga kiradi va endi yuqoridagi vazn ikkinchi ritmik variatsiya: mujtassi musammani maxbuni maqtuʼi musabbagʻ (ruknlari va taqtiʼi: mafoilun failotun mafoilun faʼlon V – V – V V – – V – V – – ~) bilan almashadi:
Zi baski simfishon gasht abri simobi,
Zi simi barf zamin shud chu Qulzum simob.
(Mazmuni:
Simobiy bulutlar kumushrang zarrachalarni koʻp sochganidan,
Yer qorning kumush rangidan dengiz sathiday simobiy tusga kirdi).
Shu tariqa qasida baytlarda ushbu toʻrt ritmik variatsiyaning oʻzaro almashinib qoʻllanilishi tarzida davom etadi.
Yuqoridagi fikrlar asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
«Fusuli arbaa» qasidalar majmuasida fasllar oʻziga xos bir ruhda tasvirlangan boʻlib, Navoiy har bir faslda yangi, shu faslning xos jihatlaridan kelib chiqqan holda ifodaviy usullarni qoʻllaydi. Xususan, asarning “Yoz” qismidagi tasvirda jaziramani his qila boshlasak, “Qish” qasidasida “sovuq” soʻzi asosiy oʻq chiziqni tashkil qilib, qishning tabiatga jismoniy taʼsiri koʻrsatiladi.
“Bahor” qasidasi boshqa qasidalardan tasviriy qismlarning juda kamligi bilan ajralib turadi, chunki bahor manzaralari uygʻotgan emotsiya tasviriylikdan koʻra tavsifiy ifodani koʻproq talab etadi. Shu sabab, shoir bahoriy manzaralarni chizarkan, tasvir va tavsifni oʻzaro uygʻun holda keltiradi.
Qish va yoz tasvirida tabiat Husayn Boyqaroga qarama-qarshi qoʻyiladi, lekin shu bilan birga uning taʼrifi bilan bogʻliq oʻrinlarda fasl xususiyatlaridan foydalaniladi.
“Yoz”da ham, “Qish”da ham 27-baytdan Husayn Boyqaro tasviri boshlanadi va ularda “yoz va qishning azobidan xalos boʻlmoqchi boʻlsang, shohdan panoh ista” degan fikr ilgari suriladi.
“Xazon” qasidasida Husayn Boyqaro koʻrinmaydi, chunki birinchidan, Navoiy uni xazon fasli bilan bogʻliq holda tasvirlashni xohlamaydi, ikkinchidan bu oʻrinda unga najotkor sifatida ehtiyoj sezilmaydi.
Yuqoridagilardan maʼlum boʻlyaptiki, Navoiyning “Fusuli arbaa” qasidalar majmuasi badiiy adabiyot, rangtasvir va musiqa sanʼatlarining oʻzaro sintezlashuvi asosida yaratilgan sanʼat namunasi boʻlib, shoir tabiatni tasvirlash orqali asl maqsadiga erishadi: zamona sultoni Husayn Boyqaroni madh etadi. Navoiy har bir qasidada fasl ruhiyatidan kelib chiqqan holda Boyqaro siymosini turli tasvir va ritmik tovlanishlarda aks ettirar ekan, oʻquvchini anna shu ruhiyatga toʻla tushirib oladi va oʻz bagʻishlovining taʼsirini yanada oshiradi. “Fusuli arbaa”ning insonni lol qoldiradigan darajadagi yuksak sanʼat asari sifatida eʼtirof etilishiga ham biz yuqorida koʻrib oʻtgan uygʻunlik sababdir ehtimol.
Мумтоз санъат намуналарини кузатар эканмиз, ифодада тавсифнинг устуворлиги яққол кўзга ташланади. Яъни ижодкор ўз асарида борлиқни ташқи кўринишлари билан тасвирлаш ва реалистик тамойиллар асосидаги ифодага у қадар аҳамият бермаганлиги кўринади. Бу санъаткорнинг оламга объектив эмас, кўпроқ субъектив тасвир асосида ёндашуви маҳсулидир. Албатта, ўша давр эстетик идеалининг хос хусусиятлари санъаткордан шу каби ифодани “талаб қилган”. Чунки бу давр эстетик қарашларининг бирламчи ҳақиқати сифатида дунёнинг фоний эканлиги таъкидланиб, санъаткор учун чинакам, ягона гўзаллик олам ва одамнинг ботини ҳисобланган. Аммо бу мумтоз санъат намуналарида объективлаштирилган тасвир мавжуд бўлмаган дегани эмас. Боиси, ҳар бир даврнинг ўз эстетик идели бўлгани ҳолда, шу идеалга монанд эстетик нигоҳи ҳам бўлиши табиий. Ижодкор аҳли шу “нигоҳ”дан келиб чиққан ҳолда оламни кўради, тасвирлайди. Демак, санъаткор қайси даврда яшамасин, ўз асарида оламнинг муайян даражадаги объектив тасвирини акс эттиради. Инсон борлиқ ҳақидаги асосий ахборотни кўз воситасида қабул қиларкан, санъаткор доимо ўз ҳис-туйғуларини объективлаштиришга эҳтиёж сезаверади. Айтмоқчимизки, чинакам санъаткор объектив муносабат асосида таъсир ўтказиш тамойилларини ҳеч қачон унутмай, ўз туйғуларини бевосита эмас, балки кўпинча пейзаж манзаралари асосида ифода этишга уринади.
Алишер Навоий асарлари билан танишар эканмиз, шоир ижодида шу нигоҳга монанд объектив тасвирларнинг мавжудлигини кўрамиз. Унинг форсий тилда битилган “Фусули арбаа” қасидалар мажмуаси ана шундай асарлардан биридир. Мажмуа тўрт қисм (қасида)дан иборат бўлиб, йил фаслларининг гўзал манзараси тасвирига бағишланган. “Шоир ҳар бир фаслнинг ўзига хос манзараси, жозибаси ва ҳатто рутубатини ҳам юксак поэтик талант, самимий шавқ билан чизади. Нозик кузатувчанлик, чуқур мулоҳазакорлик, кучли поэтик ассоциация қудратига эга бўлган шоирнинг қуюқ эмоционал тасвири натижасида ҳар бир фаслнинг ёрқин реалистик картинаси ўқувчи кўз олдида жонли манзара сифатида бутун нозик деталлари билан намоён бўлади”.
Мажмуанинг биринчи қасидаси “Саратон”да табиатдаги жазирама манзараси шундай тасвирланади:
Гулрез, нигар, ҳар тараф аз хатти шуъоаш,
Оташбозй карда ҳама сирату сонро.
(Мазмуни: Қуёшнинг шуълали чизиқларидан ҳар томон сочилган анвойи “гуллар”ни қара – гўё ҳамма нарсани ўт билан ўйнаётгандек кўринади).
Шоир ўқувчига манзарани тавсифлаб бермайди, балки унинг нигоҳларини бевосита ўзи илгари кўрган манзара томон йўналтиради. Бунда шоир ўқувчига ўз ҳис-туйғулари воситасида эмас, балки табиатни бадиий тасвирлаш асосида таъсир ўтказишни мақсад қилади.
Шарқ мумтоз мусиқаси, миниатюраси ва бадиий адабиётининг ифодавий хусусиятларини кузатар эканмиз, бу санъатларнинг ўзаро муштарак алоқадорликда ривожланганини кўришимиз мумкин бўлади. Мумтоз мусиқани аруз вазнисиз, миниатюрани эса бадиий асарларсиз тасаввур этиб бўлмаган. Шу боис ҳам Шарқда бу санъатларнинг нафақат бадиий-ғоявий жиҳатдан, балки ифодавий хусусиятлари жиҳатидан ҳам кучли синтетик муносабатда бўлганлиги яққол сезилиб туради. Хусусан, нопластик образ яратиш лириканинг специфик хусусияти сифатида эътироф қилинади. Аммо бу ифодавийликдаги таъсир аҳамиятининг тўлақонли бўлиши учун етарли эмас. Шу сабаб ижодкор ўз асарида оламнинг объективлаштирилган тасвирини беришга уринади. Бу эса бадиий адабиётнинг бошқа санъат турлари, хусусан, тасвирий санъатнинг ифодавий имкониятлари билан бойитилишини таъминлайди. Лириканинг тасвирий санъат билан синтезга киришиши ундаги ифоданинг таъсир кучини янада оширади. Манзарани мусаввирлардай чизиб кўрсатиш, ўқувчига худди реал ҳаётда кўргандагидай туйғуларни бера олади. Яна Навоийга мурожаат қилсак:
Анжум қатароти қалай омада ҳар сў,
Дар тоси фалак тофта аз хур завбонро
(Мазмуни:
Юлдузлар ҳар томонда қалай томчилари каби кўринади – фалак гумбазида қуёшдан эриган нарсалар чўғланган каби).
Албатта, бу фототасвир эмас, ижодкор қалбида қайта ишланган, у кўрган тасвир. Шу боис ўқувчи ҳам энди табиатга шоирнинг кўзлари билан қарайди. У кўраётган манзара реал оламга монанд, аммо аслиятидан кўра гўзал ва мафтункор.
Шу ўринда рангтасвирнинг мумтоз намунаси бўлмиш миниатюра санъатига хос ифодавий хусусиятлар ёдга тушади. Миниатюра санъати ҳам ўта шартлилик асосига қурилади. Худди мумтоз шоирлар каби миниатюрачи рассомлар ҳам объектнинг реал кўринишига мос тасвирни изламаганлар. Уларнинг асарларида ўта деталлаштирилган, перспектива ва реалликнинг ўзига хос тамойилларига мутаносиб келувчи тасвир кузатилмайди. Санъатга тасаввуф фалсафасининг кучли таъсири мусаввирдан тимсолларга бой, нореал сурат чизишни “талаб” этса-да, ХV-ХVI асрларга келиб, китоб графикаси намуналарида матндан бирмунча узилган, мусаввирнинг ўз ижодий муносабати ҳам акс этган миниатюралар кўпая борди. Айниқса, Навоий билан бир даврда ижод қилган Камолиддин Беҳзод асарларида реалистик ифоданинг анча жонлангани сезилади. Мусаввир тамошабинга мураккаб тимсоллар мажмуаси ва рангларнинг ўта нафис жилодорлиги билангина эмас, балки, тасвирдаги реалистик ифода билан ҳам таъсир ўтказишни мақсад қилади. Умуман, бу каби жиҳатлари билан икки буюк даҳонинг ижоди ўзаро муштараклик касб этади.
“Фусули арбаа” қасидалар мажмуасидаги манзара ифодасида шоир фақат тасвирийликдан фойдаланган дея олмаймиз. Хусусан, мажмуанинг кейинги қасидаси бўлган “Хазон” (“Куз”)да тавсифийлик устувор бўлган байтларнинг салмоғи бирмунча кўпроқ эканлигини кузатиш мумкин:
Ба шўхони шажар бингар, ки аз бемории муфрит,
Аён гарданд ҳар сў заъфарони ранги бўстонро.
(Мазмуни:
Дарахт шўхлари (шохлари)га қара, ҳаддан зиёд хасталикдан, қайси тарафга қарама, ҳамма ёқдан дарахтзорнинг заъфарон (сариқ) ранги кўзга ташланади).
Бу манзара ифодасида детализация асосидаги тасвирни кузатмаймиз. Шоир табиатни тасвирламайди, балки таърифлаб беради. Бу лириканинг асл хусусиятларига хос жиҳат. Аммо қуйидаги бандда шоирнинг табиатни чин мусаввирона ифода этишга бўлган ҳаракатини, лириканинг рангтасвир санъати имкониятлари билан бойитилганини ва бу икки санъатнинг ўзаро синтезини кўришимиз мумкин бўлади:
Ба жўи об чун гул хўрад он зардй бубин ё худ,
Фалак дар об афкандаст акси барги ағсонро.
(Мазмуни:
Ариқ сувини кўргил, гул ютганидан сариқлиги кучаяди,
ё фалак хазон бўлган шохлар баргининг аксини солганми?)
Навоий ушбу мисраларда шеъриятдаги тажоҳули ориф (билиб билмасликка олиш) санъатини қўлламоқда. Шоир аслида сариқ либосга бурканган дов-дархтларнинг сувга ранг берганлигини, унда дарахт кўриниши аксланганини яхши билади. Шунинг баробарида ўқувчига “картина”ни бир вақтнинг ўзида бир неча хил “кўриш” имкониятини беради: Мусаффо осмон. Кичик бир кўл. Ундаги сув тип-тиниқ. Сувнинг туби ва юзасидаги сариқ хазон (“гул”) яққол кўриниб турибди. Атрофдаги дарахтлар сап-сариқ тусга кирган. Гўё еру осмон сариқ либосда…
Мажмуадаги “Баҳор” қасидаси баҳорга хос табиат манзараларининг мафтункор тасвири билан ажралиб туради:
Даҳони ғунчаро дандону тожи лоларо зевар,
Чу меёбад аз-он дурпош созанд абри найсонро.
(Мазмуни:
Ғунчанинг оғзи тиш билан, лола эса тож билан гўзал,
улар бунга эришгач, баҳор булутлардан дур ёғдиради).
Кўз олдингизда баҳорга хос асосий унсурлар: ғунча, лола, булут, ёмғир ўзига хос қиёфада гавдаланади. Ва еру осмонни қамраб олувчи бу унсурлар воситасида сиз бутун баҳорий манзарани кўришингиз мумкин бўлади.
Мажмуанинг бутун тароватини кўрсатиб берувчи “Қиш” қасидаси бошқаларидан тасвирий қисмларнинг кўплиги ва янада ҳайратланарлилиги билан ажралиб туради:
Намуна баҳри мушаммаъ намуд қавси қузаҳ,
Пайи лифофаи хиргоҳи осмон зи саҳоб.
(Мазмуни:
Фалакда кўринган камалак ҳар қандай соябонга
ўрнак бўлади, осмон чодири эса булутлардан ўзга
ёпинчиқ ясаш пайига тушади.
Ёки:
Агар на абр лифоф аст баҳри хиргаҳи чарх,
Зи тори қатра чаро ҳар тараф кашид таноб?
(Мазмуни:
Агар чарх чодири булутлардан ёпинчиқ – жилдини олмаганда эди, нега қатралар торидан (томчилардан) ҳар тарафга иплар тортади?)
Шоир кўраётган реал манзара унга ниманидир эслатган. У тасаввурларига эрк бераркан, камалакни соябонга, осмонни чодирга ўхшатади. Ва ўз таассуротлари асосидаги манзарани чизади. Табиат манзаралари берган таассуротнинг ўзини келтириш тасвирнинг таъсир кучини янада ошириб юборади. Аслида манзаранинг реал кўринишини бера олиш ҳам бир маҳорат. Аммо кўрсатишнинг ўзи ҳали завқ бериш дегани эмас-ку! (Шу боисдан ҳам шоир изланади, мусаввир ижод этади). Бу каби тасвир ўқувчига ўзи илгари кўрган, аммо гўзаллигини ҳис қила билмаган манзарадан қайта баҳра олиш имкониятини беради:
Ба сўйи мағриб н-орад шудан зи машриқ меҳр,
Агар наяфканад аз абр пул ба рўи халоб.
(Мазмуни:
Қуёшнинг шарқдан ғарбга мўътадил ҳаракати, булутдан ботқоқлик юзига (нурдан) кўприк солинмагунча кўзга ташланади).
Қуюқ булутли осмон. Булутларни ёриб ўтган қуёш нури ботқоқликка тушган. Ботқоқликдаги кичик кўлмак сувлари юзасида ястаниб ётган қуёш нурлари қайиқчалардек жилоланади. Бу худди уфқда ботаётган қуёшнинг уммонда узун йўлак ҳосил қилишига ўхшаб кетади… Ўқувчи шеърни ўқиркан, аввало реал манзарани кўз олдига келтиради. Сўнг у онгидаги реал кўринишни ижодкорнинг таассуротлари билан қориштириб юборади, ўз-ўзидан реал кўринишдан озроқ фарқланувчи, кўпроқ таъсирлантирувчи манзарани кўра бошлайди.
Шу тариқа “Қиш” қасидасида борлиқ тасвиридан аста-секин жониворларнинг жисмоний совуқ таъсиридаги ҳолати тасвирига ўтилади:
Чу бум шўъла шавад парзанон, зи шиддати бард,
Зуголвор дар-ў уфтанд хайли ғуроб.
(Мазмуни:
Совуқ шиддатидан шуъла калхатдай қанот қоқади,
Қора қарғалар тўдаси сўнган кўмир парчаларидай
Ерга таппа таппа туша бошлайди).
Дар об моҳи беҳис чу мех рафта ба хок,
Ба хок мор фитода басони баста таноб.
(Мазмуни:
балиқ тупроққа қоқилган
михни эслатади, тупроқ устидаги илон эса гўё
эшилган арқондек ҳаракатсиз ётади).
Бутун табиат совуқдан азобда. Кўз олдимизда қаҳратон совуқдан азоб чекаётган жониворлар тасвири гавдаланади: қарғалар сўнган кўмир парчаларидай ерга таппа таппа туша бошлайди, муз остида жонсиз ётган балиқ тупроққа қоқилган михни эслатади, тупроқ устидаги илон арқондек ҳаракатсиз...
Навоий қиш совуғидан паноҳ топиш учун анордек тешиги ва туйнуги йўқ бир хона излашни, ундаги доналар чўғ, суви эса танани истувчи қизил шаробдай бўлиши зарурлигини таъкидлар экан, бу ҳолат замона ҳукмдори Ҳусайн Бойқаро мажлисини ёдга солишини айтади ва шу тариқа қасидага Ҳусайн Бойқаро тасвири кириб келади. Қасидада Ҳусайн Бойқаро тасвири қишга қарама-қарши қўйилади. Унинг тасвири бошланиши билан жисмоний совуқ таъсири камаяди.
“Фусули арбаа” қасидалар мажмуасида мусиқа санъати билан уйғунлашув ҳолати ҳам кўзга ташланади. Бу қасидалар мажмуаси юқорида айтганимиздек, аслида бир бутунлик, яхлитлик касб этади, сўнгги қасида “Дай”(“Қиш”)да Фоний тахаллусининг қўлланилганлиги ҳам бу фикрни исботлайди. Навоий ҳар бир фасл ва ундаги тасвир усулларини эътиборга олган ҳолда уларда турли вазнларни қўллайди. Хусусан, ёз фаслига бағишланган “Саратон” деб номланган қасида шундай бошланади:
Боз оташи хўр сохт самандар саратонро
Афрўхт чу оташкада гулзори жаҳонро.
(Мазмуни:
Қуёш оташи саратонни яна самандарга айлантирди,
Жаҳон гулзорини оташкада каби ловиллатди).
Қасида ҳазаж баҳрининг энг ўйноқи вазни ҳисобланган ҳазажи мусаммани ахраби макфуфи маҳзуф вазни (рукнлари ва тақтиъи: мафъулу мафоийлу мафоийлу фаувлун – – V V – – V V – – V V – –)да ёзилган. Бу вазн руҳият тасвири баёнидан кўра кўпроқ жисмоний: енгил ва шахдам ҳаракат, шўхчан кайфият баёнига мос келади. Ҳар икки чўзиқ бўғиндан кейин икки қисқа бўғиннинг ёнма-ён келиши ритмга ўйноқилик бағишлайди. Ва шунга мос ҳолда мазкур қасидада ёзнинг инсонга кўпроқ жисмоний таъсири кўрсатилганлигини, ҳар бир байтда саратон жазирамаси айнан инсон аъзои баданига (руҳиятига эмас) таъсир қилаётганлигини кузатиш мумкин:
Бар хок агар пўя заннад кас, натвон ёфт,
Аз пошна ёхуд сарангушт нишонро...
(Мазмуни:
Билқиллаган тупроққа шиддат билан қадам босган киши –
Бошмалдоғу товонидан нишон ҳам тополмайди).
... Гармову арақ сохта чун мокиси ҳаммом,
Аз чини бадан пир ҳама шахси жавонро.
(Мазмуни:
Иссиқ ва терлар ҳаммом томчиларига ўхшайди,
Ажиндан барча ёш баданлар кексага айланди).
Қасидада ёзнинг бутун табиатга, ундаги барча жонзотларга жисмоний таъсир кўрсатиши, уларнинг тез ва шахдам ҳаракатланиши баёнининг шўхчан ритмик оҳанг билан уйғунлик касб этганлигини кўрамиз:
Хуршед паи шўъбадабозй чу мушаъбид,
Аз шўраву аз талқи тар орост дўконро...
(Мазмуни:
Қуёш найрангбоз каби масхарабозлик пайига тушиб,
Шўрхок еру билқиллаган тупроқ билан дўконни (ер юзини) безади.
Дар чашма, ки чўшида барояд зи замин об,
Чун чўш зи гармост бубинаш чараёнро.
(Мазмуни:
Ердан суви қайнаб чиқаётган чашма –
қайнаши иссиқдан бўлса, унинг оқишини кўриб қўй).
Дар тофта регаш бингар, чор сум инак,
Бишкофтаву сўта оҳуи давонро.
(Мазмуни:
Қайноқ қумга қара, югурувчи оҳунинг
тўрт туёғини тешиб, куйдириб юборган).
Юқоридаги байтларда найрангбоз деб таърифланаётган қуёшнинг масхарабозлик кўрсатиши, ердан қайнаб чиқаётган чашманинг жазирама таъсиридаги ҳаракати, қайноқ қум устида югураётган оҳунинг ҳолати шўхчан ритм билан ҳамоҳанглик қилаётганини кузатиш мумкин.
А.Ҳожиаҳмедов мазкур вазнда ёзилган шеърлар Шашмақомнинг “Уфор” шахобчаси билан боғлиқ куйлар ҳамда “Ироқ” мақоми куйларига мос тушишини айтади. Абдураҳмон Жомийнинг “Рисолаи мусиқй” асарида келтирилишича, Ироқ мақоми куйлари инсонга беҳад фараҳ (шодлик) келтирувчи оҳангга эгадир.
Қасидада 27-байтдан Султон Ҳусайн Бойқаро таърифи бошланади ва “ёзнинг иссиғидан паноҳ изловчи кишилар учун Ҳусайн Бойқаро туғи сояси макондир” деган фикр илгари сурилади:
З-ин гармии хуршед бираст, он, ки, панаҳ сохт,
Зилли шарафи рояти Чамшеди замонро.
(Мазмуни:
Қуёшнинг тафтидан паноҳ изловчи киши,
(уни) замона Жамшиди туғи соясининг шарофатидан топқусидир).
Мажмуада “Хазон” (“Куз”) фасли таърифи бошланиши билан ундаги шеърий ўлчов ҳам ўзгаради:
Дигар шуд баҳри санжидан баробар адли давронро,
Зи кофўри зи мушк рўзу шаб ду палла мезонро
(Мазмуни:
Даврон адолатини ўлчаш мезонлари ўзгарди, тарозунинг бир палласида (кундузнинг рамзи) кофур, иккинчисида (кечанинг тимсоли) мушк тортиладиган бўлди).
“Саратон”да қўлланилган ўйноқи вазннинг ўрнини энди салобатли ва сокин оҳангга эга бўлган ҳазажи мусаммани солим вазни (рукнлари ва тақтиъи: мафоийлун мафоийлун мафоийлун мафоийлун V– – – V– – – V– – – V– – – ) эгаллайди. Чўзиқ бўғинлар нисбатининг қисқа бўғинлардан 3 баравар кўплиги оҳангнинг вазмин чиқишини таъминлайди. Айнан шунга мос ҳолда 33 байтдан иборат бу қасидада руҳият тасвири, таъбир жоиз бўлса, кузга хос ўйчанлик, маҳзунлик етакчилик қилади.
Ба барги заъфаронй обкаш хатхои шингарфй,
Нишони хуни ашк афтад руҳи ушшоқи гирёнро.
(Мазмуни:
Ўзига сув тортган заъфарон барглардаги қизил чизиқлар –
(ҳижронда) кўзларидан ёшу қон оқизган гирён ошиқларнинг
руҳини эслатади).
“Хазон” қасидаси мажмуадаги ҳажм жиҳатдан энг кичик қасида бўлиб, 33 байтдан иборат. Қасидада бошқа қасидалардан фарқли равишда Ҳусайн Бойқаро сиймоси тавсифини учратмаймиз. Бунга икки омилни сабаб қилиб келтириш мумкин. Биринчидан, Навоий кузга хос маҳзунликни Ҳусайн Бойқаро сиймосига кўчиришни хоҳламайди. Бунга “Баҳор” қасидасида келтирилган қуйидаги байт асос бўла олади:
Агар хоҳй баҳори бехазон бинй, варо бингар,
Баҳористони халқи хусрави Эрону Туронро...
(Мазмуни:
Агар бехазон баҳорни кўришни истасанг, уни кўргил –
Эрону Турон подшоҳи халқининг баҳористонини).
Иккинчидан, юқорида кўринганидек, Ҳусайн Бойқаро сиймоси қасидаларда халқни иссиқ ва совуқнинг жисмоний таъсиридан ҳимоя қилувчи нажоткор сифатида намоён бўлади. Бу ўринда эса бу ҳимояга эҳтиёж йўқ, чунки кузда жисмоний таъсир хусусияти камроқ.
Мажмуага “Баҳор” кириб келиши билан унга хос яратувчанлик, янгиланиш кайфияти ҳам кириб келади:
Вазад боди баҳор иҳъёи амвоти гулистонро,
Зи анфоси Масеҳо тоза созад олами жонро.
(Мазмуни:
Баҳор шамолининг эсиши, гулистон гулларига янгидан ҳаёт
бағишлайди, гўё Масиҳо нафасидан жонлар оламини янгилайди).
Қасидада баҳорнинг яратувчанлик хусусияти энди бевосита замон ҳукмдори Ҳусайн Бойқаро таърифи келтирилган ўринларга кўчади:
Чу андар ҳикмати асрори хилқат фикр бигморад,
Биёбад ончи, махфй монда Афлотуну Юнонро…
(Мазмуни:
Яратилиш сирру асрори ҳикмати ҳақида фикрлаганда,
Юнон Афлотуни учун ҳам махфий қолган сирларни топади).
Навбатдаги байтда баҳорда кучли момақалдироқдан сўнг ёмғир ёғиши билан боғлиқ ҳолат Ҳусайн Бойқаро табиати тасвири билан уйғунлик касб этганлигини кўрамиз:
Туро бо он тавоноиву зарби теғи оламгир,
Диҳад рў олами дигар, ки резй ашки ғалтонро.
(Мазмуни:
Шунчалар қудратингу оламни олишга қодир тиғ зарбанг билан,
Ажиб юмшоқлигинг ҳам борки, бундай пайтларда кўз ёш тўкасан)
Ниҳоят мажмуа йил фаслларининг охири бўлган “Дай” (“Қиш”) тасвири билан якун топади. Навоий таъбири билан инсон умрининг поёнига ўхшатилган бу фасл “кишининг хам қад била адам йўлиға кириб, замон аҳли билан хайирбод қилиш”(“Хазойину-л-маоний”даги таъбир) даври бўлиб, қасидада Фоний тахаллусининг қўлланилиши шунга ишорадир:
Ба бўи васл ниҳад рў ба даргаҳат, Фонй,
Чунон ки аҳли ибодат ба гўшаи меҳроб.
(Мазмуни:
Васлинг бўйи умидида, Фоний даргоҳингга юзини қўяди,
бу ибодат аҳлининг меҳроб гўшасига бош қўйишидекдир).
Қиш, ундаги қор ранги адабиётда поклик, мусаффоликка қиёс қилинади. Навоий ижодида бу фасл донишмандлик рамзи сифатида ҳам келади. Қасидада фалсафий мушоҳадакорлик билан боғлиқ туйғуларни беришга ниҳоятда мос бўлган мужтасс баҳрининг қўлланилганлиги шоирнинг юксак бадиий салоҳиятини кўрсатувчи яна бир омилдир. Мазкур баҳр 4 та ритмик вариациялар тизимидан иборат бўлиб, уларнинг бир шеърий асарда ўзаро алмашиниб қўлланилиши ритмик хилма-хилликни, мусиқийликни таъминлайди. Қасида мужтасси мусаммани махбуни мақсур (рукнлари ва тақтиъи: мафоилун фаилотун мафоилун фаилон V – V – V V – – V – V – V V ~ ) вазни истифодаси билан бошланади:
Зи даргаҳи фалак оташ нуҳуфт дуди саҳоб,
Даро ба хиргаҳу оташ фурўз аз маи ноб.
(Мазмуни:
Фалак чодиридан кўринаётган оташни булутлар пардаси тўсди,
чодирга киргину тиниқ, қизил майдон оташга зўр бер).
Шу тарзда қасидада қишнинг аста-секин кириб келиши тасвирланар экан, дастлабки уч байтда юқоридаги вазн етакчилиқ қилади. Тўртинчи байтдан бошлаб тасвир ўзгаради: ер қор рангидан бутунлай симобий (оппоқ) тусга киради ва энди юқоридаги вазн иккинчи ритмик вариация: мужтасси мусаммани махбуни мақтуъи мусаббағ (рукнлари ва тақтиъи: мафоилун фаилотун мафоилун фаълон V – V – V V – – V – V – – ~) билан алмашади:
Зи баски симфишон гашт абри симоби,
Зи сими барф замин шуд чу Қулзум симоб.
(Мазмуни:
Симобий булутлар кумушранг заррачаларни кўп сочганидан,
Ер қорнинг кумуш рангидан денгиз сатҳидай симобий тусга кирди).
Шу тариқа қасида байтларда ушбу тўрт ритмик вариациянинг ўзаро алмашиниб қўлланилиши тарзида давом этади.
Юқоридаги фикрлар асосида қуйидаги хулосаларга келиш мумкин:
«Фусули арбаа» қасидалар мажмуасида фасллар ўзига хос бир руҳда тасвирланган бўлиб, Навоий ҳар бир фаслда янги, шу фаслнинг хос жиҳатларидан келиб чиққан ҳолда ифодавий усулларни қўллайди. Хусусан, асарнинг “Ёз” қисмидаги тасвирда жазирамани ҳис қила бошласак, “Қиш” қасидасида “совуқ” сўзи асосий ўқ чизиқни ташкил қилиб, қишнинг табиатга жисмоний таъсири кўрсатилади.
“Баҳор” қасидаси бошқа қасидалардан тасвирий қисмларнинг жуда камлиги билан ажралиб туради, чунки баҳор манзаралари уйғотган эмоция тасвирийликдан кўра тавсифий ифодани кўпроқ талаб этади. Шу сабаб, шоир баҳорий манзараларни чизаркан, тасвир ва тавсифни ўзаро уйғун ҳолда келтиради.
Қиш ва ёз тасвирида табиат Ҳусайн Бойқарога қарама-қарши қўйилади, лекин шу билан бирга унинг таърифи билан боғлиқ ўринларда фасл хусусиятларидан фойдаланилади.
“Ёз”да ҳам, “Қиш”да ҳам 27-байтдан Ҳусайн Бойқаро тасвири бошланади ва уларда “ёз ва қишнинг азобидан халос бўлмоқчи бўлсанг, шоҳдан паноҳ иста” деган фикр илгари сурилади.
“Хазон” қасидасида Ҳусайн Бойқаро кўринмайди, чунки биринчидан, Навоий уни хазон фасли билан боғлиқ ҳолда тасвирлашни хоҳламайди, иккинчидан бу ўринда унга нажоткор сифатида эҳтиёж сезилмайди.
Юқоридагилардан маълум бўляптики, Навоийнинг “Фусули арбаа” қасидалар мажмуаси бадиий адабиёт, рангтасвир ва мусиқа санъатларининг ўзаро синтезлашуви асосида яратилган санъат намунаси бўлиб, шоир табиатни тасвирлаш орқали асл мақсадига эришади: замона султони Ҳусайн Бойқарони мадҳ этади. Навоий ҳар бир қасидада фасл руҳиятидан келиб чиққан ҳолда Бойқаро сиймосини турли тасвир ва ритмик товланишларда акс эттирар экан, ўқувчини анна шу руҳиятга тўла тушириб олади ва ўз бағишловининг таъсирини янада оширади. “Фусули арбаа”нинг инсонни лол қолдирадиган даражадаги юксак санъат асари сифатида эътироф этилишига ҳам биз юқорида кўриб ўтган уйғунлик сабабдир эҳтимол.
Saʼdullo Quronov