← Dilmurod Quronov
|

“Jon qushi” toʻplami haqida

Dilmurod Quronov

Suhbat

Abdulla Oripov bundan 30-35 yillar avval yozilgan “Nekrasov hasrati” nomli sheʼrida:

deb yozgan edi. Garchi bu soʻzlar Nekrasov tilidan aytilgan boʻlsa-da, aslida shoirning oʻz dil izhori. Negaki, koʻhna Sharq, xususan, Turkiston zamini har vaqt isteʼdodlarga boy, uning nazm osmoni yulduzlarga toʻliq boʻlgan. Avvalo, shuncha shoir salobati bosib turgan bir chogʻda qoʻlga qalam olib, shoirlik daʼvosi bilan chiqishning oʻzi — jasorat. Masalaning boshqa bir tomoni ham bor: koʻpchiligimiz, xususan, adabiyotshunoslar sheʼriyat haqida soʻz borganda har doim maʼlum bir davrda peshqadamlik qilgan shoirlar ijodiga tayanamiz. Holbuki, agar ularning atrofida boshqa shoirlar, yaʼni, baʼzan qisqa oʻylaganimiz bois sal pastroq nazar bilan qaraladigan shoirlar boʻlmasa, maqolda aytilganidek, yolgʻiz otning dongʻi chiqmasligi ham tayin gap. Shu maʼnoda bir haqiqatni takror aytish kerak: sheʼriyatning, badiiy tafakkurning rivojini mashhur nomlar, unvonlar emas, birinchi galda yaxshi ShEʼRlar belgilaydi. Yaʼni, ijodkor jild-jild kitoblar chiqarmagan, unvonlarga sazovor boʻlmagan, boringki, u qadar tanilmagan ham boʻlsin, — agar u ijodi davomida birgina goʻzal satr, birgina betakror bayt, birgina dilbar sheʼr yaratgan boʻlsa, bilingki, sheʼriyatning muhtasham koshonasini tiklashda uning ham munosib ulushi bor, u ham eʼzozga loyiqdir.

Choʻzilibroq ketgan daromaddan murod — bugun taqdim etilayotgan “Jon qushi” toʻplamida ayni shunday satrlar, baytlar, sheʼrlar borligini aytib qoʻyish, xolos. Farid Usmon — daʼvoni katta qilmagani holda, oʻzi aytmoqchi, “ezgulikka olib borar koʻcha” — sheʼriyatga qadam qoʻygan, qariyb bir navqiron yigit umricha vaqtdan beri ezgulik urugʻini sochib kelayotgan shoirlardan. Farid aka, mana, oltmishni qoralab kelyapti, shundanmi, sheʼrlarida falsafiy mushohadaga moyillik kuchayibdi. Shoir insonning oʻrni, umrning mazmun-mohiyati haqida oʻylarkan, umrni bahoru kuzda “shivir-shivir yoqqan toza yomgʻir”ga qiyoslaydi va aytadiki:

Inson umrining foniyligini chuqur his etishdan kelgan gʻussa qatida hayotning davomiyligini, “shivir-shivir” yomgʻir hayotining giyohlarda davom etishini anglash yotadi, shu bois ham sheʼr koʻnglimizda nurli mahzunlik paydo qiladi. Yoki boshqa bir sheʼrda “Izgʻirin yeb toʻkilgan barglar”ning oyoq ostidagi faryodini tinglarkan, shoir bundan ham fojia yasamaydi, uni “Hayot hukmi — achchiq haqiqat!” sifatida qabul qiladi. Hayotga bu xil yondashuv esa shoirning islomiy fitratiga xos umidvorlik bilan belgilangan:

Shu oʻrinda yana bir jihatni taʼkidlab aytgim keladi. Farid aka atrofimizni qurshab turgan oddiy narsalarda hikmat qidiradi, muhimi, ularda boshqalar nigohiga ilinmagan jihatlarni, qiyoslarni topadi. Uvaysiy momomizning anorda toʻrt devor ichida siqilgan ayol fojeasini koʻrgani esingizda, albatta. F.Usmonga koʻra, “anor donasining yuzidagi parda alvon rangga harir hayo”, yaratgan uni bizga ibrat qilgan goʻyo, sheʼriy hukm ham shunga hamohang: “Odob — dunyodagi eng yetuk hosil”. Toʻplamni varaqlarkan, F.Usmon koʻp mashhur shoirlar bilan bahslashgandek, ular qalamga olgan mavzularni boshqa jihatlardan talqin qilishga harakat qilgandek koʻrinadi. Jumladan, E.Vohidovning “Arslon oʻynatuvchi”, “Kamtarlik haqida” nomli mashhur sheʼrlari bilan mubohasa tarzida yozilgan sheʼrlarni olaylik. “Arslon oʻynatuvchi”ni eslatuvchi sheʼrida yoʻlbarslarni ikki quloch qamchini bilan har koʻyga solayotgan ayolni koʻramiz. Qamchin qarshisida oʻzining qudratini, oʻzligini tamom unutgan yoʻlbarslarga qararkan shoir erk naʼrasini sogʻinadi, “qamchin siltoviga joylangan gʻalayon”ni qoʻmsaydi. Yoki E.Vohidovda kekkayganlik timsoli boʻlgan choynak F.Usmonda kamtarlik timsoli sifatida talqin qilinadi:

Albatta, bu oʻrinda mumtoz sheʼriyatimizga xos sheʼriy musobaqalar izi seziladi, F.Usmon esa, maʼlumki, mumtoz sheʼriyat anʼanasini davom ettirayotgan gʻazalnavis shoirlardan biri sifatida tanilgan. Toʻplamdan shoirning qator gʻazallari joy olgan. Biroq men boshqa narsaga eʼtiborni tortmoqchiman. Barmoqda yozilgan bir qator sheʼrlari ichida F.Usmon mumtoz shoirlarning mashhur baytlarini, ruboiylarini keltiradi. Eng muhimi, buning natijasida quroqlik yuzaga kelmaydi — iqtiboslar uzukka koʻz qoʻygandek joyiga tushgan. Jumladan, bir sheʼrida Navoiyning

“Ablah uldurkim, bu olamdin baqo qilgʻay taʼma,

Ahmoq ulkim, olam ahlidan vafo qilgʻay taʼma”

bayti tarje sifatida keltirilsa, “Jon qushi” sheʼrida lirik qahramonning holatini hazratning “/urbatda gʻarib...” deb boshlanuvchi ruboiysi yordamida ochib berishga harakat qilinadi. Albatta, bu kabi usul sheʼriyatimizda ilgari ham qoʻllangan, biroq shoir usulning yangi imkoniyatlarni izlayotgani, tajribadan choʻchimagani kishini quvontiradi, bu izlanishlar yaxshi badiiy samaralar berishiga umidlantiradi. Darvoqe, shoirning salaflariga tazmin yoki muhammas bogʻlashga intilgani ham, bir tomoni ularga hurmatdan nishona boʻlsa, ikkinchi tomoni, ulardan musobaqalashish asnosida oʻrganish maqsadidan yuzaga keladi. Muhammas bogʻlash oson koʻrinsa-da, aslida juda qiyin mashgʻulot. Negaki, muhammas bogʻlamoq uchun oʻsha gʻazal mazmuni, ruhi, ohangini saqlamoq, gʻazal muallifi darajasiga yaqinlashmoq lozim. Ayniqsa, odatda muxammas elga manzur boʻlgan mashhur gʻazallarga bogʻlanadiki, bu muxammas bogʻlashga jazm etgan shoir masʼuliyatini chandon oshiradi. Masalan, Fuzuliyning gʻazalxonlar dilidan chuqur oʻrin olgan:

Sabo, agʻyordin pinxon gʻamim dildora izhor et,

Xabarsiz yorimi xoli xarobimdin xabardor et.

matlaʼli juda mashhur gʻazaliga F.Usmon bunday muhammas bogʻlaydi:

Saharlar sarsari yelgil, meningdek sayri gulzor et,

Yuz ochsin gʻuncha, tong bulbullarin oshufta guftor et,

Yurak dardimni bulbullar tilida yora oshkor et,

Sabo, agʻyordin pinxon gʻamim dildora izhor et,

Xabarsiz yorimi xoli xarobimdin xabardor et.

Koʻrib turibmizki, shoir gʻazalning ruhi, mazmuni, ohangini toʻla saqlagan, muxammas bogʻlash qoidalariga toʻla amal qilgan.

“Jon qushi”ni varaqlarkan, undan aksar ishqiy sheʼrlar joy olganini koʻramiz. Bu shoirimizning koʻngli navqironligidan dalolat, bas, hali Farid Usmondan koʻp goʻzal sheʼrlar kutishga umid qila olamiz. Hozircha esa Farid akani, sheʼrxonlarni yaxshi bir kitob bilan qutlab, soʻzni qisqa qilamiz.

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Suhbatlar, nutqlar, soʻz boshilar, taqrizlar

Dilmurod Quronov