← Dilmurod Quronov
|

Navoiyni anglash yoʻlida

Dilmurod Quronov

Taqriz · 2014

Hasanxon va Husanxon qorilar tartib bergan “Navoiydan chu topqaylar navoye” nomli kitobda bir qator maqbul jihatlarni koʻrdim. Avvalo, Navoiyning diniy asarlari xos kishilari tomonidan tahlilu talqin qilinayotgani. Buni maqbul deganim shunchaki lutf yoki tuzuvchilar mehnatini qadrlab qoʻyish istagidangina emas, balki ancha chuqurki, muxtasar izoh berish lozim koʻrinadi.

Bilasiz, hazrat haqida soʻz ketsa, barcha birdek ul zotning serqirra isteʼdod ekanini aytib tolmaydi-yu, merosi goʻyo bir adabiyotshunoslarga xatlab berilgandek tushuniladi. Holbuki, adolat yuzasidan qaralsa, Navoiyning ayrim asarlari haqida tarixchining, ayrimlari haqida tilshunosning, yana birlari haqida din ulamosining fikri eʼtiborliroq tutilishi lozim. Shu maʼnoda, aka-ukalar tuzgan ushbu kitob ilmda, xususan, navoiyshunoslikda adolatni tiklash yoʻlidagi ilk qadamlardan va, inshaalloh, u xayrli boʻladi. Sirasini aytganda, adabiyotshunoslik ilmida, garchi ochiq eʼtirof etilmagan boʻlsa-da, din ulamolari yordamiga ehtiyoj allaqachon yetilgan. Bilasiz, istiqlol arafalaridan boshlab mumtoz adabiyotimizni islom dinidan, tasavvufdan ayro holda tugal tushunish va obyektiv baholash mumkin emasligi teran anglandi. Uzoq yillar davomida adabiy merosning shu ikki omilni eʼtibordan sokit qilgan holda oʻrganilgani chala hukm-xulosalar, biryoqlama yuzaki yoki mutlaqo teskari talqinlarga olib kelgani bugun hech kimga sir emas. Shuningdek, mustaqillik yillari adabiyotshunosligimizda mumtoz adabiyotni islomiy, tasavvufiy nuqtai nazarlarni eʼtiborda tutib talqin qilish urfga kirgani ham hammaga maʼlum. Biroq bu yoʻlda amalga oshirilgan ishlar hali qanoatlanarli emas. Sababi, birinchidan, bu ishni amalga oshirayotganlar maqomi adabiyotshunoslikda nechogʻli baland boʻlmasin, ular diniy ilmlarda diletant; ikkinchidan, Navoiydan farq qilaroq, islom ular uchun hayot va fikrlash tarzini belgilovchi asosga aylanmagan. Yaʼniki, ularning Navoiyni anglashlarida shu bilan bogʻliq noqisliklar boʻlishi tabiiy, yuqorida aytganimiz ehtiyoj esa shunday noqisliklarni bartaraf etish zaruratidan tugʻiladi.

Aytganlarimizni tuzuvchilar “Arbaʼin” ustida amalga oshirgan ish misolida koʻrib oʻtamiz. Avvalo shuki, tuzuvchilar matn ustida qunt bilan ishlaganlar: asarning 20 ta qoʻlyozmasi asosida ilmiy-qiyosiy matn tayyorlangan. Yaʼni, agar mumtoz adabiyot namunalarining nashrlarida kuzatiluvchi xatolar yodga olinsa, ular ibrat qilib koʻrsatishga loyiq yoʻl tutganlar. Shu oʻrinda kaminaga juda maʼqul boʻlgan bir nuqtani alohida taʼkidlab oʻtgim keladi. Tuzuvchilar avvalgi nashrdagi xatolardan bir-ikkitasiga misol uchungina toʻxtalganlar-u, shuning oʻzidayoq matnshunos sifatidagi layoqat, qobiliyatlarini namoyon eta olganlar. Taʼkidlamoqchi

boʻlganim bu emas, balki, nazarimda, bundan muhimroq: oʻsha xatoning qanday koʻrsatilayotgani. Qisqa qilsam, bunda bilimdonligini koʻrsatib qoʻyish, xato qilmishning bir adabini berib qoʻyishga intilish singari ojizlik, maydalik sezilmaydi. Negaki, ular bu ishga non yo shon uchun emas, koʻngil amri bilan, xolis Alloh rizosi uchun kirishganlar, bandaga xos ojizliklardan baland tura olmoqning asosi – shu. Hamkasblarimiz ibratlansalar, umumiy ishimiz baror olgan boʻlarmidi, deb oʻyladim...

Tuzuvchilar “Arbaʼin”ni oʻquvchiga mukammal koʻrinishda taqdim qilmoqni koʻzlaganlar va, tan olish kerak, bunga mutlaq erishganlar. Baho oshib ketdi demang, taqdimotning qay tartibda amalga oshirilgani – algoritmini bir qur koʻzdan kechirsangiz, oʻzingiz ham shunga amin boʻlasiz. Avvalo, nazmga solingan qirq hadisning manbasi koʻrsatilgan. Gap shundaki, anʼana shunday edimi yo hadislarni mukammal biluvchilarga moʻljallagani uchunmi, hazrat Navoiy hadislar manbasini koʻrsatgan emas. Aksincha, bugungi kun oʻquvchisining Navoiy yaratgan diniy asarlar nechogʻli saxih – ishonchli ekaniga amin boʻlmogʻi uchun bu juda muhim. Hadislar arab imlosida va rivoyat qiluvchini keltirgan holda berilgani oʻquvchini ishonchda yanada mustahkam etadi. Koʻrib turganimizdek, maqsad xayrli, lekin shuning oʻzi yetarli emas: maqsadga toʻgʻri, halol yoʻl bilan yetishmoq kerak. Tuzuvchilar shunday yoʻldan borganlarini, masalan, beshinchi hadisga berilgan satr osti izohida koʻrish mumkin: “Ushbu maʼnodagi hadislar juda ham koʻp. Hammasi mazmunan bir-birini quvvatlaydi. Ularning ichida muallif keltirgan lafzga eng yaqini yuqorida biz keltirgan matndir. Ammo aynan muallif tanlagan matnni moʻʼtabar hadis kitoblaridan topa olmadik. Xulosa qilib aytganda, bu yerda sahih rivoyatlarda kelgan lafzlarning qorishtirilganini koʻrish mumkin”. Albatta, mazkur izoh yuqorida zikr etilgan maqsadga xizmat qilmaydi, negaki, oʻquvchi ongida “moʻʼtabar hadis kitoblaridan topa olmadik” kalimasi tezroq va muqimroq oʻrinlashadi. Shunaqa ekan, buni xaspoʻshlab qoʻyaqolsa boʻlmasmidi? Yoʻq, boʻlmasdi, bundagi ibrat ham asli shunda: olim fikri xolis, lafzi halol boʻlmogʻi shart. Na koʻzlaganlari yaqin maqsad va na kitobda barq urib turgan Navoiyga mehr tuzuvchilarni chalgʻita olmaganki, fikrimcha, bu tahsin va ibratga loyiq holdir.

Albatta, kitobda ayrim hali maromiga yetmagan yoki ortiqchadek koʻrinuvchi oʻrinlar ham yoʻq emas, Xususan, kaminaga Navoiyning hayoti va faoliyati haqida maʼlumot berilishi ortiqcha koʻrindi: hammaga maʼlum gaplarni takrorlab oʻtirishga zarurat yoʻqdek. Toʻgʻri, bular kitobning yuqorida aytilgan fazilatlariga biroz soya soladi, lekin qimmatini belgilamaydi. Tuzuvchilarga izlanishlarida bardavom, oʻquvchilarga yaxshi kitobdan bahramand boʻlishni tilab qolamiz.

Dilmurod Quronov