← Dilmurod Quronov
|

Kechmish

Dilmurod Quronov

Asar · 1988 · 1988, № 6

— Hech kim dunyoga ustun boʻlgan emas! Hammayam oʻladi — yaratganning irodasi shu...

Bu gapni eshitib, taʼziyaga aytib kelgan nabira shamday qotdi. Uni hayron qoldirgan Xalil bobo aytgan haqiqat emas, balki gap ohangidagi behurmatlik edi. Birodari oʻlimini eshitib chol hatto qilt etmadi, hech vaqo boʻlmagandek, yumushini qilaverdi. Nabira bu chol bilan bobosining gapi qochganligini bilar, lekin shunga shuncha qahr qilar deb oʻylamagan edi. Bir xayol cholning obroʻyini toʻksam — basharasiga tushirsammi dedi: «Birov oʻlganda loaqal seskanib qoʻymaslik uchun qanchalar toshbagʻir boʻlishi kerak odam...» Nabira yana oʻzini bosdi...

Xalil buva muyulishdan oʻtiboq tanish darvoza oldida belini bogʻlab qator turgan yosh-yalangni koʻrdi. Ichkarida goʻyo qiyomat qoʻpgan — ayollar nolasi yurakni ezadi. Birdan hamma unga qarayotganday, «ana, niyatingga yetding, chapak chalmaysanmi endi...» deyayotganday tuyuldi. Oʻngʻaysiz holga tushdi, kelganiga pushaymon boʻldi. Xayriyat, esli-hushli ekan, marhumning toʻngʻichi uning joniga ora kirdi: oʻkrab yigʻlagancha kelib, koʻksiga bosh qoʻydi. Shunda u yigitning yelkasiga qoqib ovutgan boʻldi. Toʻngʻich oʻgʻil «otam»lagancha uni boshlab ichkari tomon yurdi...

Taxta qoʻyilgan karovat... oq choyshab... hayot nishonasi qolmagan tanish chehra... dunyo bilan zarracha ishi yoʻq, unga endi baribir...

Kechagina dunyoni tutib turganday vagʻir solib yurgan kimsaning hozirgi ahvoli har qanday yurakni ham oʻrtab yuborar edi, lekin Xalil boboning diydasi yumshamadi. U marhumga sovuq tikilib turar, faqat koʻnglida yuz berishi muqarrar toʻfondan darak bergan kabi sirli kechinmalar boshlangan edi... Nazarida, Asqar qoʻllariga tayanib turayotganday, avval boshdagi kabi nafasi boʻlina-boʻlina «qabrgacha doʻstmiz» deyishga ogʻiz juftlayotganday edi...

Nayman toʻqayzori. Vahshiy Rahmon ponsadning soʻnggi panohi. «Boʻriga boʻri oʻlimi» deb bel bogʻlagan koʻngillilar. Asqar va u. Rahmon ponsad ham, uning sodiq yigitlari ham tirik qoʻlga tushishni xayollariga keltirmas, yotib qolguncha otib qol qabilida yoʻl tutayotgan edilar.

Ularni izma-iz taʼqib etib borib koʻngillilar pistirmaga duch kelishdi. Oʻq yomgʻiri qamishlarni ham, bularni ham tutday toʻkdi...

Xalil emaklay-emaklay Asqarning yoniga bordi: doʻstining ahvoli tang, oʻq koʻkragi va yelkasiga tekkan edi. Bosh koʻtarishning imkoni yoʻq. Xalil uni sudrab ortiga emakladi. Pichadan soʻng Asqar koʻzini ochdi: «Meni qoʻy, bekorga ikkimiz ham nobud boʻlamiz...» dedi. Xalil eshitishni ham istamadi.

Asqar jilmaygan boʻldi, tushundiki, boshqa gap — oʻrinsiz. ...keyin anchagacha oʻsha gapni eslab kulib yurishdi.

— Oʻshanda jim boʻlmasam nima qilarding, — deya hazillashdi bir kuni Asqar.

— Jagʻingni ezib qoʻyardim, — kuldi Xalil, keyin jiddiy qoʻshib qoʻydi, — shoshganda labbay topilmas deganlari shu-da, birodar...

Aravaga yotqizayotganida Asqar ingrab oʻmganini bir oz koʻtardi, zoʻrgʻa:

— Qabrgacha doʻstmiz, — dedi-yu, hushidan ketdi...

Vidolashgach, Xalil buva tashqariga chiqdi. Haligi nigohga yana duch kelishdan qoʻrqqanday, yerga qaragancha borib, kursiga oʻtirdi. U biron kishiga qarashga botinolmas, goʻyo hamma «otning oʻlimi — itning bayrami...»

deyayotganday tuyular, oʻngʻaysizlanar, ayni paytda bu yerdan keta olmas ham, goʻyo qandaydir kuch bandi qilib olgan edi uni...

Odatdagicha vaʼz aytildi: shunday, shunday... yoʻqdan bor qilgan, ikki tomchi suvdan yaratgan oʻzi... oborib tuproqqa qoʻshadigan oʻzi... qanoatli boʻling moʻminlar, muslimlar... yigʻlab-siqtamang...

— Marhum el ichida yurgan odam, oldi-berdisiga kim kafil?

Toʻngʻich oʻgʻil oldinroqqa chiqdi, irodasini jamlab odamlarga yuzlandi.

Bu rasmiyatchilikni bajarish farzand uchun ogʻir, sharafli... Ham qarz, ham farz... Zero hayot zanjiri tamomila uzilmaganligini anglatuvchi bir udum...

Oʻgʻil gapini tugatdi, nigohlari bilan qidirib Xalil boboni topdi: «Oʻrtadagi gina-kuduratni unuting, buva, kerak boʻlsa yoʻlingizga jonimni tikay, faqat otam goʻrida tinch yotsin... Rahmatli siz bilan yarashishni qanchalar istagandi. Tushuning uniyam!...»

— Ollohu akbar...— Safda turganlarning qoʻllari baravar quloqlari tomon koʻtarildi: — foniy dunyo ishlari ortda qoldi, yuzimni, xayolimni yaratguchiga qaratdim...

...Zabardast qoʻllar tobutni azot koʻtarib keng yelkalarga oldilar; oqsoqolning oyogʻi birinchi bor ostonaga tegmay chiqdi, birinchi bor undan tepki yemagan ostona hayron qolaberdi...

Oʻgʻillar, kuyovlar, nabiralar — bari boʻzlagancha oldinga tushdilar, ortda esa u — yelkalarda lopillagan tobut, mayus chehralar...

Kimdir muqarrar oʻlishini oʻylab yuragini vahm bosgancha parishon keladi; kimdir Asqar oqsoqol qilgan ishlardan gap ochadi; birov bel ogʻrigʻidan, boshqa oʻgʻlidan, yana kimdir kelinidan nolib boradi... Bunga hech ajablanmasa ham boʻladi: «azaga kelgan xotin dardini aytib yigʻlar». Shubhasiz, bu gapni erkaklar oʻylab topishgan, shunday deyishga chindanam haqli erkaklar...

Xalil buva oʻrtaroqda mayus borar, koʻz oldidan butun hayot yoʻli bir-bir oʻtardi. Nayman toʻqayzori, qonga belangan Asqar... «qabrgacha doʻstmiz...» degan uzuq-yuluq gap yana eshitiladi goʻyo...

«Qabrgacha doʻstmiz,— oʻyladi u,— yana bor-yoʻgʻi chorak soatdan moʻlroq yoʻl... oʻtdi umrim vodarigʻ... Meni tiriklayin goʻrga tiqqansan, Asqar...»

Urush! Bunday paytda er kishining joyi janggohda! Birovlar qon kechib yurishsa-yu, sen ularning panasida pusib oʻtirsang. Xalilga ham, Asqarga ham bu xush kelmasdi, harbiy komissariatga bosh urishdi, lekin ikkisini ham qaytarishdi: «Asqar yaramaydi, Xalil shu yerda kerak...» U yonib ketdi: «Asqar-ku xoʻp, meni joʻnatasan...» — oyoq tirab turib oldi. Hech iloj boʻlmagach, komissar u bilan erkakchasiga, soʻzlarning nafisini tanlamay gaplashib qoʻydi, oqibat — stol shoʻrlik ayovsiz musht yedi, Xalil aka noiloj koʻndi. Keyinroq, chindan ham shu yerda kerakligini his etgach, butun vujudi bilan ishga shoʻngʻidi.

Ertalab saharmardonda turadi, koʻprik boshiga chiqib ovozini baralla qoʻyadi — aʼzolarini chorlaydi. Oʻgʻilchasini koʻtargan juvonu tun boʻyi yostiqdan kuyovining isini tuyib toʻlgʻonib chiqqan kelinchak, hamon uyqusi qochmagan bola birin-ketin ketmonini yelkasiga tashlagancha chiqib kelishadi.

Har birini ayriliq dardi togʻ kabi ezadi, ochlikdan sillalar qurigan, arang yurishadi. Har birining koʻnglida «ishlash kerak, qancha yaxshi ishlasam, shuncha tez yorugʻ kun koʻraman» degan ishonch, har birining koʻnglida tushlik atalaga ilinj...

Xalil buva hayotini barbod qilgan oʻsha kunni unutmaydi sira. Shiyponga kelib dastavval koʻzi tushgan qozon boshida oʻralashib yurgan ozgʻingina bola — Xadicha otinning oʻgʻli boʻldi. Oshpaz qaygadir ketgan, bola yeroʻchoqda qaynayotgan ataladan katta bir laganga oʻgʻrincha suzardi. Oʻzini tutolmadi u. Bu qanaqasi, odamlar dalada arang ishlashsa-yu, bu zumrasha ularning haqiga xiyonat qilsa. Shitob bilan bordi-da, bolani savalay ketdi...

U yogʻini eslashga sabri yetmaydi, qaysi goʻrdan oʻchoqqa toyib ketdi anovi, bilmaydi, jizgʻinagi chiqqan bolaning ayanchli faryodi...

Tergov ishi ikki oyga choʻzildi. Bu vaqt ichida Xalil boʻlib oʻtgan fojiani ming bor esladi, gʻazabini tiyolmagani uchun ming bor oʻzini koyidi, lekin shunda ham qilmishida ayblashayotgancha jinoyat koʻrmas, axir... «Odamlarni deb shunday boʻldi-ku», deya ovunardi. Agar shu tasalli boʻlmagan-da, kim bilsin, ich-etini yeb tashlarmidi ikki oy ichida...

Shuncha vaqt oʻtdi-yu, biron marta Asqar «holing ne kechdi» deb kelmadi, shu uni oʻrtar, «rais-da, tashvishi koʻp» deb yana uning madadiga koʻz tikardi, ha, bor umidi undan edi...

Soʻz ayblanuvchiga berildi, Xalil oʻrnidan turdi.

—...shunday qil deb unga birov oʻrgatganmi, yoʻqmi, bilmayman. Har qalay... axir, bunaqa-da odamlarning holi nima kechadi?

Oldingi qatorda oʻtirgan Asqar oʻrnidan turdi. Uning yoʻgʻon tomiri boʻrtib ketgan, har doim jahli chiqqanida boʻlganidek kifti tez-tez uchib turardi.

— Frontda qon kechayotganlar,— oʻzini bosib gap boshladi u,— odamlar uchun deydi; ochlikdan shisha boshlagan odam vagonlab don yuklaydi, biron misqoliga xiyonat qilmaydi — odamlar uchun deydi. Tushunsang-chi, Xalil, oʻldirib, yondirib, kunpayakun qilib kelayotgan fashist ham odamlar uchun deydi, lekin ikkisining farqi yeru osmoncha, shuni tushunmadingmi, goʻsxoʻr! Odamlar uchun deb...

Sudya qoʻngʻiroq chalib Asqarni tartibga chaqirgan boʻldi.

Asqar borib joyiga oʻtirdi, bosh egdi, qoʻllari qovoqlari tomon yoʻnaldi.

Otin anchagacha yigʻidan toʻxtay olmadi, zalda ogʻir sukut choʻkdi. Sudya savolini qaytardi.

— Qanaqa daʼvoim boʻlsin, taqdir ekan!.. Mening bori-yoʻgʻim shu edi, chirogʻim shu edi, ortimda qoladigan shu edi, endi...

Odamlar hamon yoʻl bosar, demak, shular qatori u ham qabriston tomon borardi. Nihoyat, Xalil bobo oʻziga keldi.

— Rahmatlining oʻgʻillari oʻziga tortgan,— derdi allakim,— oqsoqolning chirogʻi oʻchmaydi endi...

Bu gap cholning dilini oʻrtab yubordi, koʻzlaridan achchiq yosh dumaladi: «Doʻstingni tiriklay koʻmding, Asqar...»

...Suddan keyin uni bir muncha vaqt shahar turmasida saqlashdi. Keyingi qaro kunlarini yoritgan nur shu boʻldiki, bir kuni qarasa, tuynukdan Gulasal moʻralab turibdi, koʻzlarida halqa-halqa yosh...

Keyingi oylar mobaynida shu koʻyga tushganmi yoki avval eʼtibor bermaganmi, har qalay, Gulasalning, qishloqning oldi goʻzalining koʻrinishi achinarli edi...

Gulasal... Koʻchib kelishgan kuni Xalil uni bir koʻr-

dio hushi uchdi. Qiz xayolini tamom oʻgʻirladi, oshiq boʻlganlarga kular edi, boshiga tushgach, oʻzi ham tipirchilab qoldi... Oʻrtandi, yondi, axiyri, Asqarga yorildi, shunda uning tusi oʻzgardi, lekin nachora, doʻsting uchun zahar yut, deydilar. Xalil baribir sezdi, yoqasidan oldi; «Ichingdagini aytasan»... Asqar biroz tixirlik qildi, boʻlmagach, tan oldi: «Koʻnglim bor...» «Xoʻp, oʻzi hal qilsin...»,— shu qarorga keldilar.

Bir kuni u... qizning yoʻlini toʻsdi, Asqar esa yaqinlashishga botinmadi, uch-toʻrt odim berida qoldi. Xalil chiroyli soʻzlarni bilmasdi, u paytlar bu soʻzlar rasm ham emasdi.

—...Shunday, shunday! — dedi,— ikkimizdan birimizni tanlaysan, ikkimizdan birimizga tegasan, tamom...

Gulasal qotib qoldi, yo ketishini bilmadi, yo, qoch, yoʻlimni toʻsma, deyishini.

— Xalil,— dedi sekin Asqar, — qoʻyib yubor uni, mayli, oʻylab koʻrsin...

Xalil noiloj boʻysundi, shunda-da qiz uni tanladi, shijoati, qatʼiyati rom etdi chogʻi...

Gulasal oʻgʻilchalarining shoʻxligi haqida koʻzda yosh bilan soʻylar, Xalil unga qarab turarkan, «urinib qolmasaydi, homilador» deya oʻylardi.

— El qatori, siz tashvishlanmang, Asqar aka kecha bir xalta un berib yuboribdi, oʻgʻillaringizga jon kirib qoldi...

Bu gap unga nashtarday botdi: «ana, nima uchun doʻsting dushman boʻldi! Shayton yoʻliga kirdi, ablah...»

Gulasal qochirimni tushundi, bir lahza kiprikda yosh, qotib qoldi, soʻng dedi:

— Olmay nima, ochdan oʻlaylikmi? Sizning...

— Bugundan boshing ochiq. Uch taloq qoʻydim...— Gapini tugatdiyu ters oʻgirilib ketdi. Nohaq haqoratga chiday olmagan shekilli, Gulasal qishloqdan bosh olib ketibdi, shundan beri darak yoʻq undan...

Kim biladi, ehtimol rostdir, Xalil buvani uvol tutgandir, farzand koʻrmadi boshqa. «Oʻzim ahmoqman,— alam bilan oʻyladi u,— Isaning oʻchinchi Musadan olib oʻtiribman-a... Gulasal, farishta edi-ku, bilmadim, qadriga yetmadim. Kechir... Holing nima kechdi, Gulasal, bolalaring omonmi ishqilib?»

Xayol yana uni eza boshladi. Bir kun kelib, u ham koʻz yumadi, u ham oʻtib ketadi, shunda... tobut oldida boradigan hech kimi yoʻq, orqadan haligiday gap qilmaydi birov... Koʻzlaridan yosh emas qon oqardi goʻyo...

Qabristonga kirarkan, norgʻul yigit tutib turgan jomdan u bir kaft tuproq oldi, borib qayragʻoch toʻnkasiga oʻtirdi.

Toʻngʻich oʻgʻil lahadga tushdi, jasadni avaylab qoʻliga oldi, oʻziga hayot ato qilgan zot oldidagi qarzini bajo etib, marhumni yerga qoʻydi. Qaytib chiqdi, goʻr labida xiyol engashgancha qotib turdi, tuynukdan koʻz uzmadi.

Goʻrkov chol guvalani olib goʻr tuynugiga qoʻya boshladi: birinchi guvala... ikkinchi... uchinchi... har bir guvalaning qoʻyilishi marhumni yorugʻ dunyodan uzoqlashtiradi, qad koʻtara boshlagan devorning bu tarafi — dorilbaqo, u tarafi — dorilfano...

— Rahmatli vallomat odam edilar,— taassuf bilan gapirardi kimdir,— mahalla tashvishi, mahalla dardi bilan yashardilar...

Tilovat soʻngida yurt moʻysafidlaridan biri oʻrnidan turdi.

Yakdil bu javob oqsoqol umrining oʻziga xos yakuni, oʻziga xos bahosi edi...

Xalil buva qabriston oralagan payt eʼtibor bermagan ekan, qaytishida sezdi: ancha ichkarilab ketishibdi. «Eh-he, qanchadan-qancha odam oʻtib ketdi-ye...»

— Anavi kimning qabri? — soʻradi Ermamat koʻsa hamrohidan,— qarovsiz qoptiku-a?

— Xadicha otinniki,— dedi hamrohi, keyin vazminlik bilan qoʻshib qoʻydi,— otam rahmatli ortimda qol deb duo qilar edi, bejiz emas ekan-da shu, hikmat koʻp bu gapda, Ermamat buva.

Xalil buvaning xayollari ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Jizgʻinali chiqqan bola, yonib ayblagan Asqar, «ortimda qoladigan shu edi» deya unsiz yigʻlagan Xadicha otin, kiprikda yosh bilan qotib turgan Gulasal... bir-bir koʻz oldidan oʻtdi, oʻtdiyu dardi-dunyosi ostin-ustun boʻlib ketdi. Girdibod... yerga qarasa qabr, osmonga qarasa qabr...

Xayriyat, biz nomus deb ataydigan bir kuch bor, oʻsha cholni tutib qoldi, yiqilmadi...

Qishloq oqsoqollari kechqurun yigʻilishganida marhumning toʻngʻichi Xalil boboni darakladi: u yoʻq edi. Kimdir uni qoʻlida ketmon bilan Xadicha otin qabri yonida koʻrganligini aytdi...

Xalil bobo yangi qabrni quchgancha oʻkrab yigʻlaganidan, «kechir, gumroh doʻstingni kechir!..» deya tavallo qilganidan hech kim ogʻiz ochmadi. Zero, buni yolgʻiz uning oʻziyu... bilardi, xolos.

Dilmurod Quronov