← Dilmurod Quronov
|

«Oʻgʻri»ning himoyasiga ikki ogʻiz soʻz

Dilmurod Quronov

Maqola · 1995 · Vatan, 1995 · «Mutolaa va idrok mashqlari» toʻplamidan

Koʻpchiligimizni oʻylatib, adabiy davralarda turli bahslarga sabab boʻlayotgan, biroq uzil-kesil bir tarafga hal etilishi mahol boʻlgan muammolar tahliliga bagʻishlangan maqolalar matbuotimizda, koʻp boʻlmasa-da, eʼlon qilinib turibdi. Shubhasiz, bunday maqolalar juda katta ahamiyatga molik. Zero, oʻquvchini befarq qoldirmaydi: oʻylashga, munosabat bildirishga undaydi – alal-oqibat tafakkurimizni boyitadi. Suvon Meliyevning «Mehr sehri»1 nomli maqolasi, fikrimizcha, ayni shunday chiqishlardan boʻlibdi. Koʻpchilik qatori oʻz koʻmochimizga kul tortish bilan ovorai sarson boʻlganimiz bugungi kunda ayni shu maqola ayrim mulohazalarimizni oʻrtaga tashlashga undadiki, buning uchun muallifdan behad minnatdormiz.

Maqolada muallif oʻzbek hikoyachiligining nodir namunalaridan boʻlmish «Oʻgʻri» (A.Qahhor) hikoyasiga yangicha munosabat bildiradi, uni bugungi kun nuqtai nazaridan baholashga harakat qiladi. S.Meliyev «Oʻgʻri» hikoyasi adabiyotimizda oʻz oʻrnini topib boʻlganini eʼtirof etgani holda «unga umuminsoniy barkamol badiiylik namunasi emas, balki totalitar davrning badiiy hujjati sifatida qarash tarafdori» ekanini yozadi. Munaqqidning fikricha, hikoyani umuminsoniy badiiyat doirasidan chetga chiqaruvchi narsa shuki, Qobil boboga hech kim, «hatto uning dard-alamini qalamga olmoqchi boʻlgan yozuvchi ham» rahm-shafqat qilmaydi. Muallif mazkur fikrni asoslab yozadi: «Badiiy mukammallik yolgʻiz soʻz-tasvir mahorati, yorqin detallar, rangdor til kabi sof badiiy tushunchalardan tashqari adabiy qahramonga (demak, insonga) insoniy Mehr, taqdiriga sidqidildan kuyinish hamdir. Shunday mehrsiz, lekin yuksak mahorat bilan bitilgan asar ham baribir badiiy nomukammaldir». Umuman olganda, S.Meliyev toʻla haq. Darhaqiqat, insonga muhabbat – umuminsoniy qadriyatlar yadrosi, usiz qadriyatlar parokanda boʻlib ketadi. Haqqast rost: insonga muhabbat hissi bilan yoʻgʻrilmagan asar badiiyatdan yiroq tushadi. Biroq, bizningcha, asarda oʻsha muhabbatning qay darajada yoxud qay yoʻsinda ifodalanishini belgilashga, uning oshkora yoki pinhona boʻlishini talab qilishga haqli emasmiz. Shu mulohazaga tayangan holda boshdanoq oʻzimizning aksildaʼvomizni oʻrtaga tashlaymiz: adabiyotimizda inson, xalq taqdiriga kuyinib yozilgan «Oʻgʻri» darajasidagi asarlar kam topiladi. Endigi muddaomiz shu daʼvoni imkon doirasida asoslash, xolos.

Maʼlumki, «Oʻgʻri»da yozuvchi «xolis kuzatuvchi» mavqeini tutgan: u voqea-hodisalarga aralashmaydi, uning vazifasi – badiiy voqelikni oʻquvchi koʻz oldida jonlantirish.

Hikoyaning aksar qismi moʻʼjaz «sahna- koʻrinish»lardan tashkil topganki, unda tasvirlanayotgan voqealarni oʻquvchi koʻproq «koʻradi», yaʼni, oʻquvchi ham asar voqeligidan chetda turadi. Tabiiyki, shu oʻrinda «nima uchun yozuvchi oʻzini ham, oʻquvchini ham asar voqeligidan chetga tortdi?» degan savol tugʻiladi. Bizningcha, hikoyada «chetlanish» («ostraneniye») usulidan foydalanarkan, A.Qahhor muayyan gʻoyaviy-badiiy niyatni koʻzlagan. Avvalo, qoʻllangan usul oʻquvchini hissiy emas, koʻproq aqliy mushohadaga undaydi. Ikkinchidan, kitobxon hikoya badiiy voqeligidan chetda turgani uchun ham konkret bir epizod (deylik, Qobil bobo va amin uchrashuvi) yoxud obrazga munosabat doirasida qolib ketmaydi. Aksincha, oʻquvchi hamon koʻz oldida turgan hikoya voqeligidan turtki olib hayot haqida, inson va insonlararo munosabatlar haqida keng koʻlamda mushohada yuritish, umumlashmalar chiqarish imkoniga ega boʻladi. Keling, yaxshisi biz ham mavjud imkoniyatdan foydalanib, adib yaratgan badiiy voqelikka nazar solaylik.

Hikoyaninng boshlanishidayoq quyidagicha manzaraga duch kelamiz: «Qobil bobo yalang bosh, yalang oyoq, yaktakchan ogʻil eshigi yonida turib dagʻ-dagʻ titraydi, tizzalari bukilib-bukilib ketadi, koʻzlari jovdiraydi, hammaga qaraydi, ammo hech kimni koʻrmaydi. Xotinlar oʻgʻrini qargʻaydi, it huradi, tovuqlar qaqalaydi. Kimdir shunday kichkina teshikdan hoʻkiz sigʻishiga aql ishonmasligi toʻgʻrisida kishilarga gap maʼqullaydi». Muallifning «kuzatuv punkti»dan turib razm soling-a, Qobil bobo fojiasiga mahalla-koʻyning nechogʻli befarqligiga amin boʻlasiz. Shuning uchun ham xotinlar qargʻishi yoʻlakay, itlar hurishiyu tovuqlarning qaqalashi qatorida tilga olinadi; shuning uchun ham mahalla erlarini Qobil boboning ayanch holati emas, koʻproq ogʻil devoridagi teshik qiziqtiradi. Bunisi ham mayli, ellikboshi kelib dastlabki taftishini boshlashi hamono mahalla ahli oʻz nazdida burchini oʻtab boʻldi: «Odamlar, oʻgʻri devorni qachon va qanday asbob bilan teshgani, hoʻkizni qaysi tomonga olib ketgani, uni qaysi bozorda sotishi mumkin ekanligi toʻgʻrisida bahslasha-bahslasha tarqaldi». S.Meliyev taʼbiricha, shuurini qahramonlardan «biri amaldor, ikkinchisi kambagʻal bechora» ekanligi egallagan A.Qahhor, aslida, masalani ancha kengroq qoʻygan koʻrinadi. Yozuvchi talqinicha, oʻzga odam baxtsizligiga befarqlik amaldorlargagina emas – barchaga xosdir. Sezamizki, adibni fuqaro va amaldorlar munosabatining sinfiy mohiyatigina emas, insonlar orasidan mehr-oqibatning koʻtarilayotgani, insoniy munosabatlarning siyqalanayotgani koʻproq tashvishlantiradi. Bu tashvishning doyasi keng maʼnodagi insonga muhabbat boʻlmasa, nimaykin?! S.Meliyev «Nega Qobil bobo ahvoliga oʻquvchi qalban achinmaydi?» degan savolni qoʻyadi-da, unga, avvalo, hikoyaning oʻzidan emas, u yaratilgan davr voqeligidan javob izlaydi. «Chunki Qobil bobo toptalayotgan payt (mavhum «oʻtmish»da emas, asar yozilgan 30-yillarda) minglab-millionlab odamlar qamoqxonalarda, lagerlarda tahqirlanayotgan, izzat nafsi yerga urilayotgan davr edi. Shuncha odam toptalayotganda, olomon «Xalq dushmanlariga oʻlim!» deya boʻkirayotganda qandaydir Qobil bobo kim boʻpti? Uni qandaydir amaldorlar toptasa toptapti-da!?» Munaqqidning fikricha, davrning ayni shu ruhi adibning Qobil bobo fojiasini his qilishiga xalal bergan. Toʻgʻri, hikoya oʻzi yaratilgan davr bilan chambarchas bogʻliq, biroq bu bogʻliqlikni oʻzgacharoq talqin qilish ham mumkin. Buning uchun 30-yillar voqeligidan chiqib kelib hikoya haqida emas, hikoya badiiy voqeligidan kelib chiqib 30-yillar haqida fikr yuritish lozim, xolos. Xususan, yana Qobil bobo fojiasiga mahalla-koʻyning befarqligini olaylik. Mahalla-koʻy Qobil boboni amaldorlarga «yem» qilib qoʻyib, oʻzi tomoshabin boʻlib turgani kabi oʻsha mudhish 30-yillarda oʻziga gal kelmaganki odam tomoshabin boʻlib qolmaganmidi?! Shu oʻrinda A.Oripovning «Olomonga» nomli sheʼrini eslagimiz keladi. Har bir satridan iztirobga yoʻgʻrilgan gʻazab, boringki, nafrat silqib turadi uning. Lekin oʻsha nafrat ham xalqqa nisbatan buyuk muhabbatdan tugʻilgan, axir! Ha, A.Qahhor mudhish 37-yil arafasida Qobil bobo timsolini yaratdi. Oʻsha paytda adib oʻzini ham, atrofidagilarni ham «davlat mashinasi qarshisida titrayotgan Qobil bobolar» deb tushungan boʻlsa, A. Oripov aytgan gaplarni yoʻlini qilib ilgariroq, oʻz vaqtida aytib, «tomoshabin»larni ogohlantirmoqchi boʻlgan boʻlsa ne ajab?!

Agar hikoyani shu yoʻsin talqin qilsak, amaldorlarning «noinsoniy» qilib tasvirlangani masalasi oʻz-oʻzidan tushib qoladi. Zero, yozuvchi yaratayotgan badiiy voqelik – reallikning aksigina (yaʼni, uni aks ettirish niyati birlamchi emas) boʻlmay, reallik haqida mushohadaga undovchi bir strukturadir. Bu strukturada esa odatlanib qolganimizdek ikkita emas, uchta tayanch nuqtasi bor: mahalla – Qobil bobo – amaldorlar. Yuqorida koʻrganimizdek, bu nuqtalarning har biri kontekstdan uzilib reallik bilan bogʻlanganida umumlashma maʼno kasb etadi: mahalla – omma timsoli, Qobil bobo – totalitar tuzumdagi alohida olingan shaxs timsoli, amaldorlar – totalitar davlat timsoli.

Koʻpchilik nazdida bu fikrlarimiz asossizday tuyulsa, ajab emas. Sababki, hozirgi kunda aksariyat oʻquvchilar ongida A.Qahhor haqida negativroq fikr muqimlashib qoldi. Xususan, adibning oʻtmish mavzusidagi asarlari «oʻtmishni qoralashu zamonani alqash» maqsadida yozilgan degan qarash ustuvor. Jumladan, S.Meliyev maqolasidagi fikrlar ham shu xil qarashga turtki beradi: «Oʻtmishga qora chaplash, shuning muqobilida oʻz saltanatini koʻklarga koʻtarish totalitarizmning muqim aqidalaridan biri edi». A.Qahhor hikoyasi ayni shu aqidani oʻquvchiga singdirish maqsadida yozilgan degan fikr maqolaning mazmun-mundarijasidan qizil ip boʻlib oʻtadi. Xoʻsh, A.Qahhor mazkur «ijtimoiy zakaz»ni qay yoʻsin bajaribdi? Munaqqidning hikoyadagi bir epizod – amin va Qobil bobo uchrashuvi xususidagi fikrlaridan javob topish mumkin bunga. Maqola muallifi «Oʻgʻri»da tasvirlangan holat hayotda yuz berishi mumkinligini eʼtirof etgani holda uning «sovuq, hissiyotsiz bayon etilgani tufayli sanʼatkorona ishlov berilganiga qaramay, ijtimoiy maʼno, sinfiy mohiyat doirasida qolishi»ni taʼkidlaydi. Demak, bor gap tasvir manerasida – hissiyotsizlikda. Hissiyotsizlik esa, yuqorida koʻrdik, adibning «xolis kuzatuvchi» mavqeida turganidan kelib chiqadi. Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: modomiki, yozuvchi maqsadi oʻtmishni qoralashgina ekan, oʻquvchini hikoya voqeligidan chetlatishi zarurmi edi? Axir, munosabatini oshkor qilib, hislarini oʻquvchiga «yuqtirib», uni hikoya voqeligiga olib kirganida bu maqsadga osonroq erishishi mumkin edi-ku?! Koʻramizki, hikoyaning ifoda va tasvir manerasi «oʻtmishni qoralash» maqsadiga unchalik muvofiq emas. Shuning oʻziyoq, fikrimizcha, S.Meliyevning: «Oʻtmish hikoyalarida adibning oʻz badiiy konsepsiyasi yoʻq. Totalitar tuzum adabiyotga yuklagan gʻoyaviy maqsad (oʻtmish adolatsizliklarini fosh etish) badiiy obrazlar vositasida yuksak mahorat bilan tasdiqlangan, xolos. Shuning uchun mazkur hikoyalarni, xususan, «Oʻgʻri»ni badiiy barkamollik namunasi sifatida targʻib etish nooʻrin», – degan xulosasini jiddiy shubha ostiga qoʻyadi.

Dadil eʼtiroz qilish mumkinki, «Oʻgʻri» oʻtmishni qoralash yoki muayyan gʻoyani «badiiy obrazlar vositasida tasdiqlash» niyatidagina yozilgan emas. Agar masalani shu taxlit qoʻyadigan boʻlsak, badiiy asar mohiyatini, ijod tabiatini hisobga olmagan, joʻnlashtirgan boʻlib chiqamiz. Ha, A.Qahhor «noinsoniy Gʻoya yozuvchiga nima yozish va qanday yozishni buyurib turgan» bir sharoitda ijod qildi. Albatta, koʻp qatori u ham zamona, mafkura tazyiqidan holi boʻlolgan emas. Shu bilan birga, A.Qahhor mustaqil fikrlashga qodir shaxs, betakror sanʼatkor boʻlganini ham inkor qilolmasmiz. Haqiqiy sanʼatkor uchun esa ijod jarayonida zamon chegaralari mavjud emas: bu ilohiy lahzalarda oʻtmish, hozir va kelajak ijodkorning qalb koʻzida bir fokusga jamlanadi. «Oʻgʻri»ga oʻxshagan asarlar ijodkor hayotda muayyan muammolarga duch kelib, ularni badiiy idrok etish umidida oʻz qalbiga murojaat qilishi, oʻzining va millatning tajribasiga (tajriba esa doimo oʻtmish bilan bogʻliq) tayangan holda hissiy-intellektual mushohada yuritishi natijasi oʻlaroq dunyoga keladi. Biz bu gaplarni A. Qahhorni realist sanʼatkor, «Oʻgʻri»ni realistik asar deb bilganimiz uchun aytmoqdamiz. Maʼlumki, realistik adabiyot soʻz sanʼatining «bilish» maqsadini birinchi planga chiqargan edi. Biroq shunisi ham borki, realistik adabiyotning mazkur oʻzak xususiyati «Oʻgʻri»da oʻzgacharoq namoyon boʻladi. Xoʻsh, bu oʻzgachalik, oʻziga xoslik nimada? Birinchidan, hikoyada tasvirlanayotgan narsa boshqa-yu, yozuvchi anglashga intilgan narsa boshqa: oʻtmish tasvirlanadi, zamonani anglashga harakat qilinadi, – shu oʻrinda zamon chegaralarining olib tashlanganiga guvoh boʻlamiz. Ikkinchi tomondan, «Oʻgʻri»da badiiy idrok etish bevosita tasvir jarayonida amalga oshmaydi (yaʼni tasvir bilish vositasi emas). Aksincha, ijodkor zamonasi, atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalar mohiyatini keng mushohada etib muayyan xulosalarga keladi-da, ularni tasvirda (hikoyaning badiiy voqeligida) muhrlab qoʻyadi. Natijada hikoyaning badiiy voqeligi universal modellik xususiyatiga ega boʻladiki, asarni faqat u yaratilgan yoki unda qalamga olingan davr realligigagina bogʻlab talqin qilish yaramaydi – badiiy umumlashma koʻlami torayib ketadi. Shu oʻrinda hikoyaning yana bir jihatiga diqqatni jalb qilmoqchimiz: «Oʻgʻri»ning badiiy strukturasida, bizningcha, ekzistensializm adabiyoti poetikasiga xos unsurlar kuzatiladi. Hikoyada kuzatganimiz intellektuallik darajasining yuqoriligi, muallif konsepsiyasini ifodalovchi hayotiy holatlarni modellashtirishga (ekzistensializmdan farq qilaroq, bunda model ham reallik illiyuziyasini hosil qiladi) intilish kabilar shu fikrga olib keladi. Taxminimizning qanchalik haqiqatga yaqin-uzoqligini, bu oʻxshashlikning sabab va omillarini keyingi izlanishlar koʻrsatar. Biroq shuning oʻziyoq A.Qahhor doim ham hokim mafkura iskanjasida, sotsialistik realizm qoliplari doirasida qolib ketmagan, ijod onlarida baʼzan ichki erkinlikka ham ega boʻlgan deyishga asos beradi.

Yuqoridagi mulohazalarga tayangan holda A.Qahhorning «Oʻgʻri» hikoyasi barkamol badiiylik namunasi ekanini yana bir karra taʼkidlab aytishga oʻzimizda jurʼat sezamiz. Bunga amin boʻlish uchun «Oʻgʻri»ni talqin qilishda uning oʻziga xos poetik xususiyatlarini eʼtiborda tutish, voqelikdan kelib chiqib hikoyaga emas, hikoyadan kelib chiqib voqelikka munosabat bildirishimiz talab qilinadi, xolos. Zero, aksincha yoʻl tutsak, asarga yondashishda vulgar sotsiologik mavqedan nari oʻtmagan boʻlib chiqamiz.

1995 yil

Izohlar

  1. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. 1995. 23 iyun

Dilmurod Quronov