← Dilmurod Quronov
|

Sistem tahlil va sistem yondashuv haqida

Dilmurod Quronov

Maqola · 2018 · «Nazariy qaydlar» toʻplamidan

XX asrning oʻrtalaridan keyin globallashuv jarayonlarining kuchayishi barobari ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayot gʻoyat murakkab tus olib bordi. Endilikda olamda «avtonom» holda mavjud boʻla oladigan hech bir narsa – na davlat, na iqtisodiy tizim, na ishlab chi­qarish, na madaniyat va na boshqa bir nima – deyarli qolmagani, birda-yarim qolgani ham istasa-istamasa ulkan tizimga integratsiyalanib borayotgani tobora teran his etilib, tan olinmoqda. Zotan, bugungi kun kishisi dunyoning olis bir burchida qoʻzgʻalgan talotoʻplarni oʻziga aloqasiz deyolmaydi – oʻzining osoyishta kechib turgan hayotiga taʼsir qilishi mumkinligini savqi tabiiysi bilan sezib turadi; yoki neft narxining oʻzgarishi yo qoʻshni davlatni domiga tortgan iqtisodiy inqirozga ham u aslo befarq qaray olmaydi – bular bugunmi-erta hamyoniga daxl qilishini aniq biladi. Mavjud sharoitda, deylik, muayyan sanoat korxonasi muvaffaqiyati uni oqilona boshqarish (yaʼni tizimni soat misoli aniq va samarali ishlatish) bilangina taʼmin etila olmaydi, buning uchun dunyodagi boshqa turdosh korxonalar, bozor konyunkturasi, davlatlararo iqtisodiy aloqalar, ilmiy-texnik va texnologik taraqqiyot tendensiyalari kabi oʻnlab omillarni ham hisobga olish zarur. Demak, korxona boshqaruvini samarali amalga oshirish uchun unga endi ulkan tizimning komponenti sifatida qarab, uning tizimda tutgan oʻrni, boshqa uzvlar bilan oʻzaro bogʻliqligi va aloqasi kabilarni nazarda tutish kerak boʻladi. Holbuki, bir asrlar narida ayni shu korxonaga alohida tizim sifatida qarab, komponentlarining ichki aloqalarini optimallashtirishning oʻzi uni ravnaq toptirish uchun kifoya edi. Modomiki olam tartiboti sezilarli oʻzgargan ekan, odamning shunga muvofiq harakat qilishi tabiiy. Shu bois ham oʻtgan asrning oxirgi choragiga kelib – olamda neki boʻlsa bari bir-biri bilan uzviy bogʻliqligi beshak eʼtirof etilgan, bu haqiqatni biroz mubolagʻali «kapalak effekti» iborasi bilan ifodalash urf boʻlgan bir sharoitda «tizimli tahlil» tushunchasi ham ommalasha boshladi.

Tizimli tahlilning yuzaga kelishi va ommalashishi kompyuter texnikasi ishlab chiqarila boshlangan vaqtga toʻgʻri keladi. Bu bejiz emas, albatta. Negaki tizimli tahlil gʻoyat murakkab sistemalar bilan bogʻliq muammolarni informatsion texnologiyalar imkonlaridan foydalangan holda hal qiladi. Hozirgi vaqtda kengroq ommalashgan N.N.Moiseyev taʼrifida ham shu narsa taʼkidlangan: «Tizimli tahlil – EHMlardan foydalangan holda murakkab texnikaviy, iqtisodiy, ekologik va b. tizimlarni tadqiq etishga yoʻnaltirilgan metodlar majmuidir». Axborot texnologiyalari taraqqiy etgani sari tizimli tahlil imkoniyatlari ham mos holda kengayib boradi. Maxsus ishlab chiqilgan dasturlar yordamida amalga oshirilgan tizimli tahlil muayyan mintaqa, bank-moliya yo boshqaruv tizimi kabilarni rivojlantirish, samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi xulosalar olishga imkon beradi.

Shu oʻrinda maqolani yozishga undagan savolni qoʻyish fursati yetdi: maydonga chiqqaniga yarim asrlar boʻldi deganimiz «tizimli tahlil» bilan ancha ilgaridan maʼlum «tizimli yondashuv» orasida nima farq bor? Yuqorida aytilganidek, tizimli tahlil deganda murakkab tarkiblangan obyektlarni oʻrganish uchun qoʻllanuvchi metod va vositalar majmui tushuniladi. Yaʼni, boshqacha aytganda, tizimli tahlil alohida metod emas, balki tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda tanlangan metodlar yordamida obyektni atroflicha va chuqur bilishga qaratilgan amallarning umumiy nomidir. Shunday ekan, unda ti­ zimli tahlilning oʻsha oʻzimiz bilgan tizimli yondashuv (sistemnыy podxod yoki sistemno-selostnыy podxod)dan farqi nimada? Agar tizimli yondashuv obyektni tadqiq etishning asosiy tamoyilini belgilab, tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda turli metodlardan foydalanishni koʻzda tutishini yodga olsak, bizningcha, orada prinsipial farq koʻrinmaydi. Mabodo yuqorida keltirilgan taʼrifga asoslangan holda tizimli tahlilni EHM vositasida murakkab sistemalarni tadqiq etuvchi metod desak, u holda terminda maʼno torayishi yuz bergan boʻladi. Negaki bu xil maʼno torayishiga qadar tizimli tahlil istilohi (garchi qoʻllanishda sezilarli darajada passiv boʻlsa-da) tizimli yondashuv terminiga sinonim sifatida ishlatilgan. Tizimli yondashuv esa, eng avvalo, obyekt tadqiqiga uni sistema sifatida tushungan holda kirishish boʻlib, uning doirasida tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda xilma-xil metodlar qoʻllanishi mumkin. Tizimli yondashuv tadqiqotchini obyektning butunligi va shu butunlikni taʼminlovchi mexanizmlarni ochib berishga, bir tomondan, butunning qismlari (sistemaning komponentlari) orasidagi, ikkinchi tomondan, uning atrofmuhit bilan xilma-xil va murakkab aloqalarini aniqlashga yoʻnaltiradi. Ayon boʻladiki, tizimli yondashuv (va unga sinonim tarzida qoʻllangan tizimli tahlil) degani alohida metod emas, balki nazariy-metodologik yoʻnalish, tamoyildir. Aksincha, hozirda ommalashgan va EHMga tayanib murakkab tizimlarni tadqiq etishda qoʻllanayotgan tizimli tahlilning metod sanalgani toʻgʻriroq boʻladi.

Keyingi vaqtda ijtimoiy hayot, iqtisodiyot, ishlab chiqarish jarayoni, boshqaruv sohasi kabi muhim, oʻta murakkab tizimlarni oʻrganish, ularni takomillashtirishning eng optimal yoʻllarini izlab topish, rivojlantirish strategiyasini belgilash kabi dolzarb masalalarni hal qilishda tizimli tahlil metodidan keng va samarali foydalanilmoqda. Shundan boʻlsa kerak, tizimli tahlil metodi muayyan maʼnoda urfga aylanib, uni gumanitar sohaga, xususan, adabiyot ilmiga tatbiq etish yoʻlida saʼy-harakatlar ham kuzatilayotir. Mazkur holat, nazarimizda, «Har qanday yangilik – obdan unutilgan eskilik» degan hikmatga monanddir. Zero, adabiyotshunoslikda tizimli tahlil eskidan bor, faqatgina uni oʻzgacha nomlar bilan – goh tizimli yondashuv, goh tizimli-butun tahlil («sistemno-selostnыy analiz»), gohida esa siyrak boʻlsa ham aynan tizimli tahlil nomlari bilan yuritilib keladi.

Endilikda inson faoliyatining tizimli tahlil qoʻllanmayotgan biron-bir sohasini topish mushkul, «garchi turli sohalarda oʻzini turlicha namoyon qilsa ham, barcha sohalarda qoʻllanadi».1 Darhaqiqat, hozirda butun ­dunyo­da barcha sohalarda tizimli tahlilga qiziqish ham, ehtiyoj ham kuchayib borayotir. Aslini olganda, bu holat kecha yo bugun yuzaga kelgani yoʻq: tizimli tahlil ildizlari qadim zamonlarga borib taqaladi. Shunga qaramay, soʻnggi ikki asr davomida tizimli yondashuv, tizimli tahlil masalasi muttasil dolzarblashib kelayotgani ham ayni haqiqat. Yana bir muhim jihati, «tizim» tushunchasining oʻzi har bir sohaning oʻz xususiyatlaridan kelib chiqib tushuniladi va talqin etiladi. Negaki bu tushuncha «boshqa koʻplab bazaviy tushunchalar kabi gʻoyat murakkabdir. Uni har qaysi inson, zamonaviy menejer va tahlilchilar faoliyatida toʻqnash kelishi mumkin boʻlgan barcha butunliklarga tatbiq etsa boʻladigan tarzda aniq qilib taʼriflash imkondan tashqarida».2 Jumladan, «adabiyot»ni tizim sifatida tushunish adabiyotshunoslik hali alohida fan oʻlaroq shakllanmasidan avval yuzaga kelgan. Antik davrlardayoq poetikada sanʼat turlari, shakl va mazmun birligi, ritorikada matn qismlarining ichki bogʻliqligi, «notiq – nutq – tinglovchi» silsilasi kabi masalalarga eʼtibor qilingani tizimli yondashuvning ilk kurtaklari sifatida qaralishi mumkin. Adabiyotni tizim oʻlaroq tushunishning nisbatan tugal holda ilk bor nemis faylasufi Gegel taʼlimotida aks etgani eʼtirof etiladi. Bu oʻrinda faylasufning, umuman, sanʼat haqida aytgan fikri nazarda tutiladi. Uningcha, «sanʼat» tushunchasi: 1) odatiy mavjudlik boʻlmish asar; 2) uning yaratuvchisi boʻlmish subyekt; 3) oʻsha asarni qabul qiladigan va uning qarshisida tiz choʻkadigan subyektlardan tarkib topadi.3 Shundan kelib chiqilsa, sanʼatning bir turi oʻlaroq adabiyot tizim sifatida «yozuvchi – adabiy asar – oʻquvchi» uchligidan tarkib topadi. Gegeldan keyin bu silsilaga «reallik» va «anʼana» halqalari ham qoʻshildiki, bu bilan «adabiyot» nomli tizim tugal va butun koʻrinish oldi.

Avvalo, yuqorida keltirganimiz «adabiyot» degan tizim tarkibidagi har bir komponent, oʻz navbatida, «kichik tizim» (podsistema) boʻlib, ular ham sistem yondashuvni taqozo etadi. Tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda bu «kichik tizim»lar ham alohida tizim sifatida, ham tizim elementi sifatida oʻrganilishi mumkin. Masalan, oʻz vaqtida «adabiyot» tizimida markaziy oʻrin tutuvchi «adabiy asar»ni strukturalistlar alohida olib tahlil etilishni maqsad qilganlar. Biroq, mantiqan olib qaraganda, bu maqsad faqat asarning mazmun tomoniga mutlaqo eʼtibor bermagan holdagina roʻyobga chiqishi mumkin. Shuning uchun ham strukturalistlar faqat matnning oʻzinigina mavjud narsa, faqat ugina ilmiy tadqiq etilishi mumkin deb bilganlar. Oʻz izlanishlari davomida bu xil yondashuv asarni jonsizu jozibasiz, tahlilni esa goʻyo keraksizga aylantirib (yaʼni «tahlil tahlil uchun»gina amalga oshirilgandek tasavvur uygʻotib) qoʻyishi mumkinligini his qilib, mazmun tomonga ham (elementlarning funksiyasi bilan bogʻliq) ozroq eʼtibor qila boshlaydilar. Aytish mumkinki, ayni shu nuqtadan tom maʼnodagi strukturalizm tugaydi. Bunday deyishimizga asos shuki, shakl va mazmun birligini eʼtirof etish bilan ular asarga alohida sistema deb qarashdan «adabiyot tizimi»ning komponenti deb qarashga oʻtadilar. Negaki ular yuqorida keltirganimiz «adabiyot tizimi»ning «reallik – yozuvchi – adabiy asar» tomonini har qancha inkor qilishmasin, endi «adabiy asar – oʻquvchi» halqasini eʼtiborga olmoqdalar, zero, matnga oʻzlari (yaʼni oʻquvchi) anglayotgan mazmunnigina yuklay oladilar. Qarang, tadqiqotda shakl-mazmun birligi tamoyilini tutish bilanoq sistem yondashuv yuzaga chiqmoqda, chunki shakl-mazmun birligi sistemaning qadimdayoq anglangan javharlaridan biridir.

Zamonaviy talqindagi sistem tahlil obyektni har tomonlama va tugal: komponent va elementlarining tizimdagi oʻrni va funksiyalarini toʻla tavsiflagan, ularning oʻzaro munosabat va aloqalarini mufassal ochib bergan holda oʻrganishni koʻzda tutadi. Holbuki, «adabiyot tizimi»ni shu tarzda, yaʼni barcha komponent va elementlarini toʻla tavsiflagan, ularning barcha turdagi aloqalarini ochib bergan holda oʻrganish, birinchidan, imkondan tashqarida, ikkinchidan, bunga hech bir zarurat yoʻq. Axir, deylik, halqalardan biri «reallik» boʻlsa, uni toʻla tavsiflab boʻladimi? Yoki «anʼana»nimi? Yoʻq, albatta. Bular faqat tizimning markaziy komponenti – adabiy asar nuqtai nazaridan va unga uzviy bogʻliq holda oʻrganiladi. Zero, masalan, reallikni sotsiologiya, tarix, siyosatshunoslik kabi oʻnlab sohalar oʻrganadi, ular bu ish bilan necha-necha zamonlardan beri shugʻullanib kelishadi – biroq izlanishlari hanuz davom etayotir va davom etajak. Ayon boʻlyaptiki, adabiyotshunoslikda sistem tahlilni tugal amalga oshirib boʻlmaydi. Shuni nazarda tutib «adabiyotni sistem oʻrganish sohasidan umuman chiqarib olish maqsadga muvofiq»4 degan fikr ham oʻrtaga tashlanganki, bizningcha, unda maʼlum darajada jon borligini, jilla qursa, shunday oʻylashga asos mavjudligini tan olmaslik mumkin emas.

Fikrimizcha, adabiyotshunoslik ilmida sistem tah­ lil terminidan koʻra sistem yondashuv terminini qoʻllash maqsadga muvofiqdir. Chunki bu holda, birinchidan, uni zamonaviy talqindagi sistem tahlildan farqlagan boʻlamiz; ikkinchidan, bu termin bajarilayotgan amalning mohiyatiga koʻproq mos keladi. Ikkinchi daʼvomizning asosi shuki: 1) sistem tahlilni toʻla amalga oshirib boʻlmaydi; 2) bir tadqiqot davomida sistema, masalan, adabiy asarni toʻla va mufassal tavsiflash imkoni ham, zarurati ham yoʻq; 3) obyektga sistema oʻlaroq yondashib, maqsaddan kelib chiqqan holda uni turli metodlar vositasida tadqiq etiladi, shunga koʻra; 4) sistem tahlil nomli alohida tadqiqot metodi yoʻq, tadqiqotning yoʻnalishini belgilovchi ilmiy-nazariy tamoyil bor.

Nihoyat, sistem yondashuvning adabiyotshunosligimizda yangilik emasligi haqida. «Choʻlpon poetikasi (nasriy asarlari asosida)» nomli doktorlik ishim 1998 yilda himoya qilingan boʻlsa-da, u 1996 yil sentyabrda tayyor qilinib, kafedraga topshirilgan edi. Yaʼni uning ustidagi ish, asosan, 1995 – 1996 yilning birinchi yarmida kechgan. Ushbu tafsilotlarni keltirishdan murod mustaqillikning ilk yillari sovet davridagi koʻp narsalardan, jumladan, tadqiqot metodlaridan ham «kechish», ularni toʻla inkor qilishga moyil boʻlingan holatni yodga solishdir. Xususan, oʻsha yillari 99 foiz ilmiy ishlar bilishning universal metodi dialektikaga asoslangan boʻlsa-da, ayrim qisqa oʻylagan kishilar uni ham «shoʻro» qoldigʻi deb bilib, ilmiy ishlarda metodologiya sifatida koʻrsatilishiga qarshi boʻlganlar. Shunga oʻxshash sotsiologik metod ham tavqi laʼnatga uchragan edi. Aytmoqchi boʻlganim, himoya jarayonlarining silliq, bejanjal oʻtishi uchun ushbu metodlarni avtoreferatlarda koʻrsatmaslik maʼqul koʻrilar, «ish koʻrgan», yaʼni bu jarayonlarni boshdan kechirganlar ham shuni maslahat berardilar. Xullas, ishda (qaysarlik sabab dialektikani urgʻulagan boʻlsam-da) qoʻllangan metodlarning barini ham koʻrsatib oʻtirmaganman.

Tadqiqotimning umumfalsafiy asosi boʻlmish dialektika universal metod sifatida, umuman, dunyoni anglashning asosiy tamoyillarini belgiladi. Ishda qoʻyilgan ilmiy muammo esa oʻtgan asrning oxirgi choragida shoʻro adabiyotshunosligida ommalashgan sistem-butun (sistem­ no-selostnыy) yondashuv asosida tadqiq etilganki, u mohiyatan sistem yondashuvning oʻzidir. Zero, bunda ham, birinchidan, tadqiqot maqsadidan kelib chiqib tizimning muayyan elementlari tahlilga tortilgani holda oʻsha elementlar butunning qismi ekanligi har vaqt nazarda tutiladi; ikkinchidan, sistem-butun yondashuv doirasida qoʻyilgan maqsaddan kelib chiqqan holda boshqa turli tadqiqot metodlaridan foydalanish mumkin. Shu oʻrinda sistem-butun yondashuv asosida tadqiqotimda foydalanilgan metodlardan ayrimlarini sanab oʻtish maqsadga muvofiq.

Sotsiologik metod (bu metod ham u paytlar qargʻishga uchragan, adabiyotni sanʼat sifatida oʻrganish kerak, boshqa hammasi bekor degan qarash ustuvor edi). Ushbu metod vositasida jadidchilik harakati va adabiyotining mohiyati, yuzaga kelish omillari va poetik oʻziga xosligi masalalari yoritilgan. Shuningdek, sotsiologik metodga biografik metodni tobelantirgan holda Choʻlponning ilk nasriy asarlaridagi gʻoyaviy-badiiy oʻziga xoslik ochib berilgan.

Qiyosiy-tipologik tahlil metodi Yevropa maʼrifatchilik harakati va Turkiston jadidchilik harakati oʻrtasidagi umumiy tipologik xususiyatlarni oʻrganish, shu asosda Yevropa maʼrifatchilik adabiyoti bilan jadid adabiyoti orasidagi oʻxshash va farqli tomonlarni aniqlashga yordam berdi.

Biografik metod. Choʻlponni «Kecha va kunduz» romanini yozishiga olib kelgan omillarni aniqlash, uning asar yozilgan paytdagi maʼnaviy-ruhiy holatini tasavvur (his) qilish, shu asosda asarning yetakchi poetik xususiyati – «niqoblanish» usulining mohiyatini ochib berish va asoslashga imkon berdi.

Semiotik tahlil. Ushbu metod oʻziga biografik, sotsiologik va qiyosiy-tipologik metodlarni tobelantirgan holda Choʻlponning «Yoʻl esdaligi» safarnomasidagi belgilar (obrazlar) mazmunini ochib berish va asoslash maqsadida qoʻllandi.

Struktural tahlil. Bu metoddan Choʻlpon hikoyalarining badiiy mukammalligini koʻrsatib berish, jumladan, «Qor qoʻynida lola» hikoyasidagi barcha elementlarning oʻzaro gorizontal va vertikal aloqaga kirishishi va oxir-oqibat yuzaki qaraganda anglanmaydigan maʼnolarni yuzaga chiqarishini namoyish etish uchun foydalanildi.

Psixologik tahlil metodi Choʻlpon yaratgan qahramonlar ruhiyati bilan bogʻliq jihatlarni, shuningdek, bio­ grafik avtor hayotining u yoki bu bosqichida qanday ruhiy holatda boʻlganini tasavvur qilish, «Kecha» romanida aks etgan subyektning gʻoyaviy-emotsional munosabatini yoritishga xizmat qildi.

Ekstropolyatsiya metodi. Ushbu metod biografik, sotsiologik va qiyosiy-tipologik metodlar koʻmagiga tayangan holda «Kecha va kunduz» romanining yoʻqolgan ikkinchi qismi qanday boʻlishi mumkinligini ilmiy faraz qilish, ushbu ilmiy farazni ham nazarda tutgan holda mavjud qism mohiyatini oʻzgacharoq talqin qilish imkonini berdi.

Sinchiklab qaralsa, ishda bulardan boshqa metodlar ham qoʻllanganini koʻrish mumkin, lekin hozir gap sonda emas, ushbu metodlarning bari sistem-butun yondashuv doirasida qoʻllanganida. Zero, Choʻlpon nasriy asarlari poetikasini oʻrganar ekan, har birining sistema, ayni chogʻda, hammasi bitta sistema ekani; ular ijodkor shaxsi (sistema), yaratilgan davr shart-sharoitlari (sistema), milliy va jahon adabiyoti anʼanalari (sistema) bilan bogʻliq ekani, oʻquvchi (sistema)ning qarashlariga bogʻliq holda turlicha tushunilishi mumkinligi nazarda tutildi. Shulardan kelib chiqib tadqiqotning ilmiy-nazariy tamoyili sistem(-butun) yondashuv boʻlgan deb hisoblayman. Muhimi, ayni yondashuv asosidagi tadqiqotlar adabiyotshunosligimizda bunga qadar ham, garchi urgʻulab aytilmasa-da, boʻlgan. Bas, hozirda ayrim sohalarda urf boʻlgan va samarali qoʻllanayotgan metodni adabiyotshunoslikka goʻyo yangilik misoli tatbiq etishga urinish mutlaqo ortiqcha va keraksiz bir ishdir.

2017 yil

Izohlar

  1. Karimova V. va boshq. Tizimli tahlil asoslari: Darslik. – Toshkent: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2014. – B.4.
  2. Rakitov A. I. Sistemnыy analiz i analiticheskiye issledovaniya: rukovodstvo dlya professionalnыx analitikov. – M., 2009. – S.24.
  3. Gegel G. Ensiklopediya filosofskix nauk. Filosofiya duxa. – M., 1977. – S.344.
  4. Lashmanov D.M. Sistemnыy podxod v issledovanii iskusstva // Iskusstvo i nauchno-texnicheskiy progress: Sb. st. – M., 1973. – S.351.

Dilmurod Quronov