Turmushdagi oʻzgarishlar insonni oʻzgartiradimi yo insonning oʻzgarishi turish-turmushimizni? Sezib turibsiz, savol bamisoli “tovuq oldin paydo boʻlganmi yo tuxum?” qabilida qoʻyildi. Yaʼniki, bir-biriga mutlaq zid javob berilgan taqdirda ham har ikki tomon oʻzicha haq boʻlib chiqaveradi. Xususan, “Yangi inson” dostonida Ulugʻbek Hamdam insondagi oʻzgarishlarni urgʻulamoqda, ularni turmushdagi nomaqbul holatlar sababi, istiqbolimizdan bexayr fol deya talqin etmoqda. Aytish kerak, sheʼriyatimizda anchadan buyon bu qadar ulkan muammoni badiiy mushohada qilishga jazm qilinmagan edi. Men bu oʻrinda Abdulla Oripovning “Yuzma-yuz” sheʼrini nazarda tutmoqdaman. Zamonasining mohiyatini anglash uchun shoir bashariyat tongiga nazar solgan, vahshiy mamontlar toʻdasini yanada vahshiyroq olomon mahv etganini tasvirlagach:
Oʻsha kun buzildi azaliy udum,
Uni inson oʻzi buzib tashladi.
Kunduzgi oshkora oʻgʻrilarday u
Oʻljasin uy-uyga torta boshladi.
Bizning boshimizni bogʻlagan zulmat,
Notiqlar tutaqib soʻkkan zulm qon,
Dunyodagi neki yomonlik, kulfat,
Barchasi boshlangan edi oʻsha on... - deb yozgandi. Ehtimol, kimlargadir bu hukmron mafkura oʻzagini tashkil qilgan xususiy mulkka munosabatning aks sadosigina boʻlib koʻrinar. Biroq bunday tushunish, nazarimda, “harfxoʻrlik” (bukvoyedstvo)dan boshqa emas, zero, soʻz va obraz diapazoni benihoya keng: shoir oʻz zamonasidagi illatlar ildizi MANFAATdan suv ichishini taʼkidlayotirki, sheʼrning azaliy muammoga joʻyali javoblardan biri oʻlaroq umrzoqligini taʼminlayotgan omillardan biri shudir, balki?!.. Gapni “Yuzma-yuz”ga burganim bejiz emas: nazarimda, “Yangi inson” dostoni “Yuzma-yuz” bilan, umuman, A.Oripovning 60-70-yillarda yozilgan zamondosh INSON mavzusidagi teran falsafiy sheʼrlari bilan dialogik aloqada. Faqat shunisi borki, 60-yillar avlodining tiyrak nigohiyu oʻtkir savqi tabiiysi elas-elas ilgʻagan yaralar bugun maddalab yetilgan: shoirlarimiz “Dood! Qorovul!” deya bong uradirgan holat-u, hammalari boriga koʻngan kabi jim – “mangu mavzular” tarannumiyu ajabtovur ijodiy eksperimentlar bilan banddek. Xuddi shu vaziyatda oʻtkir publitsistik ruh, ijtimoiy pafos bilan yoʻgʻrilgan “Yangi inson” dostonining yaralishi – kunimiz yuzaga keltirgan ehtiyojning anglanayotganidan nishona. Shoyadki, bu yana sheʼriyat soʻnggi yillarda tamom faromush etayozgan asosiy missiyalaridan biri – inson qalbi uchun javobgarlikni his eta boshlaganidan ham darak boʻlsa...
Ulugʻbekning bugungi kun kishisiga bergan taʼriflari biroz mubolagʻali koʻrinsa, ehtimol. Har holda, bu taʼriflarni oʻqiganingda, xayolingdan, eng avval, “Juda bunchalik emasdir-ov!” degan fikr oʻtadi beixtiyor. Ha, shunday fikr oʻtadi, lekin izsiz ketmaydi-da: istasang-istamasang turish-turmushing shu taʼrifga ozmi-koʻp mosligini ich-ichingdan his qilib turasan. Axir, shoir taʼrifida “oʻz yuragidan otilib koʻchaga chiqib ketgan”, “vujudi tashqarining jozibasi bilan allalanib”, tashqarini kelin uyidek bezagan va:
uning otini KOMFORT qoʻyib,
qarshisida tiz choʻkdi BUGUN,
TANGRIning poyida sajda qilgan kabi KECHA... - deyilgan odam sizu biz emasmi?! Eslarsiz, oʻz vaqtida Abdulla Oripov kundalik turmush tashvishlariga xitoban “Biz sendan balandroq tura olsaydik, Biz sendan balandroq yura olsaydik, Balki oʻngʻayardi dunyo ishlari” deya yozgʻirgan edi. Orada oʻtgan vaqt davomidagi oʻzgarish shunchaki, bugungi kun odamini yelib-yugurtirgan omilni “turmush tashvishlari” desak ayni mubolagʻa qilgan boʻlamiz. Zero, otalarimiz “kun kechirish” tashvishini qilgan boʻlsalar, bizlar “chiroyli yashash” tashvishiga andarmonmiz. Ehtimol eʼtiroz qilinar: “Xoʻsh, buning nimasi yomon? Axir, “chiroyli yashash” ham, shunday yashashni orzulash ham ayb emas-ku?!” Shundayku-ya, lekin buning uchun berayotganimiz evaz-chi? Oʻylab qarang-a, garchi “turmush tashvishlari” deya bir xil atasak-da, otalarimizni yelib-yugurtirgan ehtiyojlar bilan bizniki orasidagi farq yeru osmoncha emasmi? Shunday, chunki ular ozmi-koʻpmi meyorni saqlagan, otalaridan nimalarnidir oʻziga yuqtirgan edilar. Otalari esa, yaʼni bobolarimiz bugunning tashvishi bilan “Ertaga xudo razzoq!” deya umr kechirganlar. Yoʻq, ular ertani koʻrolmaydigan kaltabin emas, bilʼaks, nigohlari sizu bizdan chandon uzoqqa – oxiratga qaratilgan, koʻngillarida Allohga sobit eʼtiqod yashagan... Xuddi shu oʻrinda ming-minglab nigohlar – birida qahr, boshqasida qoʻrquv, tagʻin birida andisha, xullas, turfa-tuman hissiy ifodalar aks etgan nigohlar oʻzimga qadalganini his etaman, joʻrovoz yangragan xitob quloqni kar etgudek: “Biz-chi!? Bizda-chi!?..” Haqiqatku bir Oʻzigagina maʼlum, ammo atrofga nazar solsam, kim uchundir eʼtiqod ham oʻsha KOMFORT unsuriga aylangandek, kimdir uni Allohga sherik qilayotgan, kimdir esa bilib-bilmay ungagina topina boshlagandek... Shularni oʻylaganda doston muallifining tashvishini asosli topasan kishi:
Yangi Inson
oʻz yuragidan tashqariga chiqib ketdi,
mayli,
men bungayam rozilar boʻldim...
Faqat,
faqat u
oʻsha koʻchani yuraklarga boshlab kelmasin,
boshlab kelib,
insonning bu dunyodagi birdan bir qarorgohi -
koʻngilni gʻorat etmasin!
Tashvishni asosli topishimiz boisi shuki, tashqari gʻorat va yo ishgʻol etgan koʻngilda hamma narsa – NARSA, xolos. Yaʼni unda eʼtiqod, imon, insof, muhabbat, mehr, oqibat kabi tushunchalar avtomobil, yumshoq mebel, changyutgich, kompyuter va hokazolar qatorida turadi – bulardan kam boʻlsa bordir, aslo ortiq emas. Bilmadim, bir paytlar A.Oripov inson qalbini qoʻriqxonaga aylantirish kerak deya bong urganida, balki, kimlargadir shoir vahimani biroz oshirgandek tuyulgan, koʻpchilik astoydil quloq ham tutmagan chiqar?! Attang! Oqibatga – hozirgi holatga qaraganda, shoirlarga quloq tutish kerakka oʻxshaydi. Oqibatni bor boʻyi bilan koʻrib turgan Ulugʻbek Hamdam talqinida koʻngil – insonni hayvondan farqlovchi asosiy jihat (shuning uchun u “balki tashqariga chiqib ketgan kishining ismi Odamu ichkarida qolganniki Insondir?..” degan savolni qoʻyadi. Bu ham bejiz emas: anglangan narsa nomlanmogʻi kerak, shundagina u ong faktiga aylanadi). Hazrat Navoiy “insonni soʻz ayladi judo hayvondin” deganlar, soʻng zamonlar inson hayvonotdan ongi bilan farqlanishi urgʻulab kelinadi. Albatta, bu ikkisi ham hali farqlovchi jihat sifatida ahamiyatini butkul yoʻqotganicha yoʻq, ammo soʻzlovchi qoʻgʻirchoqlaru turfa aqlli mashinalar zamonida yashayotganimiz, olimlar “sunʼiy ong” yaratish bobida faol izlanayotganlari ham bor gap. Baski, kun kelib koʻngil insonlikning asosiy belgisiga aylanmogʻi haqiqatga rost koʻrinadi. Shuning uchun ham doston muallifi
koʻchaning jinkoʻchalarida hayvonga evrilayozgan odam
koʻngliga qaytsa agar,
yana insonga aylangusi, - deya qatʼiy ishonadi. Faqat buning uchun inson koʻngli daxlsiz qolmogʻi, uni tashqarining xurujlaridan qoʻriqlash shart qilinadi.
Koʻngilni tark etgan odam oʻz nazdida tashqariga hukmrondek, haqiqatda esa uning oʻzi tashqaridagi narsalarning biriga aylanib boʻlgan. Narsadan esa foydalaniladi! Shuni oʻylab shoir bugungi dunyoda kechayotgan jarayonlardan xavfsiraydi, bani basharning “dunyoning qaysi bir kunjiga oʻrnatilgan yagona kompyuter” boshqaruvchi toʻdaga aylanishi ehtimolidan ogohlantirmoqchi boʻladi. Bilmadim, balki, bu ham ortiqcha vahimadek koʻrinar. Lekin dunyoni maʼnaviyatga xuruj, oʻzgacha turmush tarzini yoyish orqali egallamoqni reja qilgan kuchlarning borligi haqiqat emasmi?! Haqiqat boʻlganda qandoq! Doston muallifi bu kuchlarni “manfaat bandalari”, “shaytonlar”, “dajjollar” deb ataydiki, ismlar amallariga mos. Amallari esa bir maqsadga – koʻngilni tark etgan insonga turfa tuzoqlar qoʻyib ortga qaytarmaslik chorasini qilishga, qaytar manzilini – koʻngilni gʻorat etishga qaratilgan. Koʻngilga eltuvchi yoʻllar esa bobolardan maʼlum: koʻz, quloq, tomoq, qoʻl va oyoqlar. Xoʻp, ana, tomoq yoʻlini olaylik. Bobolar “luqmai halol” aqidasi bilan, nogoh xalqumlari bulgʻanib qolishidan hazir boʻlib yashaganlar. Yangi insonga qoʻyilgan tuzoqdagi xoʻrak esa “Inson, hayvon va oʻsimlik genomasi boʻtqasidan bino etilgan geni oʻzgartirilgan mahsulot – sunʼiy yemish...” Sunʼiy boʻlsa-da koʻrinishi va mazasi tabiiysidan avloroq! Xoʻrak shunchalik boʻladi-da: geni oʻzgartirilgan mahsulot oxir-oqibat mutatsiyaga olib kelishi mumkin degan xavotirlarni eshitar quloqlar tom bitgan. Yo halqumlarimiz bulgʻanmayotganiga kafolat bormikan?!.. Yoki quloq yoʻli. Dajjollar quloqqa “xush yoqadigan musiqalarni peshtoqi zarhalli gipermarketlarda chaldirib qoʻymoqda” va
kuy qoʻynida botinga inib,
ruhni allalab elitmoqda,
ona allasidan farq qilib esa,
bu musiqa
aqllarni allalaydi...
Oʻzligini daxlsiz saqlovchi qoʻrgʻon – koʻngilni tark etgan inson xoʻrakka osongina aldanadi, zero, endi uning tafakkuri mudroq. Endi u koʻziga chiroyli koʻrsatilgan, qulogʻiga yoqimli eshittirilgan, tiliyu tanglayiga totli etilgan neki bor yamlamay yutadi, isteʼmolchiga – “Boʻlgandayam yuhodek Isteʼmolchi”ga aylanadi. Dostonda topib aytilgani kabi, “endi u qarshimizda, shundoq roʻparamizda, peshonamizdagi oynada turibdi savlat toʻkib...” Ha, yuzimizga tutilgan koʻzgudagi aksni tanimay turgan boʻlsak bordir, balki, aql koʻzimiz xiralashgani boisdir, balki, kibrdan, yaʼni oʻzimizga bergan bahoimiz balandligidan va tanishni istamayotganimizdan. Lekin, nima boʻlganda ham u aks, demak, uning qaysidir chizgilari bizda mavjud-da...
Ulugʻbek Hamdamda ildizga nazar solishga moyillik kuchli: dostonda ham u oʻzini qiynagan muammolarga javobni azaldan izlaydi, Odam Atoning “man etilgan mevaga uzatilgan qoʻli ichkaridan tashqariga solingan ilk yoʻl boʻlgandir balki” degan taxminlarga boradi. Rivoyat bagʻrida botin maʼnolarni izlarkan, shoir onamiz Momo Havoning Odam Ato qovurgʻasidan bino boʻlganini eslatadi va bunda buyuk hikmat koʻradi: “Birinchi Odam chinakamiga yordamga muhtoj boʻlib, oʻzini baxtsiz his etganda, Robbimiz chorani botindan olib koʻrsatmadimi?” Shunday, shoir ham sizu bizni Yaratgan yoʻlidan borishga, chorani botindan izlashga undaydi:
Zero,
Inson Yoʻli
Odam Atoning olmaga uzangan qoʻlidan
tashqariga solingan yoʻl emas,
balki olmadan
Odam Atoning botiniga -
koʻngliga qaragan yoʻl edi...
Ha-ha,
u oʻsha yoʻl edi
va hamon oʻsha YOʻLdir!..
2012 yil
Турмушдаги ўзгаришлар инсонни ўзгартирадими ё инсоннинг ўзгариши туриш-турмушимизни? Сезиб турибсиз, савол бамисоли “товуқ олдин пайдо бўлганми ё тухум?” қабилида қўйилди. Яъники, бир-бирига мутлақ зид жавоб берилган тақдирда ҳам ҳар икки томон ўзича ҳақ бўлиб чиқаверади. Хусусан, “Янги инсон” достонида Улуғбек Ҳамдам инсондаги ўзгаришларни урғуламоқда, уларни турмушдаги номақбул ҳолатлар сабаби, истиқболимиздан бехайр фол дея талқин этмоқда. Айтиш керак, шеъриятимизда анчадан буён бу қадар улкан муаммони бадиий мушоҳада қилишга жазм қилинмаган эди. Мен бу ўринда Абдулла Ориповнинг “Юзма-юз” шеърини назарда тутмоқдаман. Замонасининг моҳиятини англаш учун шоир башарият тонгига назар солган, ваҳший мамонтлар тўдасини янада ваҳшийроқ оломон маҳв этганини тасвирлагач:
Ўша кун бузилди азалий удум,
Уни инсон ўзи бузиб ташлади.
Кундузги ошкора ўғрилардай у
Ўлжасин уй-уйга торта бошлади.
Бизнинг бошимизни боғлаган зулмат,
Нотиқлар тутақиб сўккан зулм қон,
Дунёдаги неки ёмонлик, кулфат,
Барчаси бошланган эди ўша он... - деб ёзганди. Эҳтимол, кимларгадир бу ҳукмрон мафкура ўзагини ташкил қилган хусусий мулкка муносабатнинг акс садосигина бўлиб кўринар. Бироқ бундай тушуниш, назаримда, “ҳарфхўрлик” (буквоедство)дан бошқа эмас, зеро, сўз ва образ диапазони бениҳоя кенг: шоир ўз замонасидаги иллатлар илдизи МАНФААТдан сув ичишини таъкидлаётирки, шеърнинг азалий муаммога жўяли жавоблардан бири ўлароқ умрзоқлигини таъминлаётган омиллардан бири шудир, балки?!.. Гапни “Юзма-юз”га бурганим бежиз эмас: назаримда, “Янги инсон” достони “Юзма-юз” билан, умуман, А.Ориповнинг 60-70-йилларда ёзилган замондош ИНСОН мавзусидаги теран фалсафий шеърлари билан диалогик алоқада. Фақат шуниси борки, 60-йиллар авлодининг тийрак нигоҳию ўткир савқи табиийси элас-элас илғаган яралар бугун маддалаб етилган: шоирларимиз “Доод! Қоровул!” дея бонг урадирган ҳолат-у, ҳаммалари борига кўнган каби жим – “мангу мавзулар” тараннумию ажабтовур ижодий экспериментлар билан банддек. Худди шу вазиятда ўткир публицистик руҳ, ижтимоий пафос билан йўғрилган “Янги инсон” достонининг яралиши – кунимиз юзага келтирган эҳтиёжнинг англанаётганидан нишона. Шоядки, бу яна шеърият сўнгги йилларда тамом фаромуш этаёзган асосий миссияларидан бири – инсон қалби учун жавобгарликни ҳис эта бошлаганидан ҳам дарак бўлса...
Улуғбекнинг бугунги кун кишисига берган таърифлари бироз муболағали кўринса, эҳтимол. Ҳар ҳолда, бу таърифларни ўқиганингда, хаёлингдан, энг аввал, “Жуда бунчалик эмасдир-ов!” деган фикр ўтади беихтиёр. Ҳа, шундай фикр ўтади, лекин изсиз кетмайди-да: истасанг-истамасанг туриш-турмушинг шу таърифга озми-кўп мослигини ич-ичингдан ҳис қилиб турасан. Ахир, шоир таърифида “ўз юрагидан отилиб кўчага чиқиб кетган”, “вужуди ташқарининг жозибаси билан аллаланиб”, ташқарини келин уйидек безаган ва:
унинг отини КОМФОРТ қўйиб,
қаршисида тиз чўкди БУГУН,
ТАНГРИнинг пойида сажда қилган каби КЕЧА... - дейилган одам сизу биз эмасми?! Эсларсиз, ўз вақтида Абдулла Орипов кундалик турмуш ташвишларига хитобан “Биз сендан баландроқ тура олсайдик, Биз сендан баландроқ юра олсайдик, Балки ўнғаярди дунё ишлари” дея ёзғирган эди. Орада ўтган вақт давомидаги ўзгариш шунчаки, бугунги кун одамини елиб-югуртирган омилни “турмуш ташвишлари” десак айни муболаға қилган бўламиз. Зеро, оталаримиз “кун кечириш” ташвишини қилган бўлсалар, бизлар “чиройли яшаш” ташвишига андармонмиз. Эҳтимол эътироз қилинар: “Хўш, бунинг нимаси ёмон? Ахир, “чиройли яшаш” ҳам, шундай яшашни орзулаш ҳам айб эмас-ку?!” Шундайку-я, лекин бунинг учун бераётганимиз эваз-чи? Ўйлаб қаранг-а, гарчи “турмуш ташвишлари” дея бир хил атасак-да, оталаримизни елиб-югуртирган эҳтиёжлар билан бизники орасидаги фарқ еру осмонча эмасми? Шундай, чунки улар озми-кўпми меъёрни сақлаган, оталаридан нималарнидир ўзига юқтирган эдилар. Оталари эса, яъни боболаримиз бугуннинг ташвиши билан “Эртага худо раззоқ!” дея умр кечирганлар. Йўқ, улар эртани кўролмайдиган калтабин эмас, билъакс, нигоҳлари сизу биздан чандон узоққа – охиратга қаратилган, кўнгилларида Аллоҳга собит эътиқод яшаган... Худди шу ўринда минг-минглаб нигоҳлар – бирида қаҳр, бошқасида қўрқув, тағин бирида андиша, хуллас, турфа-туман ҳиссий ифодалар акс этган нигоҳлар ўзимга қадалганини ҳис этаман, жўровоз янграган хитоб қулоқни кар этгудек: “Биз-чи!? Бизда-чи!?..” Ҳақиқатку бир Ўзигагина маълум, аммо атрофга назар солсам, ким учундир эътиқод ҳам ўша КОМФОРТ унсурига айлангандек, кимдир уни Аллоҳга шерик қилаётган, кимдир эса билиб-билмай унгагина топина бошлагандек... Шуларни ўйлаганда достон муаллифининг ташвишини асосли топасан киши:
Янги Инсон
ўз юрагидан ташқарига чиқиб кетди,
майли,
мен бунгаям розилар бўлдим...
Фақат,
фақат у
ўша кўчани юракларга бошлаб келмасин,
бошлаб келиб,
инсоннинг бу дунёдаги бирдан бир қароргоҳи -
кўнгилни ғорат этмасин!
Ташвишни асосли топишимиз боиси шуки, ташқари ғорат ва ё ишғол этган кўнгилда ҳамма нарса – НАРСА, холос. Яъни унда эътиқод, имон, инсоф, муҳаббат, меҳр, оқибат каби тушунчалар автомобиль, юмшоқ мебель, чангютгич, компьютер ва ҳоказолар қаторида туради – булардан кам бўлса бордир, асло ортиқ эмас. Билмадим, бир пайтлар А.Орипов инсон қалбини қўриқхонага айлантириш керак дея бонг урганида, балки, кимларгадир шоир ваҳимани бироз оширгандек туюлган, кўпчилик астойдил қулоқ ҳам тутмаган чиқар?! Аттанг! Оқибатга – ҳозирги ҳолатга қараганда, шоирларга қулоқ тутиш керакка ўхшайди. Оқибатни бор бўйи билан кўриб турган Улуғбек Ҳамдам талқинида кўнгил – инсонни ҳайвондан фарқловчи асосий жиҳат (шунинг учун у “балки ташқарига чиқиб кетган кишининг исми Одаму ичкарида қолганники Инсондир?..” деган саволни қўяди. Бу ҳам бежиз эмас: англанган нарса номланмоғи керак, шундагина у онг фактига айланади). Ҳазрат Навоий “инсонни сўз айлади жудо ҳайвондин” деганлар, сўнг замонлар инсон ҳайвонотдан онги билан фарқланиши урғулаб келинади. Албатта, бу иккиси ҳам ҳали фарқловчи жиҳат сифатида аҳамиятини буткул йўқотганича йўқ, аммо сўзловчи қўғирчоқлару турфа ақлли машиналар замонида яшаётганимиз, олимлар “сунъий онг” яратиш бобида фаол изланаётганлари ҳам бор гап. Баски, кун келиб кўнгил инсонликнинг асосий белгисига айланмоғи ҳақиқатга рост кўринади. Шунинг учун ҳам достон муаллифи
кўчанинг жинкўчаларида ҳайвонга эврилаёзган одам
кўнглига қайтса агар,
яна инсонга айлангуси, - дея қатъий ишонади. Фақат бунинг учун инсон кўнгли дахлсиз қолмоғи, уни ташқарининг хуружларидан қўриқлаш шарт қилинади.
Кўнгилни тарк этган одам ўз наздида ташқарига ҳукмрондек, ҳақиқатда эса унинг ўзи ташқаридаги нарсаларнинг бирига айланиб бўлган. Нарсадан эса фойдаланилади! Шуни ўйлаб шоир бугунги дунёда кечаётган жараёнлардан хавфсирайди, бани башарнинг “дунёнинг қайси бир кунжига ўрнатилган ягона комьпютер” бошқарувчи тўдага айланиши эҳтимолидан огоҳлантирмоқчи бўлади. Билмадим, балки, бу ҳам ортиқча ваҳимадек кўринар. Лекин дунёни маънавиятга хуруж, ўзгача турмуш тарзини ёйиш орқали эгалламоқни режа қилган кучларнинг борлиги ҳақиқат эмасми?! Ҳақиқат бўлганда қандоқ! Достон муаллифи бу кучларни “манфаат бандалари”, “шайтонлар”, “дажжоллар” деб атайдики, исмлар амалларига мос. Амаллари эса бир мақсадга – кўнгилни тарк этган инсонга турфа тузоқлар қўйиб ортга қайтармаслик чорасини қилишга, қайтар манзилини – кўнгилни ғорат этишга қаратилган. Кўнгилга элтувчи йўллар эса боболардан маълум: кўз, қулоқ, томоқ, қўл ва оёқлар. Хўп, ана, томоқ йўлини олайлик. Боболар “луқмаи ҳалол” ақидаси билан, ногоҳ халқумлари булғаниб қолишидан ҳазир бўлиб яшаганлар. Янги инсонга қўйилган тузоқдаги хўрак эса “Инсон, ҳайвон ва ўсимлик геномаси бўтқасидан бино этилган гени ўзгартирилган маҳсулот – сунъий емиш...” Сунъий бўлса-да кўриниши ва мазаси табиийсидан авлороқ! Хўрак шунчалик бўлади-да: гени ўзгартирилган маҳсулот охир-оқибат мутацияга олиб келиши мумкин деган хавотирларни эшитар қулоқлар том битган. Ё ҳалқумларимиз булғанмаётганига кафолат бормикан?!.. Ёки қулоқ йўли. Дажжоллар қулоққа “хуш ёқадиган мусиқаларни пештоқи зарҳалли гипермаркетларда чалдириб қўймоқда” ва
куй қўйнида ботинга иниб,
руҳни аллалаб элитмоқда,
она алласидан фарқ қилиб эса,
бу мусиқа
ақлларни аллалайди...
Ўзлигини дахлсиз сақловчи қўрғон – кўнгилни тарк этган инсон хўракка осонгина алданади, зеро, энди унинг тафаккури мудроқ. Энди у кўзига чиройли кўрсатилган, қулоғига ёқимли эшиттирилган, тилию танглайига тотли этилган неки бор ямламай ютади, истеъмолчига – “Бўлгандаям юҳодек Истеъмолчи”га айланади. Достонда топиб айтилгани каби, “энди у қаршимизда, шундоқ рўпарамизда, пешонамиздаги ойнада турибди савлат тўкиб...” Ҳа, юзимизга тутилган кўзгудаги аксни танимай турган бўлсак бордир, балки, ақл кўзимиз хиралашгани боисдир, балки, кибрдан, яъни ўзимизга берган баҳоимиз баландлигидан ва танишни истамаётганимиздан. Лекин, нима бўлганда ҳам у акс, демак, унинг қайсидир чизгилари бизда мавжуд-да...
Улуғбек Ҳамдамда илдизга назар солишга мойиллик кучли: достонда ҳам у ўзини қийнаган муаммоларга жавобни азалдан излайди, Одам Атонинг “ман этилган мевага узатилган қўли ичкаридан ташқарига солинган илк йўл бўлгандир балки” деган тахминларга боради. Ривоят бағрида ботин маъноларни изларкан, шоир онамиз Момо Ҳавонинг Одам Ато қовурғасидан бино бўлганини эслатади ва бунда буюк ҳикмат кўради: “Биринчи Одам чинакамига ёрдамга муҳтож бўлиб, ўзини бахтсиз ҳис этганда, Роббимиз чорани ботиндан олиб кўрсатмадими?” Шундай, шоир ҳам сизу бизни Яратган йўлидан боришга, чорани ботиндан излашга ундайди:
Зеро,
Инсон Йўли
Одам Атонинг олмага узанган қўлидан
ташқарига солинган йўл эмас,
балки олмадан
Одам Атонинг ботинига -
кўнглига қараган йўл эди...
Ҳа-ҳа,
у ўша йўл эди
ва ҳамон ўша ЙЎЛдир!..
2012 йил
Dilmurod Quronov