“Fantastika” atamasi yunoncha “phatastika” soʻzidan olingan boʻlib, “taxayyoʻl sanʼati” demakdir. Haqiqatda mavjud boʻlmagan, taxayyoʻl kuchi bilan tasavvurdagina yaratilgan narsa-hodisalar tasviri, shunga asoslanuvchi adabiy asarlar majmuasidir. Fantastika faqat xayolot mahsuli emas, uning zamirida mavjud voqelikning izlari sezilib turadi. Zero, xayol shu mavjudlikdan kuch olgan holda parvoz qiladi. Inson tabiat sir-sinoatlarini chuqur anglab borishi barobarida fantastikani shartli obyektlilik, badiiy vosita sifatida tushunish barqarorlashib boradi.
Yangi oʻzbek adabiyotida fantastika unsurlaridan samarali foydalanish A.Fitratning «Qiyomat», «Abdulfayzxon», A.Qahhorning «Qabrdan tovush», X.Doʻstmuhammadning «Jajman» asarlarida kuzatiladi. Shuningdek, XX asrda oʻzbek sarguzasht-fantastik adabiyotini rivojlantirishda X.Toʻxtaboyev, T.Malik kabi adiblarning xizmati katta boʻldi. Oʻzbek ilmiy-badiiy fantastikasining asoschilaridan biri marhum adib Hojiakbar Shayxov edi. Adibning izlanishlarini davom ettirayotgan yosh fantast oʻzbek adibi Saʼdulla Quronovning imliy fantastika janridagi asarlari tahsinga loyiqdir.
Adibning ilmiy-fantastik asarida voqealar rivoji oʻziga xos tartibda kechadi. Uning asari syujeti oʻziga xosligi bilan boshqa fantast yozuvchilarning ijod namunalaridan keskin farq qiladi. Saʼdulla Quronovning asarida qoʻyilgan bosh masalalar va ilgari surilgan gʻoyalar adibning badiiy-xayoliy olami, dunyoqarashini oʻrganishda muhim boʻlsa, ikkinchidan, uning ijodi hozirgi adabiy jarayonda yozuvchining xayoliy tafakkuri, kelgusida fanlardagi kashfiyotlarning amalga oshishida qimmatli ahamiyatga molikdir.
Saʼdulla Quronov – dinamik syujet ustasi. Hikoya qilish davomida kutilmagan burilishi va evrilishlar, dadil bashoratlar, keskin konfliktli vaziyatlar – adib ijodiga xos jihatlardir. Saʼdulla Quronov kitobxonlar umidini oqlash uchun ter toʻkib mehnat qilayotgan ijodkorlardan biri.
Fantast adibning “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasi muallifning ilmiy darajasini, tasavvur doirasining nihoyatda kengligini, fantastik asarlar yozishda iqtidori, imkoniyati katta ekanligini koʻrsatadi. Saʼdulla Quronovning yana bir yutugʻi shundaki, ilmiy-fantastika janrida yozilgan ushbu qissasida u faqat ilmiy gipotezalar atrofida oʻralashib qolmay, balki har bir qahramoning tashqi va ularning ruhiy olamini mahorat bilan ochib bera olgan, deb oʻylayman. Bosh qahramon Ahmadni olsak, sergʻayrat bu bolakay barcha xavf-xatarga tik boquvchi, mushkul vaziyatda ikkilanmasdan oqilona qarorlar qabul qilib, oʻz bilimi bilan barchaning hurmatiga sazovor boʻladi. Bu kabi bilagʻon va tashabbuskor boʻlish uchun kishidan koʻp ilm talab etadi. Bugungi yoshlarimiz aynan shu kabi asarlarni mutolaa qilishi maqsadga mavofiq. Chunki asarni matolaa qilgan hozirgi yoshlarning bilim olishga boʻlgan ishtiyoqi yanada oshishi aniq.
Asarda fantast yozuvchi “Galaktikada bir kun” asarida samoviy jismlar va yondosh olamlarni taʼriflashda, hozirgi zamon ilmining soʻnggi yutuqlaridan hamda bir necha ilmiy gipotezalardan unumli foydalanib, uni oʻquvchiga hayotda chindanam mavjud, real narsaday tavsiflab bera olgan hamda katta ijodiy yutuqga erishgan. Umuman, ilmiy-fantastik adabiyotda eng qiyin nuqtalardan biri ilmiy tahlil bilan ruhiy tahlilning oʻzaro dialektik birlikda tasvir qilinishi masalasidir.
Saʼdulla Quronovning “Galaktikada bir kun” deb nomlangan ilmiy-fantastik qissasida ana shu uygʻunlik yaqqol koʻzga tashlanib turadi. Asarda yozuvchining nekbinligi qahramonlari – teran mushohadali, ziyrak bilimli va boshqalardan yordamini ayashmaydigan, ular eng ogʻir vaziyatlarda ham insoniyat oldidagi, oʻz uygʻoq vijdoni oldidagi burchidan kelib chiqib ish koʻrishadi.
Bunda ilmiylikka ruju qoʻyilmasdan, asosiy maqsad oʻsha samoviy xaritaning muhimligini isbotlashga hamda oʻzga sayyoraliklarning zamonaviy texnikalarini koʻrsatishga va yerliklarning fazoviy bilimlari asosida yaratilayotgan texnik yutuqlarini yoritishga qaratilgan. Ilmiy fantastikada bunday hollarda ilmiylik va texnikaviylikning ajoyib va kishini hayratga soluvchi taʼrif-tavsifiga berilib, adabiyotning asosiy tahlil obyekti – inson va uning ruhiy dunyosi unutilib qoʻyilmasligi lozim, albatta. Biroq, ayni paytda biz ilmiylikdan uzoqlashib, faqat badiiylik bilan oʻz ilmsizligimizni xaspoʻshlashmiz yaramaydi. Bu holatni inobatga olgan fantast adib ikkila vaziyatni ham bir tarozida asarda davomida teng ushlab turishga erishgan.
Odamzodning ulkan ixtirolari boʻlmish samoliyotlar, mashinalar va kimyoviy laboratoriya zavod-fabrikalaridan yiliga tonnalab chiqayotgan zaharli moddalar atmosferamizga, qolaversa, biz nafas olayotgan havoga, muhitimizga oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmayapti, albatta. Ahmad baʼzi sayyoralarning butkul yoʻq boʻlishiga sabab aynan oʻsha chiqindilar ekani koʻradi va odamzot ulkan xavf-xatar oldida turganini his qiladi. Balki buni siz fantast adibimizning xayoloti mahsuli deya hisoblashingiz mumkin. Biroq, hozirgi kunimizda ham dunyoning yirik shaharlari hisoblanmish London, Tokio, Gamburg, Iokogama, Nyu-York va Rotterdam hududlarida kimyoviy zavod-fabrikalarning chiqindilari, mashina-samolyotlarning zaharli tutunlari aralashuvidan oʻta murakkab reaksiyalar natijasida quyuq tumanlar tushayotgani, qolaversa, zaharli bugʻlardan hosil boʻlgan qora bulutlardan yogʻilayotgan zararli yomgʻirlar yogʻishi oqibatida tirik jonzotlar, xususan, bu holatdan insoniyatning oʻzi ham aziyat chekayotgani sir emas. Atrof muhitning ifloslanishida bevosita sabab boʻlayotgan omillarga inson xoʻjaligi faoliyati ham kiradi.
Asarda global muammolar haqida toʻxtalar ekan, fantast adib ayniqsa sayyoraviy geoyekologik muammoga urgʻu berib, uning salbiy oqibatlari haqida maʼlumotlar ham keltirib oʻtadi. Darhaqiqat, bugungi kunda insoniyat tomonidan tabiatga chiqarilayotgan tonnalab chiqqindilar atmosferada, bir qismi esa okeanlarda toʻplanmoqda, muammoni bartaraf etish yoʻllarni izlab topish bugun insoniyat tomonidan yechimini kutayotgan bosh masalalardan biridir. Atmosferaga toʻxtovsiz chiqarilayotgan yiligi taxminan 22 mlrd. tonnadan ortiq Karbonot angidrid gazi sabab, yer sayyorasining harorati yildan-yilga oshib borayotgani fan mutaxassislari tomonidan qayd etilmoqda. Oqibatda, keskin harorat oshishi natijasida qutbiy kengliklardagi muzlar erib, okeanlarning suv sathi koʻtarilib, koʻplab yer maydonlariga ziyon yetkazilishi mumkin. Bu kabi chiqindilar sonining keskin ortishi natijasida yer shari va atmosfera orasidagi muvozanatga putur yetkazmoqda.
Uning ilmiy fantastik qissasida hozirgi fantastik adabiyotning hamma zarur belgilari mavjud boʻlib, yozuvchi toʻgʻridan-toʻgʻri inson vijdoniga murojaat etadi. Insoniyat oldida turgan muammolarni oʻrtaga tashlab, uni hal qilishda yer yuzidagi barcha odamlarni birdamlikga chorlaydi. Fantast adibning asarida mexnatsevarlik, vatanparvarlik, bir soʻz bilan aytganda ezgulikni targʻib qiladi. Aynan shuning uchun ham Saʼdulla Quronovning asari kitobxonlar qalbini zabt etishi muqarrardir.
Asarning tarbiyaviy qismi ham tahsinga sazovordir. Xususan, asardagi bosh qahramon 12 yoshli Ahmadning yoshiga nisbatan oʻzgacha iqtidori va isteʼdodi va topqirligi oʻzi kabi tengdoshlariga aniq fanlarni oʻzlashtirishda oʻzgacha motivatsiya berishi shubhasizdir. Asar bilan tanishgan kitobxonning bir necha fanlar yuzasidan bilimi boyishi, eng muhimi tabiatda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga befarq qaramay, global muammolarni bartaraf etishda oʻzining hissasini qoʻshishga harakat qilishi mumkin. Ahmad oʻzga sayyoralik doʻsti Salmirlik Margol Vu Dagudoga uni sayyorasini qutqarish uchun hech ikkilanmasdan, biroz hadik bilan koʻmak berishga shoshadi va boshidan koʻplab gʻayrioddiy sarguzashtlarni kechiradi. U sayohatlari davomida bizning olam bilan tutash olamlarga ham boradi va turli-tuman oʻzga sayyoraliklar bilan tasodifan koʻrishadi. Robot Mokini ham oʻziga doʻst tutgan bolakay, unga texnika sifatida emas, balki bir insondek mehr qoʻyishidan, uning qalbi naqadar sof ekanini koʻrishimiz mumkin.
Oʻnginamizda bizning olam bilan tutashgan olamlar koʻz bilan koʻra olmay, qalb koʻzi bilan koʻra olishi mumkin boʻlgan, olamlar haqidagi tasavvurlar bilan aynan shu asarda tanishishimiz mumkin. Garchi bu olamlar mavjud boʻlsa-da, unga baʼzan shubha koʻzi bilan qaraymiz. Adib asarda voqealar silsilasi orqali insonlarni ezgulikka, faqat yaxshilikka chorlaydi. Asarning tarbiyaviy ahamiyati ham beqiyosdir. Ota-onaga hurmat, kichikka izzat, doʻstlik va yaqin insonlar oʻrtasidagi mehr-oqibat oʻz aksini topgan. Asarda bir-biridan qiziq ilmiy faktlar bilan ham tanishish imkoniga ega boʻlasiz.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, oʻzbek adabiyotida ilmiy fantastikaning rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan Saʼdulla Quronovning “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasi har tomonlama oʻrganish va tadqiq etishga loyiqdir. Bu fantastik asar yoshlar dunyoqarashini oʻstirish, ezgu qadriyatlar ruhida tarbiyalash jihatidan ahamiyatlidir. Barchamizning onamiz boʻlmish “Yer” sayyorasida toza turmushni yoʻlga qoʻyishimiz uchun eng avvalo, tevarak-atrofga teran nazar tashlaylik. Axlatxonalarda, yoʻl chekkalarida farosatsiz kimsalar tomonidan tashlab ketilgan, issiq kunda bijgʻib, qoʻlansa hid taraqatayotgan jonivorlarning jasadlariga beparvolik bilan qarab oʻtish oʻrniga, hashar yoʻli bilan tozalash-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishimiz, maqsadga muvofiq boʻlardi. Zero, har birimiz kelajak avlodga osmoni musaffo, tabiati goʻzal muhitni qoldirishga burchli ekanimizni unutmaylik. Biz ham shundagina jiddiy xavf-xatarlardan holi boʻlgan holda umrguzaronlik qilishda davom etishimiz mumkin.
Fantast adibning yuqoridagi nomi zikr qilingan qissasida inson taqdirini faqatgina oʻz qoʻli bilan yarata olishi mumkinligi uqtiriladi. Bugungi kun kashfiyotlari odamzotni zavoli emas, aksincha iqboli yoʻlida xizmat qilishi zarurligini, fantast adib chin dildan istaganini koʻrishimiz mumkin. Eng muhimi ushbu asarni oʻqish asnosida kitobxonlar, ayniqsa yosh kitobxonlar orasida astronomiya, fizika, kimyo, matematika va informatika kabi fanlarga oʻzgacha mehr qoʻyishlari uchun zamin boʻlishi shubhasiz.
“Фантастика” атамаси юнонча “пҳатастика” сўзидан олинган бўлиб, “тахаййўл санъати” демакдир. Ҳақиқатда мавжуд бўлмаган, тахаййўл кучи билан тасаввурдагина яратилган нарса-ҳодисалар тасвири, шунга асосланувчи адабий асарлар мажмуасидир. Фантастика фақат хаёлот маҳсули эмас, унинг замирида мавжуд воқеликнинг излари сезилиб туради. Зеро, хаёл шу мавжудликдан куч олган ҳолда парвоз қилади. Инсон табиат сир-синоатларини чуқур англаб бориши баробарида фантастикани шартли объектлилик, бадиий восита сифатида тушуниш барқарорлашиб боради.
Янги ўзбек адабиётида фантастика унсурларидан самарали фойдаланиш А.Фитратнинг «Қиёмат», «Абдулфайзхон», А.Қаҳҳорнинг «Қабрдан товуш», Х.Дўстмуҳаммаднинг «Жажман» асарларида кузатилади. Шунингдек, ХХ асрда ўзбек саргузашт-фантастик адабиётини ривожлантиришда Х.Тўхтабоев, Т.Малик каби адибларнинг хизмати катта бўлди. Ўзбек илмий-бадиий фантастикасининг асосчиларидан бири марҳум адиб Ҳожиакбар Шайхов эди. Адибнинг изланишларини давом эттираётган ёш фантаст ўзбек адиби Саъдулла Қуроновнинг имлий фантастика жанридаги асарлари таҳсинга лойиқдир.
Адибнинг илмий-фантастик асарида воқеалар ривожи ўзига хос тартибда кечади. Унинг асари сюжети ўзига хослиги билан бошқа фантаст ёзувчиларнинг ижод намуналаридан кескин фарқ қилади. Саъдулла Қуроновнинг асарида қўйилган бош масалалар ва илгари сурилган ғоялар адибнинг бадиий-хаёлий олами, дунёқарашини ўрганишда муҳим бўлса, иккинчидан, унинг ижоди ҳозирги адабий жараёнда ёзувчининг хаёлий тафаккури, келгусида фанлардаги кашфиётларнинг амалга ошишида қимматли аҳамиятга моликдир.
Саъдулла Қуронов – динамик сюжет устаси. Ҳикоя қилиш давомида кутилмаган бурилиши ва эврилишлар, дадил башоратлар, кескин конфликтли вазиятлар – адиб ижодига хос жиҳатлардир. Саъдулла Қуронов китобхонлар умидини оқлаш учун тер тўкиб меҳнат қилаётган ижодкорлардан бири.
Фантаст адибнинг “Галактикада бир кун” илмий-фантастик қиссаси муаллифнинг илмий даражасини, тасаввур доирасининг ниҳоятда кенглигини, фантастик асарлар ёзишда иқтидори, имконияти катта эканлигини кўрсатади. Саъдулла Қуроновнинг яна бир ютуғи шундаки, илмий-фантастика жанрида ёзилган ушбу қиссасида у фақат илмий гипотезалар атрофида ўралашиб қолмай, балки ҳар бир қаҳрамонинг ташқи ва уларнинг руҳий оламини маҳорат билан очиб бера олган, деб ўйлайман. Бош қаҳрамон Аҳмадни олсак, серғайрат бу болакай барча хавф-хатарга тик боқувчи, мушкул вазиятда иккиланмасдан оқилона қарорлар қабул қилиб, ўз билими билан барчанинг ҳурматига сазовор бўлади. Бу каби билағон ва ташаббускор бўлиш учун кишидан кўп илм талаб этади. Бугунги ёшларимиз айнан шу каби асарларни мутолаа қилиши мақсадга мавофиқ. Чунки асарни матолаа қилган ҳозирги ёшларнинг билим олишга бўлган иштиёқи янада ошиши аниқ.
Асарда фантаст ёзувчи “Галактикада бир кун” асарида самовий жисмлар ва ёндош оламларни таърифлашда, ҳозирги замон илмининг сўнгги ютуқларидан ҳамда бир неча илмий гипотезалардан унумли фойдаланиб, уни ўқувчига ҳаётда чинданам мавжуд, реал нарсадай тавсифлаб бера олган ҳамда катта ижодий ютуқга эришган. Умуман, илмий-фантастик адабиётда энг қийин нуқталардан бири илмий таҳлил билан руҳий таҳлилнинг ўзаро диалектик бирликда тасвир қилиниши масаласидир.
Саъдулла Қуроновнинг “Галактикада бир кун” деб номланган илмий-фантастик қиссасида ана шу уйғунлик яққол кўзга ташланиб туради. Асарда ёзувчининг некбинлиги қаҳрамонлари – теран мушоҳадали, зийрак билимли ва бошқалардан ёрдамини аяшмайдиган, улар энг оғир вазиятларда ҳам инсоният олдидаги, ўз уйғоқ виждони олдидаги бурчидан келиб чиқиб иш кўришади.
Бунда илмийликка ружу қўйилмасдан, асосий мақсад ўша самовий хаританинг муҳимлигини исботлашга ҳамда ўзга сайёраликларнинг замонавий техникаларини кўрсатишга ва ерликларнинг фазовий билимлари асосида яратилаётган техник ютуқларини ёритишга қаратилган. Илмий фантастикада бундай ҳолларда илмийлик ва техникавийликнинг ажойиб ва кишини ҳайратга солувчи таъриф-тавсифига берилиб, адабиётнинг асосий таҳлил объекти – инсон ва унинг руҳий дунёси унутилиб қўйилмаслиги лозим, албатта. Бироқ, айни пайтда биз илмийликдан узоқлашиб, фақат бадиийлик билан ўз илмсизлигимизни хаспўшлашмиз ярамайди. Бу ҳолатни инобатга олган фантаст адиб иккила вазиятни ҳам бир тарозида асарда давомида тенг ушлаб туришга эришган.
Одамзоднинг улкан ихтиролари бўлмиш самолиётлар, машиналар ва кимёвий лаборатория завод-фабрикаларидан йилига тонналаб чиқаётган заҳарли моддалар атмосферамизга, қолаверса, биз нафас олаётган ҳавога, муҳитимизга ўз таъсирини кўрсатмасдан қолмаяпти, албатта. Аҳмад баъзи сайёраларнинг буткул йўқ бўлишига сабаб айнан ўша чиқиндилар экани кўради ва одамзот улкан хавф-хатар олдида турганини ҳис қилади. Балки буни сиз фантаст адибимизнинг хаёлоти маҳсули дея ҳисоблашингиз мумкин. Бироқ, ҳозирги кунимизда ҳам дунёнинг йирик шаҳарлари ҳисобланмиш Лондон, Токио, Гамбург, Иокогама, Нъю-Йорк ва Роттердам ҳудудларида кимёвий завод-фабрикаларнинг чиқиндилари, машина-самолётларнинг заҳарли тутунлари аралашувидан ўта мураккаб реакциялар натижасида қуюқ туманлар тушаётгани, қолаверса, заҳарли буғлардан ҳосил бўлган қора булутлардан ёғилаётган зарарли ёмғирлар ёғиши оқибатида тирик жонзотлар, хусусан, бу ҳолатдан инсониятнинг ўзи ҳам азият чекаётгани сир эмас. Атроф муҳитнинг ифлосланишида бевосита сабаб бўлаётган омилларга инсон хўжалиги фаолияти ҳам киради.
Асарда глобал муаммолар ҳақида тўхталар экан, фантаст адиб айниқса сайёравий геоекологик муаммога урғу бериб, унинг салбий оқибатлари ҳақида маълумотлар ҳам келтириб ўтади. Дарҳақиқат, бугунги кунда инсоният томонидан табиатга чиқарилаётган тонналаб чиққиндилар атмосферада, бир қисми эса океанларда тўпланмоқда, муаммони бартараф этиш йўлларни излаб топиш бугун инсоният томонидан ечимини кутаётган бош масалалардан биридир. Атмосферага тўхтовсиз чиқарилаётган йилиги тахминан 22 млрд. тоннадан ортиқ Карбонот ангидрид гази сабаб, ер сайёрасининг ҳарорати йилдан-йилга ошиб бораётгани фан мутахассислари томонидан қайд этилмоқда. Оқибатда, кескин ҳарорат ошиши натижасида қутбий кенгликлардаги музлар эриб, океанларнинг сув сатҳи кўтарилиб, кўплаб ер майдонларига зиён етказилиши мумкин. Бу каби чиқиндилар сонининг кескин ортиши натижасида ер шари ва атмосфера орасидаги мувозанатга путур етказмоқда.
Унинг илмий фантастик қиссасида ҳозирги фантастик адабиётнинг ҳамма зарур белгилари мавжуд бўлиб, ёзувчи тўғридан-тўғри инсон виждонига мурожаат этади. Инсоният олдида турган муаммоларни ўртага ташлаб, уни ҳал қилишда ер юзидаги барча одамларни бирдамликга чорлайди. Фантаст адибнинг асарида мехнатсеварлик, ватанпарварлик, бир сўз билан айтганда эзгуликни тарғиб қилади. Айнан шунинг учун ҳам Саъдулла Қуроновнинг асари китобхонлар қалбини забт этиши муқаррардир.
Асарнинг тарбиявий қисми ҳам таҳсинга сазовордир. Хусусан, асардаги бош қаҳрамон 12 ёшли Аҳмаднинг ёшига нисбатан ўзгача иқтидори ва истеъдоди ва топқирлиги ўзи каби тенгдошларига аниқ фанларни ўзлаштиришда ўзгача мотивация бериши шубҳасиздир. Асар билан танишган китобхоннинг бир неча фанлар юзасидан билими бойиши, энг муҳими табиатда содир бўлаётган воқеа-ҳодисаларга бефарқ қарамай, глобал муаммоларни бартараф этишда ўзининг ҳиссасини қўшишга ҳаракат қилиши мумкин. Аҳмад ўзга сайёралик дўсти Салмирлик Маргол Ву Дагудога уни сайёрасини қутқариш учун ҳеч иккиланмасдан, бироз ҳадик билан кўмак беришга шошади ва бошидан кўплаб ғайриоддий саргузаштларни кечиради. У саёҳатлари давомида бизнинг олам билан туташ оламларга ҳам боради ва турли-туман ўзга сайёраликлар билан тасодифан кўришади. Робот Мокини ҳам ўзига дўст тутган болакай, унга техника сифатида эмас, балки бир инсондек меҳр қўйишидан, унинг қалби нақадар соф эканини кўришимиз мумкин.
Ўнгинамизда бизнинг олам билан туташган оламлар кўз билан кўра олмай, қалб кўзи билан кўра олиши мумкин бўлган, оламлар ҳақидаги тасаввурлар билан айнан шу асарда танишишимиз мумкин. Гарчи бу оламлар мавжуд бўлса-да, унга баъзан шубҳа кўзи билан қараймиз. Адиб асарда воқеалар силсиласи орқали инсонларни эзгуликка, фақат яхшиликка чорлайди. Асарнинг тарбиявий аҳамияти ҳам беқиёсдир. Ота-онага ҳурмат, кичикка иззат, дўстлик ва яқин инсонлар ўртасидаги меҳр-оқибат ўз аксини топган. Асарда бир-биридан қизиқ илмий фактлар билан ҳам танишиш имконига эга бўласиз.
Хулоса ўрнида шуни айтиш мумкинки, ўзбек адабиётида илмий фантастиканинг ривожига муносиб ҳисса қўшаётган Саъдулла Қуроновнинг “Галактикада бир кун” илмий-фантастик қиссаси ҳар томонлама ўрганиш ва тадқиқ этишга лойиқдир. Бу фантастик асар ёшлар дунёқарашини ўстириш, эзгу қадриятлар руҳида тарбиялаш жиҳатидан аҳамиятлидир. Барчамизнинг онамиз бўлмиш “Ер” сайёрасида тоза турмушни йўлга қўйишимиз учун энг аввало, теварак-атрофга теран назар ташлайлик. Ахлатхоналарда, йўл чеккаларида фаросатсиз кимсалар томонидан ташлаб кетилган, иссиқ кунда бижғиб, қўланса ҳид тарақатаётган жониворларнинг жасадларига бепарволик билан қараб ўтиш ўрнига, ҳашар йўли билан тозалаш-ободонлаштириш ишларини амалга оширишимиз, мақсадга мувофиқ бўларди. Зеро, ҳар биримиз келажак авлодга осмони мусаффо, табиати гўзал муҳитни қолдиришга бурчли эканимизни унутмайлик. Биз ҳам шундагина жиддий хавф-хатарлардан ҳоли бўлган ҳолда умргузаронлик қилишда давом этишимиз мумкин.
Фантаст адибнинг юқоридаги номи зикр қилинган қиссасида инсон тақдирини фақатгина ўз қўли билан ярата олиши мумкинлиги уқтирилади. Бугунги кун кашфиётлари одамзотни заволи эмас, аксинча иқболи йўлида хизмат қилиши зарурлигини, фантаст адиб чин дилдан истаганини кўришимиз мумкин. Энг муҳими ушбу асарни ўқиш асносида китобхонлар, айниқса ёш китобхонлар орасида астрономия, физика, кимё, математика ва информатика каби фанларга ўзгача меҳр қўйишлари учун замин бўлиши шубҳасиз.
Saʼdullo Quronov