Lirikaning nazariy masalalarini atroflicha oʻrgangan L.Ginzburg bundan qariyb yarim asrlar muqaddam «lirik qahramon» termini oʻzining terminlik xususiyatini yoʻqotganini taʼkidlagan edi. Olimaning fikricha, buning sababi terminning suiisteʼmol qilingani, lirik asarda avtor ongini ifodalashning turli shakllari «lirik qahramon» termini bilan atalaverilgani bilan bogʻliqdir. Keyinroq adabiyotshunos B.Korman olimaning mazkur fikrlarini quvvatlab, lirik qahramon termini «ommaviy adabiyotshunoslik» mulkiga aylanib qolganini aytadi. Yaʼni bu oʻrinda B.Korman lirik qahramon oʻzining ilmiy kategoriya sifatidagi xususiyatini, faqat aniq bir tushunchani ifodalash xususiyatini yoʻqotganini nazarda tutadi.
Aslida lirik «qahramon termini» ilmiy muomalaga oʻtgan asrning 20-yillarida adabiyotshunos Yu.Tinyanov tomonidan rus shoiri A.Blok ijodiga tatbiqan kiritilgan boʻlib, bunda shoirning lirik ijodi (yoki sheʼriy turkumi) bagʻridan oʻsib chiquvchi obraz, tasavvur qilinadigan shaxs nazarda tutiladi. Yaʼni bu maʼnoda «lirik qahramon» tushunchasi maʼlum darajada shartli boʻlib, uni alohida olingan sheʼrga nisbatan emas, balki shoirning butun ijodi, ijodining biron-bir davri yoki yaratgan biron-bir turkumiga nisbatan qoʻllash mumkin boʻladi. Masalan, A.Oripovning 1964 – 1967 yillarda yozilgan «Yuzma-yuz», «Oʻylarim», «Bahor», «Bahor kunlarida kuzning havosi», «Chol va kommunizm qissasi» kabi sheʼrlarini olib qaraylik. Ularni oʻqiganda, bolalik va oʻsmirlik yillari shakllangan qarashlari katta hayot bilan toʻqnash kelganida parokandaga uchragan, endi oʻsha qarashlarini ayovsiz taftish qilib, oʻzini qurshagan ijtimoiy hayotning mohiyatini anglashga, oʻzining hayotdagi mavqeini belgilab olishga intilayotgan iztirobli maʼnaviy-ruhiy izlanishlar bagʻridagi kishini tasavvur etamiz. Yoki E.Vohidovning «Donishqishloq latifalari» turkumiga kirgan sheʼrlari ortida hayotdagi teskariliklarni mushohada qilib, ularning ustidan koʻz yoshi aralash kulayotgan donishmand bir shaxs namoyon boʻladi. Yaʼni ikkala holda ham sheʼrlar ortida turgan kechinma egasi bir qadar butunlik (mavzu-muammolar doirasi, oʻy-qarashlar birligi, barqaror ruhiy-psixologik belgilar, biografik chizgilar) kasb etadiki, oʻquvchi alohida bir shaxs (qalb)ni muayyan darajada yaxlit holda tasavvur eta oladi.
Fikrimizcha, qoʻyilgan masalaga yondashishda eng avval terminning maʼno tomoniga eʼtibor berish toʻgʻri boʻlur edi. Ravshanki, «qahramon» deyilishi muayyan darajada obyektivlashuvni taqozo etadiki, bunda oʻsha qahramonni real mavjud narsa misoli «koʻrish» imkoni boʻlishi kerak. Holbuki, subyektning noplastik obrazini yaratishi lirikaning adabiy tur sifatidagi belgilovchi xususiyatlaridan biri deya eʼtirof etiladi. Koʻrib turganimizdek, «lirik qahramon» atamasining maʼno tomoni bilan lirikaning tabiati oʻrtasida mantiqiy ziddiyat yuzaga kelmoqda. Zero, lirik qahramon epos yoki dramadagi xarakter singari obyektga aylanmaydi, u voqelikka nisbatan ham, oʻziga nisbatan ham hamisha subyektligicha qoladi.
Yuqoridagilardan ayon boʻladiki, aslida, alohida olingan sheʼr doirasida lirik qahramon haqida gapirish toʻgʻri boʻlmaydi. Shunga qaramay, oʻzbek adabiyotshunosligida bu odatiy holga aylangan: istalgan bitta sheʼr haqida fikr yurita turib «sheʼrning lirik qahramoni» birikmasini qoʻllash bizda allaqachon meyorga aylangan. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, oʻzbek adabiyotshunosligida ham, L. Ginzburg rus adabiyotshunosligini nazarda tutib aytgani kabi, «lirik qahramon» birikmasi oʻzining terminlik xususiyatini yoʻqotgandir. Shuning uchun ham hozirda lirik asardagi har qanday kechinma egasi – lirik subyekt «lirik qahramon» deb ataladi. Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: termindagi maʼno siljishining sababi nimada? Albatta, bunda adabiyotshunoslikka oid tadqiqotlar, ayniqsa, adabiy tanqidiy chiqishlarda terminologik aniqlik doim ham yetishmasligining hissasi yoʻq deb boʻlmaydi. Ikkinchi tomondan, B.Korman aytmoqchi, «ommaviy adabiyotshunoslik» – keng oʻquvchilar ommasiga qaratilgan adabiy tanqidiy chiqishlarda oʻquvchi uchun qulay va tushunarli boʻlgan «lirik qahramon» terminidan foydalanish maqbulroq koʻrilganini ham tushunish mumkin. Lekin, bizningcha, termindagi maʼno siljishining sababi shuning oʻzi bilangina izohlansa toʻgʻri boʻlmaydi. Zero, haqiqatda bu siljish adabiy-nazariy tafakkurdagi yangilanishlar bilan muqobil ravishda yuz bergan.
Maʼlumki, badiiy xarakter, xarakter va konflikt muammolari oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab sobiq Ittifoq adabiyotshunosligida markaziy oʻrinni egallagan edi. Albatta, xarakter va konflikt muammosi har qanday adabiy asarga ham taalluqli. Biroq shunisi borki, mazkur kategoriyalarning ahamiyatini barcha adabiy turlar uchun birdek deb boʻlmaydi. Masalan, xarakter badiiy proza uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etsa, dramatik asar uchun konflikt shunday ahamiyatga ega. Yaʼni bu oʻrinda tahlil qilinayotgan asar tabiati bilan bogʻliq holda ulardan biri (albatta, boshqalarini inkor qilmagan holda) ustuvor mavqega egaligini eʼtiborda tutish lozim. Shundaylikka shundayku-ya, lekin muayyan davr ilmiy tadqiqotlarida biron-bir «moda»ning hukm surishi mumkinligi ham sir emas. Aytmoqchimizki, yarim asrlar ilgari badiiy xarakter, xarakter va konflikt masalalarini oʻrganish keng urf boʻlgan, jumladan, ular lirikaga tatbiqan ham keng qoʻyilgan edi.
Ayni shu urf taʼsirida boʻlsa kerak, ikki jildlik «Adabiyot nazariyasi» mualliflari lirikani adabiy tur sifatida tavsiflashga bagʻishlangan boʻlimga «Lirikada xarakter, konflikt va qahramon» nomli faslni kiritganlar. Jumladan, unda quyidagilarni oʻqiymiz: «Lirik xarakter oʻziga xos lirik konflikt koʻzgusida namoyon boʻlarkan, albatta, muallaq tarzda gavdalanmaydi, uning ortida, toʻgʻrirogʻi, uning zamirida muayyan shaxs nafas oladi, yashaydi, harakat qiladi. Gap lirikada qahramon masalasiga borib taqalayotir».1 Koʻrib turganimizdek, bunda lirik asar tabiati epik yoxud dramatik asarlarga monand talqin qilinmoqda. Xususan, muayyan konfliktlarda namoyon boʻlayotgan xarakter va shu xarakter egasi boʻlgan qahramonning alohida kategoriyalar sifatida koʻrsatilayotgani shunday deyishga asos beradi. Holbuki, lirikada xarakter yaratilmaydi, bunda xarakterga xos ayrim qirralarning oniy lahzalar imkon bergan darajada namoyon etilishi haqida gapirish mumkin, xolos. Zero, lirika shaxsning oniy lahzalardagi kechinmalarini ifodalash bilan cheklanadi. Ikkinchi muhim nuqta shuki, lirikada konflikt aksariyat hollarda asardan tashqarida qoladi, konflikt faqat his qilinadi, anglanadi. Modomiki shunday ekan, lirikaning tabiatini yoritish uchun mazkur kategoriyalarni markazga chiqarish, bizningcha, maqbul emas.
«Adabiyot nazariyasi»da lirik qahramon tavsifi quyidagicha davom ettiriladi: «Lirik qahramon masalasi lirik sheʼriyatda hayotni tasvir etish spetsifikasi masalasidir. Lirik qahramon xarakteri oʻziga xos markaz boʻlib, obyektiv voqelik lavhalari, kishilarning oʻziga xos obrazlari ana shu markaz atrofiga uyushadi. Hamma gap uning originalligi, individualligi, jonlilik va joʻshqinlik darajasidadir. Oʻquvchi har bir yangi sheʼrni qoʻlga olar ekan, unda qanday yangi mazmun tajassum topgani va qanday yangi gʻoya olgʻa surilganini bilishga intilish bilan cheklanib qolmaydi, balki ana shu mazmun va gʻoya qanday hayotiy xarakter prizmasidan oʻtib kelganligi bilan ham qiziqadi».2 Avvalo, bu koʻchirmada ham lirikaga yondashishda oʻzga adabiy turlar mezonlari asos qilib olinayotganini qayd etish lozim. Zero, birinchidan, «hayotni tasvir etish» lirikaning spetsifikasi emas; ikkinchidan, xarakterning originalligi, individualligi haqida epik yo dramatik asarlarga tatbiqan gapirish mumkin: «oʻquvchi qoʻlga olgan har bir yangi sheʼrda» – lirik asarda toʻlaqonli xarakter namoyon boʻlmaydi. Xoʻsh, unda bu oʻrinda gap nima haqida borayotir? Eʼtibor berilsa, koʻchirmadagi «lirik qahramon xarakteri» birikmasi lirik subyekt, yaʼni sheʼrdagi lirik kechinma egasi maʼnosida qoʻllanayotganini koʻrish qiyin emas. Chunki lirik asar markazida lirik subyekt turadi. Lirik subyekt haqiqatan ham oʻziga xos markaz, faqat u «obyektiv voqelik lavhalari»ni uyushtiradi deyilishiga qoʻshilish qiyin (biz bu oʻrinda «lavha» soʻzi «epizod» maʼnosida tushunilishi mumkinligidan kelib chiqmoqdamiz). Lirik asarda obyektiv voqelik lavhalari emas, balki uning lirik subyekt kechinmalariga turtki bergan yoxud ularni ifodalash uchun zarur parchalarigina ishtirok etadi.
Yuqoridagilardan ayon boʻlyaptiki, lirik qahramon terminidagi maʼno siljishi va uning terminlik xususiyatini yoʻqotishi keng ommaga moʻljallangan adabiy tanqidiy chiqishlar taʼsiridagina yuz bergan emas. Bunda adabiyot nazariyasi sohasida amalga oshirilgan ishlarda davr ilmiy izlanishlaridagi «moda»ga berilish hamda tadqiqotlarda terminologik aniqlik talabiga qatʼiy amal qilmaslikning ham kattagina hissasi bor.
2012 yil
Izohlar
Лириканинг назарий масалаларини атрофлича ўрганган Л.Гинзбург бундан қарийб ярим асрлар муқаддам «лирик қаҳрамон» термини ўзининг терминлик хусусиятини йўқотганини таъкидлаган эди. Олиманинг фикрича, бунинг сабаби терминнинг суиистеъмол қилингани, лирик асарда автор онгини ифодалашнинг турли шакллари «лирик қаҳрамон» термини билан аталаверилгани билан боғлиқдир. Кейинроқ адабиётшунос Б.Корман олиманинг мазкур фикрларини қувватлаб, лирик қаҳрамон термини «оммавий адабиётшунослик» мулкига айланиб қолганини айтади. Яъни бу ўринда Б.Корман лирик қаҳрамон ўзининг илмий категория сифатидаги хусусиятини, фақат аниқ бир тушунчани ифодалаш хусусиятини йўқотганини назарда тутади.
Аслида лирик «қаҳрамон термини» илмий муомалага ўтган асрнинг 20-йилларида адабиётшунос Ю.Тинянов томонидан рус шоири А.Блок ижодига татбиқан киритилган бўлиб, бунда шоирнинг лирик ижоди (ёки шеърий туркуми) бағридан ўсиб чиқувчи образ, тасаввур қилинадиган шахс назарда тутилади. Яъни бу маънода «лирик қаҳрамон» тушунчаси маълум даражада шартли бўлиб, уни алоҳида олинган шеърга нисбатан эмас, балки шоирнинг бутун ижоди, ижодининг бирон-бир даври ёки яратган бирон-бир туркумига нисбатан қўллаш мумкин бўлади. Масалан, А.Ориповнинг 1964 – 1967 йилларда ёзилган «Юзма-юз», «Ўйларим», «Баҳор», «Баҳор кунларида кузнинг ҳавоси», «Чол ва коммунизм қиссаси» каби шеърларини олиб қарайлик. Уларни ўқиганда, болалик ва ўсмирлик йиллари шаклланган қарашлари катта ҳаёт билан тўқнаш келганида парокандага учраган, энди ўша қарашларини аёвсиз тафтиш қилиб, ўзини қуршаган ижтимоий ҳаётнинг моҳиятини англашга, ўзининг ҳаётдаги мавқеини белгилаб олишга интилаётган изтиробли маънавий-руҳий изланишлар бағридаги кишини тасаввур этамиз. Ёки Э.Воҳидовнинг «Донишқишлоқ латифалари» туркумига кирган шеърлари ортида ҳаётдаги тескариликларни мушоҳада қилиб, уларнинг устидан кўз ёши аралаш кулаётган донишманд бир шахс намоён бўлади. Яъни иккала ҳолда ҳам шеърлар ортида турган кечинма эгаси бир қадар бутунлик (мавзу-муаммолар доираси, ўй-қарашлар бирлиги, барқарор руҳий-психологик белгилар, биографик чизгилар) касб этадики, ўқувчи алоҳида бир шахс (қалб)ни муайян даражада яхлит ҳолда тасаввур эта олади.
Фикримизча, қўйилган масалага ёндашишда энг аввал терминнинг маъно томонига эътибор бериш тўғри бўлур эди. Равшанки, «қаҳрамон» дейилиши муайян даражада объективлашувни тақозо этадики, бунда ўша қаҳрамонни реал мавжуд нарса мисоли «кўриш» имкони бўлиши керак. Ҳолбуки, субъектнинг нопластик образини яратиши лириканинг адабий тур сифатидаги белгиловчи хусусиятларидан бири дея эътироф этилади. Кўриб турганимиздек, «лирик қаҳрамон» атамасининг маъно томони билан лириканинг табиати ўртасида мантиқий зиддият юзага келмоқда. Зеро, лирик қаҳрамон эпос ёки драмадаги характер сингари объектга айланмайди, у воқеликка нисбатан ҳам, ўзига нисбатан ҳам ҳамиша субъектлигича қолади.
Юқоридагилардан аён бўладики, аслида, алоҳида олинган шеър доирасида лирик қаҳрамон ҳақида гапириш тўғри бўлмайди. Шунга қарамай, ўзбек адабиётшунослигида бу одатий ҳолга айланган: исталган битта шеър ҳақида фикр юрита туриб «шеърнинг лирик қаҳрамони» бирикмасини қўллаш бизда аллақачон меъёрга айланган. Бундан шундай хулоса қилиш мумкинки, ўзбек адабиётшунослигида ҳам, Л. Гинзбург рус адабиётшунослигини назарда тутиб айтгани каби, «лирик қаҳрамон» бирикмаси ўзининг терминлик хусусиятини йўқотгандир. Шунинг учун ҳам ҳозирда лирик асардаги ҳар қандай кечинма эгаси – лирик субъект «лирик қаҳрамон» деб аталади. Ўз-ўзидан савол туғилади: терминдаги маъно силжишининг сабаби нимада? Албатта, бунда адабиётшуносликка оид тадқиқотлар, айниқса, адабий танқидий чиқишларда терминологик аниқлик доим ҳам етишмаслигининг ҳиссаси йўқ деб бўлмайди. Иккинчи томондан, Б.Корман айтмоқчи, «оммавий адабиётшунослик» – кенг ўқувчилар оммасига қаратилган адабий танқидий чиқишларда ўқувчи учун қулай ва тушунарли бўлган «лирик қаҳрамон» терминидан фойдаланиш мақбулроқ кўрилганини ҳам тушуниш мумкин. Лекин, бизнингча, терминдаги маъно силжишининг сабаби шунинг ўзи билангина изоҳланса тўғри бўлмайди. Зеро, ҳақиқатда бу силжиш адабий-назарий тафаккурдаги янгиланишлар билан муқобил равишда юз берган.
Маълумки, бадиий характер, характер ва конфликт муаммолари ўтган асрнинг 60-йилларидан бошлаб собиқ Иттифоқ адабиётшунослигида марказий ўринни эгаллаган эди. Албатта, характер ва конфликт муаммоси ҳар қандай адабий асарга ҳам тааллуқли. Бироқ шуниси борки, мазкур категорияларнинг аҳамиятини барча адабий турлар учун бирдек деб бўлмайди. Масалан, характер бадиий проза учун ҳал қилувчи аҳамият касб этса, драматик асар учун конфликт шундай аҳамиятга эга. Яъни бу ўринда таҳлил қилинаётган асар табиати билан боғлиқ ҳолда улардан бири (албатта, бошқаларини инкор қилмаган ҳолда) устувор мавқега эгалигини эътиборда тутиш лозим. Шундайликка шундайку-я, лекин муайян давр илмий тадқиқотларида бирон-бир «мода»нинг ҳукм суриши мумкинлиги ҳам сир эмас. Айтмоқчимизки, ярим асрлар илгари бадиий характер, характер ва конфликт масалаларини ўрганиш кенг урф бўлган, жумладан, улар лирикага татбиқан ҳам кенг қўйилган эди.
Айни шу урф таъсирида бўлса керак, икки жилдлик «Адабиёт назарияси» муаллифлари лирикани адабий тур сифатида тавсифлашга бағишланган бўлимга «Лирикада характер, конфликт ва қаҳрамон» номли фаслни киритганлар. Жумладан, унда қуйидагиларни ўқиймиз: «Лирик характер ўзига хос лирик конфликт кўзгусида намоён бўларкан, албатта, муаллақ тарзда гавдаланмайди, унинг ортида, тўғрироғи, унинг замирида муайян шахс нафас олади, яшайди, ҳаракат қилади. Гап лирикада қаҳрамон масаласига бориб тақалаётир».1 Кўриб турганимиздек, бунда лирик асар табиати эпик ёхуд драматик асарларга монанд талқин қилинмоқда. Хусусан, муайян конфликтларда намоён бўлаётган характер ва шу характер эгаси бўлган қаҳрамоннинг алоҳида категориялар сифатида кўрсатилаётгани шундай дейишга асос беради. Ҳолбуки, лирикада характер яратилмайди, бунда характерга хос айрим қирраларнинг оний лаҳзалар имкон берган даражада намоён этилиши ҳақида гапириш мумкин, холос. Зеро, лирика шахснинг оний лаҳзалардаги кечинмаларини ифодалаш билан чекланади. Иккинчи муҳим нуқта шуки, лирикада конфликт аксарият ҳолларда асардан ташқарида қолади, конфликт фақат ҳис қилинади, англанади. Модомики шундай экан, лириканинг табиатини ёритиш учун мазкур категорияларни марказга чиқариш, бизнингча, мақбул эмас.
«Адабиёт назарияси»да лирик қаҳрамон тавсифи қуйидагича давом эттирилади: «Лирик қаҳрамон масаласи лирик шеъриятда ҳаётни тасвир этиш спецификаси масаласидир. Лирик қаҳрамон характери ўзига хос марказ бўлиб, объектив воқелик лавҳалари, кишиларнинг ўзига хос образлари ана шу марказ атрофига уюшади. Ҳамма гап унинг оригиналлиги, индивидуаллиги, жонлилик ва жўшқинлик даражасидадир. Ўқувчи ҳар бир янги шеърни қўлга олар экан, унда қандай янги мазмун тажассум топгани ва қандай янги ғоя олға сурилганини билишга интилиш билан чекланиб қолмайди, балки ана шу мазмун ва ғоя қандай ҳаётий характер призмасидан ўтиб келганлиги билан ҳам қизиқади».2 Аввало, бу кўчирмада ҳам лирикага ёндашишда ўзга адабий турлар мезонлари асос қилиб олинаётганини қайд этиш лозим. Зеро, биринчидан, «ҳаётни тасвир этиш» лириканинг спецификаси эмас; иккинчидан, характернинг оригиналлиги, индивидуаллиги ҳақида эпик ё драматик асарларга татбиқан гапириш мумкин: «ўқувчи қўлга олган ҳар бир янги шеърда» – лирик асарда тўлақонли характер намоён бўлмайди. Хўш, унда бу ўринда гап нима ҳақида бораётир? Эътибор берилса, кўчирмадаги «лирик қаҳрамон характери» бирикмаси лирик субъект, яъни шеърдаги лирик кечинма эгаси маъносида қўлланаётганини кўриш қийин эмас. Чунки лирик асар марказида лирик субъект туради. Лирик субъект ҳақиқатан ҳам ўзига хос марказ, фақат у «объектив воқелик лавҳалари»ни уюштиради дейилишига қўшилиш қийин (биз бу ўринда «лавҳа» сўзи «эпизод» маъносида тушунилиши мумкинлигидан келиб чиқмоқдамиз). Лирик асарда объектив воқелик лавҳалари эмас, балки унинг лирик субъект кечинмаларига туртки берган ёхуд уларни ифодалаш учун зарур парчаларигина иштирок этади.
Юқоридагилардан аён бўляптики, лирик қаҳрамон терминидаги маъно силжиши ва унинг терминлик хусусиятини йўқотиши кенг оммага мўлжалланган адабий танқидий чиқишлар таъсиридагина юз берган эмас. Бунда адабиёт назарияси соҳасида амалга оширилган ишларда давр илмий изланишларидаги «мода»га берилиш ҳамда тадқиқотларда терминологик аниқлик талабига қатъий амал қилмасликнинг ҳам каттагина ҳиссаси бор.
2012 йил
Изоҳлар
Dilmurod Quronov