← Sa'dullo Quronov
|

Ifoda va ifodaviylik

Saʼdullo Quronov

Maqola

Yaqinda Faxriyorning “Geometrik bahor” sheʼri ustida izlanib, bir maqola yozgandim. Uni oʻqib koʻrgan ustozlarimdan biri “Siz Faxriyordan qoʻshimcha ravishda fazilat qidirmayapsizmi?” deb qoldi… Eʼtibor bersam, asar goʻzalliklari kashf etilarkan, aksariyat oʻquvchi va munaqqidlar “Buni hatto ijodkorning oʻzi ham anglab yetmagan boʻlsa kerak” deya undagi topilmani oʻzinikiday his etadi yoki bu goʻzallikni asardan zoʻrma-zoʻrakisiga chiqarib olingan degan xulosaga keladi.

Ustozimiz Q. Yoʻldoshev bir maʼruzasida R. Parfi sheʼriyatining goʻzalliklari haqida soʻz yuritarkan, shunday misol keltirdi:

Q. Yoʻldoshev bu parchadagi tomchilar, tomchilar, sochimga soʻzlarida joylashgan “ch” harfiga eʼtibor qaratib, sheʼrning oʻziga xos musiqiyligi haqida gapirib berdi. Dars yakunida savol tashlandi: “Domla siz asar goʻzalliklari haqida soʻz yuritayapsiz, ammo bu narsalarning barini shoir oʻzi habardor holda keltirgan deya olasizmi?” Domla oʻylanib oʻtirmay “yoʻq, albatta” deya javob berdi. Fikrini asoslarkan oʻzi shu “ch” harflari borasida shoirga murojaat etganligini, shoirning oʻziga ham bu topilma yangilik boʻlganligini soʻzlab berdi. Ustozimiz bunga oddiy hol deya izohlab oʻtdi.

Haqiqatdan, baʼzan ijodkor asaridagi muayyan xususiyatlarni oʻzi ham bilmasligi mumkin. Yoki muallif oʻzi yaratgan asarni tushintira olmasligi, shu bilan birgalikda oʻquvchilar ham bu asardan aynan nimani olganini anglolmasligi mumkin.

Biz yuqorida bejizga “goʻzallik” soʻzini ishlatmadik. Aytmoqchi boʻlganimiz “goʻzallik” asarning ifodaviy xususiyatiga taalluqli hodisa. Asardan anglashinishi mumkin boʻlgan ijtimoiy, falsafiy, tarbiyaviy maʼnolarni qoʻya turaylik. Bular eʼtirof etilganiday sunʼiy ravishda ham keltirib chiqarilishi mumkindir. Ammo asarning ifodaviyligi, shakliy xususiyati haqida ham shunday fikr yuritib boʻlarmikan?

Umuman, sanʼatkorning ijod jarayonini tushga qiyoslash ham mumkin. Chunki baʼzan tushda hayotda umuman, tasavvur ham etib boʻlmaydigan narsalarni koʻramiz. Hayotda yechimini topolmagan jumboqlar kalitini topib, anglay olmaganlarimizni anglaymiz. Oʻngimizda yod olmagan sheʼrlar, bilmagan tillar tushda reallashishi mumkin... Tushda kechuvchi hodisalar qachonlardir eshitilgan, his qilingan va koʻrilgan narsalarning inson ongi va qalbi tubida yotgan aksi ekanligini psixolog olimlar koʻp taʼkidlashadi. Siz oʻylamagan narsalar ham qachonlardir sizning ruhingizga taʼsir etgan va shu taʼsirlanish saqlanib qolgan boʻlishi mumkin. Ijodiy jarayon ham aynan shu tushga oʻxshab ketadi. Bunda sanʼatkor olamining tub-tubida yashirinib yotgan, oʻzi uchun ham nomaʼlum sanalgan narsalarni beixtiyor dunyoga keltira boshlaydi. Buning qanday yuzaga kelganini tushuntira olmasa-da, juda yaxshi his eta biladi. Yaratilgan asar ijodkorning oʻzi uchun ham yangilik boʻlib, undan avvalo sanʼatkorning oʻzi zavqlanadi:

Biz ilmiy asarlarda intuitsiya terminini koʻp uchratganmiz. Bu inson taffakkuridan tashqarida sodir boʻluvchi idrok, yaʼni ichki bir tuygʻu yordamida sezish, anglash degani. Inson qalbi bilan his qiladi, ammo baʼzan qalbi vositasida mushohada yuritishi ham mumkin. Ijodiy jarayonda ham shunga oʻxshash hodisalar roʻy berib, baʼzan uning goʻzalliklarini aql koʻzi bilan koʻrib boʻlmaydi...

Insonning hayolot olami cheksiz, ayniqsa sanʼatkor bu borada oddiy odamlarga qaraganda bir necha bor ustun turadi. Lekin, sanʼatkor(inson) olam bilan munosabatda turarkan, har doim ham koʻrganlarini tafakkurida anglashga harakat qilavermaydi, baʼzan u “koʻrgan”larini qalbi bilan his etib qoʻya qoladi. Ongda esa shu olingan hisning oʻzigina saqlanib qolaveradi. U olamni anglashga urinarkan, muayyan bir jabhani koʻproq kuzatishga, his eta olishga moyilligi boʻladi. Ammo biz olamni kuzatish jarayonida tuygan taʼsirning muayyan bir moyillik natijasida yuzaga kelganiga ahamiyat berib oʻtirmaymiz. Ayni vaqtda sanʼatkor ifoda etayotgan hodisalar ham ana shu moyillik bilan uzviy bogʻliq. Yaʼni baʼzan ijodkor “qon”i hali oʻzi bilmagan, anglab yetmagan, ammo his qilib ulgurgan olam hodisalariga tortib ketishi mumkin:

Koʻrib turganimizday ijodiy jarayon sanʼatkor tafakkuri bilangina bogʻliq hodisa emas. Asardagi baʼzi jihatlar taffakkurdan tashqaridagi va ayni paytda aqlga boʻysunmas bir ruh bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Chinakam sanʼatkor olamida ana shu rux hukm suradi. Agar badiiy asarlar struktural jihatdan tahlil etib koʻrilsa, bu ruhni payqash bir muncha onson kechadi. Chunki, haqiqiy sanʼat namunalarida, deylik yirik hajmdagi nasriy asarlar strukturasida shu qadar goʻzal va hayratga soluvchi ifodaviylikni koʻrish mumkinki, buni taffakkur mahsuli oʻlaroq yuzaga kelganiga ishonish qiyin. Misol uchun, Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” qissasini olib qaraylik. Asr oʻn sakkizta bob(hikoya)dan tashkil topgan boʻlib, uning strukrurasi judayam murakkab tuzilishga ega. Chunki asardagi har bir hikoya nisbiy mustaqillikka ega. Har qaysisi boshqa-boshqa shaxs obrazlariga bagʻishlangan. Har bir hikoyada tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya va yechim kabi kompozitsiya unsurlari mavjud. Ammo umumiy planda olib qaralsa, hikoyalar zanjir kabi bogʻlanib, yaxlit bir asarni yuzaga keltiradi. Hikoyalar shu qadar mahorat bilan joylashtiriladiki, ular tartibidagi bir hikoya olib tashlansa, yoki boshqa joyga koʻchirilsa, ularning zanjir kabi uzviy bogʻliqligi va asarning yaxlitligi buzilib ketadi. Eʼtiborlisi shundaki, u qadar ahamiyatsizday tuyuluvchi “Teshiktosh” hikoyasi, asar kompozitsiyasining kulminatsion bosqichi vazifasini bajarishi bilan birga, oʻzigacha va oʻzidan keyin keluvchi hikoyalarni bogʻlovchi asos darajasiga koʻtariladi. Boisi, “Teshiktosh”gacha boʻlgan hikoyalar mazmun-mohiyati bilan bir narsa, bu mazmun “Teshiktosh”da oʻzining eng yuqori choʻqqisiga koʻtarilarkan, keyingi hikoyalar mazmunida yozuvchi boshqa bir maqsadni koʻzlaydi. Ayni paytda keyingi hikoyalar kompozitsiyada yechim vazifasini oʻtaydi... Bu xuddi sheʼr misralari yoki nasriy asar matniga ritm – musiqiylik kabi xususiyatning ichki bir sezgi yordamida joylashtirilishiga oʻxshab ketadi.

Keyingi davr adabiyotshunosligi badiiy asarni baholashda tayanayotgan bir qancha metodlarga eʼtibor berib koʻraylik. Xususan, strukturalizmda baddiy asar alohida hodisa sifatida oʻrganilib, ijodiy jarayon va sanʼatkor olamining ahamiyati yoʻqotiladi. Umuman, asardan tashqarida turuvchi har qanday jihat bu metodning tadqiqot obʼekti sanalmaydi. Strukturalizm mantiqiy-matematik tadqiq usullariga tayanib, psixoanalizdagi ongsizlik kategoriyasini oʻzlashtiradi. Poststrukruralizm esa bir muncha takomillashgan va ayni davr sanʼatidagi eng ilgʻor metodlardan sanaladi: “Poststrukturalizmga koʻra, matnni tushunish “dekonstruksiya” orqali amalga oshadi: avvaliga matn elementar uzvlarga ajratiladi (“destruksiya”), keyin qayta yigʻiladi (“rekonstruksiya”) va shu asno matnga ijod onlari kontekstida muallif ixtiyoridan tashqari, anglanmagan (taʼkid bizniki – S. Q) tarzda yoki oʻzi yashirishni xohlaganiga zid oʻlaroq kirib qolgan maʼnolarni ochishga intiladi. Yaʼni poststrukturalizm matnda kontekst qoldirgan “iz”larni qidiradiki, bu izlar gʻayrishuuriy (ongsizlik) tarzda aks etgani uchun ularni intuitiv tarzdagina farqlash mumkin” . Asar matniga tayanuvchi germenevtika ham mohiyatan yuqoridagi metodlarga oʻxshab ketadi. Uning asosida matnni grammatik tahlil qilish va shu asnoda uning ortida turgan betakror subʼektni anglash(“psixologik” talqin) turadi. Aytmoqchi boʻlganimiz asarning shunday bir goʻzalliklari ham borki, bu olam sir-sinoatlarini sanʼatkor tafakkuri, taʼbir joiz boʻlsa badiiy mahorati bilangina izohlash qiyin.

Keyingi davr tasviriy sanʼatda ramkalarga olib qoʻyilgan turli mato va figuralarni, har xil shakldagi “lash-lush”larning uyumi, xullas, aql bovar qilmaydigan oʻziga xos koʻrinishdagi “nimarsa”larni koʻp kuzatadigan boʻlib qoldik. Albatta, bular oʻz mualliflari taʼkid etayotganiday SANʼAT asari. Demak, ular ham obrazli hodisadir. Ammo bu obrazlilikni ham biz har doim badiiylikni tushunishda tayanib kelayotgan nuqtai nazar bilan his etib boʻlarmikan?..

Biz bekorga tasviriy sanʼat haqida soʻz ochganimiz yoʻq. Bu sanʼatning ifoda usullari va obraz yaratishdagi xos xususiyatlarini badiiy adabiyotda ham kuzatishimiz mumkin. Boisi ijodkorlarning obrazli tafakkuri (u qaysi sanʼat turda ijod etishidan qatʼi nazar) badiiy hodisada umumiylikni kasb etadi. Aytmoqchimizki, boshqa sanʼatlarda kuzatilayotgan yangiliklar badiiy adabiyotda ham oʻz aksini topmoqda:

Badiiy obraz – sanʼatkorning hissiy olami bilan yoʻgʻrilgan tashbeh. Demak, obraz avvalo insonga hissiy (estetik) taʼsir oʻtkazmogʻi shart. Badiiy obrazning yaralishi muayyan bir taʼsirlanishning sababi oʻlaroq yuzaga kelib, bu taʼsirlanish olam bilan munosabatda turgan sanʼatkor(inson)ning shu dunyoni kuzatib borishi mobaynida yuzaga keladi. Sanʼatkor olamning maʼlum bir jabhasini obrazli ifoda etishga kirisharkan, bu jarayon zamirida metafora (oʻxshatish) yotadi. Demak, obraz olamga (yoki uning bir boʻlagi sanʼatkorga) xos biror jihatning badiiy shaklidir. Borliqdan olinayotgan taʼsir maʼlum maʼnoda shu olamdan tashqarida turadi. Agar bu taʼsirlanishning ifoda etilishiga ehtiyoj tugʻilsa, yaratilgan obraz ana shu taʼsirlanishni aks ettirishi kerak boʻladi. Ammo sanʼatkor olam mohiyatida shunday bir hislarni tuyishi mumkinki, buni biz aytayotgan, asosida metaforiklik xususiyati yotuvchi obrazlilik bilan ifodalash juda mushkul. Chunki, sanʼatkor olamning tashqi koʻrinishi bilan oʻz kechinmalari oʻrtasida hech qanday oʻxshashlikni topolmay qolishi ham mumkin. Shunda u kechinmalarini oʻz tasavvuridagi olam mohiyati koʻrinishlari bilan ifoda etishga urinadi. Ayni damda yuzaga kelgan obrazlilik ham oʻzida metaforiklik xusiyatini saqlab qolgan boʻlsada, oʻxshatilishga asos boʻlgan va oʻxshatilayotgan narsa subʼekning oʻziga tegishli hodisaga aylanib qoladi. Bunday obrazlilikda metaforaning ifodaviylikdagi ahamiyati oʻzgarib, olingan taʼsir va hisning (kechinmaning oʻziga tegishligina) “koʻrinish”i asosiy planga chiqariladi. Bunda oʻrganganimiz goʻzal tashbehlar unutilib, sheʼrdagi emotsiya ham bir muncha soʻnishi mumkin. Ammo, ifodaviylikning taʼsir ahamiyati va hayratlantiruvchi qudrati oshib ketadi:

Aytib oʻtganimiz tasviriy sanʼatdagi ifoda va keltirilgan sheʼriy misollardagi badiiylikni obraz yaralishidagi mana shu silsilalar asnosida tushunish kerak deb oʻylaymiz. Va yana shuni aytib oʻtish joizki, obrazli tafakkurning bu jihatlari anglanadigan ijodiy jarayonga tegishli xodisa boʻlishi juda qiyin masaladir.

Ijodiy jarayon judayam murakkab hodisa. Shu bilan birga uning natijasi ham anglab boʻlmas darajada sirli. Bu sirlilikda baʼzan sanʼatkorning oʻzi uchun ham notanishday tuyilgan, uni “oʻzim ham bilmayman” deyishga majbur etgan jihatlar, aslida, uning oʻziga tegishli boʻladi. Boisi sanʼatkor borliq bilan munosabatda turarkan, oʻzganing sezimlari vositasida emas, oʻz ruhi va ongi bilan taʼsir tuyadi. Uning olamida yaraluvchi badiiy hodisalar ana shu taʼsirlanishga daxldor ekan, keltirib oʻtgan, ammo oʻzi ham anglab yetolmagan boʻlsada, u yaratgan goʻzalliklar oʻquvchi yoki tanqidchiga emas, balki sanʼatkorga tegishli boʻladi.

Hozirgi she'riyatning tasviriy imkoniyatlari haqida

"Fusuli arbaa" qasidalar majmuasida badiiy sintez masalasi

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Saʼdullo Quronov