(“Sharq yulduzi” jurnali savollariga javoblar)
1. Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?
Badiiy asar – tarbiya vositasi desak, balki, predmet koʻlamini birmuncha toraytirgandek boʻlarmiz-u, ammo tarbiyaviylik adabiyotning qon-qoniga singgan xususiyat ekani bor gap. Axir, koʻhna Sharq bejiz uni “goʻzal xulqlar” maʼnosini beruvchi “adab” soʻzi bilan atamagan-da! Zero, adabiy asarlar “pandnoma” va yo “didaktik” unvonlariga ega boʻlsa-boʻlmasa hamisha tarbiya qilib kelgan va mudom shunday boʻladi. Negaki, chinakam sanʼatkor hamisha ezgulik tomonida, borliqni shu mavqedan turib aks ettiradi va baholaydiki, asarning jon-joniga singgan ezgulik mutolaa davomida sezdirmaygina oʻquvchi qalbiga inadi. Shu tariqa tarbiya akti sodir boʻladi, muallifning “tarbiya qilish” va yo oʻquvchining “tarbiya olish” maqsadini koʻzlagan-koʻzlamaganidan qatʼi nazar.
Oxirgi jumlalarni oʻqib, beixtiyor oʻquvchidan oʻzibroq oʻz-oʻzimga kinoya qilmoqqa shoshdim: “Joʻngina ekan-ku!”. Ha-da, Ulugʻbekning yozganlariyu savolning qoʻyilishidan oʻta murakkab tuyulgan muammoni “birinchi zarbdayoq boʻynigacha...” Yoʻgʻ-a, aslo joʻn tuyulmasin, joʻn demadim ham. Zero, yuqorida “chinakam sanʼatkor” deya urgʻulaganim, aslida, gʻayr toifa, yaʼni oʻzga mavqeda turadiganlar ham bor deganidir. Buning ham hech ajablanarli joyi yoʻq. Axir, sanʼatkor ham inson, insonni esa Robbimiz farishta bilan hayvon oʻrtasida yaratdi, bas, oʻy-hislarimizu amallarimiz shu ikki qutb orasida tebranadi. Aytaylik, qissanavis benihoya goʻzal va sof ishqdan soʻylayotgani chogʻ bir toyilsa-yu, jajjigina epizodni yalang hirs koʻzi bilan chizsa... Iloj qancha, avomga muhabbatning maʼnaviy-ruhiy mohiyatidan koʻra bu tomoni yaqinroq, shu bois ham, afsuski, yodida koʻproq oʻsha hirs-la moylangan epizod qoladi. Demak, gap borib yana yozuvchi masʼuliyatiga taqaladi. Yaʼni u ezgulik xodimi ekanini yodda tutgan holda oʻzini idora qilmogʻi, oʻz-oʻziga senzor boʻlmogʻi darkor. Albatta, shu oʻrinda eʼtiroz boʻlishi tabiiy: “Unda endi-endi erishganimiz ijod erkinligi nima boʻladi?” Asli, eʼtiroz oʻrinsiz: erkinlik, jumladan, ijod erkinligi ham aslo mutlaq boʻlolmaydi, mutlaq erkinlik halokatlidir. Zero, mutlaq erkinlik daʼvosiyu adabiyotda avvalo oʻzni ifodalash vositasini koʻrish sabab Gʻarbda shaytoniy ruhga toʻyingan bitiklar dunyoga keldiki, oqibati, mana, bugun “koʻhna dunyo” Lut qavmiga ergashib tanazzulga yuz tutdi. Rivoyatda kelishicha, Dajjol halokatga nogʻora-surnay ohanglari ostida boshlarmish. Ajab, yoʻl qanchalar halokatli boʻlsa, chorlovi shunchalar jozib! Qarang, ovrupoliklar necha zamondan beri “erkak, ayol tengligi” deya “yeng shimarib-yeng shimarib” qilib kelayotgan ishlar tengsizlikni yoʻqotibgina qolmay, bugun endi “erkak-ayol” tushunchalarining oʻziga-da daxl qilib turibdi-ku?! Toʻgʻri, adabiyot insonning oʻzini, koʻngilni ifodalash vositasi, biroq bu koʻnglingda borini aytaver degani emas-da! Axir, koʻngil faqat ezgulik makoni emas, uning olis puchmoqlarida chiqishga yoʻl topolmay bijgʻib yotgan mayllar ham bisyor. Yaʼniki, ijodkorning oʻzi ixota qoʻymasa, ulardan oʻquvchini kim himoya qiladi?!..
Mulohazalarim oʻquvchiga ishonchsizlik yoki uni “hamisha yozuvchi yetovida va shu bois himoyaga muhtoj” deb bilish sifatida tushunilmasin. Zero, ular oʻqish jarayonining psixologik xususiyatlaridan kelib chiqadi. Deylik, oʻqish davomida oʻquvchi asar badiiy voqeligida yashaydi, yaʼni personajlarning boshidan yo koʻnglidan kechganlarni kechirib koʻradi. Eng muhimi, oʻquvchi badiiy voqelikdagi “umri”ning har lahzasida uning yaratuvchisi – muallif nigohi, munosabatini tuyib turadi va oʻzi ham sezmagan holda munosabatini shunga sozlaydi. Masalan, personajning oʻzgaga zulm etib huzurlanayotgani tasvirlangan holat oʻquvchi dilida mudroq instinktni qoʻzgʻasa, muallif munosabati uni qaytadan mudroqqa solib, unga nisbatan nafrat tugʻdiradi. Aksincha, yozuvchi ayni holatni tasvirlash chogʻi instinktga boʻy berib qoʻysa, oʻquvchi dilidagi mudroq instinktni uygʻotib qoʻyadi, xolos.
Aytganlarim adabiy asar ezgulik tomon ham, yovuzlik tomon ham birdek yetaklayverishi mumkinligi, ijodkor masʼuliyati haqidagi gaplar bugun gʻoyat muhim ahamiyat kasb etayotganini koʻrsatadi. Darvoqe, baʼzi ijodkorlar “dilimga solganini yozaman” deya goʻyo oʻzlaridan masʼuliyatni soqit qilgan boʻladilar. Asli, bunday qarash ildizi gʻoyat qadim: Gesiod shoir muzalar qulogʻiga shivirlaganni aytishadi deb uqtiradi. Xoʻp, agarda shunday, yaʼni ijodkor shunchaki medium – qulogʻiga shivirlangan yo diliga solinganni yetkazuvchigina boʻlsa ham, shivirki bor muzalardan va yo diliga solinganki narsa Rahmondan boʻlavermaydi, axir. Holbuki, haqiqiy sanʼat, jumladan, adabiyotning rahmoniy boʻlmogʻi shartdir.
2. Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” boʻlganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Inson yangi yoʻl qidirmoqda. Nega? “Yoʻlini yoʻqotgan dunyo”da adabiyotning oʻrni va roli bormi? Nega u, yaʼni adabiyot dunyoning yoʻlini yoʻqotishiga jim qarab tur(a)di? Adabiyot dunyoning ravishini oʻzgartirib, uning yangi, munosib yoʻl topishiga ilhomlantiruvchi kuch boʻla oladimi-yoʻqmi?..
Albatta, optimist boʻlgan yaxshi, lekin “adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda” degan fikrga qoʻshila olmayman. Masalaga realroq qarasak, adabiyotga “yaqin”-lik ham orzulanganni mavjud deya taqdim etishdan boshqa narsa emas. Yoʻqsa, yuz yil oʻtib ham Choʻlponning “Adabiyot oʻquylik!” xitobi dolzarb boʻlarmidi?! Xalqimizning bu kungi kitobxonlik darajasi eʼtiborga olinsa, adabiyotning ijtimoiy roli haqida gapirish ham asosli emasdek. Kitobxonlik madaniyati, badiiy informatsiyani qabul qila olish darajasini-ku gapirmayoq qoʻyaylik. Rosti, koʻpchilik uchun “Oʻtgan kunlar” hamon “Otabek degan yigit boʻladi, margʻilonlik Kumush degan qizni yaxshi koʻrib qoladi...” dan boshqa emas. Qiziq holat: buvilarimizga buvilari “Farhodu Shirin”, “Laylovu Majnun”larni oʻqishni taqiqlagan ekanlar, “ochilib ketasan!” deb. Yaʼni bu borada ham juday-la ilgarilab ketmagan koʻrinamiz. Bas, ahvol shu ekan, “dunyo ravishini oʻzgartirish” vazifasi adabiyot uchun ogʻirlik qilmaydimi?! Holiga qaramay unga bu qadar ogʻir yuk ortish insofdan boʻladimi?! Nazarimda, bugun jamiyatimizda kitobxonlik darajasi va madaniyatini yuksaltirish masalalari muhimroq, zero, bu borada erishajak muvaffaqiyatlarning tabiiy hosilasi oʻlaroq narigi muammolar ham oʻz-oʻzidan hal boʻlib boradi.
3. Bitta asar jamiyatga ikki xil taʼsir koʻrsatadimi? Nima uchun?..
Ha, hech shubhasiz... Shu oʻrinda bir voqeani eslashim oʻrinli koʻrindi. Yigirma yillar narida Toshkent safaridan qaytarkan, oʻzim tengi sergapgina haydovchiga toʻgʻri keldim. Adabiyotchi ekanimni bilgach, aytgan birinchi gapi hamon qulogʻim ostida (ohang jilvalari bilan) jaranglaydi:
– “Ulugʻbek xazinasi”ni zoʻr yozganda, Odil Yoqubovmidi?!.. Xaligi bor-u, Xurshidabonuning “begim... begim...” deyishlari, voh...
Nazarimda, haydovchi yigit ayni damda oʻsha sahnani ilk bor oʻqigan chogʻdagi holatni xayolu koʻngildan qayta kechirayotgandek, goʻyo qizning oʻtli shivirlari oshigʻiga emas, naqd uning oʻziga qaratilgandek... Qarang-a, adib talqinida ushbu sahna – ikki taqdirni bogʻlagan pokiza muhabbat namoyoni, ikki dil va vujud birlashgan lahza, goʻzal tuygʻuning eng yuksak choʻqqisi; haydovchi tengdoshim xayolida esa shahvatdan oʻzgasi qolmagan. Shunga oʻxshash, kimdir Asadbekning taqdiridagi chigalliklarni mushohada etadi, kim esa uning aʼmollariga ich-ichidan havas, xayolida yo haqiqatda ularga taqlid qiladi...
4. Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan boʻlardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Maʼnaviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yoʻq?
Sirasini aytganda, gap yana ixotalanish, cheklovu taqiqlarga borib taqalmoqda. Zero, hamonki “tavsiya etiladigan” va “tavsiya etilmaydigan” asarlar boʻlar ekan, oʻz-oʻzidan oʻquvchilarning keyingilari bilan tanishish imkonini cheklash zarurati yuzaga keladi. Shoʻro davri cheklovlaridan bezgan muhitda har qanday cheklovga nisbatan salbiy munosabat shakllangani ham, biron-bir cheklov joriy etilsayoq Gʻarbda “demokratiyaga tahdid”, “inson huqulari poymoli” deya ayyuhannos soluvchilar, oʻzimizda boʻlsa ularning nogʻorasiga oʻynovchilar topilishi ham bor gap. Qiziq-da, dajjol nogʻorasiga shox tashlab oʻynashdan avval ota-buvamizdan qolgan “bir balosi boʻlmasa shudgorda quyruq na qilur” naqli eslansa-ku – olam guliston. Ha-da, bir tanangga oʻyla: “Foydanigina maslak bilgan kas nechuk “mening huquqlarim himoyasi uchun” bunchalar harajatmand boʻlyapti? Maslagidan kechganmi va yo boshqa foydani koʻzlaydimi?..” Shunday, bu nokas “yurting darvozalarini ochib qoʻy, istagan yerimni toptayin!” deyolmaydi – “demokrat” degan oti bor axir, bas, ne-ne savdolardan qolgan “erkinlik” otligʻ siyqa tangalari bilan koʻngil darvozalarini ochtirmoq payida boʻladi, chunki ruhni bulgʻay olsa boʻldi – izmiga olgani shu!.. Xullas, bugungi dunyo manzarasini koʻz oldiga keltirib, undagi ruhimiz, maʼnaviyatimiz, milliy oʻzligimizga tahdidlarni mushohada qilolganki kishi ulardan ixotalanishga nafaqat haqli, balki burchli ekaniga imon keltiradi. Zero, imonli odam ikki-uch boʻgʻin naridagi avlodlari bugungi Gʻarbdagi kabi maʼnaviy muhitda yashashidan or etadi, bunga yoʻl qoʻygudek boʻlsa oxirati kuyib ketishini teran anglaydi.
Hech shubha yoʻq, “immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etish” tarzida masala qoʻyilganini koʻriboq miyigʻda kuladigan, shu haqda bosh qotiruvchilarni ijtimoiy tafakkuri qoloq yoxud shoʻro qoldigʻi – “sovok”likda ayblovchilar ham yetarlicha topiladi. Afsuski, dajjol xizmatiga ruhan hozir bu toifa ming yillar davomida masala ayni shu tarz qoʻyilib kelganini bilmaydi yo bilsa-da nazarga ilmaydi – kibrga berilgan. Aflotun degudek boʻlsam, balki, “Uning kim boʻlibdi?!” deyishdan ham toymas, shunday boʻlsa-da aytay, qariyb ikki yarim ming yillar avval Aflotun savol qoʻygan: “Bolalarimizning duch kelgan miflarni, qaysiki – tayinu notayin kaslar tomonidan toʻqilgan, aksariyati biz ular ulgʻayganlarida ongida boʻlishi kerak deb hisoblagan qarashlarga zid keluvchi miflarni tinglashlari, murgʻak qalblariga singdirishiga osongina yoʻl qoʻyib bera olamizmi?” Faylasuf berayotgan savolning javobi oʻzi bilan boʻlsa-da, u suhbat ravishini shunday olganki, shogird xulosa yasaydi: “Biz bunga aslo yoʻl qoʻymaymiz!” Yoʻl qoʻymaslik uchun esa ikkita asosiy chora koʻrsatiladi: 1) “mif yaratuvchilarni nazoratga olishimiz kerak: agar ularning asarlari yaxshi boʻlsa, qabul qilamiz, yoʻqsa – rad etamiz”; 2) “tarbiyachilar va onalarni bolalarga faqat tan olingan miflarni hikoya qilishga koʻndiramiz”. Kamina kun sayin amin boʻlyapmanki, Aflotun aytmish choralarni zamonamizga moslagan holda qoʻllash zarurati yetilib bormoqda. Sabr, “yana senzurami?!” deya ayuhannos solmay turing, hozircha maxsus nazoratchi idorani nazarda tutmadim. Negaki, koʻzlangan maqsadga noshir va muharrirlar masʼuliyatini oshirish bilan ham erishsa boʻladigan koʻrinadi. Deylik, noshirlarimiz oʻzlarini avvalo ziyoli, shundan soʻnggina tadbirkor deb bilsalar, muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻladigandek. Yana, muharrirlar yuksak maʼnaviyatli, badiiy didi injayu farosatli boʻlsalar-da, bemaza kitobda “muharriri falonchi” qabilida oʻz ismi-sharifining koʻrsatilishidan or qilsalar... Nihoyat, bizga “adabiyot” deya taqdim etilgan “nashr mahsulot”larini elakdan oʻtkazib, xulosalari asosida nashriyotlar faoliyatiga jiddiy taʼsir qila oladigan taqdimotlar kiritishga haqli badiiy kengash boʻlsa...
Xoʻp, “nimani tavsiya etmaslik” masalasini-ku shu tarz hal qilaylik ham, bundan-da dolzarb “nimani tavsiya etish” masalasi koʻndalang boʻladi. Xoʻsh, oʻsha “immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan”larga tavsiya etgulik nimamiz bor? Boringki, bizlar oʻqib katta boʻlgan asarlarning bir qismi ehtiyojni qisman qondirar ham. Qolganini-chi? Axir, bugungi bolalaru oʻsmirlarning intellektual saviyasi shu yoshdagi bizlardan chandon baland, bas, ehtiyojlari ham shunga yarasha emasmi?! Afsus, tan olish kerak, hozir shu ehtiyojlarni qondirishga qodir yozuvchi-shoirlarimiz yoʻq hisobi. Negaki, “bolalar adabiyoti”ga biroz mensimayroq qarash urf boʻlgan. Endi bu holni tubdan oʻzgartirish, yosh avlod tarbiyasi bilan bevosita bogʻliq soha rivojiga jiddiy, balki, davlat miqyosida eʼtibor qaratish, amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur koʻrinadi. Jumladan, soha mutaxassislari ishtirokida yosh xususiyatlariga mos asarlar roʻyxatlari tuzilsa; milliy adabiyotimiz xazinasidagi sara durdonalarni olish bilan birga xorijiy adabiyotlardan saylab tarjimalar qilinsa; nihoyat, bolalarimizga moʻljallangan kitoblar ommaviy adadlarda chop etilsa-yu eng chekka qishloqlargacha arzon narxlarda yetib borsa... haqiqiy maʼnoda adabiyotga “yaqin” boʻlish yoʻlidagi dadil odim, adabiyot makon tutmogʻi uchun millionlab qalblar eshigini ochib bermoq va zimmasidagi ezgu missiyani bajarishiga puxta zamin boʻlur edi.
5. Umidbaxsh va tushkun adabiyotning oʻquvchi va jamiyatga taʼsiri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?
Noumid – shayton, deydilar. Fikrimcha, buni “umidsizlik shaytondan” deb tushungan toʻgʻriroq boʻladi. Umidsizlikka tushganning shayton qutqusiga berilishi osonroq, chunki, agarki u umidsiz ekan, Rahmonga ishonchi darz ketgan, undan yiroqlashgan. Menga qolsa, tushkun asarlar asli dillaridagi umidsizlikni yengishga chogʻlangan mualliflarning magʻlubiyati hosilasidir. Yaʼni, masalan, Kamyu asarlari yozuvchi dilini chulgʻagan absurd tuygʻusini yengishga harakat boʻlgani kabi, faqat, bu intilish samarasi turlicha. Deylik, “Qalandar ishqi”dek dilbar gʻazalda Choʻlpon umidsizlikni yengib oʻtolmagan. Biroq buning uzrli vajhi bor: lirika oniy kayfiyatni chizadi, yaʼni onning oʻzi singari kayfiyat ham oʻtkinchi. Sheʼrxon koʻnglida ham shu oniy kayfiyat kechib oʻtadi va oʻzidan keyin aksar (nekbin kishilarda) umid sogʻinchini qoldiradi. Qolaversa, hayotida shu kabi onlaru ularni keltirib chiqargan omillar nechogʻli koʻp boʻlmasin, shoir dilidagi choʻng umid umidsizlik bilan olishib va yengib yashagan: tushkunlikka boʻy berayozgan koʻngliga qarata “Koʻngil, sen bunchalar nega Kishanlar birla doʻstlashding” deb boshlanuvchi mashhur xitobi bunga dalil. Endi oʻylab boqing: tushkun ruhga yirik epik asar, deylik, roman yoʻgʻrilgan boʻlsa-chi? Tabiiyki, bu ijodkordagi oniy kayfiyat ifodasi boʻlmaganidek, oʻquvchi dilida ham oʻtkinchi emas, aksincha, u koʻngilni tamom egallash payida. Immuniteti past koʻngil bunga qarshilik qilishga ojiz, oqibat shaytanat uchun yengil oʻlja boʻlib qoladi.
Zamonaviy, yaʼniki birov “global isish”dan, boshqasi “kichik muzlik davri”dan, tagʻin birovi “asteroid bilan muqarrar toʻqnashuv”dan bashorat qilib turgan dunyo, hech shubhasiz, umidbaxsh adabiyotga ehtiyojmand. Umid – bashariyatning olisdagi nurga tikkan koʻzi, adabiyot esa kiprik misoli uni chang-gʻubordan asrashu tomchidori kabi yuvib ravshanlantirmoqqa masʼuldir. Zero, oʻsha nurni koʻrolmay qolish xavfi qarshisida zikr etilgan vahimali bashoratlar soxta poʻpisachalik ham qoʻrqinch emas.
6. Oʻtmish merosni har bir zamon oʻz mezonlari chigʻirigʻidan oʻtkazib turishi kerakmi? Nima uchun?
Inson oʻtmish merosiga hamisha saylab munosabatda boʻladi. Yaʼni u oʻtmish merosining barini emas, undagi oʻzi uchun ijtimoiy-shaxsiy ahamiyat, qiymat kasb etuvchi narsalarnigina qadriyat sanaydi. Bevosita adabiy merosga kelsak, bunda qiymatu ahamiyat, birinchidan, asarda muhrlangan (kodlangan) MAʼNO koʻlami bilan; ikkinchidan, oʻsha kodlar (belgilar)ning MAʼNOning yangi qirralarini jilvalantirish va yo yangilangan MAʼNOni tashishga qay darajada qobilligi bilan belgilanadi. Boshqacha aytganda, gap inson uchun ahamiyatli (koʻlamidan qatʼi nazar) va ezgu mazmunni goʻzal shaklda ifodalash haqida bormoqdaki, badiiy qadriyatni saylashning bosh mezoni shudir. Agar shu mezon qoʻyilar ekan, birinchidan, bugun oʻtmishda yaratilgan asarlarning bari ham; ikkinchidan, bitta ijodkor, u nechogʻli ulkan isteʼdod ekanidan qatʼi nazar, yaratgan asarlarning bari ham qadriyat boʻlolmaydi. Yaʼni, qiyos joiz boʻlsa, adabiy-badiiy qadriyat misoli tonnalab ruda ichidan ajratib olingan yombi maʼdandir. Albatta, oddiy oʻquvchida tonnalab rudani titkilashga na vaqt, na toqat va na malaka bor. Demak, merosimizdan durdonalarni saralab, goʻzalligiyu qiymatini namoyish etgan holda keng ommaga taqdim etish va shu tariqa xalqimizning badiiy bisotini koʻpaytirish vazifasi bevosita mutaxassislar zimmasiga tushadi. Fikrimcha, bu borada muvaffaqiyat qozonishning yana bir muhim sharti maktab adabiy taʼlimining ayni shu asarlarni oʻrganish asosiga qurilishidir. Har ikki holda ham, yaʼni tadqiqot va taʼlimda belgilangan mezondan ogʻishmaslik, munosabat va bahoda xolislik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
7. Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uchta yoʻl boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qoʻyib aytganda, toʻgʻri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yoʻqmi, boʻlsa, qay darajada?
Albatta, tanlovga juda koʻp omillar, jumladan, adabiyotning ham taʼsiri bor. Deylik, tadbirkor qarshisida tanlov imkoniyati yuzaga keldi: manavi ishga sarmoya tiksang oʻttiz foiz foyda koʻrasan, bunisiga tiksang – yuz foiz. Faqat keyingisida sagʻirlar haqiga ozroq xiyonat bor... Yoki mana bunisiga tik – yuz ellik foiz foyda koʻrasan, faqat el manfaatiga ozgina zid tomoni bor... Tez boyimoq tilasang, bunisiga tik – uch yuz foiz foyda koʻrasan, faqat hamyurtlaringga ogʻu tarqatishing kerak... Albatta, adabiyot tanlovning arifmetik yo iqtisodiy tomoniga taʼsir qilmaydi, biroq uning maʼnaviy-axloqiy tomonini belgilashga jiddiy taʼsir qiladi. Yaʼni, agar tadbirkor mavjud yoʻllardan kam foyda keltirsa ham halolini tanlasa, bilingki, bunda boshqa maʼnaviy-axloqiy omillar qatori adabiyotning ham xizmati bor. Bu adabiyotning potensialidagi insonni maʼnan yuksaltirish, jamiyat hayotini tozartirish, ijtimoiy munosabatlarni isloh qilish, qisqasi – odamni oʻzgartirish orqali olamni oʻzgartira olish imkoniga bir misol, xolos. Ushbu imkon roʻyobga chiqishi va toʻla kuch bilan ishlashi uchun esa, yuqorida aytdik, kitobxonlik darajasi va madaniyatini yuksaltirish, adabiy taʼlimni isloh qilish kabi dolzarb vazifalarni uddalash taqozo etiladi.
2015 yil
(“Шарқ юлдузи” журнали саволларига жавоблар)
1. Бадиий асар тарбия воситасими? Яхши китоб эзгуликка, ёмони ёвузликка етаклашига ишонасизми?
Бадиий асар – тарбия воситаси десак, балки, предмет кўламини бирмунча торайтиргандек бўлармиз-у, аммо тарбиявийлик адабиётнинг қон-қонига сингган хусусият экани бор гап. Ахир, кўҳна Шарқ бежиз уни “гўзал хулқлар” маъносини берувчи “адаб” сўзи билан атамаган-да! Зеро, адабий асарлар “панднома” ва ё “дидактик” унвонларига эга бўлса-бўлмаса ҳамиша тарбия қилиб келган ва мудом шундай бўлади. Негаки, чинакам санъаткор ҳамиша эзгулик томонида, борлиқни шу мавқедан туриб акс эттиради ва баҳолайдики, асарнинг жон-жонига сингган эзгулик мутолаа давомида сездирмайгина ўқувчи қалбига инади. Шу тариқа тарбия акти содир бўлади, муаллифнинг “тарбия қилиш” ва ё ўқувчининг “тарбия олиш” мақсадини кўзлаган-кўзламаганидан қатъи назар.
Охирги жумлаларни ўқиб, беихтиёр ўқувчидан ўзиброқ ўз-ўзимга киноя қилмоққа шошдим: “Жўнгина экан-ку!”. Ҳа-да, Улуғбекнинг ёзганларию саволнинг қўйилишидан ўта мураккаб туюлган муаммони “биринчи зарбдаёқ бўйнигача...” Йўғ-а, асло жўн туюлмасин, жўн демадим ҳам. Зеро, юқорида “чинакам санъаткор” дея урғулаганим, аслида, ғайр тоифа, яъни ўзга мавқеда турадиганлар ҳам бор деганидир. Бунинг ҳам ҳеч ажабланарли жойи йўқ. Ахир, санъаткор ҳам инсон, инсонни эса Роббимиз фаришта билан ҳайвон ўртасида яратди, бас, ўй-ҳисларимизу амалларимиз шу икки қутб орасида тебранади. Айтайлик, қиссанавис бениҳоя гўзал ва соф ишқдан сўйлаётгани чоғ бир тойилса-ю, жажжигина эпизодни яланг ҳирс кўзи билан чизса... Илож қанча, авомга муҳаббатнинг маънавий-руҳий моҳиятидан кўра бу томони яқинроқ, шу боис ҳам, афсуски, ёдида кўпроқ ўша ҳирс-ла мойланган эпизод қолади. Демак, гап бориб яна ёзувчи масъулиятига тақалади. Яъни у эзгулик ходими эканини ёдда тутган ҳолда ўзини идора қилмоғи, ўз-ўзига цензор бўлмоғи даркор. Албатта, шу ўринда эътироз бўлиши табиий: “Унда энди-энди эришганимиз ижод эркинлиги нима бўлади?” Асли, эътироз ўринсиз: эркинлик, жумладан, ижод эркинлиги ҳам асло мутлақ бўлолмайди, мутлақ эркинлик ҳалокатлидир. Зеро, мутлақ эркинлик даъвосию адабиётда аввало ўзни ифодалаш воситасини кўриш сабаб Ғарбда шайтоний руҳга тўйинган битиклар дунёга келдики, оқибати, мана, бугун “кўҳна дунё” Лут қавмига эргашиб таназзулга юз тутди. Ривоятда келишича, Дажжол ҳалокатга нoғора-сурнай оҳанглари остида бошлармиш. Ажаб, йўл қанчалар ҳалокатли бўлса, чорлови шунчалар жозиб! Қаранг, овруполиклар неча замондан бери “эркак, аёл тенглиги” дея “енг шимариб-енг шимариб” қилиб келаётган ишлар тенгсизликни йўқотибгина қолмай, бугун энди “эркак-аёл” тушунчаларининг ўзига-да дахл қилиб турибди-ку?! Тўғри, адабиёт инсоннинг ўзини, кўнгилни ифодалаш воситаси, бироқ бу кўнглингда борини айтавер дегани эмас-да! Ахир, кўнгил фақат эзгулик макони эмас, унинг олис пучмоқларида чиқишга йўл тополмай бижғиб ётган майллар ҳам бисёр. Яъники, ижодкорнинг ўзи ихота қўймаса, улардан ўқувчини ким ҳимоя қилади?!..
Мулоҳазаларим ўқувчига ишончсизлик ёки уни “ҳамиша ёзувчи етовида ва шу боис ҳимояга муҳтож” деб билиш сифатида тушунилмасин. Зеро, улар ўқиш жараёнининг психологик хусусиятларидан келиб чиқади. Дейлик, ўқиш давомида ўқувчи асар бадиий воқелигида яшайди, яъни персонажларнинг бошидан ё кўнглидан кечганларни кечириб кўради. Энг муҳими, ўқувчи бадиий воқеликдаги “умри”нинг ҳар лаҳзасида унинг яратувчиси – муаллиф нигоҳи, муносабатини туйиб туради ва ўзи ҳам сезмаган ҳолда муносабатини шунга созлайди. Масалан, персонажнинг ўзгага зулм этиб ҳузурланаётгани тасвирланган ҳолат ўқувчи дилида мудроқ инстинктни қўзғаса, муаллиф муносабати уни қайтадан мудроққа солиб, унга нисбатан нафрат туғдиради. Аксинча, ёзувчи айни ҳолатни тасвирлаш чоғи инстинктга бўй бериб қўйса, ўқувчи дилидаги мудроқ инстинктни уйғотиб қўяди, холос.
Айтганларим адабий асар эзгулик томон ҳам, ёвузлик томон ҳам бирдек етаклайвериши мумкинлиги, ижодкор масъулияти ҳақидаги гаплар бугун ғоят муҳим аҳамият касб этаётганини кўрсатади. Дарвоқе, баъзи ижодкорлар “дилимга солганини ёзаман” дея гўё ўзларидан масъулиятни соқит қилган бўладилар. Асли, бундай қараш илдизи ғоят қадим: Гесиод шоир музалар қулоғига шивирлаганни айтишади деб уқтиради. Хўп, агарда шундай, яъни ижодкор шунчаки медиум – қулоғига шивирланган ё дилига солинганни етказувчигина бўлса ҳам, шивирки бор музалардан ва ё дилига солинганки нарса Раҳмондан бўлавермайди, ахир. Ҳолбуки, ҳақиқий санъат, жумладан, адабиётнинг раҳмоний бўлмоғи шартдир.
2. Энг катта адабиёт юрагимизда яшайди. Демак, адабиёт ҳар биримизнинг, ҳаммамизнинг ичимизда. Лекин адабиётга “яқин” бўлганимиз ҳолда нега дунёда зулм бор? Инсон янги йўл қидирмоқда. Нега? “Йўлини йўқотган дунё”да адабиётнинг ўрни ва роли борми? Нега у, яъни адабиёт дунёнинг йўлини йўқотишига жим қараб тур(а)ди? Адабиёт дунёнинг равишини ўзгартириб, унинг янги, муносиб йўл топишига илҳомлантирувчи куч бўла оладими-йўқми?..
Албатта, оптимист бўлган яхши, лекин “адабиёт ҳар биримизнинг, ҳаммамизнинг ичимизда” деган фикрга қўшила олмайман. Масалага реалроқ қарасак, адабиётга “яқин”-лик ҳам орзуланганни мавжуд дея тақдим этишдан бошқа нарса эмас. Йўқса, юз йил ўтиб ҳам Чўлпоннинг “Адабиёт ўқуйлик!” хитоби долзарб бўлармиди?! Халқимизнинг бу кунги китобхонлик даражаси эътиборга олинса, адабиётнинг ижтимоий роли ҳақида гапириш ҳам асосли эмасдек. Китобхонлик маданияти, бадиий информацияни қабул қила олиш даражасини-ку гапирмаёқ қўяйлик. Рости, кўпчилик учун “Ўтган кунлар” ҳамон “Отабек деган йигит бўлади, марғилонлик Кумуш деган қизни яхши кўриб қолади...” дан бошқа эмас. Қизиқ ҳолат: бувиларимизга бувилари “Фарҳоду Ширин”, “Лайлову Мажнун”ларни ўқишни тақиқлаган эканлар, “очилиб кетасан!” деб. Яъни бу борада ҳам жудай-ла илгарилаб кетмаган кўринамиз. Бас, аҳвол шу экан, “дунё равишини ўзгартириш” вазифаси адабиёт учун оғирлик қилмайдими?! Ҳолига қарамай унга бу қадар оғир юк ортиш инсофдан бўладими?! Назаримда, бугун жамиятимизда китобхонлик даражаси ва маданиятини юксалтириш масалалари муҳимроқ, зеро, бу борада эришажак муваффақиятларнинг табиий ҳосиласи ўлароқ нариги муаммолар ҳам ўз-ўзидан ҳал бўлиб боради.
3. Битта асар жамиятга икки хил таъсир кўрсатадими? Нима учун?..
Ҳа, ҳеч шубҳасиз... Шу ўринда бир воқеани эслашим ўринли кўринди. Йигирма йиллар нарида Тошкент сафаридан қайтаркан, ўзим тенги сергапгина ҳайдовчига тўғри келдим. Адабиётчи эканимни билгач, айтган биринчи гапи ҳамон қулоғим остида (оҳанг жилвалари билан) жаранглайди:
– “Улуғбек хазинаси”ни зўр ёзганда, Одил Ёқубовмиди?!.. Халиги бор-у, Хуршидабонунинг “бегим... бегим...” дейишлари, воҳ...
Назаримда, ҳайдовчи йигит айни дамда ўша саҳнани илк бор ўқиган чоғдаги ҳолатни хаёлу кўнгилдан қайта кечираётгандек, гўё қизнинг ўтли шивирлари ошиғига эмас, нақд унинг ўзига қаратилгандек... Қаранг-а, адиб талқинида ушбу саҳна – икки тақдирни боғлаган покиза муҳаббат намоёни, икки дил ва вужуд бирлашган лаҳза, гўзал туйғунинг энг юксак чўққиси; ҳайдовчи тенгдошим хаёлида эса шаҳватдан ўзгаси қолмаган. Шунга ўхшаш, кимдир Асадбекнинг тақдиридаги чигалликларни мушоҳада этади, ким эса унинг аъмолларига ич-ичидан ҳавас, хаёлида ё ҳақиқатда уларга тақлид қилади...
4. Хос ва омма диди ҳамда адабиёти ҳақида сиз нима деган бўлардингиз? Ҳаммага “ҳамма нарса”ни тақдим қилиш қандай оқибатларга олиб келади? Маънавий иммунитети ҳали етарлича шаклланмаган ёш авлодга қандай асарлар тавсия этиладию қандайлари йўқ?
Сирасини айтганда, гап яна ихоталаниш, чеклову тақиқларга бориб тақалмоқда. Зеро, ҳамонки “тавсия этиладиган” ва “тавсия этилмайдиган” асарлар бўлар экан, ўз-ўзидан ўқувчиларнинг кейингилари билан танишиш имконини чеклаш зарурати юзага келади. Шўро даври чекловларидан безган муҳитда ҳар қандай чекловга нисбатан салбий муносабат шакллангани ҳам, бирон-бир чеклов жорий этилсаёқ Ғарбда “демократияга таҳдид”, “инсон ҳуқулари поймоли” дея айюҳаннос солувчилар, ўзимизда бўлса уларнинг ноғорасига ўйновчилар топилиши ҳам бор гап. Қизиқ-да, дажжол ноғорасига шох ташлаб ўйнашдан аввал ота-бувамиздан қолган “бир балоси бўлмаса шудгорда қуйруқ на қилур” нақли эсланса-ку – олам гулистон. Ҳа-да, бир танангга ўйла: “Фойданигина маслак билган кас нечук “менинг ҳуқуқларим ҳимояси учун” бунчалар ҳаражатманд бўляпти? Маслагидан кечганми ва ё бошқа фойдани кўзлайдими?..” Шундай, бу нокас “юртинг дарвозаларини очиб қўй, истаган еримни топтайин!” деёлмайди – “демократ” деган оти бор ахир, бас, не-не савдолардан қолган “эркинлик” отлиғ сийқа тангалари билан кўнгил дарвозаларини очтирмоқ пайида бўлади, чунки руҳни булғай олса бўлди – измига олгани шу!.. Хуллас, бугунги дунё манзарасини кўз олдига келтириб, ундаги руҳимиз, маънавиятимиз, миллий ўзлигимизга таҳдидларни мушоҳада қилолганки киши улардан ихоталанишга нафақат ҳақли, балки бурчли эканига имон келтиради. Зеро, имонли одам икки-уч бўғин наридаги авлодлари бугунги Ғарбдаги каби маънавий муҳитда яшашидан ор этади, бунга йўл қўйгудек бўлса охирати куйиб кетишини теран англайди.
Ҳеч шубҳа йўқ, “иммунитети ҳали етарлича шаклланмаган ёш авлодга қандай асарлар тавсия этиш” тарзида масала қўйилганини кўрибоқ мийиғда куладиган, шу ҳақда бош қотирувчиларни ижтимоий тафаккури қолоқ ёхуд шўро қолдиғи – “совок”ликда айбловчилар ҳам етарлича топилади. Афсуски, дажжол хизматига руҳан ҳозир бу тоифа минг йиллар давомида масала айни шу тарз қўйилиб келганини билмайди ё билса-да назарга илмайди – кибрга берилган. Афлотун дегудек бўлсам, балки, “Унинг ким бўлибди?!” дейишдан ҳам тоймас, шундай бўлса-да айтай, қарийб икки ярим минг йиллар аввал Афлотун савол қўйган: “Болаларимизнинг дуч келган мифларни, қайсики – тайину нотайин каслар томонидан тўқилган, аксарияти биз улар улғайганларида онгида бўлиши керак деб ҳисоблаган қарашларга зид келувчи мифларни тинглашлари, мурғак қалбларига сингдиришига осонгина йўл қўйиб бера оламизми?” Файласуф бераётган саволнинг жавоби ўзи билан бўлса-да, у суҳбат равишини шундай олганки, шогирд хулоса ясайди: “Биз бунга асло йўл қўймаймиз!” Йўл қўймаслик учун эса иккита асосий чора кўрсатилади: 1) “миф яратувчиларни назоратга олишимиз керак: агар уларнинг асарлари яхши бўлса, қабул қиламиз, йўқса – рад этамиз”; 2) “тарбиячилар ва оналарни болаларга фақат тан олинган мифларни ҳикоя қилишга кўндирамиз”. Камина кун сайин амин бўляпманки, Афлотун айтмиш чораларни замонамизга мослаган ҳолда қўллаш зарурати етилиб бормоқда. Сабр, “яна цензурами?!” дея аюҳаннос солмай туринг, ҳозирча махсус назоратчи идорани назарда тутмадим. Негаки, кўзланган мақсадга ношир ва муҳаррирлар масъулиятини ошириш билан ҳам эришса бўладиган кўринади. Дейлик, ноширларимиз ўзларини аввало зиёли, шундан сўнггина тадбиркор деб билсалар, муаммолар ўз-ўзидан ҳал бўладигандек. Яна, муҳаррирлар юксак маънавиятли, бадиий диди инжаю фаросатли бўлсалар-да, бемаза китобда “муҳаррири фалончи” қабилида ўз исми-шарифининг кўрсатилишидан ор қилсалар... Ниҳоят, бизга “адабиёт” дея тақдим этилган “нашр маҳсулот”ларини элакдан ўтказиб, хулосалари асосида нашриётлар фаолиятига жиддий таъсир қила оладиган тақдимотлар киритишга ҳақли бадиий кенгаш бўлса...
Хўп, “нимани тавсия этмаслик” масаласини-ку шу тарз ҳал қилайлик ҳам, бундан-да долзарб “нимани тавсия этиш” масаласи кўндаланг бўлади. Хўш, ўша “иммунитети ҳали етарлича шаклланмаган”ларга тавсия этгулик нимамиз бор? Борингки, бизлар ўқиб катта бўлган асарларнинг бир қисми эҳтиёжни қисман қондирар ҳам. Қолганини-чи? Ахир, бугунги болалару ўсмирларнинг интеллектуал савияси шу ёшдаги бизлардан чандон баланд, бас, эҳтиёжлари ҳам шунга яраша эмасми?! Афсус, тан олиш керак, ҳозир шу эҳтиёжларни қондиришга қодир ёзувчи-шоирларимиз йўқ ҳисоби. Негаки, “болалар адабиёти”га бироз менсимайроқ қараш урф бўлган. Энди бу ҳолни тубдан ўзгартириш, ёш авлод тарбияси билан бевосита боғлиқ соҳа ривожига жиддий, балки, давлат миқёсида эътибор қаратиш, амалий чора-тадбирлар ишлаб чиқиш зарур кўринади. Жумладан, соҳа мутахассислари иштирокида ёш хусусиятларига мос асарлар рўйхатлари тузилса; миллий адабиётимиз хазинасидаги сара дурдоналарни олиш билан бирга хорижий адабиётлардан сайлаб таржималар қилинса; ниҳоят, болаларимизга мўлжалланган китоблар оммавий ададларда чоп этилса-ю энг чекка қишлоқларгача арзон нархларда етиб борса... ҳақиқий маънода адабиётга “яқин” бўлиш йўлидаги дадил одим, адабиёт макон тутмоғи учун миллионлаб қалблар эшигини очиб бермоқ ва зиммасидаги эзгу миссияни бажаришига пухта замин бўлур эди.
5. Умидбахш ва тушкун адабиётнинг ўқувчи ва жамиятга таъсири масаласида нималар дея оласиз? Замонавий дунёнинг бугун қандай адабиётга эҳтиёжи бор?
Ноумид – шайтон, дейдилар. Фикримча, буни “умидсизлик шайтондан” деб тушунган тўғрироқ бўлади. Умидсизликка тушганнинг шайтон қутқусига берилиши осонроқ, чунки, агарки у умидсиз экан, Раҳмонга ишончи дарз кетган, ундан йироқлашган. Менга қолса, тушкун асарлар асли дилларидаги умидсизликни енгишга чоғланган муаллифларнинг мағлубияти ҳосиласидир. Яъни, масалан, Камю асарлари ёзувчи дилини чулғаган абсурд туйғусини енгишга ҳаракат бўлгани каби, фақат, бу интилиш самараси турлича. Дейлик, “Қаландар ишқи”дек дилбар ғазалда Чўлпон умидсизликни енгиб ўтолмаган. Бироқ бунинг узрли важҳи бор: лирика оний кайфиятни чизади, яъни оннинг ўзи сингари кайфият ҳам ўткинчи. Шеърхон кўнглида ҳам шу оний кайфият кечиб ўтади ва ўзидан кейин аксар (некбин кишиларда) умид соғинчини қолдиради. Қолаверса, ҳаётида шу каби онлару уларни келтириб чиқарган омиллар нечоғли кўп бўлмасин, шоир дилидаги чўнг умид умидсизлик билан олишиб ва енгиб яшаган: тушкунликка бўй бераёзган кўнглига қарата “Кўнгил, сен бунчалар нега Кишанлар бирла дўстлашдинг” деб бошланувчи машҳур хитоби бунга далил. Энди ўйлаб боқинг: тушкун руҳга йирик эпик асар, дейлик, роман йўғрилган бўлса-чи? Табиийки, бу ижодкордаги оний кайфият ифодаси бўлмаганидек, ўқувчи дилида ҳам ўткинчи эмас, аксинча, у кўнгилни тамом эгаллаш пайида. Иммунитети паст кўнгил бунга қаршилик қилишга ожиз, оқибат шайтанат учун енгил ўлжа бўлиб қолади.
Замонавий, яъники биров “глобал исиш”дан, бошқаси “кичик музлик даври”дан, тағин бирови “астероид билан муқаррар тўқнашув”дан башорат қилиб турган дунё, ҳеч шубҳасиз, умидбахш адабиётга эҳтиёжманд. Умид – башариятнинг олисдаги нурга тиккан кўзи, адабиёт эса киприк мисоли уни чанг-ғубордан асрашу томчидори каби ювиб равшанлантирмоққа масъулдир. Зеро, ўша нурни кўролмай қолиш хавфи қаршисида зикр этилган ваҳимали башоратлар сохта пўписачалик ҳам қўрқинч эмас.
6. Ўтмиш меросни ҳар бир замон ўз мезонлари чиғириғидан ўтказиб туриши керакми? Нима учун?
Инсон ўтмиш меросига ҳамиша сайлаб муносабатда бўлади. Яъни у ўтмиш меросининг барини эмас, ундаги ўзи учун ижтимоий-шахсий аҳамият, қиймат касб этувчи нарсаларнигина қадрият санайди. Бевосита адабий меросга келсак, бунда қиймату аҳамият, биринчидан, асарда муҳрланган (кодланган) МАЪНО кўлами билан; иккинчидан, ўша кодлар (белгилар)нинг МАЪНОнинг янги қирраларини жилвалантириш ва ё янгиланган МАЪНОни ташишга қай даражада қобиллиги билан белгиланади. Бошқача айтганда, гап инсон учун аҳамиятли (кўламидан қатъи назар) ва эзгу мазмунни гўзал шаклда ифодалаш ҳақида бормоқдаки, бадиий қадриятни сайлашнинг бош мезони шудир. Агар шу мезон қўйилар экан, биринчидан, бугун ўтмишда яратилган асарларнинг бари ҳам; иккинчидан, битта ижодкор, у нечоғли улкан истеъдод эканидан қатъи назар, яратган асарларнинг бари ҳам қадрият бўлолмайди. Яъни, қиёс жоиз бўлса, адабий-бадиий қадрият мисоли тонналаб руда ичидан ажратиб олинган ёмби маъдандир. Албатта, оддий ўқувчида тонналаб рудани титкилашга на вақт, на тоқат ва на малака бор. Демак, меросимиздан дурдоналарни саралаб, гўзаллигию қийматини намойиш этган ҳолда кенг оммага тақдим этиш ва шу тариқа халқимизнинг бадиий бисотини кўпайтириш вазифаси бевосита мутахассислар зиммасига тушади. Фикримча, бу борада муваффақият қозонишнинг яна бир муҳим шарти мактаб адабий таълимининг айни шу асарларни ўрганиш асосига қурилишидир. Ҳар икки ҳолда ҳам, яъни тадқиқот ва таълимда белгиланган мезондан оғишмаслик, муносабат ва баҳода холислик ҳал қилувчи аҳамият касб этади.
7. Инсон тирик экан, ҳар доим танлов қаршисида туради. Худди учта йўл бошидан чиқиб қолган эртак қаҳрамони каби. Ҳар қанақа мулозаматни бир четга суриб қўйиб айтганда, тўғри танлов қилишда адабиётнинг роли борми-йўқми, бўлса, қай даражада?
Албатта, танловга жуда кўп омиллар, жумладан, адабиётнинг ҳам таъсири бор. Дейлик, тадбиркор қаршисида танлов имконияти юзага келди: манави ишга сармоя тиксанг ўттиз фоиз фойда кўрасан, бунисига тиксанг – юз фоиз. Фақат кейингисида сағирлар ҳақига озроқ хиёнат бор... Ёки мана бунисига тик – юз эллик фоиз фойда кўрасан, фақат эл манфаатига озгина зид томони бор... Тез бойимоқ тиласанг, бунисига тик – уч юз фоиз фойда кўрасан, фақат ҳамюртларингга оғу тарқатишинг керак... Албатта, адабиёт танловнинг арифметик ё иқтисодий томонига таъсир қилмайди, бироқ унинг маънавий-ахлоқий томонини белгилашга жиддий таъсир қилади. Яъни, агар тадбиркор мавжуд йўллардан кам фойда келтирса ҳам ҳалолини танласа, билингки, бунда бошқа маънавий-ахлоқий омиллар қатори адабиётнинг ҳам хизмати бор. Бу адабиётнинг потенциалидаги инсонни маънан юксалтириш, жамият ҳаётини тозартириш, ижтимоий муносабатларни ислоҳ қилиш, қисқаси – одамни ўзгартириш орқали оламни ўзгартира олиш имконига бир мисол, холос. Ушбу имкон рўёбга чиқиши ва тўла куч билан ишлаши учун эса, юқорида айтдик, китобхонлик даражаси ва маданиятини юксалтириш, адабий таълимни ислоҳ қилиш каби долзарб вазифаларни уддалаш тақозо этилади.
2015 йил
Dilmurod Quronov