Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar»da qalamga olingan davrni «tariximizning eng qora, kirlik kunlari» deya taʼriflagani maʼlum-u mashhur. Hukmga shoshganroq odam romanda tasvirlangan «keyingi xon zamonlari»ning bunday taʼriflanishida adibning «zamonasozlik» qilgani yoxud «shoʻro mafkurasi taʼsirini» koʻrsa, ehtimol. Holbuki, bunda na zamonasozlik, na shoʻro mafkurasi taʼsiri bor – Abdulla Qodiriy mansub taraqqiyparvar ziyolilar avlodi mazkur zamonga shunday munosabatda boʻlgan. Jumladan, Choʻlponning: «Soʻng davrda yoʻqsil Sharqning tarixi Bir bet boʻlsin oq satrni koʻrmadi», – degani, «El va yurtni saqlar uchun soʻng xonlar Tuzukkina chora, tadbir qilmagan»idan yozgʻirgani ham Abdulla Qodiriy taʼrifini quvvatlab tushadi. Yana bir muhim jihati, adibning oʻzi tasvirlashga chogʻlangan davr hayotiga oid turfa materiallarni qunt bilan oʻrganganini ham nazardan qochirmaslik kerak. Sirasi, Abdulla Qodiriy «keyingi xon zamonlari»ga oid materiallarni butun ijodiy faoliyati davomida toʻplab-oʻrgandi desak, mubolagʻa boʻlmaydi: yigit yoshida «Oʻtgan kunlar» munosabati bilan, soʻng «Mehrobdan chayon» tufayli, nihoyat, roʻyobga chiqmay qolgan «Amir Umarxon kanizi» romaniga tayyorgarlik davomida. Aytmoqchimizki, uning yuqoridagicha munosabatida zamonasozlik yo koʻpchilik fikriga ergashishdan koʻra anglanganlik jihati ustuvordir.
«Oʻtgan kunlar»da Otabek tilidan «idora usuli»ning eskirgani haqida aytiladi, xonlikning nosozligi beklar va amaldorlarning nopokligi-yu manfaatparastligida deya talqin qilinadi. Roman voqealarida Xudoyorxon ishtiroki haminqadar: «birinchi xonlik davri»da uning Musulmonqul qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlgani taʼkidlanadi, tarixiy haqiqatga sodiq qolinadi. Buni adib oʻquv chiga xonni ilk bor taqdim etganidayoq – holat tasvirining oʻzida taʼkidlab koʻrsatadi. Holat shundayki, «marmardan yasalgʻan taxt ustida... oʻn sakkiz yoshlar chamaliq ... xon oʻlturar», sal naridagi kursida esa «Musulmonqul oʻlturar va hozirgʻina hudaychi tarafidan oʻziga topshirilgʻan ariza va maktublardan ochib oʻqur edi». Yaʼni shohona liboslarga burkangan Xudoyorxon taxtda shun chaki savlat boʻlib oʻtiradi-da, davlat ishlari bilan Musulmonqul shugʻullanadi. Ariza va maktublar «padari arusi shahanshoh»ga murojaat bilan boshlanishi ham shuni tasdiqlaydi. Yana bir detal – Musulmonqulning «oʻqub turgʻan ariza»ni ahamiyatsiz deb hisoblagani uchun xonga aytib-netmasdanoq «qogʻozni ikkiga yirtib oyogʻi ostigʻa tashlashi» yosh xonga biyligi qay darajadaligini namoyon etadi. Xudoyorxonning qayin otasi Oʻtabboy qushbegining «xiyonati» haqida aytgan gapiga munosabati ham shunga muvofiq: «Oʻz saltanatiga raxna solishdan iborat boʻlgʻan bu xabarlardan Xudoyorxonning mutaassir boʻlgʻanligʻi belgusiz, ul bu gapni eshitmasdan ilgari qanday boʻlsa, hozirda ham shu holda oʻzgarishsiz edi. Musulmonqulning yonib turgʻan, oʻtdek tutoqib soʻzlagʻan gapini sukut bilan kechirmaslik uchungina boʻlsa kerak, quruq va shirasiz qilib: – Hammadan ham Oʻtabboyni aytingiz, ablah bir odam ekan, – dedi, – meni siylamagʻanda ham sizni rioya qilsa kerak edi». Albatta, koʻp oʻtmay Musulmonqulning hokimiyatdan chetlashtirilishi xonning bu tarz befarq oʻtirishida «arqonni uzun tashlash» xiylasi bor edi deyishga ham izn beradi. Biroq, mabodo shunday boʻlganida ham, qayin otasida shubha uygʻonmasin uchun u oʻzini har doimgidek – «qoʻgʻirchoq» maqomida tutishi kerak boʻlar edi. Otabek xon huzurida mahkamaga tortilganida ham tashabbus butkul Musulmonqul qoʻlida boʻladi, Xudoyor esa – «taxt ustiga qoʻndirilgʻan jonlik haykal» maqomida. Bu haykalga faqat mahkama nihoyasida – Musulmonqul endigina oʻzining jon dushmani bilib turgan maqkumiga «oqsoqlanib, oʻz qoʻli bilan zarrin toʻn kiyguzar ekan» jon kiradi: «Xudoyorxon ham yirtqich qayin otasining changalidan qutilgʻanini tabrik qilgʻandek Otabekka kulib boqdi».
Yuzaki qaraganda A.Qodiriy xonlikdagi zulm va yovuzliklar manshaini Musulmonqul bilangina bogʻlab talqin qilayotgandek koʻrinsa-da, aslida, adib masalaga ancha teran nazar soladi. Toʻgʻri, adib «Musulmonqulning aholi ustiga boʻlgʻan jabr-u zulmi haddan tashqari ketgani»ni aytadi, shu bilan birga, uning zulmi ortidan manfaat koʻruvchilar borligini ham nazardan qochirmaydi. Masalan, Musulmonqul «arzimagan sabablar bilan qora chopon beklarni osdirib, kesdirib» turishini aytish bilan birga «atrof shahar va qishloq beklari ham qipchoqlardan» ekanini taʼkidlab oʻtadi. Yaʼni Musulmonqulning zulmi yakka shaxs emas, butun bir urugʻ – qipchoqlar manfaatiga xizmat qiladi. Uning «oʻz kayficha oyda emas, haftada solib turgʻan soliqlari» ham oʻsha qora chopon beklar oʻrnini egallagan Musulmonqul «odamlari» choʻntagini qappaytiradi. Qisqasi, tanish manzara: hokimiyat uchun hamisha toʻdalar – urugʻlar, firqalar, sinflar, klanlar kurashadi va qaysisining toleyi kulib, hokimiyat jilovini qoʻlga olsayoq ariqni oʻzi tomon buradi... Eng qizigʻi, har qanday mustabid kabi zolim Musulmonqul ham «ulamo orqaliq oʻz zulmini mashru bir tuska qoʻygʻan, oʻzi uchun zararlik unsurlarni yoʻqotishda shu ulamolardan «ululamirga bogʻiyliq» degan fatvoni olishni unutmagʻan edi». Xullasi kalom, ziyrak oʻquvchi keyingi tarixni mushohada qilib koʻrsayoq, shubhasiz, barcha davrlar siyosatida talay oʻxshashliklar topadi. Tabiiyki, shunda u yo adibni bir bashoratgoʻy, xalq taʼbiricha, «yetishib qolgan» odam ekan deb tanishi va unga tasannolar aytishi, yo, agar falsafaga oshnoroq boʻlsa, siyosat deganining shakli oʻzgaraverar ekan-u, mohiyati qiyomatgacha oʻzgarishsiz qolaverar ekan-da degan toʻxtamga kelishi muqarrar. Faqat noumid shayton deydilar, odam bolasi hamisha tole kulishini kutib navbatda turganlarga umidvor qarayveradi – xuddi ish boshiga shu kelsayoq olam guliston boʻladiganday. Xudoyorxonning mahkama chogʻidagi holatini eslang: allaqanday sirli, qayin otasining qilmishlarini yoqlamayotgandek, biroq u ham chorasiz-da... Qipchoq toʻdasi yeb, oʻzi quruq qolayotganidan zada boʻlgan toʻda, tabiiy, yosh xonda oʻzining qismatdoshini va najotini koʻradi, uning qabatiga kiradi – hammasi yana boshidan boshlanadi. Yaʼni qoniqmagan manfaatlar birlashdi-da, qipchoq toʻdasi manfaatlari bilan toʻqnashdi, shugina xolos. Darvoqe, «Musulmonqulgʻa yaqinlasha olmagʻan, yaʼni uning xizmat va marhamatidan chetda qolgʻan «nimcha» ulamolar ham yoʻq emas edilar»ki, xon ularni «qayin otasi bilan kurashda oʻziga birinchi istinodgoh qilib» oldi. Istiqboldagi «inʼom va ehsonlar, beriladigan mansablar» ilinji kuchli emasmi, Musulmonqulga tarafdor ulamolar uning siyosatini «shariʼatqa qancha mutobiq koʻrsatib kelgan boʻlsalar», keyingi toifa «oʻshancha xilofi sharʼiy ekanligining isbotiga kirishdilar». Adib bunda ham umumiy bir qonuniyat koʻradi: podshoh faqat qilichigagina tayana olmaydi, hukmronligi bardavom boʻlishi uchun raiyat ongida oʻzining ustida aynan shu odam hukm yurgizishga haqli va munosib, u yuritayotgan siyosat adl-u insofga tayanadi va umum manfaatlariga mos degan fikr oʻrinlashmogʻi kerak. Mohiyatga boqqan oʻquvchi Xudoyorxon taxt uchun kurashda qoʻllagan taktika bilan zamonaviy saylovoldi kampaniyalari yoxud hokimiyat bilan ziyoli qatlam munosabatlari orasidagi koʻplab mushtarak nuqtalarni koʻra oladi.
Qipchoq qirgʻini ham mohiyatan manfaatlar toʻqnashuvining oqibatidan boshqa emas. Shu maʼnoda Otabekning otasiga bergan «Yirtqichlarning bu qirgʻindan qanday muddaolari hosil boʻlarkin?» degan savoli yarim ritorik tabiatga ega. Negaki uning zamirida «bu ish hech bir foydasiz-ku, bekor qon toʻkilgani qoladi, xolos!» qabilidagi ishonch-eʼtiroz yotadi. Aksincha, «koʻb umrini shu yurtning tinchligʻi va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilgan» Yusufbek hoji qirgʻinning asl manshaini yaxshi biladi: «bittasi mingboshi boʻlmoqchi, ikkinchisi Normuhammad oʻrnigʻa minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni oʻziga qaram qilmoqchi. Xon ersa Musulmonqulgʻa boʻlgʻan adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi». Albatta, Yusufbek hojidek odamning gapiga katta qimmat beriladi, biroq buni aynan, yaʼni xon Musulmonquldan alamini olmoq uchungina qipchoqqa qatli om buyurdi deb tushunish xato boʻlur edi. Zero, qirgʻin zamirida uning ham jiddiy manfaati bor. Xudoyorxonning Toshkent beklariga yuborilgan yorligʻi «Biz Turkiston mamlakatining xoni oʻz qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq toifasini muzir deb bildik» deb boshlangani ham shunga dalolat qiladi. Xoʻsh, qipchoq toifasi nimasi bilan Xudoyorxon saltanatiga «muzir» – zararli edi? Gap shundaki, muallif avvalroq aytganidek, Musulmonqul davrida «atrof shahar va qishloq beklari ham qipchoqlardan» boʻlib ulgurgan, yaʼni hokimiyatni «uning odamlari» egallagan edi. Xudoyorxon nazdida, bu odamlar valineʼmatlari Musulmonqulga ich-ichlarida sadoqat saqlaydilar, hukmdorga esa faqat oʻziga sadoqatli – yonida oʻzi koʻtargan, oʻzi qoʻygan odamlar, zamonaviy til bilan aytsak, «oʻz komandasi» boʻlgani maʼqul. Shu jihatdan, qipchoq qirgʻini – ehtimoldagi gʻanimlarining barini birakayiga oradan koʻtarish imkoni Xudoyorxon uchun ham ayni muddao edi. Buni Niyoz qoʻshbegining shu mudhish ish rejalashtirilgan majlisda aytgan mana bu gapi ham tasdiqlaydi: «Men xonni Toshkanddan joʻnatish oldida uning xoli vaqtini topib, bu fikrimni bir daraja arz qilib oʻtkan edim, bu fikrim xonga juda maʼqul tushkan boʻlsa kerak, soʻzimni eʼtibor bilan tinglab turdi va javobida: «Yaxshi. Oʻylashib, tadbirlari bilan menga fikringizni yozing, men ham oʻylab koʻrarman», – dedi. Menga qolsa bu toʻgʻrida bizdan xabar kutib xonning uyqusi ham kelmay yotqandir: bizga faqat ishning oʻnaqayini topib xondan tasdiq etdirishgina qolgan». Qoʻshbegi tilidan jonlantirilayotgan holat shundayki, Xudoyorxon yosh boʻlsa-da, ichidagini sirtiga chiqarmaslikka harakat qilgan, shunga qaramay, suhbatdoshi «xon koʻngan hisob» degan aniq ishonchda qolgan. Sababi, koʻpni koʻrgan Niyoz qoʻshbegi xon sirtiga chiqarmagan istakni teran his qiladi, chunki hokimiyat tabiatini, uni oʻz qoʻlida saqlash va kuchaytirish shartlarini juda yaxshi biladi. Xudoyorxon yosh boʻlgani bilan, xon saroyidagi oshkor-u pinhon kurashlar qozonida obdan qaynagan, shu bois qoʻshbegining taklifiga munosabatini oshkor etmasdan, yana arqonni uzun tashlaydi-da, quyidan tashabbus chiqishini kutadi. Ertami-kech bunday tashabbusning koʻtarilishiga esa imoni komil, chunki vaziyatga toʻgʻri baho bera oladi, Musulmonqul davrida «katta oxur»dan uzoqlab qolganlarning endi unga yaqinlashish payida boʻlishlari muqarrar ekaniga ishonadi. Zero, ularning koʻpchiligi Niyoz qoʻshbegi kabi «hali biz sahroyi qipchoq elidan uzil-kesil qutilgʻanimiz yoʻq... Musulmonqul boʻlmasa, boshqa Alimqulning bosh koʻtarishi aniq» deb oʻylashlarini yaxshi biladi. Haqiqatan ham, qoʻshbegi qora chopon ogʻaynilar haqida qaygʻurayotgandek esa-da, aslida, bu gaplari zamirida manfaati shaxsiya yotadi. Niyoz qoʻshbegi Musulmonqulni agʻdarish ishiga faol bosh qoʻshgan-u, toʻntarish natijalari koʻnglidagidek boʻlmagan: «Normuhammadning raʼyini deb, hamma ixtiyor oʻz qoʻlimizda boʻlgani holda, Oʻtabboyni mingboshi belgulab yuborduq... Bu ham oʻzimizning eng katta xatolarimizdin. Men oʻsha kundan beri oʻz-oʻzimdan boʻgʻilib yuriyman: Musulmonqulning iti boʻlmasa, oʻzimizdan mingbo shi boʻlarliq odam qurib qoluvdimi deyman. Yoʻq, ogʻalar, temirni qizigʻida suqib qolish kerak!» Koʻramizki, qoʻshbegini mingboshi masnadiga minolmagani oʻrtaydi, hali ham boʻlsa «qipchoqlar zulmi»ga qarshi kurashni bayroq qilib maqsadiga erishmoqchi. Aytmoqchimizki, ongi hokimiyat uchun, amal-mansab uchun ayovsiz kurashlar kechuvchi saroy muhitida shakllangan Xudoyorxon voqealar ayni shu tarz kechishini bilgan, shu sababli ham Niyoz qoʻshbegi taklifiga munosabat bildirishga shoshmagan. Fursat yetib, oʻsha taklifni bemalol amalga oshirish imkoni tugʻilganida Niyoz qoʻshbegidan foydalangan. Tabiiyki, bu oʻrinda Niyoz qoʻshbegi deganimiz umumlashma maʼno kasb etib, «niyozqoʻshbegilar» maʼnosini anglatadi.
Yusufbek hoji ham toʻntarish natijalaridan qoniqmagan, «ululamir boʻlgʻan kishi» Niyoz qoʻshbegi kabi «manfaatparastlarning xarob fikrlariga quloq berib» yurganiga afsuslanadi; oʻzining ham «Musulmonqul balosidan uni najotka chiqargʻuchilarning bittasi» boʻlgani holda, ululamirning u bilan kengashishni unutganiga oʻkinadi. Yusufbek hojining oʻkinishiga qaraganda, u xonga kengash beruvchilar insof-u diyonatli kishilar boʻlsayoq olam guliston boʻlishiga ishonadigan. Yaʼni sodir etilgan xunrezlikda u niyozqoʻshbegilarni ayblaydi, aslo xonning oʻzini emas (darvoqe, xonning oʻzini yuqoridagicha tutishi yusufbekhojilar uchun). Albatta, uzoq yillik xizmatlari davomida koʻngliga ishtiboh ingan damlar ham boʻlgandir, biroq hojining oʻz nazdida ululamirni ezgulik tomonida koʻrgani va shu ezgulikka xizmat qilgani ham shubhasiz. Romandagi Yusufbek hoji liniyasining kulminatsion nuqtasi – mehmonxonadagi suhbat asnosida mehmonlariga xizmatlari qadrlanmaganidan shikoyatlanarkan:
«Yunus Muhammad oxund uning soʻzini boʻldi:
– Ey hoji, – dedi, – hamma fasod ululamirda, agar ululamir durust odam boʻlsa, uch-toʻrtta muttahamning yomonligʻi hech qayergʻa bormas va buncha gunohsiz bechoraning qoni oʻrinsiz toʻkilmas edi». Oxundning «ey hoji» deya taʼkidlab, xonadon sohibining gapini boʻlib, «hamma fasod ululamirda» deyishi qatʼiy hukm kabi yangraydi. Albatta, bu qadar qatʼiyat bejiz emas, oxund aytmishiga hujjat – hadis keltiradiki, maʼnosi «agar bir qavmning ishi noahl odamga topshirilgʻan boʻlsa, oʻshal qavmning qiyomatini yaqin bil». Javoban Yusufbek hojining sidqidildan «Saddaqta yo rasululloh» degan xitobi-yu beixtiyor hadisni takrorlashi, buning ortidanoq «voy boʻlsin biz badbaxtlarning holiga» deyishida ululamir haqidagi fikri tugallik kasb etganiga dalolat bordek koʻrinadi bizga. Jumladan, hojining «shu kungacha boʻlmagʻanlargʻa boʻlishmoqchi boʻlib umrimning nihoyatiga yetib qoldim» degan eʼtirofidagi «boʻlmagʻanlar» oʻz ichiga «ululamir»ni ham olishiga hech bir shubha qolmaydi.
Xulosa qilsak, «Oʻtgan kunlar» romanidagi Xudoyorxon obrazi, asar syujetidagi ijtimoiy-tarixiy chiziq voqealari A.Qodiriyning hukmdor, hokimiyat haqidagi badiiy konsepsiyasini ifoda etadi. Ushbu konsepsiyaga koʻra, birinchidan, turli davrlardagi hokimiyat tizimining mavjudligi va amal qilishida umumiy qonuniyatlar kuzatiladi; ikkinchidan, shaxsiy, guruhiy hamda umum manfaatlari nisbati va oʻzaro munosabatlarining toʻgʻri belgilanishi tizimning barqarorligini belgilaydi; uchinchidan, «adolatli xon» (podshoh) haqidagi orzu ham, «xon hazratlari jamiyat hayotidagi nohaqlik-u adolatsizliklardan bexabar, uni atrofidagi maslahatchilar chalgʻitadi» qabilidagi qarashlar ham choʻpchakdan boshqa emasdir.
Абдулла Қодирийнинг «Ўтган кунлар»да қаламга олинган даврни «тарихимизнинг энг қора, кирлик кунлари» дея таърифлагани маълум-у машҳур. Ҳукмга шошганроқ одам романда тасвирланган «кейинги хон замонлари»нинг бундай таърифланишида адибнинг «замонасозлик» қилгани ёхуд «шўро мафкураси таъсирини» кўрса, эҳтимол. Ҳолбуки, бунда на замонасозлик, на шўро мафкураси таъсири бор – Абдулла Қодирий мансуб тараққийпарвар зиёлилар авлоди мазкур замонга шундай муносабатда бўлган. Жумладан, Чўлпоннинг: «Сўнг даврда йўқсил Шарқнинг тарихи Бир бет бўлсин оқ сатрни кўрмади», – дегани, «Эл ва юртни сақлар учун сўнг хонлар Тузуккина чора, тадбир қилмаган»идан ёзғиргани ҳам Абдулла Қодирий таърифини қувватлаб тушади. Яна бир муҳим жиҳати, адибнинг ўзи тасвирлашга чоғланган давр ҳаётига оид турфа материалларни қунт билан ўрганганини ҳам назардан қочирмаслик керак. Сираси, Абдулла Қодирий «кейинги хон замонлари»га оид материалларни бутун ижодий фаолияти давомида тўплаб-ўрганди десак, муболаға бўлмайди: йигит ёшида «Ўтган кунлар» муносабати билан, сўнг «Меҳробдан чаён» туфайли, ниҳоят, рўёбга чиқмай қолган «Амир Умархон канизи» романига тайёргарлик давомида. Айтмоқчимизки, унинг юқоридагича муносабатида замонасозлик ё кўпчилик фикрига эргашишдан кўра англанганлик жиҳати устувордир.
«Ўтган кунлар»да Отабек тилидан «идора усули»нинг эскиргани ҳақида айтилади, хонликнинг носозлиги беклар ва амалдорларнинг нопоклиги-ю манфаатпарастлигида дея талқин қилинади. Роман воқеаларида Худоёрхон иштироки ҳаминқадар: «биринчи хонлик даври»да унинг Мусулмонқул қўлида қўғирчоқ бўлгани таъкидланади, тарихий ҳақиқатга содиқ қолинади. Буни адиб ўқув чига хонни илк бор тақдим этганидаёқ – ҳолат тасвирининг ўзида таъкидлаб кўрсатади. Ҳолат шундайки, «мармардан ясалған тахт устида... ўн саккиз ёшлар чамалиқ ... хон ўлтурар», сал наридаги курсида эса «Мусулмонқул ўлтурар ва ҳозирғина ҳудайчи тарафидан ўзига топширилған ариза ва мактублардан очиб ўқур эди». Яъни шоҳона либосларга бурканган Худоёрхон тахтда шун чаки савлат бўлиб ўтиради-да, давлат ишлари билан Мусулмонқул шуғулланади. Ариза ва мактублар «падари аруси шаҳаншоҳ»га мурожаат билан бошланиши ҳам шуни тасдиқлайди. Яна бир детал – Мусулмонқулнинг «ўқуб турған ариза»ни аҳамияциз деб ҳисоблагани учун хонга айтиб-нетмасданоқ «қоғозни иккига йиртиб оёғи остиға ташлаши» ёш хонга бийлиги қай даражадалигини намоён этади. Худоёрхоннинг қайин отаси Ўтаббой қушбегининг «хиёнати» ҳақида айтган гапига муносабати ҳам шунга мувофиқ: «Ўз салтанатига рахна солишдан иборат бўлған бу хабарлардан Худоёрхоннинг мутаассир бўлғанлиғи белгусиз, ул бу гапни эшитмасдан илгари қандай бўлса, ҳозирда ҳам шу ҳолда ўзгаришсиз эди. Мусулмонқулнинг ёниб турған, ўтдек тутоқиб сўзлаған гапини сукут билан кечирмаслик учунгина бўлса керак, қуруқ ва ширасиз қилиб: – Ҳаммадан ҳам Ўтаббойни айтингиз, аблаҳ бир одам экан, – деди, – мени сийламағанда ҳам сизни риоя қилса керак эди». Албатта, кўп ўтмай Мусулмонқулнинг ҳокимиятдан четлаштирилиши хоннинг бу тарз бефарқ ўтиришида «арқонни узун ташлаш» хийласи бор эди дейишга ҳам изн беради. Бироқ, мабодо шундай бўлганида ҳам, қайин отасида шубҳа уйғонмасин учун у ўзини ҳар доимгидек – «қўғирчоқ» мақомида тутиши керак бўлар эди. Отабек хон ҳузурида маҳкамага тортилганида ҳам ташаббус буткул Мусулмонқул қўлида бўлади, Худоёр эса – «тахт устига қўндирилған жонлик ҳайкал» мақомида. Бу ҳайкалга фақат маҳкама ниҳоясида – Мусулмонқул эндигина ўзининг жон душмани билиб турган мақкумига «оқсоқланиб, ўз қўли билан заррин тўн кийгузар экан» жон киради: «Худоёрхон ҳам йиртқич қайин отасининг чангалидан қутилғанини табрик қилғандек Отабекка кулиб боқди».
Юзаки қараганда А.Қодирий хонликдаги зулм ва ёвузликлар маншаини Мусулмонқул билангина боғлаб талқин қилаётгандек кўринса-да, аслида, адиб масалага анча теран назар солади. Тўғри, адиб «Мусулмонқулнинг аҳоли устига бўлған жабр-у зулми ҳаддан ташқари кетгани»ни айтади, шу билан бирга, унинг зулми ортидан манфаат кўрувчилар борлигини ҳам назардан қочирмайди. Масалан, Мусулмонқул «арзимаган сабаблар билан қора чопон бекларни осдириб, кесдириб» туришини айтиш билан бирга «атроф шаҳар ва қишлоқ беклари ҳам қипчоқлардан» эканини таъкидлаб ўтади. Яъни Мусулмонқулнинг зулми якка шахс эмас, бутун бир уруғ – қипчоқлар манфаатига хизмат қилади. Унинг «ўз кайфича ойда эмас, ҳафтада солиб турған солиқлари» ҳам ўша қора чопон беклар ўрнини эгаллаган Мусулмонқул «одамлари» чўнтагини қаппайтиради. Қисқаси, таниш манзара: ҳокимият учун ҳамиша тўдалар – уруғлар, фирқалар, синфлар, кланлар курашади ва қайсисининг толейи кулиб, ҳокимият жиловини қўлга олсаёқ ариқни ўзи томон буради... Энг қизиғи, ҳар қандай мустабид каби золим Мусулмонқул ҳам «уламо орқалиқ ўз зулмини машру бир туска қўйған, ўзи учун зарарлик унсурларни йўқотишда шу уламолардан «улуламирга боғийлиқ» деган фатвони олишни унутмаған эди». Хулласи калом, зийрак ўқувчи кейинги тарихни мушоҳада қилиб кўрсаёқ, шубҳасиз, барча даврлар сиёсатида талай ўхшашликлар топади. Табиийки, шунда у ё адибни бир башоратгўй, халқ таъбирича, «етишиб қолган» одам экан деб таниши ва унга тасаннолар айтиши, ё, агар фалсафага ошнороқ бўлса, сиёсат деганининг шакли ўзгараверар экан-у, моҳияти қиёматгача ўзгаришсиз қолаверар экан-да деган тўхтамга келиши муқаррар. Фақат ноумид шайтон дейдилар, одам боласи ҳамиша толе кулишини кутиб навбатда турганларга умидвор қарайверади – худди иш бошига шу келсаёқ олам гулистон бўладигандай. Худоёрхоннинг маҳкама чоғидаги ҳолатини эсланг: аллақандай сирли, қайин отасининг қилмишларини ёқламаётгандек, бироқ у ҳам чорасиз-да... Қипчоқ тўдаси еб, ўзи қуруқ қолаётганидан зада бўлган тўда, табиий, ёш хонда ўзининг қисматдошини ва нажотини кўради, унинг қабатига киради – ҳаммаси яна бошидан бошланади. Яъни қониқмаган манфаатлар бирлашди-да, қипчоқ тўдаси манфаатлари билан тўқнашди, шугина холос. Дарвоқе, «Мусулмонқулға яқинлаша олмаған, яъни унинг хизмат ва марҳаматидан четда қолған «нимча» уламолар ҳам йўқ эмас эдилар»ки, хон уларни «қайин отаси билан курашда ўзига биринчи истинодгоҳ қилиб» олди. Истиқболдаги «инъом ва эҳсонлар, бериладиган мансаблар» илинжи кучли эмасми, Мусулмонқулга тарафдор уламолар унинг сиёсатини «шариъатқа қанча мутобиқ кўрсатиб келган бўлсалар», кейинги тоифа «ўшанча хилофи шаръий эканлигининг исботига киришдилар». Адиб бунда ҳам умумий бир қонуният кўради: подшоҳ фақат қиличигагина таяна олмайди, ҳукмронлиги бардавом бўлиши учун раият онгида ўзининг устида айнан шу одам ҳукм юргизишга ҳақли ва муносиб, у юритаётган сиёсат адл-у инсофга таянади ва умум манфаатларига мос деган фикр ўринлашмоғи керак. Моҳиятга боққан ўқувчи Худоёрхон тахт учун курашда қўллаган тактика билан замонавий сайловолди кампаниялари ёхуд ҳокимият билан зиёли қатлам муносабатлари орасидаги кўплаб муштарак нуқталарни кўра олади.
Қипчоқ қирғини ҳам моҳиятан манфаатлар тўқнашувининг оқибатидан бошқа эмас. Шу маънода Отабекнинг отасига берган «Йиртқичларнинг бу қирғиндан қандай муддаолари ҳосил бўларкин?» деган саволи ярим риторик табиатга эга. Негаки унинг замирида «бу иш ҳеч бир фойдасиз-ку, бекор қон тўкилгани қолади, холос!» қабилидаги ишонч-эътироз ётади. Аксинча, «кўб умрини шу юртнинг тинчлиғи ва фуқаронинг осойиши учун сарф қилган» Юсуфбек ҳожи қирғиннинг асл маншаини яхши билади: «биттаси мингбоши бўлмоқчи, иккинчиси Нормуҳаммад ўрниға минмакчи, учинчиси яна бир шаҳарни ўзига қарам қилмоқчи. Хон эрса Мусулмонқулға бўлған адоватини қипчоқни қириб аламдан чиқмоқчи». Албатта, Юсуфбек ҳожидек одамнинг гапига катта қиммат берилади, бироқ буни айнан, яъни хон Мусулмонқулдан аламини олмоқ учунгина қипчоққа қатли ом буюрди деб тушуниш хато бўлур эди. Зеро, қирғин замирида унинг ҳам жиддий манфаати бор. Худоёрхоннинг Тошкент бекларига юборилган ёрлиғи «Биз Туркистон мамлакатининг хони ўз қаламравимиз ва салтанатимиз учун қипчоқ тоифасини музир деб билдик» деб бошлангани ҳам шунга далолат қилади. Хўш, қипчоқ тоифаси нимаси билан Худоёрхон салтанатига «музир» – зарарли эди? Гап шундаки, муаллиф аввалроқ айтганидек, Мусулмонқул даврида «атроф шаҳар ва қишлоқ беклари ҳам қипчоқлардан» бўлиб улгурган, яъни ҳокимиятни «унинг одамлари» эгаллаган эди. Худоёрхон наздида, бу одамлар валинеъматлари Мусулмонқулга ич-ичларида садоқат сақлайдилар, ҳукмдорга эса фақат ўзига садоқатли – ёнида ўзи кўтарган, ўзи қўйган одамлар, замонавий тил билан айцак, «ўз командаси» бўлгани маъқул. Шу жиҳатдан, қипчоқ қирғини – эҳтимолдаги ғанимларининг барини биракайига орадан кўтариш имкони Худоёрхон учун ҳам айни муддао эди. Буни Ниёз қўшбегининг шу мудҳиш иш режалаштирилган мажлисда айтган мана бу гапи ҳам тасдиқлайди: «Мен хонни Тошканддан жўнатиш олдида унинг холи вақтини топиб, бу фикримни бир даража арз қилиб ўткан эдим, бу фикрим хонга жуда маъқул тушкан бўлса керак, сўзимни эътибор билан тинглаб турди ва жавобида: «Яхши. Ўйлашиб, тадбирлари билан менга фикрингизни ёзинг, мен ҳам ўйлаб кўрарман», – деди. Менга қолса бу тўғрида биздан хабар кутиб хоннинг уйқуси ҳам келмай ётқандир: бизга фақат ишнинг ўнақайини топиб хондан тасдиқ этдиришгина қолган». Қўшбеги тилидан жонлантирилаётган ҳолат шундайки, Худоёрхон ёш бўлса-да, ичидагини сиртига чиқармасликка ҳаракат қилган, шунга қарамай, суҳбатдоши «хон кўнган ҳисоб» деган аниқ ишончда қолган. Сабаби, кўпни кўрган Ниёз қўшбеги хон сиртига чиқармаган истакни теран ҳис қилади, чунки ҳокимият табиатини, уни ўз қўлида сақлаш ва кучайтириш шартларини жуда яхши билади. Худоёрхон ёш бўлгани билан, хон саройидаги ошкор-у пинҳон курашлар қозонида обдан қайнаган, шу боис қўшбегининг таклифига муносабатини ошкор этмасдан, яна арқонни узун ташлайди-да, қуйидан ташаббус чиқишини кутади. Эртами-кеч бундай ташаббуснинг кўтарилишига эса имони комил, чунки вазиятга тўғри баҳо бера олади, Мусулмонқул даврида «катта охур»дан узоқлаб қолганларнинг энди унга яқинлашиш пайида бўлишлари муқаррар эканига ишонади. Зеро, уларнинг кўпчилиги Ниёз қўшбеги каби «ҳали биз саҳройи қипчоқ элидан узил-кесил қутилғанимиз йўқ... Мусулмонқул бўлмаса, бошқа Алимқулнинг бош кўтариши аниқ» деб ўйлашларини яхши билади. Ҳақиқатан ҳам, қўшбеги қора чопон оғайнилар ҳақида қайғураётгандек эса-да, аслида, бу гаплари замирида манфаати шахсия ётади. Ниёз қўшбеги Мусулмонқулни ағдариш ишига фаол бош қўшган-у, тўнтариш натижалари кўнглидагидек бўлмаган: «Нормуҳаммаднинг раъйини деб, ҳамма ихтиёр ўз қўлимизда бўлгани ҳолда, Ўтаббойни мингбоши белгулаб юбордуқ... Бу ҳам ўзимизнинг энг катта хатоларимиздин. Мен ўша кундан бери ўз-ўзимдан бўғилиб юрийман: Мусулмонқулнинг ити бўлмаса, ўзимиздан мингбо ши бўларлиқ одам қуриб қолувдими дейман. Йўқ, оғалар, темирни қизиғида суқиб қолиш керак!» Кўрамизки, қўшбегини мингбоши маснадига минолмагани ўртайди, ҳали ҳам бўлса «қипчоқлар зулми»га қарши курашни байроқ қилиб мақсадига эришмоқчи. Айтмоқчимизки, онги ҳокимият учун, амал-мансаб учун аёвсиз курашлар кечувчи сарой муҳитида шаклланган Худоёрхон воқеалар айни шу тарз кечишини билган, шу сабабли ҳам Ниёз қўшбеги таклифига муносабат билдиришга шошмаган. Фурсат етиб, ўша таклифни бемалол амалга ошириш имкони туғилганида Ниёз қўшбегидан фойдаланган. Табиийки, бу ўринда Ниёз қўшбеги деганимиз умумлашма маъно касб этиб, «ниёзқўшбегилар» маъносини англатади.
Юсуфбек ҳожи ҳам тўнтариш натижаларидан қониқмаган, «улуламир бўлған киши» Ниёз қўшбеги каби «манфаатпарастларнинг хароб фикрларига қулоқ бериб» юрганига афсусланади; ўзининг ҳам «Мусулмонқул балосидан уни нажотка чиқарғучиларнинг биттаси» бўлгани ҳолда, улуламирнинг у билан кенгашишни унутганига ўкинади. Юсуфбек ҳожининг ўкинишига қараганда, у хонга кенгаш берувчилар инсоф-у диёнатли кишилар бўлсаёқ олам гулистон бўлишига ишонадиган. Яъни содир этилган хунрезликда у ниёзқўшбегиларни айблайди, асло хоннинг ўзини эмас (дарвоқе, хоннинг ўзини юқоридагича тутиши юсуфбекҳожилар учун). Албатта, узоқ йиллик хизматлари давомида кўнглига иштибоҳ инган дамлар ҳам бўлгандир, бироқ ҳожининг ўз наздида улуламирни эзгулик томонида кўргани ва шу эзгуликка хизмат қилгани ҳам шубҳасиз. Романдаги Юсуфбек ҳожи линиясининг кулминацион нуқтаси – меҳмонхонадаги суҳбат асносида меҳмонларига хизматлари қадрланмаганидан шикоятланаркан:
«Юнус Муҳаммад охунд унинг сўзини бўлди:
– Эй ҳожи, – деди, – ҳамма фасод улуламирда, агар улуламир дуруст одам бўлса, уч-тўртта муттаҳамнинг ёмонлиғи ҳеч қаерға бормас ва бунча гуноҳсиз бечоранинг қони ўринсиз тўкилмас эди». Охунднинг «эй ҳожи» дея таъкидлаб, хонадон соҳибининг гапини бўлиб, «ҳамма фасод улуламирда» дейиши қатъий ҳукм каби янграйди. Албатта, бу қадар қатъият бежиз эмас, охунд айтмишига ҳужжат – ҳадис келтирадики, маъноси «агар бир қавмнинг иши ноаҳл одамга топширилған бўлса, ўшал қавмнинг қиёматини яқин бил». Жавобан Юсуфбек ҳожининг сидқидилдан «Саддақта ё расулуллоҳ» деган хитоби-ю беихтиёр ҳадисни такрорлаши, бунинг ортиданоқ «вой бўлсин биз бадбахтларнинг ҳолига» дейишида улуламир ҳақидаги фикри тугаллик касб этганига далолат бордек кўринади бизга. Жумладан, ҳожининг «шу кунгача бўлмағанларға бўлишмоқчи бўлиб умримнинг ниҳоятига етиб қолдим» деган эътирофидаги «бўлмағанлар» ўз ичига «улуламир»ни ҳам олишига ҳеч бир шубҳа қолмайди.
Хулоса қилсак, «Ўтган кунлар» романидаги Худоёрхон образи, асар сюжетидаги ижтимоий-тарихий чизиқ воқеалари А.Қодирийнинг ҳукмдор, ҳокимият ҳақидаги бадиий концепциясини ифода этади. Ушбу концепцияга кўра, биринчидан, турли даврлардаги ҳокимият тизимининг мавжудлиги ва амал қилишида умумий қонуниятлар кузатилади; иккинчидан, шахсий, гуруҳий ҳамда умум манфаатлари нисбати ва ўзаро муносабатларининг тўғри белгиланиши тизимнинг барқарорлигини белгилайди; учинчидан, «адолатли хон» (подшоҳ) ҳақидаги орзу ҳам, «хон ҳазратлари жамият ҳаётидаги ноҳақлик-у адолацизликлардан бехабар, уни атрофидаги маслаҳатчилар чалғитади» қабилидаги қарашлар ҳам чўпчакдан бошқа эмасдир.
Dilmurod Quronov