«Donishqishloq latifalari»ning oxiriga «1976 – 1991» sanalari qoʻyilganki, ular turkumning mazmun-mohiyati, gʻoyaviy-badiiy oʻziga xosligiga ishora etib turadi. Albatta, vaqt oʻtish barobari turkumga kirgan sheʼrlarning oʻzlari yozilgan davr bilan aloqasi susayib, oʻz holicha ham estetik qimmat kasb etib borishi tabiiy. Shu bilan birga, «shoir nima demoqchi boʻlganiyu nega shunday demoqchiligini» bilmoqqa qasd qilgan kishi ularga tarixiylik tamoyili asosida yondashsa, savollariga javob topishi ham shubhasiz. Negaki turkumga kirgan sheʼriy latifalarning aksariyati oʻz davri sharoiti, undagi ustuvor ijtimoiy kayfiyatu jamiyatning ilgʻor fikrli kishilariga xos gʻoyaviy-hissiy munosabat bilan chambarchas bogʻliq. Davrning ustuvor kayfiyati tugʻdirgan munosabatning oʻzagi esa, hech shubhasiz, kinoyadir.
Kinoya ruhiga yoʻgʻrilgan kulgi – beqiyos yemiruvchi kuch, u ne-ne zulm qoʻrgʻonlarini yiqmagan, turkumga kirgan latifalarda bu kuch «qizil imperiya»ni yemirishga qaratilgan. Zero, mamlakat keyincha «turgʻunlik davri» deb atalgan bosqichga kirgan palladan – 70-yillarning oʻrtalaridan yozila boshlagan bu latifalar mustabid tuzum inqirozini kuchaytirishga xizmat qilgan. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, oʻsha davrni ongli yashab oʻtganlarning aksariyati bu fikrga qoʻshiladi. Biroq bugungi kunga kelib holat shundayki, «Donishqishloq latifalari» retsepsiyasida yakdillik yoʻq: oʻquvchi ommaning boʻlinishi, yaʼni retseptiv turlichalik kuzatiladi. Sirasini aytganda, bu tabiiy ham, chunki kinoyaviy munosabat faqat kontekstdagina reallashadi, yaʼni kontekstdan ayro holda sheʼrga muallif yuklagan mazmun oydinlashmaydi. Bugungi yosh boʻgʻin oʻquvchisi esa oʻsha kontekstdan bexabar: u davrni ongli yashab oʻtmagan, bas, davr kayfiyatini koʻngildan kechirmagan. Demak, latifagoʻy ishora qilayotgan ijtimoiy hodisalarni bilmagach, kinoya ham izsiz yoʻqoladiki, bu esa yosh boʻgʻin uchun yuqoridagi kabi, masalan, «mustabid tuzum inqirozini kuchaytirgan» qabilidagi baholarimiz shunchaki havoyi gapdan boshqa narsa emas deganidir. Shularni oʻylab, garchi oʻsha davrni ongli yashab oʻtganlarning aksariyatiga shundogʻam maʼlum va shu bois «ortiqcha chaynab berish»dek koʻrinsa ham, turkumga kirgan ayrim latifalarni davr kontekstida koʻrib oʻtish maqsadga muvofiq koʻrindi.
Katta avlod juda yaxshi eslaydi: shoʻroning belini tutib turgan ustunlardan biri targʻibot va tashviqot boʻlib, barcha darajalardagi firqa qoʻmitalarining alohida boʻlimlari shu yoʻnalishda faoliyat yuritgan. Shoʻro targʻibotchilarining ommaga ibrat boʻlarlik «qahramon»lar yaratishga zoʻr bergani koʻpchilikning yodida. Jumladan, kimoʻzarga berilib ketib, hash-pash deguncha mubolagʻaning haddi aʼlosiga chiqib olganlari ham. Yoʻqsa, salkam bir yarim ming tonna paxta tergan «zangori kema kapitanlari», bir oʻzi ellik boshlab sigirning uhdasidan chiqib kelayotgan «deputat sogʻuvchi», har kuni ikki-ikki yarim kunlik normani qoyil qilib bajarib qoʻyayotgan «zarbdor brigada» deganlari mubolagʻa boʻlmay nima?! Albatta, bular bari shunchaki xoʻjakoʻrsinga koʻzboʻyamachilik ekani, deylik, haqiqatda «mashinada bir yarim ming tonna» terish qip-qizil lofligiyu buni rostga doʻndirish «tadbiri» qanday amallanayotgani, har kun saharmardondan shomgacha kolxoz fermasida kuymalanadigan besh-olti qiz-juvon «deputat sogʻuvchi» hisobiga ishlashi, «zarbdor brigada» boshligʻining esa «uchchiga chiqqan pripiskachi» ekanligi... yon-atrofdagilarning bariga kundek ravshan edi. Shundaylikka shundayku-ya, biroq propaganda deganlari ham benihoya qudratli kuch-da, axir! Har kun radioyu televizordan navbatdagi «gʻalaba»lari bilan qutlansayu shaʼnlariga qoʻshiqlar yangrasa, gazeta-jurnallarda mehnat qoʻynidagi suratlari ilova etilgan quloch-quloch maqolalar chop qilinsa, katta majlislarning toʻridagi qizil matoli stolda «falon... falon»lar yonidan joy olishsa – ishonmay boʻladimi, axir?! Toʻgʻri, oʻquvchilik paytimiz «Mehnat insonni ulugʻlaydi» qabilidagi erkin mavzularda insholar yozib, ularni maqtaganlarimizu shularga oʻxshagim keladi deya havaslanganlarimiz goʻlligimizdan, ammo hislarimiz toza, ishonchimiz samimiy edi, bizni loaqal shu uchun tushunib va kechirib qoʻysa boʻladigandek tuyuladi. Axir, gazeta-jurnalda yozilganni ayni haqiqat («Pravda» – oʻsha markazdagi mutlaq haqiqatdan boshlab deyarli har bir viloyat, tumanda mahalliy «haqiqat» bor edi-da: «Andijanskaya pravda», «Fargʻona haqiqati»...) deb bilardik-da!
Yaxshi bilasiz, shov-shuvli, tasavvurlarni oʻzgartirib yuborishga qodir materiallarni «bomba» deyish urf boʻlgan. Yuqorida taʼriflagani vaziyatda chop etilgan «Matmusaning uylanishi» latifasini «bomba» deb boʻlmas-ku, lekin oʻz vaqtida samarasi naq «sekinlashtirilgan mina»dan kam boʻlmagani shubhasiz. Zero, birinchidan, u chop etilgan, yaʼni bosma soʻzga beshak ishonib oʻrgangan omma nazdida eʼtiborli; ikkinchidan, oʻxshatish uchun tanlangan voqea bahoda turlichalikni mutlaqo istisno qiladi, yaʼni moʻljalga bexato uradi. Sababi, latifa voqeasiga singdirilgan kinoya shoʻro hali tamom barbod qilib ulgurmagan milliy qadriyatlarga, xususan, hamiyat tuygʻusiga qaratilgan. Shu jihatdan qaralsa, roviy tilidan «Hech gap emas baxt kelsa, Aytar omad deb buni» deyilgani aslo muallif munosabati emas, kinoyaning oʻzginasi. Negaki nikohdan «uch oy oʻtmay» oy-kuni yaqinlashgan kelinchakka bunday munosabatda boʻlish milliylikka zid, bas, oʻquvchi ham buni kinoya oʻlaroq qabul qiladi, uning uchun bundayin «baxt» – «sharmandalik», «omad» esa falokatdan oʻzga emas. Shuning uchun ham:
Hamma hayron, hamma lol:
«Biz bir yilcha kutardik,
Matmusaning xotini
Chiqib qoldi udarnik».
Koʻrib turganimizdek, endi kinoya subyekti roviy emas – «hamma», yaʼni Donishqishloq ahlining bari holatni risolaga zid deb biladi. Bu oʻrinda holatning oʻxshashi deb «udarnik»lik – zarbdorlikning urgʻulanayotganiga alohida diqqat qilish lozim. Gap shundaki, donishqishloqliklar tilidan aytilgan «udarnik» soʻzi Matmusaning xotini bilan yuqorida tavsiflangan soxta mehnat qahramonlarini bir qatorga qoʻyadi. Qizigʻi shundaki, bu oʻrinda «zarbdor kelin» kinoya obyekti emas, aslo, u oʻxshatish unsuri, yaʼni u (oʻxshatilayotgan narsa) «besh yillikni uch yilda» bajaradigan zarbdorlar (oʻxshagan narsa) ga mengzalyapti, xolos. Aksincha, bunga ters yoʻnalishdagi oʻxshatish kinoyani yuzaga keltiradi, yaʼni «besh yillikni uch yilda» bajaruvchi zarbdorlar (oʻxshatilayotgan narsa) nikohdan «uch oy oʻtmay» oy-kuni yaqinlashgan sharmanda kelin (oʻxshagan narsa)ga oʻxshatiladi-da, shu asosda hodisaga kinoyaviy munosabat ifodalanadi. Aytish kerakki, latifa yozilgan davr nuqtai nazaridan qaralsa, bu gʻoyat keskin va qaltis baho: mafkurachilar zoʻr hafsala bilan yaratayotgan ibrat obyektini suyuqoyoq ayolga oʻxshatish, yaʼni nafrat obyektiga aylantirib qoʻyish hazilakam ish emas, ehtiyot yaxshimidi?! Yoʻq, muallif «Gap kelsa...» naqliga amal qiladi, gap boʻlsa paydarpay kelaveradi, kelaveradi. Shoir soxtakorlik mexanizmini ulgurjisiga beayov kulgi ostiga oladi: «zarbdorlikning siri»ni bilishga shoshgan hovliqma gazetchilaru «biz ham sherik mehnatga» deya tirjayib suratga tushaveradigan benomuslar; davr hayotida ommalashgan duch kelgan joyga alvon shior osishlar, «Besh yillikni – uch yilda!» qabilidagi haybatli chaqiriqlar, «Tashabbusni qoʻllaymiz!» ruhidagi qarsakbozlik yigʻinlari, guras-guras boʻlib tajriba almashishga borishlar... Darvoqe, latifaning qissadan hissa tarzida tugallanishi ham masalnamo, yaʼni majoziy ekaniga – ezop tilida soʻzlanayotganiga oshkor ishoradir:
Alqissa shu – baʼzida
Shunday boʻlib qoladi –
Birov qilib mehnatni,
Birov obroʻ oladi.
Avvalo, yakunda «birovning tahoratiga namoz oʻqish»ni odat qilganlar (yaʼni oʻzi hech narsa yaratmagani holda mehnatkash qoʻllar yaratgan moddiy boyliklar egasi boʻlib olgan partiya nomenklaturasi) ustidan kulish, masxaralash yana bir bahya koʻtariladi. Ikkinchidan, ushbu satrlar tuzumning asosi mohiyatan darz ketgani, endilikda u oʻzining daʼvolariga tamoman teskari yoʻldan borayotganini koʻrsatadi. Zero, sotsializm daʼvosidagi «ishlagan tishlaydi» tamoyilining «ishlamagan tishlaydi»ga doʻnib borayotgani shoʻro tuzumining inqirozidan, yemirilib bitayotganidan nishona boʻlib, muallifga yurtining ertangi istiqbolidan xayrli fol koʻringan boʻlsa, ehtimol.
«Matmusaning qoʻshigʻi» latifasi ham kinoyaviy kulgiga yoʻgʻrilgan boʻlib, u ham shoʻro tuzumi asoslari mohiyatan chirib bitgani, endilikda taraqqiyotga tushov boʻlib qolganini koʻrsatib beradi. Latifa asosiga qoʻyilgan voqea majoziy xarakterga ega: beish qolgan Matmusa vajhi tirikchilik deb «qoʻshiq ayta boshlaydi». Sababi, mundoq atrofiga sarsop solib qarasa, «Oinai jahonda kuylamagan ogʻiz yoʻq» emish, Matmusaning esa ulardan aslo kami yoʻq, asli, atrofida undan «oʻtadigan hofiz ham yoʻq»... – tirikchilik, aybi yoʻq. Xullas, Matmusa toʻrtta odam yigʻilsayoq birov eshitsa-eshitmasa qoʻshiq aytadigan, taklif qilsa-qilmasa toʻy-toʻrqunga boraveradigan odat chiqardi – hammani jonidan bezdirdi. Jondan xoʻb toʻydirgach, oqsoqollar Matmusani katta amaldor qilib koʻtarsak, ishi koʻpayganidankoʻpayib, qoʻshiq aytishini tashlasa – shoyad, qutulsak deb kengash berdilar. Syujetning ayni shu nuqtasidan oʻquvchi muallif kinoyasi mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumga qaratilganini ilgʻay boshlaydi. Matmusa katta amalga oʻtirgach ham qoʻshiq aytishini tashlamaydi, oqibat: «Yana ham qiyin boʻldi Donishqishloq eliga». Bundan keyingi tafsilotlarning bari jamiyat hayotidagi muayyan bir holatga ishora qiladiki, asosiylarini sanab oʻtgan maʼqul koʻrinadi:
1. Kishi huzuriga arz bilan kirsa, «Matmusa arz eshitmas, Qoʻshiq aytib beradi». – Bu oʻrinda kishilarning real holat haqidagi arz-dodlarni eshitish oʻrniga hamon «yetib kelganimiz rivojlangan sotsializm» yoxud istiqboldagi «kommunizm» haqidagi eski qoʻshigʻini aytuvchi mamlakat rahbariyatiga kinoya bor.
2. Qoʻshiqqa «chidab sukut saqlagan» marhamat koʻrdi, maqtaganning-ku «ishi besh boʻldi». – Shoʻroning insonni, xususan, ijodkorni mafkuraga qanday munosabatdaligiga qarab qadrlaganiga ishora.
3. Bir toifaning «chidab sukut qilgani», ikkinchisining «maqtagan»i bois Matmusa endi «Sahar boshlab ashula Kechgacha» aytadigan, hatto «eshitmasang uradigan» boʻldi. – Shu ahvolning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻyib bergan har ikki toifa kishilarga, jumladan, muallifning oʻzoʻziga kinoyasi.
4. «Toʻra boʻlgach, boshqa xil Ovozlarni yoʻqotdi», endi Donishqishloqda faqat bitta qoʻshiq bor, faqat unga toʻsiq yoʻq. – Mafkura yakkahokimligiga kinoya.
5. Odamlar Matmusaning qoʻshigʻini avvaliga «ijirgʻanib, qargʻab» eshitsa, «oxiri oʻrganib ham qoldilar»; bora-bora hamma Matmusaga oʻxshab kuylaydigan, qoʻshigʻini maqtab, basma-basiga qarsak urib olqishlaydigan boʻldi. Nihoyat, xalq endi boshqa qoʻshiqni tan olmaydigan, oʻsha qoʻshiqni aytib yashash va aytib oʻlishga hozir. – Shoʻro mafkurasi tomonidan millionlar ongi qay yoʻsin zabt etilgani, omma ongining qay darajada zaharlangani, odamlarning partiya yoʻlboshchiligisiz ham yashash mumkinligiga koʻzi yetmaydigan qilib qoʻyilganiga ishora.
6. Yakunda «bulbuli yoʻq, Xoʻrozi yoʻq ul maʼvo – Donishqishloqda hamon Yangrar yolgʻiz bir navo» deyiladiki, bu chin isteʼdod (bulbul)lari va haq gapni aytishga qodir yuragida yoli bor mard (xoʻroz)lari jisman mahv etilgan yoki quvib solingan va hamon oʻsha birgina qoʻshiq (mafkura yakkahokimligi) aytilayotgan yurtga ishoradir.
Shu oʻrinda latifaning oʻz davridagi retsepsiyasi – qabul qilinishi qanday boʻlganini eslab oʻtishga zarurat bor. Yuqorida erinmay keltirilgan latifadagi davr ijtimoiy kontekstiga ishoralar sanogʻi – sovuqqon ong faoliyatining mahsuli. Tabiiyki, oʻz vaqtida «Matmusaning qoʻshigʻini» bu kabi sovuqqonlik bilan qabul qilgan emasmiz, aksincha, topib aytilgan va moʻljalga bexato urilgan oʻrinlarda ich-ichimizda «Voh!.. Boplapti!.. Juda toʻgʻri!..» qabilidagi hissiy munosabat qoʻzgʻalgani shubhasiz. Xuddi shu hissiy faollik oʻshanda ruhiyatimizda kinoyaviy katarsis hodisasi sodir boʻlib oʻtgani, ruhiy tozarish natijasida «Bunday yashab boʻlmaydi!» degan xulosada muqimlashganimizdan dalolatdir. Ruhida shu holni kechirib oʻtgan oʻquvchi boʻlsa endi oʻzgargan odam – endi u atrofiga oʻzgacharoq qaraydi, beixtiyor olamda ham qarashlariga muvofiq oʻzgarishlar boʻlishini tilay boshlaganini oʻzi ham sezmay qoladi... Xullas, yuqorida «yemiruvchi kuch» deb aytganim shunchaki lutf va yo mubolagʻa emas, ayni haqiqatdir.
«Matmusaning Amerika ochishi» latifasi, bir qarashda, kontekst bilan u qadar mustahkam bogʻliq emasdek koʻrinishi mumkin. Biroq bu aldamchi tasavvur. Diqqat qilinsa, latifadagi voqea «sotsializm» gʻoyasi, shu gʻoyaga koʻr-koʻrona ishongan hovliqmalarning saʼy-harakati tufayli boshi berk koʻchaga kirib qolgan mamlakat tarixi bilan analogiya hosil qilishini sezib olish qiyin emas. Matmusa «gazeta oʻqib... oʻy oʻylab yotib» topib olgan xayoli – «Amerika ochmoqqa yangi yoʻl yaratish» gʻoyasini donishqishloq ahliga singdirmoq maqsadida ertalab elni yigʻib, «Sizga aytay Oʻylagan bir xayolim» deya boshlanuvchi nutqini irod etadi. Koʻrib turganimizdek, rivoyada ham, Matmusaning nutqida ham urgʻulanayotgan jihat – gʻoyaning «oʻy oʻylab yotib», yoʻq yerdan olingani, yaʼni xayol ekani. Fikrimizcha, ushbu detallar roviy latifani sotsializm gʻoyasi utopiyadan – xayolotdan oʻsib chiqqanini biladigan, yaʼni istasa-istamasa marksizm-leninizmni hijjalab oʻrgangan davr ziyolisiga moʻljallab aytayotganini koʻrsatadi. Zero, ishonchi komilki, bu oʻquvchi «Kirishsak Xitoyni ham, Kolumbni ham yiqamiz» misralarida oʻz gʻoyalarining dunyoda eng ilgʻor ekaniga koʻr-koʻrona ishonib qolganlikdan «nima bizga Amerika?!» deya xomtama boʻlingan, hali oʻzlari ham durust anglab yetmagan gʻoyani bayroq qilib olganlarga dajjolga misoli ergashilgan davrga kinoya ekanini fahmlay biladi.
Matmusaning gʻoyasi gʻoyat sodda va tushunarli: qishloq etagidan lahm kovlanadi va «Naq Oq uyning tagidan» teshib chiqiladi-da, «Prezidentini shartta Qopga solib qaytiladi» – vassalom. Tabiiyki, bu detallarni ham oʻquvchi yuqoridagi talqinning davomi oʻlaroq tushunadi, shu bois kinoya obyektini tezgina aniqlaydi. Zero, yaqin tarixni – shoʻro davri tarixini yodlatgudek oʻqitilgan odamga oktyabr toʻntarishi arafasida bolsheviklar tomonidan oʻrtaga tashlanganida urush va u keltirgan ofatlar jonidan toʻydirgan ommani junbishga solgan «Xalqlarga – tinchlik!», «Zavod va fabrikalar – ishchilarga!», «Yer – dehqonlarga!» kabi sodda va tushunarli shiorlarni eslash va Matmusaning shiorlari bilan bogʻlash qiyin ham emas. Matmusaning nutqini yakunlovchi mana bu koʻtarinki misralar esa «jahon inqilobi» gʻoyasi ruhini xastalantirib, «vos-vos» kasaliga yoʻliqtirgan mutaassib inqilobchilarni yodga soladi:
Jahonshumul inqilob
Bundan oson hal boʻlmas.
Yer yuzida shundan soʻng
Boyu kambagʻal boʻlmas.
Matmusa soʻzlagan nutqning qizgʻin qarsagu olqishlar bilan kutib olinishi mutolaa jarayonida tarixiy kontekst bilan jonli muloqotdagi oʻquvchiga koʻplab shoʻro filmlarida koʻrgani – «inqilob dohiylari»ning mitinglardagi chiqishlarini eslatishi shubhasiz. Shuningdek, Matmusaning rejasiga shubha bilan qaragan ayrim «mujmal»lar ham topilgani, lekin koʻpchilikning «Matmusani yoqlab... vahima qilganlarni boplab ketgan»i ham tarixni – qurolli qoʻzgʻolon koʻtarish yo koʻtarmaslik masalasidagi bahslarni yodga soladi. Eʼtibor berilsa, yuqorida koʻrib oʻtilgan latifalardan farqli oʻlaroq, «Matmusaning Amerika ochishi» latifasidagi matndan tashqariga yoʻnaltiruvchi ishoralarni ilgʻab olish uchun oʻquvchining endi tarixiy kontekstdan ham xabardor boʻlishi taqozo etiladi. Shu bilan birga, tarixiy kontekstga latifa yozilgan davr – oʻtgan asrning 80-yillari adogʻidagi ustuvor ijtimoiy kayfiyatdan kelib chiqib baho berilganini ham yodda tutmoq lozim. Yaʼni yosh boʻgʻin oʻquvchisidan ham oʻsha kayfiyatni his qilish, ham tarixiy kontekstni bilish talab etiladiki, latifani qabul qilish unga katta avlod vakillaridan koʻra ancha qiyin deganidir.
«Matmusaning Amerika ochishi» latifasida shaklan «oʻtmish-hozir» qolipidagi rivoya «sabab-oqibat» munosabatini ifodalaydi. Matmusaning xayolida tugʻilgan gʻoyaga ergashgan Donishqishloq ahli «boshqa ishni tashladi» va u «aytgan joydan xandaq kovlay boshladi». Biroq bir joydan suv chiqib qoldi, ikkinchi joydan boshqa bir moneʼ, xullas, qishloq ahli to hanuz (yaʼni latifa yozilgan vaqtda ham) yangi-yangi joydan jonini jabborga berib xandaq qaziydi – teshib chiqishdan darak yoʻgʻ-u, ayanchli oqibat bor: «yarim qishloq tuproqqa koʻmilgan», «qolgan yarmi qurbaqazor botqoqqa aylangan». Aslida, bu detallar 80-yillar oxirlarida sobiq Ittifoqda yuzaga kelgan iqtisodiy tanglik, xoʻjasizlik, boshboshdoqlik holatlariga ishoradan boshqa narsa emas. Zotan, qishloq kattasi Matmusaning el ichida «Mirquruq» laqabini olgani ham kechagina oʻzining jon dushmani deb bilgani Gʻarbdan insonparvarlik yordami ola boshlagan sobiq Ittifoqning oʻsha vaqtdagi tojdor rahbariga kinoyadir. Lekin shunchalikda-da Matmusa «bu yoʻl haq yoʻlidir» degan fikrda sobit, «Suv kelsa simiramiz, Tosh kelsa kemiramiz» deya hamon hamqishloqlarini yana oʻsha yoʻldan boshlamoqchi boʻladi. Holbuki, yoʻl boshida deb bilinayotgan maqsadning oʻzi puch va mantiqsiz: «Ochamiz Amerika, Soʻng uni yemiramiz». Koʻryapmizki, latifa hali sotsializm gʻoyasiga ishonch butkul yoʻqolmagan davr mahsuli boʻlib, jamiyat ilgʻorida ekani bois gʻoyaning puchligiga avvalroq amin boʻlib ulgurgan roviyning ishonchda hamon sobit Donishqishloq ahliga kinoyasini aks ettirgan.
«Matmusaning haykali» latifasidagi kinoya oʻz vaqtida koʻpchilikning koʻnglida jamiyatning tozarishi, oʻnglanishiga umid uygʻotgan «qayta qurish» davriga qaratilganki, matnda bevosita «qayta qurish» kalimasi qoʻllangani bunga shubha qoldirmaydi ham. Biroq, nazarimizda, latifa ifodalayotgan mazmun koʻlami bundan ancha keng. Zero, boshqa latifalardagidan farqli oʻlaroq, bundagi kinoya shoʻro davri tarixidagi biron-bir bosqich yo aniq bir hodisaga emas, balki tuzumning zotiy bir xususiyatiga qaratilgan boʻlib, muallifiga xos falsafiy mushohada kengligi va badiiy umumlashtirish quvvatidan xabar berib turadi. Roviy haykalga berayotgan taʼrif shundayki, goʻyo hammasi aʼlo darajada, faqat «arzimagan bir kamchiligi» bor. Biroq ayni shu «arzimagan kamchilik»-ni tugatish, qayta qurish yoʻlidagi harakat boshqa bir kamchilikni yuzaga chiqaraveradi. Yaʼni roviy endi «qayta qurish» (haqiqatda esa shunchaki restavratsiya qilish) gʻoyasini oldinga surganlarga qoʻshila olmaydi, jamiyatni tubdan isloh qilish kerak deb biladi.
Donishqishloq turkumiga kiruvchi «Tandir kiygan Matmusa», «Matmusa va oʻgʻrilar», «Matmusaning bogʻi» kabi latifalar ham bevosita shoʻro davri ijtimoiy-siyosiy sharoitiga ishora qiladiki, bunga amin boʻlmoq uchun ularni yuqoridagi yoʻsinda bir qur koʻzdan kechirish kifoya. Shunda, masalan, tandir kiygan Matmusaning hangomasini aytib berib oʻquvchisini obdan kuldirgan roviyning pirovardida «Matmusadek oʻzimiz Tandir kiygan boʻlmaylik!» deya ogohlantirishi oʻz vaqtida koʻpchilikni ajib sergak torttirganiga, «Donishqishloq latifalari»dagi kulgi «qizil imperiya»ni yemirishga qaratilganiyu bu ishda uning sezilarli hissasi borligiga amin boʻlinishi shubhasiz.
2016 yil
«Донишқишлоқ латифалари»нинг охирига «1976 – 1991» саналари қўйилганки, улар туркумнинг мазмун-моҳияти, ғоявий-бадиий ўзига хослигига ишора этиб туради. Албатта, вақт ўтиш баробари туркумга кирган шеърларнинг ўзлари ёзилган давр билан алоқаси сусайиб, ўз ҳолича ҳам эстетик қиммат касб этиб бориши табиий. Шу билан бирга, «шоир нима демоқчи бўлганию нега шундай демоқчилигини» билмоққа қасд қилган киши уларга тарихийлик тамойили асосида ёндашса, саволларига жавоб топиши ҳам шубҳасиз. Негаки туркумга кирган шеърий латифаларнинг аксарияти ўз даври шароити, ундаги устувор ижтимоий кайфияту жамиятнинг илғор фикрли кишиларига хос ғоявий-ҳиссий муносабат билан чамбарчас боғлиқ. Даврнинг устувор кайфияти туғдирган муносабатнинг ўзаги эса, ҳеч шубҳасиз, киноядир.
Киноя руҳига йўғрилган кулги – беқиёс емирувчи куч, у не-не зулм қўрғонларини йиқмаган, туркумга кирган латифаларда бу куч «қизил империя»ни емиришга қаратилган. Зеро, мамлакат кейинча «турғунлик даври» деб аталган босқичга кирган палладан – 70-йилларнинг ўрталаридан ёзила бошлаган бу латифалар мустабид тузум инқирозини кучайтиришга хизмат қилган. Комил ишонч билан айтиш мумкинки, ўша даврни онгли яшаб ўтганларнинг аксарияти бу фикрга қўшилади. Бироқ бугунги кунга келиб ҳолат шундайки, «Донишқишлоқ латифалари» рецепциясида якдиллик йўқ: ўқувчи омманинг бўлиниши, яъни рецептив турличалик кузатилади. Сирасини айтганда, бу табиий ҳам, чунки киноявий муносабат фақат контекстдагина реаллашади, яъни контекстдан айро ҳолда шеърга муаллиф юклаган мазмун ойдинлашмайди. Бугунги ёш бўғин ўқувчиси эса ўша контекстдан бехабар: у даврни онгли яшаб ўтмаган, бас, давр кайфиятини кўнгилдан кечирмаган. Демак, латифагўй ишора қилаётган ижтимоий ҳодисаларни билмагач, киноя ҳам изсиз йўқоладики, бу эса ёш бўғин учун юқоридаги каби, масалан, «мустабид тузум инқирозини кучайтирган» қабилидаги баҳоларимиз шунчаки ҳавойи гапдан бошқа нарса эмас деганидир. Шуларни ўйлаб, гарчи ўша даврни онгли яшаб ўтганларнинг аксариятига шундоғам маълум ва шу боис «ортиқча чайнаб бериш»дек кўринса ҳам, туркумга кирган айрим латифаларни давр контекстида кўриб ўтиш мақсадга мувофиқ кўринди.
Катта авлод жуда яхши эслайди: шўронинг белини тутиб турган устунлардан бири тарғибот ва ташвиқот бўлиб, барча даражалардаги фирқа қўмиталарининг алоҳида бўлимлари шу йўналишда фаолият юритган. Шўро тарғиботчиларининг оммага ибрат бўларлик «қаҳрамон»лар яратишга зўр бергани кўпчиликнинг ёдида. Жумладан, кимўзарга берилиб кетиб, ҳаш-паш дегунча муболағанинг ҳадди аълосига чиқиб олганлари ҳам. Йўқса, салкам бир ярим минг тонна пахта терган «зангори кема капитанлари», бир ўзи эллик бошлаб сигирнинг уҳдасидан чиқиб келаётган «депутат соғувчи», ҳар куни икки-икки ярим кунлик нормани қойил қилиб бажариб қўяётган «зарбдор бригада» деганлари муболаға бўлмай нима?! Албатта, булар бари шунчаки хўжакўрсинга кўзбўямачилик экани, дейлик, ҳақиқатда «машинада бир ярим минг тонна» териш қип-қизил лофлигию буни ростга дўндириш «тадбири» қандай амалланаётгани, ҳар кун саҳармардондан шомгача колхоз фермасида куймаланадиган беш-олти қиз-жувон «депутат соғувчи» ҳисобига ишлаши, «зарбдор бригада» бошлиғининг эса «уччига чиққан припискачи» эканлиги... ён-атрофдагиларнинг барига кундек равшан эди. Шундайликка шундайку-я, бироқ пропаганда деганлари ҳам бениҳоя қудратли куч-да, ахир! Ҳар кун радиою телевизордан навбатдаги «ғалаба»лари билан қутлансаю шаънларига қўшиқлар янграса, газета-журналларда меҳнат қўйнидаги суратлари илова этилган қулоч-қулоч мақолалар чоп қилинса, катта мажлисларнинг тўридаги қизил матоли столда «фалон... фалон»лар ёнидан жой олишса – ишонмай бўладими, ахир?! Тўғри, ўқувчилик пайтимиз «Меҳнат инсонни улуғлайди» қабилидаги эркин мавзуларда иншолар ёзиб, уларни мақтаганларимизу шуларга ўхшагим келади дея ҳавасланганларимиз гўллигимиздан, аммо ҳисларимиз тоза, ишончимиз самимий эди, бизни лоақал шу учун тушуниб ва кечириб қўйса бўладигандек туюлади. Ахир, газета-журналда ёзилганни айни ҳақиқат («Правда» – ўша марказдаги мутлақ ҳақиқатдан бошлаб деярли ҳар бир вилоят, туманда маҳаллий «ҳақиқат» бор эди-да: «Андижанская правда», «Фарғона ҳақиқати»...) деб билардик-да!
Яхши биласиз, шов-шувли, тасаввурларни ўзгартириб юборишга қодир материалларни «бомба» дейиш урф бўлган. Юқорида таърифлагани вазиятда чоп этилган «Матмусанинг уйланиши» латифасини «бомба» деб бўлмас-ку, лекин ўз вақтида самараси нақ «секинлаштирилган мина»дан кам бўлмагани шубҳасиз. Зеро, биринчидан, у чоп этилган, яъни босма сўзга бешак ишониб ўрганган омма наздида эътиборли; иккинчидан, ўхшатиш учун танланган воқеа баҳода турличаликни мутлақо истисно қилади, яъни мўлжалга бехато уради. Сабаби, латифа воқеасига сингдирилган киноя шўро ҳали тамом барбод қилиб улгурмаган миллий қадриятларга, хусусан, ҳамият туйғусига қаратилган. Шу жиҳатдан қаралса, ровий тилидан «Ҳеч гап эмас бахт келса, Айтар омад деб буни» дейилгани асло муаллиф муносабати эмас, киноянинг ўзгинаси. Негаки никоҳдан «уч ой ўтмай» ой-куни яқинлашган келинчакка бундай муносабатда бўлиш миллийликка зид, бас, ўқувчи ҳам буни киноя ўлароқ қабул қилади, унинг учун бундайин «бахт» – «шармандалик», «омад» эса фалокатдан ўзга эмас. Шунинг учун ҳам:
Ҳамма ҳайрон, ҳамма лол:
«Биз бир йилча кутардик,
Матмусанинг хотини
Чиқиб қолди ударник».
Кўриб турганимиздек, энди киноя субъекти ровий эмас – «ҳамма», яъни Донишқишлоқ аҳлининг бари ҳолатни рисолага зид деб билади. Бу ўринда ҳолатнинг ўхшаши деб «ударник»лик – зарбдорликнинг урғуланаётганига алоҳида диққат қилиш лозим. Гап шундаки, донишқишлоқликлар тилидан айтилган «ударник» сўзи Матмусанинг хотини билан юқорида тавсифланган сохта меҳнат қаҳрамонларини бир қаторга қўяди. Қизиғи шундаки, бу ўринда «зарбдор келин» киноя объекти эмас, асло, у ўхшатиш унсури, яъни у (ўхшатилаётган нарса) «беш йилликни уч йилда» бажарадиган зарбдорлар (ўхшаган нарса) га менгзаляпти, холос. Аксинча, бунга терс йўналишдаги ўхшатиш кинояни юзага келтиради, яъни «беш йилликни уч йилда» бажарувчи зарбдорлар (ўхшатилаётган нарса) никоҳдан «уч ой ўтмай» ой-куни яқинлашган шарманда келин (ўхшаган нарса)га ўхшатилади-да, шу асосда ҳодисага киноявий муносабат ифодаланади. Айтиш керакки, латифа ёзилган давр нуқтаи назаридан қаралса, бу ғоят кескин ва қалтис баҳо: мафкурачилар зўр ҳафсала билан яратаётган ибрат объектини суюқоёқ аёлга ўхшатиш, яъни нафрат объектига айлантириб қўйиш ҳазилакам иш эмас, эҳтиёт яхшимиди?! Йўқ, муаллиф «Гап келса...» нақлига амал қилади, гап бўлса пайдарпай келаверади, келаверади. Шоир сохтакорлик механизмини улгуржисига беаёв кулги остига олади: «зарбдорликнинг сири»ни билишга шошган ҳовлиқма газетчилару «биз ҳам шерик меҳнатга» дея тиржайиб суратга тушаверадиган беномуслар; давр ҳаётида оммалашган дуч келган жойга алвон шиор осишлар, «Беш йилликни – уч йилда!» қабилидаги ҳайбатли чақириқлар, «Ташаббусни қўллаймиз!» руҳидаги қарсакбозлик йиғинлари, гурас-гурас бўлиб тажриба алмашишга боришлар... Дарвоқе, латифанинг қиссадан ҳисса тарзида тугалланиши ҳам масалнамо, яъни мажозий эканига – эзоп тилида сўзланаётганига ошкор ишорадир:
Алқисса шу – баъзида
Шундай бўлиб қолади –
Биров қилиб меҳнатни,
Биров обрў олади.
Аввало, якунда «бировнинг таҳоратига намоз ўқиш»ни одат қилганлар (яъни ўзи ҳеч нарса яратмагани ҳолда меҳнаткаш қўллар яратган моддий бойликлар эгаси бўлиб олган партия номенклатураси) устидан кулиш, масхаралаш яна бир баҳя кўтарилади. Иккинчидан, ушбу сатрлар тузумнинг асоси моҳиятан дарз кетгани, эндиликда у ўзининг даъволарига тамоман тескари йўлдан бораётганини кўрсатади. Зеро, социализм даъвосидаги «ишлаган тишлайди» тамойилининг «ишламаган тишлайди»га дўниб бораётгани шўро тузумининг инқирозидан, емирилиб битаётганидан нишона бўлиб, муаллифга юртининг эртанги истиқболидан хайрли фол кўринган бўлса, эҳтимол.
«Матмусанинг қўшиғи» латифаси ҳам киноявий кулгига йўғрилган бўлиб, у ҳам шўро тузуми асослари моҳиятан чириб битгани, эндиликда тараққиётга тушов бўлиб қолганини кўрсатиб беради. Латифа асосига қўйилган воқеа мажозий характерга эга: беиш қолган Матмуса важҳи тирикчилик деб «қўшиқ айта бошлайди». Сабаби, мундоқ атрофига сарсоп солиб қараса, «Оинаи жаҳонда куйламаган оғиз йўқ» эмиш, Матмусанинг эса улардан асло ками йўқ, асли, атрофида ундан «ўтадиган ҳофиз ҳам йўқ»... – тирикчилик, айби йўқ. Хуллас, Матмуса тўртта одам йиғилсаёқ биров эшитса-эшитмаса қўшиқ айтадиган, таклиф қилса-қилмаса тўй-тўрқунга бораверадиган одат чиқарди – ҳаммани жонидан бездирди. Жондан хўб тўйдиргач, оқсоқоллар Матмусани катта амалдор қилиб кўтарсак, иши кўпайганиданкўпайиб, қўшиқ айтишини ташласа – шояд, қутулсак деб кенгаш бердилар. Сюжетнинг айни шу нуқтасидан ўқувчи муаллиф кинояси мавжуд ижтимоий-сиёсий тузумга қаратилганини илғай бошлайди. Матмуса катта амалга ўтиргач ҳам қўшиқ айтишини ташламайди, оқибат: «Яна ҳам қийин бўлди Донишқишлоқ элига». Бундан кейинги тафсилотларнинг бари жамият ҳаётидаги муайян бир ҳолатга ишора қиладики, асосийларини санаб ўтган маъқул кўринади:
1. Киши ҳузурига арз билан кирса, «Матмуса арз эшитмас, Қўшиқ айтиб беради». – Бу ўринда кишиларнинг реал ҳолат ҳақидаги арз-додларни эшитиш ўрнига ҳамон «етиб келганимиз ривожланган социализм» ёхуд истиқболдаги «коммунизм» ҳақидаги эски қўшиғини айтувчи мамлакат раҳбариятига киноя бор.
2. Қўшиққа «чидаб сукут сақлаган» марҳамат кўрди, мақтаганнинг-ку «иши беш бўлди». – Шўронинг инсонни, хусусан, ижодкорни мафкурага қандай муносабатдалигига қараб қадрлаганига ишора.
3. Бир тоифанинг «чидаб сукут қилгани», иккинчисининг «мақтаган»и боис Матмуса энди «Саҳар бошлаб ашула Кечгача» айтадиган, ҳатто «эшитмасанг урадиган» бўлди. – Шу аҳволнинг юзага келишига йўл қўйиб берган ҳар икки тоифа кишиларга, жумладан, муаллифнинг ўзўзига кинояси.
4. «Тўра бўлгач, бошқа хил Овозларни йўқотди», энди Донишқишлоқда фақат битта қўшиқ бор, фақат унга тўсиқ йўқ. – Мафкура яккаҳокимлигига киноя.
5. Одамлар Матмусанинг қўшиғини аввалига «ижирғаниб, қарғаб» эшитса, «охири ўрганиб ҳам қолдилар»; бора-бора ҳамма Матмусага ўхшаб куйлайдиган, қўшиғини мақтаб, басма-басига қарсак уриб олқишлайдиган бўлди. Ниҳоят, халқ энди бошқа қўшиқни тан олмайдиган, ўша қўшиқни айтиб яшаш ва айтиб ўлишга ҳозир. – Шўро мафкураси томонидан миллионлар онги қай йўсин забт этилгани, омма онгининг қай даражада заҳарлангани, одамларнинг партия йўлбошчилигисиз ҳам яшаш мумкинлигига кўзи етмайдиган қилиб қўйилганига ишора.
6. Якунда «булбули йўқ, Хўрози йўқ ул маъво – Донишқишлоқда ҳамон Янграр ёлғиз бир наво» дейиладики, бу чин истеъдод (булбул)лари ва ҳақ гапни айтишга қодир юрагида ёли бор мард (хўроз)лари жисман маҳв этилган ёки қувиб солинган ва ҳамон ўша биргина қўшиқ (мафкура яккаҳокимлиги) айтилаётган юртга ишорадир.
Шу ўринда латифанинг ўз давридаги рецепцияси – қабул қилиниши қандай бўлганини эслаб ўтишга зарурат бор. Юқорида эринмай келтирилган латифадаги давр ижтимоий контекстига ишоралар саноғи – совуққон онг фаолиятининг маҳсули. Табиийки, ўз вақтида «Матмусанинг қўшиғини» бу каби совуққонлик билан қабул қилган эмасмиз, аксинча, топиб айтилган ва мўлжалга бехато урилган ўринларда ич-ичимизда «Воҳ!.. Боплапти!.. Жуда тўғри!..» қабилидаги ҳиссий муносабат қўзғалгани шубҳасиз. Худди шу ҳиссий фаоллик ўшанда руҳиятимизда киноявий катарсис ҳодисаси содир бўлиб ўтгани, руҳий тозариш натижасида «Бундай яшаб бўлмайди!» деган хулосада муқимлашганимиздан далолатдир. Руҳида шу ҳолни кечириб ўтган ўқувчи бўлса энди ўзгарган одам – энди у атрофига ўзгачароқ қарайди, беихтиёр оламда ҳам қарашларига мувофиқ ўзгаришлар бўлишини тилай бошлаганини ўзи ҳам сезмай қолади... Хуллас, юқорида «емирувчи куч» деб айтганим шунчаки лутф ва ё муболаға эмас, айни ҳақиқатдир.
«Матмусанинг Америка очиши» латифаси, бир қарашда, контекст билан у қадар мустаҳкам боғлиқ эмасдек кўриниши мумкин. Бироқ бу алдамчи тасаввур. Диққат қилинса, латифадаги воқеа «социализм» ғояси, шу ғояга кўр-кўрона ишонган ҳовлиқмаларнинг саъй-ҳаракати туфайли боши берк кўчага кириб қолган мамлакат тарихи билан аналогия ҳосил қилишини сезиб олиш қийин эмас. Матмуса «газета ўқиб... ўй ўйлаб ётиб» топиб олган хаёли – «Америка очмоққа янги йўл яратиш» ғоясини донишқишлоқ аҳлига сингдирмоқ мақсадида эрталаб элни йиғиб, «Сизга айтай Ўйлаган бир хаёлим» дея бошланувчи нутқини ирод этади. Кўриб турганимиздек, ривояда ҳам, Матмусанинг нутқида ҳам урғуланаётган жиҳат – ғоянинг «ўй ўйлаб ётиб», йўқ ердан олингани, яъни хаёл экани. Фикримизча, ушбу деталлар ровий латифани социализм ғояси утопиядан – хаёлотдан ўсиб чиққанини биладиган, яъни истаса-истамаса марксизм-ленинизмни ҳижжалаб ўрганган давр зиёлисига мўлжаллаб айтаётганини кўрсатади. Зеро, ишончи комилки, бу ўқувчи «Киришсак Хитойни ҳам, Колумбни ҳам йиқамиз» мисраларида ўз ғояларининг дунёда энг илғор эканига кўр-кўрона ишониб қолганликдан «нима бизга Америка?!» дея хомтама бўлинган, ҳали ўзлари ҳам дуруст англаб етмаган ғояни байроқ қилиб олганларга дажжолга мисоли эргашилган даврга киноя эканини фаҳмлай билади.
Матмусанинг ғояси ғоят содда ва тушунарли: қишлоқ этагидан лаҳм ковланади ва «Нақ Оқ уйнинг тагидан» тешиб чиқилади-да, «Президентини шартта Қопга солиб қайтилади» – вассалом. Табиийки, бу деталларни ҳам ўқувчи юқоридаги талқиннинг давоми ўлароқ тушунади, шу боис киноя объектини тезгина аниқлайди. Зеро, яқин тарихни – шўро даври тарихини ёдлатгудек ўқитилган одамга октябрь тўнтариши арафасида большевиклар томонидан ўртага ташланганида уруш ва у келтирган офатлар жонидан тўйдирган оммани жунбишга солган «Халқларга – тинчлик!», «Завод ва фабрикалар – ишчиларга!», «Ер – деҳқонларга!» каби содда ва тушунарли шиорларни эслаш ва Матмусанинг шиорлари билан боғлаш қийин ҳам эмас. Матмусанинг нутқини якунловчи мана бу кўтаринки мисралар эса «жаҳон инқилоби» ғояси руҳини хасталантириб, «вос-вос» касалига йўлиқтирган мутаассиб инқилобчиларни ёдга солади:
Жаҳоншумул инқилоб
Бундан осон ҳал бўлмас.
Ер юзида шундан сўнг
Бойу камбағал бўлмас.
Матмуса сўзлаган нутқнинг қизғин қарсагу олқишлар билан кутиб олиниши мутолаа жараёнида тарихий контекст билан жонли мулоқотдаги ўқувчига кўплаб шўро фильмларида кўргани – «инқилоб доҳийлари»нинг митинглардаги чиқишларини эслатиши шубҳасиз. Шунингдек, Матмусанинг режасига шубҳа билан қараган айрим «мужмал»лар ҳам топилгани, лекин кўпчиликнинг «Матмусани ёқлаб... ваҳима қилганларни боплаб кетган»и ҳам тарихни – қуролли қўзғолон кўтариш ё кўтармаслик масаласидаги баҳсларни ёдга солади. Эътибор берилса, юқорида кўриб ўтилган латифалардан фарқли ўлароқ, «Матмусанинг Америка очиши» латифасидаги матндан ташқарига йўналтирувчи ишораларни илғаб олиш учун ўқувчининг энди тарихий контекстдан ҳам хабардор бўлиши тақозо этилади. Шу билан бирга, тарихий контекстга латифа ёзилган давр – ўтган асрнинг 80-йиллари адоғидаги устувор ижтимоий кайфиятдан келиб чиқиб баҳо берилганини ҳам ёдда тутмоқ лозим. Яъни ёш бўғин ўқувчисидан ҳам ўша кайфиятни ҳис қилиш, ҳам тарихий контекстни билиш талаб этиладики, латифани қабул қилиш унга катта авлод вакилларидан кўра анча қийин деганидир.
«Матмусанинг Америка очиши» латифасида шаклан «ўтмиш-ҳозир» қолипидаги ривоя «сабаб-оқибат» муносабатини ифодалайди. Матмусанинг хаёлида туғилган ғояга эргашган Донишқишлоқ аҳли «бошқа ишни ташлади» ва у «айтган жойдан хандақ ковлай бошлади». Бироқ бир жойдан сув чиқиб қолди, иккинчи жойдан бошқа бир монеъ, хуллас, қишлоқ аҳли то ҳануз (яъни латифа ёзилган вақтда ҳам) янги-янги жойдан жонини жабборга бериб хандақ қазийди – тешиб чиқишдан дарак йўғ-у, аянчли оқибат бор: «ярим қишлоқ тупроққа кўмилган», «қолган ярми қурбақазор ботқоққа айланган». Аслида, бу деталлар 80-йиллар охирларида собиқ Иттифоқда юзага келган иқтисодий танглик, хўжасизлик, бошбошдоқлик ҳолатларига ишорадан бошқа нарса эмас. Зотан, қишлоқ каттаси Матмусанинг эл ичида «Мирқуруқ» лақабини олгани ҳам кечагина ўзининг жон душмани деб билгани Ғарбдан инсонпарварлик ёрдами ола бошлаган собиқ Иттифоқнинг ўша вақтдаги тождор раҳбарига киноядир. Лекин шунчаликда-да Матмуса «бу йўл ҳақ йўлидир» деган фикрда собит, «Сув келса симирамиз, Тош келса кемирамиз» дея ҳамон ҳамқишлоқларини яна ўша йўлдан бошламоқчи бўлади. Ҳолбуки, йўл бошида деб билинаётган мақсаднинг ўзи пуч ва мантиқсиз: «Очамиз Америка, Сўнг уни емирамиз». Кўряпмизки, латифа ҳали социализм ғоясига ишонч буткул йўқолмаган давр маҳсули бўлиб, жамият илғорида экани боис ғоянинг пучлигига аввалроқ амин бўлиб улгурган ровийнинг ишончда ҳамон собит Донишқишлоқ аҳлига киноясини акс эттирган.
«Матмусанинг ҳайкали» латифасидаги киноя ўз вақтида кўпчиликнинг кўнглида жамиятнинг тозариши, ўнгланишига умид уйғотган «қайта қуриш» даврига қаратилганки, матнда бевосита «қайта қуриш» калимаси қўллангани бунга шубҳа қолдирмайди ҳам. Бироқ, назаримизда, латифа ифодалаётган мазмун кўлами бундан анча кенг. Зеро, бошқа латифалардагидан фарқли ўлароқ, бундаги киноя шўро даври тарихидаги бирон-бир босқич ё аниқ бир ҳодисага эмас, балки тузумнинг зотий бир хусусиятига қаратилган бўлиб, муаллифига хос фалсафий мушоҳада кенглиги ва бадиий умумлаштириш қувватидан хабар бериб туради. Ровий ҳайкалга бераётган таъриф шундайки, гўё ҳаммаси аъло даражада, фақат «арзимаган бир камчилиги» бор. Бироқ айни шу «арзимаган камчилик»-ни тугатиш, қайта қуриш йўлидаги ҳаракат бошқа бир камчиликни юзага чиқараверади. Яъни ровий энди «қайта қуриш» (ҳақиқатда эса шунчаки реставрация қилиш) ғоясини олдинга сурганларга қўшила олмайди, жамиятни тубдан ислоҳ қилиш керак деб билади.
Донишқишлоқ туркумига кирувчи «Тандир кийган Матмуса», «Матмуса ва ўғрилар», «Матмусанинг боғи» каби латифалар ҳам бевосита шўро даври ижтимоий-сиёсий шароитига ишора қиладики, бунга амин бўлмоқ учун уларни юқоридаги йўсинда бир қур кўздан кечириш кифоя. Шунда, масалан, тандир кийган Матмусанинг ҳангомасини айтиб бериб ўқувчисини обдан кулдирган ровийнинг пировардида «Матмусадек ўзимиз Тандир кийган бўлмайлик!» дея огоҳлантириши ўз вақтида кўпчиликни ажиб сергак торттирганига, «Донишқишлоқ латифалари»даги кулги «қизил империя»ни емиришга қаратилганию бу ишда унинг сезиларли ҳиссаси борлигига амин бўлиниши шубҳасиз.
2016 йил
Dilmurod Quronov