Badiiy asar faqat badiiyat mezonlaridan kelib chiqib baholanishi lozim degan fikr keyingi vaqtda bot-bot uchramoqda. Albatta, bosh mezon badiiylik boʻlishi kerak, lekin masalani bu qadar keskin qoʻyish yana biryoqlamalikka olib kelmasmikin? Mazkur fikr uzoq vaqtlardan beri badiiy asarning mafkuraviy jihatini ustun qoʻyib baholash amaliyotga «aks taʼsir» sifatida yuzaga kelgani ravshan. Eskidan qolgan gap boʻlsa-da, takrorlash joiz: badiiy ham gʻoyaviy tahlil — bir olmaning ikki pallasi, faqat... faqat ilgarigiday qonunan mustahkamlangan hokim mafkurani ustun qoʻyib, boshqalarini butkul, aksar hollarda koʻr-koʻrona inkor qilinmasa, zamonamiz bayrogʻiga yozilmish «plyuralizm» degan narsa kundalik haqiqatga aylansa...
Bugungi kunda «badiiy asar oʻqigandan gazeta oʻqigan qiziqarliroq» degan gap rasm boʻldi, sababki, osuda kechayotgan jamiyatimiz hayoti oʻzanidan chiqdi: nimalar boʻlayotganini, qay tomon borayotganimizni kim bilishni istamaydi deysiz. Aytmoqchimizki, jamiyat hayotida shunday davrlar boʻladiki, ijtimoiy-shaxsiy zarurat shoirning publitsistga, nosirning sotsiologga aylanishini taqozo qiladi.
Nasrimizda oʻlkamizning inqilob arafasidagi hayotini jiddiy tahlil etuvchi ikkitagina asar bor: «Kecha va kunduz» ham «Qutlugʻ qon» romanlari. Taqdir ularning har biriga oʻzgacha qismatni ravo koʻrdi: birinchisi, qatagʻon qilindi, shunchalarki, xalq xotirasidan butkul oʻchishiga oz qoldi; ikkinchisi, targʻibu tashviq etilaverdi, shunchalarki, umrida romanning toʻla matnini koʻrmagan kishi uni «oʻqigan» chiqadi.
Maʼlumki, Oybek talqinida asosiy ijtimoiy konflikt ezuvchi va eziluvchi sinflar orasida yotadi, Choʻlponda esa mehnatkash omma ijtimoiy harakatdan chetda. Tabiiy bir savol tugʻiladi: qay biri haq ularning? Fikrimizcha, Choʻlpon haqiqatga yaqinroq turgan koʻrinadi. Albatta, mehnatkash omma bilan yozuvchilar orasida ziddiyat mavjud boʻlganini inkor qilolmaymiz, lekin bu narsa oʻsha vaqtdagi Turkistonda asosiy konflikt (yaʼni ijtimoiy taraqqiyot yoʻlini belgilovchi) boʻlganiga ishonchimiz kamroq. Nega? Tarixdan maʼlumki, 1905 yilda «revolyutsiya beshigi» Petrogradda marksistik tashviqot keng quloch otganiga qaramasdan, ishchilar pop Gapon ortidan ergashgan edilar. Petrograd sharoitini, poytaxt ishchilarining revolyutsion tayyorgarligini esa Turkiston voqeligi bilan qiyoslashga hojat boʻlmasa kerak. Yana revolyutsiya kuychisi M. Gorkiyning 1917 yilda yozgan quyidagi gapiga ham eʼtiborni qaratgimiz keladi: «Rossiya voqeligining hozirgi sharoitida sotsial inqilobga oʻrin yoʻq, zero, choʻrtan baliq amri bilan 85 foiz dehqon aholini sotsialist qilib qoʻyish mumkin emas-ku...» Modomiki, revolyutsiya avangardi — rus ishchilar sinfi aholining bor-yoʻgʻi 15 foizini (ularning ham aksariyati kechagi dehqonlar) tashkil qilgan ekan, inqilobdan 70 yil oʻtgach, ishchilari aholisining atigi 20 foizini tashkil qilgan oʻlkamiz haqida gapirmasa ham boʻladi.
Choʻlpon ijodining jonkuyar tadqiqotchisi Ozod Sharafiddinov adib haqida: «...u inqilob arafasidagi Turkiston voqeligini tasvirlar ekan, ijtimoiy hayotning eng chuqur qatlamlarigacha koʻz tashlaydi...»— deb yozadi. Xoʻsh, Choʻlpon «ijtimoiy hayotning eng chuqur qatlamlarida» nimalarni koʻra oldi?
«Kecha va kunduz»da asosiy ijtimoiy konflikt feodalizm (chor mustamlakachilari ham shuning ichida) bilan shakllanib kelayotgan milliy burjuaziya orasida yotadi. Shu jihatdan olib qaraganda, romanning yetakchi gʻoyaviy yoʻnalishini belgilashda mahalliy feodal va amaldor Akbarali bilan hali ijtimoiy kuch sifatida oʻzini tanimagan milliy burjuaziya vakili Miryoqub munosabati muhim oʻrin tutadi.
Akbarali mingboshi obrazi vositasida adib feodalizmning inqirozga yuz tutgani qonuniy hol ekanini koʻrsata olgan. Akbarali — «oʻz qishlogʻi bilan mingboshining mahkamasi orasida daftar koʻtarib ot chopish, qishloqdan odam haydab chiqib katta yoʻlga suv septirishgagina» yaraydigan odam. Uning baharnav ishini eplab turishida Miryoqubning xizmati ulugʻ. Akbarali birmuncha oʻzgargan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda harakat qilishga qodir emas. Chunki oʻzgarishlarni anglashdan ojiz — aqli koʻtoh. Bu narsa uni osongina Miryoqub va noyib toʻra qoʻlidagi qoʻgʻirchoqqa aylantiradi. U ikkalasiga ham birday zarur: birinchisiga iqtisodiy, ikkinchisiga esa siyosiy manfaatlar yoʻlida. Choʻlpon yozadi: «yer-suv, pul va boshqa boylikka koʻmilgan bu odamning butun borligʻi Miryoqubning qoʻlida edi. Yerdan chiqqan hosilning qanchasi oʻz qoʻliga oʻtib, qanchasi Miryoqub omboriga toʻkilganini mingboshi oʻzi hech qachon bilgan emas». Koʻrinadiki, mol-dunyosi koʻpligidan oʻzi ham hisobini bilmaydigan Akbarali Miryoqub uchun daromad manbai, xolos. Sarmoyasini uddaburonlik bilan ishga solish Akbaralining qoʻlidan kelmaydi, demak, iqtisodiy jihatdan uning kelajagi yoʻq. Mingboshi bilan Miryoqubning sirtdan «doʻstona» koʻringan munosabati tomonlar anglab yetmagan musobaqadan boshqa narsa emas.
Idora — boshqaruv ishiga uquvi yoʻq, mustaqil fikrga ega boʻlmagan manfaatparast akbaralilar mustamlaka siyosatini oʻtkazayotgan chor chinovniklariga har jihatdan qoʻl keladi. Akbaralining qoʻli bilan ish yuritgan noyib toʻra aybni oʻzidan soqit qilib, «biz yaxshimizu shu amaldorlar...» deya mahalliy amaldorlarga yuklamoqchi boʻladi. Akbarali tipidagi amaldorlar tepongʻich uloqchi otlar orasiga bogʻlangan yagʻir eshakday gap. Agar mingboshi nogoh oʻlmaganida, rus toʻralar uni amalidan tushirib «adolat qilishlari» va shu bahona el nazdida «oppoq» boʻlib olishlari tayin edi. Afsuski, u oʻlib qoldi, lekin toʻralar bundan ham ustalik bilan foydalandilar.
Choʻlpon taraqqiyot yoʻlida toʻgʻanoq boʻlgan feodal boylar, amaldorlar muhitiga boʻlgan munosabatini Akbarali obrazi orqali ifodalaydi. Muallifning cheksiz nafrati qahramon tashqi qiyofasini chizishda, nutqiy xarakteristikada, oilaviy-maishiy hayoti tasvirida, qoʻying-chi, u bilan bogʻliq har nuqtada seziladi. Nazarimda, Choʻlpon obrazning badiiy barkamolligini maqsad — feodalizmning chirkin basharasini ochib tashlash — yoʻlida qurbon qilgandek. Akbarali obrazida tabiiylikdan koʻra sxematizmga moyillik kuchli. Muallifning akbaralilar ustidan chiqargan hukmi ham qatʼiy: Akbaralining bepushtligi insoniy fojiagina emas, balki ijtimoiy fojia hamdir. Muallif bu bilan feodalizmning inqiroziga ishora qiladi. Ustiga-ustak, R. Otayev taʼkidlaganidek, romanda uning yagona qizi Miryoqubdan degan ishoralar mavjudki, bu, oʻz navbatida, akbaralilar oʻrniga miryoqublar kelayotganiga ishora. Balki fikrimiz asossizday tuyular, lekin Choʻlponning rus adabiyotidan taʼsirlanganini, rus nasrida esa bu kabi usul (masalan, Buninning «Qishloq» qissasi, bosh qahramon Tixonning bepushtligi) keng qoʻllanganini nazarda tutsak, fikrimizga asos topilganday boʻladi.
Romanning bosh qahramoni — shakllanib kelayotgan milliy burjuaziya vakili Miryoqub. Bir qarashda Miryoqubning bosh qahramon ekani (bosh, ikkinchi darajali degan gaplar primitivday tuyulsa-da, ijtimoiy-tarixiy romanda buning aha-
Jurnalxonlar Dilmurodning «Yoshlik»da, «Sharq yulduzi»da chiqqan hikoyalaridan xabardor boʻlsalar kerak. Ularda Siz ilk ijodiy qadamlaridanoq hayotga teran nigoh tashlab, hodisalarni oʻzicha xolis tahlil etishga intilayotgan umidli bir qalamkashni koʻrasiz. Ehtimol, kelajakda Dilmurod yaxshi bir nosir boʻlib yetishar. Ammo u hozircha ToshDU aspiranti, asosan, filolog-tadqiqotchi sifatida ilmiy ishlar bilan mashgʻul, 20—30-yillar oʻzbek adabiyoti taraqqiyoti masalalarini, aniqrogʻi, Choʻlpon ijodini oʻrganmoqda. Dilmurodda boʻlgʻuvsi yetuk filolog olim uchun zarur boʻlgan talay fazilatlar mavjud: rus, nemis, turk tillarini biladi, arab, lotin yozuvlaridagi manbalarni, qoʻlyozmalarni bemalol oʻqiy oladi. U benihoya tirishqoq, oʻta sinchkov, oʻzi tanlagan sohaga sadoqatli, fidoyi yigit; ilmning «qora mehnati»dan qochmaydi, arxiv materiallarini, eski gazeta va jurnal qatlamlarini varaqlashdan aslo erinmaydi.
«Kecha va kunduz» romani «Sharq yulduzi»da qayta bosilgach, darhol uni 1936 yilgi kitob nashri bilan qiyoslab maqola yozdi; «Zvezda Vostoka»da romanning ruscha tarjimasi toʻgʻrisida oz fursat ichida yaxshigina taqriz tayyorladi. Men tarjimani asliga boshdanoyoq solishtirib chiqish uchun koʻp vaqt ketishini nazarda tutib Dilmurod bir oz shoshilmadimikin degan shubhaga bordim va bu haqda unga soʻz ochdim. Maʼlum boʻldiki, uning uchun tarjimani asarning asli bilan solishtirib chiqishga hojat yoʻq ekan, u romanning 1936 yilgi nashrini boshdan-oyoq deyarli yod bilarkan... Qani endi, hamma yosh tadqiqotchilar ham oʻzi tanlagan mavzu — materialni shunchalik oʻzlashtirsa...
Bundan ham muhimi, Dilmurodda boʻlajak haqiqiy olimga xos yana bir xislat — ilmda oʻta halollik va xolislik bor. U adabiy hodisalarni, asarlarni hamisha yangi tomondan baholashga, yangi konsepsiyalarni ilgari surishga intiladi. Shu bilan barobar, ayrim tengdoshlari kabi bu borada shovqin-suron koʻtarishga, oʻzini koʻrsatishga berilib ketmaydi. Mundoq qaraganda Dilmurod tanlagan mavzu — Choʻlpon ijodi bugungi kunda xiyla «sensatsion» mavzu. Dilmurodning Choʻlpon ijodiga qarashlari oʻziga xos, hatto O. Sharafiddinovdek taniqli tanqidchi fikrlaridan birmuncha farq qiladi. Biroq u oʻz daʼvosini puxta dalillar asosida bosiqlik va odob bilan ilmiy asoslashga tirishadi. Hukmingizga havola qilinayotgan maqolada «Kecha va kunduz» romani inqilob arafasidagi ijtimoiy hodisalar talqiniga koʻra «Qutlugʻ qon» romani bilan qiyos qilinadi. Yosh tadqiqotchi koʻp jihatdan Choʻlpon tomonida. Biroq u «Qutlugʻ qon»ni aslo «Kecha va kunduz»ga qarama-qarshi qoʻymaydi; ikki yetuk asardagi ijtimoiy kuchlar talqiniga oid farqli jihatlarni aniqlashga kirishar ekan har ikki asarni ham, ularning mualliflarini ham tushunib qalam tebratadi, «Kecha va kunduz» ham, «Qutlugʻ qon» ham nasrimizning teng huquqli «grajdan»lari ekanini alohida taʼkidlaydi.
Haqiqiy sanʼat asarlariga, ulkan isteʼdodlarga bu xildagi madaniy-maʼrifiy, halol munosabat yosh tadqiqotchining kelajagiga katta umid uygʻotadi.
milliy burjuaziya siyosiy kuch sifatida shakllanmagan, feodal asoslar, chorizm inqirozi bu qadar chuqurlashmagan edi. Oʻzining kuchayib borishi barobari Miryoqub akbaralilar, noyib toʻralar dunyosi tugab borayotganini his qila boradi, tabiiyki, munosabati ham shunga mos oʻzgara boradi. «Miryoqub ham boshqa yoqadan bosh koʻtarmakchimi?» Mingboshining bu tashvishi oʻrinli. Chunki shu paytgacha kuch sifatida topingani nurab borayotganini sezgan Miryoqubga oʻzini saqlab qolish instinkti gʻayrishuuriy tarzda boshqa kuchga topinishi lozimligini anglatgan boʻlsa, ajabmas. Shu asnoda poyezdda jadid yigitga duch kelishi undagi burilishni tezlatadi. O. Sharafiddinov aytmoqchi, «bu oʻrinda (Miryoqubning ikki-uch kunda jadid boʻlib qolishida — D. Q.) ham biroz sunʼiylikka yoʻl qoʻyilganday koʻrinadi¹». Bu fikrga qisman qoʻshilganimiz holda yozuvchi qahramonidagi oʻzgarishlarni psixologik jihatdan asoslay bilgan degan fikrga kelamiz.
Jadid yigit bilan uchrashuvga adib qahramonini obdon tayyorlaydi. Miryoqub «moviy koʻz» dilbarga nisbatan uygʻongan «chin sevgi» bois oʻzidagi «itlik» feʼllaridan nafratlana boshlagan, noyib toʻra uyidagi buzuqliklarni koʻrib, imperiyaning chirib bitganiga inongan, oyogʻini tirab turgan asos qimirlaganini bilib, oyoq tirashga boshqa zamin izlayotgan payt yuz beradi bu uchrashuv. Aytmoqchimizki, jadid sepgan urugʻ yetilgan shudgorga tushadi. Bundan tashqari, jadid yigit mohir tashviqotchi sifatida Miryoqubning nozik joyidan tutadi — vujudida mudrab yotgan milliy gʻururini uygʻotishga harakat qiladi. Shu oʻrinda noyib toʻra uyiga rus injenerining kirib kelishi sahnasini eslash joiz. Injener «noyib toʻra bilan betakalluf koʻrishdi, Miryoqub bilan koʻrishib ham oʻtirmasdan toʻppa-toʻgʻri stolning toʻrisiga oʻtdi...» Noyib mehmonga Miryoqubni tanishtirganda, u «oʻtirgan oʻrnida sekingina bosh silkib qoʻydi. Miryoqub gʻururining kaltaklanishidan kelgan zaharxanda bilan kuldi». Miryoqubdagi oʻzgarish ancha sezilarli boʻlgan boʻlsa kerakki, noyib toʻra bir necha bor uzr soʻragan boʻladi. Muallif buni sharhlab yozadi: «Bir injenerning (u, axir, noyib toʻra singari katta amaldor emas!), nahotki, bir injenerning bir-ikki marta sartlarni kamsitishi Miryoqubni shuncha bezovta qildimi? Yoʻq, unaqa kamsitishlar har qadamda bor!»
Tushunish mumkinki, milliy gʻururning kaltaklanishi Miryoqubni oʻz vaqtida qiynagan, keyincha, ishning foydasini koʻzlab oʻzini koʻnikishga majbur qilgan boʻlsa-da, bu narsa uni tez-tez bezovta qilib turgan. Endi noyib toʻraning oʻzidan hech bir ortiq joyi yoʻqligini, u qilgan ishni oʻzi ham, ehtimolki, undan yaxshiroq uddalashini anglagach, Miryoqubning ijtimoiy faoliyat istab qolishi tabiiy koʻrinadi.
Jadid bilan uchrashuv Miryoqub uchun izsiz ketmagan, bu narsa uning mingboshiga yozgan xati boshlamasidanoq seziladi. Poyezddayoq Miryoqub «U yerda (Qrimda — D.Q.) jadidlarning kattalari bor emish. Ularni koʻraman, gaplashaman»— degan qarorga kelgan. Ehtimol, aytganini qilgandir, jadidlarga astoydil qoʻshilgandir? Mingboshining mirzasi Hakimjon tilidan aytilgan gap: «U (Miryoqub — D.Q.) haq yoʻlni topsa bormi — noyob odam boʻladi!»— Choʻlpon qarashlarini bir qadar oydinlashtiradi. Miryoqubning maʼnaviyatini qoralagan muallif ham, agar u haq yoʻlni topsa, elining ravnaqi haqida oʻylay boshlasa, bebaho odam boʻlishiga ishonadi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek «Kecha»da mehnatkash omma ijtimoiy harakatda chetda — pichoq suyakka qadalgan, sabr kosasi toʻlgan, lekin ongli harakatdan yiroq. Fikrimizcha, Choʻlpon oʻziga zamondosh boʻlgan minglab rus ziyolilari kabi omma inqilobiy harakatga tayyor emas deb hisoblagan. Muallif inqilob arafasidagi Turkiston voqeligi tahlilidan kelib chiqib, elining taraqqiyotini milliy burjuaziyaga bogʻlaydi, shu bilan birga xalqparvarlik, maʼrifatparvarlik pozitsiyasida turadi. Burjua-demokratik gʻoyalar oʻsha vaqtdagi Turkiston voqeligida nechogʻli progressiv boʻlganini gapirmasa ham boʻladi. Zero, bizning kapitalizmdan «hatlab» oʻtib ketib qolishimiz inqilobga qadar hech kimning xayoliga kelmagan. Sababi: «Sharq xalqlarining koʻpchiligi Yevropadagi eng qoloq mamlakat boʻlgan Rossiyadan ham battar ahvolda...»² edi. Bu yerda hali burjuaziya oʻzining tarixiy missiyasini oʻtamagandi. Ehtimol, shuning uchundir, inqilobdan keyin V. I. Lenin Turkistonda «...hozir kommunizm qurish emas, balki feodalizmni agʻdarish umumiy vazifa qilib qoʻyilsin», deb taʼkidlagan edi.
Maʼlumki, tendensiozlik badiiy ijod tabiatiga singib ketgan. Har qanday adib hayotni oʻzicha koʻradi, oʻzini qiziqtirgan mavzuni dunyoqarashidan kelib chiqqan holda yoritadi. Umuminsoniy qadriyatlar davrimizning bosh mezoniga aylanib borayotgan ekan, har qanday badiiy asarda, garchi u oʻrtamiyona boʻlsin, ular u yoki bu darajada aks etadi — busiz mumkin emas! Deylik, Choʻlpon Akbarali tasvirida shunday ranglar ishlatganki, Oybek ishlatgan ranglardan ham oʻtib tushadi. Choʻlpon zebilar, akbaralilar, miryoqublar olamini tasvirlarkan, taraqqiyotga toʻgʻanoq boʻlganlarga, inson qadrining toptalishi, maʼnaviyatning bulgʻanishi va insoniy munosabatlar sayqallanishiga qarshi isyon koʻtaradi. Adibning katta epik asarni lirik tabiat lavhasidan boshlashi ham bejiz emas. Tabiatdagi uygʻonish bilan yosh qizlar ruhiyasidagi uygʻonish, undagi bahoriy goʻzallik bilan qizlarning goʻzal maʼnaviyati uygʻunlik (garmoniya) kasb etadi. Hayotning ichiga chuqurroq kirib borilishi barobari uygʻunlik yoʻqolib, nouygʻunlik (disgarmoniya) boʻrtib boradi. «Nega shunday? Nega hayotning har jabhasi birday goʻzal emas?..» Koʻramizki, adibni barcha buyuk sanʼatkorlarni oʻylatgan muammo — tabiat va jamiyat hayotining uygʻunlashuvi oʻylatadi, nouygʻunlikni yoʻqotish, uygʻunlikka yetish yoʻllarini izlaydi u.
Yuqorida aytib oʻtganimiz, har qanday adib hayotni oʻzicha koʻrishini «Qutlugʻ qon» misolida yana bir bor kuzatish mumkin. Choʻlpon davrning asosiy ijtimoiy konflikti deb qaragan feodalizm va burjuaziya ziddiyatlari nima uchun Oybek talqinida ikkinchi planga oʻtib qoldi? Buning sababini «zamonasoz»lik bilangina izohlash mumkinmi? Bizningcha, yoʻq! Oybek yozuvchi boʻlish bilan birga ijtimoiyotchi olim ham edi. Demak, u maʼlum manbalarga tayangan holda oʻzi tasvirlamoqchi boʻlgan davrdagi Turkistonning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy ahvolini (Choʻlponga oʻxshab bevosita zamondosh emasdi u, yosh bola edi) oʻrgangan va muayyan xulosalarga kelgan. Oybek Mirzakarimboy oilasini tasvir obyekti qilib olarkan, hokim sinf vakillari orasidagi farqlar (hali ziddiyat darajasiga koʻtarilmagan)ni koʻrsatishga harakat qilgan. Fikrimizcha, Mirzakarimboy tom maʼnodagi feodal emas. Ayni paytda tom maʼnodagi burjuaga xos inqilobiy sifatlardan ham mahrum, siyosiy hokimiyatni qoʻlga olish va shu orqali ijtimoiy-iqtisodiy hayotni qayta qurishni xayoliga ham keltirmaydi. Osiyo mamlakatlaridagi ahvolga baho berarkan V. I. Lenin 1913 yilda: «Osiyoning hamma joyida qudratli demokratik harakat oʻsmoqda, kengaymoqda va mustahkamlanmoqda. U yerda burjuaziya hozircha xalq bilan birgalashib reaksiyaga qarshi bormoqda»²— deb yozgan edi. Albatta, bunda Lenin konservativ kayfiyatdagi mirzakarimboylarni emas, balki radikal kayfiyatdagi sharafutdin xoʻjayevlarni («Kecha va kunduz») nazarda tutgan.
Otasidan farqli oʻlaroq, Hakimboyvachcha endi ota izidan borishning oʻzi boʻlmasligini, yangicha sharoitda sanoatchi boylar ravnaq topishini anglagan. Uning otasiga: «Dada, endi paxta zavod qurmasak boʻlmaydi. Modomiki, paxtachi boʻldim, zavodsiz iloj yoʻq. Garchi siz norozi boʻlsangiz ham ishni boshlab yubormoqchiman» — deyishi fikrimizni dalillaydi. Hakimboyvachchaday eskicha odatlarni mahkam tutgan odam ota rizoligisiz ish boshlamoqchimi, demak, buning jiddiy sabablari bor. Eʼtibor berilsa, Hakimboyvachcha Abdishukurning gaplariga otasi kabi «quruq safsata» deb qaramasligi, aksincha, uni koʻp jihatdan qoʻllashi, otasining oldida baʼzi gaplarini silliqlab, eskichaga muvofiqlashtirishga urinishi koʻrinadi. Aytish mumkinki, u maʼlum maʼnoda jadidchilik taʼsiridagi odam, endigina oʻzini yangi siyosiy kuch sifatida taniy boshlagan. Uning ukasi Salimboyvachchaning Abdishukurga munosabatidan, «tirrancha»larning gapini har joyda maʼqullashi va takrorlashidan jadidlar bilan aloqasi ancha mustahkam ekani seziladi. Afsuski, biz kenja boyvachchani faoliyatda koʻrmaymiz, ustiga-ustak adib uni «oʻldirtirib» yuboradiki, bunda ramziy maʼno bormi, yoʻqmi — sezmay qolamiz.
Xulosa qilib aytish mumkinki, romanda bironta radikal kayfiyatdagi burjuaning uchramasligi (hayotda esa boʻlgan) Oybekning dunyoqarashi, Turkistonning ijtimoiy taraqqiyoti masalasida OʻZ FIKRI boʻlgani bilan izohlanadi. Yaʼni adib inqilob arafasidagi ijtimoiy hayotni tahlil qilib, yurtining kelajagi, ravnaqu kamolini belgilovchi kuch sifatida mehnatkashlarni oladi, shundan kelib chiqqan holda ijtimoiy-tarixiy romanda kuchlar nisbatini belgilaydi. Toʻgʻri, Oybekning qarashlari «rasmiy nuqtai nazar»ga mos tushadi, lekin shunda ham adib atayin yuqoriga maʼqul keladigan qilib (keyingi tahrirlar bundan istisno) yozgan deyishdan tiyilamiz. Yosh Muso shaxs va adib sifatida shakllangan shart-sharoitlarni, uning OYBEK boʻlishida Inqilobning ahamiyati nazarda tutilsa, yozuvchi oʻzi anglagan haqiqatni boricha, qoʻlidan kelgancha tasvirlashga harakat qilganini bilish qiyin emas.
Endi «butun kuch boyning salbiyligi, kambagʻalning ijobiyligini koʻrsatishga qaratilgan»iga kelsak. Bizningcha, hayotda Mirzakarimboy kabi boylar ham, shuningdek, insofli, diyonatli, odamoxun boylar boʻlganini ham birov inkor qilolmaydi. Shunday ekan, ularning qay birini ijtimoiy tip sifatida olish adibning oʻziga havola emasmi?
Adabiyotshunos O. Sharafiddinov Miryoqubning poyezdda savdogar yigit bilan uchrashuvini «romanning asosiy gʻoyaviy mazmuni ifodalangan sahna» deb ataydi. Xuddi shu oʻrinda, jadid yigit — Sharafutdin Xoʻjayev paydo boʻlishi bilan muallif oʻzini «chetga oladi», poyezddagi ishlar, suhbatlar Miryoqub va Maryam «kundalik»lari orqali koʻrsatiladi. Bu usul shaklga bir qadam putur yetkazganday tuyuladi, lekin jadidlar haqida haqiqatni aytishning oʻzga imkoni yoʻq edi. Aytmoqchimizki, tanlangan usul muallif pozitsiyasini «betaraf» koʻrsatishga xizmat qiladi. Stalin siyosati kuchga kirgan vaqtda Choʻlponning jadidlar haqida «betaraf» boʻlsa-da, xolis yozishi tom maʼnodagi ijodiy jasorat edi.
Sharafutdin Xoʻjayev Miryoqub bilan suhbatda jadidlik harakatining asosiy nuqtalariga toʻxtaladi. Aytib oʻtganimizdek, u avval suhbatdoshining milliy gʻururini uygʻotish payida boʻladi. Ayniqsa, uning Miryoqub bilan Maryam munosabatini bilgandan keyin aytgan gaplari xarakterli: «Bu bizning boshimizda danak chaqayotgan bir dunyoning qizi. Biz ularni koʻnguldan yomon koʻramiz. Bular bizning dushmanlar! Faqat ular hammasi butun holda dushman! Yakka-yakka boʻlganida oralaridan doʻst topa olamiz. Yaxshi doʻstlar topiladi. Juda yaxshi doʻstlar... U doʻstlar bilan ogʻiz-burun oʻpishar ekan, ularning changalidan qandoq qilib qutulishni (oʻylashni — D. Q.) bir nafas ham unutmaymiz...» Koʻrinadiki, jadidning ruslarga munosabati ziddiyatli; ularning ichidan yaxshi doʻstlar topilishini eʼtirof etadi, butun holicha dushman deb ataydi. Shu gapning oʻziyoq, insof bilan yondashilsa, jadidning millatchiligi rus xalqiga emas, balki chor mustamlakachilik siyosatiga qaratilganini koʻrsatib turibdi. Jadid millatlar orasidagi iqtisodiy, madaniy aloqalarni inkor qilmaydi, aksincha, maʼlum tarixiy sabablar taʼsirida ortda qolgan Sharqning najot yoʻli — Gʻarbdagi mavjud ilmlarni oʻrganish ekanini taʼkidlaydi. Shu bilan birga. «Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab boʻlmaydi, uni milliy maktablarda berish kerak. Ilgari milliy hissini oʻstirib, oʻz millatini tanitgandan soʻng rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni oʻqusun» — deydi. Koʻramizki, jadid milliy xudbin emas, aksincha, milliylikni inkor etmaydigan baynalmilal mavqeda turibdi. Taraqqiyot darajasi turlicha boʻlgan millatlarning oʻzaro munosabati, ayniqsa, ulardan biri mustamlaka xalqi boʻlsa, assimilyatsiyaga olib kelishi ayon. Shunga koʻra, Sh. Xoʻjayevning kuyinishlari oʻrinli. Jadidlik harakati millatchilik soʻzining eng yomon maʼnosi ila qoralangan paytda tarixchilar, ijtimoiyotchilar tomonidan Oʻrta Osiyoning Rossiyaga «qoʻshib olinishi»ning ahamiyati imkon qadar boʻrttirildi. Jadidlik harakati qancha qoralansa, keyingisining imkoni shuncha kengayadi. Shu darajaga borib yetildiki, Marks, Engels kabi daholar qoralagan chor mustamlakachilik siyosati haqida imkon qadar kam gapiradigan boʻldik, iloji boʻlsa-yu, mutlaqo gapirilmasa. Aslida-chi? Aslida chorizmning mustamlaka siyosati haqida RKP (b)ning X syezdidan orttirib gapirish qiyin: «Chorizmning, pomeshchiklar va burjuaziyaning bu xalqlarga nisbatan tutgan siyosati — bu xalqlar oʻrtasida har qanday davlat kurtaklarini yoʻq qilish, ularning madaniyatiga shikast yetkazish, tillariga erk bermaslik, ularni jaholatda tutish va, nihoyat, ularni mumkin qadar ruslashtirishdan iborat edi.» Hech kimga sir emas, hozirgi kunda jamiyatimizning «ogʻriq» nuqtasi — milliy masala. Sotsializm har bir millatning rivojlanishiga, ravnaq topishiga imkon yaratishi kerak edi, lekin notoʻgʻri siyosat tufayli bu narsa amalga oshmadi. Aksincha, millat tarixiy kategoriya ekani-yu, oxir oqibat millatlar qoʻshilib ketishi, milliy tillarning yoʻq boʻlib ketishi zoʻr berib uqdirildi. Bu qoʻpol qilib aytganda, X syezd qoralagan «mumkin qadar ruslashtirishning» boshqacha koʻrinishi edi. Xalqini mutaraqqiy millatlar qatorida koʻrishni orzulagan Choʻlpon bundan tashvishga tushishi, inqilobga yigirma yil toʻlar-toʻlmas imlosidan ayrilib, oʻtmishidan uzib qoʻyilgan xalq kelajagini tasavvur qilib oʻrtanishi tabiiy edi. Jadidlar millatchiligini — millatni, milliy oʻziga xoslikni, milliy til va madaniyatni saqlab qolishga intilishni «millatchilik» desa boʻladimi? Bizningcha, yoʻq! Bu — mustamlaka oʻlkadagi zarurat, bu — vijdonli kishilarning grajdanlik burchi. Boshqacha boʻlishi mumkin emas!
Burjuaziya tabiatiga koʻra doimo xom ashyo bazasi va bozor uchun kurashib kelgan. Zero, bular uning uchun yashash va ravnaq topishning birlamchi shartlaridir. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida Turkistonning bosib olinishi 1861 yil islohotidan keyin faollashgan yangi siyosiy kuch — rus burjuaziyasining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilgan yovuz niyatning natijasidir. «Siz — biz sogʻim sigʻirmiz, bizning shirin sutimiz bor; ruslar va boshqa ajnabiylar bizni emib yotadilar...» — Sh. Xoʻjayevning bu gaplari endi rus burjuaziyasi bilan milliy burjuaziya manfaatlari zid kelganidan dalolat beradi. Toʻgʻri, mustamlakachilikka qarshi turgan jadidlar, avvalo, oʻz manfaatlarini koʻzlashgan, lekin bu manfaatlar mehnatkash xalq manfaatlari bilan oz boʻlsa-da mos tushadi. Yetishtirilgan milliy boylikning chetga chiqib ketgani qayda-yu, kissangda boʻlmasa-da, yurtingda qolgani qayda: «qoʻy koʻrmasak ham qiy koʻrganmiz», «qoʻynidan toʻkilsa — qoʻnjiga», «qatiq toʻkilsa yuqi qoladi» degan hikmatlarni shu xalq toʻqigan, axir! Shu oʻrinda adib va shoirlarimizning keyingi ikki-uch yil mobaynidagi publitsistik chiqishlarini, iqtisodiy ahvolimiz haqida ularda keltirilgan faktlarni eslash joiz. Faktlar — shafqatsiz, ular bor gapni yuz-xotir qilmay aytib turibdi. Mustamlakachilik siyosatining ayrim prinsiplari hozirda ham saqlanib qolayotir. Albatta, bu narsa 30-yillardayoq koʻzga tashlangan boʻlishi kerak. Atrof gulduros «ura»larga koʻmilgan paytda Choʻlpon yurtining taqdiri haqida oʻylagan boʻlishi, yangi toʻn kiygan eski siyosatga munosabatini jadid tilidan aytgan boʻlishi tabiiy.
Sh. Xoʻjayev haqida kitobxon Miryoqub vositasidagina tasavvur hosil qilsa-da, uning koʻz oldida gʻoyalarini amaliyotiga tatbiq etayotgan, oʻz tashvishlaridan ortib yurti kelajagi haqida qaygʻurayotgan oʻqimishli, maʼrifatparvar, bir soʻz bilan aytganda, ijobiy odam gavdalanadi. Kitobxon beixtiyor «Qutlugʻ qon»dagi yoxud shu nomli videofilmdagi Abdishukurni koʻz oldiga keltirib, ikkisining orasida yeru osmoncha farq koʻrsa, ehtimol.
Abdishukur tutgan yoʻl birnav toʻgʻriday. Ammo eʼtibor berilsa, «koʻzi ochilmagan» boylar uning gaplarini jiddiy qabul qilmayotgani, ustiga-ustak uni mazaxlayotganlari seziladi. Buning boisi esa birinchidan, Abdishukurning qarashlarida izchillik yetishmasligi ham uning gʻoyasida sobit emasligi, ikkinchidan, shaxs sifatida ojizligi. U oʻzining qarashlarini quyidagicha ifodalaydi: «Kaminaning gʻoyaviy hayoti shunday, yana takrorlayman: milliy sarmoyani oʻz boylarimiz — musulmon boylarimiz toʻla egallasinlar, yaʼni butun Turkistonimizda tijorat oʻz boylarimiz qoʻlida boʻlsin, bu bilan qanoatlanmay, zavod-fabrikalar qursinlar, Maskovga, Varshavaga va hokazo shaharlarga oʻzlari mol olib borsinlar, u yerlardan oʻzlari mol keltirsinlar, deyman. Oʻrtadagi shu yahudiy, oʻris savdogarlarining dumini qisib qoʻyish kerak, deyman».
Bir qarashda Abdishukur bilan Sh. Xoʻjayev yagona maqsadga intilayotganday, lekin aslida unday emas. Sh. Xoʻjayevning milliy sarmoya haqidagi gaplari ham, maʼrifatparvarlik borasidagi gaplari ham bir maqsadga — mustamlaka zulmidan qutulib mustaqil davlat qurishga boʻysundirilgan. Abdishukur esa boylar bilan birga podshoga omonlik tilaydi,
Бадиий асар фақат бадиият мезонларидан келиб чиқиб баҳоланиши лозим деган фикр кейинги вақтда бот-бот учрамоқда. Албатта, бош мезон бадиийлик бўлиши керак, лекин масалани бу қадар кескин қўйиш яна бирёқламаликка олиб келмасмикин? Мазкур фикр узоқ вақтлардан бери бадиий асарнинг мафкуравий жиҳатини устун қўйиб баҳолаш амалиётга «акс таъсир» сифатида юзага келгани равшан. Эскидан қолган гап бўлса-да, такрорлаш жоиз: бадиий ҳам ғоявий таҳлил — бир олманинг икки палласи, фақат... фақат илгаригидай қонунан мустаҳкамланган ҳоким мафкурани устун қўйиб, бошқаларини буткул, аксар ҳолларда кўр-кўрона инкор қилинмаса, замонамиз байроғига ёзилмиш «плюрализм» деган нарса кундалик ҳақиқатга айланса...
Бугунги кунда «бадиий асар ўқигандан газета ўқиган қизиқарлироқ» деган гап расм бўлди, сабабки, осуда кечаётган жамиятимиз ҳаёти ўзанидан чиқди: нималар бўлаётганини, қай томон бораётганимизни ким билишни истамайди дейсиз. Айтмоқчимизки, жамият ҳаётида шундай даврлар бўладики, ижтимоий-шахсий зарурат шоирнинг публицистга, носирнинг социологга айланишини тақозо қилади.
Насримизда ўлкамизнинг инқилоб арафасидаги ҳаётини жиддий таҳлил этувчи иккитагина асар бор: «Кеча ва кундуз» ҳам «Қутлуғ қон» романлари. Тақдир уларнинг ҳар бирига ўзгача қисматни раво кўрди: биринчиси, қатағон қилинди, шунчаларки, халқ хотирасидан буткул ўчишига оз қолди; иккинчиси, тарғибу ташвиқ этилаверди, шунчаларки, умрида романнинг тўла матнини кўрмаган киши уни «ўқиган» чиқади.
Маълумки, Ойбек талқинида асосий ижтимоий конфликт эзувчи ва эзилувчи синфлар орасида ётади, Чўлпонда эса меҳнаткаш омма ижтимоий ҳаракатдан четда. Табиий бир савол туғилади: қай бири ҳақ уларнинг? Фикримизча, Чўлпон ҳақиқатга яқинроқ турган кўринади. Албатта, меҳнаткаш омма билан ёзувчилар орасида зиддият мавжуд бўлганини инкор қилолмаймиз, лекин бу нарса ўша вақтдаги Туркистонда асосий конфликт (яъни ижтимоий тараққиёт йўлини белгиловчи) бўлганига ишончимиз камроқ. Нега? Тарихдан маълумки, 1905 йилда «революция бешиги» Петроградда марксистик ташвиқот кенг қулоч отганига қарамасдан, ишчилар поп Гапон ортидан эргашган эдилар. Петроград шароитини, пойтахт ишчиларининг революцион тайёргарлигини эса Туркистон воқелиги билан қиёслашга ҳожат бўлмаса керак. Яна революция куйчиси М. Горькийнинг 1917 йилда ёзган қуйидаги гапига ҳам эътиборни қаратгимиз келади: «Россия воқелигининг ҳозирги шароитида социал инқилобга ўрин йўқ, зеро, чўртан балиқ амри билан 85 фоиз деҳқон аҳолини социалист қилиб қўйиш мумкин эмас-ку...» Модомики, революция авангарди — рус ишчилар синфи аҳолининг бор-йўғи 15 фоизини (уларнинг ҳам аксарияти кечаги деҳқонлар) ташкил қилган экан, инқилобдан 70 йил ўтгач, ишчилари аҳолисининг атиги 20 фоизини ташкил қилган ўлкамиз ҳақида гапирмаса ҳам бўлади.
Чўлпон ижодининг жонкуяр тадқиқотчиси Озод Шарафиддинов адиб ҳақида: «...у инқилоб арафасидаги Туркистон воқелигини тасвирлар экан, ижтимоий ҳаётнинг энг чуқур қатламларигача кўз ташлайди...»— деб ёзади. Хўш, Чўлпон «ижтимоий ҳаётнинг энг чуқур қатламларида» нималарни кўра олди?
«Кеча ва кундуз»да асосий ижтимоий конфликт феодализм (чор мустамлакачилари ҳам шунинг ичида) билан шаклланиб келаётган миллий буржуазия орасида ётади. Шу жиҳатдан олиб қараганда, романнинг етакчи ғоявий йўналишини белгилашда маҳаллий феодал ва амалдор Акбарали билан ҳали ижтимоий куч сифатида ўзини танимаган миллий буржуазия вакили Мирёқуб муносабати муҳим ўрин тутади.
Акбарали мингбоши образи воситасида адиб феодализмнинг инқирозга юз тутгани қонуний ҳол эканини кўрсата олган. Акбарали — «ўз қишлоғи билан мингбошининг маҳкамаси орасида дафтар кўтариб от чопиш, қишлоқдан одам ҳайдаб чиқиб катта йўлга сув септиришгагина» ярайдиган одам. Унинг баҳарнав ишини эплаб туришида Мирёқубнинг хизмати улуғ. Акбарали бирмунча ўзгарган ижтимоий-иқтисодий шароитда ҳаракат қилишга қодир эмас. Чунки ўзгаришларни англашдан ожиз — ақли кўтоҳ. Бу нарса уни осонгина Мирёқуб ва нойиб тўра қўлидаги қўғирчоққа айлантиради. У иккаласига ҳам бирдай зарур: биринчисига иқтисодий, иккинчисига эса сиёсий манфаатлар йўлида. Чўлпон ёзади: «ер-сув, пул ва бошқа бойликка кўмилган бу одамнинг бутун борлиғи Мирёқубнинг қўлида эди. Ердан чиққан ҳосилнинг қанчаси ўз қўлига ўтиб, қанчаси Мирёқуб омборига тўкилганини мингбоши ўзи ҳеч қачон билган эмас». Кўринадики, мол-дунёси кўплигидан ўзи ҳам ҳисобини билмайдиган Акбарали Мирёқуб учун даромад манбаи, холос. Сармоясини уддабуронлик билан ишга солиш Акбаралининг қўлидан келмайди, демак, иқтисодий жиҳатдан унинг келажаги йўқ. Мингбоши билан Мирёқубнинг сиртдан «дўстона» кўринган муносабати томонлар англаб етмаган мусобақадан бошқа нарса эмас.
Идора — бошқарув ишига уқуви йўқ, мустақил фикрга эга бўлмаган манфаатпараст акбаралилар мустамлака сиёсатини ўтказаётган чор чиновникларига ҳар жиҳатдан қўл келади. Акбаралининг қўли билан иш юритган нойиб тўра айбни ўзидан соқит қилиб, «биз яхшимизу шу амалдорлар...» дея маҳаллий амалдорларга юкламоқчи бўлади. Акбарали типидаги амалдорлар тепонғич улоқчи отлар орасига боғланган яғир эшакдай гап. Агар мингбоши ногоҳ ўлмаганида, рус тўралар уни амалидан тушириб «адолат қилишлари» ва шу баҳона эл наздида «оппоқ» бўлиб олишлари тайин эди. Афсуски, у ўлиб қолди, лекин тўралар бундан ҳам усталик билан фойдаландилар.
Чўлпон тараққиёт йўлида тўғаноқ бўлган феодал бойлар, амалдорлар муҳитига бўлган муносабатини Акбарали образи орқали ифодалайди. Муаллифнинг чексиз нафрати қаҳрамон ташқи қиёфасини чизишда, нутқий характеристикада, оилавий-маиший ҳаёти тасвирида, қўйинг-чи, у билан боғлиқ ҳар нуқтада сезилади. Назаримда, Чўлпон образнинг бадиий баркамоллигини мақсад — феодализмнинг чиркин башарасини очиб ташлаш — йўлида қурбон қилгандек. Акбарали образида табиийликдан кўра схематизмга мойиллик кучли. Муаллифнинг акбаралилар устидан чиқарган ҳукми ҳам қатъий: Акбаралининг бепуштлиги инсоний фожиагина эмас, балки ижтимоий фожиа ҳамдир. Муаллиф бу билан феодализмнинг инқирозига ишора қилади. Устига-устак, Р. Отаев таъкидлаганидек, романда унинг ягона қизи Мирёқубдан деган ишоралар мавжудки, бу, ўз навбатида, акбаралилар ўрнига мирёқублар келаётганига ишора. Балки фикримиз асоссиздай туюлар, лекин Чўлпоннинг рус адабиётидан таъсирланганини, рус насрида эса бу каби усул (масалан, Буниннинг «Қишлоқ» қиссаси, бош қаҳрамон Тихоннинг бепуштлиги) кенг қўлланганини назарда тутсак, фикримизга асос топилгандай бўлади.
Романнинг бош қаҳрамони — шаклланиб келаётган миллий буржуазия вакили Мирёқуб. Бир қарашда Мирёқубнинг бош қаҳрамон экани (бош, иккинчи даражали деган гаплар примитивдай туюлса-да, ижтимоий-тарихий романда бунинг аҳа-
Журналхонлар Дилмуроднинг «Ёшлик»да, «Шарқ юлдузи»да чиққан ҳикояларидан хабардор бўлсалар керак. Уларда Сиз илк ижодий қадамлариданоқ ҳаётга теран нигоҳ ташлаб, ҳодисаларни ўзича холис таҳлил этишга интилаётган умидли бир қаламкашни кўрасиз. Эҳтимол, келажакда Дилмурод яхши бир носир бўлиб етишар. Аммо у ҳозирча ТошДУ аспиранти, асосан, филолог-тадқиқотчи сифатида илмий ишлар билан машғул, 20—30-йиллар ўзбек адабиёти тараққиёти масалаларини, аниқроғи, Чўлпон ижодини ўрганмоқда. Дилмуродда бўлғувси етук филолог олим учун зарур бўлган талай фазилатлар мавжуд: рус, немис, турк тилларини билади, араб, лотин ёзувларидаги манбаларни, қўлёзмаларни бемалол ўқий олади. У бениҳоя тиришқоқ, ўта синчков, ўзи танлаган соҳага садоқатли, фидойи йигит; илмнинг «қора меҳнати»дан қочмайди, архив материалларини, эски газета ва журнал қатламларини варақлашдан асло эринмайди.
«Кеча ва кундуз» романи «Шарқ юлдузи»да қайта босилгач, дарҳол уни 1936 йилги китоб нашри билан қиёслаб мақола ёзди; «Звезда Востока»да романнинг русча таржимаси тўғрисида оз фурсат ичида яхшигина тақриз тайёрлади. Мен таржимани аслига бошданоёқ солиштириб чиқиш учун кўп вақт кетишини назарда тутиб Дилмурод бир оз шошилмадимикин деган шубҳага бордим ва бу ҳақда унга сўз очдим. Маълум бўлдики, унинг учун таржимани асарнинг асли билан солиштириб чиқишга ҳожат йўқ экан, у романнинг 1936 йилги нашрини бошдан-оёқ деярли ёд биларкан... Қани энди, ҳамма ёш тадқиқотчилар ҳам ўзи танлаган мавзу — материални шунчалик ўзлаштирса...
Бундан ҳам муҳими, Дилмуродда бўлажак ҳақиқий олимга хос яна бир хислат — илмда ўта ҳалоллик ва холислик бор. У адабий ҳодисаларни, асарларни ҳамиша янги томондан баҳолашга, янги концепцияларни илгари суришга интилади. Шу билан баробар, айрим тенгдошлари каби бу борада шовқин-сурон кўтаришга, ўзини кўрсатишга берилиб кетмайди. Мундоқ қараганда Дилмурод танлаган мавзу — Чўлпон ижоди бугунги кунда хийла «сенсатсион» мавзу. Дилмуроднинг Чўлпон ижодига қарашлари ўзига хос, ҳатто О. Шарафиддиновдек таниқли танқидчи фикрларидан бирмунча фарқ қилади. Бироқ у ўз даъвосини пухта далиллар асосида босиқлик ва одоб билан илмий асослашга тиришади. Ҳукмингизга ҳавола қилинаётган мақолада «Кеча ва кундуз» романи инқилоб арафасидаги ижтимоий ҳодисалар талқинига кўра «Қутлуғ қон» романи билан қиёс қилинади. Ёш тадқиқотчи кўп жиҳатдан Чўлпон томонида. Бироқ у «Қутлуғ қон»ни асло «Кеча ва кундуз»га қарама-қарши қўймайди; икки етук асардаги ижтимоий кучлар талқинига оид фарқли жиҳатларни аниқлашга киришар экан ҳар икки асарни ҳам, уларнинг муаллифларини ҳам тушуниб қалам тебратади, «Кеча ва кундуз» ҳам, «Қутлуғ қон» ҳам насримизнинг тенг ҳуқуқли «граждан»лари эканини алоҳида таъкидлайди.
Ҳақиқий санъат асарларига, улкан истеъдодларга бу хилдаги маданий-маърифий, ҳалол муносабат ёш тадқиқотчининг келажагига катта умид уйғотади.
миллий буржуазия сиёсий куч сифатида шаклланмаган, феодал асослар, чоризм инқирози бу қадар чуқурлашмаган эди. Ўзининг кучайиб бориши баробари Мирёқуб акбаралилар, нойиб тўралар дунёси тугаб бораётганини ҳис қила боради, табиийки, муносабати ҳам шунга мос ўзгара боради. «Мирёқуб ҳам бошқа ёқадан бош кўтармакчими?» Мингбошининг бу ташвиши ўринли. Чунки шу пайтгача куч сифатида топингани нураб бораётганини сезган Мирёқубга ўзини сақлаб қолиш инстинкти ғайришуурий тарзда бошқа кучга топиниши лозимлигини англатган бўлса, ажабмас. Шу аснода поездда жадид йигитга дуч келиши ундаги бурилишни тезлатади. О. Шарафиддинов айтмоқчи, «бу ўринда (Мирёқубнинг икки-уч кунда жадид бўлиб қолишида — Д. Қ.) ҳам бироз сунъийликка йўл қўйилгандай кўринади¹». Бу фикрга қисман қўшилганимиз ҳолда ёзувчи қаҳрамонидаги ўзгаришларни психологик жиҳатдан асослай билган деган фикрга келамиз.
Жадид йигит билан учрашувга адиб қаҳрамонини обдон тайёрлайди. Мирёқуб «мовий кўз» дилбарга нисбатан уйғонган «чин севги» боис ўзидаги «итлик» феълларидан нафратлана бошлаган, нойиб тўра уйидаги бузуқликларни кўриб, империянинг чириб битганига инонган, оёғини тираб турган асос қимирлаганини билиб, оёқ тирашга бошқа замин излаётган пайт юз беради бу учрашув. Айтмоқчимизки, жадид сепган уруғ етилган шудгорга тушади. Бундан ташқари, жадид йигит моҳир ташвиқотчи сифатида Мирёқубнинг нозик жойидан тутади — вужудида мудраб ётган миллий ғурурини уйғотишга ҳаракат қилади. Шу ўринда нойиб тўра уйига рус инженерининг кириб келиши саҳнасини эслаш жоиз. Инженер «нойиб тўра билан бетакаллуф кўришди, Мирёқуб билан кўришиб ҳам ўтирмасдан тўппа-тўғри столнинг тўрисига ўтди...» Нойиб меҳмонга Мирёқубни таништирганда, у «ўтирган ўрнида секингина бош силкиб қўйди. Мирёқуб ғурурининг калтакланишидан келган заҳарханда билан кулди». Мирёқубдаги ўзгариш анча сезиларли бўлган бўлса керакки, нойиб тўра бир неча бор узр сўраган бўлади. Муаллиф буни шарҳлаб ёзади: «Бир инженернинг (у, ахир, нойиб тўра сингари катта амалдор эмас!), наҳотки, бир инженернинг бир-икки марта сартларни камситиши Мирёқубни шунча безовта қилдими? Йўқ, унақа камситишлар ҳар қадамда бор!»
Тушуниш мумкинки, миллий ғурурнинг калтакланиши Мирёқубни ўз вақтида қийнаган, кейинча, ишнинг фойдасини кўзлаб ўзини кўникишга мажбур қилган бўлса-да, бу нарса уни тез-тез безовта қилиб турган. Энди нойиб тўранинг ўзидан ҳеч бир ортиқ жойи йўқлигини, у қилган ишни ўзи ҳам, эҳтимолки, ундан яхшироқ уддалашини англагач, Мирёқубнинг ижтимоий фаолият истаб қолиши табиий кўринади.
Жадид билан учрашув Мирёқуб учун изсиз кетмаган, бу нарса унинг мингбошига ёзган хати бошламасиданоқ сезилади. Поезддаёқ Мирёқуб «У ерда (Қримда — Д.Қ.) жадидларнинг катталари бор эмиш. Уларни кўраман, гаплашаман»— деган қарорга келган. Эҳтимол, айтганини қилгандир, жадидларга астойдил қўшилгандир? Мингбошининг мирзаси Ҳакимжон тилидан айтилган гап: «У (Мирёқуб — Д.Қ.) ҳақ йўлни топса борми — ноёб одам бўлади!»— Чўлпон қарашларини бир қадар ойдинлаштиради. Мирёқубнинг маънавиятини қоралаган муаллиф ҳам, агар у ҳақ йўлни топса, элининг равнақи ҳақида ўйлай бошласа, бебаҳо одам бўлишига ишонади. Юқорида таъкидлаганимиздек «Кеча»да меҳнаткаш омма ижтимоий ҳаракатда четда — пичоқ суякка қадалган, сабр косаси тўлган, лекин онгли ҳаракатдан йироқ. Фикримизча, Чўлпон ўзига замондош бўлган минглаб рус зиёлилари каби омма инқилобий ҳаракатга тайёр эмас деб ҳисоблаган. Муаллиф инқилоб арафасидаги Туркистон воқелиги таҳлилидан келиб чиқиб, элининг тараққиётини миллий буржуазияга боғлайди, шу билан бирга халқпарварлик, маърифатпарварлик позициясида туради. Буржуа-демократик ғоялар ўша вақтдаги Туркистон воқелигида нечоғли прогрессив бўлганини гапирмаса ҳам бўлади. Зеро, бизнинг капитализмдан «ҳатлаб» ўтиб кетиб қолишимиз инқилобга қадар ҳеч кимнинг хаёлига келмаган. Сабаби: «Шарқ халқларининг кўпчилиги Европадаги энг қолоқ мамлакат бўлган Россиядан ҳам баттар аҳволда...»² эди. Бу ерда ҳали буржуазия ўзининг тарихий миссиясини ўтамаганди. Эҳтимол, шунинг учундир, инқилобдан кейин В. И. Ленин Туркистонда «...ҳозир коммунизм қуриш эмас, балки феодализмни ағдариш умумий вазифа қилиб қўйилсин», деб таъкидлаган эди.
Маълумки, тенденциозлик бадиий ижод табиатига сингиб кетган. Ҳар қандай адиб ҳаётни ўзича кўради, ўзини қизиқтирган мавзуни дунёқарашидан келиб чиққан ҳолда ёритади. Умуминсоний қадриятлар давримизнинг бош мезонига айланиб бораётган экан, ҳар қандай бадиий асарда, гарчи у ўртамиёна бўлсин, улар у ёки бу даражада акс этади — бусиз мумкин эмас! Дейлик, Чўлпон Акбарали тасвирида шундай ранглар ишлатганки, Ойбек ишлатган ранглардан ҳам ўтиб тушади. Чўлпон зебилар, акбаралилар, мирёқублар оламини тасвирларкан, тараққиётга тўғаноқ бўлганларга, инсон қадрининг топталиши, маънавиятнинг булғаниши ва инсоний муносабатлар сайқалланишига қарши исён кўтаради. Адибнинг катта эпик асарни лирик табиат лавҳасидан бошлаши ҳам бежиз эмас. Табиатдаги уйғониш билан ёш қизлар руҳиясидаги уйғониш, ундаги баҳорий гўзаллик билан қизларнинг гўзал маънавияти уйғунлик (гармония) касб этади. Ҳаётнинг ичига чуқурроқ кириб борилиши баробари уйғунлик йўқолиб, ноуйғунлик (дисгармония) бўртиб боради. «Нега шундай? Нега ҳаётнинг ҳар жабҳаси бирдай гўзал эмас?..» Кўрамизки, адибни барча буюк санъаткорларни ўйлатган муаммо — табиат ва жамият ҳаётининг уйғунлашуви ўйлатади, ноуйғунликни йўқотиш, уйғунликка етиш йўлларини излайди у.
Юқорида айтиб ўтганимиз, ҳар қандай адиб ҳаётни ўзича кўришини «Қутлуғ қон» мисолида яна бир бор кузатиш мумкин. Чўлпон даврнинг асосий ижтимоий конфликти деб қараган феодализм ва буржуазия зиддиятлари нима учун Ойбек талқинида иккинчи планга ўтиб қолди? Бунинг сабабини «замонасоз»лик билангина изоҳлаш мумкинми? Бизнингча, йўқ! Ойбек ёзувчи бўлиш билан бирга ижтимоиётчи олим ҳам эди. Демак, у маълум манбаларга таянган ҳолда ўзи тасвирламоқчи бўлган даврдаги Туркистоннинг ижтимоий, сиёсий, иқтисодий аҳволини (Чўлпонга ўхшаб бевосита замондош эмасди у, ёш бола эди) ўрганган ва муайян хулосаларга келган. Ойбек Мирзакаримбой оиласини тасвир объекти қилиб оларкан, ҳоким синф вакиллари орасидаги фарқлар (ҳали зиддият даражасига кўтарилмаган)ни кўрсатишга ҳаракат қилган. Фикримизча, Мирзакаримбой том маънодаги феодал эмас. Айни пайтда том маънодаги буржуага хос инқилобий сифатлардан ҳам маҳрум, сиёсий ҳокимиятни қўлга олиш ва шу орқали ижтимоий-иқтисодий ҳаётни қайта қуришни хаёлига ҳам келтирмайди. Осиё мамлакатларидаги аҳволга баҳо бераркан В. И. Ленин 1913 йилда: «Осиёнинг ҳамма жойида қудратли демократик ҳаракат ўсмоқда, кенгаймоқда ва мустаҳкамланмоқда. У ерда буржуазия ҳозирча халқ билан биргалашиб реакцияга қарши бормоқда»²— деб ёзган эди. Албатта, бунда Ленин консерватив кайфиятдаги мирзакаримбойларни эмас, балки радикал кайфиятдаги шарафутдин хўжаевларни («Кеча ва кундуз») назарда тутган.
Отасидан фарқли ўлароқ, Ҳакимбойвачча энди ота изидан боришнинг ўзи бўлмаслигини, янгича шароитда саноатчи бойлар равнақ топишини англаган. Унинг отасига: «Дада, энди пахта завод қурмасак бўлмайди. Модомики, пахтачи бўлдим, заводсиз илож йўқ. Гарчи сиз норози бўлсангиз ҳам ишни бошлаб юбормоқчиман» — дейиши фикримизни далиллайди. Ҳакимбойваччадай эскича одатларни маҳкам тутган одам ота ризолигисиз иш бошламоқчими, демак, бунинг жиддий сабаблари бор. Эътибор берилса, Ҳакимбойвачча Абдишукурнинг гапларига отаси каби «қуруқ сафсата» деб қарамаслиги, аксинча, уни кўп жиҳатдан қўллаши, отасининг олдида баъзи гапларини силлиқлаб, эскичага мувофиқлаштиришга уриниши кўринади. Айтиш мумкинки, у маълум маънода жадидчилик таъсиридаги одам, эндигина ўзини янги сиёсий куч сифатида таний бошлаган. Унинг укаси Салимбойваччанинг Абдишукурга муносабатидан, «тирранча»ларнинг гапини ҳар жойда маъқуллаши ва такрорлашидан жадидлар билан алоқаси анча мустаҳкам экани сезилади. Афсуски, биз кенжа бойваччани фаолиятда кўрмаймиз, устига-устак адиб уни «ўлдиртириб» юборадики, бунда рамзий маъно борми, йўқми — сезмай қоламиз.
Хулоса қилиб айтиш мумкинки, романда биронта радикал кайфиятдаги буржуанинг учрамаслиги (ҳаётда эса бўлган) Ойбекнинг дунёқараши, Туркистоннинг ижтимоий тараққиёти масаласида ЎЗ ФИКРИ бўлгани билан изоҳланади. Яъни адиб инқилоб арафасидаги ижтимоий ҳаётни таҳлил қилиб, юртининг келажаги, равнақу камолини белгиловчи куч сифатида меҳнаткашларни олади, шундан келиб чиққан ҳолда ижтимоий-тарихий романда кучлар нисбатини белгилайди. Тўғри, Ойбекнинг қарашлари «расмий нуқтаи назар»га мос тушади, лекин шунда ҳам адиб атайин юқорига маъқул келадиган қилиб (кейинги таҳрирлар бундан истисно) ёзган дейишдан тийиламиз. Ёш Мусо шахс ва адиб сифатида шаклланган шарт-шароитларни, унинг ОЙБЕК бўлишида Инқилобнинг аҳамияти назарда тутилса, ёзувчи ўзи англаган ҳақиқатни борича, қўлидан келганча тасвирлашга ҳаракат қилганини билиш қийин эмас.
Энди «бутун куч бойнинг салбийлиги, камбағалнинг ижобийлигини кўрсатишга қаратилган»ига келсак. Бизнингча, ҳаётда Мирзакаримбой каби бойлар ҳам, шунингдек, инсофли, диёнатли, одамохун бойлар бўлганини ҳам биров инкор қилолмайди. Шундай экан, уларнинг қай бирини ижтимоий тип сифатида олиш адибнинг ўзига ҳавола эмасми?
Адабиётшунос О. Шарафиддинов Мирёқубнинг поездда савдогар йигит билан учрашувини «романнинг асосий ғоявий мазмуни ифодаланган саҳна» деб атайди. Худди шу ўринда, жадид йигит — Шарафутдин Хўжаев пайдо бўлиши билан муаллиф ўзини «четга олади», поезддаги ишлар, суҳбатлар Мирёқуб ва Марям «кундалик»лари орқали кўрсатилади. Бу усул шаклга бир қадам путур етказгандай туюлади, лекин жадидлар ҳақида ҳақиқатни айтишнинг ўзга имкони йўқ эди. Айтмоқчимизки, танланган усул муаллиф позициясини «бетараф» кўрсатишга хизмат қилади. Сталин сиёсати кучга кирган вақтда Чўлпоннинг жадидлар ҳақида «бетараф» бўлса-да, холис ёзиши том маънодаги ижодий жасорат эди.
Шарафутдин Хўжаев Мирёқуб билан суҳбатда жадидлик ҳаракатининг асосий нуқталарига тўхталади. Айтиб ўтганимиздек, у аввал суҳбатдошининг миллий ғурурини уйғотиш пайида бўлади. Айниқса, унинг Мирёқуб билан Марям муносабатини билгандан кейин айтган гаплари характерли: «Бу бизнинг бошимизда данак чақаётган бир дунёнинг қизи. Биз уларни кўнгулдан ёмон кўрамиз. Булар бизнинг душманлар! Фақат улар ҳаммаси бутун ҳолда душман! Якка-якка бўлганида ораларидан дўст топа оламиз. Яхши дўстлар топилади. Жуда яхши дўстлар... У дўстлар билан оғиз-бурун ўпишар экан, уларнинг чангалидан қандоқ қилиб қутулишни (ўйлашни — Д. Қ.) бир нафас ҳам унутмаймиз...» Кўринадики, жадиднинг русларга муносабати зиддиятли; уларнинг ичидан яхши дўстлар топилишини эътироф этади, бутун ҳолича душман деб атайди. Шу гапнинг ўзиёқ, инсоф билан ёндашилса, жадиднинг миллатчилиги рус халқига эмас, балки чор мустамлакачилик сиёсатига қаратилганини кўрсатиб турибди. Жадид миллатлар орасидаги иқтисодий, маданий алоқаларни инкор қилмайди, аксинча, маълум тарихий сабаблар таъсирида ортда қолган Шарқнинг нажот йўли — Ғарбдаги мавжуд илмларни ўрганиш эканини таъкидлайди. Шу билан бирга. «Ибтидоий тарбияни рус мактабларидан бошлаб бўлмайди, уни миллий мактабларда бериш керак. Илгари миллий ҳиссини ўстириб, ўз миллатини танитгандан сўнг рус мактабига бериш керакки, ҳунарга, ихтисосга тегишли илмларни ўқусун» — дейди. Кўрамизки, жадид миллий худбин эмас, аксинча, миллийликни инкор этмайдиган байналмилал мавқеда турибди. Тараққиёт даражаси турлича бўлган миллатларнинг ўзаро муносабати, айниқса, улардан бири мустамлака халқи бўлса, ассимиляцияга олиб келиши аён. Шунга кўра, Ш. Хўжаевнинг куйинишлари ўринли. Жадидлик ҳаракати миллатчилик сўзининг энг ёмон маъноси ила қораланган пайтда тарихчилар, ижтимоиётчилар томонидан Ўрта Осиёнинг Россияга «қўшиб олиниши»нинг аҳамияти имкон қадар бўрттирилди. Жадидлик ҳаракати қанча қораланса, кейингисининг имкони шунча кенгаяди. Шу даражага бориб етилдики, Маркс, Энгельс каби даҳолар қоралаган чор мустамлакачилик сиёсати ҳақида имкон қадар кам гапирадиган бўлдик, иложи бўлса-ю, мутлақо гапирилмаса. Аслида-чи? Аслида чоризмнинг мустамлака сиёсати ҳақида РКП (б)нинг Х съездидан орттириб гапириш қийин: «Чоризмнинг, помешчиклар ва буржуазиянинг бу халқларга нисбатан тутган сиёсати — бу халқлар ўртасида ҳар қандай давлат куртакларини йўқ қилиш, уларнинг маданиятига шикаст етказиш, тилларига эрк бермаслик, уларни жаҳолатда тутиш ва, ниҳоят, уларни мумкин қадар руслаштиришдан иборат эди.» Ҳеч кимга сир эмас, ҳозирги кунда жамиятимизнинг «оғриқ» нуқтаси — миллий масала. Социализм ҳар бир миллатнинг ривожланишига, равнақ топишига имкон яратиши керак эди, лекин нотўғри сиёсат туфайли бу нарса амалга ошмади. Аксинча, миллат тарихий категория экани-ю, охир оқибат миллатлар қўшилиб кетиши, миллий тилларнинг йўқ бўлиб кетиши зўр бериб уқдирилди. Бу қўпол қилиб айтганда, Х съезд қоралаган «мумкин қадар руслаштиришнинг» бошқача кўриниши эди. Халқини мутараққий миллатлар қаторида кўришни орзулаган Чўлпон бундан ташвишга тушиши, инқилобга йигирма йил тўлар-тўлмас имлосидан айрилиб, ўтмишидан узиб қўйилган халқ келажагини тасаввур қилиб ўртаниши табиий эди. Жадидлар миллатчилигини — миллатни, миллий ўзига хосликни, миллий тил ва маданиятни сақлаб қолишга интилишни «миллатчилик» деса бўладими? Бизнингча, йўқ! Бу — мустамлака ўлкадаги зарурат, бу — виждонли кишиларнинг гражданлик бурчи. Бошқача бўлиши мумкин эмас!
Буржуазия табиатига кўра доимо хом ашё базаси ва бозор учун курашиб келган. Зеро, булар унинг учун яшаш ва равнақ топишнинг бирламчи шартларидир. Ўтган асрнинг иккинчи ярмида Туркистоннинг босиб олиниши 1861 йил ислоҳотидан кейин фаоллашган янги сиёсий куч — рус буржуазиясининг манфаатларини кўзлаб амалга оширилган ёвуз ниятнинг натижасидир. «Сиз — биз соғим сиғирмиз, бизнинг ширин сутимиз бор; руслар ва бошқа ажнабийлар бизни эмиб ётадилар...» — Ш. Хўжаевнинг бу гаплари энди рус буржуазияси билан миллий буржуазия манфаатлари зид келганидан далолат беради. Тўғри, мустамлакачиликка қарши турган жадидлар, аввало, ўз манфаатларини кўзлашган, лекин бу манфаатлар меҳнаткаш халқ манфаатлари билан оз бўлса-да мос тушади. Етиштирилган миллий бойликнинг четга чиқиб кетгани қайда-ю, киссангда бўлмаса-да, юртингда қолгани қайда: «қўй кўрмасак ҳам қий кўрганмиз», «қўйнидан тўкилса — қўнжига», «қатиқ тўкилса юқи қолади» деган ҳикматларни шу халқ тўқиган, ахир! Шу ўринда адиб ва шоирларимизнинг кейинги икки-уч йил мобайнидаги публицистик чиқишларини, иқтисодий аҳволимиз ҳақида уларда келтирилган фактларни эслаш жоиз. Фактлар — шафқатсиз, улар бор гапни юз-хотир қилмай айтиб турибди. Мустамлакачилик сиёсатининг айрим принциплари ҳозирда ҳам сақланиб қолаётир. Албатта, бу нарса 30-йиллардаёқ кўзга ташланган бўлиши керак. Атроф гулдурос «ура»ларга кўмилган пайтда Чўлпон юртининг тақдири ҳақида ўйлаган бўлиши, янги тўн кийган эски сиёсатга муносабатини жадид тилидан айтган бўлиши табиий.
Ш. Хўжаев ҳақида китобхон Мирёқуб воситасидагина тасаввур ҳосил қилса-да, унинг кўз олдида ғояларини амалиётига татбиқ этаётган, ўз ташвишларидан ортиб юрти келажаги ҳақида қайғураётган ўқимишли, маърифатпарвар, бир сўз билан айтганда, ижобий одам гавдаланади. Китобхон беихтиёр «Қутлуғ қон»даги ёхуд шу номли видеофильмдаги Абдишукурни кўз олдига келтириб, иккисининг орасида еру осмонча фарқ кўрса, эҳтимол.
Абдишукур тутган йўл бирнав тўғридай. Аммо эътибор берилса, «кўзи очилмаган» бойлар унинг гапларини жиддий қабул қилмаётгани, устига-устак уни мазахлаётганлари сезилади. Бунинг боиси эса биринчидан, Абдишукурнинг қарашларида изчиллик етишмаслиги ҳам унинг ғоясида собит эмаслиги, иккинчидан, шахс сифатида ожизлиги. У ўзининг қарашларини қуйидагича ифодалайди: «Каминанинг ғоявий ҳаёти шундай, яна такрорлайман: миллий сармояни ўз бойларимиз — мусулмон бойларимиз тўла эгалласинлар, яъни бутун Туркистонимизда тижорат ўз бойларимиз қўлида бўлсин, бу билан қаноатланмай, завод-фабрикалар қурсинлар, Масковга, Варшавага ва ҳоказо шаҳарларга ўзлари мол олиб борсинлар, у ерлардан ўзлари мол келтирсинлар, дейман. Ўртадаги шу яҳудий, ўрис савдогарларининг думини қисиб қўйиш керак, дейман».
Бир қарашда Абдишукур билан Ш. Хўжаев ягона мақсадга интилаётгандай, лекин аслида ундай эмас. Ш. Хўжаевнинг миллий сармоя ҳақидаги гаплари ҳам, маърифатпарварлик борасидаги гаплари ҳам бир мақсадга — мустамлака зулмидан қутулиб мустақил давлат қуришга бўйсундирилган. Абдишукур эса бойлар билан бирга подшога омонлик тилайди,
Dilmurod Quronov