Sir emas, hozirda Gʻafur Gʻulom nomi tilga olinsayoq xayolimizga uning shoʻro yozuvchisi ekanligi, sheʼrlarida shoʻroni kuylagani keladi – xafsalamiz sovigandek boʻladi. Bugun, yubiley bahona adibning asarlarini qayta varaqlarkan, beixtiyor «keyingi yillarda qaror topgan bu xil munosabat adolatdan yiroqroq tushmaydimi» degan andisha tugʻiladi...
Gʻafur Gʻulomning keng ommaga maʼlum va suyuk qissasi – «Shum bola»ga hozirda koʻproq sarguzasht asar, kulgi asari deb qaraymiz. Ha, chindan ham Shum bolaning turfa hangomalarga boy sarguzashti, undagi ichakuzdi holatlar shunday oʻylashimizga asos berar. Biroq, eʼtibor qilinsa, adibning kulgisi, sarguzashtli syujet botinida uning zamonasi haqidagi anchagina jiddiy oʻy-fikrlari, tahliliy mulohazalari yotganini ham koʻrishimiz mumkin boʻladi.
Maʼlumki, Shum bola hikoyasini oʻzi oʻsgan muhit bilan tanishtirishdan boshlaydi (shu oʻrinda bir shartni qabul qilaylik: bu, aslida, oʻsmirlik paytidagi hayotning adib xotirasida tiklangan eng muhim nuqtalaridir). Uning aytishicha, oʻzi singari «bozorda sanqib yurgan daydi bolalar uchun quvonchli ermaklardan biri bozor, mahalla, koʻcha-koʻy jinnilari edi. Oʻsha yillari Toshkentda shunaqa ham jinni koʻp ediki, sanab sanogʻiga yetolmaysiz». Jinnilarning feʼl-atvoridagi kulgili holatlarni hikoya qilarkan, Shum bola ularning foje taqdiriga oid tafsilotlarga ham toʻxtaladi. Xususan, shulardan biri – Karim jinni «ilgari boʻzchi oʻtgan ekan, chit koʻpayib ketgandan keyin boʻz oʻtmay qolib, bozori kasodga uchrab, bola-chaqasini boqolmay, jinni boʻlib qolibdi». Yoki, shunga oʻxshash, el ichida «Mayramxon» deya erkalangan Mamatrayim «eskidan chilangar ekan <...> Temir-tersak asboblar zavoddan chiqa boshlagandan keyin Mayramxon sinib, jinni boʻlib qolgan ekan». Nazarimizda, shu oʻrinda oʻquvchi qissa voqeligiga ikkita nigoh orqali qarash imkoniga ega boʻladi: kulgili tafsilotlar oʻspirin hikoyachiga, shoʻrliklarning foje taqdiri haqidagi maʼlumotlar adibga tegishlidek taassurot tugʻiladi. Boshqacha aytsak, qahramoni nigohi bilan oʻsmirlik davrini kuzatarkan adib unga tahliliy nazar tashlaydi, fojealar ildizini ochib berishga intiladi.
Darhaqiqat, Turkiston Chor Rossiyasining bozoriga aylangach, mahalliy hunarmand-kosiblarning mahsulotlari zavod-fabrika mahsulotlari bilan raqobat qilolmay qoldi. Tabiiyki, mustamlaka sharoitida mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlari mavjud emas, bu esa mazkur iqtisodiy-ijtimoiy tanglikni yanada kuchaytiradi. Natijada asrlar davomida shakllangan turmush maromi izdan chiqdiki, bu narsa davr kishilari ruhiyatida chuqur va ogʻriqli iz qoldirishi muqarrar edi. Gʻafur Gʻulom talqinida Karim jinni, Mayramxonlar shu xil ijtimoiy holatning alayno-oshkor qurbonlari sifatida boʻy koʻrsatadi.
Shunisi ham borki, adib talqinida mavjud sharoitning taʼsir doirasi anchayin keng boʻlib, u aslo bitta-ikkita jinni bilan cheklanmaydi. Jumladan, Shum bola oʻzi va oʻrtoqlari haqida aytadi: «ertadan kech koʻcha changitib, hammaning joniga tegib, kampirlardan qargʻish eshitib, oʻspirinlardan kaltak yeb, sandiroqlab yuradigan uvin-toʻda bekorchi bolalarmiz». Koʻramizki, hademay mustaqil hayotga qadam qoʻyishi va hozirdan shunga tayyorlanishi lozim boʻlgan 14 – 17 yoshli oʻsmirlar bekorchilikka mahkum. Sababi otalarining «koʻpchiligi mayda kosiblar <...> boʻlganliklari uchun ularning qoʻlidan hunarlarini olib yoki ularning yoniga koʻmakchi boʻlib tushish bizga toʻgʻri kelmas edi. Otalarimizning oʻziga ish topilmaganda, bizga ish qayoqda deysiz?» Yaʼni, Shum bola va uning teng-toʻshlariga ertangi istiqbol koʻrinmaydi. Eʼtiborli jihati shundaki, bu oʻsmirlar aslo dangasa emas. Aksincha, ularning bari biron ishning boshini tutish, halol mehnat bilan bir nima orttirish, oilasiga koʻmaklashish – xullas, hayotda oʻz oʻrnini topish orzusi bilan yashaydi. Biroq mavjud sharoit bunga imkon bermaydi.
Yaxshi bilasizki, ishsizlikning koʻpayishi – insonning qadrini tushiradi, uni eng arzon tovarga aylantiradi. Natijada ularning topish tutishlarida muqimlik yoʻq, topgan ishlari tasodifiy va yo muvaqqat, ishlab topganlari qorinlaridan ortmaydi. Qissadagi ayrim oʻrinlarni eslab koʻraylik: Shum bola Sariboyga oyiga «xom pishiq aralash ikki pud oʻn yetti qadoq olma» badaliga yollanadi. Bir oyu oʻn toʻqqiz kun ishlagani evaziga olingan olmani olti yarim tangaga pullaydi. Yoki Hojibobo takyasidagi xizmati uchun oyiga bir soʻmdan haq oladi. Omon Shum bola bilan ilk bora uchrashganida mardikorchilik bilan «mirikam ikki tanga» (oʻttiz besh tiyin) orttirgan boʻlsa, keyin «bir yilga ikki toʻqliyu bir echki» badaliga choʻponlikka yollanadiki, buni pulga aylantirsa taxminan oʻn besh soʻmlarni tashkil qiladi. Koʻramizki, quyuq-suyuq yovgʻonini chiqarib tashlansa, bir oylik ish haqi oʻrtacha bir soʻm-bir soʻm yigirma tiyinni (kuniga oʻrtacha 4-5 tiyin) tashkil qiladi. Darvoqe, qissaning qirqdan ortiq oʻrnida narx-navo haqida maʼlumot berilgani ham bejiz emasga oʻxshaydiki, ulardan ayrimlarini keltirib oʻtamiz:
«ikkita qovoq solgan zogʻora» – bir paqir (ikki tiyin)
«bitta obi non» – bir paqir
«bir xurmacha qatiq» – bir paqir
«bir gaz arzon chit» – sakkiz yarim paqir
«bir kecha tunash uchun» – yarim tanga (oʻn tiyin)
«yarim qadoq pashmak holva» – uch paqir
«bir tovoq uvrali osh» – toʻqqiz pul (uch tiyin)
«yarim qaymoqdon qaymoq» – besh tiyin
«bir qadoq sham» – bir miri (besh tiyin) va hokazo.
Albatta, bu maʼlumotlarni hujjatli aniqlikka ega deyolmaymiz, biroq yozuvchi ish haqi va narx-navo nisbatini keltirish orqali xalqning iqtisodiy jihatdan nechogʻli nochor ahvoldaligini koʻrsatmoqchi ekani shubhasizdir. Jumladan, Shum bola olti yarim tanga(qariyb bir oylik ish haqi!)ga doʻppi sotib olarkan: «bozordagi shoʻrlik xotin-qizlarga achingan edim. Haftalab mehnat, tag, ipak puli, bozor mashaqqati, inju qadaganday nozik sanʼat, bahosi esa olti yarim tanga. Nimayam bera qolardi?» – deydi. Doʻppidoʻz qiz esa haftada onasi bilan «kallai sahardan qora shomgacha qatim otib arang ikkita, uchta doʻppi tayyorlash»larini aytadi. Agar tag bilan ipak puli chiqarib tashlansa, bozor bu ogʻir mehnatni qanday baholayotgani koʻrinadi. Toʻgʻri, bu hol Shum bolaga borib turgan adolatsizlik boʻlib tuyuladi. Biroq, nachoraki, bu narx oʻzida doʻppidoʻz qizning bir haftalik mehnati bahosinigina emas, xaridorlarning ojiz imkoniyatlarini ham ifoda etadi. Zero, bozor – iqtisodiy hayot barometri, unda xalqning holati koʻzgudagidek aks etadi. Shu bois ham qissada bozor, undagi savdo-sotiq tasviriga qayta-qayta duch kelamiz (bizningcha, ayni shu nuqtalar tasvirida koʻproq adibning tahliliy nigohi seziladi). Shum bolaning fikricha, rastalar ichida «taʼrifi yetti iqlimga ketgani» – «Bit bozor» deb nom olgan eski-tuski bozori. Bu yerda istagan narsa topiladi: «saldoti shim deysizmi, poyma-poy sagʻri kavush deysizmi, biror yetti yilgina kiyilgan, asli matoi nima ekanligi maʼlum boʻlmagan guppi deysizmi, Mallaxon zamonidan qolgan mursak deysizmi...» Modomiki, eski-tuski bozori avjida ekan, bu – xalqning qashshoqlashayotganidan nishona: sababi tirikchilik vajhidan bu mataxlarni bozorga chiqarayotganlar ham, qoʻli qisqaligidan faqat shunda xarid qilishga qodir kishilar ham yetarli. Darvoqe, Shum bola bilan Omon ayni shu «bit bozor»da «ota kasbini oʻzgartirib, laxtakfurushlik qilib yurgan» oʻrtoqlari Husnibiyni uchratishadi. Husnibiyning oʻrtoqlari oldida biroz maqtanibroq aytishicha, ishlari yaxshi ketayotir, chunki «laxtaklarning xaridori koʻp». Sababi: «bir gaz arzon chit sakkiz yarim paqir boʻlgani uchun bosh-oyoq koʻylak-ishtonni nuqul chitdan qilish koʻp kambagʻallarga muyassar boʻlmas edi. Shuning uchun ular koʻylak-ishtonni boʻzdan qilib, koʻylakning yeng uchini, ishtonning pochalarini – koʻrinadigan joylarini chitdan qilishar edi». Keyinroq, bozorda uchrashib qolgan boshqa bir oʻrtogʻi Turobboy Shum bolaga «Husnibiyning laxtakfurushlikdan singani» xabarini yetkazadi. Eʼtibor bering: qissaning boshida «chit koʻpayib ketgandan keyin boʻz oʻtmay qolgani», keyinroq chit oʻrniga laxtakning bozori chaqqon boʻlgani, nihoyat, Husnibiyning «laxtakfurushlikdan singani» aytiladi. Yaʼni, endi koʻpchilikning laxtak sotib olishga-da holi kelmaydi, laxtak bozori-da kasodga uchradi. Bir laxtak bozori emas, «jahon urushi kundun-kunga kuchayib borganligi uchun mollarga xaridor kam: hamma bozor deyarli kasod». Bozorga kirgan Shum bolada «bu bozorda mendan boshqa jazman xaridor ham yoʻq, naqd pul ham yoʻq» degan taassurot hosil boʻlishi ham shundan. Isteʼmolchi ommada pul yoʻqligidan bozorlar kasod, «hamma bozor kasod»ligi esa iqtisodiy hayot toʻxtaganidan dalolat, buning bor ogʻirligi yana mehnatkash, kosib-hunarmand boshiga tushadi. Koʻramizki, adib talqinida xalqning iqtisodiy ahvoli tobora ogʻirlashib boradi, ortiq chidash qiyin boʻlgan, «yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladigan» sharoit yuzaga keladi...
Hojibobo takyasidagi koʻknorilarning bir suhbati «zamonaning buzuqligidan, podsholarning notinchligidan, fuqaroning buzilib behayo boʻlib ketganligidan, or-nomus barbod boʻlib, xotinlar, yosh bolalar qoʻldan qoʻlga mol boʻlib sotilayotganidan, xullas kalom, shariati Mustafoning oyoq osti boʻlib nazardan qolayotganligidan...» nolish bilan yakunlanadi. Toʻgʻri, buni Shum bola biroz kinoya bilan hikoya qiladi, boz ustiga, bu gaplar koʻknorilar tilidan aytilayotir. Ehtimol shundandir, bu shikoyatlarni jiddiy qabul qilishga moyil emasmiz: ular sarxush koʻknorilarning navbatdagi alahsirashidek tuyuladi bizga. Holbuki, Gʻafur Gʻulom «Soʻzchi holin boqma, boq soʻz holini, Koʻrma kim der ani, koʻrgilkim ne der» (A.Navoiy) aqidasicha ish tutgan, qissada shu xil shikoyatlarga asos bergulik holatlarni tasvirlagan. Zero, mavjud sharoit nafaqat xalqning iqtisodiy ahvoliga, maʼnaviyatga-da salbiy taʼsir koʻrsatishi shubhasizdir.
Maʼlumki, qissada tasvirlangan davr Turkistonda kapitalistik iqtisodiy munosabatlar qaror topa boshlagan paytga toʻgʻri keladi. Bunaqa sharoitda esa, tarixdan yaxshi maʼlum, jamiyatda tabaqalanish kuchayadi: evini qilolganlar oʻta boyib, eplana olmaganlar qashshoqlashib boradi. Yangicha sharoitga tez moslashganlar «yangi boylar» qatlamini tashkil qiladiki, ularda zeb-hashamga, dabdabaga oʻchlik koʻriladi. Xalqimiz bu xil feʼl-atvorni oddiygina qilib «pul quturtirgan», «koʻrmaganning koʻrgani qursin» tarzida izohlasa-da, bu oddiy iboralar oʻzida hodisaning ijtimoiy-psixologik asoslarini mujassam etadi. Gap shundaki, «yangi boylar» qoʻlga kirgan katta davlatni xudoning bergani deb emas, avvalo, oʻzlarining oqilligiyu abjirligi mahsuli deb biladi. Bu esa ularda oʻzlarining oʻzgalardan ustunligi tuygʻusini paydo qiladiki, ular beixtiyor buni barchaga tan oldirish, namoyish etish payidan boʻladilar. Tabiiyki, shu tuygʻu iskanjasiga tushgan, boz ustiga davlati tufayli qoʻli har yerga yetib turgan odam jamiyatda mavjud anʼanalar, maʼnaviy-axloqiy meyorlar bilan har vaqt ham hisoblashib oʻtirmaydi. Xususan, gavjum bozor oʻrtasidagi choyxonada oʻtirgan «baʼzi boyvachchalarning dasturxonida qorniga qaldirgʻoch surati solingan, ustiga poxoldan toʻr toʻqilgan konyaklar» koʻrinishi buning yorqin dalilidir. Ravshanki, ichkilik harom hisoblangan yurtda boyvachchalarning bu tarz namoyishkorona oʻtirishlari muddao ichishning oʻzigina emasligini koʻrsatadi. Yoki ayni shu boyvachchalar kim oʻzarga baslashib Oysha satang singarilarga pishak beradilarki, ular: «peshonamu ikki betim, engagimga yopishtirilavergan oʻn soʻmlik tillolarga toʻlib ketadi» deya gʻururlanib, maqtanib yuradilar. Maʼnaviy tanazzul shunchalarki, bir paytlar gunohu or hisoblangan ishlar endi namoyishga, gʻurur manbaiga aylangan. Eh-he, boyvachchalar hashamu dabdaba, ichkilik, qimor, fahshga sovurgan pullar qancha?! Ularning atrofida yurgan na yeyar-ichari, na kiyarida maza yoʻq yurtdoshlari, dindoshlari qancha?!.. Darvoqe, xalq «qorni toʻqning qorni och bilan nima ishi bor» deya bilib aytadi. Buning yorqin misoli – Sariboy. Uning bogʻida «olmalar pishib toʻkilib ketayotibdi, xoʻjayindan ruxsatsiz terishga hech kim botina olmaydi. Otlarga yem-xashak yoʻq, xizmatkorlar och...» Boy ota esa bu vaqtda Yusuf kontordan qimorga yutib olgan bogʻida, «doʻndiqqina qirgʻiz xotin»ga uylanib olgan, bir ketganicha «oʻn-oʻn besh kunlab kelmaydi». Sariboyning qoʻliga qaram xizmatkorlar holiga befarqligi na islomiy va na bashariy nizomlarga toʻgʻri keladi. Zero, xizmatkorlargina uning oldida emas, u ham xizmatkorlar oldida burchli. Biroq Sariboy bu ayon haqiqatni anglashdan ojiz, pulning kuchi uni oʻzidan ketkazgan, oʻzi mansub toifa kishilari singari u ham oʻziga ep koʻrganki ishni qilishga haqliman deb biladi... Eng yomoni shuki, bularni haq yoʻlga boshlashi lozim boʻlgan, umuman, millat maʼnaviyati uchun masʼul toifaning oʻzi aynigan: kechagi kissavur boshiga sallani qoʻndirib «murid ovlaydi», eshon xazratlari oʻsmir Shum bolani oʻgʻrilikka undaydi, koʻsa eshon gavjum bozor oʻrtasida zulmni adl deb talqin qiladi, tarkidunyochilik daʼvosidagi qalandarlarning yolgʻiz ilinji – pul; islom farzlarini toʻla ado etganlarning biri Hojibobo – afyunfurush, Rahmat xoji – xotinini bozorga solib boyvachcha boʻlgan dayus... Albatta, bu oʻrinda «Gʻafur Gʻulom shoʻro adibi, shu bois boyu ruhoniylar tasvirida qora boʻyoqlarni quyuqlashtirgan» qabilidagi eʼtiroz tugʻilishi mumkin. Agar shunday boʻlsa, jadid nashrlarini varaqlab boqing: maʼrifatparvar bobolarimiz ham ayni shu illatlar haqida bong urganiga amin boʻlasiz. Eʼtiborli tomoni shuki, adib maʼnaviy tanazzulni faqat boyu ruhoniylardagina koʻrmaydi. Aksincha, boyvachchalardan gula koʻtargan kosib-hunarmandlar satanglar bazmida ham, Hojibobo takyasida ham goh-goh koʻrinish beradilar. Boz ustiga, qahramonimiz Shum bolaning «shumlik»lari zamirida kishining haqi yo omonatiga xiyonat, qalloblik, qoʻli egrilik kabi illatlar nish urib turganini ham inkor etib boʻlmaydi. Uning uzriga quloq tuting-a: «badanda bir sarkash aʼzo bor, u mening ixtiyorimdan tashqari, oʻzboshimcharoq. <...> u aʼzo kamdan-kam odamlarga vafo qilgan – qorin. U badan mulkining hokimligini baʼzan qoʻlimdan olib qoʻyadi. Boshqa aʼzolar ham uning isyonchi talablariga qoʻshila boshlaydi. Koʻzim nosharʼiy, harom luqmalarga tusha boshlaydi. Qoʻl qorin hukmi bilan baʼzida eng past kishilarga tama kapgiriday choʻziladi. Oyoq kutmagan joylarga olib boradi». Koʻramizki, adib talqinida maʼnaviy tanazzul boyu kambagʻal demay barchani komiga tortgan. Faqat shunisi borki, birining tanazzuli toʻqlikdan, ikkinchisiniki ochlikdan kelib chiqadi, bas, bu oʻrinda avvalgilarini koʻproq ayblash uchun shoʻro yozuvchisi boʻlish shart emas...
Yuqorida aytdikki, davrning jadidlar tanqid qilgan deyarli barcha illatlari «Shum bola» badiiy voqeligida u yoki bu darajada oʻz ifodasini topgan. Qissadagi hayot tasviridan «ortiq bu tarzda yashab boʻlmaydi, jamiyat isloh qilinishi kerak» degan xulosa kelib chiqadiki, bu ham jadidlar qarashlariga hamohang. Oʻrtadagi farq esa, bizningcha, tasvir rakursida xolos: jadidlardan farq qilaroq, Gʻafur Gʻulom mehnatkash xalq hayotini «ichdan» tasvirlaydi. Yaʼni, adib bu hayotni yashab oʻtgan, sirtdan kuzatib bilgan emas. Bas, inqilobdan soʻng mehnatkashlar hayotida ozmi-koʻpmi ijobiy oʻzgarishlar kuzatilgan ekan, ularga adibning munosabati ijobiy boʻlmasligi mumkinmi edi?! Hozirda bu nav munosabatga, aytaylik, jadidlar munosabatini yoki bugunda shakllangan munosabatni qarama-qarshi qoʻyish toʻgʻrimikan?! Oʻsha hayotni yashab koʻrmagan avlod bularning birini haq, ikkinchisini nohaq sanashga haqlimi?! Oʻtmish hayotini ham, oʻz vaqtidagi unga turlicha munosabatlarni ham ixtiyorimizdan tashqaridagi mavjudlik, amalga oshib boʻlgan fakt sifatida boricha, butunisicha qabul qilingani toʻgʻriroq boʻlmaydimi?!.. – yuqorida aytganimiz andisha shu kabi savollardan turtki oladi.
2003 yil
Сир эмас, ҳозирда Ғафур Ғулом номи тилга олинсаёқ хаёлимизга унинг шўро ёзувчиси эканлиги, шеърларида шўрони куйлагани келади – хафсаламиз совигандек бўлади. Бугун, юбилей баҳона адибнинг асарларини қайта варақларкан, беихтиёр «кейинги йилларда қарор топган бу хил муносабат адолатдан йироқроқ тушмайдими» деган андиша туғилади...
Ғафур Ғуломнинг кенг оммага маълум ва суюк қиссаси – «Шум бола»га ҳозирда кўпроқ саргузашт асар, кулги асари деб қараймиз. Ҳа, чиндан ҳам Шум боланинг турфа ҳангомаларга бой саргузашти, ундаги ичакузди ҳолатлар шундай ўйлашимизга асос берар. Бироқ, эътибор қилинса, адибнинг кулгиси, саргузаштли сюжет ботинида унинг замонаси ҳақидаги анчагина жиддий ўй-фикрлари, таҳлилий мулоҳазалари ётганини ҳам кўришимиз мумкин бўлади.
Маълумки, Шум бола ҳикоясини ўзи ўсган муҳит билан таништиришдан бошлайди (шу ўринда бир шартни қабул қилайлик: бу, аслида, ўсмирлик пайтидаги ҳаётнинг адиб хотирасида тикланган энг муҳим нуқталаридир). Унинг айтишича, ўзи сингари «бозорда санқиб юрган дайди болалар учун қувончли эрмаклардан бири бозор, маҳалла, кўча-кўй жиннилари эди. Ўша йиллари Тошкентда шунақа ҳам жинни кўп эдики, санаб саноғига етолмайсиз». Жинниларнинг феъл-атворидаги кулгили ҳолатларни ҳикоя қиларкан, Шум бола уларнинг фоже тақдирига оид тафсилотларга ҳам тўхталади. Хусусан, шулардан бири – Карим жинни «илгари бўзчи ўтган экан, чит кўпайиб кетгандан кейин бўз ўтмай қолиб, бозори касодга учраб, бола-чақасини боқолмай, жинни бўлиб қолибди». Ёки, шунга ўхшаш, эл ичида «Майрамхон» дея эркаланган Маматрайим «эскидан чилангар экан <...> Темир-терсак асбоблар заводдан чиқа бошлагандан кейин Майрамхон синиб, жинни бўлиб қолган экан». Назаримизда, шу ўринда ўқувчи қисса воқелигига иккита нигоҳ орқали қараш имконига эга бўлади: кулгили тафсилотлар ўспирин ҳикоячига, шўрликларнинг фоже тақдири ҳақидаги маълумотлар адибга тегишлидек таассурот туғилади. Бошқача айтсак, қаҳрамони нигоҳи билан ўсмирлик даврини кузатаркан адиб унга таҳлилий назар ташлайди, фожеалар илдизини очиб беришга интилади.
Дарҳақиқат, Туркистон Чор Россиясининг бозорига айлангач, маҳаллий ҳунарманд-косибларнинг маҳсулотлари завод-фабрика маҳсулотлари билан рақобат қилолмай қолди. Табиийки, мустамлака шароитида маҳаллий ишлаб чиқарувчилар манфаатларини ҳимоя қилиш имкониятлари мавжуд эмас, бу эса мазкур иқтисодий-ижтимоий тангликни янада кучайтиради. Натижада асрлар давомида шаклланган турмуш мароми издан чиқдики, бу нарса давр кишилари руҳиятида чуқур ва оғриқли из қолдириши муқаррар эди. Ғафур Ғулом талқинида Карим жинни, Майрамхонлар шу хил ижтимоий ҳолатнинг алайно-ошкор қурбонлари сифатида бўй кўрсатади.
Шуниси ҳам борки, адиб талқинида мавжуд шароитнинг таъсир доираси анчайин кенг бўлиб, у асло битта-иккита жинни билан чекланмайди. Жумладан, Шум бола ўзи ва ўртоқлари ҳақида айтади: «эртадан кеч кўча чангитиб, ҳамманинг жонига тегиб, кампирлардан қарғиш эшитиб, ўспиринлардан калтак еб, сандироқлаб юрадиган увин-тўда бекорчи болалармиз». Кўрамизки, ҳадемай мустақил ҳаётга қадам қўйиши ва ҳозирдан шунга тайёрланиши лозим бўлган 14 – 17 ёшли ўсмирлар бекорчиликка маҳкум. Сабаби оталарининг «кўпчилиги майда косиблар <...> бўлганликлари учун уларнинг қўлидан ҳунарларини олиб ёки уларнинг ёнига кўмакчи бўлиб тушиш бизга тўғри келмас эди. Оталаримизнинг ўзига иш топилмаганда, бизга иш қаёқда дейсиз?» Яъни, Шум бола ва унинг тенг-тўшларига эртанги истиқбол кўринмайди. Эътиборли жиҳати шундаки, бу ўсмирлар асло дангаса эмас. Аксинча, уларнинг бари бирон ишнинг бошини тутиш, ҳалол меҳнат билан бир нима орттириш, оиласига кўмаклашиш – хуллас, ҳаётда ўз ўрнини топиш орзуси билан яшайди. Бироқ мавжуд шароит бунга имкон бермайди.
Яхши биласизки, ишсизликнинг кўпайиши – инсоннинг қадрини туширади, уни энг арзон товарга айлантиради. Натижада уларнинг топиш тутишларида муқимлик йўқ, топган ишлари тасодифий ва ё муваққат, ишлаб топганлари қоринларидан ортмайди. Қиссадаги айрим ўринларни эслаб кўрайлик: Шум бола Сарибойга ойига «хом пишиқ аралаш икки пуд ўн етти қадоқ олма» бадалига ёлланади. Бир ойу ўн тўққиз кун ишлагани эвазига олинган олмани олти ярим тангага пуллайди. Ёки Ҳожибобо такясидаги хизмати учун ойига бир сўмдан ҳақ олади. Омон Шум бола билан илк бора учрашганида мардикорчилик билан «мирикам икки танга» (ўттиз беш тийин) орттирган бўлса, кейин «бир йилга икки тўқлию бир эчки» бадалига чўпонликка ёлланадики, буни пулга айлантирса тахминан ўн беш сўмларни ташкил қилади. Кўрамизки, қуюқ-суюқ ёвғонини чиқариб ташланса, бир ойлик иш ҳақи ўртача бир сўм-бир сўм йигирма тийинни (кунига ўртача 4-5 тийин) ташкил қилади. Дарвоқе, қиссанинг қирқдан ортиқ ўрнида нарх-наво ҳақида маълумот берилгани ҳам бежиз эмасга ўхшайдики, улардан айримларини келтириб ўтамиз:
«иккита қовоқ солган зоғора» – бир пақир (икки тийин)
«битта оби нон» – бир пақир
«бир хурмача қатиқ» – бир пақир
«бир газ арзон чит» – саккиз ярим пақир
«бир кеча тунаш учун» – ярим танга (ўн тийин)
«ярим қадоқ пашмак ҳолва» – уч пақир
«бир товоқ уврали ош» – тўққиз пул (уч тийин)
«ярим қаймоқдон қаймоқ» – беш тийин
«бир қадоқ шам» – бир мири (беш тийин) ва ҳоказо.
Албатта, бу маълумотларни ҳужжатли аниқликка эга деёлмаймиз, бироқ ёзувчи иш ҳақи ва нарх-наво нисбатини келтириш орқали халқнинг иқтисодий жиҳатдан нечоғли ночор аҳволдалигини кўрсатмоқчи экани шубҳасиздир. Жумладан, Шум бола олти ярим танга(қарийб бир ойлик иш ҳақи!)га дўппи сотиб оларкан: «бозордаги шўрлик хотин-қизларга ачинган эдим. Ҳафталаб меҳнат, таг, ипак пули, бозор машаққати, инжу қадагандай нозик санъат, баҳоси эса олти ярим танга. Нимаям бера қоларди?» – дейди. Дўппидўз қиз эса ҳафтада онаси билан «каллаи саҳардан қора шомгача қатим отиб аранг иккита, учта дўппи тайёрлаш»ларини айтади. Агар таг билан ипак пули чиқариб ташланса, бозор бу оғир меҳнатни қандай баҳолаётгани кўринади. Тўғри, бу ҳол Шум болага бориб турган адолатсизлик бўлиб туюлади. Бироқ, начораки, бу нарх ўзида дўппидўз қизнинг бир ҳафталик меҳнати баҳосинигина эмас, харидорларнинг ожиз имкониятларини ҳам ифода этади. Зеро, бозор – иқтисодий ҳаёт барометри, унда халқнинг ҳолати кўзгудагидек акс этади. Шу боис ҳам қиссада бозор, ундаги савдо-сотиқ тасвирига қайта-қайта дуч келамиз (бизнингча, айни шу нуқталар тасвирида кўпроқ адибнинг таҳлилий нигоҳи сезилади). Шум боланинг фикрича, расталар ичида «таърифи етти иқлимга кетгани» – «Бит бозор» деб ном олган эски-туски бозори. Бу ерда истаган нарса топилади: «салдоти шим дейсизми, пойма-пой сағри кавуш дейсизми, бирор етти йилгина кийилган, асли матои нима эканлиги маълум бўлмаган гуппи дейсизми, Маллахон замонидан қолган мурсак дейсизми...» Модомики, эски-туски бозори авжида экан, бу – халқнинг қашшоқлашаётганидан нишона: сабаби тирикчилик важҳидан бу матахларни бозорга чиқараётганлар ҳам, қўли қисқалигидан фақат шунда харид қилишга қодир кишилар ҳам етарли. Дарвоқе, Шум бола билан Омон айни шу «бит бозор»да «ота касбини ўзгартириб, лахтакфурушлик қилиб юрган» ўртоқлари Ҳуснибийни учратишади. Ҳуснибийнинг ўртоқлари олдида бироз мақтаниброқ айтишича, ишлари яхши кетаётир, чунки «лахтакларнинг харидори кўп». Сабаби: «бир газ арзон чит саккиз ярим пақир бўлгани учун бош-оёқ кўйлак-иштонни нуқул читдан қилиш кўп камбағалларга муяссар бўлмас эди. Шунинг учун улар кўйлак-иштонни бўздан қилиб, кўйлакнинг енг учини, иштоннинг почаларини – кўринадиган жойларини читдан қилишар эди». Кейинроқ, бозорда учрашиб қолган бошқа бир ўртоғи Туроббой Шум болага «Ҳуснибийнинг лахтакфурушликдан сингани» хабарини етказади. Эътибор беринг: қиссанинг бошида «чит кўпайиб кетгандан кейин бўз ўтмай қолгани», кейинроқ чит ўрнига лахтакнинг бозори чаққон бўлгани, ниҳоят, Ҳуснибийнинг «лахтакфурушликдан сингани» айтилади. Яъни, энди кўпчиликнинг лахтак сотиб олишга-да ҳоли келмайди, лахтак бозори-да касодга учради. Бир лахтак бозори эмас, «жаҳон уруши кундун-кунга кучайиб борганлиги учун молларга харидор кам: ҳамма бозор деярли касод». Бозорга кирган Шум болада «бу бозорда мендан бошқа жазман харидор ҳам йўқ, нақд пул ҳам йўқ» деган таассурот ҳосил бўлиши ҳам шундан. Истеъмолчи оммада пул йўқлигидан бозорлар касод, «ҳамма бозор касод»лиги эса иқтисодий ҳаёт тўхтаганидан далолат, бунинг бор оғирлиги яна меҳнаткаш, косиб-ҳунарманд бошига тушади. Кўрамизки, адиб талқинида халқнинг иқтисодий аҳволи тобора оғирлашиб боради, ортиқ чидаш қийин бўлган, «йўғон чўзилиб, ингичка узиладиган» шароит юзага келади...
Ҳожибобо такясидаги кўкнориларнинг бир суҳбати «замонанинг бузуқлигидан, подшоларнинг нотинчлигидан, фуқаронинг бузилиб беҳаё бўлиб кетганлигидан, ор-номус барбод бўлиб, хотинлар, ёш болалар қўлдан қўлга мол бўлиб сотилаётганидан, хуллас калом, шариати Мустафонинг оёқ ости бўлиб назардан қолаётганлигидан...» нолиш билан якунланади. Тўғри, буни Шум бола бироз киноя билан ҳикоя қилади, боз устига, бу гаплар кўкнорилар тилидан айтилаётир. Эҳтимол шундандир, бу шикоятларни жиддий қабул қилишга мойил эмасмиз: улар сархуш кўкнориларнинг навбатдаги алаҳсирашидек туюлади бизга. Ҳолбуки, Ғафур Ғулом «Сўзчи ҳолин боқма, боқ сўз ҳолини, Кўрма ким дер ани, кўргилким не дер» (А.Навоий) ақидасича иш тутган, қиссада шу хил шикоятларга асос бергулик ҳолатларни тасвирлаган. Зеро, мавжуд шароит нафақат халқнинг иқтисодий аҳволига, маънавиятга-да салбий таъсир кўрсатиши шубҳасиздир.
Маълумки, қиссада тасвирланган давр Туркистонда капиталистик иқтисодий муносабатлар қарор топа бошлаган пайтга тўғри келади. Бунақа шароитда эса, тарихдан яхши маълум, жамиятда табақаланиш кучаяди: эвини қилолганлар ўта бойиб, эплана олмаганлар қашшоқлашиб боради. Янгича шароитга тез мослашганлар «янги бойлар» қатламини ташкил қиладики, уларда зеб-ҳашамга, дабдабага ўчлик кўрилади. Халқимиз бу хил феъл-атворни оддийгина қилиб «пул қутуртирган», «кўрмаганнинг кўргани қурсин» тарзида изоҳласа-да, бу оддий иборалар ўзида ҳодисанинг ижтимоий-психологик асосларини мужассам этади. Гап шундаки, «янги бойлар» қўлга кирган катта давлатни худонинг бергани деб эмас, аввало, ўзларининг оқиллигию абжирлиги маҳсули деб билади. Бу эса уларда ўзларининг ўзгалардан устунлиги туйғусини пайдо қиладики, улар беихтиёр буни барчага тан олдириш, намойиш этиш пайидан бўладилар. Табиийки, шу туйғу исканжасига тушган, боз устига давлати туфайли қўли ҳар ерга етиб турган одам жамиятда мавжуд анъаналар, маънавий-ахлоқий меъёрлар билан ҳар вақт ҳам ҳисоблашиб ўтирмайди. Хусусан, гавжум бозор ўртасидаги чойхонада ўтирган «баъзи бойваччаларнинг дастурхонида қорнига қалдирғоч сурати солинган, устига похолдан тўр тўқилган коньяклар» кўриниши бунинг ёрқин далилидир. Равшанки, ичкилик ҳаром ҳисобланган юртда бойваччаларнинг бу тарз намойишкорона ўтиришлари муддао ичишнинг ўзигина эмаслигини кўрсатади. Ёки айни шу бойваччалар ким ўзарга баслашиб Ойша сатанг сингариларга пишак берадиларки, улар: «пешонаму икки бетим, энгагимга ёпиштирилаверган ўн сўмлик тиллоларга тўлиб кетади» дея ғурурланиб, мақтаниб юрадилар. Маънавий таназзул шунчаларки, бир пайтлар гуноҳу ор ҳисобланган ишлар энди намойишга, ғурур манбаига айланган. Эҳ-ҳе, бойваччалар ҳашаму дабдаба, ичкилик, қимор, фаҳшга совурган пуллар қанча?! Уларнинг атрофида юрган на еяр-ичари, на киярида маза йўқ юртдошлари, диндошлари қанча?!.. Дарвоқе, халқ «қорни тўқнинг қорни оч билан нима иши бор» дея билиб айтади. Бунинг ёрқин мисоли – Сарибой. Унинг боғида «олмалар пишиб тўкилиб кетаётибди, хўжайиндан рухсатсиз теришга ҳеч ким ботина олмайди. Отларга ем-хашак йўқ, хизматкорлар оч...» Бой ота эса бу вақтда Юсуф контордан қиморга ютиб олган боғида, «дўндиққина қирғиз хотин»га уйланиб олган, бир кетганича «ўн-ўн беш кунлаб келмайди». Сарибойнинг қўлига қарам хизматкорлар ҳолига бефарқлиги на исломий ва на башарий низомларга тўғри келади. Зеро, хизматкорларгина унинг олдида эмас, у ҳам хизматкорлар олдида бурчли. Бироқ Сарибой бу аён ҳақиқатни англашдан ожиз, пулнинг кучи уни ўзидан кетказган, ўзи мансуб тоифа кишилари сингари у ҳам ўзига эп кўрганки ишни қилишга ҳақлиман деб билади... Энг ёмони шуки, буларни ҳақ йўлга бошлаши лозим бўлган, умуман, миллат маънавияти учун масъул тоифанинг ўзи айниган: кечаги киссавур бошига саллани қўндириб «мурид овлайди», эшон хазратлари ўсмир Шум болани ўғриликка ундайди, кўса эшон гавжум бозор ўртасида зулмни адл деб талқин қилади, таркидунёчилик даъвосидаги қаландарларнинг ёлғиз илинжи – пул; ислом фарзларини тўла адо этганларнинг бири Ҳожибобо – афюнфуруш, Раҳмат хожи – хотинини бозорга солиб бойвачча бўлган даюс... Албатта, бу ўринда «Ғафур Ғулом шўро адиби, шу боис бою руҳонийлар тасвирида қора бўёқларни қуюқлаштирган» қабилидаги эътироз туғилиши мумкин. Агар шундай бўлса, жадид нашрларини варақлаб боқинг: маърифатпарвар боболаримиз ҳам айни шу иллатлар ҳақида бонг урганига амин бўласиз. Эътиборли томони шуки, адиб маънавий таназзулни фақат бою руҳонийлардагина кўрмайди. Аксинча, бойваччалардан гула кўтарган косиб-ҳунармандлар сатанглар базмида ҳам, Ҳожибобо такясида ҳам гоҳ-гоҳ кўриниш берадилар. Боз устига, қаҳрамонимиз Шум боланинг «шумлик»лари замирида кишининг ҳақи ё омонатига хиёнат, қаллоблик, қўли эгрилик каби иллатлар ниш уриб турганини ҳам инкор этиб бўлмайди. Унинг узрига қулоқ тутинг-а: «баданда бир саркаш аъзо бор, у менинг ихтиёримдан ташқари, ўзбошимчароқ. <...> у аъзо камдан-кам одамларга вафо қилган – қорин. У бадан мулкининг ҳокимлигини баъзан қўлимдан олиб қўяди. Бошқа аъзолар ҳам унинг исёнчи талабларига қўшила бошлайди. Кўзим ношаръий, ҳаром луқмаларга туша бошлайди. Қўл қорин ҳукми билан баъзида энг паст кишиларга тама капгиридай чўзилади. Оёқ кутмаган жойларга олиб боради». Кўрамизки, адиб талқинида маънавий таназзул бою камбағал демай барчани комига тортган. Фақат шуниси борки, бирининг таназзули тўқликдан, иккинчисиники очликдан келиб чиқади, бас, бу ўринда аввалгиларини кўпроқ айблаш учун шўро ёзувчиси бўлиш шарт эмас...
Юқорида айтдикки, даврнинг жадидлар танқид қилган деярли барча иллатлари «Шум бола» бадиий воқелигида у ёки бу даражада ўз ифодасини топган. Қиссадаги ҳаёт тасвиридан «ортиқ бу тарзда яшаб бўлмайди, жамият ислоҳ қилиниши керак» деган хулоса келиб чиқадики, бу ҳам жадидлар қарашларига ҳамоҳанг. Ўртадаги фарқ эса, бизнингча, тасвир ракурсида холос: жадидлардан фарқ қилароқ, Ғафур Ғулом меҳнаткаш халқ ҳаётини «ичдан» тасвирлайди. Яъни, адиб бу ҳаётни яшаб ўтган, сиртдан кузатиб билган эмас. Бас, инқилобдан сўнг меҳнаткашлар ҳаётида озми-кўпми ижобий ўзгаришлар кузатилган экан, уларга адибнинг муносабати ижобий бўлмаслиги мумкинми эди?! Ҳозирда бу нав муносабатга, айтайлик, жадидлар муносабатини ёки бугунда шаклланган муносабатни қарама-қарши қўйиш тўғримикан?! Ўша ҳаётни яшаб кўрмаган авлод буларнинг бирини ҳақ, иккинчисини ноҳақ санашга ҳақлими?! Ўтмиш ҳаётини ҳам, ўз вақтидаги унга турлича муносабатларни ҳам ихтиёримиздан ташқаридаги мавжудлик, амалга ошиб бўлган факт сифатида борича, бутунисича қабул қилингани тўғрироқ бўлмайдими?!.. – юқорида айтганимиз андиша шу каби саволлардан туртки олади.
2003 йил
Dilmurod Quronov