← Sa'dullo Quronov
|

Qozoqboy Yoʻldoshev: “Galaktikada bir kun” haqida

Qozoqboy Yoʻldoshev

Olim haqida · 2024

– Saʼdullo Quronovni eng yosh sinchilarimizdan, eng yosh fan doktorlarimizdan deb faxrlanib yurar edim. Vaqtdan oʻzib yashaydigan bu yigit nafaqat ilmiy salohiyati, balki badiiy salohiyati bilan ham meni hayratga soldi. Faqat oʻzimizning qobigʻimiz bilan chegaralanib qolmay oʻzbek adabiy hodisalariga jahoniy koʻz bilan qaraydigan yaxshi tadqiqotchi desam, menga qoʻngʻiroq qilib, ilmiy-fantastik asar yozdim, deb qoldi… Toʻgʻrisini aytish kerak, keyingi yillarda bolalar nasri oqsab qoldi. Biz haliyam Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning daryosida suzib yuribmiz. Holbuki, bu ustoz yozuvchimiz 60 yildan beri ijod qilmoqda. Endi biz yangi bosqichga koʻtarilishimiz kerak emasmi? Boz ustiga oʻzbek millatining qiziqish doirasi koʻpincha “oshqozonning istaklari”, yaʼni gastronomik qiziqishlar bilan chegaralanib qolmoqda. “Galaktikada bir kun” nomlangan ilmiy-fantastik asarni oʻqib chiqqach, bildimki, millatimizga maʼrifiy dard ilashib, va nihoyat, dunyoni tanimoq tashvishiga tushibdi. Saʼdullo Quronov bu asari orqali mening koʻz oʻngimda shunchaki ilmiy-fantastikaga qiziqqan ijodkor emas, balki qoʻli kelishib qolgan iqtidorli yozuvchi sifatida namoyon boʻldi. Ahmadning tushi, tushdagi oʻzaro olishuvlar tasvirining realligi, 2036 yilda ham onaning ona sifatida, otaning ota sifatida oʻz oʻrnida boʻlishi, bola koʻplab muammolarini otasiga emas, onasiga aytishi kabi holatlar asarning oʻzimizning milliy ruhda bitilganidan darak beradi.

Qozoqboy Yoʻldoshev