← Dilmurod Quronov
|

Kompozitsiya haqida

Dilmurod Quronov

Maqola · 2018 · «Nazariy qaydlar» toʻplamidan

Badiiy asardagi shakl komponentlarini mazmunni shakllantirish va ifodalash uchun eng qulay tarzda uyushtirish kompozitsiyaning zimmasidagi vazifa sanaladi. Kompozitsiya (lot., tartibga solish, tuzib chiqish) asardagi barcha unsurlarni shunday uyushtiradiki, natijada unda bironta ham ortiqcha unsurning oʻzi boʻlmaydi. Zero, har bir unsur asar butunligida oʻzining funksiyasiga ega, muayyan gʻoyaviy-badiiy yuk tashiydi. Asarda ularning har biri oʻz oʻrnida, meyorida ishlatilishi, butun bilan mustahkam aloqada boʻladigan va bu aloqalar anglanadigan tarzda joylashtirilishi muhim. Gap shundaki, yozuvchi ijod onlaridayoq oʻqish jarayonini ham nazarda tutadi. Ayni shu narsa – oʻqish jarayonining ijod jarayoniga taʼsiri asar kompozitsiyasida, ayniqsa, yaqqol koʻrinadi. Kompozitsion jihatdan yaxshi tashkillangan asardan oʻquvchi to soʻnggi nuqtaga qadar yangi-yangi mazmun qirralarini kashf etib boradi, oʻqish davomida turfa hissiy holatlarni qalbdan kechiradi, aqliy yoxud ruhiy toliqish, zerikish unga tamomila yot boʻladi. Bulardan koʻrinadiki, kompozitsiya asar qismlarini badiiy niyat (muayyan badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalash, koʻzlangan gʻoyaviy-estetik taʼsir) ijrosi uchun eng optimal tarzda joylashtirish, ularning oʻzaro aloqa va munosabatlari ravshan anglashiladigan tarzda butunlikka biriktirish demakdir. Yaʼni kompozitsiya badiiy shakl unsuri emas, balki asarning barcha komponentlarini uyushtirib, uning shakliy va mazmuniy butunligini taʼminlaydigan, oʻqilishi, uqilishi va kitobxonga gʻoyaviy-estetik taʼsirini boshqaradigan, xullas, uni chinakam sanʼat hodisasiga aylantiradigan amal, shu amal asoslanadigan ijodiy tamoyil ekan. Shu bois ham kompozitsiyani – asarning qurilishida amal qilinayotgan tamoyilni nutq sathidan tortib tasavvurimizda gavdalanuvchi badiiy voqeligi qadar barcha nuqtalarida kuzata olamiz, biroq uni konkret his etib boʻlmaydi.

Aytilganlardan muayyan asar badiiyati haqida soʻz ketganda eng avval uning kompozitsion xususiyatlariga, ijodkor badiiy mahorati haqida soʻz borganda esa kompozitsiya yaratish mahoratiga ayricha eʼtibor berilishining bejiz emasligi anglashiladi. Zero, badiiy asarda voqelik muay­ yan badiiy shaklda aks etadi, yangi reallik – badiiy voqelik yaratiladi. Yaʼni sanʼatkor bir butunlikdan ikkinchi bir butunlikni – uning badiiy modelini yaratadi, hayot materiali (dispozitsiya)ni badiiy asar (kom­pozi­siya)ga aylantiradi. Shunga koʻra dispozitsiyani kompozitsiyaga aylantira olish iqtidori ijodkor shaxsning tugʻma imkoniyatlari sirasida gʻoyat muhim sanalib, isteʼdod kuchi uning qay darajada ekani bilan belgilanadi.

Kompozitsiyaning mohiyati, funksiyasi va ahamiyati haqida qarashlar mushtarak boʻlsa-da, uning elementlari – kompozitsion birliklar masalasida turlicha fikrlar mavjud. Jumladan, ayrim mutaxassislar asarning bitta tasvir shakli (rivoya, tavsif, dialog, monolog, ichki monolog, maktub, lirik chekinish kabi) saqlangan qismini, boshqa birlari esa uning bitta nuqtai nazardan tasvirlangan qismini bitta kompozitsion birlik hisoblaydilar. Shuningdek, kompozitsiyani asar nutqiy qurilishidan kelib chiqqan holda tavsiflash yoki u haqda syujetni asos qilib olgan holda fikrlash anʼanasi ham mavjud. Xullas, manbalarda oʻrganilayotgan masala boʻyicha qarashlarning bir-biridan farqlanishini hamisha yodda tutish, ularni tanqidiy-qiyosiy yondashgan holda oʻzlashtirish maqsadga muvofiqdir.

Anʼanaga koʻra badiiy shaklning uch aspekti farqlanadi: 1) asarning nutqiy qurilishi; 2) tasvirlanayotgan predmetli olam – badiiy voqelik; 3) bu ikki sath birliklarini bir-biriga oʻzaro munosabatdorlikda va uygʻun muvofiqlashtirgan holda joylashtirish – kompozitsiya. Ushbu anʼana ildizi antik ritorikaga borib taqaladi. Jumladan, Rim notiqligida qoʻllangan inventio (nutqda taqdim etiluvchi predmetlarni yaratish), dispositio (ularni muayyan tartibda joylashtirish) va elocutio (nutqqa zeb bergan holda yorqin ifodalash) terminlari1 mos ravishda badiiy voqelik, kompozitsiya va nutqiy qurilish atamalariga mohiyatan mos keladi. Keyincha, XVI–XVII asrlarda bu istilohlar Gʻarb poetika ilmiga olib kirilgan. Xullas, badiiy shaklni murakkab, koʻp sathli hodisa sifatida tushunish, kompozitsiya – asarda shakl unsurlarini muayyan maqsadga muvofiq tarzda joylashtirish nechogʻlik katta ahamiyatga egaligini anglash ancha ilgaridan boshlangan.

Izohlar

  1. Quronov D., Rahmonov B. Gʻarb adabiy-tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari. – Toshkent: Fan, 2007. – B.???-???

Dilmurod Quronov