← Sa'dullo Quronov
|

Maktub. Nargiza Odinayevaning «Toʻrt tomon» toʻplami haqida

Saʼdullo Quronov

Taqriz · Yoshlik jurnali

Hurmatli Nargiza Odinayeva, yaqinda sizning “Toʻrt tomon” nomli sheʼriy toʻplamingizni oʻqib chiqdim. Kitobdagi aksar sheʼrlar menga judayam yoqdi. Toʻgʻrisi, sheʼrlaringiz yaqin orada oʻzim uchun qilingan eng katta ijodiy kashfiyot boʻldi, desam xato emas.

Sizning ijodingiz bilan 2013 yil “Sharq yulduzi” jurnalining 1 sonini nashrga tayyorlash jarayonlarida tanishgan edim. Esimda, oʻshanda tahririyatga sheʼrlaringizni shaxsan Usmon Azimning oʻzi olib kelgan va ijodingiz haqida koʻp ilq fikrlar bildirgan edi. Mana, endi qoʻlimda “Toʻrt tomon” nomli toʻmlam turarkan, mashhur shoirimizning oʻsha kezlardagi hayajoni bejizga boʻlmaganini yana bir bor his qilib turibman. Albatta, sheʼrlaringiz benazir demoqchi emasman. Aniqrogʻi, bugun yosh avlod shoirlaridagi kamchiliklar sizning ham ijodingizga yot emaskan. Ammo, keling, oldiniga sheʼrlaringizning menga maʼqul kelgan jihatlari haqida soʻzlashamiz.

Nargiza, menga koʻproq sheʼrlaringizning badiiy jozibasi manzur boʻldi. Aslida, sanʼat asarlaridan, xususan, sheʼrdan ham birinchi galda talab etiladigan narsa badiyatdir. Menimcha, siz yaratgan goʻzal tashbehlar, oʻziga xos obrazlar sheʼriyatga qoʻyiladigan oʻsha birinchi talabni oqlaydi. Masalan, quyidagi sheʼriy parchada:

Tun oyoq qoqmaydi.

Oʻzidan choʻchib,

Uygʻongan osmonga tikiladi soy.

Koʻzimda chayqalgan daryoni kechib,

Oltin beshigini axtaradi oy.

Shoir uchun tabiat manzarasini soʻz bilan chizib koʻrsatish ancha murakkab vazifa. Zero, bunda shoir his tuygʻuning ifodasini bevosita soʻz bilan emas, balki manzaraning yorqin tasviri vositasida berishga “majbur”. Bunday sheʼrni oʻqiyotgan sheʼrxon ham asarda chizilayotan manzarani koʻz oʻngida gavdalantirishi, oʻzi koʻrayotgan tasvirdan taʼsirlanishi kerak boʻladi. Oʻzbek sheʼriyatida Oybek, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron va Faxriyor kabi qator musavvir-shoirlar borki, ularning manzara tasviriga bagʻishlangan sheʼlarini oʻqiganda rangtasvir asari namunalarini koʻrganday zavq oladi kishi. Sizning sheʼriy toʻplamingizga kiritilgan qator sheʼrlarda ham ana shunday zavqni tuyish mumkin. “Yoʻllar qichqiradi shom quchogʻida” misralari bilan boshlanuvchi sheʼrdan olingan yuqoridagi parchada ham shom pallasining yonqin koʻrinishlari tasvirlangan. Sheʼrdagi “Koʻzimda chayqalgan daryoni kechib, Oltin beshigini axtaradi oy” misralari lirik qahramon his-tuygʻularini tabiat manzarasining koʻrinishlari bilan qorishtirib yuboradi. Bu esa oʻquvchiga manzarani kuzata turib shoir hislarini tuyish imkonini beradi. Yana bir sheʼriy parchani olib qaraylik:

Toʻlqinlanib oʻynaydi shamollar – bebosh,

Nafasi entikib qoʻyar darchaning.

Boshini kuydirib oʻtadi quyosh

Islari eskirib ketgan archaning.

Tush koʻrgan togʻlarning koʻylagi gʻijim,

Zamin chayqaladi – qoʻlning soyasi.

Yoʻllar etagidan uzoqlashar jim

Odamga oʻxshagan daraxt soyasi...

“Toʻlqinlanib oʻynaydi shamollar – bebosh” misrasi bilan boshlanuvchi sheʼrda manzara tasvirining ramzlarga aylanib ketganini koʻrishimiz mumkin. Yaʼni manzaraning har bir koʻrinishi muayyan ramzni ifodalab, oʻquvchini shoiraning badiiy gʻoyasiga yaqinlashtirib boradi. Bu oʻrinda oʻquvchini manzara tasviri emas, balki, koʻproq, ramzlar tili oʻziga rom etadi.

Ammo mazkur sheʼrda “biroz” mantiqsizlikka yoʻl qoʻygansiz. Yaʼni tasvirda tabiatdagi hodisalarning mutanosibligi buzilgan. Siz “Boshini kuydirib oʻtadi quyosh” misralaridan soʻng boshqa bir bandda “Baxt taʼmini bilar tong havosida” misralarini keltirgansiz. Koʻrinadiki, quyoshning archalar ustidan kuydirib oʻtishi tong mahalida sodir boʻlmoqda. Lekin tong quyoshi kuydira olmaydi, ayniqsa, archalar oʻsadigan togʻli hududlarda. Balki sheʼrda “kuydirib” soʻzi oʻrniga “isitib”, “ilitib” soʻzlarini qoʻllagan maʼqul. Asosiysi, eʼtiborli boʻlish kerak.

Sheʼrlaringizda judayam noyob tashbehlar, topilmalar koʻp. Ulardan baʼzilarini misol tariqasida keltirib oʻtishni joiz bildim: “Umrimning labiga toshdi uchuqlar”, “Ayvondagi musichaning koʻzlarida jimlik bor”, “Daraxtlar qorovul qishning yoʻlida”, “Dunyoning toʻnini keng biching”, “Suluvning sochida adashgan shamol”, “Yoʻllar qichqiradi shom quchogʻida”, “Bilaman, sukutda tilni soʻz tilar”, “Koʻzlaring bor edi osmon choʻmilgan”, “Shomda ufq aylanar qizil qirgʻoqqa”, “Eng katta xasratim sigʻmadi sheʼrga”.

Kitobingizni oʻqirkanman ijodingizdagi yana bir jihat diqqatimni tortdi – sheʼrlaringizda vatan, milliy urf-odat va qadriyatlarning goʻzal badiiy ifodasini uchratish mumkin ekan. Soʻzimning isboti sifatida “Vatan siyrati” nomli sheʼringizdan baʼzi bandlarni keltirib oʻtaman:

“Singlimning oʻsmasi oqmasin”,

Yuziga termulib turaman.

“Akamga koʻzim tik boqmasin”,

Yuragim egilib turaman.

Sheʼr ana shunday oʻziga xos misralar bilan boshlanadi. Albatta, Vatan judayam keng tushuncha. Sheʼr sarlavhasidan koʻrib turibdi – siz Vatanni sirtdan emas, siyratdan qarab kuzatgansiz, ona tuproqning siz uchun eng taʼsirli, eng goʻzal chizgilarini yodga olgansiz:

Eng goʻzal izlarni chizadi

Tuproqqa sudralgan etaklar.

Ruhida jannatlar kezadi,

Isitib qoʻyadi ertaklar.

Bobomning yuzida kun tigʻi

Qoldirgan yoʻllarni soʻng bildim.

Momomning zarang, tol urchugʻi

Aylangan izlarga qoqildim.

Sheʼrni oʻqirkan, kishi siyratga qarab shoʻmgʻib boradi. U oʻzi hali eʼtibor qaratmagan manzaralarda ham Vatan taftini tuyish mumkinligi his eta boshlaydi.

Onam sut pishirib har sahar,

Zuhroni eng avval koʻradi.

Otamning yelkasi bir shahar,

Biz qurgan orzular turadi.

Bizni dunyoga keltirgan, mashaqqat bilan voyaga yetkazgan ota-onalarimiz siyratiga bundanda yorqin chizgilarni tortish mushkul. Onalarimizning kundalik hayotidagi birgina lavha ularning ONALIK, otalarimizning bolalari kelajagi, iqboli uchun yelkasiga olgan ogʻir yuki ularning OTALIK siyratini butun nozik va murakkab jihatlari bilan ifodalaydi.

Otam, inim, koʻz, qoshim – Vatan,

Havom, yerim, quyoshim – Vatan!

Bir umrni soʻngsiz gullayman,

Oxirlarim va boshim Vatan!

Vatan haqida samimiy tuygʻular engan misralarni bitish har shoirning ham qoʻlidan kelavermaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Vatan haqida taʼsirli, yodda qolarli sheʼrlarni judayam kam uchratamiz. Bilaks, Vatan haqida yozganda judayam “joʻshib”, “hayajonlanib” balandparvoz soʻzlarni bot-bot takrorlovchi shoirlar koʻp. Bunday sheʼrlarni oʻqirkan, kishi Vatanga boʻlgan chin muhabbatni his qilolmaydi. Ammo sizning sheʼringizni oʻqib taʼsirlandim. U yuragimdagi hislarni uygʻota oldi. Goʻyo koʻz oʻngimda Vatanning goʻzal qiyofasi gavdalandi.

Bilasizmi, sheʼrlaringizni oʻqirkanman ularning ortida shoirni, shoirona dardni koʻrdim. “Qiziq, hamma sheʼrni ham shoir yozmaydimi?” deyishingiz ham mumkin. Shunda mening javobim “Yoʻq” boʻladi yoki mashhur “Sheʼr koʻp, shoirchi?” savolini yodingizga solaman. Menimcha, ikkinchi javobim bugungi adabiy jarayondagi eng jiddiy soʻroq boʻlsa kerak. Ayniqsa, tobora urchib, oʻziga xos imijni yaratib ulgurgan qoʻshiqchi shoirlarni koʻrganda shu soʻroq yodga keladi. Bugun chin shoirni izlab topishning oʻzi dushvor. Bir joyda biroz kinoya va hasrat bilan yozibsiz:

Tuhfasi shu boʻldi yoʻllarning –

Yigʻlayotgan sheʼr topib oldim.

Darhaqiqat, shoir boʻlish uchun hayotning bundan ortiq “tuhfa”si boʻlmas. Kinoyangizni tushungan boʻlsam, shoirlikni bir dard, bir azob ekanligiga ishora etmoqdasiz. Tagʻin bilmadim, shoir boʻlib koʻrmaganman. Ammo sheʼrlaringizni oʻqib shoirlikni tushunishga urinib koʻrganim rost:

Bitta koʻylagimni uch yil kiyaman,

Qilgan ibodatim ming yil bir ishqqa.

Bir tanish azobni ming yil suyaman,

Ammo yigʻilarim har kuni boshqa...

Bu parcha “Tanish azob” deb nomlangan sheʼrdan olindi. Nomlanishning oʻzidayoq bu sheʼr shoirona kechinmalarni ifodalab turadi. Axir, shoirdan boshqa kim oʻsha maʼlum va mashhur – TANISH AZOBni yillar davomida suyaveradi? Albatta, bu azobni suyish, u bilan birga yashash uchun kishi faqat shoir boʻlishi lozim. Boshqasining toqati yetmas...

Toʻplamdagi “Yigirma va oʻttizimning orasida” nomli sheʼringiz ham menga juda yoqdi. Bu sheʼrda yoshlikdan oʻrta yoshga qadam qoʻyayotgan lirik qahramon kechinmalari goʻzal tarzda ifodalangan. Men oʻzim ham yigirma va oʻttizning orasidaman. Balki shuning uchun sizni tushunishim, his qilishim oson kechgandir.

Yukim ortdi, etagimga yulduz terib,

Yupun jonning savdosiga xato keldim.

Ot oʻynatgan dunyosiga salom berib,

Qish toʻkildim, yoz toʻkildim, kuz toʻkildim...

Parchada yoshlik orzulari yulduzga oʻxshatilgan. Yaʼni orzulaga intilib vaqtni boy bergan qahramon holati birgina shu obraz vositasi ochib beriladi. Albatta, men sheʼrga ortiqcha pessimistik kayfiyat yuklash niyatida emasman. Lekin oʻttiz yoshni qoralab qolganlarning qaysisida ana shunday tugʻyonlar kechmagan deysiz. Yaqindagina orzular ogʻushida oʻtgan umri endi chinakam, jiddiy hayotni qarshi olmoqda. Ortga nazar tashlarkan, uyum-uyum xatolarnigina koʻradi, bir muddat ana shunday tushkun kayfat bilan yashaydi:

Tushlar, sizga kechagidak yigʻlolmayman,

Koʻzlarimga qarab bering, tinchlikmikan?

Soqov aytgan nolalarsiz yasholmayman,

Ichimdagi arazkashim tirikmikan?

Yaqinda ustoz shoir Anvar Obidjonga “Sheʼr qanday boʻlishi kerak?” degan savol bilan murojaat etdim. Ular sheʼrni sheʼr qiladiga bir qancha omillarni sanar ekan “Oʻquvchi sheʼrni oʻqiganda muayyan bilimni ham egallasin” deb qoldilar. Negadir, shu omil menga boshqalaridan koʻra koʻproq yoqdi, koʻproq ahamiyatli tuyildi. Albatta, men sheʼrda ayni shu jihat birlamchi boʻlishi kerak demoqchi emasman. Lekin shusiz sheʼrning saviyasi tushishini yaxshi bilaman.

Sheʼrlarini yuksak intellekt bilan bezay olgan shoirlardan biri Abdulla Oripov boʻladi. Uning sheʼrlarida teran falsafiy mushohadani, qaynoq ijtimoiylikni, tarix va bununning oʻziga xos talqini uchratishimiz mumkin. Keling, firimni davom ettirishdan oldin shoirning “Xatolar” nomli sheʼrini yodga olaylik:

Vaterlooda xato qildi Napoleon –

Jahongirning qaytdi shu kun omadi.

Mana oʻtsa hamki necha bir zamon,

U haqda gapirmagan odam qolmadi.

Bobom paygʻambarlar qasosi uchun

Goho osiylarning oldi boshini.

Uni qargʻadilar xatosi uchun,

Hamon otmoqdalar taʼna toshini.

...Xato qilgan boʻlsam kechirgin, bolam,

Yuz yil davomida choʻzaverma, bas.

Koʻrib turibsan-ku, men oddiy odam,

Napoleon emasman, Temur ham emas!

“Xatolar” sheʼrining qiymatini, unda yuksak bilimning mujassam ekani bilan belgilash mumkin. Abdulla Oripov xato qilgan odamning iztiroblarini berish uchun tarixga yuzlanadi, xatosi tufayli butun dunyoni larza solgan ikki buyuk sarkarda qismatini qalamga oladi. Amir Temur ham, Napoleon Bonapart ham dunyo tarixiga, insoniyat sivilizatsiyasiga jiddiy taʼsir oʻtkazgan shaxslar hisoblanadi. Beayb Parvardigor, albatta, bu sarkardalarning ham yurishlari bexato oʻtmagan. Shoir esa sheʼr ifodasi uchun tarixning ana shunday yoniq va nozik jihatlaridan foydalana olgan. Menimcha, yaxshi sheʼr ana shunday yozilishi kerak. Yaxshi shoir kezi kelganda tarixchi, ruhshunos, faylasuf, geograf, sanʼatshunos va boshqa koʻplab sohalarning chuqur bilimdoni boʻlishi shart. Shundagina, uning ijodi rangba rang, tabir joiz boʻlsa, yashovchan boʻladi.

Bilasizmi, kasb taqozosi bilan men sheʼriyatimizning yirik dargʻalari bilan judayam koʻp suhbatda boʻlganman. Ulardagi intellekt, ulardagi bilim va izlanuvchanlik yoshlarnikidan yer bilan osmonchalik farq qiladi. Soddagina qilib aytadigan boʻlsak, ular oʻqigan. Oʻqiganda ham juda koʻp va hoʻp oʻqishgan. Men yosh va isteʼdodli ijodkorlarni ham yaxshi bilganim va koʻplari bilan yaqindan doʻst tutinganim uchun bu borada hech shubhalanmay gapirmoqdaman. Shu maʼnoda, siz va siz qatori boshqa yoshlar ijodiga eʼtirozim koʻp. Afsuski, bugungi yosh qalamkashlarga sheʼr yozish uchun intellekt, bilim yetishmayapti. Qoʻpolroq aytganda, ular qalbdagi his bilan hisni, tuygʻu bilan tuygʻuni urushtirib, jimjimador sheʼrlarni yozishdan uyogʻiga oʻta olmayotganday koʻrinadi menga. Ijtimoy, tarixiy hamda chin falsafiy asarlarni deyarli uchratmaymiz. Albatta, buning bari bilimsizlikdan. Xafa boʻlmaysiz, lekin sizning sheʼrlaringizda ham ana shunday bilimsizlik koʻrinib qolgan. Yaʼni men sheʼrlaringizda biror bir yangilikni uchratmadim. Albatta, oʻziga xos yoʻnalishni izlayotganingiz, goʻzal tashbehlaringiz qaysidir maʼnoda yangilik boʻlishi mumkin. Lekin bu umumsheʼriyatimizda yangilik emas. Aytmoqchimanki, sheʼrlaringiz yaqin oʻtimishizdagi shoirlar dil izhorining boshqacharoq koʻrinishi, xolos. Afsuski, bunday sheʼrlar uzoq yashamasligi mumkin.

Shoir yangilikka intilmoqgʻi zarur. Ayniqsa, uning sheʼrlari zamondoshlar kayfiyati uchun oyna boʻlishi kerak. Nargiza, men sheʼrlaringizda bugungi kun kishilarining kayfiyatini koʻrmadim. Bugungi global dunyoda shoshib, ming xil tashvish, ming xil orzu-umidlar bilan yashayotgan zamondoshning kechinmalari, tuygʻulari bilan qiziqib koʻrmadingizmi? Menimcha, ularning kechinmalari 70 yillar sheʼriyatiga xos ritmga tushmaydi. Yangicha kayfiyatni berish uchun, albatta, yangicha uslub, yangicha shakllardan foydalanish kerak boʻladi. Yoʻq, men sizni modernist boʻling demoqchi emasman, aslo! Lekin bir vaqtlar ustoz shoirlarimiz yaratib ketgan qoliplardan chiqing, bugungi kishilarga mos sheʼriyatni izlab toping, demoqchiman.

Aslida, shoirning izlanuvchanligi, uning yangilik yaratish qobiliyati ham bilim bilan bogʻliq. Izlanuvchan shoir nafaqat oʻzbek sheʼriyati, balki zamonaviy jahon sheʼriyati, umuman, adabiyoti bilan tanishib boradi. Bundan tashqari, u zamonaviy ilm-fan yutuqlari, falsafa, sanʼatshunoslik, sotsiologiya sohalaridagi yangi oqim va yoʻnalishlarni yaxshilab oʻrganadi. Shu tariqa, uning sheʼrlarida yangilikning kurtaklari paydo boʻla boshlaydi. Sheʼriyatimizning 70-80 yillar avlodi vakillarida ana shunday jihatni koʻrish mumkin edi. Shuning uchun ham ular oʻzbek sheʼriyatida inqilobiy oʻzgarishlarni sodir etdilar. Bugungi yosh shoirlar orasida esa biz nazarda tutgan izlanuvchanlari deyarli uchramaydi.

Nargiza, sheʼlaringizni necha marta qayta koʻrib chiqasiz? Yoʻq, men sizni bir oʻtirishda yozganini eʼlon qiladigan shoirga oʻxshatmadim. Koʻrinib turibdi, siz sheʼr matnini ancha jiddiy ishlaysiz. Ammo baʼzi sheʼrlarda gʻalizlik, obrazlar tizimida kompozitsiyaning buzilishini kuzatdim. Hatto, baʼzi sheʼrlarni oʻqib hech narsani anglay olmadim:

Tuproq gapirmaydi, havo – muallaq,

Suvlar suv boʻldi va toshlar tosh boʻldi.

Yerning atrofida koʻzlarim halak,

Oq-u qora ichra rang talosh boʻldi.

Albatta, bu band umumiy kontekstdan uzib olindi (katta hajmli sheʼrni toʻla keltirning imkoni yoʻq). Ammo muayyan bandda mustaqil hamda yakuniy mazmun boʻlishi nuqtai nazaridan tahlil qilib koʻrsak boʻladi. Avvalo, tuproqning gapirmasligi va havoning muallaqligi mantiqan yaqin obrazlar emas. Yaʼni, agar tuproq soqov boʻlsa, havo kar boʻlishi kerak edi. Shundagina, obrazlardagi mantiqiy bogʻlanishni his qilish mumkin. Keyingi, misralarda ham aynan shunga oʻxshash xolatni koʻramiz. Yana bir qator, xususan “Buncha shoshib ketmoqda quyosh”, “Osmonni ikkiga boʻlib yubordim”, “Tik turib boʻynimga olganman barin” misralari bilan boshlanuvchi hamda “Yoʻl” nomli sheʼringizda ham yuqoridagi kabi holatni uchratdim. Ayniqsa, “Osmonni ikkiga boʻlib yubordim” misralari bilan boshlanadigan sheʼrda obrazlar tizimining muayyan kompozitsiyaga birikkanini koʻrmadim. Sheʼr algʻov-dalgʻov xayollarning ifodasiga oʻxshab qolgan:

Osmonni ikkiga boʻlib yubordim,

Izlarimni tilib-tilib yubordim.

Sen faqat kelishga ulgurgin, doʻstim.

Mening koʻzlarimdan ranglar ketmoqda.

Sheʼr ana shunday misralar bilan boshlanadi. Toʻgʻrisi, men qahramonning kayfiyatini, uning holatini his qilolmadim. Endi keyingi band:

Qoʻllarim qanotdir, qoʻllarim – chinor,

Tangriga yetguvchi ogʻriqlarim bor.

Yuragim – tarsillab yorilgan anor,

Oʻn sakkiz... olamga zanglar ketmoqda.

Bu sheʼrni toʻla keltirib oʻtirmayman. Qolgan bandlar ham yuqoridagilarga oʻxshab ketadi. Menimcha, sheʼrdagi obrazlar, holatlar bir biri bilan bogʻlanolmayapti. Hoʻsh, qonotga oʻxshatilgan qoʻllarni, bir vaqtda, chinorga oʻxshatish mumkinmi? Yoʻq, men sizni tushunmay qolmadim. “Yuragim yorilib, ichidan zang chiqdi va olamga yoyildi”, demoqchisiz. Men shoir bularni taʼsirli, chiroyli obrazlar tizimi bilan berishi kerak demoqchiman, tushuning.

Nargiza, oʻylaymanki, siz yuqoridagi tanqidlarimni toʻgʻri qabul qilasiz. Albatta, bular tuzatish mumkin boʻlgan kamchiliklardir. Men sizga yaxshi shoir boʻlish uchun isteʼdodning oʻzi kamlik qilishini yana bir bor eslatib qoʻymoqchi boʻldim, xolos. Sizga sheʼrlaringiz uchun rahmat aytaman va, faqat, xayrli sheʼrlar yozishingizni tilab qolaman.

Saʼdullo Quronov, katta ilmiy xodim-izlanuvchi

Saʼdullo Quronov