Milliy oʻzlikni anglash hamda anglatishda tarix tuganmas va beqiyos manba ekani maʼlum. Buni yaxshi anglagan jadid maʼrifatchilari tarixga, tarixni bilish va bildirish masalasiga ayricha eʼtibor berganlar. Jadid matbuotidagi chiqishlarda Turkiston tarixini yaratish muammosi bot-bot koʻtarilib, kun tartibidagi eng muhim masalalardan ekani taʼkidlab turilgani ham shundan dalolat beradi. M.Behbudiyning shu xil chiqishlar sirasiga kiruvchi «Turkiston tarixi» kerak» maqolasida oʻqiymiz: «Tarix koʻp ahamiyatli va foydali bir narsadur. Tarixning foydalaridan baʼzisi ushbudurki, bir millatning na tariqada, qaysi yoʻl ila taraqqiy etganini oʻqib ibrat olmoq yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxir munqariz boʻlub ketganin oʻqub, mundan ham istifoda etmak mumkindur». Tarixga maʼrifatparvar nigohi bilan qaragan Behbudiy unda millat uchun tayyor tajriba maktabini koʻradi: oʻtmishning shonli sahifalari millat uchun ibrat, oʻtmish xatolari saboq (aksilibrat) boʻlmogʻi lozim. Shu oʻrinda muallif tarixning yana bir muhim «foydasi»ni koʻrsatib oʻtadi: «hozirgi holimizni bobolarimiz davridagi hollargʻa bir daraja muqoyasa etmak ila barobar oʻz-oʻzimizdan bir infioli daruniy his edub, yuzlarimiz qizarar edi». Yaʼni, muallif fikricha, tarix koʻr-koʻrona sigʻinish yoki magʻrurlanish obyekti emas, bobolar ruhi oldidagi javobgarlik, ajdodlar shaʼniga munosib umrguzaronlik qilish masʼuliyati hamdir. Behbudiyni afsuslantirgan narsa shuki, tarixning bu «foyda»laridan millat bebahra qolayotir, sababi: «hanuz Turkiston tarixi haqinda yangi tadqiqot ila yozilgʻon, tartibli va istifodali mukammal bir asar» yaratilmadi. Mavjud holatni tuzatish uchun «turkiy, forsiy va arabiy tillarda» yozilgan boy manbalardan foydalanib «yangi muhokama va tadqiqot ila oʻz shevamizda muntazam bir asar» yaratish zarur. Eʼtibor berilsa, Behbudiy «yangi tadqiqot», «yangi muhokama» tushunchalariga alohida urgʻu berayotgani seziladi. Xoʻsh, bu oʻrinda muallif nimani nazarda tutadi? Behbudiy fikricha, yuqoridagicha «foyda»lar «Turkistonda oʻtgan bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvoliga doir» tarixiy asardangina hosil boʻladi. Yaʼni, endilikda tarixnavislik emas – chinakam tarix ilmi kerakki, u mavjud manbalardagi faktlarni «yangi muhokama va tadqiqot ila» oʻrganib, millatimiz, milliy davlatchiligimiz bosib oʻtgan yoʻlni, undagi taraqqiy va tanazzul bosqichlarini ilmiy asosda, atroflicha chuqur va tarixan konkret yoritib bersin. Koʻramizki, Behbudiy mavjud tarixlar talabga javob bermayotganini, tarixiy tafakkurni yangilash zarurati yuzaga kelganini chuqur his qiladi, shunga daʼvat etadi.
Tarixiy tafakkur haqidagi Behbudiy mulohazalari mumtoz adabiyotimizdagi tarixiy-badiiy tafakkur holatiga ham xos. Mumtoz adabiyotimizdagi badiiy asarlarda, xususan, dostonlarda (mas., «Xamsa») jonlangan oʻtmish ham konkretlilikdan mahrum. Zero, ularda tarixga murojaat koʻproq didaktik xarakterdagi shartli obrazlar va holatlar («odil shoh», «zolim shoh», «shoh va shahzoda munosabatlari», «adolatli hukm» va h.) yaratish maqsadiga xizmat qiladi. Mumtoz sheʼriyatda esa (albatta, janr tabiati bilan bogʻliq holda) tarixni tasvirlash emas, unga ishora qilish (mas., talmeh) tendensiyasi ustuvorroq boʻlib, bunda didaktik maqsadga qoʻshimcha oʻlaroq ijodiy-estetik maqsadlar (tasvir va ifoda imkoniyatlarini kengaytirish) yetakchiligi koʻriladi. Mumtoz adabiyotimiz anʼanalarining bevosita davomchisi boʻlmish jadid adabiyotining ilk namunalarida ham oʻtmish hali konkretlashgan emas. Ayni paytda, asarlarda konkretlashmagani holda, mualliflar ongida tarixni yangicha idrok etish, konkretlashish jarayoni boshlangani yaqqol koʻriladi. Bu narsa jadid ijodkorlarning oʻtmishimizda ikkita katta bosqichni – ibrat olish lozim boʻlgan «uzoq» oʻtmish va aksilibrat namunasi boʻlgan «yaqin» oʻtmishni, A.Qodiriy taʼbiricha «keyingi xon zamonlari»ni ajratishlarida koʻriladi. Xususan, Choʻlponning «Doʻxtur Muhammadiyor» hikoyasida yurtidan chiqib ketayotgan qahramonning: «Ey, Chingiz va Temur askarlarini koʻrgan qop-qora togʻlar! Ey, vatanim Turkistonning eski davrini koʻrgan togʻ bobolar!» degan xitobida shavkatli oʻtmish sogʻinchi yangraydi. Sogʻinch uygʻotgan «shavkatli oʻtmish»ni, uning nimasi bilan «shavkatli» ekanini konkretlashtirish muallif maqsadiga kirmaydi, bu uning uchun isbot talab qilmaydigan haqiqat. Xitob ortidanoq Muhammadiyorning millatdoshlarining gʻaflatda kechayotgan umri, zabun ahvoli haqidagi alamli oʻylari berilganki, bu muallif maqsadini oydinlashtiradi. Yaʼni, u oʻzini, qahramonni qiynayotgan «kim edig-u kim boʻldik?» savolini oʻquvchida ham uygʻotishga intiladi. Oʻn yetti yoshli adibning millat tarixini oʻz zamonasi nuqtai nazaridan idrok etishga intilishi, oʻquvchisini-da shunga undashi buning chinakam ijtimoiy-shaxsiy zaruratga aylanganidan dalolatdir.
Sirasi, mazkur zaruratni Choʻlpondan yoshi va hayotiy tajribasi kattaroq Fitrat birmuncha ilgari anglagan edi. Biz uning «Munozara» asarini nazarda tutmoqdamiz. Aytish kerakki, «Munozara» publitsistik xarakterdagi asar boʻlgani va bahs-munozara shaklida qurilgani bois unda tarix-bugun muqoyasasi bir qadar konkretlilik kasb etgan. Fitrat talqinidagi Farangi, Mudarrisga zid oʻlaroq, Sharq tarixini, Turkiston tarixini yaxshi biladi, uni teran mushohada qiladi. Zero, Behbudiy yuqoridagi maqolasida afsus-la taʼkidlaganidek, bizda mavjud tarixiy manbalardan «rus va boshqa ovrupoyilar istifoda etgan va etmakdadurlar» va, aksincha, «munday tarix yozuvchi kishi turk oʻgʻlonlaridan hanuz maydongʻa chiqgʻon yoʻqki, bu esa turk bolalarining noxalaf boʻlub, chin oʻgʻul emasliklariga dalildur». Bahs mavzusi Buxoroning mavjud siyosiy ahvoliga borib taqalganda Mudarrisning nafaqat tarixdan, balki zamona ahvolidan ham butkul bexabar – gʻaflatda ekani ayon boʻladi. Bunga zid oʻlaroq, tarixni yaxshi bilgan va mushohada etolgan Farangi Buxoroning siyosiy ahvolini toʻgʻri va loʻnda tushuntiradi: «Buxoro ilgarilari tugal mustaqil ... davlat edi. Amir Muzaffarning magʻlubiyatidan keyin xonlik tantanasi amirlikka, istiqlol dabdabasi vassallikka oʻzgardi...» Buxoroni «yarim tugatilgan amirlik» deb atarkan, Farangi mavjud holatning aybdorlari aslida gʻaflatda yotgan, «Temur bobolari shaʼni va izzatiga xiyonat qilgan» buxoriylarning oʻzlaridir degan hukm chiqaradi. Fitrat ilk asarlaridan ikkitasida qoʻllagan Buxoro voqeligini xorijliklar nigohi orqali tahlil qilish usuli jadidchilikning maʼrifiy islohiy qarashlarini yorqin ifodalashga xizmat qiladigan vosita, xolos. Yaʼni, har ikki holda ham xorijlik niqobi ostida yurt kezib dunyo ahvolotini yaxshi bilgan, yurtidagi mavjud holatning sabablarini atroflicha mushohada qilgan mutafakkir islohotchi – Fitratning oʻzi turadi. Nafaqat Buxoro yoki Turkiston, umuman islom Sharqi tarixini yaxshi bilgan va «yangi tadqiqot ila» mushohada etgan Fitratning bahsda oʻziga raqib sifatida eskicha taʼlim olganlarning peshqadamlaridan boʻlmish Mudarrisni tanlagani ham bejiz emas. Bu narsa masalani kengroq doirada qoʻyishga, islom Sharqining taraqqiysi va tanazzulini belgilagan omillarni ochib berishga xizmat qiladi. Fitrat Farangi tilidan taʼkidlaydiki, Sharqning taraqqiysi va shavkatini taʼminlagan islom mafkurasi uni tashuvchilarning kaltabinligi, «musulmonliq haqiqatidan bexabarligi»yu «Qurʼoni karim oyatlarining aksariyatini shahvatparast havoyi nafslariga fido etganlari» tufayli keyincha Sharqni tanazzulga yuz tuttirdi. Din peshvolarining Gʻarb dunyosidagi taraqqiyot tamoyillaridan bexabarligi, ularning qay tomon borayotganini mushohada qilish va shunga muvofiq tadbir ishlash oʻrniga ixotalanib, dindoshlariga «taraqqiyot va madaniyat eshiklarini yopganlari», ular orasida «vahshiylik bisotini yoyganlari» Sharqni abgor, zabun holga tushirdi, jumladan, «Temurning nabiralari boʻyniga oʻrisning itoat arqonini bogʻladi». Eng muhimi, bu xulosalar tarixni mushohada qilish asosida chiqariladi, tarixiy faktlarga tayanib asoslanadi. Fitrat islom Sharqidagi tanazzulning yana bir omilini «ummati Muhammadiyaning shia, sunniy, zaydiy, vahhobiy nomi bilan firqa-firqa qilib, birini biriga dushman qilib qoʻyilgani»da koʻradi. Eʼtiborli jihati shuki, keyinroq A.Qodiriy ham yurtdagi «qipchoq – qorachopon», «Qoʻqon – Toshkent» qabilidagi boʻlinishlarni rus istibdodiga keng yoʻl ochgan omil sifatida talqin qilgan edi. Zero, har ikki buyugimiz ham tarixni mushohada qilish orqali mazkur ikki omilni teran anglagan, millatni zabun holatidan «ittihod va tarqqiy»gina chiqarishi mumkinligiga imon keltirgan jadidlar toifasidan boʻladi. Darvoqe, «Munozara»ni yozishga undagan narsa ham aslida yurtdagi yangi boʻlinish ediki, Fitrat muqaddimada vatandoshlariga xitoban yozadi: «...birmuncha vaqtdan beri jadid va qadim oʻrtasida ixtilof chiqqani baʼzi millat xoinlarining xato va fasodlaridan boshqa narsa emasdir. Muqaddas vatanimizni parchalab, uning ahli jamoasini jadid va qadim unvonlari ostida ikki firqaga ajratib, ularning birini ikkinchisiga dushman qilib qoʻydilar». Yaʼni, bu xil boʻlinishlar oqibatini yaxshi bilgan, maʼrifatchilik burchiga sodiq «Munozara» muallifi oʻtmishdan oʻzlashtirgan saboqlarini vatandoshlari bilan oʻrtoqlashish, ular orasidan «maʼnisiz ixtiloflar»ni koʻtarib, «ittifoq bilan hidoyat yoʻliga» boshlashni niyat qilgan.
Yuqoridagi kuzatishlarimiz XX asrning 10-yillariga kelib tarixiy tafakkurda jiddiy burilish yuz bergani, tarixni keng koʻlamda, ilmiy-tahliliy asosda idrok etishga intilish boshlanganini koʻrsatadi. Biroq jadidlarning publitsistik chiqishlarida, xususan, mohiyatan publitsistik asar boʻlmish «Munozara»da kuzatilgan koʻlamli tahlil, konkretlilik darajasiga tarixiy-badiiy tafakkur hali yetishgan emas. Negaki, mazmundagi bu xil oʻzgarishni oʻziga singdiradigan, ifodalay oladigan shakllar adabiyotimizda hali rostmana oʻzlashib ulgurmagan, ishlab chiqilmagan edi. Xususan, Fitratning lirik merosida tarixning bir qadar konkretlashgani fakt, biroq, lirikaning tabiati bilan bogʻliq holda bu narsa asarlarda bevosita ifodasini topgan emas. Buni Fitratning 1917 yilda yozilgan «Yurt qaygʻusi» nomli sochmalar turkumi misolida yaqqol koʻrish mumkin. Turkumning ilk sochmasi:
«Ey Ulugʻ Turon, arslonlar oʻlkasi!
Senga ne boʻldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding?
Ey Chingizlarning, Temurlarning, Oʻgʻuzlarning, Otillalarning shonli beshiklari! Qani u chiqdigʻing yuksak oʻrinlar? Qulliq chuqurlariga nedan tushding?!» degan oʻtli xitoblar bilan boshlanganki, ularning zamirida muallifning «Munozara»dagi iztirobli oʻy-mushohadalari botinligi shubhasiz. Yurtining oʻtmishidagi shonli sahifalarni bir-bir varaqlarkan, Fitrat oʻquvchisiga oʻsha «oʻtmish sogʻinchi»ni yuqtirishga intiladi; shonli oʻtmishni mavjud holatga qiyoslash orqali esa oʻquvchisini tarixni mushohada qilishga, undan saboq olishga undaydi. Keyinroq, oʻquvchiga mushohada uchun biroz vaqt bergach, eʼlon qilingan uchinchi sochmada Temur qabri ziyoratiga kelgan lirik qahramonning «yuzi qora, koʻngli siniq, boʻyni bukuk»ligi bejiz emas. Bu endi ajdodlar ruhiga, xususan, buyuk Temurning «omonatiga xiyonat qilgani»ni anglagan, buni tan olishga oʻzida kuch topolgan oʻquvchi holatidir. Jadid maʼrifatchisi ham istiqlol jarchisi boʻlmish Fitratning lirik qahramoni mavjud holatning yuzaga kelishida oʻzini aybdor biladi. Shu bois ham «Turonning eski sharaf va ulugʻligini qaytarmasdan burun oyoqlaringda oʻtirmasman» deya Temur ruhiga ont ichadi. Fitrat ajdodlar ruhi oldidagi masʼullikni his etgan lirik qahramonining qalb izhori boʻlmish bu ont oʻquvchining, oʻquvchi ommaning ontiga aylanishini istaydi, umid qiladi. Eʼtiborli tomoni shuki, Fitratni oʻziga ustoz bilgan Choʻlpon sheʼriyatida ham tarixga murojaatdan shu xil gʻoyaviy-estetik maqsad koʻzlanadi, shunga oʻxshash ijodiy yoʻsin kuzatiladi. Darvoqe, Choʻlponning «Uygʻonish» toʻplamiga kirgan sheʼrlardan bir turkumini «Yurt qaygʻisi» degan umumiy nom bilan atashi ham bejiz emas, albatta. Shoirning 1920 yilda yozilgan «Yorugʻ yulduzga» sheʼridagi:
Goʻzal yulduz, nurli yulduz, tez soʻzla
Otalarning tarixdagi xatosin.
Shul xatodan osugʻlanib yovlarning
El koʻksida surgan ishrat safosin, –
degan alamli xitoblari Fitratning Turonga qaratilgan savollariga hamohang jaranglaydi. Biroq yulduz javob berishga ojiz, chunki uning «soʻzlaydirgʻan yaxshi soʻzi yoʻq» va, aksincha, «ogʻiz ochsa yoʻqsul elni ezmakka, qon qilmakka hasratlari koʻp». Choʻlpon oʻtmishni lirik mushohada qilarkan, yurtdagi mavjud ahvolning sabablarini qidiradi, buni «El va yurtni saqlar uchun soʻng xonlar Tuzukkina chora, tadbir koʻrmagan»ida deb biladi. Vatan tarixining shon-shavkatdan mosuvo tanazzul davri haqida Choʻlpon alam bilan «Soʻng davrda yoʻqsil Sharqning tarixi Bir bet boʻlsin oq satrni koʻrmadi» («Sharq nuri») deb yozadi. Holbuki, shu mazlum Sharq «Bir zamonlar yer yuzida oʻz boshli, Ulugʻ, shonli madaniyat tugʻdirgan» edi-ku?! Nega?.. Nima uchun?...
Koʻramizki, Fitrat singari Choʻlpon qarshisida ham tarixni keng koʻlamda badiiy idrok qilish zarurati yuzaga kelayotirki, bunga sheʼriyat doirasi torlik qiladi. Boz ustiga, Choʻlpon bunga hali ijodiy va hayotiy tajribasi jihatidan yetarli tayyorgarlikka ega emas chogʻi. Biroq, Choʻlpondan farq qilaroq, yetuklik pallasiga kirayozgan Fitrat bu zaruratni, ijodiy-ruhiy ehtiyojni qondirishga kirishgan edi. Uning 1918 – 20 yillar orasida yaratilgan «Temur sagʻanasi», «Oʻgʻuzxon», «Abo Muslim» singari dramatik asarlari shu zaruratdan tugʻilgan, oʻtmishni keng koʻlamda badiiy idrok etish yoʻlidagi tajribalar edi. Afsuski, bu asarlarning matniga ega emasligimiz bizni Fitratning tarixni badiiy idrok etishidagi tadrijni kuzatish imkonidan mahrum etganidek, ular haqidagi fikrlarimizni ham taxmin darajasida qoldiradi.
Maʼlumki, Fitrat mazkur asarlar ustida ishlayotgan palla «moziyga qaytib ish koʻrish xayrli» deb bilgan boshqa bir buyugimiz – A.Qodiriy «Oʻtgan kunlar» ustida ish boshlagan edi. Va ayni shu asar XX asr boshlarida kuzatilgan milliy tarixiy tafakkurimizdagi oʻzgarishlarning adabiyotdagi inʼikosi, oʻzbek adabiyotidagi tarixiy-badiiy tafakkur tadrijining yangi bir bosqichi sifatida maydonga chiqdi. Zero, unda oʻtmish manzaralari ilk bor chinakam konkretlilik kasb etdi, «bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvoli» Behbudiy orzulaganidek keng koʻlamda, «yangi tadqiqot ila» badiiy idrok etildi. «Oʻtgan kunlar»dan keyinoq dunyoga kelgan «Abulfayzxon» dramasi, birmuncha keyinroq yaratilgan «Kecha va kunduz» romani tarixiy-badiiy tafakkurimiz koʻtarilgan darajani mustahkamladi. Shunisi eʼtiborliki, uchala asarda ham tariximizning oʻta murakkab, yurtning istiqboldagi taqdirini belgilaydigan davrlari qalamga olindi. Har uchala muallif ham oʻtmishni badiiy idrok etish orqali zamona mohiyatini anglash va anglatishga, yurtdoshlarining mavjud voqelikni teranroq anglashlari uchun bir «ibrat» yaratishga intildiki, bu ularning jadid maʼrifatchisi ekani bilan izohlanadi.
2002 yil
Миллий ўзликни англаш ҳамда англатишда тарих туганмас ва беқиёс манба экани маълум. Буни яхши англаган жадид маърифатчилари тарихга, тарихни билиш ва билдириш масаласига айрича эътибор берганлар. Жадид матбуотидаги чиқишларда Туркистон тарихини яратиш муаммоси бот-бот кўтарилиб, кун тартибидаги энг муҳим масалалардан экани таъкидлаб турилгани ҳам шундан далолат беради. М.Беҳбудийнинг шу хил чиқишлар сирасига кирувчи «Туркистон тарихи» керак» мақоласида ўқиймиз: «Тарих кўп аҳамиятли ва фойдали бир нарсадур. Тарихнинг фойдаларидан баъзиси ушбудурки, бир миллатнинг на тариқада, қайси йўл ила тараққий этганини ўқиб ибрат олмоқ ёки бир миллатнинг на сабаблардан таназзул этиб, охир мунқариз бўлуб кетганин ўқуб, мундан ҳам истифода этмак мумкиндур». Тарихга маърифатпарвар нигоҳи билан қараган Беҳбудий унда миллат учун тайёр тажриба мактабини кўради: ўтмишнинг шонли саҳифалари миллат учун ибрат, ўтмиш хатолари сабоқ (аксилибрат) бўлмоғи лозим. Шу ўринда муаллиф тарихнинг яна бир муҳим «фойдаси»ни кўрсатиб ўтади: «ҳозирги ҳолимизни боболаримиз давридаги ҳолларға бир даража муқояса этмак ила баробар ўз-ўзимиздан бир инфиоли даруний ҳис эдуб, юзларимиз қизарар эди». Яъни, муаллиф фикрича, тарих кўр-кўрона сиғиниш ёки мағрурланиш объекти эмас, боболар руҳи олдидаги жавобгарлик, аждодлар шаънига муносиб умргузаронлик қилиш масъулияти ҳамдир. Беҳбудийни афсуслантирган нарса шуки, тарихнинг бу «фойда»ларидан миллат бебаҳра қолаётир, сабаби: «ҳануз Туркистон тарихи ҳақинда янги тадқиқот ила ёзилғон, тартибли ва истифодали мукаммал бир асар» яратилмади. Мавжуд ҳолатни тузатиш учун «туркий, форсий ва арабий тилларда» ёзилган бой манбалардан фойдаланиб «янги муҳокама ва тадқиқот ила ўз шевамизда мунтазам бир асар» яратиш зарур. Эътибор берилса, Беҳбудий «янги тадқиқот», «янги муҳокама» тушунчаларига алоҳида урғу бераётгани сезилади. Хўш, бу ўринда муаллиф нимани назарда тутади? Беҳбудий фикрича, юқоридагича «фойда»лар «Туркистонда ўтган боболаримизнинг маиший, сиёсий аҳволига доир» тарихий асардангина ҳосил бўлади. Яъни, эндиликда тарихнавислик эмас – чинакам тарих илми керакки, у мавжуд манбалардаги фактларни «янги муҳокама ва тадқиқот ила» ўрганиб, миллатимиз, миллий давлатчилигимиз босиб ўтган йўлни, ундаги тараққий ва таназзул босқичларини илмий асосда, атрофлича чуқур ва тарихан конкрет ёритиб берсин. Кўрамизки, Беҳбудий мавжуд тарихлар талабга жавоб бермаётганини, тарихий тафаккурни янгилаш зарурати юзага келганини чуқур ҳис қилади, шунга даъват этади.
Тарихий тафаккур ҳақидаги Беҳбудий мулоҳазалари мумтоз адабиётимиздаги тарихий-бадиий тафаккур ҳолатига ҳам хос. Мумтоз адабиётимиздаги бадиий асарларда, хусусан, достонларда (мас., «Хамса») жонланган ўтмиш ҳам конкретлиликдан маҳрум. Зеро, уларда тарихга мурожаат кўпроқ дидактик характердаги шартли образлар ва ҳолатлар («одил шоҳ», «золим шоҳ», «шоҳ ва шаҳзода муносабатлари», «адолатли ҳукм» ва ҳ.) яратиш мақсадига хизмат қилади. Мумтоз шеъриятда эса (албатта, жанр табиати билан боғлиқ ҳолда) тарихни тасвирлаш эмас, унга ишора қилиш (мас., талмеҳ) тенденцияси устуворроқ бўлиб, бунда дидактик мақсадга қўшимча ўлароқ ижодий-эстетик мақсадлар (тасвир ва ифода имкониятларини кенгайтириш) етакчилиги кўрилади. Мумтоз адабиётимиз анъаналарининг бевосита давомчиси бўлмиш жадид адабиётининг илк намуналарида ҳам ўтмиш ҳали конкретлашган эмас. Айни пайтда, асарларда конкретлашмагани ҳолда, муаллифлар онгида тарихни янгича идрок этиш, конкретлашиш жараёни бошлангани яққол кўрилади. Бу нарса жадид ижодкорларнинг ўтмишимизда иккита катта босқични – ибрат олиш лозим бўлган «узоқ» ўтмиш ва аксилибрат намунаси бўлган «яқин» ўтмишни, А.Қодирий таъбирича «кейинги хон замонлари»ни ажратишларида кўрилади. Хусусан, Чўлпоннинг «Дўхтур Муҳаммадиёр» ҳикоясида юртидан чиқиб кетаётган қаҳрамоннинг: «Эй, Чингиз ва Темур аскарларини кўрган қоп-қора тоғлар! Эй, ватаним Туркистоннинг эски даврини кўрган тоғ боболар!» деган хитобида шавкатли ўтмиш соғинчи янграйди. Соғинч уйғотган «шавкатли ўтмиш»ни, унинг нимаси билан «шавкатли» эканини конкретлаштириш муаллиф мақсадига кирмайди, бу унинг учун исбот талаб қилмайдиган ҳақиқат. Хитоб ортиданоқ Муҳаммадиёрнинг миллатдошларининг ғафлатда кечаётган умри, забун аҳволи ҳақидаги аламли ўйлари берилганки, бу муаллиф мақсадини ойдинлаштиради. Яъни, у ўзини, қаҳрамонни қийнаётган «ким эдиг-у ким бўлдик?» саволини ўқувчида ҳам уйғотишга интилади. Ўн етти ёшли адибнинг миллат тарихини ўз замонаси нуқтаи назаридан идрок этишга интилиши, ўқувчисини-да шунга ундаши бунинг чинакам ижтимоий-шахсий заруратга айланганидан далолатдир.
Сираси, мазкур заруратни Чўлпондан ёши ва ҳаётий тажрибаси каттароқ Фитрат бирмунча илгари англаган эди. Биз унинг «Мунозара» асарини назарда тутмоқдамиз. Айтиш керакки, «Мунозара» публицистик характердаги асар бўлгани ва баҳс-мунозара шаклида қурилгани боис унда тарих-бугун муқоясаси бир қадар конкретлилик касб этган. Фитрат талқинидаги Фаранги, Мударрисга зид ўлароқ, Шарқ тарихини, Туркистон тарихини яхши билади, уни теран мушоҳада қилади. Зеро, Беҳбудий юқоридаги мақоласида афсус-ла таъкидлаганидек, бизда мавжуд тарихий манбалардан «рус ва бошқа оврупойилар истифода этган ва этмакдадурлар» ва, аксинча, «мундай тарих ёзувчи киши турк ўғлонларидан ҳануз майдонға чиқғон йўқки, бу эса турк болаларининг нохалаф бўлуб, чин ўғул эмасликларига далилдур». Баҳс мавзуси Бухоронинг мавжуд сиёсий аҳволига бориб тақалганда Мударриснинг нафақат тарихдан, балки замона аҳволидан ҳам буткул бехабар – ғафлатда экани аён бўлади. Бунга зид ўлароқ, тарихни яхши билган ва мушоҳада этолган Фаранги Бухоронинг сиёсий аҳволини тўғри ва лўнда тушунтиради: «Бухоро илгарилари тугал мустақил ... давлат эди. Амир Музаффарнинг мағлубиятидан кейин хонлик тантанаси амирликка, истиқлол дабдабаси вассалликка ўзгарди...» Бухорони «ярим тугатилган амирлик» деб атаркан, Фаранги мавжуд ҳолатнинг айбдорлари аслида ғафлатда ётган, «Темур боболари шаъни ва иззатига хиёнат қилган» бухорийларнинг ўзларидир деган ҳукм чиқаради. Фитрат илк асарларидан иккитасида қўллаган Бухоро воқелигини хорижликлар нигоҳи орқали таҳлил қилиш усули жадидчиликнинг маърифий ислоҳий қарашларини ёрқин ифодалашга хизмат қиладиган восита, холос. Яъни, ҳар икки ҳолда ҳам хорижлик ниқоби остида юрт кезиб дунё аҳволотини яхши билган, юртидаги мавжуд ҳолатнинг сабабларини атрофлича мушоҳада қилган мутафаккир ислоҳотчи – Фитратнинг ўзи туради. Нафақат Бухоро ёки Туркистон, умуман ислом Шарқи тарихини яхши билган ва «янги тадқиқот ила» мушоҳада этган Фитратнинг баҳсда ўзига рақиб сифатида эскича таълим олганларнинг пешқадамларидан бўлмиш Мударрисни танлагани ҳам бежиз эмас. Бу нарса масалани кенгроқ доирада қўйишга, ислом Шарқининг тараққийси ва таназзулини белгилаган омилларни очиб беришга хизмат қилади. Фитрат Фаранги тилидан таъкидлайдики, Шарқнинг тараққийси ва шавкатини таъминлаган ислом мафкураси уни ташувчиларнинг калтабинлиги, «мусулмонлиқ ҳақиқатидан бехабарлиги»ю «Қуръони карим оятларининг аксариятини шаҳватпараст ҳавойи нафсларига фидо этганлари» туфайли кейинча Шарқни таназзулга юз туттирди. Дин пешволарининг Ғарб дунёсидаги тараққиёт тамойилларидан бехабарлиги, уларнинг қай томон бораётганини мушоҳада қилиш ва шунга мувофиқ тадбир ишлаш ўрнига ихоталаниб, диндошларига «тараққиёт ва маданият эшикларини ёпганлари», улар орасида «ваҳшийлик бисотини ёйганлари» Шарқни абгор, забун ҳолга туширди, жумладан, «Темурнинг набиралари бўйнига ўриснинг итоат арқонини боғлади». Энг муҳими, бу хулосалар тарихни мушоҳада қилиш асосида чиқарилади, тарихий фактларга таяниб асосланади. Фитрат ислом Шарқидаги таназзулнинг яна бир омилини «уммати Муҳаммадиянинг шиа, сунний, зайдий, ваҳҳобий номи билан фирқа-фирқа қилиб, бирини бирига душман қилиб қўйилгани»да кўради. Эътиборли жиҳати шуки, кейинроқ А.Қодирий ҳам юртдаги «қипчоқ – қорачопон», «Қўқон – Тошкент» қабилидаги бўлинишларни рус истибдодига кенг йўл очган омил сифатида талқин қилган эди. Зеро, ҳар икки буюгимиз ҳам тарихни мушоҳада қилиш орқали мазкур икки омилни теран англаган, миллатни забун ҳолатидан «иттиҳод ва тарққий»гина чиқариши мумкинлигига имон келтирган жадидлар тоифасидан бўлади. Дарвоқе, «Мунозара»ни ёзишга ундаган нарса ҳам аслида юртдаги янги бўлиниш эдики, Фитрат муқаддимада ватандошларига хитобан ёзади: «...бирмунча вақтдан бери жадид ва қадим ўртасида ихтилоф чиққани баъзи миллат хоинларининг хато ва фасодларидан бошқа нарса эмасдир. Муқаддас ватанимизни парчалаб, унинг аҳли жамоасини жадид ва қадим унвонлари остида икки фирқага ажратиб, уларнинг бирини иккинчисига душман қилиб қўйдилар». Яъни, бу хил бўлинишлар оқибатини яхши билган, маърифатчилик бурчига содиқ «Мунозара» муаллифи ўтмишдан ўзлаштирган сабоқларини ватандошлари билан ўртоқлашиш, улар орасидан «маънисиз ихтилофлар»ни кўтариб, «иттифоқ билан ҳидоят йўлига» бошлашни ният қилган.
Юқоридаги кузатишларимиз ХХ асрнинг 10-йилларига келиб тарихий тафаккурда жиддий бурилиш юз бергани, тарихни кенг кўламда, илмий-таҳлилий асосда идрок этишга интилиш бошланганини кўрсатади. Бироқ жадидларнинг публицистик чиқишларида, хусусан, моҳиятан публицистик асар бўлмиш «Мунозара»да кузатилган кўламли таҳлил, конкретлилик даражасига тарихий-бадиий тафаккур ҳали етишган эмас. Негаки, мазмундаги бу хил ўзгаришни ўзига сингдирадиган, ифодалай оладиган шакллар адабиётимизда ҳали ростмана ўзлашиб улгурмаган, ишлаб чиқилмаган эди. Хусусан, Фитратнинг лирик меросида тарихнинг бир қадар конкретлашгани факт, бироқ, лириканинг табиати билан боғлиқ ҳолда бу нарса асарларда бевосита ифодасини топган эмас. Буни Фитратнинг 1917 йилда ёзилган «Юрт қайғуси» номли сочмалар туркуми мисолида яққол кўриш мумкин. Туркумнинг илк сочмаси:
«Эй Улуғ Турон, арслонлар ўлкаси!
Сенга не бўлди? Ҳолинг қалайдир? Нечук кунларга қолдинг?
Эй Чингизларнинг, Темурларнинг, Ўғузларнинг, Отиллаларнинг шонли бешиклари! Қани у чиқдиғинг юксак ўринлар? Қуллиқ чуқурларига недан тушдинг?!» деган ўтли хитоблар билан бошланганки, уларнинг замирида муаллифнинг «Мунозара»даги изтиробли ўй-мушоҳадалари ботинлиги шубҳасиз. Юртининг ўтмишидаги шонли саҳифаларни бир-бир варақларкан, Фитрат ўқувчисига ўша «ўтмиш соғинчи»ни юқтиришга интилади; шонли ўтмишни мавжуд ҳолатга қиёслаш орқали эса ўқувчисини тарихни мушоҳада қилишга, ундан сабоқ олишга ундайди. Кейинроқ, ўқувчига мушоҳада учун бироз вақт бергач, эълон қилинган учинчи сочмада Темур қабри зиёратига келган лирик қаҳрамоннинг «юзи қора, кўнгли синиқ, бўйни букук»лиги бежиз эмас. Бу энди аждодлар руҳига, хусусан, буюк Темурнинг «омонатига хиёнат қилгани»ни англаган, буни тан олишга ўзида куч тополган ўқувчи ҳолатидир. Жадид маърифатчиси ҳам истиқлол жарчиси бўлмиш Фитратнинг лирик қаҳрамони мавжуд ҳолатнинг юзага келишида ўзини айбдор билади. Шу боис ҳам «Туроннинг эски шараф ва улуғлигини қайтармасдан бурун оёқларингда ўтирмасман» дея Темур руҳига онт ичади. Фитрат аждодлар руҳи олдидаги масъулликни ҳис этган лирик қаҳрамонининг қалб изҳори бўлмиш бу онт ўқувчининг, ўқувчи омманинг онтига айланишини истайди, умид қилади. Эътиборли томони шуки, Фитратни ўзига устоз билган Чўлпон шеъриятида ҳам тарихга мурожаатдан шу хил ғоявий-эстетик мақсад кўзланади, шунга ўхшаш ижодий йўсин кузатилади. Дарвоқе, Чўлпоннинг «Уйғониш» тўпламига кирган шеърлардан бир туркумини «Юрт қайғиси» деган умумий ном билан аташи ҳам бежиз эмас, албатта. Шоирнинг 1920 йилда ёзилган «Ёруғ юлдузга» шеъридаги:
Гўзал юлдуз, нурли юлдуз, тез сўзла
Оталарнинг тарихдаги хатосин.
Шул хатодан осуғланиб ёвларнинг
Эл кўксида сурган ишрат сафосин, –
деган аламли хитоблари Фитратнинг Туронга қаратилган саволларига ҳамоҳанг жаранглайди. Бироқ юлдуз жавоб беришга ожиз, чунки унинг «сўзлайдирған яхши сўзи йўқ» ва, аксинча, «оғиз очса йўқсул элни эзмакка, қон қилмакка ҳасратлари кўп». Чўлпон ўтмишни лирик мушоҳада қиларкан, юртдаги мавжуд аҳволнинг сабабларини қидиради, буни «Эл ва юртни сақлар учун сўнг хонлар Тузуккина чора, тадбир кўрмаган»ида деб билади. Ватан тарихининг шон-шавкатдан мосуво таназзул даври ҳақида Чўлпон алам билан «Сўнг даврда йўқсил Шарқнинг тарихи Бир бет бўлсин оқ сатрни кўрмади» («Шарқ нури») деб ёзади. Ҳолбуки, шу мазлум Шарқ «Бир замонлар ер юзида ўз бошли, Улуғ, шонли маданият туғдирган» эди-ку?! Нега?.. Нима учун?...
Кўрамизки, Фитрат сингари Чўлпон қаршисида ҳам тарихни кенг кўламда бадиий идрок қилиш зарурати юзага келаётирки, бунга шеърият доираси торлик қилади. Боз устига, Чўлпон бунга ҳали ижодий ва ҳаётий тажрибаси жиҳатидан етарли тайёргарликка эга эмас чоғи. Бироқ, Чўлпондан фарқ қилароқ, етуклик палласига кираёзган Фитрат бу заруратни, ижодий-руҳий эҳтиёжни қондиришга киришган эди. Унинг 1918 – 20 йиллар орасида яратилган «Темур сағанаси», «Ўғузхон», «Або Муслим» сингари драматик асарлари шу заруратдан туғилган, ўтмишни кенг кўламда бадиий идрок этиш йўлидаги тажрибалар эди. Афсуски, бу асарларнинг матнига эга эмаслигимиз бизни Фитратнинг тарихни бадиий идрок этишидаги тадрижни кузатиш имконидан маҳрум этганидек, улар ҳақидаги фикрларимизни ҳам тахмин даражасида қолдиради.
Маълумки, Фитрат мазкур асарлар устида ишлаётган палла «мозийга қайтиб иш кўриш хайрли» деб билган бошқа бир буюгимиз – А.Қодирий «Ўтган кунлар» устида иш бошлаган эди. Ва айни шу асар ХХ аср бошларида кузатилган миллий тарихий тафаккуримиздаги ўзгаришларнинг адабиётдаги инъикоси, ўзбек адабиётидаги тарихий-бадиий тафаккур тадрижининг янги бир босқичи сифатида майдонга чиқди. Зеро, унда ўтмиш манзаралари илк бор чинакам конкретлилик касб этди, «боболаримизнинг маиший, сиёсий аҳволи» Беҳбудий орзулаганидек кенг кўламда, «янги тадқиқот ила» бадиий идрок этилди. «Ўтган кунлар»дан кейиноқ дунёга келган «Абулфайзхон» драмаси, бирмунча кейинроқ яратилган «Кеча ва кундуз» романи тарихий-бадиий тафаккуримиз кўтарилган даражани мустаҳкамлади. Шуниси эътиборлики, учала асарда ҳам тарихимизнинг ўта мураккаб, юртнинг истиқболдаги тақдирини белгилайдиган даврлари қаламга олинди. Ҳар учала муаллиф ҳам ўтмишни бадиий идрок этиш орқали замона моҳиятини англаш ва англатишга, юртдошларининг мавжуд воқеликни теранроқ англашлари учун бир «ибрат» яратишга интилдики, бу уларнинг жадид маърифатчиси экани билан изоҳланади.
2002 йил
Dilmurod Quronov